EL ARDOG'IDAGI INSON - AVLODLAR EXTIROMIDA
Full text
269 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc EL ARDOG‘IDAGI INSON - AVLODLAR EXTIROMIDA G‘afforov Shokir Safarovich Tarix fanlari doktori, professor https://doi.org/10.5281/zenodo.17643608 (O‘zbek milliy davlatchiligi uchun kurashgan davlat va jamoat arbobi, jadid va ma’rifatparvar Fayzulla Xo‘jaev tavaluddiga bag‘ishlanadi) Fayzulla Xo‘jaevdek buyuk insonlar tarixining burilish pallasida muayyan halq hayotida xar yuz ikki yuz yilda faqat bir marta paydo bo‘ladigan kamyob iste’dod egalari, daho shaxslardir. Ne baxtki, o‘zbek xalqi qismatiga xam XIX asr oxirida Buxoroda tug‘ilgan bu inson muhim o‘rin tutadi. U XX asr birinchi yarmida xalqimizning eng mashxur davlat va jamoat arbobi sifatida tarix sahifalaridan mangu o‘rin egallagan siymodir. Fayzulla Xo‘jaevdek faoliyati voqealarning borishiga shu qadar katta ta’sir ko‘rsata olgan, unga baho borishda shunchalik ko‘p qaramaqarshiliklar bo‘lgan, ko‘klarga ko‘targan va nihoyat asossiz yerga urilgan, lekin xalq qalbida abadiy qolgan biron bir siyosiy arbobni XX asr O‘rta Osiyo respublikalari yohud turkiy dunyo davlat rahbarlari orasidan topish qiyin bo‘lsa kerak. Uning hayoti ham faoliyati singari ziddiyatli va murakkabli kechgan. Fayzulla Xo‘jaev milodiy 1896 yil 1 iyulda Buxoro shahrida amirlik xududidagi yirik savdogar Ubaydullaxo‘ja Qosimxo‘ja o‘g‘li (1859-1912) oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi – Rayxon Saidmurod qizi (1882-1938) Peshku tumanidagi Zandane qishlog‘idan bo‘lib, bu mushtipar ayol oddiy dehqon oilasida voyaga yetgan edi. Fayzulla Xo‘jaev yorug‘ olamga ko‘z ochib kelgan payt sharqona muchal bo‘yicha maymun yilining saraton oyiga to‘g‘ri keladi. Yil ag‘darib, muchal ko‘targanda maymun yilida Alisher Navoiy, Muhammad Xorazmiy, Xoja Axror Vali, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi allomalar dunyoga kelganining guvohi bo‘ldik. Saraton oyida esa Fayzulla Xujaevning ikki daho hamyurti: muhaddislar peshvozi Imom Ismoil Buxoriy hazratlari va shayxur rais Abu Ali ibn Sino kabi allomalar tug‘ilgan ekanlar. Ushbu mos kelishlar bejiz emasdir. Chunki Tangri taolo saraton oyida tug‘ilganlarga ham, maymun yilida tavallud topganlarga ham ayriga iste’dod va qobiliyat ado etarkan. Fayzulla Xo‘jaev bolalik chog‘ida eski usuldagi maktabga qatnab savod chiqardi va Buxoro madrasalaridan birida ikki yil tahsil olib, Qur’oni karimni yod oldi. Fayzulla Xo‘jaev o‘n yoshidan sal oshganida otasi uni Moskvaga olib boradi. Bu paytda Moskva ko‘chalarida birinchi rus inqilobi harakati ham so‘nmagan edi. Besh yil Moskvada o‘tgan davr (1907-1912) Fayzulla Xo‘jaevning hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Bu yerda u xususiy muallimlar qo‘lida ta’lim oldi. Bungacha madrasa tahsili orqali Sharq madaniyatidan ancha-muncha xabardor bo‘lgan Fayzulla Xo‘jaev endi Yevropa va Rossiya urf odatlari, ularning tartiblari bilan tanishdi. U yoshligidanoq o‘zbek, tojik, rus tillarini bir xilda mukammal bilar edi. Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha Fayzulla Xo‘jaev hatto nemis tilida ham o‘z fikrini ravon bayon eta olgan. Fayzulla Xo‘jaevning atoqli davlat arbobi bo‘lib shakllanishida yoshlikda olgan ta’limi muo‘im o‘rin egallagan. Fayzulla Xo‘jaev 15-16 yoshidayoq Mahmudxo‘ja Bexbudiy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqa jadidchilik harakati namoyondolarining asarlarini qunt bilan o‘rganib, o‘zi ham ular safida bo‘ldi. Ayniqsa, unga domla Fitratning asarlari kuchli ta’sir qildi. Fayzulla Xo‘jaev shuning uchun ham Bexbudiy va Fitratlarni o‘zining dastlabki ustozlari deb bilgan edi.
270 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc Ushbu o‘rinda Fayzulla Xo‘jaevning tarjimai holiga doir muhim bir dalilni keltirib o‘tmoqchimiz. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida 1925 yilda Fayzulla Xo‘jaev shaxsan o‘z qo‘li bilan rus tilida to‘ldirilgan bir qancha anketalardan iborat xujjat saqlanib kelgan. Ushbu nodir xujjat muqovasida “O‘zSSR MIK a’zosi Fayzulla Ubaydullaevich Xo‘jaevning shaxsiy ishi” deb yozilgan. Bundan 95 yil muqaddam to‘ldirilgan “ish” sahifalarini varaqlasak, unda Fayzulla Xo‘jaev hayotiga oid juda qimmatli ma’lumotlar mavjud ekanligini ko‘ramiz. Fayzulla Xo‘jaev yashil siyohda to‘ldirilgan anketalarining birida u 1912 yil 16 yoshdan boshlab Buxorodagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashganligi va inqilobiy Yosh buxoroliklar firqasi a’zosi ekanligi qayd etadi. Mazkur “ish”dagi qizil siyoh bilan to‘ldirilgan boshqa bir anketada u 1913 yildan boshlab Yosh buxorolik inqilobchilar firqasi Markaziy Qo‘mitasining a’zosi bo‘lganligini ham yozadi. (O‘zbekiston MDA, 86-fond, 1-ro‘yhat, 1934 ish, 6-8-varaqlar). Qisqa muddat ichida yosh Fayzulla Xo‘jaev Buxorodagi jadidchilik harakatining asosiy rahbarlaridan biriga aylandi. 1917-1920 yillar Fayzulla Xo‘jaev hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Milodiy1 1917 ilon yili jahon tarixiga ikkita rus inqilobi bo‘lgan yil sifatida qirdi. Milodiy 1920 yil 2 sentyabrda – maymun yilining sunbula oyida esa Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlanib, Buxoro Halq Sovet Respublikasi tuzildi. 1918 yil yozida Fayzulla Xo‘jaev Moskvaga jo‘naydi. Yo‘lda oq gvardiyachilar uni ushlab, hibsga olishdi. Dutovning buyrug‘i bilan u Orenburgda 4 oy qamoqda yotdi. O‘lim jazosiga xukm qilingan Fayzulla Xo‘jaev do‘stlarining yordami bilan katta mablag‘ evaziga qamoqdan qochishga muvafaq bo‘ldi. Ahmad Zaki Validiy Fayzulla Xo‘jaevning qamoqdan qochishini uyushtirishda ishtiroki borligini keyinchalik o‘z xotiralarida yozib qoldirgan. Fayzulla Xo‘jaev 1918 yil oktyabridan 1920 yilning yanvar oyigacha Moskvada bo‘ldi. Yosh buxorliklar firqasi Markaziy Qo‘mitasi Moskva komiteti raisi bo‘lib ishladi. Fayzulla Xo‘jaev Moskvada Sovet hukumatining raisi V.Lenin va uning safdoshlari I.Stalin, V.Kalinin, M.Frunze, Ya.Rudzutak, Sh.Elieva bilan ko‘p muloqotda bo‘ldi. Fayzulla Xo‘jaev 1920 yil yanvarida Toshkentga keladi va yangi tashkil topgan inqilobchi Yosh buxoroliklar firqasining Toshkentdagi Turkiston byurosi raisi bo‘lib ishladi. Buxoro amirigida 1920 yil yozida siyosiy vaziyat juda keskinlashdi. 25 avgustda Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze Buxoroga xujum uyushtirib, 1920 yil 2 sentyabrda Buxoro shahrini egallashdi. Va qizil armiya tomonidan armonsiz talandi. Amirning xazinasi M.Frunze va V.Kuybishevning ko‘rsatmasi ila zudlik bilan Moskvaga jo‘natildi. Tadqiqotchilar arxividagi manbalar asosida Buxorodan hammasi bo‘lib ikki eshelonda (har bir eshelonda 14 tadan vagon bo‘lgan) oltin va qimmatbaho buyumlar olib ketilganligi e’tirof etishmoqda. Bu boyliklarning umumiy qiymati o‘sha paytdagi narx bilan taxminan 77 million tilla so‘mdan iborat bo‘lgan. Bu mablag‘ni hozirgi bahoga chaqadigan bo‘lsak, taxminan 80 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu voqealarga ham qariyib 100 yil oshdi. Bugungi kun nuqtai nazaridan turib, Buxorodagi sentyabr fojealariga nazar tashlansa va mushohada etilsa, bir haqiqat oydinlashdi. Buxorodagi amirlik istibdodi haqiqatdan ham kelgusi taraqqiyot uchun to‘siq bo‘lib turadi. Buni mardona e’tirof qilmoq kerak. Fayzulla Xo‘jaev boshchiligidagi Yosh buxorolik jadidlar esa mamlakatni yevropacha andozadagi rivojlangan davlat darajasiga ko‘tarish, Buxoroda demokratik tuzum va huquqiy jamiyat qurish uchun chin dildan intilgan edilar. 1920 yil 14 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Buxoro Halq Nozirlar Sho‘rosi, inqilobiy Qo‘mita (revkom) va Buxoro Kommunistik partiyasining umumiy yig‘ilishida 9 kishidan iborat Butun Buxoro
271 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc inqilobiy qo‘mitasi ( raisi – Abdulqodir Muhiddinov) va respublika xukumati – 11 kishidan tashkil topgan halq Nozirlar Sho‘rosi (raisi - Fayzulla Xo‘jaev) tuzildi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) davlat tuzumi jihatdan xalq demokratik hokimiyati bo‘lgan. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida o‘rta asrchilik an’analari meros bo‘lib qolgan amirlik Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Bu ishlarni amalga oshirishda Buxoro xukumatining rahbari Fayzulla Xo‘jaev katta rol uynaydi. Xullas, taniqli davlat va jamoat arbobi Fayzulla Xo‘jaevning 1920-1924 yillarni o‘z ichiga olgan Buxoro davri alohida ajralib turadi. Bu paytda u bir vaqtning o‘zida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Sho‘rosining raisi (1920-1924), BXSR tashqi ishlar noziri (1920-1922), harbiy ishlar noziri (1921-1924), ichki ishlar noziri (1922), BHSR mehnat va mudofaa kengashi raisi (19221924) kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan edi. (O‘zbekiston MDA, 86-fond, 1-ro‘yhat,1934ish, 9-varaq). Shuningdek, Fayzulla Xo‘jaev sharqiy Buxoro inqilobiy harbiy kengashi raisi (19221924), SSSR harbiy-dengiz ishlari xalq kommisarligining O‘zbekiston SSR bo‘yicha rasmiy vakili (1925 yildan) ham Oliy harbiy unvon-komandiri (armiya qo‘mondoni: hozirgi armiya generali) unvoni ham berilgan. 1922 yil Fayzulla Xo‘jaev BXSR ning “Qizil yulduz” (1-darajali) ordeni bilan mukofotlangan. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki Fayzulla Xo‘jaev davlat va jamoat arbobi bo‘lish bilan birga mohir diplomat edi. U Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon kabi sharq davlatlaridan tashqari G‘arb mamlakatlari Angliya, Germaniya, shuningdek, Yaponiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga katta kuch-g‘ayrat sarfladi. Buxoro bilan Germaniya o‘rtasida madaniy va iqtisodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, savdo-sotiq avj oldirilgan. Fayzulla Xo‘jaev 1922 yil oktyabr-noyabr oylarida Germaniyada bo‘lib, turli banklar va kompaniyalar bilan shartnomalar tuzgan. Shu vaqtga kelib u nemis tilini juda puxta bilgan. U talabalarni xorijga jo‘natib o‘qitishning tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. Fayzulla Xo‘jaev, Fitrat, Mukammil Burhonovning tashabbusi bilan 100 ga yaqin turkistonlik talaba BXSR hukumati hisobidan Germaniyada, o‘nlab talabalar Turkiya va boshqa davlatlarda o‘qishgan. Tarixdan ma’lumki, 1924 yil oxiri va 1925 yil boshlarida O‘rta Osiyoda milliy-xududiy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tashkil topdi. Fayzulla Xo‘jaev bu murakkab davrda O‘zbekiston SSR inqilobiy ko‘mitasi (Revkom) – Muvaqqat ishchi-dehqon xukumati raisi (1924 yil noyabr-1925 fevral) lavozimida ishladi. U 1925-1937 yillarda O‘zbekiston SSR Xalq Kommissarlari Soveti raisi va SSSR MIK raislaridan biri bo‘ldi. Fayzulla Xo‘jaev o‘z faoliyati davomida o‘zbek halqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi.U VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston kompartiyasi MKga nisbatan muxolifat mavqeida turgan o‘n sakkizlar guruhi (1925 yil noyabr)ning g‘oyaviy bo‘lgan quloqlarni sinf sifatida tugatish siyosatin yoqlamagan, O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakka hokimligiga olib keladi deb hisoblagan. F. Xo‘jaev O‘zbekistonnning ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganishga bag‘ishlab Leningradda o‘kazilgan maxsus ilmiy konfrensiyada (1932 yil 19-28-dekabr) qilgan maruzasida O‘zbekiston manfaatlarini hizmat qilgan. Sport inoshotlari qurilishida tashabuskor bo‘lgan. Fayzulla Xo‘jaevning faoliyati nihoyatda ko‘p qirrali edi. Fayzulla Xo‘jaev davlat arbobi, tarixchi va iqtisodchi olim, publistik-jurnalist sifatida o‘zbek va rus tillarida o‘zidan boy ilmiy meros qoldirgan. 1925-1935 yillarda uning 16 ta kitobi va 200 dan ortiq maqolalari nashr etilgan. Xususan uning “Buxoro inqilobining tarixiy materiallar” (1926), “Buxorodagi revolyusiya va O‘rta Osiyoning milliy chegaranishi tarixiga doir” (1932), “ O‘zbekiston yuksalishda” (1936) kitoblari va ruscha yozilgan “BXSR dagi iqtisodiy ahvol” (1924), “ Yosh buxoroliklar to‘g‘risida” (1926), “Jadidlar“
272 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc (1926), “Bosmachilik” (1930) maqolalarida O‘zbekiston tarixining XX asr birinchi choragidagi jiddiy muommolari yoritilgan edi. Fayzulla Xo‘jaev XX asr sovet davrida nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublikalari siyosiy doiralari orasida yetishib chiqqan eng yetuk zakovatli davlat arbobi edi. 42 yillik umr ko‘rgan bo‘lsa shundan 17 yil davomida Buxoro jumhuriyati va O‘zbekiston SSR hukumatlarini boshqardi. Afsuski F.Xo‘jaev 41 yoshga ham to‘lmagan bir paytda qatag‘on qilindi. Falakning sir-asrorlarini qarangki 24 yoshida Buxorodagi inqilibga yetakchilik qilib, Buxoro Xalq Nozirlar Sho‘rosining raisi bo‘lgan (tarix bu yoshda sulolalar vakillaridan tashqari, hokimiyat tepasiga kelgan boshqa biror bir davlat arbobi topilarmikan). Oradan 4 yil o‘tib O‘zbekiston jumhuriiyati tashkil topib uning birinchi hukumat boshlig‘i lavozimini egallagan (1925-1930 yillar). Bu fidoyi inson o‘zi xizmat qilgan mafkura tomonidan o‘limga hukm qilinib, bu hukm yana komunistik etiqod o‘chog‘i qizil Moskvada amalga oshirilsa! Ehtimol, Fayzulla Xo‘jaevning ulkan baxti ham, mislsiz fojiasi ham shundadir. O‘zbekiston Kompartiyasining VII s’ezdi (1937-yil 10-17 iyun) da Fayzulla Xo‘jaevning “millatchilik” faoliyati fosh etilgach, u VKP (b) va SSSR rahbari I. Stalin bilan uchrashish uchun oilasini oldi va Moskvaga jo‘nab ketdi. Biroq I. Stalin uni qabul qilishdan bosh tortdi. Fayzulla Xo‘jaev 1937-yil “Natsional” mehmonxonasida qamoqqa olindi va Lefortovo qamoqxonasiga tashlandi. Unga hokimiyatga qarshi aksilsovet o‘ng troskiychi blok faoliyatiga qo‘shilganlik hamda “Milliy Ittixod” yashirin tashkiloti faoliyatiga 1921-1924 yillarda rahbarlik qilganlik “bosmachilik” harakati va qo‘rboshilarni qo‘llab quvvatlaganlik Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatganlik kabi ayblovlar qo‘yildi. Uzoq davom etgan qiynoqlardan so‘ng Akmal Ikromov, N.Buxarin, A.Rikov va boshqalar 17 kishi bilan birgalikda Fayzulla Xo‘jaev ham SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasinig qarori bilan otishga hukm qilindi 1938 yil 13 mart. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qishlog‘ida 1938 yil 15 mart kuni ijro etiladi. Yana 4 kishi uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Sovet rejimining qatag‘on siyosati Fayzulla Xo‘jaevning ulkan xonadonini ham chetlab o‘tmadi. Fayzulla Xo‘jaev qamoqqa olingach, uning qaramog‘idagi katta xonadon a’zolari (16 kishi) ham sovet rejimi tomonidan qatag‘on qilindi. Fayzulla Xo‘jaevning onasi Rayhon Saidmurod qizi, rafiqasi Malika Muhammadjon qizi Xo‘jaeva (1903-1957), qizi Viloyat Xo‘jaeva (1921-1987 yy.) qamoqqa tashlandi (1937-yil sentyabr – oktyabr). Uning opasi Robiya Xo‘jaeva (1885taxminan 1962), yangasi Alina Xo‘jaeva va jiyanlari hamda asrandi o‘g‘li va qizi qo‘lga olinib turli joylarga surgun qilindi, ayrimlari qamoqxonaga tashlandi. Ularning ko‘pchiligiga O‘zbekistonni qayta ko‘rish nasib etmadi. Akasi Ibodulla Xo‘jaev tazyiqlarga chiday olmay 1936 yil o‘zini otib o‘ldirgan edi. Totalitar sovet rejimi o‘zining mudhish siyosatini Fayzulla Xo‘jaev va uning xonadon a’zolarini qatag‘on qilish orqali yana bir bor namoyish etdi. Chex adibi Echon Ervin Kish 1934 yilda bunday deb yozadi: “Buxoro kelganimdan keyin meni Fayzulla Xo‘jaev qiziqtirdi. Fayzulla Xo‘jaevning boshiga shunchalik ko‘p oltin va’da qilingan ediki, dunyodagi biron bir bosh shunchalik yuqori narxlanmagan edi”. O‘shanda yozuvchi bu oltin boshniamir sarbozlari kesolmagan, “bosmachilar” qilichi chopolmagan, oq gvardiyachilar o‘qi o‘tmagan. O‘n marta ajaldan omon qolgan afsonaviy boshni “odil sovet qonunlari” osongina tanidan judo qilinishi, uni Moskvaning allaqachon kunjiga janozasiz ko‘mib yuborishlarini payqaganmikan?... Shunday daqiqalarda alam va iztirob ila el ardog‘idagi O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning quyidagi misralari yodimizga tushadi: Sizni qiynagan kim, Sizni sotgan kim, Sizni otganlar kim – bilmaydi, hech kim, Siz ketgan tarafdan kelmaydi hech kim,
273 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?.. Yurakka sanchilib ag‘yor otgan o‘q, Yotarsiz yerga ham ozoringiz yo‘q. Yo‘qlab boray desak mozoringiz yo‘q, O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo. 1965 yil 6 avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Fayzulla Xo‘jaevni aybsiz deb topdi va oqladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bugungi kunda yosh avlodni vatanparvarlik ruxida tarbiyalash va Vatan ozodligi uchun kurashgan shaxslarning xotirasini abadiaylashtirish yo‘lida olib borayotgan siyosatini amalga oshirish yo‘lida Fayzulla Xo‘jaev faoliyatini o‘rganish, siyosiy arbobning xotirasini abadiylashtirish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 1. O‘zbekiston Respublikasining birinchi poytaxti bo‘lgan Samarqandda (1925-1930 yillar) Fayzulla Xo‘jaev 1925-1930 yillarda yashagan hozirgi Zafarnoma ko‘chasi 1 uy (Vereshagin) joylashgan binoni qayta rekonstruksiya qilgan holda Fayzulla Xo‘jaev uy-muzeyini tashkil etish; 2. Fayzulla Xo‘jaev yashagan hozirgi Zafarnoma ko‘chasiga Fayzulla Xo‘jaev nomini berish; 3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi F-5598 son Farmoyishi hamda qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi Davlat xavfsizlik xizmat arxivlaridagi muomilaga kiritilmagan arxiv xujjatlari asosidagi ma’lumotlarni kiritgan holda Fayzulla Xo‘jaevning tanlangan asarlarini qayta to‘ldirilgan holda nashr ettirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Izoh: Ushbu maqolani yozishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi fondlaridan, O‘zbekiston Respublikasi ensiklopediyasi, Fayzulla Xo‘jaevning tanlangan asarlari, shuningdek tarixchi olimlar D.A.Alimova, Qaxramon Rajabov, Sulaymon Inoyatov va boshqalarning tadqiqotlaridan foydalanildi.