INGLIZ TILIDA VA'DA NUTQIY AKTINING ILLOKUTIV KUCHI
Abstract
Mazkur maqolada ingliz tilida va’da nutqiy aktining illokutiv kuchi xususida so‘z yuritiladi. Va’da nutqiy aktining illokutiv maqsadi - so‘zlovchi zimmasiga olgan majburiyatni ifodalash va shu orqali adresatga ma’lum bir kafolat berishdan iboratdir. Va’da nutq akti kommunikativ strategiyalarda faol qo‘llanilib, turli funksiyalarni bajaradi. Maqolada ingliz tilida va’da nutqiy akti misollar yordamida tahlil qilingan va tadqiqot natijalari tilshunoslikda komissiv nutqiy aktlarni yanada chuqurroq tushunishga xizmat qiladi.
Full text
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 997 INGLIZ TILIDA VA’DA NUTQIY AKTINING ILLOKUTIV KUCHI Po‘latova O‘g‘ilxon Abduxaliqovna doktorant, Andijon davlat universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.17893984 Annotatsiya. Mazkur maqolada ingliz tilida va’da nutqiy aktining illokutiv kuchi xususida so‘z yuritiladi. Va’da nutqiy aktining illokutiv maqsadi - so‘zlovchi zimmasiga olgan majburiyatni ifodalash va shu orqali adresatga ma’lum bir kafolat berishdan iboratdir. Va’da nutq akti kommunikativ strategiyalarda faol qo‘llanilib, turli funksiyalarni bajaradi. Maqolada ingliz tilida va’da nutqiy akti misollar yordamida tahlil qilingan va tadqiqot natijalari tilshunoslikda komissiv nutqiy aktlarni yanada chuqurroq tushunishga xizmat qiladi. Kalit so‘zlar: va’da nutqiy akti, illokutiv kuch, perlokutiv ta’sir, Kirish. “Va’da” nutqiy akti komissiv aktlar ichida markaziy o‘ringa ega bo‘lib, uning illokutiv maqsadi - so‘zlovchi zimmasiga olgan majburiyatni ifodalash va shu orqali adresatga ma’lum bir kafolat berishdan iboratdir. Ingliz tilshunosligi klassik manbalarida bu nutq aktining tavsifi quyidagichadir: “Va’da - bu so‘zlovchi o‘zining kelajakdagi bir amalni bajarishini adresat manfaati yo‘lida kafolatlashidir”[1]. Komissiv nutqiy aktlarda va’da ifodasi orqali adresant o‘zining kelajakdagi harakati yuzasidan majburiyatni bildiradi va u yuzaga kelgan zahoti adresant “men bu amalni bajaraman” degan illokutiv maqsadni namoyon etadi, adresat esa ushbu illokutsiyani qabul qilib, keyingi bosqichda ushbu harakatning amalga oshishiga nisbatan ishonch yoki umidni shakllantiradi [2]. Usullar va adabiyotlar tahlli. O.V.Gasheva va’dani ikki bosqichli hodisa deb talqin qiladi: va’daning berilishi bosqichi va va’da qilingan amalni bajarish majburiyati bosqichi [3]. Bu ikki qism va’da aktining mantiqiy tuzilishini tashkil etadi: bir tarafdan lingvistik harakat (gapirish orqali majburiyatni olish), ikkinchi tarafdan ijtimoiy-huquqiy va axloqiy majburiyat (uning ijrosi). Agar biror sabаб bilan majburiyat bajarilmasa, kommunikativ jihatdan va’da buziladi va uning perlokutiv oqibatlari - ishonchning yo‘qolishi, muloqotning buzilishi kabi holatlar kelib chiqadi [4]. Yuqoridagi tavsiflardan ko‘rinib turibdiki, “va’da” bevosita so‘zlovchining shaxsiga oid va uning kelajak faoliyatini bog‘lovchi aktdir. Shu sababli, ba’zi tadqiqotchilar va’dani shaxsga doir nutq odobi va strategik muloqot nuqtai nazaridan ham o‘rganishgan. Masalan, V.V.Bogdanov shaxslararo kommunikatsiyada turli nutq aktlarini tasniflar ekan, va’dani ham individual kommunikativ xatti-harakat sifatida tilga oladi va uning bajarilishi insonlararo munosabatlarda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi [3]. Shuningdek, G.R.Voskanyan ingliz tilida majburiyatni ifodalovchi performativ gaplar ustida tahlil o‘tkazib, va’da mazmunini ifodalovchi fe’llarning keng aytirilgan ro‘yxatini havola etadi (masalan, promise, swear, guarantee, vow va h.k.) [5]. Natijalar. Va’da berish illokutiv jihatdan ko‘pincha kooperativ (hamkorlikka xizmat qiluvchi) nutq akti sanaladi - chunki u orqali so‘zlovchi va adresat o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik asoslari yaratiladi (masalan, va’daga binoan biror ish qo‘lga olinadi yoki kelishuvga erishiladi). Va’daning perlokutiv effekti - bu va’da bajarilganda yoki hech bo‘lmaganda va’da
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 998 berilganda adresatga ko‘rsatadigan ruhiy hamda ijtimoiy ta’sirlaridir [6]. Odatda, va’da eshitgan adresat ma’lum darajada ishonch hosil qiladi, ko‘ngli xotirjam bo‘ladi yoki quvonadi, chunki so‘zlovchi uning manfaatiga mos harakatni qilishga va’da bermoqda. Masalan, ota bolasiga “Men senga yangi kitob olib berishga va’da beraman” desa, bolaning perlokutiv reaksiyasi - xursand bo‘lish, otasiga nisbatan ishonch va minnatdorlik his qilish bo‘lishi mumkin. Va’da ko‘pincha tasalli beruvchi, umid uyg‘otuvchi nutq akti sifatida qabul qilinadi: masalan, kasalga shifokor “Men sizni albatta davolaymiz deb va’da beraman” desa, bemor ruhi ko‘tarilib, sog‘ayishiga ishonchi ortadi. Biroq, perlokutiv natija har doim ham ijobiy bo‘lavermaydi - bu ko‘proq va’daning bajarilish ehtimoli va so‘zlovchining ishonchliligiga bog‘liq. Agar adresat so‘zlovchiga unchalik ishonmasa yoki va’da real bo‘lmasa, shubha yoki tanqid paydo bo‘lishi ham mumkin. Ayniqsa, agar va’da berilib, keyinchalik buzilsa, bu adresatda ishonchsizlik va xafagarchilik tuyg‘usini kuchaytiradi. Darhaqiqat, va’daning bajarilmasligi muloqot asoslarini jiddiy zarar yetkazadi: ishonch yemiriladi, so‘zlovchining obro‘si tushadi va kelgusida uning so‘zlarining qadri pasayish holati yuzaga keladi. Shu sababli, va’da berganda so‘zlovchi o‘z obro‘si va ishonchliligini ham garovga qo‘ygan bo‘ladi - bu va’da aktining muhim pragmatik jihatlaridan biridir [7]. J.Syorl va’da nutqiy aktining samarali va mazmunli bo‘lishi uchun quyidagi shartlar mujassam bo‘lishi talab etiladi [8]: tilni va niyatni tushunish sharti (umumiy sharoit): so‘zlovchi va adresat bir-birlarini to‘g‘ri anglashi, bir xil til kodidan foydalanishi kerak. Eng muhimi, va’da mazmunini jiddiy qabul qilishlari lozim, ya’ni so‘zlovchi hazil yoki kinoya qilmayotgan bo‘lishi zarur. Agar kimdir hazil tariqasida “va’da” qilsa yoki adresat buni jiddiy qabul qilmasa, nutqiy akt muvaffaqiyatsiz (infelicitous) bo‘ladi; tropositsion mazmun sharti: va’da jumlasining mazmuni bo‘lib, kelajakda amalga oshiriladigan harakat xizmat qiladi. Ya’ni, so‘zlovchi o‘tgan yoki hozirgi zamondagi emas, balki kelgusida bajariladigan bir ishni va’da qilishi kerak. Masalan, “I promise I will do X” tarzidagi ifoda - to‘g‘ri propositsion tarkibga ega. Agar so‘zlovchi kelajak zamonni ifodalamasa (masalan, “Men buni qildim” deyish va’da hisoblanmaydi), u holda va’da akti bajarilmaydi; preparativ shartlar esa ikki jihatni o‘z ichiga oladi: (a) Adresat ning istagi - va’da qilingan amal adresat manfaatiga mos bo‘lishi va adresat uni sodir bo‘lishini istashi lozim. So‘zlovchi ham buni anglab turishi kerak. Agar adresat bu amalni istamasa yoki unga ahamiyat bermasa, bunday holatda “va’da” o‘z kuchini yo‘qotadi (masalan, kimningdir istagi aksiga qilingan “va’da” tahdid yoki kinoya sifatida qabul qilinadi). (b) Vaqt-vaziyat sharti - va’da berilayotgan paytda, va’da qilingan ish allaqachon bajarilmagan bo‘lishi va o‘z-o‘zidan bajariladigandek ko‘rinmasligi kerak. Syorl bu shartni bilvosita epistemik vaziyat (nonevident condition) deb ataydi [9], ya’ni agar va’da qilinayotgan amal baribir sodir bo‘lishi tabiiy va aniq bo‘lsa, unda va’da berishning keragi yo‘q (masalan, kun chiqishini “va’da berish” mantiqsiz). Demak, so‘zlovchi va’da berayotganda, agar o‘zi shu ishi aniq bajarilishini bilsa ham, unga alohida e’tibor qaratib, majburiyat sifatida ta’kidlashi lozim. samimiyat sharti: Bu va’da aktining eng muhim jihatlaridan biri - so‘zlovchi va’da qilayotgan ishni bajarishga chin dildan niyat qilishi va uni bajarishga qodir ekanini ich-ichidan his qilishi lozim. Agar so‘zlovchi aslida bu ishni qilish niyatida bo‘lmasa yoki imkoniga ega emasligini bilaturib va’da berayotgan bo‘lsa, bunday va’da nohaq va yolg‘on hisoblanadi. Syorlning terminologiyasida, bunday holat samimiyatsiz nutq akti yoki “abuse” (suiiste’mol) deyiladi, ya’ni so‘zlovchi nutq aktining samimiyat shartini buzgan holda, yolg‘on va’da
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 999 bermoqda [9]. Masalan, siyosatchi bajarolmasligini bila turib berayotgan va’dalar yoki shaxs kimningdir ko‘nglini ovlash uchun yolg‘ondakam va’da berishi samimiyat shartining buzilishi bo‘lib, kommunikativ jihatdan nojo‘ya sanaladi. Shuni ta’kidlash kerakki, samimiyatsiz va’da ham baribir va’da nutq akty bo‘lib qolaveradi (chunki illokutiv jihatdan u va’da bergan hisoblanadi), lekin bu holda uning pragmatik qimmati salbiy, strategik manipulyativ vositaga aylanadi. essensial (mohiyat) shartiga ko‘ra so‘zlovchi tomonidan aytilgan va’da jumlasining o‘zi so‘zlovchini muayyan majburiyat ostiga qo‘yishi kerak. Ya’ni, va’da beruvchi “I promise...” deb aytishi bilan, shu nutq akti uning zimmasiga avtomatik ravishda majburiyat yuklaydi, “Men buni qilmasam bo‘lmaydi” degan majburiyat hissi paydo bo‘lishi kerak. Agar so‘zlovchi buni anglamagan holda va’da berayotgan bo‘lsa yoki va’daga yengil qarayotgan bo‘lsa (masalan, “va’da berdim, lekin bu meni hech narsa bilan bog‘lamaydi” deb o‘ylasa), bu essensial shart bajarilmagan hisoblanadi. Adresat ham aytilgan gapni aynan va’da sifatida qabul qilib, so‘zlovchi o‘zini majbur qilganini tushunmog‘i lozim. Shundagina nutq akti to‘liq yuzaga chiqqan hisoblanadi. Muhokama. Yuqoridagi barcha shartlar bajarilgan taqdirda, va’da nutqiy akti muvaffaqiyatli hisoblanadi. Syorl ta’kidlaydiki, agar ushbu shartlardan birortasi buzilsa, va’da to‘liq kuchga ega bo‘lmaydi. Masalan, adresat tilni tushunmasa yoki va’da mazmunini hazil deb o‘ylasa (umumiy shart buziladi), yoki va’da qilingan ish adresat ga keraksiz bo‘lsa (preparativ shart buziladi), yoki so‘zlovchi bajarish niyatida bo‘lmasa (samimiyat sharti buziladi), bularning har biri va’daning kommunikativ samaradorligini yo‘qqa chiqaradi [10]. Umuman olganda, eksperimental tadqiqotlar Syorl belgilagan shartlarning to‘g‘riligini tasdiqlaydi, xususan, samimiyat va adresat manfaatdorligi va’daning qabul qilinishida hal qiluvchi ekanini ko‘rsatadi [11]. Shu bilan birga, real muloqotda kontekst va fon tajriba kabi omillar ham muhim rol o‘ynashi aniqlandi. Bu esa va’da nutq aktining kommunikativ-pragmatik moslashuvchanligini bildiradi, ya’ni odamlar va’dani quruq shartlar majmuidek emas, balki muloqot jarayonidagi insoniy omillarni ham hisobga olgan holda talqin qilishadi. Demak, va’da berishning muvaffaqiyati til birliklarini to‘g‘ri qo‘llash bilangina emas, balki shaxslararo ishonch, samimiylik va ehtiyojlarni inobatga olish bilan ham chambarchas bog‘liq. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, muloqotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va’dalarga qaraganda bilvosita va’dalar ko‘proq uchraydi. Buning bir necha pragmatik sababi bor. Birinchidan, bilvosita usul ko‘pincha muloqotni yumshatadi: ochiq “Men va’da beraman” deyish ba’zan rasmiy yoki ortiqcha tuyulishi mumkin, ayniqsa kundalik suhbatda. Odamlar ko‘p hollarda “Hal qilishga harakat qilaman”, “Xafa bo‘lmang, men albatta kelaman” kabi yumshoqroq ifodalar bilan va’da berishni ma’qul ko‘rishadi - bu odoblilik (politeness) tamoyillariga ham mos keladi. Ikkinchidan, bilvosita va’da berish so‘zlovchiga ma’lum darajada imkon qoldiradi: agar qandaydir sabab bilan va’daga erisha olmasa, u ochiq va’da bergandek qattiq majburiyat olmagan bo‘ladi. Bunday strategiya ayniqsa noaniq vaziyatlarda yoki va’daning bajarilishi to‘liq so‘zlovchi nazoratida bo‘lmaganda qo‘llanadi (masalan, ob-havoga bog‘liq va’dalar: “I’ll try to come, if traffic isn’t too bad” - bunda so‘zlovchi “I promise” demaydi, lekin majburiyat hissi bor). Demak, ayta olamizki, ingliz tilida va’da nutq aktining ifodaviy spektri keng: eksplitsit formulalardan tortib, nozik implikaturalargacha bo‘lgan shakllar mavjud. So‘zlovchi vaziyatga qarab qaysi shaklni tanlashini pragmatik omillar belgilaydi - masalan, muloqot rasmiyligi,
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 1000 adresat bilan munosabat darajasi, va’daning qanchalik jiddiy ekani va bajarilishiga ishonch darajasi kabi faktorlar. Xulosa. Va’da - bu shunchaki lingvistik hodisa emas, balki axloqiy-ma’naviy majburiyat yuklovchi akt ekani sababli, uning kommunikativ rolini til qoidalari bilangina cheklab bo‘lmaydi. Va’da berish va uni bajarish insoniy faoliyatning ijtimoiy psixologik mexanizmlari (mas’uliyat hissi, vijdon, ishonch) bilan ham bog‘liq. Shu bois, bizningcha, va’da nutq aktini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun nafaqat to‘g‘ri shartlar va to‘g‘ri til vositalari, balki so‘zlovchining shaxsiy halolligi va mas’uliyati ham talab etiladi. Ingliz tilida “va’da” nutqiy akti murakkab kommunikativ-pragmatik hodisa bo‘lib, illokutiv mohiyati jihatidan, va’da - so‘zlovchini majburiyat ostiga qo‘yuvchi komissiv aktdir; so‘zlovchi va’da berish orqali o‘z zimmasiga kelajakdagi harakatni bajarish burchini oladi va adresat buni majburiyat sifatida qabul qiladi; perlokutiv ta’sir nuqtai nazaridan, va’da odatda ishonch va umid uyg‘otadi, muloqot ishtirokchilarini yaqinlashtiradi. Biroq, va’da bajarilmasa yoki yolg‘on ekani ma’lum bo‘lsa, uning perlokutiv oqibatlari salbiy - ishonchsizlik, ranjish va hatto aloqalarning uzilishigacha olib borishi mumkin. Va’da nutq akti kommunikativ strategiyalarda faol qo‘llanilib, turli funksiyalarni bajaradi: kooperativ strategiyalarda u kelishuv va ishonchga xizmat qilsa, nizo yoki shikoyat vaziyatlarida murosaga erishish vositasi bo‘ladi, manipulyativ maqsadlarda esa yolg‘on va’da tarzida ishlatilishi mumkin. Shu bois va’da berish har doim ham ijobiy harakat emas, uning ham ijobiy, ham salbiy jihatlari muloqot asnosi va undan keyingi fon hodisalar oqimida namoyon bo‘ladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Promises as Commissive Speech Acts [Elektron resurs]. – URL: https://pragmatics.indiana.edu/speechacts/promises.html 2. Анохина С. П. Речевые акты-комиссивы как регулятивы в межличностном неинституциональном общении //Известия Волгоградского государственного педагогического университета. – 2021. – №. 1 (154). – С. 135-140. 3. Колоколова Н. М. и др. Речевой акт обещания как промиссив: структурносемантическая модель //Альманах современной науки и образования. – 2008. – №. 2-2. 4. Гашева О.В. Речевой акт обещания в современном французском и английском языках: семантико-прагматический и грамматический аспекты : дис. – Екатеринбург : ОВ Гашева, 2007. 5. Восканян Г. Р. Опыт анализа предложений, содержащих перформативы-обязательства (на материале современного английского языка) [Текст] / Г. Р. Восканян // Проблемы синтаксиса словосочетания и предложения в современном английском языке: Межвуз. сб. науч. тр. - Пятигорск, 1987. - С. 45-52. 6. Былина Е. Э. Неуспешное обещание в современном англоязычном дискурсе //ИА Бодуэн де Куртенэ и мировая лингвистика. – 2015. – С. 47-49. 7. Сперанская А. Н. Купеческое слово: семантика и прагматика речевого жанра //Мир русскоговорящих стран. – 2023. – №. 1 (15). – С. 35-55. 8. Promises as Commissive Speech Acts [Elektron resurs]. – URL: https://pragmatics.indiana.edu /speechacts/ promises.html 9. Gibbs Jr R. W., Delaney S. M. Pragmatic factors in making and understanding promises //Discourse Processes. – 1987. – Т. 10. – №. 1. – С. 107-126.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 1001 10. Azimova C.X. Komissiv nutqiy aktlarining lingvopragmatik xususiyatlari (ingliz, rus va o‘zbek tillari misolida): filol. fan. bo‘yicha fals. (PhD) diss. avtoref. – Farg‘ona: FarDU. 2022. – 50-b. 11. Galasinski, D. Doctors' promises [Elektron resurs]. – Rejim kirish: https://dariuszgalasinski.com