scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OʻZBEK VA TURKMAN XALQ DOSTONLARI BADIIYATIDAGI MUSHTARAKLIK

Qosimova Yulduzxon Javlonbek qizi

Full text

3 134 4 7.2 OʻZBEK VA TURKMAN XALQ DOSTONLARI BADIIYATIDAGI MUSHTARAKLIK Qosimova Yulduzxon Javlonbek qizi Namangan davlat pedagogika instituti magistranti Email: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903987 Annotatsiya. Xalq ogʻzaki ijodining eng yirik janri-xalq eposlari bilan tanishish nafaqat millatimiz, balki qardosh xalqlarning qadriyat, an’ana va urf odatlaridan boxabar boʻlish imkoniyatidir. Ayniqsa, bugungi uzluksiz ta’limda turkiy xalq eposlarini oʻxshash tomonlarini badiiy tahlil qilish qiyosiy yondashuv asosida amalga oshirishni talab qilmoqda. Ushbu maqolada aynan oʻzbek va turkman xalq dostonlari badiiyatidagi mushtarak belgilar syujet, motiv, obraz va qahramonlar xarakterini qiyoslash toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Kalit soʻzlar: epos, motiv, barqaror motiv, safar motivi, tush motivi, gʻayritabiiy tugʻilish, sinov motivi, epik qolip. Annotation. Getting acquainted with the largest genre of folk oral creativityfolk epics - provides an opportunity to become familiar not only with the values, traditions, and customs of our nation, but also those of related peoples. Especially today, in the sphere of continuous education, it is necessary to analyze the artistic similarities of Turkic folk epics on the basis of a comparative approach. This article discusses the comparative study of common features in the poetics of Uzbek and Turkmen folk epics, including their plot, motifs, imagery, and the characteristics of their heroes. Keywords: epic, motif, stable motif, travel motif, dream motif, supernatural birth, trial motif, epic pattern. Аннотация. Знакомство с крупнейшим жанром народного устного творчества — народными эпосами — даёт возможность узнать не только ценности, традиции и обычаи нашего народа, но и родственных народов. Особенно сегодня, в системе непрерывного образования, требуется художественный анализ сходных сторон тюркских народных эпосов на основе сопоставительного подхода. В данной статье рассматривается сравнение общих черт в поэтике узбекских и туркменских народных дастанов, таких как сюжет, мотивы, образы и характеры героев. Ключевые слова: эпос, мотив, устойчивый мотив, мотив путешествия, мотив сна, сверхъестественное рождение, мотив испытания, эпическая формула. Kirish. Ma’naviyat kecha yoki bugun vujudga kelgan hodisa emas, u necha asrlardan buyon xalq eposlari, xalq oʻgzaki ijodining boy namunalari bilan birga yashab, birga taraqqiy etib kelayotgan buyuk bir qadriyatdir. Epos — yunoncha “epos” - rivoyat, hikoya, qoʻshiq soʻzidan iborat bolib, badiiy adabiyotda voqea, hodisani bayon qilish, hayotiy lavhaning tafsilotlarini ifodalash ma’nosini anglatadi [1.16]. Turkiy xalq dotonlarining umumiyligi eposlardagi qahramonlik va erkinlik gʻoyasi xalq ozodligi, yurt himoyasi, adolat va jasorat asosiy mavzu qilib olinishi, qahramonlarning bosqinchi kuchlarga, adolatsizliklarga qarshi mardonavor kurashlarida oʻz ifodasini topadi. Oʻzbek va turkman xalq dostonlari badiiyatidagi mushtaraklik syujet, qahramonlar xarakteri, personaj va detal obrazlarning asardagi vazifalari, sinov, safar, tugʻilish, evrilish, kurash kabi motivlarda yaqqol namoyon boʻladi. 3 135 4 7.2 Adabiyotlar tahlili. Koʻplab folklorshunos va adabiyotshunos olimlar tomonidan xalq eposlarini oʻrganishga oid ilmiy ishlar olib borilgan. Turkiy xalq dostonlarining tarixiy ahamiyati va badiiy qiymati V.M. Jirmunskiy, M. Tahmasib, A. Shamil, F. Bayat, S.Oʻztelli, G. Snesarov kabi olimlarning tadqiqotlarida yaqqol namoyon boʻladi. Shuningdek, Sh. Turdimovning “Obraz va talqin” kitobida xalq dostonlarining genezesi, tadrijiy bosqichlari, yetakchi motivlar tadqiqi yoritilgan. O.Ingyongning “Alpomish va Jumoʻng” dostonlarining qiyosiy tipologiyasi” deb nomlangan nomzodlik dissertatsiyasida [2.81] oʻzbek va koreys eposining oʻrganilish tarixi, “Alpomish va Jumoʻng” dostonlari yetakchi motivlarining qiyosiy tahlili, N.Madrahimova “Shirin bilan Shakar” dostoning qiyosiy-tipologik” tahlili dissertatsiyasida [9.79] “Shirin bilan Shakar” dostoning qoraqalpoq va oʻzbek versiyalaridagi syujet oʻxshashliklari, talqinlari va obrazlar tipologiyasi va badiiyati haqida ma’lumotlar uchraydi. Z. Eshanovaning “Oʻzbek xalq dostonlarida togʻ obrazi:genezesi va badiiy talqinlari” [8.69] nomzodlik dissertatsiyasida togʻ obrazining tadrijiy bosqichlari, genezesi, mifologiya bilan bogʻliq tomonlari mif-ritualepos jihatidan tarxiy-tadrijiy, qiyosiy-tipologik aspektda yoritib berilgan. N.Yusufjonovaning “Turkiy xalq dostonlarini qiyosiy-tipologik yondashuv asosida oʻqitish texnologiyasi” nomli nomzodlik dissertatsiyasida [6.58] oʻzbek, qirgʻiz, qozoq, turkman xalq eposlari badiiyatidagi mishtarakliklar, epik motivlar haqida ma’lumotlar berilgan. Tadqiqot metodologiyasi. Maqolada ta’lim oʻzbek va turkman tilida olib boriladigan umumta’lim maktlarining adabiyot darsligiga kiritilgan xalq eposlari badiiyatida mushtarakliklar muhokama qilinadi. Xalq dostonlaridagi yetakchi motivlar, ayol obrazlaridagi umumiy jihatlar, detal obrazlarning asardagi vazifalari oʻzaro solishtirildi. Adabiy ta’limda xalq eposlarining oʻqitilishidan maqsadni badiiy tahlilda qiyosiy yondashuv asosida oʻrganildi. Tahlilar va natijalar. Xalq dostonlarida bosh qahramonlardan biri ayol obrazi hisoblanadi. Shubhasiz, ayol obrazining paydo boʻlishi xalq ogʻzaki ijodining eng qadimgi davrlariga borib taqaladi. Goʻzal hilqat boʻlmish ayollar haqida muqaddas Qur’oni Karimda ham alohida “Niso” surasi nozil qilingan boʻlib, unda meros va ayollarga muomila qilish haqidagi fikrlar ilgari surilgan [7.69]. Ayollar timsoli barcha turkiy xalq dostonlarida yetakchi oʻrin egallaydi. Turkmanlarning “Qoʻrqut ota” dostonida yoriga vafodor, oilaparvar, erning topganlarini isrof etmaydigan, mehmondoʻst ayollar obrazi har bir hikmatlarida uchraydi. “Dovja Goja oʻgʻli Dalli Dumrul “hikoyatida Azroyilga bas kelaman deb katta ketgan kibrli Dalli Dumrul kurashda Azroildan yengiladi va Alloh uni jonini olmaslik uchun oʻrniga biror kimsaning jonini olib kelishni buyuradi. Afsuski, Dalli Dumrulning ota-onasi oʻgʻillairining oʻrniga oʻlishni xohlashmaydi, shunday qiyin vaziyatda qahramonning yori oʻz jonini berishga tayyor ekanini bildiradi. Tangri Dalli Dumrulning xotinining vafo va sadoqati evaziga yana yuz yil umr beradi. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonining oʻzbekcha versiyasida Gajdumbek va Ravshan oʻz yurtiga ketganida, 3 136 4 7.2 Rustambek Bibi Hilolni Yovmit shahriga olib ketaman deb taklif qilsa ham Bibi Hilol bunga koʻnmaydi. “Men bir xizmatkor bilan mingashib borsam, odamlar, qarindoshlarim Gajdumbekka: “Sen oʻzing qochib kelib eding, sening singling Bibi Hilol begona bir odam bilan minglashib keldi”, - deb aytar. Akam va yorim Ravshanbekning yuzi tuman boʻlar, qarindoshlarimning ma’raka-oʻltirishlarida yuzini tuman qilganimdan koʻra, shu yerda gʻarib boʻlib oʻlganim yaxshiroq”, - deya oʻlimni afzal koʻradi. Bibi Hilol timsolida ham yoriga vafo, or-nomus kabi fazilatlar mujassam. Shu bilan birga ikki xalq dostonlari mazmunida alplarning yoridan maslahat olishi, ayollarning oʻtkir aql-zakovat sohibasi ekanligi koʻrsatgan chora-tadbirlarida oʻz ifodasini topgan. “Goʻroʻgʻli” dostonining turkman versiyasi “Or almashinuv” boʻlimida Goʻroʻgʻli Rayhon Arabning qizi Bibijonni olib qochayotgan mahalda Goʻroʻgʻli Arabning oti bizga yetib olsa nima qilamiz deb, Bibijondandan maslahat soraydi. Bibijon Goʻroʻgliga qarab:” Ey Goʻroʻglibek, mendan nega maslahat soʻraysan? Sen oʻzing mard boʻlsang, buni mendan yaxshiroq bilasan. Lekin shunday boʻlsa ham bir narsani aytib qoʻyay. Otam uxlagan paytda otboqarlar otga oʻt solib, parvarish qilishar edi. Uning otiga har safar besh yarim botmon oʻt solishgan. Bechora ot koʻp oʻt yeyverib semirib, tanasiga toʻlib turgan. Shuning uchun ogʻirligini koʻtarolmay tezda charchaydi. Bundan tashqari otamning oti qaridir, bizniki esa yosh. Mabodo otam bizga yetib olsa, uni bir-ikki ogʻiz gap bilan chalgʻitib turgin, oti sovib tezda charchab qoladi”,-degan dono fikrni bildiradi. Bibijonning aqli raso, haqiqiy xonzodalar naslidan ekanligi Goʻroʻgʻlidek zakovatli bahodirga maslahat sola olishidan koʻrinib turibdi. “Ravshan” dostonida Zulxumor Ravshanning kelganini bilib, kanizi Oqqizga lagan berib, uning oldiga peshvoz chiqishini aytadi. Ravshan kanizaga qoʻlidagi uzukni beradi. Oqqiz uzukni nazari ilmay, yerga uloqtirganida Zulxumor uni xosiyatli uzuk ekanini ustiga yozilgan xatini oʻqib bilib qoladi.Zulxumor oʻtkir zehni orqali Ravshanni esa zoti ulugʻ bekzoda ekanini ilgʻaydi. Bundan tashqari Shoxsananam, Barchinoy, Qaldirgʻochoyim, Bibi Hilol singari obrazlarda aql-zakovat, fahm-farosat, yorga chin sadoqat, zolim xon otasiga ham mehr koʻrsatish, har qanday sinovli vaziyatda yorini qoʻllab-quvvatlash, turkiy xalq ayollariga xos oʻxshash chin muhabbat tuygʻulari tarannum etilgan. Shu bilan birga xalq dostonlarida hasadgoʻy kaniz ayol obrazlari ham mavjud. “Shoxsanam va Gʻarib” dostonida Shoxsanam Gʻaribni yashirincha bogʻda saqlab yurgan paytida xizmatkor qiz Gʻaribning qoʻliga suv quyayotganda uni yoqtirib qoladi va suv quygani evaziga biror sovgʻa in’om etishini soʻraydi. Ammo Gʻarib kanizning beodobligi uchun bir tarsaki tushiradi. Kaniz kaltak yegani tufayli alam ustida Gʻaribni bogʻda ekanligini xonga yetkazadi. Xon esa darrov odamlarini tekshirib kelishga buyuradi. Gʻarib qiyin vaziyatlarda doim yordam bergan Yasmin kampirning rejasi bilan omon qoladi. Ta’lim tili oʻzbek umumta’lim maktablarining 8-sinf adabiyot darsligida “Ravshan” xalq dostonida xuddi shunday ichi qora Oqqiz ismli kaniz obrazi uchraydi. U Ravshanning Zulxumorga boʻlgan muhabbatini koʻrolmay, ikki oshiq-mashuqni yashirincha yashab yurganlarini onasiga aytib 3 137 4 7.2 beradi. Onasi esa jahl ustida Qoraxon podshohga bu sirni yetkazadi. Qoraxon Ravshanni bu qilmishi uchun zindonband etganida Ravshanga onalik qilgan oqkoʻngil kampir toʻrtta kal oʻgliga yigʻlab, Ravshanjonni tezroq qutqaringlar deb nasihat qiladi. Korib turganimizdek, har ikki xalq dostoniga kiritilgan chaqimchi, yovuz niyatli kanizlar asar voqealarining keskinlashuvi, qahramonlarning sinov va iztiroblarini kuchayishida muhim badiiy vazifani bajaradi. Oʻquvchilarga ushbu obraz timsoli orqali hasadinsonni yondiruvchi olov ekani, u ayol qalbida paydo boʻlganda, sevgiga rahna solishi muqarrarligini, biroq haqiqiy muhabbat, vafo va sabr kabi fazilatlar yovuzlik ustidan gʻalaba qilishini anglatish joizdir. Shuningdek, eposlarga kiritilgan yordamchi, donishmand kampir obrazi bosh qahramonlarning yoʻlini topishida, hayot sinovlaridan oʻtishida moʻjizaviy tarzda koʻmak berishida yaqqol namoyon boʻladi. Badiiy asar syujetini uyushtiruvchi voqealar zanjiri motiv hisoblanadi. Adabiyotshunos olim D.Quronov fikricha, motiv-bu bir yoki bir nechta ijodkorning adabiy asarida takrorlanib turuvchi, butun boshli asardagi voqealarni harakatlantiruvchi syujet halqasidir [4.73]. Xalq dostonlarida doimiy takrorlanib keluvchi motivlar an’anaviy epik motivlar hisoblanadi. Folklorshunos olim J.Eshonqulov oʻzining “Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” nomli tadqiqot ishida xalq eposlarida an’anaviy motivlar asar gʻoyaviy mazmunini ochib bera olishiga koʻra ikki xil usulda kelishini aytadi. Ya’ni shunday motivlar borki, ular butun boshli eposdan uzib olinsa, asar mazmuniga unchalik ham putur yetmaydigan nobarqaror motivlardir. Ikkinchisi esa asardan olib tashlansa yoki oʻzgartirilsa, syujetda tub burilish yasay oladigan barqaror motivlardir [8.39]. “Qoʻrqut ota” xalq dostonida “Depogʻoʻzni halok boʻlishi haqida rivoyat” qismida aynan barqaror sinov motivlarini birin-ketin butun xalqni yeb bitirayotgan bir koʻzli maxluq Depoʻgoʻzga qarshi Basat jangga otlanish syujetida koʻrishimiz mumkin. Bosh qahramon Basat otasi Orazdan duo olib, oʻlgan qarindoshlari ruhini shod qilish yoʻlida maxluq yotgan gʻorga chiqadi. Maxluqning hamma joyi toshdan qattiq, faqatgina bir koʻzi yumshoq edi. Basat oqillarcha yoʻl tutib, uning koʻziga oʻq uzadi. Ammo Depogʻoʻz osongina yengilmaydigan makkor obraz sifatida tasvirlanadi. Asarning shu yerida Basatning sinovdan oʻtish motivi tasvirlanadi. Bosh qahramon Basat goʻdakligida sherni emib katta boʻlgani va homiy eranlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi tufayli yovuz kuchga qarshi kurashishda qoʻy terisiga berkinib oladi. Maxluq Basatni qoʻyning terisiga kirib olganini sezadi-yu, uning shoxidan ushlab, chirpirak qilib otib yuboradi. Biroq quruq terining oʻzigina uchib ketib, Basat omon qoladi. Keyin Basatga ikkinchi sinov maxluqning uzuk orqali vasavasa qilish voqeasida aks etadi. Xalq ogʻzaki ijodida uzuk sevgi, taqdir, himoya kabi ramziy ma’nolarga ega detal obraz sanaladi. Aynan “Depogʻoʻzning halok boʻlishi haqida rivoyat” qismida uzuk magik xususiyat kasb etadi. U maxluq tomonidan Basatni yengish uchun sehrlangan yovuz kuch timsolidir. Basat ushbu uzukni qoʻliga taqmay, uloqtirib yuboradi. 3 138 4 7.2 Uchinchi sinovda maxluq yana hiyla ishlatib, Basatni xazinaga taklif qiladi. Ammo Basat xazinaga aldanmaydigan, oʻz xalqini ozod qilish yoʻlida soʻnggi nafasigacha kurashni afzal biluvchi elparvar alpdir. Ta’lim tili turkman umumta’lim maktablarining 7-sinf adabiyot darsligida “Shoxsanam va Gʻarib” dostonidan berilgan parchada Gʻarib Shoxsanamning visoliga yetishish uchun yetti yil choʻllarda sarson kezadi, bir nafas ham Shosanamning hijronida oʻrtanishdan toʻxtamaydi. Shoxsanam ham muhabbat sinovidan oʻtishda ulkan sabr, bardosh bilan Gʻaribning yoʻllariga intizor boʻladi. Otasi Shoxabbos qizini boshqa yigitga berayotgan mahal Gʻarib sinovlarda toblangan otashin muhabbati, sadoqati yoʻlida Shoxsanamning huzuriga yetib keladi. “Alpomish” dostonining oʻzbekcha versiyasida Barchin Alpomish kelishi bilan tegib ketavermayman, Alpomish ham boshqa alplar bilan bir, oldin toʻrt shart qoʻyaman. Shartlarimda gʻolib boʻlgan bahodirga turmishga chiqaman deb ushbu misralarni aytadi. Ot chopsa, gumburlar togʻning darasi, Botirni ingratar nayza yaras. Kelgan boʻlsa qoʻngʻirot elning toʻrasi, Qirq kunlik yoʻl Boboxonning orasi. Boboxon togʻidan poyga qilaman. Oti ildam boybachchaga tegaman. Yoy tortishsa, yoyi sinmay qolganga, Ming qadamdan tanga pulni urganga, Kurash qilib toʻson alpni yiqqanga, Barobar qildim yaxshi-yomonga, Men tegaman toʻrt shartimni qilganga. Alpomish yuqoridagi toʻrtta shartda ham qiyinchilik, oʻtkir aql-zakovat, sabr-bardosh va, ayniqsa, homiy eranlar, paygʻambarlar duosi bilan gʻalabaga ham Barchinoyga ham erishadi. Biz ushbu shart-sinov motivi orqali nafaqat Alpomishning alplik kuchining sinalishini, balki yori Barchinoyning turkiy xalqlarga xos or-nomus, sharm-hayo, qat’iyat, iroda va oʻz muhabbatiga boʻlgan sadoqatini koʻrishimiz mumkin. Adabiyot darslarida oʻquvchilarga xalq dostonlarida qoʻllangan sinov motivi hayotda har qanday qiyinchiliklarga dosh bera olish, yovuzlik ustidan ezgulik nom qozonishi uchun sinovlarda toblanish, ruhiy va ma’naviy jihatdan chiniqish darkorligini epik qahramonlarning koʻrsatgan jasoratlari misolida koʻrsatsak, adabiy ta’limdan koʻzlagan maqsadga erisha olamiz. Xulosa. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, oʻzbek va turkman xalq dostonlaridagi umumiy jihatlar asardagi har bir obraz, syujet halqalarida mujassam. Adabiyot darslarida oʻqituvchi oʻzining pedagogik mahorati, yuksak salohiyati orqali ikki xalq dostonlari badiiyatidagi mushtarakliklarni qiyosiy yondashuv asosida ijodiy topshiriqlar, badiiy tahlilda hayotiy dalillar orqali anglatishi yoshlarni badiiy ozuqaga boʻlgan tashnaligini 3 139 4 7.2 orttirishi, uzundan uzun eposlarga muhabbat qoʻyishlarida turtki boʻlishiga ishonchimiz komil. Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati: 1. Joʻrayev M., Eshonqulov J. Folklorshunoslikka kirish.Oʻquv qoʻllanma.Toshkent:2017. -143-b. 2. O.Ingyong. “Alpomish va Jumong” dostonlarining qiyosiy tipologiyasi.Filologiya fanlari doktori.dis..- Toshkent.2014. 3. Madrahimova N. “Shirin bilan Shakar” dostoning qiyosiy-tipologik tahlili. Fil. fan.nom.dis..Toshkent.-2008. 4. Z.Eshonova. Oʻzbek xalq dostonlarida togʻ obrazi:genezesi va badiiy talqinlari.Filologiya fanlari falsafa doktori.nom.dis..Toshkent.-2018. 5. Yusufjonova N. Turkiy xalq dostonlarini qiyosiy-tipologik yondashuv asosida oʻqitish texnologiyasi. Ped. fan. nom. diss..Toshkent, 2023.-5-b. 6. Qur’oni Karim va oʻzbek tilidagi ma’no tarjimalari. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi).- T.:Sharq, 2008. 7. Yoʻldoshev Q., Qodirov V., Yoʻldoshbekov J. 9-sinf umumiy oʻrta ta’lim maktablari uchun “Adabiyot” darsligi. T.:2019. 8. Toʻxliyev B., Karimov B., Usmonova K. 11-sinf umumiy oʻrta ta’lim maktab oʻquvchilari uchun “Adabiyot” darsligi. T.:2018. 9. Suyunova G., Arazov I., Haydarov S. Umumiy oʻrta ta’lim maktabining 7-sinf “Adabiyot” darsligi.- T.: Sharq, 2017. 10. Razzoqova K., Sherbekov G. Umumiy oʻrta ta’lim maktablarining 10-sinf “Adabiyot” darsligi. T.:2017. 11. http://idum.uz/wpcontent/uploads/2020/08/www.idum.uz_adabiyot_fanidan_turkman_tilida_2020-2021.rar 12. Tillayeva R. Adabiy ta’limda oʻquvchilarning tadqiqotchilik kompetensiyalarini shakllantisrish texnologiyasi.T.:2023.-28 –b. 13. Sobirova, M.Y. (2023). The role of educational tools in anthropocentric relationship education. European Journal of Education and Applied Psychology 2023, No 4. https://doi. org/10.29013/EJEAP23-4-52-58 14. Sobirova, M. (2023). Обучение языковым явлениям на основе анализа текста. “Этнокультурный и социолингвистический аспекты в теории и практике преподавания языков в негуманитарных вузах” mavzusidagi ІІІ xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari. – Минск, 30 март 2023 й., – B. 299-302. https://rep.bntu.by/handle/data/130394 15. Qosimova Y. Oʻzbek va turkman umumta’lim maktab adabiyot darsliklarida xalq dostonlari oʻqitilishining bugungi holati.(maqola) Til va adabiyot.uz.2025-yil 16-son.- 177-180-b