scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TARJIMADA MATN TURINING FUNKSIONAL O'RINI: BADIIY VA ILMIY-TEXNIK YONDASHUVLARNING QIYOSIY O'RGANILISHI

Xoliyarov Lutfulla Tashkuvatovich

Abstract

TARJIMADA MATN TURINING FUNKSIONAL O'RINI: BADIIY VA ILMIY-TEXNIK YONDASHUVLARNING QIYOSIY O'RGANILISHI

Full text

30 TARJIMADA MATN TURINING FUNKSIONAL O‘RINI: BADIIY VA ILMIY-TEXNIK YONDASHUVLARNING QIYOSIY O‘RGANILISHI Xoliyarov Lutfulla Tashkuvatovich, f.f.n., dotsent, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi mudiri Annotatsiya: Ushbu maqolada tarjimashunoslikda matn turiga yo‘naltirilgan nazariyalar shakllanishi, xususan badiiy hamda ilmiy-texnik tarjima nazariyalarining asosiy tamoyillari tahlil qilinadi. R. Kloepfer, J. Levý va R. W. Jumpeltning ilmiy qarashlari asosida fiktiv (badiiy) va sach (ilmiy) matnlar tarjimasi o‘rtasidagi metodologik farqlar yoritiladi. Tadqiqot natijalari matn turiga asoslangan yondashuvning ekvivalent tarjima yaratishdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Kalit so‘zlar: tarjimashunoslik, badiiy tarjima, ilmiy-texnik tarjima, matn turi, ekvivalentlik, strukturalizm, modulyatsiya, transpozitsiya. Аннотация: В данной статье рассматривается формирование теорий, ориентированных на тип текста в переводоведении, в частности анализируются основные принципы художественного и научно-технического перевода. На основе научных взглядов Р. Клёпфера, Й. Леви и Р. В. Юмпельта освещаются методологические различия между переводом фиктивных (художественных) и фактических (научных) текстов. Результаты исследования показывают значение текстоориентированного подхода в создании эквивалентного перевода. Ключевые слова: переводоведение, художественный перевод, научнотехнический перевод, тип текста, эквивалентность, структурализм, модуляция, транспозиция. Abstract: This article discusses the formation of theories oriented towards text type in translation studies, analysing the main principles of literary and scientific and technical translation. Based on the scientific views of R. Klepfer and J. Levy and R. W. Jumpelt, the methodological differences between translating fictional (literary) and factual (scientific) texts are illuminated. The results of the study demonstrate the importance of a text-oriented approach in creating an equivalent translation. Keywords: translation studies, literary translation, scientific and technical translation, text type, equivalence, structuralism, modulation, transposition. Kirish Zamonaviy tarjimashunoslikda matn turiga yo‘naltirilgan yondashuv muhim nazariy paradigma sifatida shakllandi. Bu yondashuv tarjima jarayonini tildan tilga 31 so‘z ko‘chirish emas, balki matnning kommunikativ, estetik va funksional xususiyatlarini qayta yaratish jarayoni sifatida talqin etadi. Tarjima amaliyotida barcha matnlarni yagona nazariya asosida tahlil qilish mumkin emas. Shu sababli fiktiv (badiiy) va sach (ilmiy-texnik) matnlarning xususiyatlari farqlanib, ularning tarjimasi alohida metodologik asoslarda ko‘rib chiqiladi. Badiiy tarjimada estetik ifoda va o‘quvchiga ta’sir muhim bo‘lsa, ilmiytexnik tarjimada aniqlik, terminologik to‘g‘rilik va semantik izchillik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu maqolada R. Kloepfer va J. Levýning badiiy tarjima haqidagi nazariyalari hamda R. W. Jumpeltning ilmiy-texnik tarjima haqidagi qarashlari qiyosiy tahlil qilinadi. Asosiy qism Matn lingvistikasi sohasida matn turlarini yoki janrlarini farqlashga doir turli yondashuvlar mavjud. Bu farqlashlar ichki (mazmuniy, tuzilma jihatidan) va tashqi (kommunikativ yoki funksional) mezonlarga asoslanadi. Ammo K. Brinker (2010:121) ta’kidlaganidek, “butunlay yopiq va ichki izchillikka ega matn tipologiyasi”ni yaratish hali imkonsiz. Tarjimashunoslik nuqtayi nazaridan esa matnlarni ikki asosiy guruhga ajratish maqsadga muvofiq: fiktiv matnlar va faktologik (sach) matnlar. Bu tasnif R. W. Jumpelt (1961) taklif etgan oltita tarjima janridan ham, K. Reiß (1971) tomonidan ilgari surilgan uch turdagi matndan ham farq qiladi. Jumpelt (1961:25) quyidagi tarjima turlarini ajratadi: 1. estetik (badiiy) tarjima, 2. diniy tarjima, 3. pragmatik tarjima (tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, rasmiy hujjatlar, reklama, matbuot xabarlari va boshqa maxsus matnlarni o‘z ichiga oladi), 4. etnografik tarjima, 5. lingvistik tarjima, 6. gumanitar tarjima. K. Reiß (1971) esa K. Bühler (1934)ning til funksiyalari haqidagi nazariyasiga asoslanib, matnda ustunlik qiluvchi asosiy funksiyaga ko‘ra uch turdagi matnni farqlaydi: 1. mazmunga yo‘naltirilgan matnlar (tasvirlash funksiyasi ustun — informativ yoki faktologik matnlar), 2. formaga yo‘naltirilgan matnlar (ifoda funksiyasi ustun — estetik yoki ekspressiv matnlar), 3. appellyativ matnlar (ta’sir funksiyasi ustun — o‘quvchiga murojaat va undash markazda). 32 Keyinchalik Reiß (1976:18) bu turlarni informativ, ekspressiv va operativ matnlar deb ataydi. Albatta, bu bo‘linish ideal tip sifatida qaraladi. Har ikkala guruh ichida ham keyinchalik kommunikativ, lingvistik va estetik mezonlarga asoslangan yanada nozik farqlashlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, kundalik nutqqa mansub ba’zi matnlarni (masalan, sayohat prospekti, xat yoki tanishuv e’loni) aniq bir toifaga kiritish qiyin. Masalan, yozuvchi V. S. Naipaul ijodini tahlil qilgan U. Schoettli ta’kidlaganidek, Naipaul asarlari “mazmunan sharqona kenglik”, lekin “g‘arbona tahliliy chuqurlik” bilan ajralib turadi. Shu sababli ingliz nashriyotlari ularni ko‘pincha “Fiction/Non-Fiction” (badiiy / no-badiiy) toifasida chop etadi. Ammo Naipaul asarlarida fiktiv va faktologik chegaralar tobora noaniq bo‘lib borgan (NZZ, 18./19.05.1991). Shuningdek, A. Strindbergning Plaidoyer d’un fou asarini tahlil qilgan W. Baumgartner (1991) ham shunga o‘xshash holatni ta’kidlaydi. Asarni “faktik” tarzda, ya’ni avtobiografik (muallifning Siri von Essen bilan nikohi haqidagi haqiqat sifatida) o‘qish ham mumkin, lekin uni “fiktiv” tarzda, ya’ni estetik uslubda qayta ishlangan badiiy asar sifatida o‘qish ham to‘g‘ri bo‘ladi. Funktsionalistik tarjimashunoslikdan farqli o‘laroq, bu yondashuvda fiktiv va faktologik matnlar o‘rtasidagi farq nafaqat darajaviy, balki sifat jihatidan ham muhim deb hisoblanadi. Ayniqsa, o‘quvchi (yoki tarjimon – ikkilamchi jo‘natuvchi sifatida) nuqtayi nazaridan bu farq yaqqol seziladi. Chunki o‘quvchi fiktiv yoki faktologik matnni o‘qiyotganda turlicha kutishlar bilan yondashadi, bu esa tarjimada ekvivalentlik talablarining ham o‘zgarishiga olib keladi. Fiktiv va faktologik kommunikatsiyani tarjima jarayonida farqlash uchun quyidagi uch asosiy mezon taklif etiladi: 1. Amaliy oqibatlar, 2. Fiktsionallik darajasi, 3. Estetiklik. Bundan tashqari, to‘rtinchi mezon ham mavjud bo‘lib, u til bilan bog‘liq: intralingvistik, sotsiomadaniy va intertekstual ma’nolarning fiktiv hamda faktologik matnlarda tutgan o‘rni farqlanadi. Matn turiga yo‘naltirilgan tarjima nazariyalari Tarjimashunoslikda matnlar odatda ikki asosiy turga bo‘linadi: fiktiv (badiiy) va sach (ilmiy-texnik) matnlar. Shu asosda tarjima nazariyalari ham dastlab shu ikki yo‘nalishda shakllangan — biri badiiy tarjima, ikkinchisi esa ilmiy-texnik tarjima masalalarini o‘rganishga qaratilgan. Badiiy tarjima sohasida R. Kloepfer (1967), J. Levý (1969), R.-R. Wuthenow (1969), R. de Beaugrande (1978), F. Apel (1983), J. Albrecht (1998) va N. Greiner (2004) kabi olimlarning ishlari muhim ahamiyatga ega. 33 Ilmiy-texnik tarjima bo‘yicha esa R. W. Jumpelt (1961), W. Hornung va boshqalar (1974), I. Pinchuck (1977) hamda P. A. Schmitt (1999) tadqiqotlari alohida o‘rin tutadi. Quyida Kloepfer, Levý va Jumpeltning asosiy g‘oyalari haqida qisqacha to‘xtalamiz. Ularning ishlari bugungi tarjimashunoslikning poydevorini yaratgan asarlar sifatida e’tirof etiladi. R. Kloepfer 1967-yilda yozgan “Badiiy tarjima nazariyasi” asarida badiiy tarjima o‘ziga xos tabiatga ega bo‘lgani sababli, u alohida nazariy yondashuvni talab qiladi, deya ta’kidlaydi. Uning fikricha, bunday nazariya poeziya nazariyasi va germenevtika bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, u ilmiy yoki axborotga asoslangan tarjimalarni esa struktural lingvistika va axborot nazariyasi asosida tahlil qilish mumkin, deydi. Kloepfer G. Mouninning (1963) “umumiy tarjima nazariyasi”ni tanqid qilib, bu nazariya badiiy tildagi noziklik va ifoda boyligini yetarli darajada aks ettirmaydi, deydi. Shuning uchun u badiiy tarjima bilan talqin (ya’ni badiiy bo‘lmagan tarjima) o‘rtasida aniq farq qo‘yishni taklif qiladi. Uning fikricha, tarjimada muhim savollar allaqachon XVIII–XIX asrlardayoq Diderot, Goethe, Schleiermacher, Humboldt kabi mutafakkirlar tomonidan ko‘tarilgan. Ular so‘zma-so‘z, erkin va sodiq tarjima shakllarini farqlaganlar. Ayniqsa, sodiq tarjima — bu nafaqat asliyatga, balki o‘quvchiga nisbatan ham mas’uliyatni anglatadi. Kloepfer o‘z zamonasida tarjimada biryoqlama yondashuvlar ko‘payganini tanqid qiladi. U klassik an’anani davom ettirgan faylasuflar (Croce, Ortega y Gasset, Buber, Valéry va boshqalar) ishini qadrlaydi va Schleiermacherning “begonalashtirish va o‘zlashtirish” qarama-qarshiligi o‘rtasida “muvozanatli yo‘l”ni tanlash zarurligini ta’kidlaydi. Uningcha, tarjimon o‘z tilida asl tildan “soya” yoki “aks-sado” yaratishi kerak. Kloepfer amaliy jihatdan tarjima usullariga e’tibor qaratadi: til san’atini boshqa tilda qayta tiklash mumkinmi? U Plautus, Dante, Rimbaud asarlaridan misollar keltirib, ayrim joylarda tarjimani yangilab turish zarurligini aytadi. Yakunda u shunday xulosa qiladi: “Tarjima — bu she’riyat, hatto she’riyatning o‘z she’riyatidir.” (Novalis) J. Levý esa 1969-yilda yozgan “Badiiy tarjima: san’at turi nazariyasi” asarida strukturalistik yondashuvni qo‘llaydi. U Praga maktabi metodlari asosida “mazmun va forma”, “butun va qism”, “madaniy-tarixiy kontekst va funksional qiymat” o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tahlil qiladi. Levý tarjimada ikki yo‘lni farqlaydi: o Illuzionistik tarjima — o‘quvchida originalni o‘qiyotgandek taassurot uyg‘otadi. o Anti-illuzionistik tarjima — o‘quvchi tarjima o‘qiyotganini sezadi; tarjimon izoh beradi yoki zamonaviy ishoralar qo‘shadi. 34 Unga ko‘ra, amaliy badiiy tarjimada birinchi yondashuv — illuzionistik usul — ko‘proq afzal. Levý uchun eng muhim narsa — asarning o‘quvchiga ko‘rsatadigan ta’siri. Tarjimonning vazifasi so‘zlarni emas, ta’sir va qiymatni saqlashdir. Shu sababli u “adaptatsiya”ni to‘liq “mahalliylashtirish” deb emas, balki “zarur joyda moslashtirish” deb tushunadi. Masalan, shaxs ismlarini tarjima qilish, o‘zgartirish yoki transkripsiya qilish qarori — o‘quvchiga beriladigan ta’sirga qarab belgilanadi. Levý tarjima jarayonini uch bosqichga ajratadi: idrok etish, talqin qilish va ijodiy ko‘chirish (ya’ni maqsadli tilda badiiy tarzda qayta yaratish). Uningcha, badiiy tarjimada asosiy me’yorlar — haqiqat va go‘zallik, ya’ni ta’sirning tengligi va estetik uyg‘unlikdir. Bugungi kunda Kloepfer va Levýning g‘oyalari tarjima tarixi, ta’sir tarixi, qiyosiy stilistika va qiyosiy adabiyotshunoslikda muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ilmiy va texnik tarjima (Jumpelt) R. W. Jumpeltning 1961-yilda yozilgan “Tabiiy-ilmiy va texnik adabiyot tarjimasi” asari uslub va mazmun jihatidan Kloepfer va Levýdan ancha farq qiladi. Jumpelt tarjimani lingvistik hodisa sifatida ko‘radi, ammo badiiy tarjimada bo‘lgani kabi, unda ham faqat til tahlili bilan cheklanib bo‘lmasligini tan oladi. U “ilmiy-texnik tarjimada muammo yo‘q, so‘zlar xalqaro, grammatikani bilish kifoya” degan qarashni qat’iyan rad etadi. Uning fikricha, matn turi — tarjimaning barcha mezonlarini belgilovchi asosiy omildir. Ilmiy va texnik matnlarda asosiy maqsad — mazmunni o‘zgartirmasdan saqlash, ya’ni semantik aniqlikni ta’minlashdir. Bu matnlarda tilning tasvirlovchi funksiyasi ustun turadi, estetik yoki hissiy ta’sir esa ikkinchi darajada qoladi. Jumpelt tarjimadagi asosiy jarayonlar sifatida modulyatsiya (mazmunga ozgina o‘zgarish kiritish) va transpozitsiyani (so‘z turkumini yoki grammatik tuzilmani o‘zgartirib ma’noni saqlash) keltiradi. Masalan, nemischa sich verziehen (“egilish”) ingliz tilida to warp yoki to twist sifatida tarjima qilinadi — bu modulyatsiyaga misol. Transpozitsiyada esa ma’noni saqlagan holda grammatik tuzilma o‘zgartiriladi. Ilmiy-texnik tarjimada quyidagi xususiyatlar muhim: • Denotativ (aniq) ekvivalentlik eng ustuvor talablardan biridir; • Sintaktik tuzilma qat’iy me’yorlarga asoslanadi; • Leksika terminlarga tayanadi; • Individual uslub deyarli mavjud emas; • Auditoriya asosan xalqaro ilmiy doiradir. Shu sababli, bu turdagi tarjimalar badiiy tarjimaga qaraganda qoidalashtirish va standartlashtirish nuqtayi nazaridan nisbatan osonroq amalga oshiriladi. 35 Xulosa Yuqoridagi tahlillardan shuni xulosa qilish mumkinki, tarjima jarayonini samarali tashkil etishda matn turiga yo‘naltirilgan yondashuv muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Fiktiv (badiiy) matnlar o‘quvchi bilan estetik muloqotga kirishgan bo‘lsa, sach (ilmiy-texnik) matnlar aniq axborotni uzatishga qaratilgan. R. Kloepfer va J. Levý badiiy tarjimada estetik qiymat, ijodiy transformatsiya va ta’sir ekvivalentligini asosiy mezon sifatida ilgari surgan bo‘lsa, R. W. Jumpelt ilmiy-texnik tarjimada semantik aniqlik va metodik izchillikka urg‘u beradi. Shunday qilib, matn-turga yo‘naltirilgan tarjima nazariyalari tarjimashunoslikda funksional ekvivalentlik tamoyilini chuqurroq anglash, har bir matn turining o‘ziga xos kommunikativ vazifalarini inobatga olish imkonini yaratadi. Bu yondashuv tarjimonning nazariy tayyorgarligini mustahkamlab, amaliy tarjima sifatini oshiradi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Kloepfer, R. Theorie der literarischen Übersetzung. München, 1967. 2. Levý, J. Die literarische Übersetzung: Theorie einer Kunstgattung. Frankfurt am Main, 1969. 3. Jumpelt, R. W. Die Übersetzung naturwissenschaftlicher und technischer Literatur. Berlin, 1961. 4. Mounin, G. Les problèmes théoriques de la traduction. Paris, 1963. 5. Schmitt, P. A. Übersetzen: verstehen und übertragen. Tübingen, 1999.