HODI ZARIFOV VA FOLKLOR ARXIVI
Abstract
Аннотация: В статье рассматриваются сущность и научное значение фольклорного архива, созданного основоположником узбекской фольклористики Ходи Зарифовым, его современная оцифровка и роль как основного источника для научных исследований. Ключевые слова: фольклорный архив, экспедиция, сбор, фольклорист, объект, жанр.
Full text
“Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 1 HODI ZARIFOV VA FOLKLOR ARXIVI Mirzayeva Madina Ulug‘bekovna, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti kichik ilmiy xodimi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17645609 Annotatsiya: Maqolada o‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarifov tomonidan tashkil etilgan folklor arxivining mohiyati va ilmiy ahamiyati, uning bugungi kunda raqamlashtirilishi hamda ilmiy tadqiqotlar uchun asosiy manba vazifasini o‘tashi haqida so‘z yuritiladi Kalit so‘zlar: Folklor arxivi, ekspeditsiya, to‘plash, folklorshunos, ob’ekt, janr. Аннотация: В статье рассматриваются сущность и научное значение фольклорного архива, созданного основоположником узбекской фольклористики Ходи Зарифовым, его современная оцифровка и роль как основного источника для научных исследований. Ключевые слова: фольклорный архив, экспедиция, сбор, фольклорист, объект, жанр. Abstract: This article examines the nature and scientific significance of the folklore archive created by Khodi Zarifov, the founder of Uzbek folklore studies, its modern digitization, and its role as a primary source for scientific research. Keywords: folklore archive, expedition, collection, folklorist, object, genre. Folklor arxivi – xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviy tafakkuri va ijodiy merosini saqlovchi muhim madaniy-ilmiy ob’ekt hisoblanadi. Unda millatning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari, e’tiqodlari va ijtimoiy munosabatlari mujassamlashgan. Xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini to‘plash, tizimlashtirish, folklorshunoslikning turli yo‘nalishlariga doir keng ko‘lamli fundamental tadqiqotlarni yaratish borasida bugungi kunda yirik ishlarni amalga oshirib kelayotgan Noyob ilmiy ob’ekt bo‘limi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy laboratoriyalaridan biridir. Folklor arxivi – Noyob ilmiy ob’ekt bo‘limi darajasiga yetib kelgunga qadar 100 yillik tarix yo‘lini bosib o‘tdi. Xalq ijodi asarlari jamlangan, nusxalari boshqa biror joyda bo‘lmagan ushbu Folklor arxivida o‘zbek xalq baxshilari va ertakchilari haqida ma’lumotlar, dostonlar, ertaklar, afsona va rivoyatlar, maqol va topishmoqlar, askiya, bolalar folklori haqida boy materiallar to‘plangan. Folklor asarlarini to‘plash va o‘rganish ishlari 1920-yillardan hozirgi kunga qadar davom etmoqda. Yuz yil mobaynida bevosita ijrochilar og‘zidan yozib olinib, Folklor arxivida saqlanayotgan ushbu noyob ilmiy fond o‘zbek xalqi badiiy tafakkuri tarixini tadqiq etishning birlamchi manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda mazkur noyob ilmiy ob’ekt sanalmish arxivda ikki ming besh yuzga yaqin saqlov birligida folklor materiallari, shu jumladan, variantlari bilan birgalikda besh yuzdan ortiq dostonlar, minglab ertak va rivoyatlar, o‘n minglab maqol
“Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 2 va topishmoqlar, folklor ekspeditsiyalarida magnit tasmalariga yozib olingan ikki yuzdan ortiq fonoyozuvli audiokassetalar, folklorshunos olimlarning ekspeditsiya davrida yozib borgan kundaliklari saqlanmoqda [1]. Shuningdek, H.Zarifov, M.Afzalov, M.Alaviya, Z.Husainova, T.Mirzayev kabi folklorshunos olimlarning shaxsiy arxiv materiallari, noyob fotomateriallar, “Folklor bo‘limi” tarixiga doir hujjatlar, noyob kitoblar saqlanadi. Arxivda saqlanayotgan folklor asarlarining noyobligi shundaki, ularning asosiy qismi bevosita ijrochilar og‘zidan jonli ijro jarayonida yozib olingan bo‘lib, har bir asar faqat bir nusxada saqlanadi. Ana shu nodir Folklor arxivida yig‘ilgan materiallar bevosita jonli ijro sharoitlarida folklorshunos olimlar va havaskor folklor to‘plovchilar tomonidan yuz yil davomida yozib olingan izlanishlar natijasidir. O‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Tillayevich Zarifov folklor va etnografiya materiallarini to‘plash va o‘rganish ishlarini birinchilardan bo‘lib amalga oshirgan olimdir. Uning rahbarlik qilgan yoki qatnashgan ekspeditsiyalari natijasida Folklor arxivi yuzaga keldi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodiga oid boy materiallar to‘plandi. Xalq ijodi asarlari jamlangan, nusxalari boshqa biror joyda bo‘lmagan bu Folklor arxivning yuzaga kelishi va yildan-yilga boyib borishida atoqli olimlarimiz M.Afzalov, M.Alaviya, G‘.Jahongirov, H.Razzoqov, M.Saidov, M.Qodirov, Z.Husainova, K.Imomov, A.Qahhorov, Yo.Jo‘rayev, T.Ochilov, O.Sobirov, J.Qobulniyozov, S.Ibrohimov, M.Murodov, T.Mirzayev, A.Musaqulov, S.Ro‘zimboyev, M.Jo‘rayev, Sh.Turdimov, J.Eshonqulov, U.Jumanazarov, A.Ergashev, K.Ochilovlarning xizmatlari katta. Birgina 1925–1929-yillarda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkandan “Alpomish”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Shirin bilan Shakar”, “Murodxon”, “Ra’no bilan Suxangul”, “Kuntug‘mish”, “Yakka Axmad”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Yunus pari”, “Misqol pari”, “Gulnor pari”, “Avazxon”, “Hasanxon”, “Dalli”, “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Bo‘tako‘z”, “Malika ayyor”, “Intizor”, “Zulfizar”, “Xushkeldi”, “Xoldorxon” kabi qirqdan ortiq dostonlar yozib olindi. Bu dostonlardan 22 tasi “Go‘ro‘g‘li” sikliga kiradi. Olti mingga yaqin maqol va matallar, uch mingga yaqin topishmoq, ellikdan ortiq ertak to‘plandi[2]. Hodi Zarifov 1928-yilda Folklor, etnografiya va arxeologiya bo‘yicha ilmiytekshirish kabinetini tashkil etadi. Bu kabinet hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Folklor arxivining dastlabki tashkiliy asosidir. Hodi Zarifovning sa’y-harakatlari bilan 1934-yili O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor arxivi yangidan tashkil etildi. Folklor arxivini Samarqanddan Toshkentga ko‘chirishda turli joylarda qolgan materiallar bir joyga jamlandi[3]. Hozirgi kunda Folklor arxivining faoliyati folklorshunoslik ilmining mohiyatini
“Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 3 tashkil etgan holda to‘rt asosiy yo‘nalish – folklor asarlarini to‘plash; arxivlashtirish; ilmiy tavsiflash; xalq og‘zaki badiiy ijodi namunalarini raqamlashtirish ishlarini olib boradi. Zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda folklor asarlarini yozib olish, to‘plash va arxivda saqlash metodini rivojlantirish va takomillashtirish; folklor ekspeditsiyasi davrida folklorni kompleks (folklor asarini jonli ijro holatida qo‘lda yozib olish jarayonida audio va videoyozuvdan ham foydalanilgan holda) yozib olish; postfolklorni yozib olish; folklor materiallarini sistemalashtirish bo‘yicha kompyuter dasturlari yaratish va folklor arxivining tezaruslarini ishlab chiqish; folklor arxivlarini ilmiy tavsiflash; arxiv materiallari, matnlar, audio va videoyozuvlarni raqamlashtirish; o‘zbek folklorining kompyuterlashtirilgan elektron fondini yaratish arxivning muhim vazifalaridan biridir. Ekspeditsiya materiallarini rasmiylashtirish va saqlash folklor kabineti va arxivlarida muhim ishlardan biri hisoblanadi, chunki materiallarning to‘g‘ri saqlanishi ularning uzoq muddat xizmat qilishi va kelajakdagi tadqiqotlar uchun ahamiyatli bo‘lishiga kafolat beradi. Hodi Zarifov boshlab bergan folklor ekspeditsiyasi o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotining jonli ijrochilik an’analari va o‘zbek shevalarining qadimiy leksik qatlami yaxshi saqlanib qolgan hududlar bo‘ylab davom etmoqda. O‘zbekistonning qadimiy folklori va nomoddiy madaniy meros yodgorliklari saqlanib qolgan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Farg‘ona vodiysi bo‘ylab kompleks folklor ekspeditsiyalari uyushtirish asosida xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarini yozib olish arxivda mavjud qo‘lyozmalar bilan qiyosiy o‘rganish ishlari bajarilmoqda. Arxiv manbalarini o‘rganish barobarida xalq ijodiyotining barcha tur va janrlariga oid yangi materiallarni to‘plash va arxivlashtirish, epik janrlarning syujet va motivlar ko‘rsatkichlarini tayyorlash, folklor asarlari kataloglari, jumladan, dostonlar, termalar, ertaklar, qo‘shiqlar, topishmoqlar, maqollar va boshqa archa janrlar kataloglarini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarining ko‘p jildli, ommabop, ilmiy-akademik va o‘quv nashrlarini tayyorlashda, matnga asarning audio va videoyozuvlarini ilova qilishning kompyuter dasturlarini yaratish hamda o‘zbek folklorshunosligining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etish uchun, o‘zbek folklorshunoslarining hayoti va ijodiga oid hamda folklorshunoslikka oid manbalar va ilmiy adabiyotlarning bibliografik ko‘rsatkichlarini tuzishda arxiv materiallari asosiy rol o‘ynaydi. Xalq og‘zaki badiiy ijodining eng mukammal materiallarini o‘zida jamlagan “O‘zbek folklori arxivi” davlat dasturilarini bajarishda asosiy ilmiy baza vazifasini o‘taydi. Shu nuqtai nazardan, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi Folklor arxivi O‘zbekiston Respublikasidagi xalq og‘zaki badiiy ijodi namunalari to‘plab, sistemalashtirish va saqlashga ixtisoslashgan yagona ilmiy markaz
“Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 4 ekanligi bilan qimmatlidir. Folklor arxivining noyob ob’ekt sifatidagi ilmiy ahamiyati quyidagilar bilan belgilanadi: 1. O‘zbek folklorshunos olimlarining ko‘p yillik ilmiy ekspeditsiyalari davomida to‘planib, mazkur Folklor arxivida jamlangan noyob folklor materiallari o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodiyotining tarixiy taraqqiyoti, janrlar tizimi va badiiyati, epik syujetlar va uning tarkibidagi an’anaviy motivlarning genetik asoslari, dostonchilik, qo‘shiqchilik, ertakchilik an’analari, bugungi tarixiy-folkloriy jarayonni har tomonlama tadqiq etish uchun asos bo‘ladigan mamlakatimizdagi asosiy va yagona ilmiy fond hisoblanadi. 2. Folklor arxivi materiallarini tahlil qilish natijasida o‘zbek folklorining o‘ziga xos tabiati, xalq badiiy tafakkurining voqelikni poetik aks ettirish imkoniyatlari o‘rganiladi. 3. Folklor arxivida saqlanayotgan nodir materiallarni o‘rganish orqali folklor asarlarining yaratilish tarixi, folklor ijodkorligi hamda ijrochiligi an’analarining xalqimiz ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi tadqiq etiladi. 4. Folklor arxividagi yodgorliklar xalq og‘zaki badiiy ijodiyoti bo‘yicha turli xarakterdagi ko‘rsatkichlar, folklor asarlari kataloglari, xalq og‘zaki badiiy ijodiyotiga xos lug‘aviy birliklarni o‘z ichiga olgan “Folklor qomusi”, “Folklor so‘zligi” va “Folklor lug‘ati”, “Mifologik qomus” va boshqa ilmiy manbalarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. 5. O‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi namunalarini o‘zida jamlagan bu ilmiy fond materiallari asosida folklor asarlarining ommaviy va ilmiy-akademik nashrlari, xususan, “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari”ning yuz jildligi, shuningdek, o‘rta maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlarining talabalari uchun mo‘ljallangan xalq og‘zaki badiiy ijodi bo‘yicha darslik, o‘quv qo‘llanmalari va majmualar tayyorlanadi. 6. Arxivda saqlanayotgan folklorshunoslarning shaxsiy arxiv materiallari o‘zbek folklorshunosligi tarixi va taraqqiyotini o‘rganishda tayanch manbalarni beradi. 7. Folklor arxivi o‘zbek folklori asarlarini muntazam to‘plash va folklor jarayonini o‘rganishga bag‘ishlangan barcha ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirib boradi va amaliy folklorshunoslikning ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi. 8. Folklor arxivi o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarini Markaziy Osiyo xalqlari folklori namunalari bilan qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq etish orqali Sharq xalqlari badiiy tafakkurining taraqqiyot qonuniyatlarini aniqlashga asos bo‘ladigan birlamchi manba hisoblanadi. Folklor arxivi – xalq ijodining moddiy va ma’naviy merosini saqlovchi, uni kelajak avlodga yetkazuvchi va ilmiy tadqiqotlar uchun asosiy manba hisoblanadigan markazdir. Arxivsiz xalq xotirasini to‘liq anglash, madaniy merosni tizimli o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib etish imkonsizdir. Shu bois folklor arxivlarini qo‘llabquvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va raqamlashtirish
“Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 5 jarayonlarini jadallashtirish milliy madaniyat rivoji uchun strategik ahamiyatga ega. Hodi Zarifov nafaqat oʻz davrida, balki keyingi avlod folklorshunoslari uchun ilmiy ahamiyatga ega folklor xazinasi jam bo‘lgan ilmiy ob’ektni yaratdi va uning rivojlanishiga yoʻl ochdi. U asosan o‘zbek folklorshunosligida uzoq yillar mobaynida yig‘ilgan hamda arxivlashtirilgan materiallarni asrab qoldi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Mirzayeva B. O‘zbek folklorshunosligi shakllanishi va taraqqiyotida Hodi Zarifovning o‘rni / Monografiya. – Toshkent: “Firdavs Shoh” nashriyoti, 2023. – 152 b. 2. Зариф Ҳ. Ўзбек совет фольклористикаси тарихидан / Ўзбек совет фольклори масалалари. Тадқиқотлар. 1-китоб. – Тошкент, 1970. – Б.218-281. 3. Мирзаев Т. Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: SHAMS-ASA, 2013. – 380 б.