DYSLEXIA IS NOT A DISEASE, BUT A LEARNING DISORDER OF A NEUROBIOLOGICAL NATURE. THE STUDY OF DYSLEXIA IN THE ITALIAN EXPERIENCE
Abstract
Dyslexia is not an illness but a neurobiological reading disorder characterized by deficits in reading accuracy and speed, letter substitutions, omissions, and word misrecognition. This condition is independent of general intelligence: affected children often demonstrate normative cognitive abilities yet struggle with decoding and fluent reading. Timely identification and specialized pedagogical interventions enable effective compensation, improving academic performance and emotional well-being. Italy’s experience, notably Law 170/2010 and national DSA statistics from 2019–2021, underscores the importance of legal recognition, systematic diagnosis, and dedicated educational support.
Full text
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 20222.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-11 360 DISLEKSIYA KASALLIK EMAS, BALKI NEYROBIOLOGIK TABIATDAGI O‘QISH BUZILISHIDIR. DISLEKSIYANING O‘RGANILISHI ITALIYA TAJRIBASIDA Abduzohirova Ruxsora Nu’mon qizi Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ruxsorabduzohir[email protected] Annotatsiya: Disleksiya kasallik emas, balki neyrobiologik tabiatdagi o‘qish buzilishi bo‘lib, o‘qish tezligi va to‘g‘riligida zaiflik, harflarni almashtirish, tushirib qo‘yish, so‘zlarni noto‘g‘ri taxmin qilish va qatorlarni o‘tkazib yuborish kabi belgilar bilan kechadi. Ushbu buzilish umumiy intellektga bog‘liq emas: bola aqliy jihatdan o‘rta yoki yuqori darajada bo‘lishi mumkin, lekin dekodlash va oqimli o‘qishda muammolar bor. Erta aniqlash va maxsus pedagogik aralashuvlar orqali kompensatsiya qilish va bolaning ta’lim hamda emotsional holatini yaxshilash mumkin. Italiya tajribasi — 2010-yilgi 170-sonli qonun va 2019–2021 yillardagi DSA statistikasi — qonuniy tan olish, tizimli tashxis va maxsus yordamning ahamiyatini ko‘rsatadi. Kalit so‘zlar: disleksiya, neyrobiologik buzilish, o‘qishdagi qiyinchiliklar, maxsus o‘quv buzilishlari, Italiya tajribasi, 170-sonli qonun, DSA statistikasi, pedagogik yondashuv, erta diagnostika, inklyuziv ta’lim, o‘quv strategiyalari, psixologik qo‘llab-quvvatlash. Abstract: Dyslexia is not an illness but a neurobiological reading disorder characterized by deficits in reading accuracy and speed, letter substitutions, omissions, and word misrecognition. This condition is independent of general intelligence: affected children often demonstrate normative cognitive abilities yet struggle with decoding and fluent reading. Timely identification and specialized pedagogical interventions enable effective compensation, improving academic performance and emotional well-being. Italy’s experience, notably Law 170/2010 and national DSA statistics from 2019–2021, underscores the importance of legal recognition, systematic diagnosis, and dedicated educational support. Keywords: dyslexia, neurobiological disorder, reading difficulties, specific learning disorders, Italian experience, Law 170/2010, DSA statistics, pedagogical approach, early diagnosis, inclusive education, learning strategies, psychological support. Аннотация: Дислекция — это не болезнь, а нейробиологическое нарушение процесса чтения, проявляющееся в снижении скорости и точности чтения, замене и пропуске букв, неправильном угадывании слов и пропуске строк. Данное расстройство не связано с уровнем интеллекта: ребёнок с дислексией может обладать средними или высокими умственными способностями, но испытывать трудности с декодированием текста и плавным чтением. Ранняя диагностика и специальные педагогические вмешательства позволяют компенсировать эти трудности, улучшая как учебные результаты, так и эмоциональное состояние ребёнка. Ключевые слова: дислекция, нейробиологическое нарушение, трудности чтения, специфические расстройства обучения, итальянский опыт, закон №170/2010, статистика DSA, педагогический подход, ранняя диагностика, инклюзивное образование, учебные стратегии, психологическая поддержка.
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 20222.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-11 361 Zamonaviy psixologiya va neyropsixiatriya sohalarida o‘quv jarayoniga ta’sir etuvchi turli omillar chuqur o‘rganilmoqda. Shulardan biri — disleksiya (lotincha dys- – “buzilish”, lexis – “so‘z”) atamasi bilan ifodalanadigan o‘qishdagi o‘ziga xos buzilishdir. Disleksiya asosan bolalarda uchraydigan va o‘qish jarayonida sezilarli qiyinchiliklar tug‘diradigan neyrobiologik xususiyatga ega o‘rganish buzilishi hisoblanadi. Ko‘p hollarda ota-onalar yoki pedagoglar disleksiyani kasallik sifatida baholaydilar. Ammo ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu holat kasallik emas, balki miyaning ma’lum sohalarida o‘qish, yozish va nutqni qayta ishlashdagi farqlanish natijasidir. Shuning uchun disleksiya “davolanishi kerak bo‘lgan kasallik” emas, balki “moslashtirilgan o‘quv strategiyalarini talab etuvchi neyrorivojlanish holati” sifatida qaraladi. Disleksiya – bu maxsus o‘quv buzilishlari (DSA) toifasiga kiruvchi holat bo‘lib, u o‘qish tezligi va to‘g‘riligidagi yetishmovchiliklar bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu buzilish bolaning umumiy intellektual darajasi bilan bog‘liq emas, ya’ni disleksiyaga ega bola odatdagi aqliy qobiliyatga ega bo‘lishi mumkin, lekin matnni o‘qishda sekinlik, tovushlarni almashtirish, harflarni tushirib qoldirish yoki so‘zlarni aralashtirib yuborish kabi xatolarga yo‘l qo‘yadi. Disleksiya tashxisi Italiya qonunchiligi bo‘yicha faqat boshlang‘ich maktabning ikkinchi sinfidan boshlab qo‘yilishi mumkin. Chunki bu davrga qadar bolalarda o‘qish va yozuv ko‘nikmalari tabiiy shakllanish bosqichida bo‘ladi. O‘qishdagi qiyinchiliklar turlicha darajada bo‘lishi mumkin: kimdadir bu faqat alohida so‘zlarni o‘qishda namoyon bo‘lsa, kimdadir butun matnni tushunishda yoki tovushlar tizimini qayta ishlab chiqishda qiyinchilik kuzatiladi. Disleksiyani erta aniqlash bolaning o‘quv hayotida muhim ahamiyatga ega. Chunki vaqtida aniqlangan holatlarda kompensatsion strategiyalar va pedagogik yondashuvlar orqali bolaning o‘qishdagi muvaffaqiyati sezilarli darajada yaxshilanadi. Disleksiyaga xos asosiy belgilar quyidagilardan iborat: 1. Harflarni almashtirish (masalan, “b” o‘rniga “d” yoki “p” yozish); 2. Harflarni tushirib qoldirish yoki qo‘shimcha harf qo‘shish; 3. Qatorlarni o‘tkazib yuborish; 4. So‘zni noto‘g‘ri taxmin qilish – matnning bosh harflariga asoslanib so‘zni butunlay boshqa shaklda o‘qish (masalan, “ARRIvo” o‘rniga “ARRIvavo”); 5. O‘qishdan qochish yoki rad etish – o‘qishni og‘ir, noqulay faoliyat sifatida qabul qilish; 6. O‘qish tezligining juda pastligi va xatoliklarning ko‘pligi. Disleksiyaning bunday belgilarini aniqlash o‘qituvchilar, psixologlar va ota-onalarning hamkorlikdagi faoliyatini talab etadi. Italiyada 2010-yilda qabul qilingan 170-sonli Qonun bu borada muhim burilish yasadi. Ushbu qonun disleksiya, disortografiya (imlo buzilishi) va diskalkuliyani (hisoblash buzilishi) maxsus o‘quv buzilishlari sifatida tan oldi hamda ularga ega bolalar uchun o‘qitishda maxsus yondashuv va yordam vositalarini qo‘llashni majburiy qilib belgiladi. Italiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilida 318 678 nafar, 2020/2021 yilda esa 326 548 nafar o‘quvchiga DSA tashxisi qo‘yilgan. Bu umumiy o‘quvchilar sonining mos ravishda 5,3% va 5,4% ini tashkil etadi. Ularning ichida: 1. 198 128 nafari — disleksiya, 2. 99 769 nafari — disgrafiya,
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 20222.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-11 362 3. 117 849 nafari — disortografiya, 4. 108 577 nafari — diskalkuliya bilan aniqlangan. Hududlar bo‘yicha taqsimot shuni ko‘rsatadiki, Shimoliy Italiyada bu ko‘rsatkich ancha yuqori – 7,9%, markaziy mintaqalarda 6,7%, shimoli-sharqda 5,8%, janubda esa atigi 2,8%. Bu farq disleksiya holatlari shimolda ko‘proq emas, balki diagnostika tizimi samaraliroq ishlayotgani bilan izohlanadi. Demak, bu borada ta’lim muassasalarining o‘z vaqtida tashxis qo‘yish faoliyati muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi o‘n yillikda disleksiya tashxislari soni ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Agar 2016-yilda bu ko‘rsatkich 2% atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib u 5% dan oshgan. Bu o‘sish sabablari haqida bolalar neyropsixiatrasi, Italiya Disleksiya Assotsiatsiyasi (AID) sobiq prezidenti doktor Serjio Messina quyidagicha izoh beradi: “170-sonli qonun maktablar va oilalarning bu masalaga bo‘lgan e’tiborini tubdan o‘zgartirdi. Bundan tashqari, autizm spektr buzilishlari, diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi (ADHD), Tourette sindromi kabi neyro-rivojlanish buzilishlari bo‘yicha ham chuqur tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu esa tashxis qo‘yish tizimini yanada mukammallashtirdi.” Messina shuningdek, ko‘plab o‘quvchilarda dastlabki yillarda o‘rganishdagi qiyinchiliklar kuchli sezilmasligi, biroq o‘quv yuklamasi ortgan sari yashirin muammolar yuzaga chiqishini ta’kidlaydi. Bunday holatlar nafaqat o‘qish jarayoniga, balki bolaning emotsional holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. COVID pandemiyasi o‘quvchilar orasida disleksiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarning ortishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Messina fikricha, ayniqsa maktabgacha yoshdagi bolalar bu davrda o‘qish va yozuvning asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgan. U quyidagicha yozadi: “Pandemiya davrida bolalar ijtimoiy muloqotdan uzildi, bu esa til o‘rganish va nutq rivojlanish jarayonlariga bevosita ta’sir qildi. Til — o‘qish va yozishning poydevori hisoblanadi.” Shuningdek, Messina ta’lim tizimi multimediali o‘quv strategiyalariga moslashtirilishi kerakligini ham ta’kidlaydi. Bolalarning raqamli texnologiyalar bilan erta tanishuvi ularning o‘rganish uslublarini o‘zgartirgan, shuning uchun an’anaviy didaktika usullari endi ularning ehtiyojlariga to‘liq javob bera olmaydi. Italiya ta’lim tizimi disleksiyani erta aniqlashga alohida e’tibor beradi. Bolalarda o‘qish, yozish yoki hisoblashdagi g‘ayrioddiy qiyinchiliklar kuzatilsa, maktablar ularni maxsus tekshiruvlarga yo‘naltiradi. 2019/2020 o‘quv yilida 5 572 nafar, 2020/2021 yilda esa 5 091 nafar bolada prediagnostika (ya’ni DSA xavfi) aniqlangan. Bu umumiy o‘quvchilar sonining taxminan 0,22–0,23% ini tashkil etadi. So‘nggi yillarda “Dino” nomli interaktiv o‘yin shaklidagi skrining vositasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Uni Paperbox Health kompaniyasi Italiya Disleksiya Assotsiatsiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqdi. “Dino” o‘yini orqali bolalarning o‘qish va yozish jarayonlariga ta’sir etuvchi prediktiv ko‘nikmalar (diqqat, tovush farqlash, tez javob berish qobiliyati) baholanadi. Messina ta’kidlashicha: “Dino yordamida olingan natijalar bola profilini umumiy tarzda belgilaydi. Bu ma’lumotlar asosida mutaxassis bolaning kuchli va zaif tomonlarini aniqlab, zarur bo‘lsa, potentsial sohalarni mustahkamlash dasturini ishlab chiqadi.” Mazkur loyiha hozircha preklinik bosqichda, ammo sinovdan o‘tgach, maktablar va oilalar uchun keng joriy etilishi rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda tashxislar sonining ortishi bilan bir qatorda soxta
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 20222.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-11 363 ijobiy holatlar (false positive) ehtimoli ham muhokama qilinmoqda. Ya’ni ba’zi bolalarda aslida DSA emas, balki vaqtinchalik o‘qish qiyinchiliklari bo‘lishi mumkin. Doktor Messina bu borada shunday deydi: “Ilmiy hamjamiyat so‘nggi yillarda tashxis protokollarini mukammallashtirish ustida ko‘p ishladi. Bugungi kunda DSA tashxisi faqat ko‘p bosqichli, batafsil testlardan o‘tgandan so‘ng qo‘yiladi. Shu sababli, noto‘g‘ri tashxis ehtimoli juda kamaygan.” Shunday qilib, DSA tashxisi – jiddiy ilmiy tahlilga asoslangan jarayon bo‘lib, har bir bolaning individual kognitiv profili chuqur o‘rganiladi. Shuningdek, har bir DSA holatidan oldin pedagogik potentsialni kuchaytiruvchi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi zarur. Faqat bu bosqichdan keyin tibbiy tashxis qo‘yish mumkin bo‘ladi. Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, disleksiya davolanishi kerak bo‘lgan kasallik emas, balki o‘qish va yozuv jarayonlarini boshqaruvchi neyron mexanizmlarning o‘ziga xos farqlanishi natijasidir. Shu sababli bu holatga nisbatan inklyuziv ta’lim yondashuvi, moslashtirilgan pedagogik usullar va psixologik qo‘llab-quvvatlash eng samarali yechim hisoblanadi. Italiya tajribasi disleksiyani o‘z vaqtida aniqlash, qonuniy asoslar yaratish va innovatsion vositalardan foydalanish orqali ta’lim tizimini insonparvarlashtirish mumkinligini isbotlamoqda. Kelgusida bu boradagi asosiy yo‘nalishlar quyidagilar bo‘lishi lozim: 1. O‘qituvchilar va ota-onalarni disleksiya bo‘yicha muntazam o‘qitish; 2. Maktabgacha bosqichda skrining tizimini yanada takomillashtirish; 3. Multimediali ta’lim vositalarini DSA bilan bolalar uchun moslashtirish; 4. Har bir bola uchun individual o‘quv strategiyalarini ishlab chiqish; 5. Disleksiyani ijtimoiy stigma emas, balki inson miyasi xilma-xilligini ifodalovchi holat sifatida qabul qilish. O‘zbekistonda disleksiya bilan bog‘liq tushuncha va jamoatchilik e’tibori oshmoqda, lekin tizimli va statistik jihatdan yetarli darajada tadqiq etilmagan. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, disleksiya — inson tafakkurining bir jihatini aks ettiruvchi neyrobiologik xususiyatdir. Uni “kasallik” sifatida emas, balki o‘qish jarayonidagi “boshqachalik” sifatida ko‘rish nafaqat ilmiy yondashuvga, balki inson qadr-qimmatiga ham mos keladi. Shu bois disleksiyaga ega bolalarga “davolash” emas, tushunish, yordam va imkoniyat yaratish zarurdir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Paulesu, E. et al. (2019). The lost children: The underdiagnosis of dyslexia in Italy. A crosssectional study of children aged 8–10 years in different regions. PLoS ONE. 2. Italia — Legge 8 ottobre 2010, n. 170 “Nuove norme in materia di disturbi specifici di apprendimento in ambito scolastico”. 3. Associazione Italiana Dislessia (AID) – “La normativa – scuola: diritto degli studenti con DSA”. 4. Iaia, M., Vizzi, F., Carlino, M. D., Marinelli, C. V., Angelelli, P., Turi, M. (2023). WAIS-IV Cognitive Profiles in Italian University Students with Dyslexia. 5. Zhang, J., et al. (2021). Prevalence of Developmental Dyslexia in Primary School Children: A Systematic Review and Meta-analysis. Brain Sciences