scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ONGLI VATANPARVARLIK KOMPONENTLARINI TALABA-QIZLARDA RIVOJLANTIRISH ZARURIYATI

Xaydarova Raʻno Anvarovna

Abstract

Mazkur maqolada talaba-qizlarda ongli vatanparvarlikni shakllantirish masalasi ijtimoiy-pedagogik nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Ongli vatanparvarlik oddiy hissiyot emas, balki shaxsning fuqarolik ongini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga munosabatini belgilovchi murakkab fenomen sifatida yoritiladi. Tadqiqotda uning tarkibiy tuzilmasi mazmunan sharhlanadi. Shuningdek, ushbu komponentlarni rivojlantirish omillari koʻrsatib beriladi.

Full text

374 ONGLI VATANPARVARLIK KOMPONENTLARINI TALABA-QIZLARDA RIVOJLANTIRISH ZARURIYATI Xaydarova Raʻno Anvarovna, TDShU katta oʻqituvchisi Annotatsiya. Mazkur maqolada talaba-qizlarda ongli vatanparvarlikni shakllantirish masalasi ijtimoiy-pedagogik nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Ongli vatanparvarlik oddiy hissiyot emas, balki shaxsning fuqarolik ongini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga munosabatini belgilovchi murakkab fenomen sifatida yoritiladi. Tadqiqotda uning tarkibiy tuzilmasi mazmunan sharhlanadi. Shuningdek, ushbu komponentlarni rivojlantirish omillari koʻrsatib beriladi. Kalit soʻzlar: ongli vatanparvarlik, talaba-qizlar, motivatsion komponent, kognitiv komponent, aksiologik komponent, xulqiy-amaliy komponent, tanqidiy fikrlash, loyiha asosida taʼlim, soft skills, oila va mahalla. Abstract.This article analyzes the issue of developing conscious patriotism among female students from a socio-pedagogical perspective. Conscious patriotism is presented not merely as an emotional feeling, but as a complex phenomenon that defines an individualʼs civic consciousness, as well as their attitude towards national and universal values. The study conceptually examines its structural components and explains their essence. In addition, the article identifies the main factors contributing to the development of these components. Keywords: conscious patriotism, female students, motivational component, cognitive component, axiological component, behavioral-practical component, critical thinking, project-based learning, soft skills, family and community. Bugungi globallashuv va raqamli axborot oqimlari sharoitida yosh avlodning maʼnaviy-axloqiy qiyofasini shakllantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. Xususan, sharq tillari filologiyasi yoʻnalishida tahsil olayotgan talaba-qizlar nafaqat til va adabiyot bilimlarini egallaydi, balki turli xalqlarning tarixi, madaniyati va qadriyatlari bilan bevosita tanishadi. Bu esa ularda milliy oʻzlik va fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ongli vatanparvarlik fazilatlarini rivojlantirish zaruriyatini kuchaytiradi. Ongli vatanparvarlik oddiy emotsional hissiyot emas, balki shaxsning ijtimoiy hayotda ongli tanlovi, fuqarolik burchi va qadriyatli yoʻnalishlarini oʻzida mujassamlashtirgan murakkab fenomen sifatida talqin etiladi. Uning tarkibida motivatsion, kognitiv, qadriyatli va amaliy komponentlar uygʻun holda namoyon boʻladi. Shu bois, talaba-qizlarda ushbu komponentlarni rivojlantirish - ularning intellektual salohiyatini, ijtimoiy faolligini va milliy gʻururini shakllantirishning muhim pedagogik sharti hisoblanadi. Mazkur maqolada talaba-qizlarda ongli vatanparvarlik komponentlarini rivojlantirish zaruriyati ijtimoiy-pedagogik omillar nuqtai nazaridan asoslanadi hamda zamonaviy taʼlim jarayonida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan nazariy va amaliy yondashuvlar yoritiladi. 375 Ongli vatanparvarlik tushunchasi pedagogika, psixologiya va sotsiologiyada shaxsning fuqarolik burchi, milliy qadriyatlarga munosabati va ijtimoiy faoliyatidagi ongli tanlovlarini ifodalovchi murakkab fenomen sifatida talqin qilinadi. Bu yondashuvda vatanparvarlik faqat hissiy kechinma emas, balki motivatsion, kognitiv, qadriyatli va amaliy komponentlarning integratsiyasi orqali shaxs ongida shakllanadigan tizimli sifatdir. Sharq mutafakkirlari merosida ongli vatanparvarlikning nazariy ildizlari aniq koʻrinadi. Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida jamiyat farovonligini bilimli va axloqan barkamol fuqaro faoliyati bilan bogʻlab, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani davlat taraqqiyotining sharti sifatida taʼkidlagan. Ibn Sino oʻzining “Kitob ush-shifo” asarida taʼlim va tarbiyaning shaxs rivojidagi oʻrnini asoslab, maʼrifatli avlodni milliy gʻurur va maʼnaviy mustahkamlikning tayanchi sifatida koʻrsatadi. Alisher Navoiy asarlarida esa til va adabiyotga eʼtibor, milliy oʻzlikni anglash va madaniy merosga hurmat orqali vatanparvarlik qadriyatlari shakllantiriladi. Oʻzbek jadidchilik harakati namoyandalari ham yoshlar, ayniqsa ayollarni savodli qilish orqali milliy uygʻonish va maʼnaviy mustahkamlash gʻoyasini ilgari surgan. Ularning taʼlim va tarbiya haqidagi qarashlari bugungi kunda ham ongli vatanparvarlikni rivojlantirish metodologiyasi uchun muhim nazariy asos boʻlib xizmat qiladi Zamonaviy yondashuvlarda esa ongli vatanparvarlikni shakllantirish tanqidiy fikrlash bilan uzviy bogʻliq ekani taʼkidlanadi. Tanqidiy fikrlash jarayonida talabalar ijtimoiy-siyosiy hodisalarga xolis baho berishni, milliy qadriyatlarni boshqa madaniyatlar kontekstida anglashni, oʻz pozitsiyasini ongli ravishda asoslashni oʻrganadi. Xaydarova R.A. tadqiqotida qayd etilganidek, pedagogika va psixologiya fanlari orqali talaba-qizlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish vatanparvarlikni chuqurlashtiruvchi omil sifatida qaraladi Bundan tashqari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar - loyiha asosida taʼlim, interfaol metodlar va ijtimoiy faoliyatga yoʻnaltirilgan topshiriqlar talaba-qizlarda ongli vatanparvarlikni rivojlantirishning samarali yoʻllari sifatida eʼtirof etilmoqda.Chunki mazkur metodlar talabalarda mustaqil fikrlash, jamoaviy ishlash, masʼuliyatli qaror qabul qilish kabi fuqarolik kompetensiyalarini kuchaytiradi. Ongli vatanparvarlik mazmunini yanada chuqurroq anglash uchun uning tarkibiy tuzilmasini koʻrib chiqish zarur. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ongli vatanparvarlik quyidagi asosiy komponentlardan iborat: ➢ Motivatsion komponent - ongli vatanparvarlikning eng muhim poydevori - bu shaxsning ichki motivlari va qadriyatli yoʻnalishlari bilan bogʻliq jihatlaridir. Vatanga muhabbat, fidoyilik, masʼuliyat hissi shaxsning fuqarolik pozitsiyasini belgilab beradi. Bu komponentda talaba-qizlar oʻz shaxsiy intilishlarini jamiyat oldidagi burch bilan uygʻunlashtiradi. Masalan, Vatan ravnaqi uchun intilish nafaqat shaxsiy orzu, balki ijtimoiy masʼuliyat sifatida qabul qilinadi. Shu bois motivasion komponent ongli vatanparvarlikning emotsional-dinamik kuchini taʼminlaydi. ➢ Kognitiv component - kognitiv komponent bilim va intellektual salohiyat bilan bogʻliq boʻlib, talabalarning milliy tarix, madaniyat, qonunchilik va zamonaviy ijtimoiy jarayonlardan xabardor boʻlishini oʻz ichiga oladi. Talaba-qizlarda milliy qadriyatlarni chuqur oʻrganish, huquqiy va mediamadaniyatni rivojlantirish ongli 376 vatanparvarlikni mustahkamlaydi. Shu orqali ular nafaqat milliy merosni qadrlaydi, balki uni zamonaviy global jarayonlar kontekstida anglashga oʻrganadi. ➢ Aksiologik (qadriyatlarga oid) komponent - bu komponent shaxsning qadriyatlar tizimi orqali namoyon boʻladi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻunligi talabalarda adolat, inson huquqlariga hurmat, tinchliksevarlik va madaniy merosni asrash kabi fazilatlarni mustahkamlaydi. Shu sababli aksiologik komponent ongli vatanparvarlikning maʼnaviy-axloqiy asosini belgilaydi. Talabalarda “mening Vatanimga sadoqatim, shu bilan birga insoniyatga hurmatim” degan qarash shakllanadi. ➢ Xulqiy-amaliy komponent - ongli vatanparvarlik faqat nazariya yoki histuygʻuda emas, balki konkret amaliy faoliyatda koʻrinishi kerak. Talabalarning koʻngilli faoliyatda ishtiroki, turli ijtimoiy loyihalarda qatnashishi, jamoat ishlari orqali faollashuvi bu komponentning asosi hisoblanadi. Shuningdek, fuqarolik masʼuliyati, ekologik tashabbuslar, mahalla va taʼlim muassasalaridagi amaliy ishtirok ongli vatanparvarlikni kundalik hayotiy tajribaga aylantiradi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, ongli vatanparvarlik shunchaki tabiiy ravishda shakllanib qolmaydi. Uning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish uchun ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlar va maʼlum omillar zarur boʻladi. Mazkur omillar shaxsning oilaviy muhitdan tortib, taʼlim tizimi va keng jamoatchilik hayotigacha boʻlgan turli bosqichlarda faoliyatini belgilab beradi. Shu bois quyida ongli vatanparvarlikni rivojlantirishda asosiy omillar sifatida oila va mahalla, maktab hamda oliy taʼlim muassasalari, shuningdek zamonaviy pedagogik yondashuvlarning roli koʻrib chiqiladi. Oila - shaxsda milliy qadriyatlarni singdirishning dastlabki va eng muhim ijtimoiy muhiti hisoblanadi. Ota-onalar farzandlarda Vatanga muhabbat, hurmat va sadoqatni bolalikdan shakllantiradi. Mahalla esa oʻzining ijtimoiy-emotsional funksiyalari orqali yoshlarni jamiyat hayotiga faol qoʻshadi. Jadidchilik harakatida ham aynan ayollar va qizlarning savodxonligi jamiyatni yangilash va milliy uygʻonishning zaruriy sharti sifatida koʻrilgan edi. Shu bois oila va mahalla uygʻunligida shakllangan fuqarolik masʼuliyati ongli vatanparvarlikning poydevorini tashkil etadi. Biroq oila va mahallada boshlangan bu jarayon maktab va oliy taʼlim tizimi orqali izchil davom ettirilmasa, vatanparvarlik fazilatlari yetarlicha mustahkamlanmaydi. Shu nuqtai nazardan, taʼlim muassasalari keyingi hal qiluvchi boʻgʻin sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Maktab davrida milliy qadriyatlarga oid dastlabki tasavvurlar shakllanadi, oliy taʼlim muassasalarida esa bu jarayon intellektual va amaliy asoslarda chuqurlashadi. Oʻzbekistonda xorijiy, xususan sharq tillarini oʻrganayotgan talaba-qizlar boshqa madaniyatlar bilan bevosita tanishish jarayonida oʻz milliy qadriyatlarini chuqurroq anglaydi va mustahkamlaydi. Universitet hayoti nafaqat bilim olish jarayoni, balki ijtimoiy loyihalarda ishtirok, madaniy tadbirlar, ilmiy izlanishlar orqali ongli vatanparvarlikni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi. Shunday qilib, taʼlim muassasalari nafaqat bilim beruvchi, balki ongli vatanparvarlikni shakllantiruvchi ijtimoiy-pedagogik maydon sifatida namoyon boʻladi. Bu jarayon samaradorligi esa zamonaviy pedagogik yondashuvlar - loyiha asosida taʼlim, tanqidiy fikrlash va soft skills integratsiyasiga bevosita bogʻliqdir. 377 Zamonaviy pedagogik texnologiyalar ongli vatanparvarlikni rivojlantirishda samarali vosita hisoblanadi. Masalan, loyiha asosida taʼlim (Project-Based Learning) talabalarni real muammolarni hal qilishga jalb etadi, ijodkorlik va ijtimoiy faollikni oshiradi. Tanqidiy fikrlash esa talabalarga madaniy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni ongli tahlil qilish imkonini beradi hamda vatanparvarlikni shunchaki hissiy qabul qilish emas, balki ilmiy-nazariy asosda idrok etish koʻnikmasini shakllantiradi. Shu bilan birga, kommunikativ koʻnikmalar, jamoada ishlash, yetakchilik va muammoni hal qilish kabi soft skills talabalarning ijtimoiy faol fuqarolar sifatida shakllanishini taʼminlaydi. Demak, oila va mahallada boshlangan qadriyatlar taʼlim tizimida mustahkamlanib, zamonaviy pedagogik texnologiyalar yordamida amaliyotga tatbiq etilgandagina ongli vatanparvarlik toʻlaqonli shakllanishi mumkin. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ongli vatanparvarlik shaxsda oddiy hissiyot darajasidan chiqib, fuqarolik ongini, milliy qadriyatlarga sodiqligini va ijtimoiy faolligini belgilovchi kompleks sifatida namoyon boʻladi. Uning motivatsion, kognitiv, aksiologik va xulqiy-amaliy komponentlari oʻzaro integratsiyada talaba-qizlarning intellektual salohiyatini oshiradi, milliy gʻurur va fuqarolik masʼuliyatini mustahkamlaydi. Shuningdek, mazkur komponentlarning samarali shakllanishi tabiiy ravishda emas, balki maqsadli pedagogik jarayon orqali yuzaga chiqishi mumkin. Oila va mahalla qadriyatlarni singdirishning dastlabki muhitini taʼminlasa, maktab va oliy taʼlim tizimi ularga nazariy va amaliy asos beradi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar esa yoshlarning ijtimoiy faolligi va mustaqil fikrlashini kuchaytiradi. Demak, ongli vatanparvarlikni rivojlantirish koʻp omilli, bosqichma-bosqich va izchil jarayon sifatida qaralishi zarur. Xulosadan kelib chiqib, quyidagi tavsiyalarni berish mumkin: 1. Oila va mahalla bilan hamkorlikni kuchaytirish - yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida ota-onalar va mahalla yetakchilarining ishtirokini tizimli yoʻlга qoʻyish, ular uchun maxsus maʼnaviy-maʼrifiy dasturlar ishlab chiqish. 2. Taʼlim muassasalarida ongli vatanparvarlikni shakllantirishga qaratilgan integratsiyalashgan yondashuvlarni keng joriy etish – tarix, adabiyot, huquq va ijtimoiy fanlarni loyihaviy topshiriqlar, tanqidiy fikrlash mashqlari bilan uygʻunlashtirish. 3. Zamonaviy pedagogik texnologiyalardan tizimli foydalanish - Project-Based Learning, soft skills mashgʻulotlari va interfaol metodlarni muntazam tatbiq etish orqali talabalarda fuqarolik masʼuliyati va ijtimoiy faollikni rivojlantirish. Adabiyotlar roʻyxati: 1. Абу Наср Форобий. Фозил одамлар шаҳри. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2017. – 320 б. 2. Беруний А. Танланган асарлар. II т. Ҳиндистон / А.Расулов, Ю.Ҳакимжонов, Г. Жалолов тарж. – Тошкент: Фан, 1965. – 538 б. 3. Clark, R.C., Mayer, R.E. E-Learning and the Science of Instruction. – New Jersey: Wiley, 2016. – P. 101–120. 378 4. Хайдарова Р.А. Влияние критического мышления на развитие патриотизма // Inter Education & Global Study, ilmiy nazariy va metodik jurnal. – 2024, № 3(2). – B. 142–150. 5. Xaydarova R.A., Filologiya yoʻnalishi talaba-qizlarining vatanparvarligini rivojlantirishda loyiha taʼlim texnologiyasidan samarali foydalanish // Oʻzbekiston olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari. - 2025, № 1, B. 188–193. 6. Khaydarova R. Project-Based Educational Technology as a Method for Developing Social Activity of Students // Intersections of Faith and Culture: American Journal of Religious and Cultural Studies. – 2025. – Vol. 3, Issue 3. – P. 44–47. 7. Xaydarova R.A. Filologiya taʼlim yoʻnalishidagi talaba-qizlarda ongli vatanparvarlikni rivojlantirishda loyihaviy faoliyatga tayangan metodik yondashuv // Qoʻqon davlat pedagogika instituti ilmiy xabarlari. – 2025, № 7(С). – В.644-651. 8. Xaydarova R.A.Tanqidiy fikrlash va jadidchilik merosi asosida talabaqizlarda vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish // “Yangi Oʻzbekiston barpo etishda jadidlar gʻoyalarining oʻrni” respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. – Toshkent, 2025. – B. 97–101.