scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

INGLIZ TILIDA JTIMOIY REKLAMA TILINING SEMANTIK VA STILISTIK XUSUSIYATLARI

Xaliqulova Musharraf Egamnazar qizi

Abstract

Ushbu maqola ijtimoiy reklama matnlarini nazariy va amaliy nuqtai nazardan tahlil qilish, uning asosiy funksiyalari, kommunikativ xususiyatlari hamda zamonaviy jamiyatdagi o‘rnini yoritishga qaratilgan. Maqolada ijtimoiy reklama tilining semantik va stilistik xususiyatlari, ularning o‘zaro uyg‘unligi hamda jamiyat ongiga ta’sir mexanizmlari chuqur tahlil qilinadi. Mazkur yondashuv ijtimoiy reklamaning kommunikativ samaradorligini oshiruvchi lingvistik omillarni aniqlash imkonini beradi hamda ijtimoiy ong shakllanishida tilning o‘rni qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Full text

INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 810 INGLIZ TILIDA JTIMOIY REKLAMA TILINING SEMANTIK VA STILISTIK XUSUSIYATLARI Xaliqulova Musharraf Egamnazar qizi O‘qituvchi, Navoiy Davlat universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.17830403 Annotatsiya: Ushbu maqola ijtimoiy reklama matnlarini nazariy va amaliy nuqtai nazardan tahlil qilish, uning asosiy funksiyalari, kommunikativ xususiyatlari hamda zamonaviy jamiyatdagi o‘rnini yoritishga qaratilgan. Maqolada ijtimoiy reklama tilining semantik va stilistik xususiyatlari, ularning o‘zaro uyg‘unligi hamda jamiyat ongiga ta’sir mexanizmlari chuqur tahlil qilinadi. Mazkur yondashuv ijtimoiy reklamaning kommunikativ samaradorligini oshiruvchi lingvistik omillarni aniqlash imkonini beradi hamda ijtimoiy ong shakllanishida tilning o‘rni qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Kalit so‘zlar: ijtimoiy reklama, semantik tahlil, denotativ ma’no, konnotativ ma’no, stilistik vositalar, metafora, giperbola, reklama diskursi. Abstract: This article analyzes social advertising texts from both theoretical and practical perspectives, elucidating their core functions, communicative characteristics, and significance within contemporary society. It offers a comprehensive analysis of the semantic and stylistic features of the language employed in social advertising, the interplay and coherence between these features, and the mechanisms through which they exert influence on public consciousness. Such an approach enables the identification of linguistic factors that enhance the communicative efficacy of social advertising and underscores the pivotal role of language in the formation and development of social awareness. Keywords: social advertising, semantic analysis, denotative meaning, connotative meaning, stylistic devices, metaphor, hyperbole, advertising discourse. KIRISH Zamonaviy kommunikatsiya jarayonida ijtimoiy reklama jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan bo‘lib, u inson ongiga semantik va stilistik vositalar orqali chuqur ta’sir ko‘rsatadigan kuchli ma’naviy-axboriy hodisa sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy reklamalar nafaqat ma’lum bir muammoni ommaga yetkazadi, balki uning mazmunini tinglovchi ongida yorqin ifodalash, emotsional ta’sir uyg‘otish va ijtimoiy xulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan murakkab til birliklari tizimidan foydalanadi. Shu boisdan ijtimoiy reklama tilining semantik qatlamini, undagi ma’no ko‘chishlari, metaforalar, ramzlar, assotsiativ obrazlar va mazmuniy bo‘yoqlarni o‘rganish uning samaradorligini tushunishda muhim omilga aylanadi. Stilistik jihatdan ijtimoiy reklama qisqa, lo‘nda, esda qolarli, kuchli emotsional zarbaga ega bo‘lgan ifoda shakllarini qo‘llaydi. Undagi har bir so‘z, obraz yoki rang konstruksiyasi maqsadli auditoriyaning e’tiborini jalb qilish, unda hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan muammolar haqida qayta o‘ylash jarayonini faollashtirish uchun xizmat qiladi. Reklama matnlarida ton, ritm, ulanma gaplar, emotsional leksika, intertekstual murojaatlar, prototipik obrazlarning qo‘llanilishi uni oddiy informativ xabar emas, balki kuchli pragmatik vazifaga ega kommunikativ akt sifatida shakllantiradi. Bularning barchasi semantik va stilistik vositalarning uyg‘unlashuvi orqali ijtimoiy reklamani samarali kommunikatsion mexanizmga aylantiradi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 811 MUHOKAMA Ijtimoiy reklamaning asosiy vazifasi mahsulotni sotish emas, balki jamiyatning farovonligi va xavfsizligiga xizmat qiluvchi g‘oyalarni targ‘ib qilishdan iborat. Buning uchun reklama matnlari mazmuniy jihatdan sodda bo‘lsa-da, mazmunda chuqur ma’no qatlamlarini yashiradi. Masalan, yo‘l xavfsizligi haqidagi reklamalarda ishlatiladigan qisqa, keskin va ta’sirchan iboralar semantik jihatdan ogohlantiruvchi, stilistik jihatdan esa ta’sir ko‘rsatuvchi xususiyatga ega bo‘ladi. Bu vositalar auditoriyaning kognitiv faoliyatini ishga soladi, ularni muayyan xatti-harakatni amalga oshirishga undaydi. Semantik tahlil. Semantika nafaqat so‘zning qanday ma’no anglatishini, balki so‘zlar, so‘z birikmalari va gaplar, tilda ma’no yasash uchun qanday birlashishlarini ham tadqiq etadi. Reklamalarni yaratishda semantika muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday matnlarda ommani ishontirish, unga ta’sir ko‘rsatish uchun so‘zlarning nazarda tutilgan asl ma’nolari, sifatlar, yasama so‘zlar, takrorlash, metaforik o‘xshatishlar, so‘z o‘yinlaridan keng foydalaniladi. Ulardan qaysi o‘rinda qanday foydalanish semantik tahlil orqali aniqlanadi. Bu tahlilda reklama beruvchilar tomoshabinlarni diqqatini jalb qilgan holda reklama bosh g‘oyasi haqida o‘ylashga undashi mumkin bo‘lgan so‘z/iboralarni belgilab oladi. Bunda so‘zlarning, asosan, ikki xil — denotativ va konnotativ ma’nosiga e’tibor beriladi. Denotativ ma’no so‘zning o‘z yoki umumiy lug‘at ma’nosi, konnotativ esa baholovchi, xulosa yoki hissiy ma’nodir. Reklama tili, asosan, konnotativdir. So‘zlar ko‘pincha kuchlilik, ishonchlilik, mukammallik, taniqlilik yoki aksincha sifatlarni anglatadi. Ingliz tilshunos olimi J.Lich so‘z ma’nolari turlarga bo‘lib o‘rganishni taklif etadi. Tilshunosning ta’kidlashicha, so‘z kontekstga ko‘ra turli ma’nolarda qo‘llanilishi mumkin, so‘z ma’nosini turlarga ajratish tahlil qilish uni to‘g‘ri tushunishda, tilning murakkab va ko‘p qatlamli tabiatini yaxshiroq anglashda yordam beradi. 1 U tilshunoslikda so‘z ma’nolarini yettita turga ajratib o‘rganadi: denotativ, konnotativ, sotsial, effektiv, reflektiv, kollokativ, tematik. 1. Denotativ ma’no (Denotative meaning) bu so‘zning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, o‘zgarmas lug‘aviy, ya’ni asl ma’nosi, kontekst tarkibidan ajratib olinganda o‘zida saqlab qoladigan ma’no hisoblanadi. Ba’zi manbalarda so‘zning konseptual ma’nosi deb ham yuritiladi. Denotatsiya so‘zni bilgan har bir kishi uchun bir xil bo‘ladi. Misol uchun “qush” so‘zi bu “uchadigan va tuxum qo‘yadigan hayvon” ni anglatadi. 2. Konnotativ ma’no (Connotative meaning) — bu so‘zni ishlatishda unga qo‘shilgan qo‘shimcha ma’nolar yoki tasavvurlar. So‘zning birdan ortiq ma’noga ega bo‘lishi, ya’ni konseptual ma’nodan tashqari, kontekstda anglab olinadigan ma’nodir. Bu ma’no, asosan, hissiy, madaniy yoki shaxsiy qarashlardan kelib chiqadi. Masalan, “qizil” rangining konnotativ ma’nosi bu rang ba’zi madaniyatlarda muhabbat, ehtiros, xavf yoki qasosni anglatishidir. Bunda “qizil” rangining asosiy (denotativ) ma’nosi bilan birga, turli kontekstlarda qo‘shimcha ma’nolari (konnotatsiyalar) hosil bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. 3. Ijtimoiy ma’no (Social meaning) so‘z yoki ifodaning auditoriya yoki tilni ishlatishning maqsadiga qarab o‘zgarishi hisoblanadi. Bu ma’no turi tilning ijtimoiy status, guruh yoki ma’lum bir madaniyatga oidligini bildiradi, jamiyatdagi qadriyatlar, me’yor va normalarni aks ettiradi. Ijtimoiy ma’no so‘zning ijtimoiy kontekstda qanday qabul qilinishi va uning funksiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, “people” (odamlar) so‘zining denotativ ma’nosi biologik 1 Leech G.N., Semantics: The Study of Meaning, Harmondsworth, Middlesex, England; New York, N.Y., U.S.A.: Penguin. 1981, -P.42. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 812 mavjudotni ifodalasa, ijtimoiy ma’nosi odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni, hurmat va tenglikni aks ettiradi. “When we make things accessible, we make things possible for all people” degan jumlada esa ijtimoiy darajasi, shaxsiy qobiliyatlaridan qat’i nazar jamiyat vakillari teng va bir xil huquq-majburiyatlarga ega ekanligini ta’kidlaydi. “Ayol” va “erkak” so‘zlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, bu so‘zlar faqat jinsga oid emas, balki ijtimoiy rollarni, o‘zaro munosabatlarni ham belgilaydi. “Ayol” va “erkak” so‘zlari ma’lum bir yosh va jinsdagi ijtimoiy rollarni anglatsa-da, ularning ijtimoiy ma’nosi jamiyatdagi qarashlar va me’yorlarga qarab farq qiladi. Misol uchun, ‘Be a real man’ (Haqiqiy erkak bo‘ling!) kabi iboralar ijtimoiy normativ va qadriyatlarni ifodalaydi. 4. Effektiv ma’no (Effective meaning) so‘z yoki iboralar orqali ifodalangan hissiy holat yoki tuyg‘ularni anglatadi. So‘zlarning affektiv ma’nosi odatda gapiruvchining hissiyotlari yoki ruhiy holatini aks ettiradi. Masalan, “Bu juda yomon!” iborasi effektiv ma’nosi orqali gapiruvchining noroziligi yoki g‘azabini bildiradi. Bu ma’no so‘zlovchi ovozining ohangi va intonatsiyasiga bog‘liq. 5. Reflektiv ma’no (Reflective meaning) bu so‘z yoki ifodaning ikki yoki undan ortiq ma’nolarni anglatishi va bu ma’nolarning bir-birini tasdiqlashidir. Reflektiv ma’no tilni ishlatishda semantik ko‘pma’nolilikni ko‘rsatadi. Bunda bir ma’no ikkinchi ma’noni keltirib chiqaradi. Aniqroq qilib aytganda, bir narsa ikkinchi narsaga ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun “yorug‘lik” so‘zini olaylik, bir tomondan “nurlanish”ni anglatsa, boshqa tomondan “bilish yoki tushunish”ni anglatadi. Bu ma’nolar bir-birini reflektiv ravishda to‘ldiradi. Bundan tashqari, so‘z yoki iboraning individual yoki ijtimoiy tajriba asosida bog‘langan qo‘shimcha tasavvurlarini anglatishi ham reflektiv ma’noga kiradi. Bu ma’no biror so‘zning boshqa narsalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi. Masalan, “yashil” rangining assotsiativ ma’nosi “tabiat”, “bahor” yoki “yangi boshlanishlar” bilan bog‘lanishi mumkin. 6. Kollokativ ma’no (Collocative meaning) bu so‘zlarning birgalikda ishlatilishidagi tabiiylik va o‘rinliligini anglatadi. So‘zlarning boshqa so‘zlar bilan birikib, hosil qiladigan ma’nosi hisoblanadi. Bunda bir so‘z boshqa bir so‘z bilan o‘zaro munosabatga kirishib, ma’noli va ta’sirli gap hosil qiladi. So‘zlar o‘rtasidagi muntazam va tabiiy kombinatsiyalar tilga xos bo‘lib, bular ijtimoiy kontekstlarda, ayniqsa reklama matnlarida, muhim rol o‘ynaydi. Kollokatsiyalar reklama xabarlarida ko‘pincha maqsadli auditoriya bilan samarali muloqot qilish uchun ishlatiladi, chunki ular ehtiyotkorlik bilan tanlangan so‘zlar yordamida ma’lumotni aniq va esda qolarli tarzda yetkazadi. Reklama matnlarida kollokativ ma’no orqali ijtimoiy mavzularni ilgari surish ko‘pincha tomoshabinlarning hissiyotlarini uyg‘otish va ularning e’tiborini tortish uchun ishlatiladi. Misol uchun “Save the planet” (Sayyorani saqlang) jumlasini olaylik. “Save” va “planet” so‘zlari ko‘pincha birga ishlatiladi va bu kombinatsiya ekologik kampaniyalar uchun keng tarqalgan kollokatsiya hisoblanadi. Bu so‘zlar birgalikda tabiiy va odatiy eshitiladi, shuning uchun auditoriya ular orqali ekologik masalalarga bo‘lgan e’tiborni jalb qiladi. 7. Tematik ma’no (Thematic meaning) matndagi asosiy mavzu yoki g‘oyani anglatadi, suhbatning umumiy mazmuni va yo‘nalishini ko‘rsatadi. “Protect the nature” (Tabiatni himoya qiling) reklamasi ekologik muammolarga e’tibor qaratadi va atrof-muhitni saqlash, tabiiy resurslarni himoya qilish kabi muhim g‘oyalarni ilgari suradi. J.Lichning ma’no turlari tilshunoslikda tilning o‘zgaruvchan va murakkab xususiyatlarini tushunishga yordam beradi. Har bir ma’no turi tilning turli jihatlarini, masalan, hissiy holatlar, ijtimoiy kontekstlar, reflektiv va assotsiativ bog‘lanishlar kabi aspektlarni ko‘rsatadi. Bu turlarni INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 813 o‘rganish, tilning semantik va pragmatik nuqtai nazaridan yanada chuqurroq tushuncha hosil qilishga va til birliklarining linvomadaniy xususiyatlarini o‘rganishga yordam beradi. Stilistik tahlil. Ijtimoiy reklamalarni yaratish alohida uslubiy yondashuv talab etadi. Uslub tanlashda, avvalo, reklama kimga yo‘naltirilganligini aniqlab olish lozim. Yosh, jins, madaniyat, ta’lim darajasi, ijtimoiy status, qiziqishlar kabi omillarni hisobga olish kerak. Auditoriyaga moslangan til va uslubdan foydalanish muhim. Masalan, yoshlarga yo‘naltirilgan reklama ko‘proq zamonaviy til va qiziqarli formatda bo‘ladi. Bundan tashqari, reklamalarda o‘quvchida hissiyot uyg‘otadigan so‘zlardan foydalaniladi. Qayg‘u, g‘azab, umid, shafqat kabi his-tuyg‘ularni uyg‘ otish orqali auditoriyada samimiy aloqa yaratish mumkin. Bu yo‘l bilan reklama beruvchilar odamlarni ijtimoiy muammolarga hamdard bo‘lishga va o‘zgarishga undaydi. Eng muhimi, ijtimoiy reklam butun kishilik jamiyatiga, kasb-mutaxassisligi, ma’lumotidan qat’i nazar, barchaga birdek yetib borishi uchun oddiy va tushunarli tilda tayyorlanadi, murakkab termin va jargonlardan saqlaniladi. Va bunday reklamalarda aniq chaqiriq mavjud bo‘lib, tomoshabinlarga nima qilish kerakligi tushuntirib beriladi. Muammo emas, balki ko‘proq yechimga urg‘u beriladi. Tomoshabinlar e’tiborini muammoni hal qilish uchun qilinadigan harakatlarga jalb qiladi va ularni o‘zgarishga va harakat qilishga ilhomlantiradi. Matnda ranglar, shakllar va tovushlar oqilona tanlanilishi, ya’ni ular mavzuni aks ettirishi va auditoriyani jalb qilishi kerak. Vizual va audio elementlardan tomoshabinlarni jalb qilishga va xabarning ta’sirini kuchaytirish uchun ishlatiladi. Xabat ta’sirini kuchaytirish maqsadida matnlarda stilistik vositalardan keng foydalaniladi. Stilistik vositalarga allegoriya, tashbeh, giperbola, so‘z o‘yini, ironiya, kinoya, evfemizm, disfemizm, litotalar, metafora, epitet, metonimiya, sinekdoxa, qiyoslash, personifikatsiyalar misol bo‘la oladi. So‘z o‘yini (Pun) — bu ikki yoki undan ko‘p so‘z yoki iboraning ovoz jihatidan o‘xshash, ammo ma’no jihatidan farqli bo‘lishiga asoslangan hazil turi. Bu, odatda, bir so‘zning ikki xil ma’nosidan foydalanib, ikkalasini ham birgalikda ifodalab, hazil yaratishdir. Punlarning samaradorligi tilga, madaniyatga va tomoshabinning hazil tuyg‘usiga bog‘liq. Masalan, “I’m reading a book about anti-gravity. It’s impossible to put down!” Bu yerda “put down” so‘zi ikki ma’noni anglatadi: kitobni qo‘yish va qiziqarli narsani to‘xtatish. “Don’t be a couch potato, be a couch potato hero” (jismoniy mashqlar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi reklama) jumlasida esa “couch potato” so‘z birikmasi televizor oldida o‘tirishni yaxshi ko‘radigan, jismoniy mashqlar qilmaydigan odamlarni bildiradi. Reklamada “couch potato hero” birikmasini ishlatish orqali, “couch potato” odamlarning ham qahramon bo‘lishi mumkinligi, ya’ni sog‘lom turmush tarzini tanlash orqali o‘zlarini o‘zgartirishi mumkinligi ta’kidlanadi. Parallellik. Ingliz tilida ijtimoiy mavzudagi reklamalarda parallelik juda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi, xabarni tushunarli yetkazishga va hissiy ta’sirni kuchaytirishga yordam beradi. Parallelik bir-biriga o‘xshash so‘zlar, iboralar yoki jumlalar tuzilmalarini ishlatishni anglatadi. Parallelik, odatda, quyidagi usullarda amalga oshiriladi: Qarama-qarshilik: “Don’t be a bully, be a friend.” Bu misolda ikkita qarama-qarshi g‘oya taqqoslanadi, ya’ni “do‘st” va “dushman” tushunchalari bir-biriga qarshi qo‘yiladi va tomoshabinlarni to‘g‘ri tanlov qilishga undaydi. Takrorlash: “We are all different. We are all equal. We are all human.” Ushbu reklama ijtimoiy diskriminatsiyani oldini olishga qaratilgan bo‘lib, jamiyat vakillari turlicha kelib chiqish, dunyoqarashga ega bo‘lsa-da bir xil huquq va majburiyatlarga ega ekanligi ta’kidlanadi. Matnni deyarli bir xil strukturada, asosiy g‘oyaga urg‘u bergan holda takrorlash uni esda qolishini osonlashtirishga yordam beradi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 814 Taqqoslash: reklamada turli xil vaziyatlar, muammolar, shaxs va narsalar o‘zaro taqqoslanadi. Masalan, tabiiy resurslaran oqilona foydalanish mavzusidagi reklamada “Imagine a world without forests. Imagine a world without clean air. Imagine a world without water” so‘zlari orqali o‘rmonlarsiz, toza havosiz va suvsiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmasligi ta’kidlanadi. Yana bir misol sifatida hayvonlarni ovlashga qarshi qaratilgan reklama matnini keltirishimiz mumkin: “Animals kill for need. Humans kill for greed” reklamasida hayvonlarni ochlik sabab bir-birini yeyishi, odamlarning esa ochko‘zligi sabab hayvonlarni ovlashi qaramaqarshi qo‘yiladi (8-ilovaga qarang).Taqqoslash tomoshabinlarga muammoni yaxshiroq tushunishga va uni shaxsiy baholashga yordam beradi. Metafora — soʻz yoki iborani oʻxshashlik yoki oʻxshatishga asoslangan ko‘chma ma’noda ishlatish. Metafora murakkab g‘oyalarni tushunarli va yodda qolishni osonlashtiradigan shaklga keltiradi. Bu usul bir narsani boshqa narsa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki o‘xshash jihatlari asosida taqqoslashni anglatadi. Bu taqqoslash tomoshabinlarning diqqatini jalb qilishga va ularga yangicha nuqtai nazardan qarashga yordam beradi. Masalan, “Climate change is a ticking time bomb.” Bu reklamada “time bomb” (vaqt bombasi) so‘zi metafora sifatida ishlatilgan. Iqlim o‘zgarishi “vaqtli bombasi”ga o‘xshatiladi, ya’ni u kutib turmasligi va juda yaqin vaqt ichida dahshatli natijalar keltirib chiqarishi mumkinligini ifodalaydi. Giperbola. Ingliz tilida ijtimoiy mavzudagi reklamalarda giperbola ko‘pincha tomoshabinlarning e’tiborini jalb qilish va ularni muammoning jiddiyligini tushuntirish uchun ishlatiladi. Bu vosita tushunchani bo‘rttirish orqali uni yanada ta’sirli va esda qolarli qiladi. Misol uchun, “This plastic bottle will last forever in the ocean” reklama parchasini tahlil qilib ko‘ramiz. Plastik idishlar okeanda minglab yillar davomida parchalanmaydi, lekin “forever” (abadiy) so‘zi giperbola va bu muammoning jiddiyligini ta’kidlaydi va odamlarni plastik ishlatishdan voz kechishga undaydi. Lekin u haddan tashqari ishlatilganda, reklama ishonchliligi va samaradorligini yo‘qotishi mumkin. Emotsional-ekspressiv so‘z va iboralar. Ma’lum bir, muammo yoki g‘oyani tasvirlashda, tomoshabinlarning empatiyasini uyg‘ otish uchun tilning ifodali vositalari asosiy element sifatida namoyon bo‘ladi. Misol uchun, “broken heart”, “feel hopeless”, “lost hope”, “in despair” kabi iboralar odamlarning his-tuyg‘ularini chuqurroq aks ettiradi va ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratadi. Personifikatsiya. Ingliz tilida ijtimoiy mavzudagi reklamalarda personifikatsiya juda keng qo‘llaniladigan stilistik vositadir. Bu vosita jonsiz narsalarga yoki abstrakt tushunchalarga insoniy sifatlar berish orqali ularni tomoshabinlarga yanada tushunarli va yaqin qiladi. Bu odamlarga muammoni shaxslantirish va ularga ko‘proq e’tibor qaratishga yordam beradi. Masalan, qashshoqlik va ochlikka qarshi kurash reklamasida “Poverty is a hungry monster, devouring the lives of millions” qashshoqlik abstrakt tushuncha, ammo u “hungry monster” (och monster) deb atalib, odamlarga qashshoqlikning ta’sirini tushunishga va uni bartaraf etishga undaydi. Metonimiya. Bu vosita orqali biror narsa yoki voqea-hodisaning nomi boshqasiga koʻchiriladi, biroq bu nomlash narsalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka emas, balki ular oʻrtasidagi yaqinlikka, aloqadorlikka asoslanadi. Metonimiya, odatda, reklama xabarini qisqartirish, uni yanada ta’sirli qilish yoki ma’lum bir g‘oyani ta’kidlash uchun ishlatiladi. Masalan, “The fur trade is cruel” reklama parchasida “fur trade” (teri savdosi) so‘zi hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni ramziy qilib ko‘rsatadi. Bu metonimiya odamlarni hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lmaslikka undaydi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 815 XULOSA Xulosa qilib aytganda, reklama matnlari tadqiqi tilshunoslikda o‘zgacha yondashuv talab etadi. Reklama muvaffaqiyati unda foydalanilgan til birliklarining to‘g‘ri tanlanishi bilan belgilanadi. Chunki reklama qilinayotgan mahsulotning afzalliklari haqida iste’molchiga tushunarli tilda va shaklda taqdim etish reklama samaradorligini oshirishga yordam beradi. Ijtimoiy mavzudagi reklamalarni yaratishda etika va mas’uliyatli yondashuvni qo‘llash muhim. Shuningdek, reklama matnlari semantik va stilistik jihatdan puxta ishlab chiqilgan bo‘lsa, ular auditoriyada chuqur hissiy ta’sir uyg‘otadi, ijtimoiy ongni shakllantiradi va ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratishga undaydi. Shu sababli, ijtimoiy reklama tilining kompleks tahlili nafaqat kommunikativ samaradorlikni oshirish, balki jamiyatdagi muhim ijtimoiy qadriyatlarni targ‘ib qilishda ham muhim vosita sifatida qaraladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Leech G. English in Advertising, London, Longman,1966. – P.112. 2. Leech G.N., Semantics: The Study of Meaning, Harmondsworth, Middlesex, England; New York, N.Y., U.S.A.: Penguin. 1981, -P.42. 3. Maxmudov. N. (2012) Tilning mukammal tadqiqi yillarini izlab...//Ўзбек тили ва адабиёти. Тошкент. -№ 5. -3-16 b. 4. Myers, G. Words in ads. London: Edward Arnold, 1994. – P.41. 5. Nasteranko F.P., Babadjanova G.N. Effective advertising. –Tashkent, 2003. – P.79-157. 6. Rashidova M. Reklama faoliyati uslubiyoti. Toshkent. 2010. – B.61. 7. Xomidova M. (2021) Badiiy matn persepsiyasida intertekstuallik. Filol, fan, fials dok. (PhD). Diss. Toshkent. 8. Телия. В.Н. (1996) Русская фразеология: семантический, прагматический и лингвокультурологический аспекты. - М.: Школа "Языки русской культуры". - С.222. 9. Vestergaard T., Schroder K. The language of advertising. Oxford: Basil Blackwell, Cambridge University Press: 2008. 10. Sharples, M., Adams, A., Alozie, N., Ferguson, R., FitzGerald, E., Gaved, M., … & Wright, M. (2015). Innovating pedagogy 2015: Open University innovation report 4. Milton Keynes: The Open University.