scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

PROFЕSSIONAL O'ZBЕK ERTAKCHILARI IJODI

Jamila Asqarova Baxodirovna

Full text

3 6 4 7.2 _____Filologiya fanlari__________________________________________ PROFЕSSIONAL O‘ZBЕK ERTAKCHILARI IJODI Jamila Asqarova Baxodirovna O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori (DSc) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903732 Annotatsiya: maqolada o‘zbek xalq ertakchilik sohasiga o‘z repertuarlari bilan munosib hissa qo‘shgan xalq ertakchilari – Nurali Nurmat o‘g‘li hamda Abdug‘ofur Shukurovlar ijodi qiyosiy o‘rganilgan. Shuningdek, maqolaning asosiy mazmunini bu ikki xalq ertakchisining bosib o‘tgan hayot yo‘li, ertak olamiga kirib kelishi, ijodkor repertuarini shakllanishiga ta’sir qilgan sharoit va tashqi omillar, ertakchilik an’anasiga mansub ijro uslubi, til xususiyatlari, ertaklardagi initsial va final formulalarni tadqiq qilish tashkil qiladi. Kalit so‘zlar: ertakchi, repertuar, to‘plam, an’ana, maishiy va sehrli ertaklar. Аннотация: В стате проводится сравнителное изучение творчества народних сказителей, внесших достойний вклад в развитие узбекского сказочного искусства, — Нурали Нурмат угли и Абдугафура Шукурова. Основное содержание работи посвяшено исследованию жизненного пути этих двух народних сказителей, их вхождению в мир сказки, факторов, повлиявших на формирование их репертуара, особенностей исполнителской манери, язикових характеристик, а также инициалних и финалних формул в их сказках. Ключевие слова: сказител, репертуар, сборник, традиция, битовие и волшебние сказки. Annotation: The article comparatively studies the work of folk storytellers Nurali Nurmat ugli and Abdugafur Shukurov, who have made a worthy contribution to the field of Uzbek folk storytelling with their repertoires. Also, the main content of the article is formed by the study of the life path of these two folk storytellers, their entry into the world of fairy tales, the conditions and external factors that influenced the formation of their creative repertoire, the performance style belonging to the fairy tale tradition, language features, and the initial and final formulas in fairy tales. Key words: storyteller, repertoire, collection, tradition, household and magic tales. Kirish. O‘zbek xalq ertakchilik an’analarida muhim subyekt bu – ijodkor ertakchilardir. Ular og‘zaki ijodning bu turini o‘z hofizalarida saqlab, badihago‘ylik bilan ijro etadilar. Bir ijrochi tomonidan aytilgan ertak, ikkinchisi tomonidan to‘ldiriladi yoki qisqartiriladi, ba’zan yangi epizodlar bilan boyitiladi. Ertakchilik sohasidagi kuzatishlar ijrochilarning maxsus tiplari mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi. Adabiyotlar tahlili. Oddiy ertakchi, professional epik va maishiy ertakchilar kabi turlarga bo‘lishi mumkin. Oddiy ijrochilar ertak qanday bo‘lsa, shundayligicha takrorlaydilar. Ular uchun ertak mavzusining ahamiyati muhim emas. Professional epik ertakchilar ko‘proq uzun, sarguzashtli, sehrli ertaklarni aytishga, maishiy ertakchilar esa shu mavzudagi ertaklar ijrosiga ixtisoslashgan bo‘ladilar. Keyingi ikki tip ertakchilarda ijodkorlik va ijrochilik qobiliyati kuchli bo‘ladi [Beknazarov, 42]. 3 7 4 7.2 Xalq ertaklarining avloddan-avlodga yetib kelishida an’ana doirasida ijod qilgan professional xalq ertakchilarining xizmatlari katta. “O‘zbek ertakchilaridan qo‘qonlik Hamrobibi Umarali qizi ko‘proq qahramonlik, namanganlik Hasan Xudoyberdi o‘g‘li sehrli, yangiqo‘rg‘onlik Haydar Boycha o‘g‘li hayvonlar haqidagi, qo‘qonlik Nurali Nurmat o‘g‘li maishiy, marg‘ilonlik Rasulov Husanboy sehrli sarguzasht, qashqadaryolik Shukurov Abdug‘ofir mardlik va qahramonlik mazmunidagi ertaklarni ijro etishgan” [O‘zb.mil.ens. 261]. Ular repertuaridagi ertaklar xalq orasida keng tarqalgan. Maqolada o‘zbek xalq ertakchilik sohasiga o‘z repertuarlari bilan munosib hissa qo‘shgan xalq ertakchilari – Nurali Nurmat o‘g‘li hamda Abdug‘ofur Shukurovlar ijodini qiyosiy o‘rganishni maqsad qilib oldik. “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” turkumida bir ertakchi ijodiga bag‘ishlangan ikkita to‘plam chop etilgan bo‘lib, biri Nurali Nurmat o‘g‘li repertuari asosida tuzilgan, maishiy ertaklar yig‘ilgan “Luqmoni hakim” bo‘lsa, ikkinchisi Abdug‘ofur Shukurov repertuari egallagan, sehrli ertaklar jamlangan “Kulsa – gul, yig‘lasa - dur” to‘plamidir. Maqolaning asosiy mazmunini bu ikki ertakchining bosib o‘tgan hayot yo‘li, ijodkor repertuarini shakllanishiga ta’sir qilgan sharoit va tashqi omillar, ertakchilik an’anasiga mansub ijro uslubi, til xususiyatlari, ertaklardagi initsial va final formulalarni tadqiq qilish tashkil qiladi. Folklor arxivida saqlanayotgan, zahmatkash folklorshunos Z.Husainova tomonidan yozib olingan quyidagi tarjimayi hol bizga Nurali Nurmat o‘g‘li haqida mufassal ma’lumot beradi. Xalq ertakchisi sifatida tan olingan “Nurali Nurmat o‘g‘li 1884 yilda Qo‘qon shahridagi G‘alcha qishlog‘ida bo‘zchi oilasida tug‘ilgan. Bo‘lajak xalq san’atkorining otasi Nurmamat aka o‘z mehnati bilan qashshoqlikda og‘ir kun kechiradi. Shu og‘ir sharoitda turmush mashaqqatlariga chidamay, o‘z bolalarini boqa olmasdan, oilasini tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Nurali ertakchining tili bilan aytganda: “bizga non topib yegiza olmay, chopon topib kigiza olmay, ukalarimni boqolmay, o‘tin topib yoqolmay, qassobdan go‘sht qarzdor bo‘lib, nonvoydan non qarzdor bo‘lib, qassob va nonvoy qistab, hamisha istab, bulardan boshqa ham olasi-berasi bo‘lib surishib, urishib, ukalarim bilan meni tashlab, ikkala ko‘zini yoshlab ketib qolgan”. Otasi tashlab ketgandan so‘ng onasi olti bola bilan qoladi. Olti bolani boqish o‘sha zamon uchun juda og‘ir edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Nuralining onasi birovlarning kirini yuvib, nonini yopib, charx yigirib olti bola bilan kunini o‘tkazadi. Nuralining onasi g‘ayratli, ishchan, uddaburon xotin bo‘lib, o‘z mehnati bilan bolalarini voyaga yetkazgan. Bundan tashqari, u xushchaqchaq, xushtabiat quvnoq ayol edi. Tunning uzoq kechalarida o‘z yetimlarini yoniga olib, turli yo‘llar bilan ularni ovutib, ko‘ngillarini ochish niyati bilan ota-bobolaridan eshitgan o‘tmish voqealardan hikoya qilib berar, cho‘pchak aytib berib, ularni ko‘nglini olar edi. Bolalarning orasida to‘ng‘ichi ziyrak zehnli Nurali onasi aytgan hikoya cho‘pchaklarni qiziqib tinglar va ularni uqib olib, chalakam-chatti bo‘lsa ham o‘z tengi bolalarni yig‘ib ularga aytib berar edi. Nurali olti 3 8 4 7.2 yoshida o‘z mahallasidagi Mulla Muhammadmuso domlaga o‘qishga berilgan bo‘lsa ham, domlasi boshqa joyga ko‘chib ketganligi sababli o‘qishni davom ettirolmay, savodi ham chiqmay qoladi. Shunday qilib og‘ir sharoitlarda olti yetim o‘sib boradi. Nurali yetimlik, yo‘qchilikning eng razil, og‘ir og‘ir kunlarini boshidan kechirar, uni yengishga harakat qilardi. Nurali o‘z ijodini dastlab qiziqchilik, lo‘ttibozlik nayrangbozlikdan boshlaydi. U har xil asboblar bilan o‘yin ko‘rsatishga astoydil kirishadi. Qiziqchilik bilan birga askiyabozlikni ham o‘rganishga bel bog‘laydi. Shu bilan bir qatorda shuvoqchilik, sirchilik, dehqonchilik jillakashlik va boshqa hunarlarni ham o‘rganadi. U o‘zining qiziqchilik, lo‘ttibozligi bilan bir qatorda kechqurunlari samavorchoyxonalarda onasi va ustozidan o‘rgangan ertaklarni aytib berar va o‘zi ijod etgan ajoyib repertuarlaridan namunalar ijro qilib tinglovchilarni o‘ziga jalb qilardi. Mana shu yo‘sinda u har taraflama o‘sib borar, unga ahamiyat berib yangiliklar qo‘shib boradi. Nurali Nurmat o‘g‘li o‘z ijodini asosan 16 yoshdan boshlaydi. Borgan sari xalq o‘rtasida o‘zining ertakchiligi va qiziqchiligi bilan tanila boradi. Kunduzlari qiziqchilik, lo‘ttibozlik bilan mashg‘ul bo‘lib, kechalari yig‘inlarda ertak, hikoya aytib xalqqa manzur bo‘lganligi tufayli Nurali qiziqchi Nurali ertakchi nomini oladi, ba’zan Nurali Nayzangul ham deyishadi. U o‘z ertaklari orqali kishi haqiga xiyonat qiluvchi, xalqqa putur yetkazuvchi, ahloqsiz, aldamchi ayrim kimsalarni xajv ostiga oladi. Ularning yaramas niyatlarini fosh etadi. Ularga qarshi xalqning o‘tkir nafratini iboralar, so‘z o‘yinlari bilan ifodalaydi. Nurali Nurmat o‘g‘li ertaklarining aksariyatida chuqur xajv bo‘lishi bilan birgalikda, unda odob-axloq, mehnatsevarlik, insof, adolat, sadoqatga chaqirish masalalari o‘z aksini topgan. Unda hayotiy voqealar qiziqarli ifodalanadi. Ertaklarda ertakchining hayotiy maqsadi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ertakchi ertak aytar ekan, u o‘zi aytgan ertagining voqeasini xuddi hayotda ko‘rganday, shu ertak ishtirokchisi sifatida ko‘rsatadi. Bu esa ertakchining ertakni sevishi, uni ardoqlashini ifoda etadi. Nurali Nurmat o‘g‘li o‘zining ertaklari, rivoyat va latifalari orqali odamlarni rostgo‘ylikka chaqiradi, xalq esa uni katta e’tibor bilan tinglagan” [Husainova, arxiv]. Yana bir xalq ertakchisi hisoblangan Abdug‘ofur Shukurov 1918 yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. Yetti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Abdug‘ofur 2-sinfni tamomlagach, o‘qishni tashlab, otasiga ro‘zg‘or ishlariga yordam beradi. Tez orada urush boshlanib, u vatan himoyasiga birinchilardan bo‘lib otlanadi. Urushda yaralangan Abdug‘ofur aka 3 oy xarbiy gospital davolanadi va urushga yaroqsiz bo‘lib qolganligi sababli uyiga qaytariladi. Bu davrda front ortida ham qiyinchiliklar to‘lib yotardi. Ishchi kuchi yetishmasligidan barcha og‘ir mehnat ayollar, qariyalar va bolalarga qolgan edi. Mana shunday og‘ir damlarda Abdug‘ofur Shukurov qo‘l qovushtirib o‘tirmadi, u qo‘li gul usta edi. Bo‘sh vaqtlarida eshik va deraza romlari yasardi. Uning otasi Abdushukur Zohidboy o‘g‘li kenagas urug‘iga mansub bo‘lib, savodsiz edi. Ona tomondan 3 9 4 7.2 momosi ikki ko‘zi ojiz bo‘lsa-da, juda ko‘p ertaklar, afsona, rivoyat va xalq qo‘shiqlarini bilgan. Uning onasi Saodat Ibrog‘im qizi ham o‘z davrining usta ertakchisi bo‘lgan. Abdug‘ofur Shukurovning e’tirof etishicha, u o‘zi yaxshi bilgan 50 dan ortiq ertakni onasi va momosidan o‘rgangan. Chunki bu ikki ayolning bilgan ertaklari ko‘p bo‘lib, u bu xazinanning bir qisminigina yodida saqlagan, xolos. Abdug‘ofur Shukurovning ertakchilik iste’dodi haqida dastlab Muzayyana Alaviya xabar topdi. U bir qancha vaqt ertakchi bilan birga ish olib bordi va bir qancha ertaklarni mukammal yozib oldi. Keyinchalik M.Afzalov, Z.Husainova, M.Saidov va Fathulla Abdullayevlar undan ko‘plab ertaklar yozib oldilar [“Kulsa –gul, yig‘lasa - dur”, 298]. Yuqoridagi tarjimayi hollardan ko‘rinib turibdiki, bu ikki ijodkorning hayot yo‘li oson kechmagan. Urush, ocharchilik, qiyinchiliklar, oilaviy muhit va sharoit ularni ijodkor bo‘lib yetishuvida, ertak orqali ruhiy taskin olish va uni boshqalarga ham ulashishida muhim rol o‘ynagan. Tadqiqot metodologiyasi. “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” turkumidan Nurali Nurmat o‘g‘li repertuari bo‘yicha 1990 yili G‘afur G‘ulom nashriyotida chop etilgan “Luqmoni hakim” to‘plamiga ertaklar, latifalar, Mashrab haqidagi xalq rivoyatlari, xalq qo‘g‘irchoq teatri namunalaridan iborat jami 63 ta og‘zaki ijod asarlari kiritilgan bo‘lib, shulardan 53 tasini maishiy ertaklar tashkil qiladi. Kuzatishlardan ma’lum bo‘ladiki, N.Nurmat o‘g‘li ko‘proq maishiy va hajviy xarakterdagi ertaklar aytishga mutaxassislashgan. Maishiy ertaklarning asosiy belgisi hikoya qilinayotgan voqealarning aholi turmush-tarziga o‘ta yaqinligidir. “Luqmoni hakim” to‘plamidagi ertaklarning deyarli to‘qson foizi yo maishiy, yo hajviy xarakterdagi ertaklardir. Tahlillar va natijalar. “Nurali Nurmat o‘g‘lidan yozib olingan ertaklarnin aksariy qismi maishiy, realistik ertaklardir. Uning ertaklaridagi qahramonlar sehrli ertak qahramonlari kabi tilsimlar ochmaydilar, dev va yalmog‘izlar bilan kurashmaydilar, balki real turmushda va hayot kechirishdagi tengsizliklar ustida kurash olib boradilar, aql va tadbirlar orqali dushmanlari bilan kurashadilar. Xalqning zulmga qarshi kurashini, turmush tajribasi asosida o‘sgan fikr, aql boyligini donishmand dehqonlar, kosiblar, umuman xalq vakillari obrazlari orqali gavdalantiradi” [Saidmurod Panoh o‘g‘li, arxiv]. Professional ijodkor ertakchi repertuarida hajman keng ertaklar yo‘q. To‘plamdagi “Luqmoni xakim”, “Ayoz” kabi nisbatan kengroq ertaklarni shartli ravishda bir necha mustaqil ertaklarga ajratsa bo‘ladi. Ushbu ertaklarda ijrochi bir necha syujetni o‘zaro bog‘lab aytgan, deb taxmin qilishimiz ham mumkin. Bu esa M.Afzalovning “Ertaklarning syujet va kompozitsiyasining keng va qisqa bo‘lishi ko‘proq ertakchining mohirligiga va hofizasiga bog‘liq”, degan fikrini tasdiqlaydi. Nurali Nurmat o‘g‘li ertaklarining tili jonli xalq tilidir. U maqollarga, turli qochirimlarga, badiiy tasvir vositalariga boy. Ular aniq mazmunga ega. Ana shuning uchun ham maishiy ertaklardagi joy nomlari va kishi ismlari ertakning hayotiyligini ta’minlashga 3 10 4 7.2 va uni boshqa tur ertaklardan farqlashga xizmat qiladi. Misol uchun, joy nomlari: Qo‘qon, Targ‘oq qishloq, Orazi qishloq, Buxoro, Qorako‘l, Yangi qishloq, Namangan, Toshkent, Tojik qishloq va hokazo. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “joy nomlarining aniqligi maishiy ertaklarga xos xususiyatdir. Biror sehrli ertakda qishloq nomini uchratmaymiz. Agar maishiy ertaklar “bir mamlakatda”, “bir zamonlar”, “bor ekanda, yo‘q ekan” kabi initsial formulalar bilan boshlansa, bu qadim ertakchilik an’analarining ta’siri tufaylidir. Maishiy ertaklarda odatda makon va vaqt real hayotga yaqin bo‘ladi” [Beknazarov, 51]. Bundan tashqari, ertakchi kishi nomlarini atashda an’anaviy – chol, kampir, o‘g‘il, podsho, malika, boy kabi umumiy va mavhum ismlardan qochib, ularni konkretlashtiradi: Luqmon, Ayoz, Aflotun, Muso, Safarboy, Xolmurodboy, Abdug‘ani, Egamberdi, Abdurasul, Qosim, Boynazar, G‘oyibnazar va hokazo kishi nomlari tinglovchida aniq tasavvur o‘rgatadi hamda obrazlar hayotiyligini ta’minlaydi. Ertakchi ijodida nazm ruhi seziladi. So‘zlar o‘zaro qofiyalanib keladi. Shu o‘rinda folklorshunos M.Afzalovning ertakchi N.Nurmat haqida aytgan fikrlarini keltirib o‘tish joiz: “Ba’zi bir professional ertakchilar ertak aytishda ko‘pincha sajga e’tibor beradilar. Masalan, qo‘qonlik ertakchi Nurali Nurmat o‘g‘lidan yozib olingan ertaklarda saj ko‘p uchraydi chunki u ertakni mumkin qadar qofiyali qilib so‘zlashga katta ahamiyat beradi” [Afzalov, 113]. N.Nurmat repertuaridagi “Tovlamachi odam” [“Luqmoni hakim”, 99] ertagini olaylik. “Kappon-kappon, yuz kapponga bir kappon. Enadan tug‘ilib, yig‘lab yurib kap-katta bo‘lib qoppan. Otamning gapiga kirmay, xotin olmay uylanib qoppan. Uyga ro‘zg‘or kerak deb xurjun bilan qopni olib kapponga borib qoppan” bu yerda “qoppan” (qolibman) so‘zi ertak boshlanishidan to oxirigacha davom etib tinglovchiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Qo‘qonlik ertakchi N.Nurmat o‘g‘li repertuariga asoslanib, uni maishiy ertaklar ustasi bo‘lgan, deya olamiz. Buning sababi avvalo, ertakchi yashagan muhit kishilarining ana shu tip ertaklarga bo‘lgan ehtiyojidir. Og‘ir turmush tarzi hayotdagi kam-ko‘stlar ustidan kulishga, shu bilan chalg‘ishga undagan. Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, ertakchining egallagan kasbi kori, xunari uning repertuariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Chunki Nurali Nurmat o‘g‘li ham qiziqchi, ham qo‘g‘irchoq o‘ynovchi, ham askiyachi bo‘lgan. Shu sababli uning ertaklarida hajv, kulgu, yumor ustunlik qiladi. “Ertakchilar aytayotgan ertaklarini o‘zlarini o‘rab olgan tashqi muhit bilan bog‘lashga urinadilar. Ertakchi ertakning ko‘p asrli traditsiyasiga qaramay, o‘zini o‘rab olgan, o‘zi yashab turgan muhit va borliqning tasviri bilan boyitadi. Ertakchi o‘z tabiatiga, dunyoqarashiga va psixologiyasiga mos keladigan ertaklarni aytadi. Bular esa ertakchining turmushga bo‘lgan munosabati va uning bilim doirasining qay darajada ekanini ko‘rsatadi” [Afzalov, 117]. Shuningdek, “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” turkumidan 1983 yili G‘afur G‘ulom nashriyotida chop etilgan folklorshunoslar Zubayda Xusainova va Bahodir Sarimsoqovlar 3 11 4 7.2 nashrga tayyorlagan “Kulsa – gul, yig‘lasa – dur” to‘plami xalq ertakchisi Abdug‘ofur Shukurov repertuari asosida tuzilgan bo‘lib, to‘plam o‘ziga xos xususiyatga ega. Bu o‘ziga xoslik uning repertuari faqat sehrli ertaklardan iborat ekanligi bilan belgilanadi. “To‘plamdagi ayrim ertaklarning asosi kitobiy manbalarga borib taqaladi. Biroq bunday syujetlar ko‘p vaqtlar og‘zaki holda ertakchilar doirasida keng tarqalishi, bir necha avlodlar tomonidan qayta-qayta aytilishi tufayli o‘zining dastlabki manbalari – qissa va hikoyatdan uzoqlashib struktura jihatdan ertak janriga to‘la bo‘ysungan” [“Kulsa –gul, yig‘lasa - dur”, 299]. To‘plamga ertakchi repertuariga mansub 17 sehrli-fantastik ertaklar kiritilgan. A.Shukurov repertuaridagi ertaklar matnini tadqiq qilar ekanmiz, unda shevaga xos so‘zlar bilan bir qatorda, bugungi kunimiz uchun qadimiy bo‘lgan, ma’nosi o‘zgargan yoki unutilgan arxaik so‘zlarni ham ko‘plab uchratamiz. Ertakchi to‘plamdagi “Qora mushkul ot” deb nomlangan murakkab syujetli sehrli ertakda badiiy forsiy so‘zlardan ko‘p foydalangan. Misol uchun “savirbosti” (taskin topmas), “ko‘lbar” (safar xalta), “dujon” (homilador) kabi ko‘plab forsiy so‘zlar uchraydi. Mushkiya – ertak qahramoni bo‘lmish malikaning noodatiy ismi o‘zbeklar orasida deyarli uchramaydi. Yoki “Nigini shohi moron” ertagini olaylik. Bu ertakning nomlanishi ham forsiycha bo‘lib, kitobiy qissalarga yaqinligi seziladi. Bu yerda “nigin” so‘zi “uzuk” ma’nosida kelib, kimki ushbu sehrli uzukni taqib niyatini aytsa, albatta unga erishadi. Shuningdek, ertakda “Holini bilgan horimas”, “Bermas qizning qalini ko‘p”, “Chiqqan qiz chig‘dan tashqari” kabi bir necha maqollar uchraydiki, bu o‘z navbatida, ertakchining xalq og‘zaki ijodining boshqa janrlaridan ham boxabardorligidan dalolatdir. Mohir qissago‘y o‘zbek ertagiga fors-tojik so‘zlarni shunday singitadiki, bu uning so‘zga boyligini ko‘rsatib turibdi. Masalan “yarg‘oq” (yaralangan), “bahrovar” (bahramand), “ramuz” (fahm), “habjo‘sh” (metall qorishmasi), “chig‘” (chiy, chig‘iriq), “girih” (ko‘ngliga tugib qo‘ymoq), “marohil” (yo‘l), “tablibozgash” (urushda askarlarni chaqirish uchun ishlatiladigan nog‘ora), “dalla” (ayyor, makkor), “mo‘rcha” (chumoli), “tay qilmoq” (bosib o‘tmoq) kabi so‘zlar o‘quvchi uchun izoh talab qilsa, zulmkunanda, ziyofatu zarofat, xeshu ahrabo, mashvarat, belg‘unchak, shermast, xushfarax, ofarinbod kabi badiiy fasohatli so‘zlar zukko eshituvchi uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. A.Shukurov joy, tabiat tasviriga keng o‘rin beradi: “Qal’aning ichida bir shahri azim, uning ichida misdan qo‘rg‘on, balandligiga inson hayron qoladi, kun chiqsa shu qo‘rg‘onning shu’lasi shaharga shu’la berib turadi. Qo‘rg‘onning har tarafidan darvozasi bor. Ichida chorvoq bo‘lib, chashmalar, buloqlar oqib turibdi. Alvon-alvon gullar ochilgan, bulbullar xushchaqchaq sayrab turibdi. Bu qo‘rg‘onning ichida ikkita uy bor, biri yozda o‘tiradigan, biri qishda o‘tiradigan. Bu uylar ham har xil, har tomonga g‘alt urib turibdi”. Bunday tasvirlar ko‘pincha iqtidorli, professional ertakchilar repertuarida uchraydi. Ertakchining deyarli har bir ertagida “Qissa kutoh” iborasi uchraydi, bu “qisqasi, xullas” kabi ma’nolarni bildiradi. 3 12 4 7.2 Shukurov repertuaridagi ertaklar matni tahlili folklorshunos M.Afzalovning “O‘zbek xalq ertaklari haqida” nomli monografiyasidagi quyidagi fikrlarni tasdiqlaydi: “ertakchilar orasida savodlilari ham borki, ular o‘z ustozlaridan og‘zaki yo‘l bilan o‘rganishdan tashqari, turli qissa, ertak to‘plamlarini o‘qib o‘rganish asosida o‘z repertuarlarini boyitganlar. Shuning uchun bu tipdagi ertakchilar aytgan ertaklarda arabcha, forscha va kitobiy iboralar ko‘proq uchraydi” [Afzalov, 114]. Har bir ertakchi o‘z ertagini “tanishuv” bilan boshlaydi. Chunki ijodkorning badiiy mahorati avvalo kirish qismida ko‘rinadi. Qolaversa, zachinlar tinglovchilar diqqatini jamlab, ularni ertak eshitishga hozirlaydi. Roshuyanining fikriga ko‘ra, initsial formulalar ikki xil bo‘lib, vaqt yoki o‘rin-joy formulalari bilan boshlanadi [Roshiyanu, 16]. Bular ertakchilikdagi o‘ziga xos va o‘zgarmas an’ana bo‘lib, xalq og‘zaki ijodining boshqa janrlarida uchramaydi. Epik makon yoki zamonni ifodalovchi an’anaviy kirish qismi odatda tinglovchi diqqatini jalb qilish vazifasini bajaradi. Xalq ertakchisi Nurali Nurmat o‘g‘li repertuaridagi ertaklarda quyidagi initsial formulalarni uchratamiz: “Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan to‘q ekan, bir zamoni vaqtida...”, “Unaqa gap, bunaqa gap, bu gapning aslini surishtirsangiz, shunaqa gap...”, “Bir zamonda bir topqinchi dehqon bor ekan...”, “Bor ekan, yo‘q ekan, Qo‘qonda Yangiqishloq bilan toshkenlik guzar o‘rtasida Tojik qishloq degan joy bor ekan...”, “Bor ekan, yo‘q ekan, yer bilan osmonning o‘rtasida...” va hokazo. Ijodkor ba’zan ertakni zachinsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri boshlab ketaveradi. Nurali ertakchining boshlamalari ixcham va sodda, sirlilik sezilmaydi, ko‘proq hayotiylik hukmron. Voqea joyi va nomi aniq beriladi. Masalan “Topqinchilar” ertagi “Bir zamonda bir topqinchi dehqon bor ekan”, degan jumla bilan yoki “Ayoz” ertagi “Unaqa gap, bunaqa gap, bu gapning aslini surishtirsangiz, shunaqa gap, boshidan oyog‘igacha o‘qib ko‘rsangiz, gapdan qimmatbaho Ayoz degan gap”, degan zachin bilan boshlanadi. Ijodkor epik makonni aniq ko‘rsatadi. Masalan “Ibratli so‘z” nomli ertak “Bir zamonda Qo‘qon tomonda tojik qishloq degan joyda...” deb boshlanadi. Shuningdek “Aka-ukaning oldi-berdisi” ertagi “Unaqa ekan, bunaqa ekan, bir vaqtda bir aka-uka bir-biri bilan shunaqa ekan...” deb boshlanadi. Bunday aytish usuli ertakchining o‘ziga xos individualligini, ijodkorligini bildiradi. Xudi shu ertakning tugallamasi ham qofiyali bo‘lib, kulgili tarzda yakunlanadi. “Ana shunday mulla bo‘lsayu, ana shunday hiyla bo‘lsa, o‘sha vaqtdagi mullayu qozi bo‘lib, sigir olishga rozi bo‘lib, quyon oldirgan tozi bo‘lib, qo‘ldan uchgan bilan g‘ozi bo‘lib, uchaman deb qanoti qayrilib, gap o‘rgatib, sigirdan ayrilib qolgan joyi ekan”. Uning ertaklarida qo‘shiq va she’rlar ko‘p uchraydi. Shu sababli uning ertaklarida poeziya ustunlik qiladi. N.Nurmat o‘g‘li repertuaridagi ertaklarni kuzatar ekanmiz, bu ijodkorning juda serqirra iste’dod egasi bo‘lganligini ko‘ramiz. Ertakchi boshqalardan farqli ravishda ertak tarkibiga xalq qo‘shiqlarini mahorat bilan singdira olgan. 3 13 4 7.2 Ertakchi repertuaridagi final formulalarga e’tibor qaratsak, unda ertakchi o‘zi haqida ma’lumot berib o‘tadi. Masalan “O‘limdan qutilib ketgan ekan, Nurali qiziq aytgan ekan”, “Bu gapni gapirgan, bir ming bir yuz shaharni suvini ichgan, Toshkent shahrida turgan Nurmat o‘g‘li Nurali nayrangboz”. Ertakchilik an’anasiga ko‘ra, hech bir ertakchi bayon etayotgan ertakni o‘z ijod mahsuli deb bilmagan, shu sababli bunday yakunni nisbatan keyingi davrlarda sodir bo‘lgan deyishimiz mumkin. Tugallamaning har doim optimistik ruhda ifodalanishi nafaqat Nurali ertakchida, balki boshqa ijodkor ertakchilarda ham uchraydi va buni bevosita ertakchilik an’anasi bilan bog‘lash mumkin. Zachinlarda makon, zamon, qahramon va voqeaning boshlanish nuqtasi aks etadi. Sehrli ertaklarda vaqt va makonni aniq tasvirlab bo‘lmaydi. Undagi voqealar xayolot olamida ro‘y beradi. Sehrli ertaklar ijodkori A.Shukurov repertuaridagi hech bir tasvir bir-birini takrorlamaydi. Uning har bir ertagi o‘ziga xos syujetga ega bo‘lsa-da, initsial formulalari deyarli bir xil. Ertakchi har bir ertagini “Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, qadim zamonda...” degan ixcham va qisqa zachin bilan boshlaydi. To‘plamdagi sehrli ertaklar hajman keng, ko‘p syujetli bo‘lib, qahramonlari asosan podsho, malika va boy kishilardir. Ertak tugallamasi ham barcha ertakda deyarli bir xil: “Biz ham yetaylik murodga, sizlar ham yetinglar murodga, yomon qolsin uyatga”. Bunday bir xil boshlama va yakunlamani ertakchining o‘ziga xos ramziy imzosi deyish mumkin. Xulosa Yuqorida ikki xalq ertakchisining repertuarlarini tahlil qilib, shunday xulosaga kelish mumkinki, N.Nurmat o‘g‘li ertaklari hazmi yengil, yumorga boyligi uchun zachinlardan unumli foydalangan. Uning ertaklarida ijrochi yashagan davr va makon koloriyati yaqqol ko‘zga tashlanadi. A.Shukurov ertaklari esa asosan kattalarga mo‘ljallangani sababli zachin qismining poetikasi kam va qisqa. Ammo u ertakchilik qonun-qoidalariga, an’analariga to‘liq rioya qilgani, sehrli va mumtoz ertaklarni quvvai hofizasida saqlagani bilan boshqa ijrochilardan ajralib turadi. Shu o‘rinda, bu ikki ijodkor repertuarini shakllanishida mintaqaviy joylashuv ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan deyish mumkin. Xususan N.Nurmat o‘g‘li ertaklarining zachin qismi jarangdor, musiqiy va hissiyotga boy bo‘lib, bu hol ko‘proq Farg‘ona vodiysi ertaklariga xosdir. Qashqadaryo, Surxondaryo vohalarida esa ko‘pincha zachin juda qisqa jumlalardan tuziladi va bu A.Shukurov ertaklari misolida o‘z isbotini topgan. Shuningdek, ertakchi o‘z zamonasi va o‘zi mansub ijtimoiy tabaqaning dunyoqarashini poetik ifoda etadi. Shuning uchun ertaklarning yuzaga kelishi va tarqalishida shu ikki omilning o‘zaro munosabati bir-biriga uzviy bog‘liqdir. Adabiyotlar ro‘yxati 1. “Kulsa –gul, yig‘lasa - dur” ertaklar to‘plami. T.: 1983 y. B.298 2. “Luqmoni hakim” ertaklar to‘plami. T.: 1990. B.99 3. Afzalov M.I. “O‘zbek xalq ertaklari haqida”. T.: “Fan” 1964. B.117 4. Beknazarov Q. “O‘zbek xalq maishiy ertaklari” f.f.nom.diss-ya. T.: 1993. 3 14 4 7.2 5. Roshiyanu N. Traditsionnie formuli skazki. «Vostochnaya literatura», 1974. S16 6. Saidmurod Panoh o‘g‘li. Folklor arxivi. Inv.№ - (qo‘shimcha variant). 7. O‘zb.mil.ens., 2005, 10-jild, 261-bet. 8. Husainova Z. O‘zFA Folklor arxivi. Inv.- (qo‘shimcha manba). 9. Egamov X. Sovet Sharqi turkiy xalqlari ertakchilik an’analari tarixidan ocherklar. T.: 1982. B.44