MILLIY TARIX VA MADANIYAT KONTEKSTIDA AYOL FAOLLIGINIGN ILDIZLARI NODIRABEGIM TIMSOLIDA
Abstract
Ushbu maqolada Qo‘qon xonligi tarixida muhim o‘rin tutgan shoira va ma’rifatparvar davlat arbobi Nodirabegimning hayoti, siyosiy faoliyati hamda adabiy merosi tahlil qilinadi. Unda uning Umarxon (Amiriy) bilan hamkorlikdagi faoliyati, xonlikdagi ma’naviy-ma’rifiy hayotni rivojlantirishdagi roli hamda Uvaysiy kabi zamondosh shoiralar bilan ijodiy aloqalari yoritiladi. Shuningdek, Nodirabegimning g‘azal va muxammaslaridagi badiiy mahorati hamda ayol siymosining yuksak ifodasi qisqacha tahlil etiladi.
Full text
INTERNATIONAL PRACTICAL CONFERENCE “THE ROLE OF WOMEN IN ENSURING THE STABILITY OF SOCIETY: CREATING AN OBSCENE ATMOSPHERE OF OPPRESSION AND VIOLENCE”, NOVEMBER 21, 2025 137 MILLIY TARIX VA MADANIYAT KONTEKSTIDA AYOL FAOLLIGINIGN ILDIZLARI NODIRABEGIM TIMSOLIDA Tojiyeva To‘lqinoy Tadqiqotchi https://doi.org/10.5281/zenodo.17836301 Annotatsiya. Ushbu maqolada Qo‘qon xonligi tarixida muhim o‘rin tutgan shoira va ma’rifatparvar davlat arbobi Nodirabegimning hayoti, siyosiy faoliyati hamda adabiy merosi tahlil qilinadi. Unda uning Umarxon (Amiriy) bilan hamkorlikdagi faoliyati, xonlikdagi ma’naviy-ma’rifiy hayotni rivojlantirishdagi roli hamda Uvaysiy kabi zamondosh shoiralar bilan ijodiy aloqalari yoritiladi. Shuningdek, Nodirabegimning g‘azal va muxammaslaridagi badiiy mahorati hamda ayol siymosining yuksak ifodasi qisqacha tahlil etiladi. Kalit so‘zlar: Qo‘qon xonligi, Nodirabegim, Umarxon (Amiriy), Muhammad Alixon, Uvaysiy, adabiy meros, siyosiy faoliyat, kitobat ishi, ma’rifatparvarlik. XVIII asrning birinchi yarmida shakllangan Qo‘qon xonligi o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim bosqichlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Qo‘qon xonligi davrida ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarining rivojlanishi natijasida o‘ziga xos adabiy muhit shakllandi. Bu muhitda ma’rifatparvar hukmdorlar, davlat arboblari hamda ijodkor ziyolilarning o‘zaro hamkorligi beqiyos ahamiyat kasb etdi. Qo‘qon adabiy muhiti haqida so‘z borganda, ushbu davr ma’naviy hayotining yuksak darajada shakllanishi va taraqqiy etishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan shaxslar orasida, avvalo, Qo‘qon xoni Umarxon (taxallusi Amiriy)ning rafiqasi – Nodirabegimning nomi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. U nafaqat saroy malikasi, balki o‘z davrining yetuk shoira, ma’rifatparvar ayoli va davlat ishlarida faol ishtirok etgan arbob sifatida ham Qo‘qon madaniy muhitining asosiy rahnamolaridan biri bo‘lgan. Adabiyot tarixida „Komila“ va „Maknuna“ taxallusi bilan mashhur bo‘lgan bu ulug‘ shoira, 1792-yilda Andijon shahrida dunyoga kelgan. U o‘sha davrda Andijon hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Rahmonqul otaliqning qizi edi. Tadqiqotchilarning fikricha, Nodiraning onasi Oyshabibi nomi bilan tilga olinadi, biroq ayrim manbalarda bu ism turlicha shakllarda uchraydi. Shoiraning oilasi o‘z davrining savodli, madaniyatli va ijodga moyil kishilari qatoriga mansub bo‘lib, bu muhit Nodiraning keyingi ma’naviy kamoloti va ijodiy shakllanishida muhim omil bo‘lgan. So‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, Nodiraning otasi Rahmonqulibiy ham she’riyatga qiziqqan, o‘z davrida adabiy muhit bilan chambarchas bog‘liq ijodkor shaxs bo‘lgan. Andijon viloyatidagi tarixiy muzeyda saqlanayotgan qadimiy bayozlardan birida Rahmonqulibiyning g‘azali keltirilgan bo‘lib, bu holat Nodiraning adabiy iste’dodi oilaviy muhitda shakllanganidan dalolat beradi. Shu jihatdan qaraganda, Nodiraning she’riyatga bo‘lgan muhabbati, badiiy didi va ijodiy salohiyatining shakllanishida otasining ijodkorlik ruhidagi tarbiyasi ham muhim rol o‘ynagan. Nodirabegim 1808-yilda Marg‘ilon hokimi Umarxon (taxallusi Amiriy) bilan turmush quradi. Ularning nikohi nafaqat ikki hurmatli oilaning ittifoqi, balki o‘z davrida siyosiy va madaniy jihatdan muhim ahamiyat kasb etgan voqea sifatida baholanadi. Oradan ikki yil o‘tib, 1810-yilda Umarxon Qo‘qon taxtiga
INTERNATIONAL PRACTICAL CONFERENCE “THE ROLE OF WOMEN IN ENSURING THE STABILITY OF SOCIETY: CREATING AN OBSCENE ATMOSPHERE OF OPPRESSION AND VIOLENCE”, NOVEMBER 21, 2025 138 o‘tirgach, Nodirabegim ham umr yo‘ldoshi bilan birga xonlik poytaxti – Qo‘qon shahriga ko‘chib o‘tadi. Mazkur davrda Qo‘qon shahri Markaziy Osiyoning eng yirik siyosiy, madaniy va ilmiy markazlaridan biriga aylana boshlagan edi. Umarxonning ma’rifatparvar siyosati natijasida saroyda ilm-fan, adabiyot va san’at rivojiga keng yo‘l ochildi. Xon saroyida o‘z davrining yirik shoirlari, olimlari va san’atkorlari to‘planib, muntazam ravishda ilmiy va adabiy majlislar, mushoiralar o‘tkazilgan. Bu davrda xonlik poytaxtida yashab ijod etgan qo‘qonlik Maxmur, Gulxaniy, Mahzuna, Mushrif, Muznib, Munshiy, Mujrim, Zohid, Gulshaniy, Toib, Oshiq, Ahror, Azimiy, Nusrat, Nodir, Dilovar, Jaloliy, Vafoiy, G‘oziy, Ma’dan, Ramziy, Sharifiy, marg‘ilonlik Uvaysiy, namanganlik Fazliy, Rindiy, Qiyosiy, andijonlik Manzur, Kaltatoyi kabi shoirlar qatorida xo‘jandlik Akmal, Qasrat, Xotif, Maknun, Ma’yus, Ravnaq, o‘ratepalik Nola, Dabir, isfaralik Behjat, samarqandlik Ado, Mir Umid, buxorolik Komil, balxlik Foniy, toshkentlik Xijlat, asli hirotlik Hoziq, qunduzlik Maxfiy, qashqarlik Xislat, hisorlik Muzmar, shahrisabzlik Mushtoq, jizzaxlik Afsus kabi shoirlarning ko‘pchiligi Sharq mumtoz so‘z san’atining zabardast namoyandalari ijodini chuqur mutolaa qilgan, ulardan mahorat sirlarini o‘rgangan, she’riyat qonun qoidalarini yaxshi o‘zlashtirgan iste’dodli ijodkorlar bo‘lishgan. Nodirabegim esa nafaqat davlat malikasi, balki mazkur adabiy muhitning faol ishtirokchisi va homiysi sifatida ham e’tirof etilgan. O‘zbek va tojik tillarida ijod etgan malika Mohlar oyim she’rlariga Nodira, Maknuna, Komila deb tahallus qo‘ygan. Mumtoz adabiyot an’analarini davom ettirgan shoira Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Mirzo Abdulqodir Bedil g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Qo‘qon xoni Umarxon vafotidan keyin Nodira o‘lkadagi madaniy va adabiy hayotga chin rahbar bo‘lib qoldi, imkoniyat boricha madaniyat va san’atni rivojlantirishga intildi. Uning tashabbusi bilan Qo‘qonda maktab, madrasalar barpo etildi, kutubxona, hammom, mehmonxona, karvonsaroylar, rasta bozorlar, yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Zamondoshi shoir Hotifning yozishicha “... bu iffat sadafining injusi Farg‘ona, Toshkent, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o‘z xizmatiga chaqirtirib keldi”. Mohlar oyim ham kitoblarni ko‘chirtirish va shoirlarni yangi-yangi devonlar, asarlar, dostonlar yozishga tashviq qilishdan to‘xtamagan edi. Devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini shoiraning shaxsan o‘zi nazorat qilib turgan. Yaxshi ishlagan kotiblarni rag‘batlantirishni ham unutmagan va ularga tilla qalam, kumush qalamdon tuhfa qilingan. Hatto iste’dodli kotiblar uchun “Zarrin qalam” unvoni joriy qilingani, xonlikda kitobat ishini rivoj topishiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmagan. Xususan, husnixat, inshoga mohir bo‘lgan Oxund devonni oltin dastali qalam bilan mukofotlaydi va unga zarrin qalam unvonini beradi. Xulosa qilib aytganda, Nodirabegim Qo‘qon xonligi tarixida nafaqat siyosiy va davlat arbobi sifatida, balki ma’naviy-ma’rifiy va adabiy hayotning yetakchi figurasi sifatida muhim o‘rin egallaydi. U o‘z davrida ilm-fan, adabiyot va san’atni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, saroyda ilmiy va adabiy majlislar tashkil etgan, iste’dodli shoir va olimlarni qo‘llab-quvvatlagan. Nodirabegimning ijodiy faoliyati – Komila, Maknuna, Nodira taxalluslari bilan yaratilgan g‘azal va muxammaslar, mumtoz adabiyot an’analarini davom ettirish va yangi ijodiy maktablarni shakllantirishga xizmat qilgan. Shuningdek, u Qo‘qon xonligi devonchilik va kitobat ishlarini rivojlantirish, ilmiy va madaniy inshootlarni barpo etish, maktab va madrasalarni qo‘llab quvvatlash, shoir va kotiblarni rag‘batlantirish orqali o‘z davrining ma’naviy va madaniy hayotida sezilarli iz qoldirgan. Shu bilan Nodirabegim nafaqat saroy malikasi, balki haqiqiy ma’rifatparvar rahbar va adabiyot homiysi sifatida tarixda abadiy nom qoldirgan.
INTERNATIONAL PRACTICAL CONFERENCE “THE ROLE OF WOMEN IN ENSURING THE STABILITY OF SOCIETY: CREATING AN OBSCENE ATMOSPHERE OF OPPRESSION AND VIOLENCE”, NOVEMBER 21, 2025 139 ADABIYOTLAR 1. Нодира. Девон // нашрга тайёрловчи Қодирова М. – Тошкент, 1963. 2. Қайюмов П.Д. Тазкираи Қайюмий. / Нашрга тайёрловчи Азиз Қаюмов – Тошкент: ЎзР ФАҚИ, 1998. 3. Қобилова З. Амирий ва унинг адабий фаолияти: Филология фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация. – Тошкент, 2007. 4. Бобобеков Ҳ.Н. Қўқон тарихи. – Тошкент: Фан, 1996. 5. Худайқулов Т. XIX асрда Қўқон хонлигининг ижтимоий-сиёсий, иқтисодий ва маданий ҳаёти: Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация. – Тошкент, 2009. – Б. 140.