scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SA'DIY SHEROZIY "GULISTON" ASARINING OʻZBEK TILIDAGI TARJIMALARI TARIXI VA ULARNING MA'NAVIY-AHAMIYATI

Turdiyev Jahongir

Abstract

Fors-tojik adabiyotining yirik namoyandasi Sa'diy Sheroziy ijodining durdonasi “Guliston” asarining oʻzbek tiliga tarjimalari, ularning tarixiy bosqichlari va badiiy hamda ilmiy ahamiyati tahlil qilinadi. Tarjimalar oʻzbek adabiyoti va ma'naviyat tarixida tutgan oʻrni bilan ahamiyatlidir.

Full text

25 SAʼDIY SHEROZIY “GULISTON” ASARINING OʻZBEK TILIDAGI TARJIMALARI TARIXI VA ULARNING MAʼNAVIY-AHAMIYATI Turdiyev Jahongir, Oriental universiteti Tillar-1 kafedrasi dotsenti, PhD Annotatsiya: Fors-tojik adabiyotining yirik namoyandasi Saʼdiy Sheroziy ijodining durdonasi “Guliston” asarining oʻzbek tiliga tarjimalari, ularning tarixiy bosqichlari va badiiy hamda ilmiy ahamiyati tahlil qilinadi. Tarjimalar oʻzbek adabiyoti va maʼnaviyat tarixida tutgan oʻrni bilan ahamiyatlidir. Kalit soʻzlar: Saʼdiy Sheroziy, “Guliston”, tarjima, mulla Murodxoʻja, maʼnaviyat, taʼlim-tarbiya. Abstract. The article analyzes the Uzbek translations of “Gulistan,” the masterpiece of the great representative of Persian-Tajik literature Saadi Shirazi, focusing on their historical stages, artistic features, and scholarly significance. These translations hold great importance for their role in the history of Uzbek literature and spiritual culture. Keywords: Saadi Shirazi, “Gulistan,” translation, Mulla Murodkhoja, spirituality, education and upbringing. Kirish. Saʼdiy Sheroziy oʻzining teran falsafiy mushohadalari, insonparvarlik gʻoyalari, axloqiy pand-nasihatlarga boy asarlari bilan jahon adabiyotining yirik siymosiga aylangan. Uning “Guliston” asari — nafaqat forstojik adabiyoti, balki butun musulmon Sharqi madaniyatining bebaho durdonasidir. Saʼdiy oʻz asarini yaratgan davr — XIII asrning oʻrtalari, yaʼni insoniyat tarixida siyosiy beqarorlik, ijtimoiy adolatsizlik kuchaygan bir zamon edi. Ana shunday sharoitda u “Guliston” orqali jamiyatni ezgulikka, halollikka, adolat va insofga chorlagan. Shu bois asar oʻz zamonidan oʻtib, har bir davr uchun dolzarb maʼnaviy dasturga aylandi. “Guliston”ning oʻzbek tiliga tarjima qilinishi esa alohida ilmiy va madaniy hodisa hisoblanadi. Chunki bu tarjimalar orqali nafaqat fors-tojik adabiy merosi oʻzbek xalqiga yaqinlashtirildi, balki oʻzbek adabiy tili, uslubiy tafakkuri va tarjima madaniyati ham boyidi. Tarjimalar asarda mujassam maʼnaviy-axloqiy gʻoyalarni xalq ongiga singdirish, yosh avlodni insonparvarlik va odob-axloq ruhida tarbiyalashda muhim vosita boʻlib xizmat qildi. “Guliston” asarining oʻzbek tilidagi tarjimalari, ularning yaratilish tarixi, badiiy va ilmiy xususiyatlari, tarjimonlarning maqsad va uslublari tahlil qilinganda, Sayfi Saroyi, Mulla Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli, Gʻafur Gʻulom kabi tarjimonlarning hissasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Asosiy qism. Saʼdiy Sheroziy (Mushrifiddin ibn Muslihiddin ibn Abdulloh) - XIII asr fors-tojik adabiyotining yirik vakili boʻlib, “Guliston” va “Boʻston” 26 asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasiga beqiyos hissa qoʻshgan. Uning “Guliston” asari 1258-yilda yozilgan boʻlib, sakkiz bobdan iborat pandnoma sifatida maʼnaviy-axloqiy kamolotga xizmat qiladi. Asardagi hikmat va qissalar insonni ezgulik, mehnatsevarlik, halollik va ilmga intilish ruhida tarbiyalaydi. “Guliston” oʻz davridayoq xalq orasida mashhur boʻlgan, oʻnlab lugʻat va sharhlar yozilgan, madrasalarda asosiy axloq darsligi sifatida oʻqitilgan. Asar XVII asrdan boshlab Yevropa tillariga tarjima qilina boshlangan boʻlib, fransuzcha (1634), nemischa (1635), keyinchalik ruscha va boshqa koʻplab tillarda nashr qilingan. Oʻzbek tiliga tarjimalar tarixi esa XIV asr oxiriga borib taqaladi. 1391– 1392-yillarda Sayfi Saroyi tomonidan “Guliston bit-turkiy” nomi bilan ijodiy tarjima amalga oshirilgan. Keyinchalik XIX asrda Ogahiy, XX asrda esa Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli, Gʻafur Gʻulom, Shoislom Shomuhamedov, Rustam Komilovlar tomonidan tarjimalar yaratilgan. Mulla Murodxoʻjaning 1909-yilda Toshkentda nashr etilgan “Shavqi Gulistoni musavvar” asari ilmiy-tanqidiy asosda tayyorlangan boʻlib, “Guliston”ning eng toʻliq oʻzbekcha talqinidir. Unda asliyat va tarjima yonmayon berilgan, forsiy va arabiy iboralarga izohlar yozilgan, shuningdek asar rasmlar bilan bezatilgan. Tarjimonning maqsadi asarni maktab va madrasa oʻquvchilari uchun soddalashtirib, tushunarli qilish boʻlgan. Shu sababli ushbu tarjima badiiy emas, balki filologik (ilmiy) xarakterga ega. “Guliston”dagi hikoyatlar bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Unda inson mehnatsevarligi, rostgoʻylik, ilmga hurmat, yosh avlod tarbiyasi kabi umuminsoniy qadriyatlar kuylanadi. Saʼdiy “Kimga yoshlikda berilmas odob, ulgʻaygach, boʻladi baxtsiz” deya tarbiyaning erta yoshdan boshlanishi zarurligini uqtiradi. Xulosa. Saʼdiy Sheroziy “Guliston” asari orqali butun insoniyatni ezgulik, insonparvarlik va maʼnaviy poklikka daʼvat etgan. Uning oʻzbek tilidagi tarjimalari, xususan Mulla Murodxoʻja tomonidan yaratilgan “Shavqi Guliston” nafaqat adabiy, balki maʼrifiy meros sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda ham bu asar yoshlarni axloqiy yetuklikka, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda. Adabiyotlar roʻyxati 1. Saʼdiy Sheroziy. Guliston. Tehron, 1258. 2. Sayfi Saroyi. Guliston bit-turkiy. XIV asr qoʻlyozmalari. 3. Mulla Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli. Shavqi Gulistoni musavvar. Toshkent, 1909. 4. Jumaniyoz Sharipov. Oʻzbekistonda tarjima tarixidan. Toshkent: Fan, 1965.