scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILIDA "QUSHLAR" NOMLARI SINONIMIYASI

Xidirova Maxfuza Amirkulovna

Abstract

Mazkur maqola oʻzbek tilidagi qush nomlarida sinonimiyaning namoyon boʻlishiga bagʻishlangan. Tadqiqotda 400 dan ortiq qush nomi (ornitonim) tahlil qilinib, ular orasidan 155 ta sinonim nomdan tarkib topgan 48 ta sinonimik qator ajratib olindi va ushbu birliklarning hosil boʻlish tamoyillari hamda leksik-semantik xususiyatlari atroflicha oʻrganildi. Qush nomlaridagi sinonimlar ilmiy, xalqona, tavsifiy, geografik va boshqa mezonlar asosida tasniflanib, boy misollar bilan dalillangan. Tahlil natijalari oʻzbek zoonimik qatlamining leksik-semantik xususiyatlarini ochib berishga xizmat qiladi.

Full text

INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 981 UDK: 811.512.133’373 O‘ZBEK TILIDA “QUSHLAR” NOMLARI SINONIMIYASI Xidirova Maxfuza Amirkulovna Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti katta oʻqituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.17893786 Annotatsiya. Mazkur maqola oʻzbek tilidagi qush nomlarida sinonimiyaning namoyon boʻlishiga bagʻishlangan. Tadqiqotda 400 dan ortiq qush nomi (ornitonim) tahlil qilinib, ular orasidan 155 ta sinonim nomdan tarkib topgan 48 ta sinonimik qator ajratib olindi va ushbu birliklarning hosil boʻlish tamoyillari hamda leksik-semantik xususiyatlari atroflicha oʻrganildi. Qush nomlaridagi sinonimlar ilmiy, xalqona, tavsifiy, geografik va boshqa mezonlar asosida tasniflanib, boy misollar bilan dalillangan. Tahlil natijalari oʻzbek zoonimik qatlamining leksiksemantik xususiyatlarini ochib berishga xizmat qiladi. Kalit soʻzlar: qush nomlari, ornitonim, sinonimiya, sinonimik qator, oʻzbek tili, leksikologiya, terminologiya, tavsifiy nom, zoonim. Аннотация. Данная статья посвящена явлению синонимии в названиях птиц (орнитонимах) в узбекском языке. В ходе исследования было проанализировано более 400 названий птиц, из которых выделено 48 синонимических рядов, состоящих из 155 синонимичных наименований. Были всесторонне изучены принципы образования и лексико-семантические особенности этих единиц. Синонимы в названиях птиц классифицируются на основе научных, народных, описательных, географических и других критериев и подтверждаются богатыми примерами. Результаты анализа служат раскрытию лексико-семантических особенностей зоонимического пласта узбекского языка. Ключевые слова: названия птиц, орнитоним, синонимия, синонимический ряд, узбекский язык, лексикология, терминология, описательное название, зооним. Abstract. This article is devoted to the phenomenon of synonymy in Uzbek bird names (ornithonyms). In this study, over 400 bird names were analyzed, from which 48 synonymic series, consisting of 155 synonymous names, have been identified. The principles of formation and the lexico-semantic features of these units have been thoroughly examined. The synonyms of bird names are classified based on scientific, folk, descriptive, geographical, and other criteria, supported by numerous examples. The results of the analysis serve to reveal the lexico-semantic features of the Uzbek zoonymic layer. Keywords: bird names, ornithonym, synonymy, synonymic series, Uzbek language, lexicology, terminology, descriptive name, zoonym. Kirish. Til millatning ma’naviy boyligi, uning madaniyati, tarixi va dunyoqarashini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Tildagi har bir so‘z o‘zida ma’lum bir davr, jamiyat va tabiat bilan munosabatning izlarini saqlaydi. Bu borada atrof-muhit, xususan, hayvonot va o‘simliklar dunyosiga oid nomlar (zoonim va fitonimlar) leksikaning eng qadimiy va boy qatlamlaridan birini tashkil etadi. Zoonimlar orasida qush nomlari, ya’ni ornitonimlar o‘zining rang-barangligi, obrazliligi va keng tarqalganligi bilan alohida ajralib turadi. O‘zbek tilidagi ornitonimlar tizimi xalqning kuzatuvchanligi, tabiatga yaqinligi hamda ilmiy tafakkurning rivojlanishi natijasida shakllangan murakkab leksik-semantik maydon INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 982 hisoblanadi. Ushbu tizimning o‘ziga xos jihatlaridan biri sinonimiya hodisasining keng namoyon bo‘lishidir. Bir qush turining bir nechta nom bilan atalishi – ilmiy, xalqona, tavsifiy yoki shevaga oid nomlarining mavjudligi – tilning nafaqat boyligini, balki bir ob’ektga turlicha yondashuvlar mavjudligini ham ko‘rsatadi. Masalan, bitta qush ilmiy adabiyotda lotincha nom bilan, xalq orasida uning tashqi ko‘rinishi, ovozi yoki yashash tarzidan kelib chiqqan tavsifiy nom bilan, boshqa bir hududda esa fonetik o‘zlashma nom bilan atalishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek tilidagi qush nomlarida sinonimiyani o‘rganish bir necha jihatdan dolzarbdir. Birinchidan, bu o‘zbek leksikologiyasi va leksikografiyasi uchun yangi materiallar taqdim etadi, izohli, terminologik va sinonimlar lug‘atlarini boyitishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, ornitonimik sinonimlarning hosil bo‘lish usullarini tahlil qilish so‘z yasalishi, etimologiya va semasiologiya sohalari uchun qimmatli ma’lumotlar beradi. Uchinchidan, ilmiy va xalqona terminologiyaning o‘zaro munosabatini o‘rganish orqali o‘zbek terminshunosligini standartlashtirish va rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Maqolaning asosiy maqsadi – o‘zbek tilidagi qush nomlarida uchraydigan sinonimiya hodisasini har tomonlama tahlil qilish, ornitonimik sinonimlarni aniqlash, ularni tasniflash va shakllanishiga ta’sir etuvchi lisoniy va nolisoniy omillarni ochib berishdan iborat. Adabiyotlar tahlili. O‘zbek tilshunosligida leksikologiya, xususan, sinonimiya masalasi A. Hojiyev[4], Sh. Rahmatullayev[6], A. Eshmo‘minov[2] kabi olimlarning ilmiy ishlarida atroflicha o‘rganilgan. Umumiy zoonimik leksika va uning ayrim guruhlari bo‘yicha ham bir qator tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, B.B. Abdushukurovning tarixiy manbalardagi zoonimlar tasnifiga oid ishi sohaning tarixiy jihatlarini yoritishda muhim o‘rin tutadi.[1] Bundan tashqari, F. Isoqovning “Zarbulmasal”dagi qush nomlariga bagʻishlangan ishi juda qimmatli manba hisoblanadi. [3, B.48-50 ] Bu tadqiqotda qushlar birlamchi madaniy kodga aylanish jarayonini koʻrsatadi. Dostonlar va maqollar orqali ular shunchaki hayvon nomi boʻlishdan chiqib, xalqning qadriyatlar tizimi, axloqiy meʼyorlari va dunyoqarashini oʻzida mujassam etgan barqaror ramziy birliklarga aylanadi. T.Z. Zohidov hayvonot dunyosini sistematik guruhlarga ajratgan holda “Zoologiya ensiklopediyasi” turkumini tuzgan. U sut emizuvchilar, qushlar, baliqlar va tuban xordalilar, hamda amfibiyalar va reptiliyalarni alohida jildlarda bayon qilgan.[10] Shuningdek, turli dialektologik va etimologik lug‘atlarda hayvon nomlariga, jumladan, qush nomlariga oid qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Tilshunos olima D. Yoʻldosheva oʻzining “Oʻzbek tili ornitonimlarining strukturaviy va semantik tadqiqi” nomli (PhD) dissertatsiyasida qush nomlarini chuqur oʻrgangan. Tadqiqotida ornitonimlarning tuzilishi va nomlanishiga asos boʻlgan maʼnoviy xususiyatlarini tahlil qilgan.[8] Biroq, o‘zbek tilidagi qush nomlari (ornitonimlar) tizimining sinonimiyasi alohida, maxsus tadqiqot ob’ekti sifatida keng qamrovli o‘rganilmagan. Aksariyat ilmiy ishlar yoki umumiy zoonimik qatlamga bag‘ishlangan yoki ayrim qush nomlarining etimologiyasini qisqacha yoritish bilan cheklangan. Mavjud ornitologik adabiyotlarda esa asosan qushlarning ilmiy (lotincha, ruscha) va ayrim xalqona nomlari keltiriladi, biroq ularning o‘rtasidagi lisoniy munosabatlar, sinonimik qatorlarning to‘liq tarkibi va hosil bo‘lish tamoyillari lingvistik tahlilga tortilmagan. Shu bois, ushbu tadqiqot mavjud bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilganligi bilan ilmiy yangilik kasb etadi. Tadqiqot metodologiyasi. Maqolada bir qancha ilmiy-tadqiqot metodlaridan foydalanildi. Tadqiqotning asosiy metodi tavsifiy metod bo‘lib, o‘zbek tilidagi ornitonimik birliklarni yig‘ish, ularni ma’lum bir tartibda tavsiflash va tahlil qilishda qo‘llanildi. Sinonimik qatordagi nomlarni (masalan, ilmiy nomni xalqona nom bilan, tavsifiy nomni fonetik nom bilan) INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 983 o‘zaro qiyoslash orqali ularning umumiy va farqli jihatlarini, ma’no nozikliklarini aniqlashda qiyosiy metoddan foydalanildi. Komponent tahlil metodidan tavsifiy nomlarning semantik tarkibini (“qizil-bosh o‘rdak”, “uzun-quyruq chumchuq” kabi) analiz qilib, ularning qaysi belgi (rang, shakl, o‘lcham) asosida yuzaga kelganligini aniqlashda qo‘llanildi. O‘rganilgan ornitonimlar, sinonimik qatorlar va ulardagi nomlar sonini hisoblash orqali mavzuning statistik ma’lumotlarini taqdim etishda miqdoriy tahlil metodi ishlatildi. Tadqiqotning manbaviy asosi sifatida “Zoologiya ensiklopediyasi. Qushlar”, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, zoologiyaga oid ilmiy va ommabop nashrlar, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, hamda mavzuga oid ilmiy maqolalardan olingan materiallar xizmat qildi. Tahlil va natijalar. Maqolada jami 400 dan ortiq qush nomlari to‘planib tahlil qilindi va 155ta sinonim nomlar 48ta qatorni tashkil qiladi. Tush suyaksizlar (Paleognathae) guruhida jami 13ta bo‘lib, shundan 4 qator (barchasi 3 nomli) va 12 sinonim nomni tashkil etadi. 1.Ratitae (ilmiy nom) / Ko‘krak tojsiz qushlar (anatomik tavsifiy nom) / Yuguruvchi qushlar (funksional sinonim). 2. Apteryges (ilmiy nom) / Kivi (xalqaro fonetik nom) / Qanotsizlar (tavsifiy sinonim). 3. Casuarii (ilmiy nom) / Kazuarlar (xalq tilidagi fonetik nom) / Avstraliya tuyaqushlari (geografik va tashqi o‘xshashlik asosidagi tavsifiy sinonim). 4. Rheae (ilmiy nom) / Nandu (xalq tilidagi nom) / Amerika tuyaqushlari (geografik va umumlashtiruvchi tavsifiy sinonim). Tush suyaklilar guruhida jami 456ta bo‘lib, shundan 46ta sinonimik qatorda (3 nomli qatorlar: 41 ta, 4 nomli qatorlar: 5 ta) 143ta nomlar aniqlandi. 3 nomli qator: 1. Anhinga (ilmiy nom) / Anxinga (fonetik xalqona nom) / Ilon bo‘yinlilar (morfologik tavsifiy sinonim). 2. Phalacrocorax pygmaeus (ilmiy nom) / Qorabuzov (xalqona nom) / Qoraboy (rang asosidagi tavsifiy sinonim). 3. Megapodidae (ilmiy nom) / Xas tovuqlar (xalqona nom) / Uzun oyoqli tovuqlar (morfologik tavsifiy sinonim). 4. Scolopax rusticola (ilmiy nom) / Yakan tovuq (xalqona nom) / O‘rmon loyxo‘ragi (ekologik tavsifiy sinonim). 5. Petronia petronia (ilmiy nom) / Togʻ chumchuq (regional xalqona nom) / Sariq tomoq chumchuq (tashqi belgiga asoslangan tavsifiy sinonim). 6. Columba livia (ilmiy nom) / Yovvoyi kaptar (ekologik tavsifiy sinonim) / Ko‘k kaptar (rang asosidagi tavsifiy sinonim). 7. Eulabeia indica (ilmiy nom) / Togʻ gʻozi (yashash muhiti asosidagi tavsifiy sinonim) / Hind gʻozi (geografik asosli xalqona nom). 8. Otis undulata (ilmiy nom) / Yoʻrga tuvaloqlar (harakatiga asoslangan tavsifiy nom) / Jek (xalq ogʻzaki nutqidagi fonetik sinonim). 9. Psittacus erithacus (ilmiy nom) / Jako (xalq tilidagi fonetik nom) / Bo‘z to‘ti (rang asosida tavsifiy sinonim). 10. Balearica pavonina (ilmiy nom) / Tovus turna (obrazli xalqona nom) / Tojli turna (tashqi belgi asosidagi tavsifiy sinonim). 11. Procnias niveus (ilmiy nom) / Ponomar (xalq tilidagi nom) / Qo‘ng‘iroqchi qush (tovushi asosidagi tavsifiy sinonim). 12. Falco jugger (ilmiy nom) / Laggar (xalq orasidagi qisqartma nom) / Hindiston itolgisi (geografik va tavsifiy sinonim). 13. Meleagris (ilmiy nom) / Kurlar (xalqona nom) / Marjon tovuqlar (tashqi ko‘rinish asosidagi tavsifiy sinonim). 14. Nucifraga caryocatactes (ilmiy nom) / Kedrovka (xalqona fonetik nom) / Qaragʻay qargʻa (yashash muhiti va tashqi koʻrinishga asoslangan tavsifiy sinonim). 15. Syrrhaptes paradoxus (ilmiy nom) / Suv bulturuq (yashash muhiti bilan bogʻliq tavsifiy nom) / Saja (xalq ogʻzaki fonetik nom). 16. Tadorna ferruginea (ilmiy nom) / Atayka (mahalliy xalqona nom) / Qizil o‘rdak (rang asosidagi tavsifiy sinonim). 17. Gallus gallus (ilmiy nom) / Bankiv xoʻroz (geografik-hududiy nom) / Dakana xoʻroz (vazifaga oid tavsifiy nom). 18. Numenius (ilmiy nom) / Uzunburun balchiqchilar (morfologik asosdagi tavsifiy nom) / Chonchuldoqlar (xalq tilidagi nom). 19. Anas INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 984 platyrhynchos (ilmiy nom) / Yovvoyi oʻrdak (umumiy xalqona nom) / Qizilboʻyin oʻrdak (rang asosidagi tavsifiy sinonim). 20. Terpsiphone paradisi (ilmiy nom) / Uzun-quyruq chumchuq (morfologik-tavsifiy nom) / Dumparast (metaforik va stilistik sinonim). 21. Aythya (ilmiy nom) / Shoʻng‘uvchilar (xalqona nom) / Botqoldoqlar (umumlashtiruvchi tavsifiy nom). 22. Aythya ferina (ilmiy nom) / Ko‘kbel (xalqona nom) / Qizilbosh oʻrdak (rang asosida berilgan tavsifiy sinonim). 23. Aythya nyroca (ilmiy nom) / Oqqanot (xalq tilida soddalashtirilgan nom) / Chag‘irqanot oʻrdak (tavsifiy sinonim, rang va shaklga asoslangan). 24. Tadorna tadorna (ilmiy nom) / Shomruq (xalqona nom) / Suralaykoʻz (koʻz atrofi rangiga asoslangan tavsifiy nom). 25. Remiz pendulinus (ilmiy nom) / Inuya (xalqona qisqartma nom) / Vahimaqush (uy qurish tarziga ishora qiluvchi tavsifiy nom). 26. Charadrius pluvialis (ilmiy nom) / Rjanka (rus tilidan fonetik o‘zlashma nom) / Sivka (xalqona tavsifiy nom). 27. Pterocles alchata (ilmiy nom) / Oqbovur (tashqi rangga asoslangan tavsifiy nom) / Bulduruq (xalq tilidagi umumiy nom). 28. Tetraster bonasia (ilmiy nom) / Ryabchik (ruscha fonetik nom) / Chil (o‘zbek tilidagi xalqona nom). 29. Melanitta (ilmiy nom) / Singa (xalqona nom) / Qora o‘rdaklar (tashqi rangga asoslangan tavsifiy nom). 30. Sturnidae (ilmiy nom) / Chuqurchuq (hududiy xalq tilidagi nom) / Shaqshaqlar (ovoz xususiyatiga asoslangan tavsifiy nom). 31. Tichodroma (ilmiy nom) / Jarquqanot (xalqona nom) / Qizilqanot (qanot rangi asosidagi tavsifiy nom). 32. Neophron (ilmiy nom) / Jo‘rchi (xalq tilidagi nom) / Kalajo‘rchi (rangi asosidagi tavsifiy nom). 33. Athene (ilmiy nom) / Boyo‘g‘li (xalq tilidagi nom) / Boyqush (tur umumiy belgilariga asoslangan tavsifiy nom). 34. Scopus (ilmiy nom) / Soyaqush (xalqona nom) / Bolg‘abosh (bosh tuzilishiga asoslangan tavsifiy nom). 35. Rhamphestos (ilmiy nom) / Toko (xalqona nom) / Katta tukan (hajmga asoslangan tavsifiy nom). 36. Tringa (ilmiy nom) / Qiziloyoq (xalqona nom) / Qiziloyoq balchiqchi (morfologik va ekologik belgiga asoslangan tavsifiy nom). 37. Upupa (ilmiy nom) / Sassiq popushak (xalq tilidagi nom, hidga asoslangan) / Hud-hud (taqlidiy va fonetik nom). 38. Anas (ilmiy nom) / Qo‘ng‘ir (xalq tilidagi nom) / Irg‘a (xatti-harakat yoki rangga asoslangan tavsifiy nom). 39. Ardea (ilmiy nom) / Jiyron qarqara (xalq tilidagi nom) / Qizil quton (rangga asoslangan tavsifiy nom). 40. Merops (ilmiy nom) / Ko‘rkunak (xalqona nom) / Bo‘zdaq (tovush yoki rangga asoslangan tavsifiy nom). 41. Accipiter nisus (ilmiy nom) / Qirgʻiy (xalqona nom) / Qiygʻir (uchish uslubiga oid tavsifiy yoki shevaga oid nom). 4 nomli qator:1. Pelecanus (ilmiy nom) / Saqoqush (xalqona fonetik nom) / Birqozon, Meshkopchiqush (tavsifiy va regional sinonimlar). 2. Musophagidae (ilmiy nom) / Bananoedlar (ruscha fonetik nom) / Bananhurlar, Turakolar (xalqona va tavsifiy sinonimlar). 3.Falco cherrug hendersoni (ilmiy nom) / Baloban tibetskiy (ruscha nom) / Qizil itolgi, Qizil sunkar (rang asosidagi tavsifiy sinonimlar).4. Otis tarda (ilmiy nom) / Tuvaloq (xalq orasida ishlatiladigan asosiy nom) / Dudaq, To‘xta tuvaloq (tavsifiy va og‘zaki sinonimlar). 5. Carinatae (ilmiy nom) / Carinatae (qisqartma takror) / Koʻkraktojli qushlar, Uchuvchi qushlar (morfologik va funksional tavsifiy sinonimlar). Qushlar guruhidagi sinonimik nomlar asosan ilmiy, xalqona, fonetik, tavsifiy (rang, shakl, harakat), geografik va stilistik usullarda shakllangan. O‘zbek tilidagi ornitonimik leksika qatlamining chuqur tahlili shuni ko‘rsatadiki, sinonimiya hodisasi ushbu soha uchun shunchaki tasodifiy lisoniy hodisa emas, balki tilning nominativ imkoniyatlari, milliy dunyoqarash va ilmiy tafakkurning o‘zaro murakkab munosabatini aks ettiruvchi tizimli voqelikdir. Tadqiqot doirasida o‘rganilgan 400dan ortiq ornitonimik birlikdan 155 tasi (33%) sinonimik munosabatda ekanligi aniqlandi, bu esa ornitonimlar tizimida sinonimiyaning yuqori darajada mahsuldor ekanligidan dalolat beradi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 985 Mazkur sinonimlar tarkibida ikki, uch va hatto to‘rt a’zodan iborat bo‘lgan 48 ta mustaqil sinonimik qatorni shakllantiradi. Tahlillarimiz sinonimik qatorlarning shakllanishi bir necha fundamental tamoyillarga asoslanishini ko‘rsatdi: (A) Har bir sinonimik qatorning asosida, qoida tariqasida, ilmiy terminologiyaga oid xalqaro nom (odatda, lotincha yoki lotinlashgan grekcha) va milliy-xalqona nom o‘rtasidagi kommunikativ oppozitsiya yotadi; (B) (Pelecanus, Scolopax rusticola, Accipiter nisus) kabi ilmiy terminlar xalqaro miqyosda universal, aniq va biologik tasnifga asoslangan bo‘lib, ilmiy diskursda qo‘llaniladi; (C) Xalqona nomlar (Saqoqush, Yakan tovuq, Qirg‘iy) esa milliy lisoniy an’analar, kundalik muloqot va xalq og‘zaki ijodi uchun xos bo‘lib, asrlar davomida shakllangan milliy kuzatuvlar mahsulidir. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ornitonimik sinonimiyasining eng mahsuldor va asosiy manbai bu – tavsifiy nomlardir. Bu nomlar insonning olamni idrok etishdagi kognitiv jarayonlarini – ya’ni, ob’ektni uning eng yorqin, ajralib turuvchi belgisi orqali nomlash tamoyilini aks ettiradi. Tavsifiy nomlar quyidagi belgilar asosida shakllangan: (A) Morfologik belgilar (tana a’zolarining shakli, o‘lchami) usuli qushning tashqi tuzilishidagi o‘ziga xoslikni ifodalaydi. Masalan, Anhinga turining Ilon bo‘yinlilar deb atalishi uning uzun va egiluvchan bo‘yniga, Numenius turining Uzunburun balchiqchilar deb nomlanishi esa uning tumshug‘ining g‘ayrioddiy uzunligiga ishora qiladi; (B) Qushlarning patlaridagi ranglar nominatsiya uchun eng faol asos bo‘lib xizmat qilgan. Tadorna ferruginea – Qizil o‘rdak, Psittacus erithacus – Bo‘z to‘ti, Aythya ferina – Qizilbosh oʻrdak kabi o‘nlab misollar buning yaqqol dalilidir. Bu holat ranglarning milliy lingvomadaniyatda muhim semiotik belgi ekanligini ham ko‘rsatadi; (C) Ekologik belgilar (xatti-harakat, ovoz, yashash muhiti) turidagi nomlar qushning hayot tarzi bilan bog‘liq. Masalan, Otis undulata – Yoʻrga tuvaloqlar (harakatiga ko‘ra), Procnias niveus – Qo‘ng‘iroqchi qush (ovoziga ko‘ra), Scolopax rusticola – O‘rmon loyxo‘ragi (yashash muhitiga ko‘ra) kabi nomlar qush va uning ekologik makoni o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi; (D) Metaforik va metonimik nominatsiya esa xalq tafakkurining obrazliligi metaforik nomlarda yorqin namoyon bo‘ladi. Terpsiphone paradisi qushining uzun va hilpirab turuvchi dumi sababli unga Dumparast deya metaforik nom berilishi yoki Balearica pavonina turnasining boshidagi tojining tovusnikiga o‘xshatilishi natijasida Tovus turna nomining paydo bo‘lishi bunga misoldir; (E) Ornitonimik sinonimiyaning shakllanishida tashqi lisoniy omillar ham muhim rol o‘ynagan. Masalan, geografik nomlar (Amerika tuyaqushlari, Hindiston itolgisi) qushning areali yoki kelib chiqishini bildirsa, fonetik o‘zlashmalar (Ryabchik, Kedrovka, Rjanka) asosan rus tili orqali ilmiy-ommabop adabiyotlar ta’sirida o‘zbek tiliga kirib kelgan va mavjud xalqona nomlar bilan sinonimik munosabatga kirishgan. Ornitonimik sinonimlarning aksariyati mutlaq (absolyut) sinonimlar emas, balki ideografik-uslubiy sinonimlardir. Ular bir ob’ektni atasa-da, har biri qo‘shimcha ma’no ottenkalariga ega bo‘lib, nutq vaziyatiga ko‘ra farqlanadi va tilning ifoda imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Xulosa. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari o‘zbek tilidagi qush nomlari tizimida sinonimiya hodisasi chuqur va ko‘p qirrali ekanligini tasdiqlaydi. Tadqiqot asosida quyidagi ilmiy xulosalarga kelindi: 1. O‘zbek ornitonimik leksikasi sinonimlarga nihoyatda boy bo‘lib, bu tilning tarixan shakllangan nominativ salohiyati va leksik qatlamining rang-barangligini ko‘rsatadi. 2. Ornitonimik sinonimlarning shakllanishida lisoniy (so‘z yasalishi, metaforizatsiya, ma’no ko‘chishi) va nolisoniy (geografik, madaniy, ilmiy-texnik taraqqiyot, til kontaktlari) omillar birgalikda ishtirok etadi. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 986 3. Sinonimik qatorlarning aksariyatini “ilmiy termin – milliy nom – tavsifiy nom” uchligi tashkil etadi. Bu zamonaviy o‘zbek terminologiyasida xalqaro standartlar va milliy an’analar o‘rtasidagi integratsiya jarayonini aks ettiradi. 4. Tavsifiy nominatsiya ornitonimlarning sinonimiyasidagi eng mahsuldor usul bo‘lib, u xalqning tabiatni kuzatishdagi nozik didi va dunyoni idrok etishdagi kognitiv tamoyillarini namoyon etadi. Tadqiqotning dolzarbligi va ilmiy-amaliy ahamiyati uning natijalarining bir necha sohada qo‘llanilishi mumkinligi bilan belgilanadi. Tadqiqot natijalari o‘zbek tilining izohli, sinonimlar, etimologik va terminologik lug‘atlarini tuzish va takomillashtirish uchun boy empirik material bo‘lib xizmat qiladi. U ornitonimik leksikaning hozirgacha to‘liq qamrab olinmagan qatlamlarini lug‘at tarkibiga kiritish imkonini beradi. Ilmiy va xalqona nomlar o‘rtasidagi munosabatni o‘rganish milliy ornitologik terminologiyani standartlashtirish, muqobil nomlardan foydalanish me’yorlarini ishlab chiqish uchun nazariy asos bo‘ladi. Qushlarga berilgan tavsifiy va metaforik nomlar milliy lisoniy dunyoqarashni, o‘zbek xalqining tabiat ob’ektlarini qanday idrok etishi, baholashi va tasniflashini o‘rganish uchun bebaho manbadir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Abdushukurov B.B. XI–XIV asr turkiy yozma manbalar tilidagi zoonimlar: Filol. fan. nomz. ...diss. – Toshkent, 2009. – 154 b. 2. Eshmuminov A. O‘zbek tili milliy korpusining sinonim so‘zlar bazasi: Monografiya. – Termiz, 2021. – 118 b. 3. Isoqov F. “Zarbulmasal”dagi qush nomlariga doir // O‘zbek tili va adabiyoti. Toshkent, 1973. – 1-son. – B. 48–50. 4. Hojiyev A. O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: O‘qituvchi, 1974. – 308 b. 5. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-12-jildlar. – Toshkent, 2000–2006. 6. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli. / T.Mirzayev (rahbar) va boshq. – Toshkent, 2006– 2008. 7. Rahmatullayev Sh. O‘zbek frazeologiyasining ba’zi masalalari. – Toshkent: Fan, 1966. – 131 b. 8. Yoʻldasheva D.B. Oʻzbek tili ornitonimlarining strukturaviy va semantik tadqiqi: Filol. fan. boʻyicha falsafa doktori (PhD) ...diss. – Samarqand, 2020. – 139 b. 9. Zohidov T.Z. Zoologiya ensiklopediyasi. Qushlar. / F.S. Sultonov tahriri ostida. – Toshkent: O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti, 1957. – 148 b. 10. Zohidov T.Z., Zoologiya ensiklopediyasi, 1–4-jildlar, 1960–1966 11. Птицы Узбекистана. В 4-х томах. Том 1. / Под общ. ред. Н.М. Матчанова; отв. ред. А.К. Сагитов, Р.Н. Мекленбурцев. – Ташкент: Фан, 1987. – 294 с. 12. Птицы Узбекистана. В 4-х томах. Том 2. / Гл. ред. Н.М. Матчанов, А.К. Сагитов; отв. ред. Д.Ю. Кашкаров, М.М. Остапенко. – Ташкент: Фан, 1990. – 288 с.