NEMIS VA O'ZBEK TILLARIDA BIOKIMYOVIY VA KIMYOVIY DESTRUKSIYANI IFODALOVCHI FE'LLAR GURUHI
Abstract
NEMIS VA O'ZBEK TILLARIDA BIOKIMYOVIY VA KIMYOVIY DESTRUKSIYANI IFODALOVCHI FE'LLAR GURUHI
Full text
281 NEMIS VA O‘ZBEK TILLARIDA BIOKIMYOVIY VA KIMYOVIY DESTRUKSIYANI IFODALOVCHI FE’LLAR GURUHI Zamira Amonova O‘zDJTU mustaqil tadqiqotchisi [email protected] Annotatsiya: Ushbu maqolada biokimyoviy va kimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llar guruhi nemis va o‘zbek tillari misolida semantik jihatdan tahlil qilinadi. Har bir guruh uchun nemis va o‘zbek tillaridagi mos fe’llar ularning ma’nosi va kontekstual qo‘llanilishi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Ikki til doirasida biokimyoviy va kimyoviy destruksiya bilan bog‘liq fe’llarning umumiy va o‘ziga xos semantik xususiyatlari tahlil qilinadi. Kalit soʻzlar: destruksiya fe’llari, biokimyoviy destruksiya, kimyoviy destruksiya, semantik maydon, leksik-semantik guruh, qiyosiy semantika. Annotation: The article presents a semantic analysis of a group of verbs denoting biochemical and chemical destruction based on the German and Uzbek languages. For each subgroup, the corresponding verbs in German and Uzbek are examined in terms of their meaning and contextual usage. The study analyzes both the general and specific semantic features of verbs related to biochemical and chemical destruction within the comparative framework of the two languages. Key words: verbs of destruction, biochemical destruction, chemical destruction, semantic field, lexico-semantic group, comparative semantics. Аннотация: В данной статье проводится семантический анализ группы глаголов, обозначающих биохимическую и химическую деструкцию, на примере немецкого и узбекского языков. Для каждой подгруппы рассматриваются соответствующие глаголы в немецком и узбекском языках с точки зрения их значения и контекстуального употребления. Анализируются общие и специфические семантические особенности глаголов, связанных с биохимической и химической деструкцией, в сопоставительном аспекте двух языков. Ключевые слова: глаголы деструкции, биохимическая деструкция, химическая деструкция, семантическое поле, лексико-семантическая группа, сравнительная семантика. Tilshunoslikda so‘z ma’nosi bilan bogʻliq qarashlarni tahlil qilish va tilning keyingi taraqqiyot bosqichi uchun tegishli ilmiy xulosalarni chiqarish bilan bogʻliq masalalar har bir davr uchun dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Asrlar mobaynida aloqa vositasi sifatida xizmat qilib kelayotgan til birliklarining mazmun jihatini tushunish, semantik tarkibini aniqlash, boshqa semalar bilan paradigmatik va
282 sintagmatik munosabatlarga kirishish qonuniyatlarni o‘rganish hozirgi kunda ham tilshunoslikning muhim masalalari qatoriga kiradi. Jahon tilshunosligida V.Gak, S.Kasnelson, Tenyer, Yu.Apresyan, L.Vasilyev, T.Shippan tadqiqotlaridagi so‘zlarning ma’no qurilishi, xususan fe’llar semantikasi bilan bogʻliq nazariy konsepsiyalar hozirgi avlod ilmiy izlanishlari tayanch manba bo‘lib kelayotgani shubhasiz. Jumladan, fe’llarning semantik tizimini tahlilga tortishni bosqichmabosqich amalga oshirishda L.Vasilyevning fe’l leksemalarini uch tamoyil asosida (denotativ, paradigmatik, sintagmatik) tasnifiga murojaat qilinishini zamonaviy tilshunoslikda tez-tez uchratish mumkin [1,39]. Ma’no komponentlariga boy leksik qatlamni tizimli ravishda oʻrganish maqsadida XIX asrning birinchi yarmida nemis tilshunosi Y.Trir tomonidan yaratilgan “semantik maydonlar nazariyasi”ning dunyo tilshunosligida keng yoyilishi bugungi kunga qadar so‘zlarni semantik guruhlashtirish an’anasining davom etib kelishiga zamin yaratdi. Ushbu tajriba ham qardosh ham qardosh boʻlmagan til oilalari chog‘ishtirma va qiyosiy tadqiqida keng foydalaniladi. Trir nazariyasiga ko‘ra, tushunchaviy maydonlar til doirasida mos keluvchi leksik maydonlarga ega, ammo bu leksik birliklar mustaqil mavjud emas, balki lug‘at tarkibida aniqlanadi. Xuddi magnit o‘z atrofida magnit maydonini yaratganidek, tushunchalar ham o‘z ifoda doirasiga kiruvchi so‘zlar qatorini qamrab olib, o‘ziga xos semantik maydonlarni hosil qiladi. Bu maydonlardan tashqarida so‘zlar — mazmunsiz belgilarga aylanadi. Tilning alohida birligi sifatida so‘z o‘zining aniq mazmunidan mahrum bo‘ladi. Semantik maydonga xos holat shuki, unga kiruvchi so‘zlarning ma’nolari o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro ta’sir orqali bir-biriga bo‘ysunadi va to‘ldiriladi [2,109]. V. Porzig, L.Weisgerber, G.Ipsen, G. Mьller, A.A. Ufimseva, E.V. Kuznetsova kabi tilshunoslar semantik maydonlarni tushunchaviy emas, balki lingvistik asosda ajratishni afzal ko‘rishdi. Ularning talqinicha, semantik maydon - bu ma’lum tarixiy davrda leksik ma’nolar asosida bog‘langan soʻzlar yig‘indisidir. Bu so‘zlar sintagmatik yoki paradigmatik aloqalar orqali bir-biriga ulanadi. Masalan, V.Porsig semantik maydonni sintagmatik jihatdan aniqlab, uni fe’l bilan unga bog‘langan otlar - subyekt, vosita yoki obyekt oʻrtasidagi bog‘lanish orqali tushuntiradi. U leksik-sintaktik birliklarni tahlil qilishni o‘z nazariyasining asosiy vazifasi deb biladi [3,72-73]. Bugungi kunga kelib, tillar leksik qatlamining tizimli tuzilishga ega ekanligi isbotlangan. Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, leksik tizim bu oddiy soʻzlar jamlanmasi emas, balki turli hajm va xususiyatdagi, oʻzaro bogʻlangan hamda kesishuvchi so‘zlar guruhlaridan tashkil topgan murakkab tuzilma hisoblanadi [Kuznetsova 4,24]. A.Ufimseva semasiologiyaning yangi rivojlanayotgan sohasi uchun semantik bogʻliqliklarning tizimliligini nafaqat tasavvurlar doirasi, balki tilning boshqa aspektlari bilan oʻzaro aloqasi orqali tahlil qilgan [5,30-36].
283 Semantik maydon nazariyasi haqidagi qarashlar rivojlanib borgani sari, leksikografik adabiyotlardagi so‘zlar, xususan, fe’l sememalarini differensialsemantik metod yordamida tasniflash keng tus oldi. Bunda har biri iyerarxik tartib hamda semantik maydonda o‘z funksiyasiga ega arxisema, integral (umumiy, mushtarak, birlashtiruvchi) sema, differensial (farqlovchi) sema kabi tushunchalarga asosiy e’tiborni qaratila boshlandi. Jumladan,oʻzbek tilshunosligida u yoki bu semantik maydon fe’llarining “umumiylik-xususiylik” tamoyili asosida katta va kichik leksiksemantik guruhlarga ajratib oʻrganishda I.Qo‘chqortoyev [6,160], R.Rasulov [7,134], Oʻ.Sharipova [8,65], S.Muhamedovalarning [9,114] ilmiy izlanishlaridagi nazariy xulosalar diqqatni oʻziga tortadi. M.Mirtojiyevga ko‘ra, “bir semantik maydonga mansub leksemalar sememalari uchun umumiy boʻlgan va ularni birlashtiruvchi sema arxisema; semantik maydonning guruhlari (maydonchalari) ga mansub leksemalar sememalari uchun umumiy boʻlgan va ularni birlashtiruvchi sema integral semadir. Differensial sema semantik maydonga kirgan har bir leksema sememasining oʻziga xos tomonini, xususiyatini belgilaydi [10,58]”. Shunga koʻra, tadqiqotimiz obyekti bo‘lgan destruksiyani ifodalovchi fe’llar (DIF) tahlilida komponent va differensial-semantik tahlil usuli qoʻllanildi. O‘z xususiyatiga koʻra DIFning katta qismi ham nemis ham oʻzbek tilida ko‘p ma’noli boʻlganligi sababli, ularni semantik guruhlarga tasniflash va guruh leksemalari orasidagi chegara qaysi tamoyillarga asosan ajratilganligini aniqlash ancha mushkul, chunki ayrim fe’llar bir vaqtning oʻzida bir qacha semantik guruhlarga tegishli boʻlishi mumkin. Bular tarkibidan biokimyoviy hamda kimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llar leksik-semantik guruhi o‘rin olgan. Mazkur guruh fe’llarining semantik tarkibida biologik va kimyoviy ta’sir semasi mavjud boʻlib, ular ifodalagan harakat obyektga shunday ta’sir natijasida parchalanishini, vayron bo‘lishini bildiradi. Biokimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llar, avvalo, organik va noorganik moddalar destuksiyasini qamrab oladi. Biologik muhitda, odatda past haroratda tirik organizmlar, ko‘pincha mikroorganizmlar - bakteriyalar, mikroblar, zamburug‘lar ishtirokida, xususan, ulardan ajraladigan fermentlar hisobiga moddalarning parchalanish jarayoni biokimyoviy destruksiyani keltirib chiqaradi [11,167-183]. Biokimyoviy bu biologik yoki kimyoviy omillar ta’sirida murakkab organik moddalarning oddiy komponentlarga parchalanish (buzilish, mog‘orlash, sasish, chirish, achish yemirilish va sh.k.) jarayonidir. Shunga muvofiq, biokimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llarning yadrosida obyekt mikrostrukturasini buzish, hayotiy faoliyatdan to‘xtatish, (odatda ichki tomondan) zarar yetkazish orqali uning sifati, rangi, hajmi va shakliga futur yetishi kabi maʼno anglashiladi. Biokimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llarning katta qismini nemis tilida o‘timsiz va oʻzlik fe’llari (reflexive Verben), oʻzbek tilida oʻtimsiz hamda majhul nisbatda ifodalangan fe’llar tashkil qilishi aniqlandi. Quyida ushbu fe’llarning ayrimlarini tahlilga tortamiz: abbauen – parchalamoq, tarkibiy qismlarga ajratmq, chiritmoq 2. sich a. – chirimoq,
284 aynimoq, irimoq; abfaulen – irimoq, sasib ketmoq, chirib to‘kilmoq die Blдtter faulen ab ‘barglar sarg‘ayib toʻkiladi’; abhungern – (yemay-ichmay) ozmoq; in einer Woche hat sie drei kilo abgehungert ‘U bir haftada uch kilogramm ozdi’; abmagern – ozgʻinlashmoq, oriqlamoq; abnehmen – ozmoq; Ich habe schon zwei Kilo abgenommen ‘Men ikki kilogramm ozdim’; abspecken – ozmoq; zwei Kilo a. ‘ikki kilogramm ozmoq’; altern – qarimoq; Er ist in den letzten Jahren stark gealtert ‘U so‘nggi yillarda ancha qarib qoldi’; anfaulen – chirib boshlamoq, chirib bormoq; anschwellen – shishib ketmoq, g‘urra boʻlmoq; die Beine schwellen an ‘oyoqlar shishib ketmoqda’; aufquellen – koʻpchimoq, ivimoq; der Teig quillt auf ‘xamir koʻpchiydi (oshadi)’; auszehren – ozdirib-toʻzdirib yubormoq; beschlagen – mogʻorlab ketmoq, mogʻor bosmoq; bleichen – oqarmoq, rangi oʻchmoq; die Haare bleichen ‘soch oqaradi’; degenerieren – 1.parchalanib ketmoq die Zellen degenerieren ‘to‘qimalar parchalanadi’ 2.aynimoq, buzilmoq; durchfaulen – chirib ketmoq, irib ketmoq; einschrumpeln/einschrumfen – soʻlmoq, qurimoq, soʻlib (qurib) qolmoq; eitern – yiringlamoq, yiring (gazak) olmoq; die Wunde eitert ‘yara yiringlaydi’; entzьnden – biror a’zo yallig‘lanadi, qizaradi; e-e Wunde entzьndet sich ‘yara yallig‘lanadi’; erbleichen – oqarmoq, boʻzarmoq, gezarmoq; erblinden – koʻr boʻlib qolmoq; nach einem Unfall erblinden ‘baxtsiz hodisadan keyin ko‘r bo‘lib qolmoq’; faulen – chirimoq, irimoq, aynimoq (meva, sabzavot va tishlar haqida); gammeln – aynimoq, buzilmoq (oziq ovqat mahsulotlari); giften – buzmoq, zaharlamoq; paralysieren – falajlamoq, shol qilmoq; schwдren – yiringlamoq; schwellen – shishmoq, shishib ketmoq, kerkmoq; Sein Arm ist geschwollen, weil ihn e-e Biene gestochen hat ‘Ari chaqib, uning qoʻli shishib ketdi’; verblьhen – soʻlmoq, guldan tushmoq; Die Rosen verblьhen schon ‘atirgullar soʻlmoqda’; verderben – buzilmoq, aynimoq, buzilib (aynib) qolmoq; Die Milch verdirbt, wenn sie nicht gekьhlt wird ‘Agar sut sovitilmasa, ayniydi’; verfaulen – chirimoq, irimoq, chirib (irib) ketmoq; vergammeln - irimoq, aynimoq, iste’molga yaroqsiz bo‘lib; vergдren – achitmoq, koʻpchitmoq, oshirmoq; vergiften – zaharlamoq, zahar berib o‘ldirmoq; verkommen – buzilmoq, iste’molga yaroqsiz bo‘lmoq; verkьmmern - soʻlimoq, soʻlib qolmoq; vermodern – chirimoq, chirib parchalanmoq; Der Leichnam vermodert ‘murda chirimoqda’; vermorschen – chirimoq, chirib maydalanib ketmoq; verrotten – chirindiga aylanmoq (o‘simlik, go‘ng haqida); Laub verrottet ‘barg chirindiga aylanadi’; verschimmeln – mog‘or (po‘panak) bosmoq, mog‘orlamoq; verseuchen – (kimyoviy/zararli moddalar bilan) zaharlamoq; verwelken soʻlib – qolmoq; verwesen – chirimoq, irib ketmoq; welken – soʻlmoq, soʻlib qolmoq, aynimoq; Kimyoviy destruksiya fe’llari biokimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llardan birmuncha farqlanadi. Ushbu guruhni organizmda yoki laboratoriya sharoitida kimyoviy moddalar – kislotalar, ishqorlar, oksidlovchilar, issiqlik, ultrabinafsha nurlanish vositasida parchalanish jarayonlarini ifodalovchi fe’llar qatori tashkil qiladi.
285 Kimyoviy destruksiya ta’sir etish va yemirilish mexanizmiga koʻra bir nechta turga ajratiladi. Masalan, temir namlik va kislorod ta’sirida zanglaydi; plastik ultrabinafsha nurlari ta’sirida yemiriladi; yog‘och baland haroratda yonadi; esterlar suv bilan reaksiyaga kirib spirt va kislotalarga parchalanadi. Semantik talqinda kimyoviy destruksiya ta’sirga uchraydigan obyektlar – ya’ni pasiyenslar polimerlar, organik moddalar, uglevodorodlar - neft, gaz, yogʻoch, biomassa, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilar – plastmassa, metall, rezina, charm; biologik molekulalar – oqsil, yog‘; agentlari – oksidlovchi moddalar (azot, kislorod, vodorod, harorat, namlik, yorug‘lik, ultrabinafsha nurlar, natijasi - karbonad angidrid, zang, metan, gazlar, tuzlar sifatida namoyon bo‘ladi: anfressen - zanglab ketmoq, zang bosmoq; der Kost frisst das Eisen an ‘temirni zang bosadi’; anrosten – zanglab boshlamoq; ausbleichen – oʻngmoq, rangi o‘chib ketmoq; bleichen – oqarmoq; die Wasche bleicht in der Sonne ‘kir oftobda oqaradi’; brennen – 1. kuydirmoq, achishtirmoq; Das Desinfektionsmittel brannte in der Wunde ‘Dezinfeksiya vositalari yarani achishtiradi’; 2. tayyorlamoq, pishirmoq Shnaps b. ‘aroq tayyorlamoq’; durchrosten – (zanglab) chirib ketmoq (bitmoq); einrosten - zanglamoq, zang bosmoq; einfressen – kemirmoq, yemirmoq (zang, kislota), erbleichen – oqarmoq, rangi o‘chmoq; oxidieren – 1. oksidlamoq; 2. oksidlanmoq; rosten – zanglamoq; verдtzen – kuydirmoq (ishqor va sh. k. bilan); vergilben – sarg‘aymoq; ein Foto vergilbt ‘fotosurat sarg‘ayadi’; verrosten – zang bosib ketmoq, zanglab ketmoq; verschieЯen – rangini (ravshanligini) yo‘qotmoq, o‘ngib (oqarib) ketmoq, rangi o‘chmoq; zerfressen – yemoq, kemirmoq Motten z. etw. ‘biror narsani zang bosadi (yemiradi), kuya biror narsani yeydi’. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, oʻzbek va nemis tillaridagi biokimyoviy va kimyoviy destruksiya fe’llari semantik maydon ichida oʻzaro mutanosib va semantik nuqtai nazardan ayrim farqlanuvchi kichik guruhlarga ajratilishi mumkin. Kimyoviy destruksiyaning har xil turlari moddalar bilan bog‘liq turli texnologik jarayonlar va sanoat amaliyotlari uchun muhim ahamiyatga ega. Umuman, biokimyoviy va kimyoviy destruksiyani ifodalovchi fe’llar oʻzlarining semantik yadrosida buzilish, yemirilish, parchalanish, mavjudlikning yo‘qolishi, sifatsizlanish kabi umumiy ma’nolarni mujassam etadi. Har ikki tilda fe’llarning destruktiv harakatni ifodalashdagi asosiy semantik komponentlari - obyektga ta’sir, harakat natijasining darajasi (shikast, deformatsiya, boʻlinish, parchalanish, yoʻqolish) va vositaning ishtiroki (bakteriya, zamburug‘, kislota, zang va h.k.) boʻyicha aniqlanadi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR : 1. Васильев Л.М. Семантика русского глагола: Учеб. пособие для слушателей фак. повышения квалификации. -М.: Высш. школа, 1981. -184 с.
286 2. Виноградов В.В. Лексикология и лексикография. -Москва «Наука», 1977. - 319 с. 3. Porzig W., Das Wunder der Sprache. Probleme, Methoden und Ergebnisse der modernen Sprachwissenschaft, 1. Ausgabe, Francke, Bern 1950, 414 S. 4. Кузнецова Э. В. Лексикология русского языка: Учеб. пособие для филол. фак. ун-тов.—2-е изд., испр. и доп.— М.: Высш. шк., 1989. - 216 с. 5. Уфимцева А.А. Теории “семантического поля” и возможности их применения при изучении словарного состава языка. Сб. “Вопросы теории языка в современной зарубежной лингвистике”. - М.: Изд-во АН СССР. - 1961. - С.254 6. Кучкортоев И. Сўз маъноси ва унинг валентлиги (узбек тилидаги нутк Феъллари материали асосида), Монография. -Тошкент: Ўзбекистон ССР “Фан” нашриёти, 1977. - 166 б. 7. Расулов Р. Ўзбек тили феълларининг маъно тузилиши 2-нашри. - Тошкент: Низомий номидаги Тошкент Давлат недагогика университети нашриёти, 2008. - 143 6. 8. Шарипова Ў. Юмуш феълларининг маъно валентликлари (У кув кулланма) ТОШКЕНТ - 2012. – 71 б. 9. Мухамедова С. Ўзбек тилида ҳаракат феълларининг семантикаси ва валентлиги. Монография. - Тошкент: Ўзбекистон республикаси ФА “Фан” нашриёти, 2013. - 122 б. 10. Миртожиев М. Ўзбек тили семасиологияси. -Т.: MUMTOZ SOʻZ, 2010. – 288 11. Sobirova R.A., Abrorov O.A., Inoyatova A.N., Aripov A.N. “Biologik kimyo”. “Yangi asr avlodi”, Toshkent-2006. 472 b.