ESHQOBIL SHUKUR SHE'RIYATIDA OY HAYRATI
Full text
3 148 4 7.2 ESHQOBIL SHUKUR SHE’RIYATIDA OY HAYRATI Abdurahmonova Uldona Abdujapbarovna, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsent v.b., filologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17904115 Annotatsiya: Ushbu maqolada Eshqobil Shukur she’riyatidagi oy mifik obrazi ishtirokidagi poetik obrazlar, ramz istiora va metaforalar shoirning “Mangu ayroliq asrlarida”, “Tiyramohning gʻamgin tunida”, “Sehr” kabi sheʼrlari misolida uning o‘ziga xosliklari tadqiq qilingan. Kalit so‘zlar: qamar hayrati, poetik obraz, yangi so‘zlar yasalishi, “oltin oy”, “Oybodom”, “Oyo‘choq”, “Oy bola”, “uch kunlik oy”, istiora va metaforalar. Abstract: This article examines the poetic imagery, symbolic metaphors, and allegories involving the mythical image of the moon in Eshqobil Shukur’s poetry. Based on an analysis of his poems such as “In the Eternal Age of Separation”, “On the Melancholy Night of November”, and “Magic”, the study reveals the poet’s stylistic uniqueness in creating lunar imagery. Keywords: wonder of the moon, poetic image, neologisms, “golden moon”, “moon-almond (Oybodom)”, “moon-cup (Oyo‘choq)”, “moon-child”, “three-day moon”, allegory and metaphors. Аннотация: В данной статье анализируются поэтические образы, символы, аллегории и метафоры, связанные с мифическим образом луны в поэзии Эшқобила Шукура. На примере таких стихотворений, как «В вечных веках разлуки», «В печальной ночи ноябрьского месяца» и «Колдовство», исследуются особенности авторского стиля и способы создания лунной образности. Ключевые слова: восторг луны, поэтический образ, образование новых слов, «золотая луна», «Ойбодом», «Ойочоқ», «лунный ребёнок», «трёхдневная луна», аллегория и метафоры. Kirish. Oy – insonga hayrat bagʻishlaydigan moʻjiza, dunyo adabiyotida eng koʻp murojaat qilingan mifik obrazlardan, ilk adabiyotning ilk “qahramonlar”idan biridir. Oy timsoli sharq-islom maʼrifatida: nur, yogʻdu, yorugʻlik; ilohiy quvvat (paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v) quvvati bilan “Oyning ikkiga boʻlinishi” moʻjizasi); tugʻilish, yangilanish, komillik, toʻlinlik, oʻlim (oy fazalariga qarab); gʻalaba (musulmonlar nusrati, 1453-yili Istanbul fathi); ayol (ona), goʻzallik, sukunat, muhabbat, tush va asror manzilini ifodalaydi. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqot Eshqobil Shukur she’riyatida oy mifik obrazining badiiy talqinini tahlil qilishga yo‘naltirilgan. Tadqiqotda deskriptiv, strukturalsemantik va kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi. Avvalo, she’rlardagi oyga oid metafora, istiora va ramziy obrazlarning ma’no qatlamlari aniqlab chiqildi. Keyin oy timsolining mifologik manbalardagi o‘rni bilan shoir poetikasidagi ko‘rinishlari qiyosiy jihatdan o‘rganildi. Shuningdek, shoir yaratgan neologizmlarning poetik vazifasi va badiiyestetik yuklamasi tahlil qilindi. Ushbu yondashuvlar oy obrazining badiiy mazmuni va Eshqobil Shukurning individual poetik uslubini aniqlash imkonini berdi.
3 149 4 7.2 Tahlil va natijalar. Shoir Eshqobil Shukur asarlaridagi oy mifik obrazi ishtirokidagi poetik obrazlar, ramz istiora va metaforalar quyidagi oʻziga xosliklar bilan xarakterlanadi: a) yangi soʻzlar yasalishi (Oybodom, Oybotar, Oytugʻar, Oybulut, Oyqiz, Oyoʻchoq, Oybola, Oyroʻ, Oyqorongʻi, mohbaliq va hkz). “Mangu ayroliq asrlarida” sheʼri[1.10] ning asosiy lirik qahramonining: a) ismi – Oybodom; b) manzil-makoni – Oybotar; v) maqomi – “oyqizlarning oyparisi”; g) ahvoli – “oy kabi toq”; d) yumushi – “oltin oyga olma otish”. Sheʼrning ilk sakkiz qatorida “Oybodom”, keyingi toʻrt qatorida “olib ket”, soʻng yana uch qatorda “boʻloyin” soʻzlarining epifora boʻlib kelishi (qofiyadan soʻng takrorlanishi), bir xil unlilar takroriga asoslangan ifodaviylik sheʼrga assonanslik (xushohanglik) bagʻishlagan, uning musiqiyligini kuchaytirgan: “Oltin oyga olma otar Oybodom, Oybotarda yigʻlab yotar Oybodom. Oyqizlarning oyparisi Oybodom, Kunbotardan kuyib oʻtar Oybodom...”. “Oltin oy” – sirlar, niyatlar aytiladigan maʼvo, orzular jamlanadigan maʼvo; Oybotar, Kunbotar, Yil botar – umr timsollari boʻlib, ular “Oybodom” obrazi atrofida birlashtirilgan. “Oybodom” ismini sharhlasak, oy – yogʻdu, nurni, bodom esa sabr-qanoat, poklik, barkamollik[2.8] ni bildiradi va shundan kelib chiqib, “Oybodom” – nurli pok qiz obrazi, uning “Oltin oyga olma otish”i – oʻz-oʻziga muhabbati Yaratganga boʻlgan irfoniy sevgi mujdasi, “Oybodom”ning “Oybotarda yigʻlab yot”ishi, “Kunbotardan kuyib oʻt”ishi, “Yil botarda qora suvlarga choʻk”ishi, “Qaygʻu yurti” ekani – hali Yaratgan vasliga erishish, iymonga erishishning ranj-u mashaqqatlari, iztiroblari ekanini anglagandek boʻlamiz. Mazkur sheʼrga “Mangu ayroliq asrlarida” sarlavhasi qoʻyilgani ham buni dalillaydi. Yana bir sheʼr [E.Shukur. Yashil qushlar. 64]da itoat istagi, ibodatga intilish zavqi – “Oyoʻchoq”da dil (“Oyoʻchogʻda dil pishdi hil-hil”), koʻngilning Yaratganga yuzlanishi, qalbning ibodat uchun tayyor boʻlishi – changaroq, yaʼni “oʻtov osmoni”da oy, koʻzlar Allohdan qoʻrqib yigʻiga toʻlishi esa “kiprikda dur” (“Changaroqda oy pishdi, hay-hay, // Kiprigimda dur pishdi, bay-bay”) “pishishi”ga mengzaladi. “Oʻzbek otaning 43-yildagi faryodlari”[3.5] da urushda halok boʻlgan navjuvon yigit “toʻlmay ketgan Oy bola”, yana bir sheʼr[4.216] da esa “yuzqaro dunyoga yuzin”i burgan, “zulmat chimildiqqa xush kel”gan, “kelgindi zindonband, ummondan ayru” ruh “oyroʻ”, yaʼni oyroʻy – oychehra, “Tiyramohning gʻamgin tunida” [5.32] esa oydin tun tasviri “oyqorongʻi”, deya taʼriflanadi;
3 150 4 7.2 b) yangi istiora va metaforalar. Insonning xayollari qanday boʻlsa, hayoti ham shunday boʻladi. “Metafora tushunchalarning tasavvurdagi uygʻunligidir. Tasavvurni yangilamay turib na metaforani, na soʻzni yangilab boʻladi” (Nazar Eshonqul)[5.32]. Ayni shu tasavvur kuchi bilan oy kaftda porlaydi (“Bir vaqtlar kaftimda oy porlagani // Tovonimda chaqmoq gullagani rost[4]”), manglayni yarqiratadi (“Daholar manglayin yarqiratgan oy, // Fidolar bagʻridan silqigan bardosh”[6.222]), gʻarq pishadi (“Oylar gʻarq pishgandi Doʻstning koʻzida...[6.286]”), qovriladi (“Men endi oh ursam – jizillab pishadi muzlab yotgan oy[6.222]”). Bundagi oy obrazlari yogʻdu, nur maʼnolarida kelib, koʻngilning ibodat istagi, iymon quvvatini ifoda etadi. Xuddi shu singari “Zamonda zamonsiz” sheʼridagi “uzlatdagi oy”[5.51] istiorasi – sukunatga, oʻz qalbiga, toatga yuzlanish, oʻzi bilan oʻzi yolgʻiz qolishni; “Ozodlik” manzumasidagi “turma tuynugiga osilgan oy”[4.302] obrazi – ozod ruh, erkin qalb yogʻdusini; “Hayotga qasida”dagi “oyning nikoh toʻyi”[7.58] – ilm-maʼrifat, iymon-eʼtiqod nurining koʻngilga koʻchishini anglatadi. “Oy tovushlari” turkumi[7.46-48]dagi mansuralarning syujet chizigʻi ham aynan koʻngilning kirlardan xalos boʻlib, oy kabi soflikka, ulugʻlikka, yorugʻlikka erishishiga intilishda (“...Men qushga aylansam qanday gʻaroyib. Osmonni tanirdim, Yerni tanirdim. Parvozni tanirdim, sheʼrni tanirdim. Bir kuni, bir tongda qushga aylansam...”, “Osmonni tanish” yoki “...Uzoqdan otamning sharpasi oʻtdi. Yalt etgan kulguday oʻtdi ammam ham. Singlim tabassumi oyda koʻrindi...”, “Adashganda” yoxud “...Xudo haqda oʻylamoq zavqli, iymon haqda oʻylash ilhomli...”, “Tungi terakzor”) namoyon boʻladi; v) oyning turli fazalardagi tasvirlari. Ali Qushchining “Astronomiyaga oid risola”sida yozilishicha, “oy qalin va sayqalli jismdir”. Yaʼni oʻzining narigi tomonini koʻrishga toʻsqinlik qiladi. Quyoshga roʻparaligi jihatdan undan nur oladi. Oyning biz tomonga koʻringan qismida qariyb yarmi qorongʻi boʻlsa – muhoq (botgan oyning oxirgi uch kuni), nurli yarim oyning bir qismi koʻrinsa – hilol (yangi chiqqan oy), nurli yarmi toʻlinlashsa – badr (oʻn toʻrt kunlik oy), oy qorayib, butunlay koʻrinmay qolsa – ijtimoʼ (botgan oy) deyiladi[8.62]. Bizningcha, ayni shu oyning bir oy ichida turli fazalarda namoyon boʻlishi, oʻz holatining oʻzgarishi, tuslanishi tasvirlari poetikada tugʻilish, yangilanish, komillik, toʻlinlik, oʻlim motivlarini timsollaydiki, bunga Eshqobil Shukur ijodidan ham talay misollar keltirish mumkin. Deylik, shoirning “Ikki dunyo oraligʻidagi qofiyasiz tushlar” turkumi avvalidagi sheʼr[9.62] da “uch kunlik oy”, “yoʻrgakdagi oy” metaforasiga duch kelamiz: “Uch kunlik oy, yoʻrgakdagi oy Shart kesib tashladi boshimni. Besh kun oʻtgach, qorongʻi besh kun Oʻmgan tomirimdan koʻkardi bu gul,
3 151 4 7.2 Paygʻambar boshiga oʻxshash ulkan gul”. Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida har uch kunlik oy arab tilida alohida nomlar (“gʻurar”, “nufal”/“shuhb”, “tusa”/“buhr”, “ushar”, “biyz”, “dura”, “zulam”, “hanodis”/“duhm”, “daodiy”, “muhoq”) bilan atalganini yozadi[10.98]. Yaʼni har uch kunlik oyda bir tugallik koʻrib, bu asosda vaqt hisobi olib borilgan. Shulardan kelib chiqilsa, yuqoridagi sheʼrda aytilgan “uch kunlik oy” – nurli yarim oyning bir qismi koʻrinishi, yaʼni hilol obrazi boʻlib, bu yangilanish quvvati, muslimlik, moʻminlik koʻngilda gʻalaba qozonganini, besh raqami esa tugallanish, yoʻq boʻlish[11] ni anglatadi. “Uch kunlik oy”ning oʻroq yoki bolta singari boshni kesish tasviri ham bu “oy” obrazi hilol ekanini dalillaydi. Shulardan kelib chiqib, “uch kunlik oy, yoʻrgakdagi oy // shart kesib tashladi boshimni” satrlarini “muslimlik qalbni zabt etdi, koʻngil itoatga keldi, yangilanish eskilikni, iymon quvvati isyonni yengdi”, “qorongʻi besh kun”ni – “koʻngildagi barcha salbiy illatlar faolligining pasayishi, sustlashishi”, “Oʻmgan tomirimdan koʻkardi bu gul, // Paygʻambar boshiga oʻxshash ulkan gul”ni esa “dil yangilandi, qalb iymon boshqaruviga boʻysundi” tarzida tushunish oʻrinlidir. Turkum nomidan (“Ikki dunyo oraligʻidagi qofiyasiz tushlar”) kelib chiqilsa ham, Ibn Siringa koʻra, tushda oy koʻrish – hukmdorga, boshning tanadan judo qilinishi – yomonliklardan qutilishga, gul daraxti ulugʻlikka dalolat qiladi[12] ki, bularning barchasi yuqoridagi fikrlarimizga oʻzaro uygʻun boʻlib, bir-birini maʼnoviy toʻldiradi. Shu singari “Sehr” sheʼri[13] dagi “hilol etagi” – moʻminlik ostonasi (“...Hilol etagida yigʻlayotgan sen. Qadimiy oyatlar bitilgan yoʻlda, Eshqobil emasman endi men”); “hilol qayigʻi” – ruhning najot topish imkoni, iymon yoʻli (“Axir qayda qoldi qayigʻim hilol? Kayda oʻsha daraxt? Qayda oʻsha qush?”), “qabrdagi hilol” – avlodlar osha yashaydigan ilm-maʼrifat, nasldan naslga oʻtuvchi iymon quvvati (“Yangi oy chiqmoqda pirlar qabridan, // Men hayron, doʻst hayron, ikki dil hayron...”) hayratlaridir. Xulosa. Eshqobil Shukur ijodidagi oy mifik obrazi ishtirokidagi poetik obrazlar, ramz istiora va metaforalar lirik ifoda va individual uslubning retseptiv jarayonga xos muhim vositalari bo‘lish bilan birga xalqimizning quyosh, oy, yulduzlar bilan bogʻliq tasavvur, dunyoqarashlari, koʻhna mifologik tizimga oid bilimlari, ulardan hosil boʻlgan quyma timsollar magʻzida bobomeros-momomeros astronomik bilim, qutblar, fasllar almashinuvi, vaqt ichida oʻlib qayta tiriluvchi tabiatga mos inson koʻnglining oʻzini oʻzi yangilab borishi timsoliy ifoda etilgan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Eshqobil Shukur. Yashil qushlar. – T.: Yozuvchi, 1995. – B. 10. 2. Abdulxayrov M. Maʼno va timsollar siri. / Jahon adabiyoti, 2008. 8-son. 3. Eshqobil Shukur. Tungi gullar. – T.: Yosh gvardiya, 1989. – B. 5. 4. Eshqobil Shukur. Hamal ayvoni. – T.: Sharq, 2002. – B. 216. 5. Eshqobil Shukur. Koʻz yumib koʻrganlarim. – T.:Akademnashr, 2013. – B. 32.
3 152 4 7.2 6. https://ziyouz.uz/matbuot/hozirgi-davr-matbuoti/nazar-eshon-ul-tasavvurga-dosh-bersang/ 7. Eshqobil Shukur. Koʻz yumib koʻrganlarim. – T.: Akademnashr, 2013. – B. 76. 8. Ali Qushchi. Astronomiyaga oid risola. – T.: Fan, 1968. – B. 62. 9. Eshqobil Shukur. Yashil qushlar. – T.: Yozuvchi, 1995. – B. 62. 10. Qarang: Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. I tom. .Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. – T.: Fan, 1968. – B. 98. 11. Jumayeva S. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatida raqam ramzlari va ularning maʼno talqini. – T.: Fan, 2010. 12. Muhammad Ibn Sirin. Tushlar taʼbirnomasi. – T.: Toshkent islom universiteti, 2012. 13. Eshqobil Shukur. Sochlari sumbul-sumbul. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1988. – B. 60.