ARAB TILIDA YOZUV MALAKASINI SHAKLLANTIRISHDA MALL TEXNOLOGIYALARINING TATBIQI
Abstract
ARAB TILIDA YOZUV MALAKASINI SHAKLLANTIRISHDA MALL TEXNOLOGIYALARINING TATBIQI
Full text
258 ARAB TILIDA YOZUV MALAKASINI SHAKLLANTIRISHDA MALL TEXNOLOGIYALARINING TATBIQI Radjabova Muxtasar Davranbekovna O‘zDJTU 3bosqich tayanch doktoranti [email protected] Annotatsiya.Mazkur maqola arab tili ta’limida yozuv malakasini shakllantirish jarayonida MALL (Mobile Assisted Language Learning) texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari va ularning samaradorligini tahlil etishga bag‘ishlangan. Shuningdek, maqolada MALL texnologiyalarining har bir bosqichda talabaning mustaqil faoliyatini shakllantirishdagi o‘rni, yozma nutqni rivojlantirishdagi afzalliklari va amaliy tatbiq yo‘llari yoritilgan. Kalit so‘zlari: yozuv, yozma nutq, MALL texnologiyalari, raqamli ta’lim, mobil ilovalar. Аннотация.Данная статья посвящена анализу возможностей применения и эффективности технологий MALL (Mobile Assisted Language Learning) в процессе формирования навыков письма на арабском языке. Кроме того, в статье рассматривается роль технологий MALL на каждом этапе формирования самостоятельной деятельности студентов, их преимущества в развитии письменной речи и пути практического применения. Ключевые слова: письмо, письменная речь, технологии MALL, цифровое обучение, мобильные приложения. Abstract.This article is devoted to analyzing the possibilities and effectiveness of applying MALL (Mobile Assisted Language Learning) technologies in the process of developing writing skills in Arabic language education. In addition, the article discusses the role of MALL technologies at each stage of forming students’ independent learning activity, their advantages in developing written communication skills, and practical ways of implementation. Key words: writing, written speech, MALL technologies, digital education, mobile applications. Raqamli texnologiyalar jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda bo‘lajak mutaxassislar uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni kengaytirish, shu orqali madaniy, siyosiy hamda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalasi nihoyatda dolzarb va ahamiyatli bo‘lib bormoqda. Bugungi globallashuv davrida raqamli texnologiyalar ta’lim sohasining ajralmas qismiga aylandi. Xususan, chet tillarini o‘qitishda mobil texnologiyalar (Mobile-Assisted Language Learning – MALL) o‘quv jarayonini yangicha bosqichga olib chiqdi. MALL texnologiyalari talabalarga tilni o‘rganish jarayonini individuallashtirish, interaktiv muhit yaratish hamda real vaqt rejimida fikr almashish imkonini beradi. Ayniqsa, arab tili kabi murakkab yozuv
259 tizimiga, o‘ziga xos grammatik tuzilishga va semantik xususiyatlarga ega tillarni o‘qitishda MALL texnologiyalari samaradorligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki arab tilida yozuv malakasini shakllantirish ko‘p vaqt, izchil mashqlar hamda individual yondashuvni talab etadi. Shu ma’noda, MALL texnologiyalari arab tili o‘qitish jarayonida nafaqat yordamchi, balki o‘qitishning integrativ va innovatsion vositasi sifatida ahamiyat kasb etadi. Davlatimizning xorijiy sharq mamlakatlari bilan ijtimoiy, siyosiy, madaniy va iqtisodiy aloqalari mustahkamlanib borayotgan bir paytda chet tillarini, jumladan sharq tillarini mukammal biluvchi, salohiyatli filologlar, tarjimashunoslar, sinxrontarjimonlarni yetishtirib berish kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.[3;18] So‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida arab tilini o‘qitishda raqamli vositalarni, jumladan MALL texnologiyalarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday yondashuv o‘qitish sifatini oshirish, talabalar motivatsiyasini kuchaytirish hamda yozuv malakasini shakllantirishga xizmat qiladi. MALL texnologiyalari CALL (Computer-Assisted Language Learning) tizimining mantiqiy davomidir. “MALL CALL texnologiyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ayrim ma’nolarda uning rivojlangan shakli hisoblanadi. Mobil qurilmalar esa kompyuter texnologiyalaridan kelib chiqqan”. [2;112] Ushbu yondashuvning asosiy g‘oyasi mobil qurilmalardan (smartfon, planshet, noutbuk) foydalangan holda til o‘rganishni istalgan joyda va vaqtda amalga oshirishdir. Bundan tashqari, S.Sudiatama ham MALL ni metakognitiv strategiyalar asosida o‘qish malakasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali vosita sifatida e’tirof etadilar: “MALL - bu mobil qurilmalarga asoslangan yondashuv bo‘lib, u o‘quvchilarning o‘qish malakasini rivojlantirishda ishlatiladi”. [5;60] Arab tilini o‘rganishda mobil texnologiyalar yordamida yozuv malakasini rivojlantirish uchta asosiy bosqichda amalga oshiriladi: 1. Texnik bosqich – arab yozuvining grafik tizimini o‘zlashtirish (harflar shakli, bog‘lanishi, nuqtalarning joylashuvi). 2. Tilshunoslik bosqichi– so‘z, ibora va gap darajasida grammatik va orfografik me’yorlarni o‘rganish. 3. Nutqiy bosqich – yozma nutq janrlarini (xat, maqola, insho, hikoya) yaratish malakasini shakllantirish. [4;98] MALL texnologiyalari har bir bosqichda talaba faoliyatini mustaqillikka yo‘naltiradi. Misol uchun, “Arabic Alphabet (by TenguLogi)”, “Learn Arabic – Language Guide & Writing”, “AlifBee” kabi mobil ilovalar arab harflarini yozish va talaffuz qilishda uyg‘unlashtirgan mashqlarni taklif qiladi. Natijada talabalar nafaqat yozishni, balki har bir so‘zning tovush va yozuv uyg‘unligini ham o‘zlashtiradi. Xususan, “AlifBee” MALLning interfeysiga to‘xtalib o‘tsak. Bu ilova o‘yin shaklidagi
260 topshiriqlar bilan boyitilgan bo‘lib, yozuv faoliyatini qiziqarli va emotsional jihatdan rag‘batlantiruvchi tarzda tashkil etadi. Asosiy jihatlari quyidagilardan iborat: − harflarni eslab qolish va to‘g‘ri ketma-ketlikda yozish bo‘yicha topshiriqlar; − arab yozuvida qo‘llaniladigan turli grafik uslublar, jumladan nasta’liq, riq’a kabi variantlar bilan tanishtirish; − o‘quvchini motivatsion uslubda rag‘batlantirish va muvaffaqiyat ballarini saqlab borish tizimi. “Learn Arabic – Language Guide & Writing” MALLning interfeysiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu ilova nafaqat harf va so‘z yozuvini, balki grammatik holatlarni (muzakkar-muannas, birlik-jamlik) yozuv orqali o‘rgatishga xizmat qiladi. Ilova quyidagi imkoniyatlarga ega: - yozilgan so‘zga fonetik transliteratsiya asosida teskari aloqa berish; - talabaga o‘z yozuvi uchun raqamli skor (baholovchi ball) taqdim etish; - grammatik shakllarni yozma mashqlar orqali mustahkamlash. Bu kabi MALL texnologiyalari shuningdek rag‘batlantiruvchi mexanizmlarga ham ega. Har bir muvaffaqiyatli bajarilgan topshiriq uchun foydalanuvchi ball yoki yulduzcha oladi. Natijada, yozuv malakasi talaba uchun majburiyat emas, balki qiziqarli jarayonga aylanadi. Arab tili yozuv malakasini rivojlantirishda MALL texnologiyalarining quyidagi afzalliklarini ko‘rsatish mumkin: • Moslashuvchanlik – talaba istalgan joyda o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi; • Interaktivlik – o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi teskari aloqa tez va samarali bo‘ladi; • Motivatsiya – mobil o‘yinlar va visual effektlar talabalarning qiziqishini oshiradi; • Baholash samaradorligi – mobil ilovalar avtomatik tahlil asosida xatolarni aniqlab, takliflar beradi.[ 1; 39] MALL texnologiyalari yordamida talabalarning individual o‘sishini kuzatish uchun e-portfolio tizimi joriy etilishi mumkin. Bu tizim orqali talaba o‘z yozma ishlarini raqamli shaklda saqlab, rivojlanish dinamikasini ko‘ra oladi. Xulosa qilib aytganda, MALL texnologiyalarini arab tilida yozuv malakasini shakllantirishda tatbiq etish – zamonaviy ta’limning muhim yo‘nalishidir. Bu texnologiyalar talabalarning yozma fikrlashini rivojlantiradi, o‘qituvchi va talaba o‘rtasida interaktiv muhit yaratadi hamda yozuv jarayonini shaxsiylashtiradi. Ta’lim tizimida MALL texnologiyalarini keng joriy etish arab tili o‘qitish sifatini sezilarli darajada oshiradi.
261 Foydalanilgan adabiyotlar 1. Alharthi, H. (2021). Students’ Perception of Mobile Learning in Arabic Writing. International Journal of Mobile Learning and Organisation, 15(1), 37–54. 2. Lenci S. Technology and Language Learning: from CALL to MALL. – Italy: Università degli Studi di Padova, 2020. – 140 p 3. Nizomova F.A. Xorijiy tilni o’rganish ko’nikmalari. Zamonaviy ta’lim/2019, 2(75) 18-23 4. Rahimi, M., & Miri, S. S. (2014). The Impact of Mobile Dictionary Use on Language Learning. Procedia - Social and Behavioral Sciences, 98, 1469–1474. 5. Sudiatama S., Firman E., Dehghani S., Zamorano A. The Efficacy of MobileAssisted Language Learning in Improving Learners’ Reading Skills in Relation to Metacognitive Strategy. – Indonesia: Journal of Language and Literature Studies, 2023. – Vol. 3(1). – P. 53–66.