scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

NAZAR ESHONQULNING "MAYMUN YETAKLAGAN ODAM" HIKOYASIDA FRAZEOLOGIZMLARNING LINGVOPOETIK TAHLILI

Shodiyeva Zulfizar

Abstract

Ushbu maqolada Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi frazeologik birliklar lingvopoetik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Tadqiqotda frazeologizmlarning matndagi psixologik, ijtimoiy va metaforik funksiyalari yoritiladi, ularning qahramon ruhiyati, ijtimoiy kontekst va badiiy tasvir bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi. Iboralarning denotativ ma’nosi saqlangan holda, konnotativ qatlamlari va kognitiv transformatsiyasi o‘rganiladi. Maqolada frazeologizmlarning matnning poetik estetikasi va lingvopoetik yaxlitligiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, muallif idiolektiga xos ifoda vositasi sifatida roli tahlil qilinadi.

Full text

INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 793 NAZAR ESHONQULNING “MAYMUN YETAKLAGAN ODAM” HIKOYASIDA FRAZEOLOGIZMLARNING LINGVOPOETIK TAHLILI Shodiyeva Zulfizar NavDU, O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 1-kurs magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.17830231 Annotatsiya: Ushbu maqolada Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi frazeologik birliklar lingvopoetik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Tadqiqotda frazeologizmlarning matndagi psixologik, ijtimoiy va metaforik funksiyalari yoritiladi, ularning qahramon ruhiyati, ijtimoiy kontekst va badiiy tasvir bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi. Iboralarning denotativ ma’nosi saqlangan holda, konnotativ qatlamlari va kognitiv transformatsiyasi o‘rganiladi. Maqolada frazeologizmlarning matnning poetik estetikasi va lingvopoetik yaxlitligiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, muallif idiolektiga xos ifoda vositasi sifatida roli tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: frazeologizm, lingvopoetika, badiiy matn, kontekstual semantika, metafora, psixologik tasvir, semantik transformatsiya. Badiiy matnda obraz yaratish jarayoni nafaqat tashqi tasvir, balki u orqali ochiladigan ruhiy holat, ijtimoiy fon, emotsional tus, yashirin ma’no qatlamlari bilan belgilanadi. Tasviriy vositalar, frazeologik birliklar, metaforik ko‘chimlar, intertekstual ishoralar mazkur qatlamlarni shakllantiradi va matnning umumiy poetikasini belgilaydi. Ushbu maqolada keltirilgan iboralar tizimli ravishda semantik-funksional va lingvopoetik nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Matndagi asosiy semantik yadroni sovuqlik, begonalik, qo‘rquv, yolg‘izlik, fojiaviylik kabi ma’no maydonlari tashkil etadi. Ular turli vositalar orqali o‘zaro uyg‘unlashib, murakkab ruhiy makonni yaratadi. Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida qo‘llangan frazeologik birliklar asardagi tasviriylikni kuchaytirish, qahramonlarning psixologik holatini aniqlik bilan ko‘rsatish hamda voqelikning ichki qatlamlarini ochishda muhim pragmatik vazifani bajaradi. Hikoya matnida uchraydigan ushbu barqaror birikmalar o‘zbek tilining frazeologik sistemasida shakllangan umumxalq ma’nolari bilan bir qatorda, muallif kontekstida qo‘shimcha semantik yuklanishlarga ega bo‘lib chiqadi. Shu ma’noda, matndagi “yuragi g‘ash tortishi”, “kayfiyati buzilishi” kabi iboralar qahramonning subyektiv hissiyoti bilan bog‘liq bo‘lib, ularning kontekstual qo‘llanishida psixologik fon ustuvorlik qiladi. Bu turdagi iboralar insonning ruhiy beqarorlik holatini, ichki noxush sezgilarini barqaror shakldagi tasvir bilan ifodalaydi. “Qoboqlari soliq, soqoli qirilmagan” detali esa metonimik tasvir bo‘lib, tashqi unsurlar orqali ichki charchoq va ruhiy iztirob ko‘rsatiladi. Soliq qovoqlar — hayot yukining og‘irligi, to‘xtovsiz tashvishlar ramzidir. Soqolning qirilmaganligi esa o‘ziga e’tiborning yo‘qligi, ichki beparvolikni ham ifodalaydi. Hikoyada uchraydigan eng kuchli ekspressiv birliklardan biri — “eti junjikmoq” iborasidir. Lug‘aviy talqinda u “seskanmoq, qo‘rqib ketmoq” ma’nosini anglatadi. Adabiyotlarda, xususan P. Qodirov “Yulduzli tunlar” asarida ham bu ibora qo‘llanib, kuchli INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 794 hissiy zarba effektini beradi. Nazar Eshonqul matnida esa ibora qahramon ovozining sovuqligi bilan bog‘lanib, qo‘rquvning fiziologik reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu tariqa frazeologizmning dennotativ ma’nosi saqlanadi, ammo uning konnotativ qatlamiga ruhiy beqarorlik, hatto xavotir aralashgan qo‘rquv unsuri qo‘shiladi. “Dong qotmoq” iborasi ham hikoyada muhim semantik yuk ko‘taradi. O‘zbek frazeologiyasida bu birikma kutilmagan voqea ta’sirida karaxt holatga tushishni bildiradi. Tahlil qilinayotgan matnda esa u tasvirlangan suratlarning mazmuni bilan bog‘liq bo‘ladi: panjarali kameralar, yonayotgan qishloq, vahimadan dong qotgan olomon tasviri iboraning ma’noviy-situativ asosini kuchaytiradi. Kontekstda ibora voqelikning shunchalik dahshatli ekanini bildiradiki, hatto tasvirlangan odamlar ham, uni kuzatuvchi o‘quvchi ham ruhiy jimlikka mahkum bo‘ladi. Bu yerda frazeologizmning semantik tarkibi kengayib, tasviriylik vositasidan ko‘ra, voqeaning estetik va psixologik talqiniga xizmat qila boshlaydi. “Pompeyaning so‘nggi kuni”ga qiyos — bu intertekstual ishora, tarixiy fojiaga murojaat bo‘lib, tasvirning dramatik kuchini bir necha baravar oshiradi. Matnda uchraydigan “go‘riga tosh otish” iborasi esa ijtimoiy-falsafiy mazmunning frazeologik ko‘rinishi bo‘lib, “kimnidir yomonlash, dushmanlik qilish” ma’nolarini bildiradi. A. Qahhor asarlarida ham uchraydigan ushbu birikma xalqning munosabatini ifodalashda kuchli semantik kontrast yaratadi. Hikoyadagi qo‘llanishi orqali frazeologizm nafaqat harakatni, balki jamiyatning beqaror e’tiqodi, oson rad etish va tez unutuvidan iborat ijtimoiy xulq modelini ham bildiradi. Shu tariqa iboraning leksik-semantik tarkibi muallif kontekstida ijtimoiy psixologik jarayonlarning til vositasidagi timsoliga aylanadi. Hikoyada uchragan “chuqur o‘yga tolmoq” iborasi esa sof psixologik jarayonning barqaror nomi bo‘lib, fikrning ichki yo‘nalishini bildiradi. Sh.Xolmirzayev, T.Malik kabi yozuvchilarning matnlarida ham keng qo‘llanadigan ushbu frazeologizm umumxalq ma’nosida “uzoq fikrlamoq” mazmunini anglatadi. Ammo Nazar Eshonqul matnida uning qo‘llanishi qahramonning ruhiy holatini tasvirlashda, uning hayotiy tanlovlarini, ichki qarama-qarshiliklarini ko‘rsatishda vosita sifatida ishlatiladi. Ibora struktur jihatdan sodda bo‘lsa-da, kontekstda semantik–pragmatik kenglik kasb etadi. Hikoyadagi boshqa “yuragi g‘ash tortishi”, “kayfiyati buzilishi”, “puturdan ketayotgan umrning tanazzuli” kabi birliklar esa asosan metaforik-frazeologik tusga ega bo‘lib, badiiy matnning umumiy kayfiyatini yaratishda faol qatnashadi. “Qo‘lansa hid” bilan bog‘liq iboralarning qo‘llanishi esa frazeologik birlik bo‘lmagan bo‘lsa-da, frazeologizmlarning umumiy semantik maydoniga yaqin: ular kishi ongida tanazzul, eskirgan hayot, ichki chirish obrazini hosil qiladi va shu orqali frazeologik birliklar bilan semantik uyg‘unlikda ishlaydi. Nazar Eshonqul uslubida frazeologik birliklar, odatda, o‘zining an’anaviy lug‘aviy ma’nosidan tashqariga chiqib, kontekstual sememalarni hosil qiladi. Masalan, “yuragi g‘ash tortmoq” iborasi oddiy hissiy noqulaylikni emas, balki qahramonning cholga nisbatan ichki xavf sezgisini anglatadi. Bu yerda iboraning semantik yadrosi saqlangan bo‘lsa-da, pragmatik maydoni kengayadi: ibora ichki sezgi, bilinmas tashvish, ontologik beqarorlikning til vositasiga aylanadi. Frazeologizmlarning kontekstual o‘zgarishi semantik transformatsiya jarayonini ko‘rsatadi. Tilshunoslikda frazeologik birliklar o‘z ma’nosi kengayganida yoki torayganida kontekstga mos ravishda yangi semalar hosil qiladi. Hikoyadagi “eti junjikmoq” iborasini olaylik: u qo‘rquv yoki seskanishning fiziologik ko‘rinishini bildiradi. Biroq matn kontekstida bu ibora sovuqqonlik, insoniylikdan begonalashish, hatto qahramonning ichki noaniqlik hissi bilan yo‘g‘riladi. Shunday qilib, ibora tarkibiga qo‘shimcha “ruhiy titroq” semasi kirib keladi. Bu — frazeologik birlikning konnotativ qatlamini kuchaytirish orqali poetik ma’no yaratishning yorqin misolidir. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 795 Frazeologizmlarning tarkibiy (struktur) xususiyatlari ham e’tiborga molikdir. “O‘yga to‘lmoq”, “dong qotmoq” kabi birliklar fe’lli frazeologizmlar bo‘lib, harakatni, jarayonni bildiradi. Fe’lli frazeologizmlar badiiy matnda dinamika yaratadi, qahramon ruhiyati va voqea rivojini harakat timsolida ko‘rsatadi. Boshqa tomondan, “istarasi sovuq”, “puturdan ketgan umr” kabi birikmalar sifatdosh-otli frazeologizmlar bo‘lib, statik tasvir hosil qiladi, ya’ni obyektning holati yoki belgisini ifodalaydi. Hikoyada ushbu ikki turdagi frazeologizmlarning uyg‘un qo‘llanishi matnning ritmik va semantik balansi uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari, frazeologizmlarning metaforik tabiati hikoya tilida alohida obrazlar tizimini yaratadi. “Puturdan ketgan umrning tanazzuli” iborasi metaforik-frazeologik kompleks bo‘lib, odam umrining shikast topishi, hayotning yemirilishi, ruhiy charchoq va eskirish obrazlarini birlashtiradi. Bu kabi metaforik birliklar muallifning lingvopoetik mahoratini yaqqol ko‘rsatadi: u hayotiy jarayonlarni fizik jarayonlar metaforasi orqali ifodalaydi. Frazeologizmlarning hikoya matnidagi faol ishlatilishi, avvalo, muallifning kognitiv uslubini ham ko‘rsatadi. Zero, har bir frazeologik birlikning ortida ma’lum mental model, xalq tafakkurida shakllangan dunyo tasviri mujassam bo‘ladi. Masalan, “yuragi g‘ash tortmoq”, “eti junjikmoq”, “dong qotmoq” kabi iboralar insonning hissiy holatini tana orqali ifodalaydigan qadimiy konseptlarga borib taqaladi. O‘zbek xalq tilida ruhiy jarayonlarni jismoniy hislar bilan ifodalash — bu metaforik tafakkurning asosiy mexanizmlaridan biri. Lakoff va Jonson ta’biricha, inson abstrakt holatlarni anglashda tanaviy tajribaga tayanadi. Hikoyadagi frazeologizmlar aynan shu mexanizmga asoslanadi: qo‘rquv tananing junjikishi orqali, karaxtlik “dong qotish” orqali, noxush sezgi esa “g‘ash tortish” orqali konseptual darajada ifodalanadi. Kognitiv nuqtayi nazardan qaralganda, frazeologizmlar matnda ikki bosqichda ishlaydi: birinchisi — mavjud tayyor ramzlar orqali ma’no yetkazish, ikkinchisi — muallif ularni yangi kontekstga joylashtirib, yangi mental model yaratuvchi vosita sifatida foydalanadi. Masalan, “puturdan ketgan umrning tanazzuli” iborasi xalqona “puturdan ketmoq” birikmasining semantik maydonini kengaytirib, hayotning izdan chiqishi, ruhiy yemirilishning ham metaforasiga aylantiradi. Bu jarayon kognitiv metafora nazariyasiga ko‘ra “hayot = jismoniy obyekt” modelining aktual bo‘lishini ko‘rsatadi. Ya’ni, inson hayotdagi jarayonlarni biror moddiy narsa singari ko‘z oldiga keltiradi, uning buzilishi yoki yemirilishini ham shunday idrok qiladi. Frazeologizmlarning mental asoslari qahramon tasvirida ham yaqqol ko‘rinadi. “Istarasi sovuq” iborasi shaxsning ichki xususiyatini tashqi ko‘rinish metaforasi orqali ifodalaydi. Odamning yuzi, qarashi, qiyofasi uning ma’naviy portretining ko‘zgusi sifatida tasavvur qilinadi. Bu esa xalq mentalitetida mavjud bo‘lgan “tashqi ko‘rinish — ichki dunyoning belgisi” modeliga borib taqaladi. Nazar Eshonqul bunday birliklardan foydalanar ekan, xalq tafakkurida shakllangan qadimiy konseptual tizimni qayta jonlantiradi va uni zamonaviy badiiy matnga moslaydi. Shunday qilib, frazeologizmlar bu hikoyada nafaqat badiiy bo‘yoqdorlikni ta’minlaydi, balki xalq mentalitetining chuqur qatlamlarini badiiy matnga olib kiradi, qahramonning ruhiy olamiga kognitiv asos yaratadi, voqealarning psixologik manzarasini ongda jonlantiradi. “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida qo‘llangan frazeologizmlar tilshunoslik nuqtayi nazaridan qaralganda, barqaror birliklarning kontekstual semantik transformatsiyasi, funksionalsemantik kengayishi va pragmatik talqinini namoyon etadi. Ular badiiy tasvirning ichki mexanizmini tashkil etib, matnning mazmuniy-falsafiy qatlamlarini til vositasida ifodalashga xizmat qiladi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 796 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Nazar Eshonqul. Saylanma. I tom. Toshkent, Akademnashr, 2022. 2. Shavkat Rahmatullayev, Nizomiddin Mahmudov va boshq. O‘zbek tili frazeologik lug‘ati. Toshkent – 2022.