scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BUXORO XONLIGIDA HUKMDORLARNI TAXTGA KOʻTARISH QOIDALARI VA AN'ANALARI

Nurmuxammadov Sharofitdin Shermaxammat oʻgʻli

Abstract

Mazkur maqola Buxoro xonligida hukmdorlarni taxtga koʻtarish boʻyicha tarixiy qoidalar va an'analarni tahlil qiladi. Unda Chingiziylarning oq kigizda xon koʻtarish an'anasi, Amir Temur tomonidan joriy etilgan Koʻktosh an'anasi ham koʻrib chiqilgan. Shuningdek, turkiy xalqlar va moʻgʻullarda qadimdan mavjud boʻlgan Oq kigizga koʻtarish marosimi, odatlari, qoidalari yoritilgan.

Full text

227 BUXORO XONLIGIDA HUKMDORLARNI TAXTGA KOʻTARISH QOIDALARI VA ANʼANALARI Nurmuxammadov Sharofitdin Shermaxammat oʻgʻli, Sarbon universiteti “Filologiya va ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi Annotatsiya. Mazkur maqola Buxoro xonligida hukmdorlarni taxtga koʻtarish boʻyicha tarixiy qoidalar va anʼanalarni tahlil qiladi. Unda Chingiziylarning oq kigizda xon koʻtarish anʼanasi, Amir Temur tomonidan joriy etilgan Koʻktosh anʼanasi ham koʻrib chiqilgan. Shuningdek, turkiy xalqlar va moʻgʻullarda qadimdan mavjud boʻlgan Oq kigizga koʻtarish marosimi, odatlari, qoidalari yoritilgan. Kalit soʻzlar: sulola, Chingiziy, oq kigiz, anʼana, udum, taxt, xon, hukmdor, valiahd, Amir Temur, Koʻk tosh, xon koʻtarish, marosim, jarga, qurultoy. Abstract. This article analyzes the historical rules and traditions of enthroning rulers in the Bukhara Khanate. It examines the Chingizid tradition of raising a khan on a white felt rug, as well as the Blue Stone tradition introduced by Amir Temur. It also sheds light on the ancient customs, rules, and ceremonies of being raised on a white felt rug, which were prevalent among Turkic peoples and Mongols. Keywords: dynasty, Chingizid, white felt rug, tradition, custom, throne, khan, ruler, heir apparent, Amir Temur, Blue Stone (Koʻk Tosh), enthronement of a khan, ceremony, jarga, kurultai. Qadimdan Movarounnahrda mavjud boʻlgan davlatlarning boshqaruv tizimida hukmdorlik anʼanalari va unvonlarida “xon”larning alohida ahamiyati boʻlgan. Bu unvonga sulolaviy tizim asosida erishilgan va uning Turondagi davlatlar boshqaruvida uzviy davom etishi Chingizxon nomi bilan bogʻliq. Davlatning ichki va tashqi siyosatini tartibga solishda Chingizxon tomonidan eʼlon qilingan qonunlar toʻplami – “Yasoq” muhim rol oʻynaydi. Shayboniylar va ashtarxoniylar davriga kelib oq kigiz va koʻk tosh udumlari uygʻunlashtirildi. Oʻzbek sulolalari davrida oʻzbek xonlari bunga qoʻshimcha ravishda temuriylar davrida Moʻgʻulistondan keltirilgan, dastlabki vaqtda Koʻksaroyda turgan “Koʻk tosh” (taxt toshi deb ham yuritiladi) ustiga tantanali oʻtirish odati ham boʻlgan. Ehtimol, bu shayboniylar oʻzlarini rasman temuriylar davlatining qonuniy egalari deb hisoblashlarining ramziy ifodasi boʻlsa ajab emas. Bu davrda marosim tartibi quyidagicha edi: marosim oʻtkaziladigan zalga farroshlar (gilamlarni toʻshaydigan xizmatkorlar) gilamlar, paloslar toʻshab, taxt oʻrnatardilar; taxtga oʻtirishning qulay vaqtini aniqlardilar va shundan keyingina sultonlar, amaldorlar, musulmon ruhoniylarining vakillari taklif etilardi. Munajjimlar belgilagan vaqtda xonni oq namatga oʻtqazishar, namatning chetlaridan zodagon urugʻ vakillari ushlab turishardi. Soʻng yangi saylangan xonni taxtga oʻtqazishar va sovgʻa-salomlar ulashilgan ziyofat boshlanardi. Shu bilan birga, xon marosimda ishtirok etgan har bir kishiga qimmatbaho toʻn inʼom etardi. Keyin xon sharafiga xutba oʻqilib, uning nomi bitilgan tanga zarb etilardi. 228 Odatda, xon oʻlimidan soʻng “valiahd” xon etib saylanar edi. Xon nomzodini koʻrsatishda mehtar, qoʻshbegi va yasovulboshi katta rol oʻynaganlar. Hech shubha yoʻqki, yuqori tabaqa aʼyonlari va xon urugʻlari tor doirada oʻtkaziladigan saylov avvaldan kelishib qoʻyilgan boʻladi, xonni tayinlash esa rasmiy bir marosimdek gap edi. Yangi xon eʼlon qilingach, marhum xon dafn etilib, “davr falonchi xon davri” deb jarchilar jar solardilar[1, B-460]. Amerikalik olim Tomos Velsford xonlarni taxtga chiqarish jarayonini quriltoy deb ataydi[2, P-82]. Shayboniylar va ashtarxoniylar sulolasi boshqaruvi davrida xon koʻtarish marosimida kigiz ustiga oʻtkazilgan va koʻk toshga eltilgan. Eʼtiborlisi shundaki, bu sulolalar vakillari kigiz va koʻktoshdan baravar foydalanadilar. Ashtarxoniylar davrida ham Samarqanddagi koʻktoshga oʻtirish – taxtni qonuniy egalladi maʼnosini bildirgan. Eʼtiborlisi, bu davrda koʻktosh va kigiz ustiga xonni oʻtkazish marosimlari bir-biriga qoʻshilib ketgan. Yaʼni, kigiz koʻktosh ustiga yozilgan va uning toʻrt burchagidan ushlagan amaldorlar uni baland koʻtarishgan. Ashtarxoniylar sulolasi davrida hukmdorlarning taxtni egallashi xon koʻtarish marosimi orqali amalga oshirilgan[3, C-105]. Diqqatga loyiq tomoni shundaki, ashtarxoniylar davrida, xususan, XVII asrda ham Samarqandda koʻktoshga oʻtirish orqali xonlik taxtini egallash anʼanasidan ham foydalanganlar. Bundan koʻrinadiki, Chingizxon bilan bir qatorda, Amir Temurning ham hokimiyatiga ehtirom va huquqiy asos sifatida qaralgan. Natijada bu davrda koʻktosh va kigiz ustiga xonni oʻtkazish marosimlari bir-biriga qoʻshilib ketgan. Yaʼni, kigiz koʻktosh ustiga yozilgan va uning toʻrt burchagidan ushlagan amaldorlar uni baland koʻtarishgan[4, P. 21-32]. Jumladan, Muhammad Amin Buxoriyning “Muhit at-tavirix” asarida Abdulazizxon (16451681)ning 1645-yil Xoʻjanddan Samarqandga kelgani va Amir Temurning taxtiga oʻtirganligi haqida maʼlumotlar mavjud[5, B-38]. Xonlar qurultoyda saylangan boʻlib, manbalarda bu marosimda amaldorlarning joylashuv tartiblari haqida ham maʼlumotlar saqlanib qolgan. Jumladan, XVII asr muarrixi Muhammad Tolibning yozishicha, eng oldingi oʻrinda xon taxti joylashgan. Hukmdorning chap tarafidagi birinchi joyni naqib lavozimidagi shaxs egallagan. Undan keyin shahzodalar va otaliq mansabi va soʻng qolgan amaldorlar birin-ketin oʻz nufuziga qarab joylashgan. Xonning oʻng tomonida dastlab shayxulislom va qozi, keyingi oʻrinlarda qolgan diniy mansab egalari oʻtirishgan[6, B. 206-208]. Bu marosimdagi yigʻilish tartibi jarga deb atalib, taxtning ikki tomonidan doira shakl ni hosil qilgan holda oʻtirilgan. Vali Muhammadxon 1605-yil Balx viloyatidan Samarqandga kelib, taxtga oʻtirish asnosida Xoja Tojiddin va uning ukasi Abdurahimxojalar xonni qutlash uchun kelishgan va ularga xon ehtirom koʻrsatib, majlisda oʻzining oʻng tomonidan joy bergan. Tarixchi J.Sangirovning tadqiqotlariga koʻra, taxtga oʻtirish marosimida mahalliy hokimlarning ham ishtirok etish tartibi mavjud boʻlgan. Masalan, 1702-yil Ubaydullaxon taxtga oʻtirganida, tabriklash uchun Urgut hokimi Ollohberdibiy Buxoroga yoʻl oladi. Ammo, markaziy hukumatdan maxsus yorliq olmasdan kelgani sababli jazoga tortiladi. Va aksincha, yorliq asosida tashrif buyurgan Samarqand hokimi Muhammad Rahimbiy yuz yaxshi kutib olinadi[7, B-112]. Ashtarxoniylar davri muallifi Samandar Termiziyning guvohlik berishicha, jargadagi eng oldingi oʻrinda taxt joylashgan boʻlib, unda xon oʻrin egallagan. Xonning oʻng va chap tomonida nufuziga qarab shahzodalar, amaldorlar va qabila sardorlari oʻz 229 oʻrinlarini egallashgan[8, B-154]. Buxoroga Abdulazizxon davrida tashrif buyurgan elchilar esdaliklarida jargada amaldorlarning joylashuv tartibini oʻzlari koʻrgani boʻyicha tariflashgan. Unga koʻra, xonning chap tomoni eng eʼtiborli hisoblangan va chap tomonning boshida naqib lavozimidagi shaxs turgan. Rus tadqiqotchisi A.Alekseyev ham hukmdorning chap tomoni oʻta moʻtabar ekanligini taʼkidlab, birinchi joyni naqib lavozimidagi shaxs egallaganligini qayd etadi[9, C-140]. Muhammad Tolibning guvohligicha, xonning oʻng tomonidagi dastlabki oʻrinlarni shayxulislom va bosh qozi egallagan boʻlsa, V.Bartoldning davom etib yozishicha, oʻng tomonda oliy qozidan soʻng naqshbandiya xojasi, sadr, sudur, harbiy qozi, aʼlam va birin-ketin qolgan diniy ulamolar oʻrin olishgan[10, C. 394-395]. Qurultoyda oʻtirishdagi amaldorlarning joylashuv tartibi saroyda oʻtkaziladigan turli bayram tadbirlari va toʻy-u tomoshalar uchun ham deyarli xos boʻlgan deyish mumkin. Masalan, Boqi Muhammadxonning Imomqulixon va Nadr Muhammadxonlar uchun oʻtkazgan toʻyida ham xuddi shu tartibda barcha oʻz joyini egallaydi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Zamonov A., Egamberdiyev A. Oʻzbekiston tarixi. IV-qism. T.: Bayoz, 2022. – B. 460. 2. Thomas Welsford. The Tuqay-Timurid Takeover of Greater Ma wara alnahr, 1598 – 1605. – Boston: 2013. – P. 82. 3. Ахмедов Б.А. История Балха. – Т.: Фан, 1982. – C. 105. 4. Ron Sela. The “Heavenly Stone” (Koʻk Tash) of Samarqand. // Journal of the Royal Asiatic Society. Vol. 17. No. 1. 2007. – P. 21 – 32. 5. Муҳаммад Амин Бухорий. Муҳит ат-таворих. / Форс тилидан таржима, кириш ва изоҳлар муаллифлари Д.Юсупова, У.Ҳамраев. – Т.: Фан, 2020. – Б. 38. 6. Муҳаммад Толиб. Матлаб ут-толибин. / Ўзбек тилига таржима, сўзбоши ва изоҳлар муаллифлари Ғ.Каримий, Э.Миркомилов. – Т.: Мовароуннаҳр, 2016. – Б. 206-208. 7. Sangirov J. Oʻzbek davlatchiligi tarixi: ashtarxoniylar davri boshqaruv tizimi. PhD dissertatsiyasi. – T., 2024. – B. 112. 8. Хожа Самандар Термизий. Дастур ул-мулук. / Форс-тожик тилидан таржима, сўзбоши, изоҳлар муаллифи Ж.Эсонов. Т.: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти. 1997. – Б. 154. 9. Алексеев А.К. Политическая история Тукай-тимуридов по материалам персидского историчаского сочинения Бахр ал-асрар. – Санкт-Петербург: 2006. – С. 140. 10. Бартольд В.В. Церемониал при дворе узбекских ханов в XVIII в. Т. II. Ч. 2. – Москва: Наука, 1964. – С. 394 – 395.