TAVSIFIY LIRIKA NAZARIYASIGA OID NAZARIY YONDASHUVLAR VA POETIK MEZONLAR
Full text
3 153 4 7.2 TAVSIFIY LIRIKA NAZARIYASIGA OID NAZARIY YONDASHUVLAR VA POETIK MEZONLAR Ma’muraxon Madaminova Abdumannob qizi, Andijon davlat universiteti 3-bosqich tayanch doktoranti, Andijon davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o`qituvchisi E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17904170 Annotatsiya. Maqolada tavsifiy lirikaga oid nazariy qarashlar ko‘rib chiqildi. Xususan, Antik davr faylasuflari, Yevropa va Rossiya olimlarining mazkur tur tadqiqiga doir fikrlari qiyosiy-tahliliy metod asosida o‘rganildi. O‘zbek adabiyotida N. Shukurov, D. Quronov va I. Sulton, J. Kamol, U. Hamdam singari olimlarning tavsifiy lirika va uning janrlariga oid nazariyalari keltirildi va yakunda mazkur janrning nazariy mezonlari ishlab chiqildi. Kalit so‘zlar: lirik tur, lirik janrlar, tavsifiy lirika, lirik meditatsiya, kechinma obyekti, yangi o‘zbek she’riyati, peyzaj lirikasi, voqeaband lirika. Annotation. The article examines theoretical views on descriptive lyricism. Specifically, the ideas of Ancient philosophers, as well as European and Russian scholars, regarding the study of this genre were analyzed using the comparative-analytical method. Theories on descriptive lyricism and its genres by scholars such as N. Shukurov, D. Quronov, I. Sulton, J. Kamol, and U. Hamdam in Uzbek literature were presented, and finally, the theoretical criteria for this genre were developed. Keywords: lyrical genre, lyrical genres, descriptive lyricism, lyrical meditation, object of experience, new Uzbek poetry, landscape lyricism, narrative lyricism. Аннотация. В статье рассматриваются теоретические взгляды, относящиеся к описательной лирике. В частности, идеи философов Античности, а также европейских и российских ученых относительно изучения данного жанра были исследованы на основе сравнительно-аналитического метода. Представлены теории Н. Шукурова, Д. Куронова, И. Султона, Ж. Камола, У. Хамдама и других ученых в узбекской литературе об описательной лирике и ее жанрах, а в заключение разработаны теоретические критерии для этого жанра. Ключевые слова: лирический род, лирические жанры, описательная лирика, лирическая медитация, объект переживания, новая узбекская поэзия, пейзажная лирика, сюжетная лирика. Kirish. “Yangi o‘zbek she’riyati” deb nomlagan adabiy chegara XX asrning tongidan to mustaqillik yillariga qadar muddatni qamrab oladi. Adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam tomonidan ushbu davr xronologik jihatdan 1905-yildan boshlab, 1991yilga qadar deb belgilanadi[4. 278]. Adabiyotshunos olimlar va tadqiqotchilar tomonidan XX asr o‘zbek she’riyatiga nisbatan “Yangi o‘zbek she’riyati”, “Zamonaviy o‘zbek she’riyati”, ba’zan esa “Hozirgi o‘zbek she’riyati” terminlarini qo‘llanilishi kuzatiladi. So‘nggi yillardagi ilmiy tadqiqotlarda, asosan, ushbu atamalardan birinchisi ko‘proq foydalanilmoqda. Buning sababi atama mazmuni keyingilardan farqli ravishda mazkur davr poetik xususiyatlarini to‘liq ochib bera olganidadir. Adabiyotlar tahlili. O‘zbek tilining izohli lug‘atida istiloh tarkibidagi “yangi” sifatining o‘nga yaqin ma’nolari berilgan bo‘lib, atama tarkibida “Ilgarigilardan boshqa,
3 154 4 7.2 ilgarigilarga o‘xshamaydigan, butunlay boshqa; alohida”[12. 483] mazmuni anglashiladi. Mazkur adabiy davrning o‘zidan avvalgi mumtoz hamda milliy uyg‘onish davridan farqli jihatlari sifatida, asosan, she’riy vaznning aruzdan barmoqqa almashinuvi, yangilangan mavzu mundarijasi, poetik obrazlar ko‘lami hamda til xususiyatlari sanab o‘tiladi. Vaholanki, yuqoridagilardan tashqari yangilanish belgisi sifatida boshqa jihatlar ham mavjud. Bu haqida zamonamiz adabiyotshunos olimi D. Quronov “She’riyatimizdagi poetik yangilanishning bir qirrasiga doir ayrim qaydlar” maqolasida alohida to‘xtalgan: “O‘tgan asr tongidan boshlangan o‘zgarishlar milliy she’riyatimizni shu darajada yangiladiki, hozir unga nisbatan yangi o‘zbek she’riyati atamasini bemalol qo‘llaymiz, bu bilan uning mumtoz she’riyatdan farqli ekanini ta’kidlaymiz. Yangilanish haqida gap ketganda, biz ko‘proq uning g’oyaviy-tematik mundarijasi, vazn va til xususiyatlari, poetik obrazlar tizimidagi o‘zgarishlarga urg‘u beramiz. Holbuki, she’riyatimizda lirik subyekt va lirik kechinma obyekti borasida yuz bergan o‘zgarishlar qimmati jihatidan ulardan also kam emas”[14. 194]. Adabiyotshunos olim ta’kidlaganlaridek, bu davrda lirik asar subyekti bilan birgalikda kechinma obyektida ham yangilanish alomatlari sezilarli tarzda bo‘ldi. Yangilanishning eng muhim qirrasi sifatida “lirik kechinma obyektining subyekt iskanjasidan xalos bo‘lib, alohida holida estetik qimmat kasb etib borishi” [14. 205] va buning natijasida tavsifiy lirika deb ataluvchi lirik tur shakllanganligini ko‘rsatish mumkin. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqotda tavsifiy lirikaga oid nazariy qarashlarni aniqlash va ularning shakllanish bosqichlarini o‘rganish maqsadida qiyosiytahliliy, tavsifiy va tarixiy-poetik metodlardan foydalanildi. Tahlil va natijalar. Tаvsifiy lirikа she’riyаtning muhim bir kо‘rinishi bо‘lib, undа shоirning аsоsiy mаqsаdi о‘zining ichki kechinmаlаri, his-tuyg‘ulаrini bevоsitа bаyоn etishdаn kо‘rа, bоrliq hоdisаlаrini, tаbiаt mаnzаrаlаrini, predmetlаr yоki vоqeаlаrni hissiy idrоk etish оrqаli bаdiiy tаsvirlаshgа qаrаtilgаn bо‘lаdi. Kvyantatovsiy muallifligidagi she’riyatga oid lug‘atda tavsifiy lirikaga tabiat, turmush sahnalari, sanʼat asarlari va shunga oʻxshash narsalarni tasvirlashga bagʻishlangan sheʼriy asar, deb ta’rif beriladi [7. 186]. Bundа tаsvirning о‘zi mаrkаziy о‘rinni egаllаb, lirik qаhrаmоnning ruhiy hоlаti аsоsаn shu tаsvir оrqаli bilvоsitа аks etаdi. Masalan: Qora yomg‘ir va yolg`izlik, qorong`i chorbog` - g`amgin qushlar karvon bo‘lib ko‘chib ketadi. Yomg`ir yuvgan daraxtlardan eng so‘nggi yaproq uzilar-u yurak kabi uchib ketadi. [2. 67] “Lirik asarlardagi tavsif detallari, umuman оlganda, his-tuyg`u оbyekti sifatida muhim” [13. 297]. Xurshid Davronning mazkur to‘rtligida “qora”, qorong‘i” sifatlari “yolg‘izlik”, “eng so‘nggi yaproq” detallari bilan birlashib shoirning oniy lahzadagi tushkun kayfiyatini ifoda etgan. She’r to‘laligicha obyektiv tasvirdan iborat bo‘lsa ham o‘quvchi ifoda jarayonida
3 155 4 7.2 misralardagi lirik meditatsiya, shoirning hissiy va ruhiy-psixologik holati haqida bilvosita tasavvurga ega bo‘la olishi shundan. Aslida tavsif epik turning muhim unsurlaridan biri hisoblanib, sohaga oid lug‘atlarda unga “rivoyaviy asar kompozitsiyasining uzviy qismi, asar voqeligiga kiritilayotgan narsahodisa, joy, portret, interyer, eksteryer va shu kabilar tasviri” deb ta’rif berilgan [13. 296]. Tavsifning voqealar rivoji to‘xtatilgan holda beriluvchi statik hamda voqea rivoji davomida beriluvchi dinamik shakllari mavjud bo‘lib, lirik turda asosan, statik tavsifdan foydalaniladi. Ayrim tavsifiy lirikalarda voqeaning birmuncha batafsil rivoji berilsa-da, undagi tavsifni dinamik deb atashga sabab bo‘lolmaydi. Avvalo, ularda ifodalangan sujetlilik lirik subyekt ruhiyatidagi o‘zgaruvchan kayfiyat asosiga quriladi, qolaversa lirikada voqeaning o‘zi to‘liq shaklda emas, balki eng kerakli uzvini bayon etish orqali amalga oshadi. Lirika shakllarini meditativ, tavsifiy va voqeaband turlarga ajratgan olim Pospelov ham “tavsifiy lirika – tashqi dunyo individual hodisalarini o‘zining “statik” – ya’ni harakatsiz, o‘zgarmas holatida aks ettiradi, deb ta’kidlagan [10. 109]. Tavsifiy lirikani o‘zbek adabiyotshunosligida birinchilardan bo‘lib maxsus kategoriya sifatida o‘rgangan D. Quronov o‘tgan asrdagi she’riyatda yuz bergan o‘zgarishlar lirikaning janrlashtirish tizimida ham aks etgani borasida to‘xtalib, hozirgi she’riyatning asosiy janrlari sifatida lirik kechinma subyekti va obyekti nuqtayi nazaridan farqlanuvchi ijroviy lirika, personajli lirika, meditativ lirika va tavsifiy lirika (uning ko‘rinishlari sifatida peyzaj lirikasi va voqeaband lirika) turlarini ajratib ko‘rsatgan [15. 394]. Unga ko‘ra, lirik asarning subyektiv tashkillanishi jihatidan ajratiluvchi ijroviy lirikada lirik kechinma o‘zga shaxs tilidan ifoda etilsa, personajli lirika kechinmani ham lirik qahramon, ham o‘zga shaxs tilidan ifodalashi bilan undan farqlanadi. Meditativ va tavsifiy lirika janrlarining o‘zaro farqlovchi belgisi sifatida esa kechinma obyektiga urg‘u beriladi. “Meditativ lirikaning kechinma obyekti – ko‘ngil, ya’ni bu holda lirik subyekt bir vaqtning o‘zida obyekt hamdir. Tavsifiy lirikaning kechinma obyekti esa ko‘ngildan tashqaridagi voqelikda (narsa, hodisa, holat, voqea, shaxs va b.), subyektning hiskechinmalari o‘sha obyektni tasvirlash orqali ifodalandi” [15. 388]. Tavsifiy lirikada tashqi olamning obyektiv tasviri yoxud ma’lum voqelik tasvirlansa ham, poetik maqsad manzara yoki voqelik bayoni emas, ularni yuzaga keltirgan sabablar yoxud oqibatlari izohi orqali lirik subyektning kechinmalarini ifoda etishdir. Masalan, Sh. Rahmonning “Tungi manzara”, “Tong ochar ko‘zlarin erinib..”, “Tun gurkirab o‘sar yobonda…”, “Yoz tuni…” kabi she’rlarida manzaraning lisoniy tasviri; Xurshid Davron qalamiga mansub “Urush”, “Jangchi haqida rivoyat”, “1941-yil. Peshin” kabi she’rlarida esa urushga oid voqealarning ma’lum parchasi tasvirlangan bo‘lib, bu she’rlardagi peyzaj tasviri va voqelik muallif badiiy niyatining ifodasi o‘laroq kechinma izhori uchun xizmat qilgan.
3 156 4 7.2 Avvalo, shuni eslatib o‘tish joizki, yuqoridagi tasnifda “janr” atamasi an’anaviy shakldagi mazmundan farqli tarzda lirik tur va uning janrlari o‘rtasidagi oraliq hodisani ifodalaydi. Ya’ni ijroviy, personaj, meditativ hamda tavsifiy lirika – bu epik, lirik, dramatik tur uchligidagi “lirik tur” tushunchasidan keyingi va falsafiy, ishqiy, siyosiy she’rlar kabi mazmunan; g‘azal, ruboiy, sonet, xokku singari shakl jihatdan tasniflanuvchi “janr”lardan oldingi pog‘onada turuvchi oraliqdagi halqa hisoblanadi [15. 389]. (Qarang: 1.1: 1-rasm) Sir emaski, “janrlar ijtimoiy-hayotiy ehtiyoj ta’sirida yuzaga kelib, rivojlanib, boyib yoki o‘lib” [5. 118] borishi mumkin. Tavsifiy lirika janri ham XX asrda she’riyatning ijtioiylashuvi va badiiy ifodada muallif individualligining ortishi natijasida rivoj topgan janr hisoblanadi. Uning shakllanish bosqichi hamda rivoji haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun janrning nazariy-estetik asoslarini ta’minlagan adabiyot nazariyasining tarixiy manbalarini o‘rganish maqsadga muvofiq. Adabiyotshunoslikda tavsifiy lirikaga doir nazariy qarashlar birmuncha farqlanadi. Uning dastlabki ko‘rinishlari she’riy doston shaklida yozilgan bo‘lib, ular mohiyat jihatidan lirikaning emas, epik turning birligi sanalgan. Xususan, Britaniya ensiklopediyasiga ko‘ra, Yevropa adabiyotida tavsifiy she’rlar XVI asrdan boshlab vujudga kelgan hamda ularga oid nazariy yondashuvlar XVII asrdayoq shakllanganligi aytiladi. [3. 91-92] Unga ko‘ra, she’r tavsifiy turga kiritilishi uchun undagi tasvir shunchaki bezak yoki yordamchi element bo‘lib qolmay, to‘laligicha she’rning maqsadi va markaziga aylanishi kerak. Asosiy e’tibor insoniy ehtiroslar yoki hikoyaga emas, bevosita manzara, me’morchilik, natyumort yoki topografiyaga qaratilgan bo‘lishi; xayoliy yoki hissiy ehtiroslar o‘rniga tarbiyaviy yoxud ta’limiy maqsad ustun bo‘lishi bu janrdagi asarlarning bos xususiyati sifatida ko‘rsatilgan. Bunday she’rlarning yana bir ahamiyatli jihati, ularda beshta sezgi a’zosi yordamida his etiluvchi axborotlar so‘z vositasida berib boriladi. Masalan, tabiat tasvirida ko‘z bilan ko‘rish, quloq bilan eshitish, qo‘l bilan teginish mumkin bo‘lgan detallar alohida lisoniy birliklar shaklida aks etadi. Mazkur janrdagi eng yuksak namuna sifatida James Thomsonning “Yil fasllari” (“The seasons”) asari tilga olinadi. Rossiya ensiklopedik lug‘atida ham tavsifiy she’rlarga shunga yaqin ma’lumot berilgan:
3 157 4 7.2 “…unda tabiat manzaralari, yil fasllari, kun vaqtlarining almashinuvi, qishloqdagi sokin hayot hamda mehnat jarayonlari bilan bir qatorda sevgi, do‘stlik, ezgulik, inson va tabiat munosabatlari mavzusidagi mulohazalar yonma-yon keladi. Ko‘pincha bunday she’rlar tabiat qo‘ynidagi hayotni shahar shovqiniga qarama-qarshi qo‘yishdan kelib chiqadigan axloqiy xulosa bilan yakunlanadi” [9]. Ushbu ma’lumotga ko‘ra, janr an’anasi Virgiliyning didaktik poemasi hisoblanuvchi – “Georgikalar”ga borib taqaladi. Tavsifiy poema atamasi esa ilk bor S. Jonson tomidan ingliz shoiri G. Denhamning “Kuperz Hill” (“Cooper’s Hill”, 1642) dostoniga nisbatan qo‘llanilgan. T. Levit bosh muharrirligidagi adabiyot ensiklopediyasiga ko‘ra katta hajmli, manzarani tasvirlovchi she’riy asarlarga nisbatan tavsifiy poeziya atamasi qo‘llaniladi [8. 304-306]. Tavsifiy poema yozish ancha murakkab jarayon bo‘lib, bu janrda juda kam ijodkorlar muvaffaqiyatga erishgan. Negaki, “O‘quvchini charchatmaslik va asarni tugallanmagan holda tashlab ketishga majbur qilmaslik uchun, ifodalashda g‘ayrioddiy tezlik, tavsiflarda o‘ziga xos aniqlik, tilda yengillik va she’rlarda mukammal uyg‘unlik bo‘lishi kerak” [19. 270]. Yirik hajmli asarning yuqoridagi talablar asosida boshdan-oyoq tabiat tasviri bilan berilishi uchun esa ijodkorda ham g‘ayrioddiy tabiiy iste’dod zarur edi. Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, tavsifiy she’rlar (descriptive poetry; описательная поэзия) dastavval yirik hajmdagi tabiat va unga bog‘liq detallarni batafsil tasvirlovchi, aniq didaktik maqsadga yo‘naltirilgan she’riy yo‘lda yoziluvchi epik janr hisoblangan. Ularni lirikadagi tavsif rivojiga turtki bo‘lgan va she’riy yo‘lda yozilgan adabiy izlanishlar sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi. Tavsifning lirikadagi rivoji esa XIX asrdan boshlab rivojlana boshlagan. Arab she’riyatiga oid nazariy manbalarda ham tavsifiy she’rlar haqida ma’lumotlar uchraydi. Unga ko‘ra, arablarning boshlang‘ich va eng qadimgi adabiy janrlari: hijo, faxr, risa, sa’r, nasib, vasf hisoblanib, ular qatoridagi “vasf” – tavsifiy lirika janrining arab tilidagi nomidir [6]. Ularda, asosan, arab diyori tabiati, badaviylar hayoti, janglari va boshqa qabilalar turmushidagi voqealar ta’riflangan. Vasf islomgacha bo‘lgan davrda qasida tarkibida keluvchi unsur bo‘lib, keyinchalik mustaqil janr sifatida ajralib chiqqan. Vasf janri o‘zbek she’riyatida mazmuniy o‘zgargan shaklda uchraydi. Uning arab adabiyotidagi rivoji hamda o‘zbek she’riyatidagi shakllari haqida “Adabiy turlar va janrlar” kitobining 2-jildida batafsil ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra vasf – “tavsiflash”. “tasvirlash”, “sifatlash” kabi ma’nolarni anglatib, she’riyatda biror narsani chiroyli o‘xshatishlar, majoziy iboralar qo‘llab, badiiy tavsiflab beruvchi, metafora va epitetga tayangan, inson va uning hayoti ramz (simvol) orqali ko‘rsatiluvchi ixcham lirik she’rdir [1. 168]. Vasf janri ushbu xususiyatlari bilan chistonlarga o‘xshab ketadi, ammo ularda predmet sifati berilsa ham, topishga undalmasligi, aksincha ajoyib, favqulotda, kutilmagan, original o‘xshatish va qiyoslar qo‘llanishi bilan ajralib turadi. “Adabiy turlar va janrlar”da o‘zbek she’riyatidagi bu turdagi she’rlar qatoriga Oybekning “Quyosh”, Shuhratning “Igna”
3 158 4 7.2 E. Vohidovning “Ekskavator”, S. Zunnunovaning “Urug‘”, “Qalam”, “Archa”, Ismoil To‘lakning “To‘rg‘ay”, “Lolaqizg‘aldoq” singari she’rlari misol qilib berilgan. Sarlavhadan boshqa o‘rinda vasf etilayotgan predmet nomi tilga olinmasligi, she’r matnida esa faqat sifatlash va metaforalardan keng foydalanilishi ulardagi umumiy jihat sanaladi: Beo‘y uloqtirdi uni allakim, Bilmadi, orzusi faqat shu edi. Ona – Yer ko‘ksiga labini bosib, Endi men yashayman, o‘lmayman, dedi. (“Urug‘”) Demak, arab she’riyatida “Vasf” nomi bilan yuritiluvchi she’riy janrni tavsifiy lirikaning bir ko‘rinishi sifatida (asosan, predmetlarni tavsiflovchi she’rlar qatorida) olish mumkin. Zero, tavsifiy lirikada kechinma obyekti hamisha “ko‘ngildan tashqari” ya’ni obyektiv tasvirga asoslanadi hamda biror narsa, hodisa, holat, shaxs kabilarning batafsil tavsifi orqali lirik subyekt kechinmalari aks ettiriladi. Lirik tur tadqiqi bilan maxsus shug‘ullangan rus adabiyotshunos olimi G. N. Pospelov lirika shakllarini badiiy nutqning turli funksiyalariga ko‘ra uch guruhga ajratadi. Ular meditativ lirika, meditativ-tasviriy lirika hamda tavsifiy-tasviriy lirika turlaridir [11. 68]. Tadqiqotchi meditativlik lirikaniing asosiy xususiyati ekanligini ta’kidlagan holda unda shoirning ijtimoiy ongi bir vaqtning o‘zida ham ontologik, ham gnoseologik bilish subyektiga aylanishi haqida to‘xtaladi. Meditativlik chegarasidan predmet dunyosiga chiqishga moyil bo‘lgan poeziyalarni esa meditativ-tasviriy lirika deb ataydi. Uchinchi turning o‘ziga xos xususiyatlari haqida olim “…tasviriy lirika tavsifiy, xususan manzarali (peyzaj) yoki hikoyaviy bo‘lishi mumkin. Bunda u ko‘pincha majoziy-simvolik yoki allegorik ma’no kasb etadi” deya fikr bildiradi. Aynan mana shu uchinchi shakl biz nazarda tutgan tavsifiy lirikaga mos keladi. Demak, Pospelovga ko‘ra tavsifiy lirikaning peyzaj va voqeaband shakllari mavjud bo‘lib, ularda asosan majoziy yoki allegorik mazmun ifodalanadi. Yana bir rus adabiyotshunos olimi Xalizev esa tavsifiy lirikani inson ongining shakllari sifatida talqin qiladi. Unga ko‘ra: “Inson ongining holatlari lirikada turli hollar bilan gavdalanadi: 1. To‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiqchasiga – meditativ lirika; 2. Bilvosita, ya’ni tashqi tasvir, asosan, tabiat manzarasi orqali – tavsifiy lirika; 3. Biron bir voqea haqidagi ixcham hikoya shaklida – voqeaband lirika [17. 324]. Ko‘rish mumkinki, Xalizevda lirik ifodaning qay shaklda berilishiga ko‘ra she’r shakllari ajratilgan va tavsifiy lirika sifatida faqat peyzaj lirikasi olingan. Uning tarkibiga kiruvchi voqeaband lirikani esa olim alohida shakl sifatida ajratadi. Aslida esa voqeaband lirika ham tavsifiy lirikaning bir ko‘rishinishi hisoblanadi. “Sababi, kechinmalar narsa-hodisa tavsifi (tasviri) asosida ifodalanuvchi tavsifiy lirikaning boshqa ko‘rinishlaridan voqeaband
3 159 4 7.2 lirikaning faqat bitta farqi bor: uning asosida voqea yotadi. Shuningdek, unda ham voqeani tasvirlash maqsad emas, balki vosita sanaladi.” [15. 397]. Tavsifiy lirika va voqeaband lirikani alohida janr shaklida tasniflash milliy nazariyachilikda ham kuzatiladi. Farqli jihati keyingi davr o‘zbek adabiyotshunosligida tavsifiy lirika she’rning mazmuniy jihatdan bir turi sifatida o‘rganilgan. Xususan, uch jildlik “Adabiy turlar va janrlar” kitobida lirik turning mazmundorlik jihatidan belgilari xususida so‘z borib, meditativ lirika bu turning asosiy va yetakchi ko‘rinishi sifatida izohlanadi. Lirikaning yordamchi shakllari sifatida hikoyalash, tavsifiylik, personajlilik, majoziylik ajratiladi [1. 20]. Unga ko‘ra, tavsifiy lirikada voqealarni bayon orqali sanash sezilib turadi, biroq “bayonchilik” zamirida obrazlilik, shirali til, his faol rol o‘ynaydi. Tavsif ko‘pincha tashqi olam tasviri hukmronroq tus olganda, peyzaj she’rlarda duch keladi. Mavzu yakunida ta’kidlanganidek, Pospelov bu masalani lirika turlari, ko‘rinishlari tarzida tekshirgan bo‘lsa, “Adabiy tur va janrlar” kitobida ularga lirik tur tushunchasini mazmunan aniqlash nuqtai nazaridan qaralgan. Aslida lirika janrlarini mazmunga ko‘ra turlarga ajratish o‘zini oqlamaydi. Akademik Izzat Sulton aytganidek, “buni ilmiy asosga ega deb hisoblash qiyin” [16. 266]. Ammo ko‘plab nazariy manbalarda bu holatga duch kelamiz. Xususan, N. Shukurov “Uslublar va janrlar” kitobida o‘zbek sovet poeziyasidagi lirikani mazmuniy jihatdan quyidagi janrlarga ajratib ko‘rsatadi: 1) Ijtimoiy-publitsistik lirika; 2) intim lirika; 3) ramziy lirika; 4) voqeaband lirika; 5) Hajviy lirika [18. 96]. Muallif mazkur janrlar qatorida tavsifiy lirikaning bir shakli hisoblangan voqeaband lirikani kiritgan. Ramziy lirika deb ajratgan shakl ham o‘z navbatida tavsifiy lirikaning bir ko‘rinishidir. Chunki ularda simvolik xarakterga ega obrazlar markazga olinib, kechinma asosan, predmetlar tavsifi orqali ifodalanadi. Yangi o‘zbek she’riyati yuzasidan tadqiqot olib borgan adabiyotshunos olim U. Hamdam ham mavzuga doir monografiyasida tavsifiy lirika xususiyatlari hamda ifoda jihatdan turlari borasida fikr yuritar ekan, mazkur davrda tavsifiy lirika keng ommalashib, uning imkoniyatlari kengaygani haqida to‘xtaladi: “Bu, avvalo, tavsif obyektining xilmaxillashuvida ko‘rinadi. Agar mumtoz she’riyatda tavsifiy lirikaning asosiy obyekti “yor” bo‘lgan esa, yangi she’riyatining tavsif obyekti kengaydi: tabiat, narsa-buyum, holat, hodisa” [4. 257]. Olim tavsifiy ifoda jihatidan ramziy-metaforik hamda ramziy bo‘lmagan, sof lirikaga ajratadi. Munaqqid lirik kechinmani obyekt tasviri yoki tavsifida aks ettirish mumkin bo‘lgan ikki xil shakl: tavsifiy lirika va voqeaband lirikaga ajratish bilan voqeaband lirikani tavsifiy lirikadan alohida shakl sifatida tahlil qiladi. Boshqa ko‘plab nazaraiy manbalarda esa tavsifiy lirika yoki uning yetakchi janrlaridan sanalgan peyzaj lirikasi tematik jihatdan tasniflanuvchi intim, ijtimoiy, siyosiy lirika qatorida tahlil qilinadi. Yuqoridagi fikrlar tahlilidan ko‘rish mumkinki, bugungi kunda tavsifiy lirikaga oid yakdil nazariya mavjud emas. Ba’zi olimlar uni mazmuniy kategoriya sifatida, boshqalari esa insonning ijtioiy ong shakli sifatida tasniflaydi. Ayrim manbalarda esa, umuman janr
3 160 4 7.2 sifatida emas, lirik asarning uslubiy xususiyati shaklida tahlil qilinadi. Misolga olingan nazariy qarashlar turli yillarda yozib qoldirilgani va turfa davr yetakchi olimlari tomonidan aytilgani hisobga olinsa, ularning har bir o‘z zamonasi uchun to‘g‘ri tasnif bo‘lgan, deyish mumkin. Biroq mavzu boshida ta’kidlanganidek, o‘tgan asr she’riyatida yuz bergan ijtimoiylashuv hodisasi mavjud fundamental ilmiy qarashlarlarni ham o‘zgartirishga majbur qildi. Shular qatorida yangi o‘zbek she’riyatidagi tavsifiy lirika nazariyasiga oid bilimlar ham tahrirga va to‘ldirishga muhtojlik sezadi. Shu sababli tadqiqotimizning predmeti hisoblangan tavsifiy lirikaning XX asr she’riyatidagi ahamiyati, o‘ziga xos xususiyatlari hamda nazariy asoslarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq ish sanaladi. Keltirilgan ilmiy qarashlar ichidan esa mazkur tur tadqiqi bo‘yicha atroflicha tugal va asosli ish olib borgan yetakchi olimlar – G. N. Pospelov va D. Quronov nazariyasiga tayanish to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi o‘zbek she’riyatida tavsifiy lirika janrining poetik me’zonlari quyidagicha belgilandi: 1. Tavsifiy lirika – tashqi olam va uning detallari tasviri markaziy o‘rin tutgan, lirika namunasidir. 2. Tavsifiy lirika uchun asos kechinma obyekti hisoblanadi. Shoir va uning ko‘nglidan tashqaridagi obyektivlikning tasvir markazida bo‘lishi bu turdagi she’rlarning spetsifistik xususiyatidir. 3. Tavsifiy lirikada garchi obyektiv olam tasviri birlamchi bo‘lsa ham, unda hamisha meditativ emotsionallik mavjud. Faqat hissiy meditatsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, bilvosita ya’ni tavsif obyekti orqali ifodalanadi. 4. Yangi o‘zbek she’riyatiga kelib tavsifiy lirika uslubiy shakldan janr ko‘rinishini oldi. Ya’ni lirik turdan keyingi, mazmun va shaklga ko‘ra tasniflanuvchi janrlardan oldingi oraliq metajanr vazifasini egalladi. Bu jihatdan u meditativ lirika bilan bir guruhni tashkil qiladi. 5. Tavsifiy lirikada mushohada obyekti sifatida tabiat manzarasi, makon va zamonga oid birliklar, shaxs, predmet-buyum, holat, voqea olinishi mumkin. 6. Uning yetakchi turlari sifatida peyzaj lirikasi va voqeaband lirika olinadi. Ulardan tashqari portret lirikasi, predmet tavsifi, holat tavsifi, ma’lum makon yoki davr tavsifi ham keng ommalashgan. 7. Ifoda uslubiga ko‘ra ramziy tavsifiy lirika yoki ramziy bo‘lmagan sof tavsifiy lirika ajratiladi. 8. Tavsifiy lirikaning bir shakli hisoblangan peyzaj lirikasida to‘laqonli manzara tasvirlangan bo‘lishi talab qilinadi. 9. Voqeaband lirikani esa voqeaband she’rdan farqlash joiz. Ularning birinchisida voqea to‘laqonli ifodalanmaydi, balki kechinma izhori uchun yetarli uzvigina beriladi. 10. Predmetlar: turli narsa-buyumlar tavsifiga bag‘ishlangan she’rlar vasf janrini tashkil etadi va u ham tavsifiy lirikaning bir ko‘rinishi sanaladi.
3 161 4 7.2 Xulosa qilib aytganda, tavsifiy lirika janri yangi oʻzbek sheʼriyatining evolyutsiyasidagi eng muhim yangilanish belgilaridan biri hisoblanib, u mumtoz lirikadagi subyektivlik ustunligidan farqli oʻlaroq, obyektiv olamning lirik subyekt hissiy kechinmalari orqali aks ettirilishini taʼminlaydi. Mazkur maqolada ishlab chiqilgan poetik mezonlar tizimi keyingi ishlarimizdagi yangi oʻzbek sheʼriyati amaliy materialini tahlil qilish uchun nazariy asos boʻlib xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Адабий турлар ва жанрлар (Тарихи ва назариясига оид): Уч жилдлик. 2-жилд. Лирика / ЎзР ФА мухбир аъзоси Б.Назаров таҳрири остида. – Тошкент: Фан, 1992. – 248 б. 2. Даврон Хуршид. Тунги боғлар. – Тошкент: Ёш гвардия нашриёти,1981. – 70 б. 3. Gosse, E. W. Descriptive Poetry // Encyclopædia Britannica. 11th ed. Vol. 8. Cambridge: Cambridge University Press, 1911. P. 91–92. 4. Ҳамдамов У. Янги ўзбек шеърияти. – Тошкент: Adib, 2012. – 304 б. 5. Ҳотамов Н., Саримсоқов Б. Адабиётшунослик терминларининг русча-ўзбекча изоҳли луғати. Тўлдирилган иккинчи нашри. – Тошкент: Ўқитувчи, 1983. 6. Ибрагимов. И.Д. Жанры арабской поэзии. [internet manba. – URL: https://ravshir.livejournal.com/87582.html 7. Квятковский А.П. Поэтический словарь. – М.: Советская энциклопедия, 1966. – 375 с. 8. Левит Т. Описательная поэзия // Литературная энциклопедия: В 11 т. – Т. 8. – М.: ОГИЗ РСФСР, гос. словарно-энцикл. изд-во Сов. Энцикл., – С. 304–306. 9. Научно-образовательный портал: Большая российская энциклопедия. 10. Поспелов, Г. Н. Теория литературы: Учебник для ун-тов. — М.: Высш. школа, 1978. 11. Поспелов Г.Н. Лирика среди литературных родов. – Москва: Изд-во Московского университета, 1976. – 208 с. 12. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. II жилд / З. М. Маҳмудов таҳрири остида. — Москва: Рус тили, 1981. 13. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғaти / ф.ф.д. Д.Қуроновнинг умумий таҳрири остида. - Тошкент: Akademnashr, 2010. – 400 б. 14. Қуронов Д. Мутолаа ва идрок машқлари. –Тошкент: Академнашр, 2013. 15. Quronov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2018. – 480 b. 16. Султон Иззат. Адабиёт назаряси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1980. – 408 б. 17. Хализев В. Е. Теория литературы: Учебник. – М.: Высш. шк., 2004. — 405 с. 18. Шукуров Н. Услублар ва жанрлар. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти. – 1973. – 160 б. 19. Цертелев Н. О поэзии описательной // Соревнователь просвещения и благотворения. — С. Петербургъ, 1823. — Ч. XXI, Кн. III.