YALPIZ (MENTHA) OʻSIMLIGI BIOLOGIYASI VA DORIVORLIK XUSUSIYATLARI
Full text
110 YALPIZ (MENTHA) OʻSIMLIGI BIOLOGIYASI VA DORIVORLIK XUSUSIYATLARI M.I. Isomova, Buxoro davlat pedagogika insituti talabasi [email protected] S.A. Murodov Buxoro davlat pedagogika insituti o‘qituvchisi b.f.f.d. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17744981 Annotatsiya: Yalpiz (Mentha)– xalq tabobatida qadimdan keng qo‘llaniladigan, xushbo‘y efir moylariga boy dorivor o‘simliklardan biridir. Labguldoshlar oilasiga mansub bo‘lib, butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham ko‘p yetishtiriladi. Xalq tabobatida shifobaxsh oʻsimliklar sifatida ishlatiladi. Kalit soʻzlar: Yalpiz, Labguldoshlar, barg, tabobat, dorivor oʻsimlik, efir moy. Abstract: Mint is one of the medicinal plants rich in aromatic essential oils, which has been widely used in folk medicine over the world, including in Uzbekistan. It is used as a medicinal plant in folk medicine Keywords: Mint, Labiatae, leaf, medicine, medicinal plant, essential oil. Yalpiz (Mentha) — labguldoshlar (Lamiaceae) oilasiga mansub dorivor o‘simliklar turkumi. Uning 25 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, eng mashhurlari qalampir yalpizi, bog‘ yalpizi va dalali yalpiz hisoblanadi. Bu o‘simlikning bo‘yi odatda 30–80 sm gacha yetadi. Barglari cho‘zinchoq, qirrali, xushbo‘y hidli bo‘lib, efir moyi ko‘p bo‘ladi. Gullari mayda, binafsha yoki pushti rangda ochiladi. Mevasi esa to‘rt dona jigarrang urug‘chadan iborat. Yalpiz (Mentha) o‘simligining kelib chiqishi to‘g‘risida ma’lumotlariga ko‘ra uning kelib chiqishi yunon mifologiyasiga borib taqaladi, u qadimgi yunonlar keng yer maydonlarda o‘stirganlar. Qadimgi yunonlar uning yoqimli hidini atir sifatida qo‘llab, qo‘llariga surtib yurishgan. Yalpizning vatani O‘rta Yer dengizi bo‘lib, keyinchalik Britaniya va Amerika qitasiga keltirilgan. Yalpizning shifobaxshlik xususiyatlari juda keng bo‘lib, u qadimdan xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotda ishlatib kelinadi. Yalpiz barglari va gullarida ko‘p miqdorda efir moyi bo‘lib, uning tarkibida mentol, limonen, pulegon, flavonoidlar, taninlar va organik kislotalar mavjud. Yalpiz asab tizimini tinchlantiradi, uyquni yaxshilaydi, stress va charchoqni kamaytiradi[1]. Mentolning sovutuvchi ta’siri bosh og‘rig‘i, migren va revmatizmda og‘riqni yengillashtiradi. Oshqozon faoliyatini yaxshilab, ko‘ngil aynishini to‘xtatadi, ishtahani ochadi va hazmni osonlashtiradi.
111 Yalpiz antiseptik va yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida foydali, mikroblarni yo‘qotadi. Sovuqqa qarshi vosita sifatida burun bitishini ochadi, yo‘talni yengillashtiradi va shamollashda foydali hisoblanadi. Bundan tashqari, u qon aylanishini yaxshilaydi, yurak faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda og‘izdan chiqadigan noxush hidni yo‘qotib, nafasni yangilaydi. Zamonaviy farmatsevtikada esa “Validol”, “Menovazin”, “Pektusin” kabi dorilarning tarkibida qo‘llaniladi. Oziq-ovqat sanoatida shokolad, saqich, ichimlik va turli shirinliklarga xushbo‘y ta’m berish uchun qo‘shiladi, parfyumeriya sanoatida esa atir va gigiyena vositalarida ishlatiladi[2]. Yalpiz nafaqat dorivor, balki o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turuvchi, o‘simliklardan ham biridir. Masalan, qadimgi Misrliklar yalpizdan atir va balzam tayyorlashgan bo‘lsalar, Rimliklar uni oshqozon faoliyatini yaxshilash va ovqat hazm qilish uchun ishlatishgan. Yunon tabiblaridan Gippokrat hamda Dioskorid yalpizni “oshqozon do‘sti” deb atagan. Xitoy an’anaviy tabobatida esa yalpiz tana haroratini tushiruvchi va shamollashga qarshi vosita sifatida qadrlangan. Yalpizning ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, ular orasida eng mashhuri qalampir yalpizi sanaladi. Bu tur efir moyiga boy o‘simlik hisoblanadi. Uning bargidan olingan mentol nafaqat dori vositalarini tayyorlashda qolaversa tish pastasi, saqich, shirinliklar, turli ichimliklar va parfyumeriya mahsulotlarini tayyorlashda ham keng qo‘llaniladi. Qiziqarli jihati shundaki, yalpizning hidi chivin va boshqa hasharotlarni haydab yuboradi. Shu sababli yoz faslida uning barglarini xonaga qo‘yish yoki moyidan foydalanish hasharotlardan himoya qiladi. Shuningdek, yalpiz choyi odamni tetiklashtirib, diqqatni jamlashga yordam beradi. Ehtiyotkorlik uchun yalpiz tarkibidagi pulegonning konsentratsiyasi 1% dan oshmasligi kerak (140 mg), yalpiz moyini teriga surtish natijasida teri toshmasi, qichishish xususiyati yoki allergik reaksiyalar paydo boʻlishi mumkin, uni yosh bolalarning yuzi yoki koʻkragiga qoʻllash nojo‘ya taʼsirga olib kelishi mumkin. Yalpiz yogʻi yoki kapsulalarni ogʻiz orqali qabul qilishning keng tarqalgan nojo‘ya taʼsiri jig‘ildon qaynashi.Yalpiz mahsulotlarini ogʻiz orqali isteʼmol qilish temir qoʻshimchalari, siklosporin, yurak kasalliklari, yuqori qon bosimi uchun dorilar yoki oshqozon kislotasini kamaytiradigan dorilar bilan qoʻllanilganda salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin[3]. Suyultirilgan yalpiz efir moyi faqat bir necha tomchi miqdorda, ogʻiz orqali qabul qilinsa xavfsizdir yalpiz preparatlari kattalarda topikal (tananing muayyan qismiga) qoʻllanilganda uning shifobaxshlik xususiyatlari yanada oshishi kuzatilgan.
112 Xulosa qilib aytganda yalpiz o‘simligi, nafaqat oziq-ovqatlar tayyorlashda va aromaterapiya (Aromaterapiya – bu o‘simliklarning gullari, barglari, qobig’i, ildizlari va boshqa qismlaridan olingan efir moylaridan foydalanishni o‘z ichiga olgan tabiiy davolash usuli)da, balki tibbiyotda ham o‘zining ko‘plab foydali xususiyatlari bilan e‘tibor qozonmoqda. Keyingi yillarda yalpiz o‘simligi ustida olib borilayotgan tadqiqotlarda uning qandli diabet kasalligini oldini olishda va inson immun tizimi yanada mustahkamlab, sog‘lig‘iga ta‘siri o‘rganilmoqda, bu esa istiqbolli o‘simlik sifatida yanada keng o‘rganish, tadqiq qilish muhimligidan dalolat beradi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. T. Berdiyev, M.X.Hakimova, G.B.Maxmudova. O‘rmon dorivor o‘simliklari“Sano-standart” nashriyoti – Toshkent – 2016 2. I.J. Sulaymonov, D.T. Ergashev Dorivor o‘simliklar yetishtirish texnologiyasi fanidan amaliy mashg’ulotlar. Namangan-2020 3. Y.P. Gorelov, N. Xalilov, X. Botirov. O‘simlikshunoslik. T., Mehnat, 1990.