MIRZO ULUG'BEKNING BADIIY MAHORATI
Full text
3 140 4 7.2 MIRZO ULUG‘BEKNING BADIIY MAHORATI Malikova Zulayxo Baxromjon qizi ToshDO‘TAU magistri Email: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903997 Annotatsiya: Maqolada Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” asari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, ushbu asarda badiiy tasvir vositalarining qo‘llanilishi tahlilga tortilgan. Mirzo Ulug‘bekning badiiy mahorati ilmiy tadqiq etilgan. Kalit so‘zlar: Mirzo Ulug‘bek, “Tarixi arba’ ulus”, badiiy tasvir vositalari, tahlil, o‘xshatish, mubolag‘a, sifatlash, talmeh. Аннотация: В статье представлены сведения о произведении Мирзо Улугбека “История арба’ улуса”, изучено мастерство Мирзы Улугбека в применении слов в работе. В этом произведении к анализу было привлечено применение средств художественного изображения в произведениях. Ключевые слова: Мирза Улугбек, “Тарихи арба улус”, средства художественного изображения, анализ, сравнение, преувеличение, прилагательное, талмех. Annotation: The article contains information about the work “Historia arba’ ulus” by Mirzo Ulugbek. Additionally, the use of artistic image media in this work has been subjected to analysis. The study carries out a consistent analysis of Mirzo Ulugbek’s lexical repertoire, identifying the structural, semantic, and stylistic features characteristic of his vocabulary. Keywords: Mirzo Ulugbek, “history arba’ ulus”, tools of artistic image, analysis, analogy, exaggeration, adjective, talmeh. Kirish. Mirzo Ulug‘bek o‘z davrining adolatli podshohi ekanligi hammaga ma’lum va ravshan, ammo uning ijodkor sifatidagi mahorati deyarli o‘rganilmadi. Ulug‘bekning so‘z qo‘llash mahorati, nasr va nazm an’anasi, xalq og‘zaki ijodidan keng foydalanganligini yoritish muhim ahamiyatga ega. U astronomiya, matematika, musiqashunoslik shuningdek, tarix bo‘yicha ko‘plab bilimlarga ega bo‘lib qolmay, kalom ilmi, badiiy tafakkur borasida ham e’tiborga molikdir. “Tarixi arba’ ulus” asari buning yaqqol namunasi hisoblanadi. Asar Mirzo Ulug‘bekning ilmiy rahbarligi va shaxsan ishtirokida yozib tugallangan. Ushbu asar “Chingiziylarning to‘rt ulusi” nomi bilan ham ataladi. Mirzo Ulug‘bek asarni yaratishda ko‘plab tarixchi olimlarning asarlaridan foydalangan. Shuningdek, tafsir, hadis va rivoyatlardan namunalar keltirib o‘tgan. “To‘rt ulus tarixi” asarida tarixiy shaxslar, tarixiy voqea-hodisalarni bayon qilishda turli badiiy-poetik tasvir vositalaridan samarali foydalangan. Muallifning bunday yondashuvi asarning jozibasi va estetik qiymatini oshirib, mazmunni chuqur ochib bergan, o‘qirmanda esa kuchli tasavvur va hissiyot uyg‘otishga xizmat qilgan. Adabiyotlar tahlili. Bugungi kungacha Mirzo Ulug‘bek haqida ko‘plab tadqiqotlar olib borildi. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosini o‘rganish XVII asrdan boshlangan. Ushbu izlanishlar asosan Ulug‘bekning ilmiy faoliyatini yoritib berishga qaratilgan edi. Xorijda bu borada Jon Grivs, Tomos Xayd, Frensis Beyli, L.Sediyo, V.Bartold, V.Vyatkin, E.Knobl kabi olimlarning tadqiqotlarini ko‘rsatish mumkin bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida Ulug‘bek
3 141 4 7.2 ijodini o‘rganishda T.N.Qoriniyoziy, G‘.Jalolov, B.Ahmedov, A.Ashrapov, M.Abdullayevalarning ham xizmati beqiyos. Mazkur tadqiqotlarda Mirzo Ulug‘bek ijodi, faoliyati turli nuqtayi nazardan o‘rganildi. Tadqiqot metodologiyasi. Maqolada Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” asari haqida ma’lumotlar keltirilishi bilan birga, ushbu asarda badiiy tasvir vositalarining qo‘llanilishi tahlilga tortilgan. Mirzo Ulug‘bekning badiiy mahorati ilmiy tadqiq etilgan. Tahlillar va natijalar. Asarda metafora, jonlantirish, mubolag‘a, metonimiya, sifatlash, kinoya, ibora kabi badiiy san’atlar qo‘llangan. “Tarix-i arba ulus” asarida eng ko‘p uchraydigan badiiy san’at bu – metafora hisoblanadi. Metaforada o‘xshatilayotgan narsalar aynan o‘xshash bo‘lmasa ham, ularga xos belgilardan biri asos qilib olinadi. Va bu taqqoslash, qiyoslash matnning jozibadorligi va ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi. Asardan olingan quyidagi parchada ijodkor oddiygina tish va yuz obrazini “yuksak go‘zallik timsoli” sifatida ifodalab bergan: “Mehrim bilan yuzing quyoshini (nurga) to‘ldirurman. Oynikidek la’lingni dur qilurman” [5]. Birinchi misrada “yuzing quyoshi” iborasi orqali ma’shuqaning yuzi quyoshga o‘xshatilib, tashbeh san’ati yuzaga kelgan. Oshiq mehri bilan yorning go‘zal va quyoshdek issiq, nurafshon yuzini nurga to‘ldirishni niyat qilgan. Ikkinchi misrada esa yorning labi qizil tosh- “la’l”- qimmatbaho va nodir toshdek ajoyib ekanligiga urg‘u berilyapti, hamda u oydek betakror va yagona. Shuningdek, lab oydek porlab, yorqin nur sochib turibdi. Bu yerda mubolag‘a san’ati ham ko‘zga tashlanadi. “Tarix-i arba ulus” asarida keltirilgan Qubilayxonning ta’rifi ham mubolag‘a san’ati asosiga qurilgan: “Zimiston kechalari ulkan yog‘ochlarni balandlatib yoqib qo‘yib, yonida uxlar ekan. Agar o‘sha otashdan uchqunlar, cho‘g‘lar sachrab yuziga kelib yopishadigan bo‘lsa, xayolida pashsha chaqqandek bo‘larkan. Goho o‘zini kamtar tutib, uxlaganda yostiqday tosh qo‘ygan”. Bilamizki, haqiqatda olovning uchquni ham insonni zarar yetkazadi, tosh esa qattiq jism bo‘lganligi sababli yostiq qilib uxlash mumkin emas. Ijodkor mubolag‘a orqali tarixiy shaxsni alp-bahodirlik sifatlarini bo‘rttirib tasvirlagan. Epitet (yun. Epithetonilova etilgan, izohlovchi) – badiiy sifatlash; narsa-hodisaning belgisini obrazli ifodalaydigan badiiy aniqlovchi [3]. Epitet obyekt yoki shaxsga qo‘shiladigan o‘ziga xos sifat hisoblanadi, bu orqali shaxs yoki narsaning o‘ziga xosligi yoritib beriladi. “Tarix-i arba ulus” asarida ham epitetlar, ya’ni sifatlashlar ko‘p uchraydi. Masalan, “oltin uzuk”, “temir darvoza”, “g‘isht devor” kabi sifatlashlar asar tilini boyitgan. “Tarix-i arba ulus” asarida talmeh san’atidan ham unumli foydalanilgan. Asarda ko‘plab tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar haqida ma’lumotlar bor. Xususan, Chingizxon, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur, Abdurazzoq Samarqandiy, Mahmud Torobiy kabi mashhur tarixiy shaxslarning faoliyati keng yoritib berilgan. Masalan, “Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzamning lashkari behisob edi, ular soatma-soat ko‘payib borishardi va goh-goh kurash maydonini sulton Jaloliddin uchun tang qilar edilar”. Shuningdek, asarda hukmdorlarni tasvirlashda ham badiiy san’atlar yuzaga chiqqan:
3 142 4 7.2 “Qazon Sultonxon ibn Yasovur o‘g‘lon saltanat yalovini baland ko‘targach, ajab va dimog‘dorlik suvoriylar tozi oti uning dumog‘i cho‘qqisiga chiqib oldi. Hayratga tushiradigan, takabburlik qasri asosini quradigan bo‘ldi. Buyuk amirlarning ko‘pchiligi va ulug‘ no‘yonlarning aksarini hayot bog‘idan uloqtirib tashladi”. "Saltanat yalovini baland ko‘targach" – bu yerda “yalov” (bayroq) orqali hokimiyat, taxt timsoli ifodalangan. Bu – istiora san’ati hisoblanadi. "Ajab va dimog‘dorlik suvoriylar tozi oti uning dumog‘i cho‘qqisiga chiqib oldi" – bu yerda kibru havo “tozi ot” kabi tasvirlangan va uning “dumog‘i cho‘qqisiga chiqishi” – o‘zini baland tutish, manmanlik istiora ifodasi bo‘lib kelgan. Xonning kibru havoli inson ekanligi badiiy tasvirda ochib berilgan. "Takabburlik qasri asosini quradigan bo‘ldi" – bu yerda takabburlik shunchaki insoniy sifatlardan biri emas, balki “qasr” kabi tasvirlanib, u bir inshoot kabi qurilmoqda. Bu o‘rinda yana bir kuchli istiora yuzaga chiqadi. "Hayot bog‘idan uloqtirib tashladi" – ya'ni ularni o‘ldirdi, lekin bu bevosita aytilmayapti. Bu jumlalarda o‘qirmanga “o‘ldirish sahnasi” ni kinoya tarzida yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu esa asar badiiyatini oshirishga, ta’sirchanlikni ta’minlashga xizmat qilgan. “O‘sha jangda bir o‘q Amir Qozag‘on ko‘ziga kelib tegdi va unga ko‘z tegdi”. “O‘sha jangda bir o‘q Amir Qozag‘on ko‘ziga kelib tegdi va unga ko‘z tegdi” jumlasi o‘zida chuqur mazmunni yengil shaklda ifoda etgan bo‘lsa-da, takrorlanmas badiiy ifodadir. Bu gapda bir necha badiiy san’atlar mahorat bilan qo‘llangan. Birinchidan, jumlada so‘z o‘yini san’ati mavjud. “Ko‘ziga o‘q tegdi” va “ko‘z tegdi” iboralari shaklan o‘xshash bo‘lsa-da, mazmun jihatidan farqli: birinchisi – haqiqatda ro‘y bergan jismoniy jarohat, ikkinchisi esa – xalq orasida mashhur bo‘lgan ibora bo‘lib, yomon nazar tushganini bildiradi. Muallif bir so‘zning ikki xil ma’nosini bir vaqtning o‘zida ishlatib, bitta hodisani ikki xil yondashib tasvirlaydi. Ikkinchidan, bu iborada kinoya ham mavjud. “Ko‘z tegdi” degan jumla kulgili va istehzoli tarzda qo‘llanib, go‘yoki Amirning boshiga tushgan musibat tasodif emas, balki irim-sirimga bog‘liqdek ko‘rsatiladi. Aslida esa bu – jangovar holat, real voqea. Bu tafovut orqali matnda achchiq kulgi, taqdirning kinoyali istehzosi seziladi. Go‘yoki uning yaralanishiga, o‘q tegishiga “ko‘z tegishi” sababchidek ko‘rsatilgan. Umuman olganda, bu jumla qisqaligiga qaramay, mazmunan juda boy, ifoda jihatidan esa lo‘nda va badiiydir. Real tarixiy voqea bilan xalq tilidagi ibora badiiy uyg‘unlashtirilib, o‘quvchida estetik zavq uyg‘otadi. “Sulton Abusaid Bahodirxon tuproq taxtasi taxtiga mingach, (ya’ni vafot etgach) yana uch yil Chingiznajod xonlar Eron saltanati taxtida podshohlik qildilar”. Ushbu parcha tarixiy voqeani hikoya qilsa-da, undagi "tuproq taxtasi taxtiga minish" iborasi badiiylik bilan berilgan bo‘lib, qisqa tasvirda bir nechta badiiy san’atlarning umumlashganini ko‘rsatadi: “Tuproq taxtasi taxtiga minish” iborasi orqali o‘lim nazarda tutilgan. Bu yerda qabriston, ya’ni tuproq osti taxtga, ya’ni shohlik ramziga o‘xshatilib, o‘lim istiora tarzida
3 143 4 7.2 ifodalangan. Sultonning o‘limi go‘yo “tuproqdan yasalgan taxt”ga o‘tirish sifatida tasvirlangan. “Tuproq taxtasi” – bu yerda tuproq (ya’ni qabriston) shohlik taxtiga ham o‘xshatilgan. Bu ochiq aytilmagan, biroq ma’nosidan seziladigan – yashirin tashbih mavjud. “Vafot etdi” yoki “o‘ldi” deb emas, "tuproq taxtasi taxtiga mindi" deb ifodalangani – o‘limni yumshoqroq, badiiy yo‘sinda ifodalash imkonini bergan. Xulosa. Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asari nafaqat tarixiy manba sifatida, balki badiiy jihatdan ham yuksak darajadagi asarlardan biri hisoblanadi. Muallif tarixiy voqealarni quruq bayon etish bilan cheklanmaydi, balki ularni badiiy obrazlar, jonli tasvirlar, ta’sirli so‘z vositalari - o‘xshatish, mubolag‘a, sifatlash, talmeh, kinoya va mubolag‘a orqali ifodalaydi. Ulug‘bekning badiiy mahorati til va uslubning badiiy-poetik vositalari orqali tarixiy voqealarni adolatli baholashga intilishi bilan ham namoyon bo‘lgan. Umuman olganda, Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” asarida tarixiy ma’lumotlar bilan badiiy ifoda bir-birini to‘ldirib, o‘quvchida chuqur taassurot uyg‘otishga xizmat qilgan. Ulug‘bek nafaqat tarixchi olim, balki so‘z san’atining mohir ustasi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Uning badiiy mahorati asarni boshqa tarixiy asarlar orasida alohida o‘rni, adabiy qimmati borligini ko‘rsatadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Abdullayeva M. Adabiy-tarixiy asarlarda kichik janrlar poetikasi. Doktorlik dissertatsiyasi. – Samarqand, 2021. – 274 b. 2. Boboyev T., Boboyeva Z.- Badiiy san’atlar. T.-2001. 3. D.Quronov, Z.Mamajonov, M.SheraliyevaAdabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: Akademnashr. 2013. 4. Husayniy, Atoulloh. Badoye us-sanoye. T.: Adabiyot va san’at, 1981. 5. Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. –T.: Yoshlar matbuoti. 55-bet. 6. The Shajarat ul-Atrak, or Geneological Tree of the Turks and tatars, trans and abrid. By Glonel Milles, London, 1832, b. 182a. 7. Tarix-i Rashidiy. O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi, № 1430, v 85 a.