scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA SUN'IY INTELLEKT ASOSIDA TA'LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISHNING XORIJIY VA MAHALLIY TAJRIBALARI

Xodjimuratova Zuxra Zaynitdinovna

Abstract

Maqolada ta'lim jarayonida raqamli texnologiyalar (RT) va sun'iy intellekt (SI) ni qoʻllash boʻyicha ba'zi xorijiy va milliy tajribalar tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Finlyandiya, Singapur va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlar tajribasi oʻrganiladi, Oʻzbekistondagi bu sohada qilinayotgan ba'zi tajribalar koʻrib chiqiladi. Tadqiqot ta'limda RT va SI dan samarali foydalanish boʻyicha yangicha metodik yondoshuvlarni aniqlashga qaratilgan.

Full text

508 OLTINCHI KENGASH. MATEMATIKA VA TABIIY FANLAR HAMDA ZAMONAVIY AXBOROT TEXNOLOGIYALARINI OʻQITISHNING DOLZARB MASALALARI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA SUNʼIY INTELLEKT ASOSIDA TAʼLIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISHNING XORIJIY VA MAHALLIY TAJRIBALARI Xodjimuratova Zuxra Zaynitdinovna, katta oʻqituvchi Oriental universiteti “Matematika va axborot texnologiyalari” kafedrasi Annotatsiya. Maqolada taʼlim jarayonida raqamli texnologiyalar (RT) va sunʼiy intellekt (SI) ni qoʻllash boʻyicha baʼzi xorijiy va milliy tajribalar tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Finlyandiya, Singapur va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlar tajribasi oʻrganiladi, Oʻzbekistondagi bu sohada qilinayotgan baʼzi tajribalar koʻrib chiqiladi. Tadqiqot taʼlimda RT va SI dan samarali foydalanish boʻyicha yangicha metodik yondoshuvlarni aniqlashga qaratilgan. Kalit soʻzlar: taʼlim tizimi, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, xorijiy loyihalar, milliy loyihalar. Annotation. The article analyzes certain international and national experiences in the using of digital technologies (DT) and artificial intelligence (AI) in the educational process. In particular, the practices of developed countries such as the United States, Finland, and South Korea are examined, along with current initiatives in this field in Uzbekistan. The aim of this study identifying novel methodological approaches to the effective use of DT and AI in education. Keywords. education system, artificial intelligence, digital technologies, international projects, national projects. Kirish. Globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida taʼlim tizimining zamonaviy talablarga javob berishi bevosita RT va SI vositalarini samarali joriy etishga bogʻliq. Jahon miqyosida raqamli taʼlim konsepsiyalari rivojlanib borar ekan, Pedagogika fani oldida yangi nazariy va amaliy vazifalar paydo boʻlmoqda. Xususan, taʼlim jarayonining shaxsiylashtirilishi, oʻquvchilarning intellektual salohiyatiga mos metodik yondashuvlarni ishlab chiqish hamda oʻqituvchilarning raqamli kompetensiyasini shakllantirish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Pedagogik nazariyaga koʻra, taʼlim jarayonida RT ni qoʻllashning asosi kognitivizm, konstruktivizm va konnektivizm kabi taʼlim paradigmalari bilan uzviy bogʻliq. SI ga asoslangan tizimlar aynan konnektivizm tamoyillariga mos ravishda bilimlarni global tarmoq orqali shakllantiradi, shaxsiylashtirilgan oʻquv muhitini yaratadi. Innovatsion yondashuv sifatida intellektual taʼlim tizimlari, taʼlim analitikasi va avtomatlashtirilgan baholash tizimlari alohida ahamiyat kasb etadi. Metodologiya. Ushbu tadqiqotda xorijiy mamlakatlar – AQSh, Janubiy Koreya, Singapur va Finlyandiya taʼlim tizimlarida SI vositalarining qoʻllanilishiga oid amaliy tajribalar oʻrganildi. Metod sifatida solishtirma tahlil, holatni oʻrganish (case study) va 509 mavjud ilmiy maqolalar, statistik maʼlumotlar hamda rasmiy manbalardagi maʼlumotlar ustida izlanish olib borildi. Janubiy Koreya misolida eksperiment va nazorat guruhlari asosida olib borilgan ilmiy tadqiqot (Park & Kwon, 2023) orqali oʻquvchilarning SI boʻyicha kompetensiyalari va qiziqishlari tadqiq qilindi [1]. AQShda EdTech kompaniyalarining – Khan Academy, Duolingo, Coursera kabi platformalar orqali adaptiv oʻquv dasturlaridan foydalanish tajribasi oʻrganildi [2,3]. Singapur universitetlarida SI vositalaridan foydalanish boʻyicha joriy etilgan tartiblar tahliliy oʻrganildi [4]. Finlyandiya tajribasida esa “Elias” robot-oʻqituvchisi ishtirokidagi pilot loyiha hamda Google bilan hamkorlikdagi “Code school Finland” loyihasi koʻrildi [5,6]. Milliy loyihalardan Oʻzbekistonning “One million uzbek programmers”, “Successors of Muhammad al-Khwarizmi” kabi loyihalar, shuningdek xalqaro loyihalardagi ishtiroki holati statistikalari oʻrganildi [7,8]. Natijalar. Xorijiy tajribalarga koʻra, SI vositalarining qoʻllanilishi taʼlim samaradorligini oshirishdagi ahamiyati haqida koʻplab tadqiqotlar mavjudligi aniqlandi. Masalan, Janubiy Koreyada raqamli darsliklar va robot-oʻqituvchilar qoʻllanilayotgani haqida Park H. va Kwon H. (2023) tadqiqotida keltirilgan. Janubiy Koreya oʻrta maktablarida texnologiya taʼlimi darslariga SI taʼlimini joriy etish tajribasi oʻrganilgan. Tadqiqotda oʻquvchilarning SI boʻyicha kompetensiyalari va texnologiyaga boʻlgan qiziqishlarini baholash maqsadida eksperiment va nazorat guruhlari bilan solishtirma tadqiqot olib borilgan. Dars jarayonlarida SI asoslari, algoritmik fikrlash, SI ning ijtimoiy taʼsiri hamda uning etik jihatlari oʻrgatilgan [1]. AQShda EdTech kompaniyalari tomonidan adaptiv oʻquv dasturlari ishlab chiqilgan. Bu kompaniyalar faoliyati asosan taʼlimni texnologiyalar orqali yangilash va yaxshilashga qaratilgan. Bunday texnologiyalarga Khan Academy, Duolingo, Coursera, Udacity kabi platformalarni misol qilib keltirish mumkin. Masalan, Khan Academy (2024-yil) samaradorligi natijalariga koʻra, 3–8 sinflar 2022‑23 oʻquv yilida 350 000 dan koʻp oʻquvchi haftada kamida 30 daqiqa Khan Academydan foydalansalar yoki yil davomida 18 soatdan koʻp foydalansalar, ular MAP Growth Assessment boʻyicha kutilgan natijadan taxminan 20 % yuqoriroq oʻquv koʻrsatkichlariga erishgan [2]. Shu kabi, Coursera tomonidan eʼlon qilingan 2024-yil Global Skills Report hisobotiga koʻra (148 milliondan koʻp oʻquvchi va 7 000 ta institut ishtirokchilari hamda dunyoning 325 ta eng yaxshi universitetlari va sanoat hamkorlari maʼlumotlari asosida), 2023-yilda insonlar har daqiqada Courserada GenAI kursiga yozildi. 2024 yilga kelib 4 baravar oshgani natijalari qayd etilgan [3]. Singapurda 2023‑yildan Singapur universitetlari talabalarga vazifalarni bajarishda SI vositalaridan foydalanishga ruxsat bermoqda, lekin bu ruxsat maʼlum qoidalar va cheklovlar asosidaligi aytiladi. Talabalar SI vositalarini asosiy maʼlumot manbasi sifatida emas, yordamchi vosita sifatida ishlatishi kerak. Generativ SI javobini tanqidiy baholash zarur boʻlsa, undan foydalanish ruxsat etiladi. Akademik halollik, plagiatga yoʻl qoʻymaslik kabi prinsiplarga rioya etishni talab etadi [4]. Finlyandiyada esa SI yordamida taʼlimni boshqarishning samarali modellarini yaratishga eʼtibor qaratilgan. Masalan, Tampere shahrida boshlangʻich maktabda “Elias” nomli humanoid robot til oʻqituvchisi sifatida pilot loyihada ishlatilgan. U 23 tilni tushunadi, oʻquvchilarning darajasini aniqlay oladi va savollarni moslab beradi. 510 Shuningdek, oʻqituvchilarga oʻquvchilar bilan muammolar boʻlsa xabar berish imkoniyati ham mavjudligi haqida maʼlumotlar keltirilgan [5]. Google va Code School Finland hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihaga koʻra, Yevropada oʻqituvchilarning kodlash va robototexnika boʻyicha malakasini oshirishni maqsad qilgan boʻlib, 2021-yilda Finlandiyaning Kymenlaakso hududida boshlangan. Dastur orqali 100 dan ortiq boshlangʻich sinf oʻqituvchilari oʻqitilgan, ular oʻz navbatida 3000 dan oshiq oʻquvchilarni dasturlashtirish va robototexnika boʻyicha oʻqitgan. Loyiha Belgiyа, Irlandiyada kengaytirilgani, Daniya, Niderlandiya va Germaniyada 2023-yil kuzidan joriy etilgani aytilgan. Loyiha doirasida oʻqituvchilarga bepul oʻquv materiallari, robototexnika jihozlari, pedagogik va texnik yordam koʻrsatilgan. Darsliklar Finlandiya milliy taʼlim kengashi talablariga mos ishlab chiqilgan [6]. Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan xalqaro tadqiqotlar va loyihalar haqida yana misollar keltirish mumkin. Ushbu maqolani yozish davomida ana shunday loyihalar va tadqiqotlar haqida maʼlumotlar izlab topildi, maqolalar va manbalar oʻrganildi. Endi Oʻzbekiston misolida RT ni taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan bir nechta loyihalarni koʻramiz. UNICEF va Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida 2023-yilda SI ga asoslangan Eduten matematika platformasi Toshkent shahri va viloyatidagi maktablarda sinov tariqasida joriy etilgan. Pilot loyiha davomida 527 nafar 5-sinf oʻquvchisi ushbu platformada dars oʻtganligi, natijada, Edutendan foydalangan oʻquvchilarning matematik koʻnikmalari 16,9% ga yaxshilanganligi haqida maʼlumot berilgan boʻlib, platformaning interaktiv va oʻyin shaklidagi yondashuvi darslarni qiziqarli, baholash tizimi esa samarali boʻlishini taʼminlashi, oʻqituvchilar esa uning moslashuvchanligi va oʻquvchilarning ehtiyojiga mos tushishini yuqori baholagani aytilgan [7]. Yana bir loyiha “Muhammad al-Khwarizmi vorislari” dasturi boʻlib, unda IT va ingliz tilini oʻrgatish kursini 130 nafar talaba muvaffaqiyatli tugatdi; Qoraqalpogʻistonda 80, Xorazm viloyatida esa 500 nafar ayollar dasturlash, grafik dizayn va mobil fotografiya yoʻnalishlarida oʻqitilgani haqida maʼlumot keltirilgan. Shuningdek, “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasida 2025 yil boshida 571 000 dan oshiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtganligi, shulardan 327 000 dan koʻpi Coursera platformasida oʻqib, xalqaro sertifikat olganligi haqida keltirilgan [8]. Xulosa. Taʼlimda SI va RT ni tatbiq qilishda ilgʻor yoʻnalishlar — ayniqsa generativ SI, adaptiv tizimlar, shaxsiylashtirish, va SI shaffofligi — qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini koʻrsatadi. Xorijiy tajribalarni Oʻzbekiston taʼlim tizimiga mahalliylashtirish orqali raqamli transformatsiyani sezilarli darajada tezlashtirish mumkin. Raqamli infratuzilma (internet tezligi, qurilmalar) va oʻqituvchilarning malakasi milliy tajribalarda asosiy cheklovchi omillar hisoblanadi. Oʻzbekistonda malaka oshirish kurslari mavjud boʻlsa-da, internet infratuzilmasi va pedagoglarning SI boʻyicha tayyorgarligi turlicha darajada. Masalan, poytaxt Toshkent shahri va boshqa markaziy shaharlarda raqamli infratuzilmalar nisbatan yaxshiroq rivojlangan boʻlsa-da, qishloq joylar va togʻli hududlarda hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp. Pedagoglarning ham RT va SI boʻyicha bilimlari turlicha, SI dan foydalanayotgan va aksincha, hali yetarlicha bilimga ega boʻlmagan pedagoglar ham yoʻq emas. Xorijiy tajribalardan kuzatildi-ki, SI boʻyicha yetarlicha bilimga ega boʻlgan pedagoglarni ham 511 doimiy ravishda malakalarini oshirish kerakligiga urgʻu berilgan boʻlib, bu masala barcha uchun dolzarbdir. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Park, W., Kwon, H. Implementing artificial intelligence education for middle school technology education in Republic of Korea. Int J Technol Des Educ 34, 109– 135 (2024). https://doi.org/10.1007/s10798-023-09812-2 2. Yamkovenko, B., Bergstrom A. Khan Academy Efficacy Results, November 2024. Khan Academy Blog, (2024). https://blog.khanacademy.org/khan-academyefficacy-results-november-2024/ 3. Maggioncalda. J. Presenting the 2024 Coursera Global Skills Report. Coursera Blog. (2024). https://blog.coursera.org/presenting-the-2024-coursera-global-skillsreport/ 4. Rakshika, V., Lee. E. Students at Sʼpore universities allowed to use AI tools for assignments but must stick to rules. The Straits Times. (2024). https://www.straitstimes.com/singapore/students-at-s-pore-universities-allowed-touse-ai-tools-for-assignments-but-must-stick-to-rules?ref=more-on-this-topic 5. Armstrong, M. Robots are helping pupils to learn in Finland. Euro news. (2018). https://www.euronews.com/2018/04/02/robots-are-helping-pupils-to-learn-infinland?utm_source 6. Pallaskallio. K. Google program for training teachers expands in Europe — Code School Finland. (2023). https://www.codeschool.fi/blog/2023/09/googleprogram-for-training-teachers-expands-in-europe?utm_source 7. Oʻzbekistonda taʼlim natijalarini yaxshilash: Eduten bilan sayohat. UNICEF. (2024). https://www.unicef.org/uzbekistan/uz/media/5931/file 8. Oʻzbekiston raqamli taʼlimni rivojlantirishni kuchaytirmoqda: 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari. (2025). https://maili.uz/uz/2025/07/23/cifrovoeobrazovanie-uzbekistan-2025/?utm_source