SULTON MALIKSHOH – BUYUK SALJUQIYLAR SULTONI
Full text
326 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc SULTON MALIKSHOH – BUYUK SALJUQIYLAR SULTONI Mirzaeva Muxlisa Nuritdinovna O‘zXIA tadqiqiotchisi. +88 781 50 16 https://doi.org/10.5281/zenodo.17645652 Annotatsiya: Ushbu maqolada Saljuqiylar davlatining eng qudratli hukmdorlaridan biri - Sulton Malikshoh (1072-1092) davrida imperiyaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy yuksalish jarayonlari tahlil qilinadi. Maqolada Malikshohning siyosiy islohotlari, Nizomulmulk bilan hamkorligi, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishdagi o‘rni ilmiy manbalar asosida yoritilgan. Tadqiqot natijalari Malikshoh davrini Islom sivilizatsiyasining “oltin davri” sifatida baholash imkonini beradi. Annotation: This article examines the reign of Sultan Malikshah (1072-1092), one of the most powerful rulers of the Great Seljuk Empire. It analyzes his political reforms, collaboration with Vizier Nizam al-Mulk, and contributions to the development of science and culture. The study concludes that Malikshah’s era represents the “Golden Age” of Islamic civilization. Аннотация: В статье рассматривается период правления султана Малик-шаха (10721092), одного из самых могущественных правителей Сельджукской империи. Анализируются политические реформы, сотрудничество с визирем Низам аль-Мульком, а также достижения в области науки и культуры. Исследование показывает, что эпоха Малик-шаха может рассматриваться как «золотой век» исламской цивилизации. Kalit so‘zlar: Malikshoh, Saljuqiylar, Nizomulmulk, siyosiy islohot, madaniyat, ilm-fan, imperiya, tarix, islom sivilizatsiyasi, boshqaruv. Kye words: Malikshah, Seljuks, Nizam al-Mulk, political reform, culture, science, empire, history, Islamic civilization, governance. Ключевые слова: Малик-шах, Сельджуки, Низам аль-Мульк, политические реформы, культура, наука, империя, история, исламская цивилизация, управление. XI asrning ikkinchi yarmi Islom dunyosida siyosiy barqarorlik, ilm-fan va madaniyat yuksalgan davr sifatida tarixda alohida o‘rin egallaydi. Bu davrda Buyuk Saljuqiylar (1037-1194) imperiyasi keng hududlarni o‘z tasarrufiga olgan bo‘lib, uning eng qudratli hukmdori Sulton Malikshoh ibn Alp Arslon (1055-1092) edi. Malikshoh (1072-1092) davrida davlat boshqaruvi, ilmiy va diniy siyosat, shuningdek, iqtisodiy tizimda muhim islohotlar amalga oshirilgan. Ushbu maqola tarixiy manbalar va zamonaviy tadqiqotchilar ishlariga tayanib yozildi. Tarixiy-tahliliy va qiyosiy yondashuvlar orqali Malikshoh davrining siyosiy, ilmiy va madaniy muhitidagi o‘zgarishlar o‘rganildi. Sulton Malikshoh davri Buyuk Saljuqiylar imperiyasining eng shon-shuhratli davri bo‘ldi. Bu davr 1072-yildan 1092-yilgacha bo‘lgan 20 yillik vaqtni o‘z ichiga oladi. Hududlarning kengayishi, xalq farovonligining oshishi, boshqaruv va siyosat kabi sohalarda Saljuqiylar barcha jihatdan katta yutuqlarga erishib, davlat tartibini mustahkam asosda barpo etdilar. Har qanday davlat ichki siyosatda muvaffaqiyatga erishmasdan turib tashqi siyosatga yo‘nalolmaydi. Shu sababli, avvalo ichki muammolarni hal etish maqsad qilingan va davlat tartibini barpo etishga intilish kuchaytirilgan. Sulton Malikshoh davlat tartibini ta’minlash uchun avvalo Saljuqiy taxtini egallashni istaganlar bilan kurash olib bordi. Otasi Alp Arslon (1063-1072) ning vasiyatiga binoan u Saljuqiylar taxtiga o‘tirdi, biroq amakisi Kirmon hukmdori Kavurdbek (1043-1073) bu holatni qabul qilmay, isyon ko‘tardi. Sulton Malikshoh taxtga chiqqan paytda endigina 18 yoshda edi, shu sababli bu isyonni vaziri Nizomulmulk (1018-1092) ning yordami bilan bartaraf etishga harakat qildi va bunga muvaffaq bo‘ldi. Biroq isyonlar faqat amakisi bilan tugamadi. Keyingi yillarda ukasi Tekish ham Saljuqiylar taxtini egallash uchun isyon ko‘tardi. Birinchi isyonni bostirgan Sulton Malikshoh mehribonlik
327 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc ko‘rsatib ukasini kechirdi, ammo u yana isyon qilganidan so‘ng, jazolash sifatida uning ko‘zlariga mil torttirdi [1, 81-b.]. Sulton Malikshoh taxt uchun kurashlarni yakunlagan bo‘lsa-da, undan ham xavfliroq bo‘lgan va hatto u vafot etganidan so‘ng ham islom olamida katta tartibsizliklarga sabab bo‘lgan botiniylar harakati bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Botiniylar o‘zlari egallab olgan Alamut qal’asida olib borgan faoliyatlari orqali Saljuqiylar hududida to‘liq ma’noda dahshat va qo‘rquv muhitini yaratgan hamda xalqning fikriy jihatdan ongini chalg‘itishga urinib kelganlar. Hasan Sabbah (1037-1124) astasekin kuchayib, yuborgan doiylari orqali o‘ziga sodiq tarafdorlarni tarbiyalay boshlagan. Bu xavfli vaziyatni bartaraf etish uchun Saljuqiylar ham ilmiy, ham harbiy sohalarda faoliyat olib borib, bu tahdidni yo‘qotish yo‘lida qadamlar tashlaganlar [2, 84-b.]. Botiniylar xavfini butunlay bartaraf etishni istagan Sulton Malikshoh Alamut qal’asiga o‘zining eng muhim lashkarboshilarini yuborgan, biroq turli noxushliklar tufayli harbiy yurishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Natijada Botiniylar Saljuqiylar hududida keng tarqalish imkoniga ega bo‘lib, xalq orasida qo‘rquv va vahima uyg‘otganlar. Harbiy yo‘l bilan natijaga erishilmagach, Nizomulmulk tashabbusi bilan tashkil etilgan va uning nomi bilan atalgan “Nizomiya” madrasalari orqali ilmiy sohada muayyan darajada muvaffaqiyat qo‘lga kiritilgan. Dastlab Nishopurda tashkil etilgan bu madrasalar keyinchalik mamlakatning turli shaharlariga tarqalgan. Ularning eng mashhuri “Bag‘doddagi Nizomiya” madrasasi edi. Boshqa madrasalar ham aynan shu muassasani namuna sifatida olib qurilganlari uchun “Nizomiya” deb atalgan. Nizomiya madrasalarida yetishgan olim va talabalar tufayli Botiniylarning g‘oyalari bilan ilmiy asosda kurash olib borilgan hamda bu buzg‘unchi qarashlarning islom dunyosida tarqalishiga to‘sqinlik qilingan. Shuningdek, Saljuqiylar hududida Fotimiylar davlati yuborgan doiylar orqali yoyilmoqchi bo‘lgan shia mazhablariga qarshi choralar ko‘rilgan va sunniy mazhablarni mustahkamlashga harakat qilingan [3, 45-b.]. Tashkil etilgan Nizomiya madrasalari o‘z davriga nisbatan juda rivojlangan imkoniyatlarni taqdim etgan ta’lim maskani bo‘lgan. Ta’limdagi teng imkoniyatlar tufayli jamiyatning turli qatlamlariga mansub insonlar bu madrasalarda tahsil olish imkoniga ega bo‘lganlar. Bu madrasalar orqali nafaqat botiniylar xavfini bartaraf etish, balki davlatning muhim lavozimlariga malakali kadrlar tayyorlash ham maqsad qilingan edi. Bu madrasalarda mazhab ajratilishi yo‘q edi - har qanday mazhabga mansub kishilarga ta’lim berilgan. Ba’zan mazhablar o‘rtasida xavfli darajaga yetgan tortishuvlar bo‘lib turgan bo‘lsa-da, davlat aralashuvi bilan bu mojarolar bostirilgan va tinch yo‘l bilan hal etilgan [4, 232-b..]. Davlat kuchaygan sari undan manfaat olishni istaganlar hamda Nizomulmulkka qarshi bo‘lganlar keyingi yillarda davlat lavozimlarida o‘rin egallashni xohlaganlar va shu maqsadda Sulton Malikshohga doimo vazir haqida shikoyatlar qilib turganlar. Dastlab Sulton Malikshoh Nizomulmulk haqidagi gap-so‘zlarga e’tibor bermagan bo‘lsa-da, keyinchalik xotini Tarkan (Turkon) xotun hamda Nizomulmulkning davlat idoralaridagi qarindoshlarining xatti-harakatlari sababli ularning o‘zaro munosabatlari asta-sekin yomonlasha boshlagan.Yuz bergan voqealar natijasida taranglik eng yuqori cho‘qqiga chiqib, o‘zaro keskin to‘qnashuvlar yuzaga kelgan. Bu keskinlik natijasida Nizomulmulk siyosiy vaziyat qurboni bo‘lib, suiqasdga uchrab halok bo‘lgan. Manbalarda Nizomulmulkni o‘ldirgan shaxsning aynan Abu Tohir Arroniy ekani aniq qayd etilgan bo‘lsa-da, bu buyruqni aynan kim bergani masalasida yakdil xulosa yo‘q. Ba’zi tarixchilar bu voqeadan Sulton Malikshohning xabari bo‘lganini aytgan bo‘lsa, boshqalari esa Tarkan xotun va Tajulmulk bu ishda ishtirok etgan deb hisoblaganlar. Nizomulmulkning Buyuk Saljuqiylar imperiyasidagi vazirlik faoliyati Sulton Malikshoh taxtga chiqishidan avval, Alp Arslon davrida boshlangan bo‘lib, qariyb 30 yil davom etgan [5, 91-b.].
328 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc Nizomulmulkning o‘ldirilishi bilan siyosiy vaziyat Abbosiy xalifaligi uchun ham salbiy tomonga o‘zgarib ketdi. Nizomulmulk hayotligida Saljuqiylar va Abbosiylar o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlab turgan bo‘lsa, uning vafotidan keyin bu muvozanat Abbosiylar zarariga buzildi. Saljuqiylar davlat tuzilishidan boshlab Abbosiylar bilan nasab (nikoh) yo‘li orqali siyosiy aloqalarni mustahkamlashga intilganlar. Ammo Sulton Malikshohning qizi Mohmalak xotunning xalifa Muqtadi bi-Amrilloh bilan turmushidan tug‘ilgan nevarasi Ja’far tufayli ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, yechimsiz holatga kelgan. Saljuqiylar xalifalikni turklarga o‘tishini maqsad qilganlar va Ja’farning tug‘ilishi bu g‘oyani amalda amalga oshirish imkonini bergan. Shu sababli Abbosiylarga bosim o‘tkazilib, Ja’farning voris (valiahd) sifatida e’lon qilinishi talab qilingan. Ammo xalifa Muqtadi bu talabga qarshi chiqib, o‘zining boshqa o‘g‘lini valiahd deb e’lon qilgan. Sulton Malikshoh bir necha bor ogohlantirishlar berganiga qaramay, xalifa o‘z fikridan qaytmagan va xalifalik turklarga o‘tmasligi uchun qat’iy turib olgan. Buning natijasida Sulton Malikshoh g‘azablanib, Bag‘dodga kelgan va xalifa Muqtadidan darhol shaharni tark etishini talab qilgan. U xalifaga o‘n kunlik muhlat bergan va natijani kutgan, biroq kutilmaganda Sulton Malikshohning to‘satdan vafot etishi tufayli Abbosiy xalifaligi bu bosimdan qutulib qolgan. Sulton Malikshohning vafoti haqida turli xil rivoyatlar mavjud. Ba’zi manbalarda uning o‘limi suiqasd natijasida, ayrimlarida esa zaharlanish yoki oddiy kasallik sababli yuz bergani aytiladi. Ayblovlar esa turli yo‘nalishlarda ilgari surilgan - ba’zilar bu voqeada xotini Tarkan xotunni, boshqalar botiniylarni yoki Nizomulmulk tarafdorlaridan qasos olmoqchi bo‘lgan shaxslarni ayblaganlar. Biroq o‘sha davr manbalarining hech birida xalifa Muqtadi haqida na ayblov, na ishora keltirilgan. Bu holat tarixchilar e’tiborini tortgan. Chunki Sulton Malikshoh Bag‘dodga kelib, xalifani lavozimidan chetlatib, o‘rniga o‘zining nevarasi Ja’farni tayinlamoqchi bo‘lgan edi. Ammo uning kutilmagan vafoti tufayli bu niyat amalga oshmay qolgan [6, 99-b.]. Nizomulmulkning vafotidan biroz oldin Sulton Malikshoh bilan ular o‘rtasida maktublar almashilgan va vaziyat tobora jiddiy tus ola boshlagan edi. Sulton Malikshoh Nizomulmulkka keskin ohangda: “Oldingdagi vazirlik ramzi bo‘lgan dovotingni olib tashlashni va boshingdagi salla yechib olinishi uchun farmon berishimni xohlaysanmi?” - deb yozgan. Bunga javoban Nizomulmulk ham shunchalik qat’iy ohangda javob qaytargan: “Mening nomimdan unga aytingki, boshingdagi tojning mavjudligi shu dovotga bog‘liqdir. Bu ikkisining birlikda bo‘lishi davlat ishlarining barqarorligidir. Agar men bu dovotning qopqog‘ini yopsam, uning toji ham yo‘qoladi.” Bu voqealardan ko‘rinadiki, Nizomulmulk vafotidan atigi bir oy o‘tib Sulton Malikshoh ham hayotdan ko‘z yumgan. Haqiqatan ham Nizomulmulkning so‘zlari rost bo‘lib chiqdi - dovot bilan birga toj ham yo‘qoldi [7, 81-b.]. Sulton Malikshoh 38 yoshida vafot etganidan so‘ng, uzoq yillar davomida barpo etilgan davlat tartibi buzila boshladi. Taxt uchun kurashlar va ichki nizolar kuchayib, mamlakat asta-sekin parokandalikka yuz tutdi. Buyuk Saljuqiylar imperiyasi bu 20 yillik davr mobaynida Sulton Malikshoh tomonidan adolat bilan boshqarilgan edi. U o‘z boshqaruvi davomida nafaqat mazhab, balki din jihatidan ham hech kimni kamsitmay, butun xalqning farovonligi va baxt-saodati uchun mehnat qilgan. Sulton Malikshoh vafotidan so‘ng uni nafaqat musulmonlar, balki boshqa din vakillari ham ezgulik va adolat timsoli sifatida eslab, hurmat bilan tilga olganlar. Madaniyat va ilmiy meros. Sulton Malikshoh davrida astronomiya, geodeziya, tarixshunoslik va adabiyot sohalari yuksaldi. Mashhur olim Umar Xayyom (1048-1131) “Jaloliy taqvimi”ni yaratdi, bu esa Yevropa taqvimlariga ta’sir ko‘rsatgan. Malikshoh shuningdek, yo‘l infratuzilmasini va ijtimoiy inshootlarni rivojlantirishga e’tibor qaratdi. Xulosa. Sulton Malikshohning qisqa, ammo sermazmun hukmronlik davri Buyuk Saljuqiylar tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir. Uning siyosiy donoligi, Nizomulmulk bilan birgalikdagi
329 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc islohotlari, ilm-fan va madaniyatni qo‘llab-quvvatlashi islom dunyosida barqaror taraqqiyot davrini yuzaga keltirdi. Shu bois Malikshoh davri nafaqat siyosiy qudrat, balki madaniy-ma’naviy uyg‘onish davri sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. References: 1. Ibn al-Asir. Al-Kamil fi-t-Tarikh. Bayrut, 1987. 2. Çağatay N.-.Çubukçu İ.A., İslam mezhebleri Tarihi. - Ankara. 1985. 3. Lewis B., Haşişiler, (Trc. Ali Aktan), - Istanbul. 1995. 4. Corci Zeydan, Tarihut-temeddüni'l-islam., C. II, - Beyrut. 5. Гекертон Ч.У., Тайные общества. – Санкт-Петербург. Центрполиграф. 2022. - С. 91. 6. Bosworth, C.E. The Political and Dynastic History of the Iranian World. Cambridge, 1999. 7. Nizomulmulk. Siyosatnoma. Tehron: Donyo-ye ketob, 1964.