scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SHERALI JO'RAYEV IJRO REPERTUARIDA MAQOM NAMUNALARINING AHAMIYATI ("SARAXBORI OROMIJON" MISOLIDA)

Nodira Haydarova

Abstract

Mazkur maqolada Sherali Jo‘rayev ijro repertuari ko‘lami, an’anaviylik unsurlari, milliy maqom sa’nati asarlariga murojaati yoritilgan. O‘zbek va tojik Shashmaqomining Dugoh maqomi tarkibi sanalmish Saraxbori Oromojonning talqin masalasi, tahlili Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli, Sherali Jo‘rayev va bir nechta yakka ijrolar bilan qiyosiy tahlili maqola mazmunida o‘z aksini topgan.

Full text

261 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) SHERALI JO‘RAYEV IJRO REPERTUARIDA MAQOM NAMUNALARINING AHAMIYATI (“SARAXBORI OROMIJON” MISOLIDA) Nodira Haydarova Yunus Rajabiy nomidagi O‘zMMSI Mustaqil tadqiqotchi (PhD). https://doi.org/10.5281/zenodo.17792125 Annotatsiya. Mazkur maqolada Sherali Jo‘rayev ijro repertuari ko‘lami, an’anaviylik unsurlari, milliy maqom sa’nati asarlariga murojaati yoritilgan. O‘zbek va tojik Shashmaqomining Dugoh maqomi tarkibi sanalmish Saraxbori Oromojonning talqin masalasi, tahlili Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli, Sherali Jo‘rayev va bir nechta yakka ijrolar bilan qiyosiy tahlili maqola mazmunida o‘z aksini topgan. Kalit so‘zlar: Saraxbor, Oromijon, usul, an’ana, milliy, maqom, Shashmaqom, Dugoh, talqin, tahlil Аннотация. В данной статье анализируются масштаб исполнительского репертуара Шерали Жураева, проявления традиционности в его творчестве, а также обращение к произведениям национального искусства макома. В статье рассматривается проблема интерпретации и проводится анализ Сарахбора Оромиджона — компоненты Дугах макома узбекского и таджикского Шашмакома — в сравнительном аспекте на примере версий ансамбля макома имени Юнуса Раджабий, Шерали Жураева и ряда сольных исполнений. Ключевые слова: Сарахбор, Оромиджон, усул (ритм, метр), традиция, национальный, маком, Шашмаком, Дугах, интерпретация, анализ Abstract. In this article, the scope of Sherali Juraev’s performance repertoire, the manifestations of traditionality in his work, and his engagement with the works of the national art of maqom are analyzed. The article examines the issue of interpretation and provides an analysis of Sarakhbor Oromijon — a component of the Dugoh maqom of the Uzbek and Tajik Shashmaqom — in a comparative perspective, based on the versions performed by the Yunus Rajabiy Maqom Ensemble, Sherali Juraev, and a number of solo performers. Key words: Sarakhbor, Oromijon, usul (rhythmic, meter), tradition, national, maqom, Shashmaqom, Dugoh, interpretation, analysis. Milliy mumtoz ashula san’atida asl javohir kabi yashab, tinglovchilar va shinavandalar qalbidan munosib joy olib kelayotgan, qayta – qayta tinglasada qalbga olam-olam huzur bag‘ishlaydigan, millatimiz faxri bo‘lgan an’anaviy musiqa me’rosimizning nodir namunalari talaygina. Bu kabi asarlarning ijodkorlari, maromiga yetkazib ijro etgan ustalari bu foniy dunyoni tark etgan bo‘lsalarda, lekin ulardan keyin ham o‘lmas asarlar safida yashayotgan, kelajak avlod tomonidan ham munosib ardoqlanayotgan boqiy asarlardan biri “Saraxbori Oromijon”ni Sherali Jo‘rayev talqinida tinglab asar tarixi va tahliliga yondoshishga jazm etdik. O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, “Alisher Navoiy” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Sherali Jo‘rayev ijodiy merosi o‘rganilishi, yetuk ijodkor sifatida nomini adabiylashtirilishi davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgani e’tirofga loyiq tashabbus bo‘ldi. Prezident 2024-yilning 16 fevral kuni Andijon viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishidagi asosiy masalalaridan birida o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirgan mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev nomini barcha alohida hurmat bilan esga olishini ta’kidladilar. 262 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) Shuningdek, Andijon shahridagi san’at maktabiga Sherali Jo‘rayev nomini berish taklifini ilgari surdilar. Bu maktabi Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv va turar joy binosi, zarur infratuzilma obyektlari barpo etiladi, shuningdek, Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi -deya kelgusi rejalarni faxr bilan e’lon qildilar. “Agar umri davomida adolatsizlik bo‘lmaganda edi, balki hozir Sherali Jo‘rayev yonimizda bo‘lar edi. Sherali Jo‘rayev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyevaga o‘xshagan insonlarni ta’riflashga baholar yetmaydi, haqiqatdan hozir bunday insonlar yetishmaydi” deydi davlat rahbari ushbu chiqishlarida. [10, 11] Sherali Jo‘rayev 2023yilning 4-sentabr kuni 76 yoshida yorug‘ olamni tark etganlar. “Saraxbori Oromijon” ashulasi qator san’atkor usta hofizlar, maqom xonandalari, ansambl va yosh ijrochilar tomonidan maromiga yetkazib kuylangan, asar ijrochilar repertuarini bezagan va shinavanda tinglovchilar orasida o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Maqom ashulalarini talqin etishda ijro mahorati bilan birga keng 2, 3 oktava ovoz diapazoni kerak. Dugoh maqomi birinchi guruh sho‘basida Saraxbori Dugoh bo‘lsa, ikkinchi guruh sho‘basida ham yana bir Saraxbori Oromijon o‘rin olgan. Bu ashula yo‘lining boshqalaridan farqli jihati talqincha, qashqarcha va soqiynomalar uchramaydi. Saraxbori Oromijon uch qismli turkum. Saraxbori Oromijon, Oromijon, Ufari Oromijon. “Mazkur ashula yo‘llari ijro etilayotganda “oromijon” so‘zi ba’zi baytlardan keyin qo‘shib aytiladi. Shu sababli mazkur sho‘ba Oromijon deb atalgan.” [1: 96] Shashmaqom tarkibida biror sho‘ba yoki shaxobchasi Saraxbor deb yuritilmaydi. Saraxbor bu bosh axborot beruvchi, bosh mavzu ma’nosida qo‘llanilib, zarbul qadim usulida ifodalanadi va Shashmaqomda olti maqom Nasr bo‘limining bosh habar beruvchi asosiy ashulasidir. Shashmaqomda Saraxbori Buzruk, Saraxbori Rost, Saraxbori Navo, Saraxbori Dugoh, Saraxbori Segoh va Saraxbori Iroqlar asosiy bosh mavzuni ifodalovchi ashula bo‘lib keladi. Boshqa sho‘balarda Saraxborlar uchramaydi. Dugoh to‘rtinchi maqom tarkibida esa 2 ta Saraxbor turkumi mavjud bo‘lib, birinchisi Nasr bo‘limi birinchi guruh sho‘basini boshlab beruvchi Saraxbor va oltita taronasi bo‘lsa, ikkinchisi Nasr bo‘limi ikkinchi guruh sho‘basini yakunlab beruvchi Saraxbori Oromijon, Oromijon, Ufari Oromijon ashulalarini jamlagan turkum ham Saraxbor deb ataladi. Bu asarni qadim Buxoro amirligi hofizlari o‘ziga hos uslubda va boshqa so‘zga ijro etgan. Bugungi kunga qadar og‘zaki an’anada ustozdan-shogirdga o‘tib kelgan. Ushbu asarni qardosh tojik xalqi tojik tilidagi Hofiz so‘ziga ijro etgan bo‘lsa, xalqimizda Yunus Rajabiy Zaxiriddin Muhammad Bobur Mirzoning “Topmadim” radifli g‘azaliga moslashtirib maqom xonandalariga ijro ettirganlar. Shashmaqomning V. A. Uspenskiy tomonidan amalga oshirgan ilk nota to‘plami “Шесть музыкальных поэм (маком)” da “Saraxbori Oromijon” uchramaydi. Akademik Yunus Rajabiy 1958 -yil Shashmaqomni notaga olish ishlarini boshlaganda O‘zbekiston bo‘ylab maqom ijrochilarini qidirgan. Maqomlarimizni yaxshi bilgan Borux Zirkiyevdan besh oy davomida 82 tadan ortiq asosan birinchi guruh sho‘ba ashulalarini yozib olgan. “Saraxbori Oromijon”, “Oromijon” va “Ufari Oromijon”ni esa Yoqub Davidov ijrosida yozib olgan. “Shashmaqom ashula yo‘llari Buxorolik maqomdonlar Borux Zirkiyev, Mixail Tolmasov, Mixail Mullaqandov va Yoqub Davidovlar ijrosida yozib olingan.” [2:130] Borux Zirkiyev O‘zbekiston radiosi huzuridagi maqom ansamblida konsultant bo‘lib ishlaydi. Maqom ansambli qisqa vaqt ichida Shashmaqom yo‘llarini magnitolentalariga yozdirib, ularni targ‘ib qilish ishlarini boshlab yuborgan. “Saraxbori Oromijon”, “Oromijon” va “Ufari Oromijon” ashulalari Yunus Rajabiy tomonidan notaga olinib dastlab “O‘zbek xalq muzikasi” IV-jildiga kiritilgan. [5:10, 14, 19] Asar ushbu to‘plamda re lokriy (gipofrigiy) ladida berilgan. 263 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) Shashmaqomning Mushkilot va Nasr bo‘limi to‘liq o‘rin olgan “O‘zbek xalq muzikasi”ning V-jildida [6: 622,628,634] esa ushbu asarlar re miksolidiy ladida o‘z ifodasini topgan. Saraxbori Oromijon turkumining Dugoh maqomi tarkibiga kiritilishi sababi Oromijon lad-tovushqatorining Dugoh maqomi ladi bilan uyg‘unligida deb xulosa qildik. O‘zbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyev o‘zining “Saraxbori Oromijon” nomli video materialida “Saraxbori Oromijon - Oromijon pardaga asoslangan nom bilan ataladi” -deya tarif berganlar. [13: 0:28 daqiqa] Demak, “Saraxbori Oromijon” ashulasi Saraxbor usuli, Oromijon pardasida ijro etiluvchi ashula degan fikr xulosalandi. Ushbu Oromijon pardasi Yunus Rajabiyning “Shashmaqom IV Dugoh” nota to‘plamida [4: 119, 122, 127 ] lya notasidagi “+” belgisi bilan ko‘rsatib qo‘yilganini kuzatishimiz mumkin. Ushbu belgi “lya dan yuqoriroq, ba’zan lya# gacha boradi”- degan izoh bilan biriktirilgan. Is’hoq Rajabov o‘zining “Maqomlar masalasiga doir” risolasida “Dugoh maqomini tanburda sakkizinchi parda lya dan” [7: 132] degan ko‘rsatmasini ham unutmasligimiz kerak. Maqomlar alohida jild qilingan nota to‘plami Dugohda esa “Saraxbori Oromijon” asari fa# lokriy (gipofrigiy) ladida notaga olingan va lya pardasi ham asosiy pog‘ona sifatida asar davomida qayta – qayta “+” belgi bilan ta’kidlangan. Shu o‘rinda asarning nota to‘plamlardagi turli ko‘rinishlarga oydinlik kiritsak: - “ “Oromijon Saraxbori” (“Saraxbori Oromijon” V.622 – 626-betlar), “Oromijon” (V.628 – 632betlar) – Bobir she’rlari, “Ufari Oromijon” esa (V. 634 – 636betlar) Furqat she’ri bilan Yoqub Davidov ijrosida 1953yilda yozib olingan edi. O‘zbekiston radiosi maqom ansambliga o‘rgatilishida kuy yo‘lining ayrim qismlari soddaroq ijro etilganligi sababli ashulaning ko‘pgina joylarini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. 1963-yilda bu ashulalar qaytadan ko‘rib chiqilib, mukammallashtirildi (Sh., IV. 119 – 128betlar).” [3:104] Maqomlar ma’lum ladga mos keladigan kuy va ashulalar yig‘indisi bo‘libgina qolmay, ular boshlanadigan pardalarni ham ifodalaydi. “Saraxbori Oromijon” turkumida Muxayyari Chorgoh namudi qo‘llaniladi. Masalan, “Saraxbori Oromijon”da 81134 taktgacha (Sh., IV. to‘plamning 120-121 betlari) ushbu namud ishlatilgan bo‘lsa, “Oromijon”da 117161 taktlarda ham Muxayyari Chorgoh namudi kelgan (124-125 betlar). “Ufari Saraxbori Oromijon”ning 47-71 taktlarida (128bet) ham ushbu namudni kuzatish mumkin. [8: 200] Saraxbori Oromijon ashulasining usuli Saraxborlar kabi doira usulida ijro etilib, tuzilishi – cholg‘u muqaddima, daromad, o‘rta pardalarda ijro etiladigan miyonxat, Muxayyari Chorgoh namudi, va tushirim ya’ni furovard qismlaridan tarkib topgan. Odatda Sarxborlarga o‘qiladigan she’r vaznlari to‘rtta. [8: 212]. 264 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) Ulardan Saraxbori Oromijon asariga “muzorei musammani axbori maqfufi mahzuf” Mafuvlu – foilotu – mafoiylu – foilon vaznidagi she’rlar mos keladi. Asarga Bobur qalamiga mansub 7 bayt (14 misra)li an’anaviy g‘azal hajmiga mos “Topmadim” radifli, “-or” qofiyali g‘azali tanlab olingan. Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim, Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim. Taxminlarga ko‘ra shox, sarkarda Zahiriddin Mirzo Bobur “Topmadim” g‘azalini 15001501 yillarda yozgan. 17 yoshda shoir mazkur g‘azali bilan ruhiy tushkunlikni, turli jang-u jadallardan ezilganini, ichki kechinmalarini aks ettirgan. “Boburnoma” da ham ushbu g‘azal haqida qisqacha ma’lumot uchraydi. G‘azalni bir misrasini ustoz, O‘zbekiston xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyev ham mazmunli sharxlab berganlar [13: 8:50 daqiqa] Bobur Mirzoning ushbu g‘azali juda nozik va mazmundor asar bo‘lib, tahlil qilish uchun bir necha asosiy nuqtalarga e’tibor qaratamiz. Bobur ushbu g‘azalida insonning muhabbat va sadoqat izlashdagi iztiroblari, vafosiz dunyoni va nafsning ochko‘zligini tasvirlaydi. Shoirning asosiy xulosasi shuki: jonidan ortiq, haqiqiy va vafodor yor topmagan, sevgida o‘ziga munosib shaxsni uchratmagan. Shuningdek, ko‘ngulning telbaligi va asirligi, aqldan ko‘ra ko‘ngilning hukmronligi tasvirlanadi. “Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim” — jon va o‘zligidan ortiq sadoqatli yor topilmadi, bu yerda jon ham janon ma’nosida ifodalanadi. “Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim” — shoir ichki sirlarini tushunadigan hech kim topmay, faqat ko‘ngliga suyanadi. “Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo…” — ko‘ngil bir ko‘zni ko‘rib asir bo‘ldi, lekin bu uni hushyor emas, mast va telba qildi. G‘azalning asosiy g‘oyasi: dunyodagi ishq va vafo haqiqiy emas, inson o‘z ko‘ngli, o‘z ruhi bilan yolg‘iz qoladi. Odatda g‘azal ishqiy va falsafiy mazmunni jamlaydi, Boburning ushbu g‘azali ham shu janrning barcha talablari asosida yozilgan. Har bir bayt mustaqil mazmunli, lekin umumiy g‘oyaga xizmat qiladi. Radif va qofiya tizimi saqlangan. Masalan: topmadim — topmadim — ko‘rmadim — topmadim … Aruz vazni bilan yozilgan, juda ravon va ohangdor. Bu g‘azal Boburning ichki iztiroblari, ruhiy yolg‘izligi, o‘ziga munosib yor va vafoni topolmay, dunyodan ranjiganini ko‘rsatadi. U nafs, ehtiros va ko‘ngulning telbaligini, lekin shu bilan birga o‘zini tarbiyalashga chaqirishini ham bildiradi: Bobur, o‘zungni o‘rgatako‘r yorsizki, men Istab jahonni muncha qilib yor topmadim. Bobur nafaqat podshoh va sarkarda, balki chuqur ruhiy izlanishlar va falsafiy qarashlarga ega shoir sifatida ham namoyon bo‘lgan. Maqom ijrochiligida talqinlar, ijro maktablari turlicha. “Shashmaqom cholg‘u, ashula bo‘limidagi kuy va ashula yo‘llarining eshituvchilarga to‘g‘ri yetib borishi, ularga zavq va lazzat bag‘ishlay olishi ularni boshqa musiqa asarlari kabi yaxshi ijro etilishiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.” [8: 296] Maqom namunalarini maxsus bilim, malakaga ega bo‘lmay turib, sifatsiz ijro etish va targ‘ib qilish amaliyotida maqom san’ati, an’anaviy mumtoz musiqa merosimizga nisbatan yosh avlodda noto‘g‘ri tasavvur qoldirishi mumkin. Shashmaqomning Dugoh Nasr bo‘limi ikkinchi guruh sho‘basidan o‘rin olgan Saraxbori Oromijon ashulasi yuqorida ta’kidlaganimizdek ko‘plab mohir ijrochilar repertuaridan munosib o‘rin olgan. 265 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) Ushbu maqolani yoritishda ko‘plab misollar tinglandi misol uchun: Berta Davidova [14], Fatohxon Mamadaliyev [15], Barno Is’hoqova [16, Yunus Rajabiy nomidagi maqomchilar ansamblining 1959 -yildagi hamda shu ansamblning Faxriddin Sodiqov rahbarligida yozib olingan yozuvlar [12, 17], Rahmatjon Qurbonov [18], Sherali Jo‘rayev [19], Mastona Ergasheva [20], Mahmudjon Tojiboyev asarni tahlili bilan tayyorlagan video mashg‘ulotdagi ijrolari [21], o‘rta yosh avlod vakillaridan Gulzoda Xudoynazarova [22] va Hofiz g‘azaliga kuylangan ayrim tojik maqomdonlar [23] ijrosini sanab o‘tishimiz mumkin. Ushbu ro‘yhat sahifalarga ulanib davom etishi mumkin. Bu esa haqiqatdan asar ijrochilar repertuaridan munosib o‘rin olganining yana bir isboti. Ijro talqinlarining ayrimlarini qiyosiy tahlili quyidagicha: 1-jadval t/r Ijrochi FIO Asar matni va tili Ijro etilgan shakl Asar ladi va usuli Asarning QR havolasi 1 Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli Bobur g‘azaliga o‘zbekchaturkiy,forsiy so‘zlar cholg‘u muqaddimasi, daromad, miyonxat, (Muxayyari chorgoh namudi) avj, katta avj, furovard Saraxbor usuli va ladida ijro etilgan 2 Barno Is’hoqova Hofiz g‘azali tojikcha cholg‘u muqaddimasi, daromad, miyonxat, (Muxayyari chorgoh namudi) avj, katta avj, furovard Saraxbor usulida boyitilgan zarblar ham bor – bum bak, bum, bak-ka 3 Raxmatjon Qurbonov Bobur g‘azaliga o‘zbekchaturkiy, forsiy so‘zlar cholg‘u muqaddimasi, daromad, miyonxat, (Muxayyari chorgoh namudi) avj, katta avj, furovard Saraxbor usuli va ladida ijro etilgan 4 Sherali Jo‘rayev Bobur g‘azaliga o‘zbekchaturkiy,forsiy so‘zlar cholg‘u muqaddimasi, daromad, miyonxat, (Muxayyari chorgoh namudi) avj, furovard Saraxbor usuli boyitilgan zarblar ham bor – bak, bak-ka, bumbak-ka, bak-ka, bum Asarlarni tinglab tahlil qilishda you tube videohostingiga murojaat etildi. Namunali maqom ansambliga ilk bor Yunus Rajabiy 1958 -yil ijro ettirgan Saraxbori Oromijon asarining yozib olingan variantida asar salobatli, keng ovoz hajmi bilan ifodalangan. Ansambl ijrosi bo‘lgani uchun asar avj nuqtasiga galma – galdan miyonxatni tayyorlovidan olib chiqilgan va kichik hamda katta avjlardan so‘ng asarning furovard qismiga tushirilgan. 266 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) Barno Is’hoqova mayin, yoqimli ovozi bilan nozik tabiat xarakterida, tojikcha Hofiz g‘azaliga ijro etganlar. Ijroda “oromijon-ey” so‘zlari va zamzamayu, hanglari juda nafislik bilan tinglovchiga yetkazib berilgan. Raxmatjon Qurbonov esa bilamizki moxir hofiz, ovoz diapazoni keng, ko‘plab maqom asarlari va suvoralarni maromiga yetkazib ijro etgan. Saraxbori Oromijon ularning ijrosida hang va nolalarida shevaga hos Suvoracha ohang nolalari bilan betakror ijro bo‘lgan. Asarning dastlabki taktidanoq ijrochining professional yondashuvi sezilib turadi. Yuqorida ijrolariga ta’rif berilgan hofizlarning asosiy faoliyati maqom ijrochilik maktablariga xos. Maqom xonandaligi namoyondalari. Sherali Jo‘rayev ijodi esa asosan milliy mumtoz musiqa bilan yo‘g‘rilgan o‘ziga hos ijro malakasiga ega hofiz, bastakor, repertuaridagi aksariyat asarlarining muallifi o‘zlari bo‘lgani uchun o‘z ijrochilik an’anasini Saraxbori Oromijon ijrosida ham saqlab qolgan. Hofizning aksariyat ijrolari tor cholg‘usi jo‘rligida amalga oshirilgani uchun shinavanda tinglovchilar qalbidan alohida o‘rin olgan. Sherali Jo‘rayevning asar kuyi va unga aytiladigan sheʼr mazmunini yaxshi bilishi, uni eshittirishda yuksak maxorat bilan yetkaza olishi juda muhimdir. Agar maqom yoʻllari har tomonlama yuksak-badiiy sanʼatda ijro etilmasa, tinglovchilarga taʼsir etib bormasligi ham mumkin. Bu masalada ayrim maqomdon ustozlarning fikrlarini toʻgʻri, deb boʻlmaydi. Ular maqom cholgʻu yoʻllari hamda Saraxbor bilan Savt yoʻllarining doira usuli surati juda sust boʻlib kelgani uchun hozirgi kunda ham ular shunday ijro etilishi kerak, deb hisoblaydilar. Bu fikr bizningcha notoʻgʻri, albatta. Hozirgi kunda cholg‘uchi va hofizlarning ijro etish imkoniyatidan kelib chiqib, maqom yoʻllari doira usuli suratini oʻzgartirish, to‘ldirish orqali tinglovchilar doirasini yanada kengaytirish mumkin. Maqomlar oʻz tarixiy shakllanishining dastlabki kunlaridan boshlab, bugungi kunga qadar bir qolipda qotib qolmadi, balki oʻzgarib, rivojlanib, boyib bordi. Sherali Jo‘rayevning ijrosidagi aynan usuldagi zarb bezaklari bilan boyitilishi, tor cholg‘usidagi musiqiy jumlalari xalqimiz shinavandalari orasida Saraxbori Oromijonning yanada ommalashishiga sabab bo‘lmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Asarda Sh. Jo‘rayev katta avjni tushirib qoldirgan. Taxminlarga ko‘ra tinglovchilar doirasidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Tarmoqda aniqlangan ijro xalq bazmi davrasida yozib olingan bo‘lib, maxsus professional studiya yozuvi aniqlanmadi. Chunki hofiz Sherali Jo‘rayev ashulalarining hech biri avjlarsiz emas. Shinavandalar ham ijrochidagi aynan avjlardagi ekstazni olqishlab, ijrochiga ruh berib, turli hayqiriqlarni ifodalab tinglashlari hech kimga sir emas. Ya’ni o‘sha “Birinchi muhabbatim”, “Gulbadan”, “O‘zbegim” kabi qator mualliflik ashulalarini yaqqol misol qilish mumkin. Sherali Jo‘rayev ijro repertuaridan bu kabi maqom asarlari munosib o‘rin olgan. Keyingi ishlarda “Navro‘zi Ajam” asari ijro talqinini tahlil qilishni maqsad qildik. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Saraxbori Oromijon yoshu qari orom olib tinglaydigan asar. Oʻzbekiston va Tojikistonning turli shahar, viloyat va vodiylaridagi hofizlar ijro etish uslubida tabiiyki baʼzi farqlar mavjud. Masalan, maʼlum maqom yoʻli Buxoro va Samarqandda bir turda ijro etilsa, Fargʻona va Toshkentda boshqacha. Xoʻjand va Tojikistonning boshqa viloyatlarida bir xil, Xorazmda esa yana boshqa uslubda ijro etiladi. Bunday tartib sheʼr matniga ta’sir qilgani yuqorida ko‘rildi. Maqom kuy va ashulalarini ijro etish uslubida ular orasida baʼzi farqlar bor. FOYDALAILGA ADABIYOTLAR 1. Rajabov Is’oq. Maqom asoslari. Ikkinchi nashr. // Yangi asr avlodi., Toshkent 2019 267 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 (Special issue) 2. Аҳмедов М. Юнус Ражабий. // - Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент 1980 3. Ражабий Ю. Музика меросимизга бир назар. // - Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент 1978 4. Ражабий Ю. Шашмақом IV Дугоҳ. // - Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент 1972 5. Ражабий Ю. Ўзбек халқ музикаси IV. // ЎзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти., Тошкент 1958 6. Ражабий Ю. Ўзбек халқ музикаси V. // ЎзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти., Тошкент 1959 7. Ражабов И. Мақомлар масаласига доир. ЎзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти., Тошкент 1963 8. Ражабов И. Мақомлар. San’at., Тошкент 2006 9. https://ok.ru/video/347500905966?fromTime=275 10. https://www.gazeta.uz/oz/2024/02/16/ 11. https://kun.uz/news/2024/02/16/ 12. https://youtu.be/_muMnbDeWSY 13. https://youtu.be/OnM7t06DeqE?si=GM0atBHvhApxr2wP 14. https://youtu.be/mIxC22ZYjuU?si=x_tb1pXtr37Mr0z0 15. https://youtu.be/caNfzOtb1ps?si=m2SH3nVkbCvFoLNq 16. https://youtu.be/HKbcrKRBDWg?si=w7m1WNlk-Ssv5pJq 17. https://youtu.be/NkSvboV8JRQ?si=Cf3EEkTgIwo-aREX 18. https://youtu.be/ouTyuCbb248?si=UeqkyPkfq59aoc8r 19. https://youtu.be/c-IRgUm_aQ0?si=2jSAyhmJmrK5Awg20. https://youtu.be/cOzaadpbAUk?si=TdP6FbI-Oaq7pLcn 21. https://youtu.be/OnM7t06DeqE?si=QwCETIiQtoSk3k1f 22. https://youtu.be/535OCuZSWuE?si=GhKHwK8f2ethP6vc 23. https://youtu.be/63R2MbbyVqw?si=rpv37-OiYpidIkah