RAQAMLI IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH – MAMLAKAT RAQOBATDOSHLIGINI OSHIRISHNING FUNDAMENTAL ASOSI
Abstract
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi sifatida tarbiyalash, shuningdek, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilish taklifini ilgari surdi.
Full text
351 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 11 RAQAMLI IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH – MAMLAKAT RAQOBATDOSHLIGINI OSHIRISHNING FUNDAMENTAL ASOSI Isroiljonov Qobiljon Tashkent International University 2-kurs talabasi. Telefon raqam: +99899-461-63-55 e-mail: [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17609789 Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi sifatida tarbiyalash, shuningdek, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbus mamlakatimiz hayotida global taraqqiyotga hamohang tarzda tarixiy burilish davri boshlanganini yaqqol ko‘rsatdi. Chunki ilm-fan va ma’rifat sohasiga yo‘naltirilgan sarmoya – bu buyuk kelajak uchun kiritilgan eng muhim investitsiyadir. Bugungi kunda jahon taraqqiyotining kelajak istiqbolida Big Data, sun’iy intellekt, neyrotexnologiyalar, kvant texnologiyalari, buyumlar interneti, robototexnika, sensor tizimlar, raqamli platformalar, bulutli va mobil texnologiyalar, virtual hamda kengaytirilgan reallik texnologiyalari, kraudsorsing, blokcheyn, kriptovalyutalar, ICO va 3D-texnologiyalar kabi yo‘nalishlar hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Mutaxassislar fikricha, raqamli iqtisodiyot mavjud sohalarning yarmidan ko‘prog‘iga tub o‘zgarishlar olib keladi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, tezkor internet foydalanuvchilari sonining 10 foizga ortishi mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishiga har yili o‘rtacha 0,4–1,4 foizgacha ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Singapurda ilgari import-eksport uchun litsenziya olish 15–20 kun vaqt olgan bo‘lsa va 21 turdagi hujjatni to‘ldirish talab qilingan bo‘lsa, TradeNet onlayn tizimi joriy etilgach, endilikda bitta shaklni to‘ldirish kifoya qiladi va jarayon atigi 15 soniyada yakunlanadi. AQShning Arizon shtatida haydovchilik guvohnomasini onlayn tarzda uzaytirish narxi atigi 1,60 dollarni tashkil etadi (shaxsan murojaat qilinganda 6,60 dollar), bu esa aholi va davlat uchun katta tejash imkonini beradi. Mazkur tizimni IBM kompaniyasi yuritadi va undagi to‘lovlarning atigi 2 foizini oladi. Shuningdek, G‘arbiy Avstraliyada joriy etilgan GEM (Government Electronic Marketplace) elektron savdo maydonchasi bir mahsulotni xarid qilish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarni 100 dollardan 5 dollargacha kamaytirgan va umumiy tejamkorlik 100 million dollarga tenglashgan. Prezident Sh.M. Mirziyoyev 2020 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda raqamli iqtisodiyot YAIMning 10,9 foizini, Xitoyda 10 foizni, Hindistonda 5,5 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich hozircha 2 foiz atrofida. Dunyo miqyosidagi tezkor o‘zgarishlar va kuchayib borayotgan raqobat sharoitida innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni keng joriy etmasdan turib, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga hamda mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlashga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli bu yo‘nalishda ilmiy va amaliy faoliyatni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytganda, zamonaviy iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimlarining sifat jihatidan rivojlanishi raqamli texnologiyalarni joriy etish darajasiga bevosita bog‘liqdir.
352 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 11 Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun quyidagi asosiy shartlar va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash muhim: raqamli texnologiyalar samarali ishlashi uchun mustahkam institutsional muhit va zamonaviy infratuzilma yaratish, mamlakat hududini keng polosali internet bilan to‘liq qamrab olish; malakali dasturchi va muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashni kengaytirish, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida xalqaro standartlarga mos axborot texnologiyalarini o‘qitish; aholining keng qatlamlari orasida raqamli savodxonlikni oshirish, ularni AKTdan samarali foydalanishga jalb etish; raqamli iqtisodiyot sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash va qonunchilikni takomillashtirish; mehnat bozorini raqamli iqtisodiyot talablariga moslashtirish, mutaxassislar malakasini uzluksiz oshirish; raqamli iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yetakchi texnologik kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish. Raqamli iqtisodiyot sohasidagi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish hamda zamon talablari asosida yangicha fikrlash va yondashuvni shakllantirish zarur. Manba: 1. Mirziyoyev Sh.M. “Oliy Majlisga Murojaatnoma”, 24-yanvar 2020 yil. 2. Mirziyoyev Sh.M. “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish — bu kelajakka olib boradigan yo‘l”. Axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan yig‘ilish nutqi, 13-fevral 2020 yil. 3. Jahon banki hisobotlari: World Development Report 2021: Data for Better Lives. Washington, 2021. 4. OECD Digital Economy Outlook 2020. – OECD Publishing, Paris, 2020. 5. Mavlonov B. va boshqalar. “Raqamli iqtisodiyot asoslari”. – Toshkent: Iqtisodiyot nashriyoti, 2021. 6. UNCTAD. Digital Economy Report 2023: Cross-border data flows and development. Geneva, 2023.