scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ERTAK QAHRAMONLARI ORQALI O'QUVCHILARDA EMPATIYA VA IJTIMOIY HISSIYOTLARNI SHAKLLANTIRISH

Surayyo Inomjonova

Full text

3 11 4 7.2 ERTAK QAHRAMONLARI ORQALI O‘QUVCHILARDA EMPATIYA VA IJTIMOIY HISSIYOTLARNI SHAKLLANTIRISH Surayyo Inomjonova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi, Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17904235 Annotatsiya. Ushbu maqolada ertaklarning o‘quvchilarda empatiya, hamdardlik, ijtimoiy hissiyot va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishdagi ahamiyati tahlil qilinadi. Ertak qahramonlari orqali bolalarda insonparvarlik, rahm-shafqat, adolat, yordam va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini rivojlantirish metodik asoslari yoritiladi. Shuningdek, maqolada empatiyani rivojlantirishga qaratilgan samarali pedagogik usullar va dars jarayonida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan amaliy mashg‘ulot shakllari taklif etiladi. Kalit so‘zlar: ertak, empatiya, ijtimoiy hissiyot, xalq og‘zaki ijodi, axloqiy tarbiya, dramatizatsiya, hamdardlik, o‘quvchi shaxsi. Abstract. This article analyzes the importance of fairy tales in shaping empathy, compassion, social feelings, and moral values in students. Through fairy tale characters, the methodological foundations of developing feelings of humanity, mercy, justice, helpfulness, and mutual respect in children are highlighted. The article also proposes effective pedagogical methods aimed at developing empathy and forms of practical exercises that can be used in the lesson process. Keywords: fairy tale, empathy, social feeling, folklore, moral education, dramatization, compassion, student personality. Аннотация. В данной статье анализируется значение сказок в формировании у учащихся эмпатии, сочувствия, социальных чувств и нравственных ценностей. Раскрываются методические основы развития у детей чувств гуманности, милосердия, справедливости, взаимопомощи и взаимного уважения через сказочных персонажей. Также в статье предлагаются эффективные педагогические методы, направленные на развитие эмпатии, и формы практических занятий, которые могут быть применены в процессе урока. Ключевые слова: сказка, эмпатия, социальное чувство, устное народное творчество, нравственное воспитание, драматизация, сочувствие, личность учащегося. Kirish. Hozirgi kunda o‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadlaridan biri – o‘quvchida nafaqat bilim, balki hissiy madaniyatni, boshqalarni tushunish va ularning kechinmalariga javob bera olish qobiliyatini shakllantirishdan iboratdir. Insonning ijtimoiy hayotga muvaffaqiyatli moslashuvi ko‘p jihatdan uning empatiya darajasiga bog‘liq. Shuning uchun adabiyot, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘qitishda bolalarda empatik fikrlashni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ertak – bu faqatgina qiziqarli hikoya emas, balki insoniy qadriyatlar maktabidir. Ertakdagi qahramonlar orqali bola yaxshilik, sadoqat, kechirim, mehr, adolat kabi tushunchalarni his etadi, ularni hayotiy tajribasiga singdiradi. “Xalq ertaklarida uni varatuvchilarning dunyoqarashi, axloq normalari va boshqa ijtimoiy muhim masalalar odilona hal etiladi. Ertaklar sodda va tushunarli bo‘lgani uchun har qanday kitobxonga tez yetib boradi. Ular orqali ham insonning ijtimoiy axloq normalari shakllanadi”[1;10]. Shu 3 12 4 7.2 bois, ertaklar yordamida o‘quvchilarda empatiya va ijtimoiy hissiyotlarni shakllantirish – zamonaviy pedagogikaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Adabiyotlar tahlili. Empatiya-bu shaxsning boshqalarning hissiyotlarini tushunish va ularni his etish qobiliyati. Psixolog K.Rodjers ta’kidlaganidek, empatiya – “insonni ichki dunyosi orqali tushunishning eng oliy darajasi”dir[3;95-103]. Bolalarda bu qobiliyat tabiiy, ammo uni rivojlantirish va yo‘naltirish uchun maxsus tarbiyaviy vositalar zarur. “Hozirgi vaqtda o‘quvchilarning empatik qobiliyatlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy yondashuvlar va har tomonlama shaxsiy baholashdan foydalanish maqsadga muvofiqdir”[5;79-84].Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shaxsiy empatiya va uning o‘smir o‘quvchilarda rivojlanishi masalasi ayniqsa dolzarb bo‘lib, bugungi sharoitda talab katta. Tadqiqot metodologiyasi. Ijtimoiy hissiyotlar (mehr, hamdardlik, minnatdorchilik, adolat, kechirimlilik) o‘quvchilarning axloqiy tafakkurini shakllantiradi va ular orqali ijobiy ijtimoiy xulq rivojlanadi. Ertaklar bu jarayon uchun tabiiy muhit yaratadi, chunki u orqali bola “yaxshi” va “yomon”ning farqini his qiladi, qahramonning ichki kechinmalarini o‘z qalbi orqali kechiradi. Bu tuyg‘uni hosil qilish uchun ham ertakning o‘quv tahlilidan foydalanish samarali. “...asar tahlili o‘quvchining adabiy qahramonni ko‘p qirrali, jonli inson sifatida qabul qilishiga ko‘maklashishi kerak. Badiiy asar o‘quvchiga odamni bilishga yordam beradi. Adabiyotning gumanitar yo‘nalishdagi boshqa predmetlardan asosiy farqi ham uning borliqni bilishda o‘quv materialining obrazliligi va hissiyotga asoslanganligidir”[4;41] deb yozadi Q.Husanboyeva. Adabiyot darslarida ertaklarni tahlil qilish muhim hisoblanadi. Ertakni o‘qitishda o‘qituvchi faqat mazmunni tushuntirish bilan cheklanmasligi kerak. Asosiy vazifa-o‘quvchini qahramonning his-tuyg‘ularini anglash jarayoniga jalb etishdir. Bola qachonki qahramonning og‘riqlarini his qilsagina unda atrofdagilarga nisbatan rahm-shafqat tuyg‘ulari rivojlanadi. Tahlillar va natijalar. Har bir xalq ertagi o‘z xalqining ma’naviy qadriyatlarini aks ettiradi. O‘zbek xalq ertaklarida qahramonlar ko‘pincha oddiy, ammo mehribon, halol, odamlarga yordam beruvchi shaxslardir. Masalan: “Zumrad va Qimmat” ertagida mehribonlik va sabrning yuksak namunasi ko‘rsatilgan; “Egri va To‘g‘ri” ertagida ochko‘zlikning oqibatlari orqali adolat g‘oyasi yoritilgan; “Oltin tarvuz” ertagida sadoqat va do‘stlik timsoli aks etgan. Bola qahramonlar bilan birga quvonadi, ular uchun qayg‘uradi, bu esa unda hissiy javob – empatiya jarayonini uyg‘otadi. Shu tarzda ertak o‘quvchining ichki dunyosiga kirib, u orqali ijtimoiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. 6-sinf “Adabiyot” darsligida Oskard Uayldning “Baxtli shaxzoda” ertagi berilgan. Ushbu ertakda sheriklaridan ajrab qolgan qaldirg‘och oltindan yasalgan Baxtli Shaxzoda bilan ko‘rishib qoladi. “Baxtli Shaxzodaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, zarrin yonoqlaridan oqib tushardi. Oy nurlari tushayotgan yuzi shu qadar fusunkor ediki, buni ko‘rib Qaldirg‘ochning ko‘ngli buzilib ketdi”[2;200]. Ertakda 3 13 4 7.2 qahramon ruhiy holati juda chiroyli tasvirlangan. O‘quvchilarda qahramon his-tuyg‘ularini tushunishlari uchun munozara o‘tkazishi muhim. Bunda o‘qituvchining vazifasi o‘quvchilar e’tiborini qahramon boshidan kechirayotgan his-tuyg‘uga qaratishdan iborat bo‘lishi kerak. O‘zlashtirilayotgan o‘quv materiali asosida qahramon his-tuyg‘ularini muhokama qilish va o‘quvchilar hayotiy misollar orqali boshqalarning his-tuyg‘ulari haqida xulosa chiqarishlari va ularni his qilishlari mumkin. Ertakda Baxtli Shaxzoda uzoqda kulbada yashayotgan tikuvchi ayolni shunday ta’riflaydi. “Uzoqda, huv anavi tomonda, jinko‘chada derazasining bir tabaqasi ochiq turgan kulbani ko‘ryapman, – deb so‘zida davom etdi haykal shivirlab. – Ochiq derazadan stol oldida o‘tirgan bir ayol ko‘rinmoqda. Yuzi so‘lg‘in, qo‘llari dag‘al va igna sanchilaverganidan qontalash bo‘lib ketgan. Chunki u chevar-da. Qirolichaning eng sohibjamol dugonasining navbatdagi saroy bazmiga atab tiktirayotgan ipak ko‘ylagiga gul chatimoqda. Xona burchagidagi to‘shakda bolasi betob yotibdi. U isitmada yonib, “apelsin beringlar”, deb alahsirayapti. Ammo onasining daryo suvidan boshqa beradigan narsasi yo‘q. Shuning uchun ham bola yig‘layapti. Qaldirg‘och, Qaldirg‘och , jajjigina Qaldirg‘och! Qilichimning dastasidagi la’lni olib o‘sha ayolga eltib bersang-chi? Oyoqlarim supaga mahkam qotirilgan, o‘zim joyimdan qimirlolmayman”[2;201]. O‘quvchilar bu yerda qahramonning hislarini, qahramon orqali kulbadagi bemor bola holatini ko‘z oldilariga keltiradilar. Shu o‘rinda ularga: 1. Siz ham bemor bo‘lganmisiz? 2.Bola apelsin so‘raganda siz nimani his qildingiz, unga achindingizmi? 3. Baxtli Shaxzodaning bolakayga juda rahmi kelyapti, biroq yordam berish uchun iloji yo‘q, uning oyoqlari mahkam qotirib qo‘yilgan. U bemor bolakayga achinganda siz nimani his qildingiz? kabi savollar berish orqali o‘quvchilarni munozaraga chorlash mumkin. Bu savollar bolalarni boshqa odamlarning his-tuyg‘ulari haqida o‘ylashga va ularga yordam berish yo‘llarini izlashga o‘rgatadi. O‘quvchilarda empatiyani rivojlantirishda “Qahramonning qalb olamiga sayohat” usuli ham yaxshi natija beradi. Har bir sahnada o‘quvchilar qahramon nima his qilganini muhokama qilishadi. Dramatizatsiya (rol o‘ynash) orqali ham o‘quvchilar ertakdagi qahramonlarni jonlantiradilar. Bu usul hissiy ishtirokni kuchaytiradi va empatiyani amalda namoyon etish imkonini beradi. O‘quvchilarni axloqiy tanlovni his qilishga o‘rgatuvchi mashqlardan biri “Agar men uning o‘rnida bo‘lganimda” mashqidir. O‘quvchilar voqea davomida qahramon o‘rnida bo‘lib ko‘radilar. Ushbu ertakda Baxtli Shaxzoda, tikuvchi ayol, bemor bola, Qaldirg‘och obrazlari o‘rniga o‘quvchilar o‘zlarini qo‘yib ko‘radilar va shu orqali qahramon tuyg‘ularini his etadilar. Dars davomida “Hamdardlik xati” yoki “Qahramonga maktub” topshiriqlari orqali o‘quvchilarning hissiy so‘z boyligini va ichki dunyo ifodasini rivojlantirishga erishish mumkin. Ertakdagi qahramonga maktub yozishda: “Men senga ishonaman...”, 3 14 4 7.2 “Men seni tushunaman...”kabi qahramonga hamdard ekanligini bildiruvchi so‘zlardan foydalaniladi. Ushbu mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilarda ertakdagi qahramonlarga nisbatan his-tuyg‘ularini ochiq ifoda etish imkoni beriladi. O‘quvchilarda empatiyani rivojlantirishda kvest texnologiyalaridan foydalanish mumkin. Bunda ertakka asoslanib o‘quvchilar insonning shaxsiy fazilatlari haqida bir qator maslahatlardan iborat senariylar ishlab chiqadilar. O‘z do‘stlarining shaxsiy fazilatlariga tayanib , ular orasidan qahramonlar yaratadilar. Ular bilan “intervyu” o‘tkazadilar. Bu usul insonning orzu-umidlari va inson uchun nimalar muhimligini tushunishga yordam beradi. Bundan tashqari dars davomida o‘quvchilarga empatik tinglashni ham uqtirib borish kerak. Empatik tinglashni o‘rgatish orqali har qanday munosabatni rivojlantirish mumkin. Agar u muvaffaqiyatli yakun topsa, oila, sinfdoshlar, do‘stlar orasida hissiy va intellektual aloqalar mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, dars jarayonida “Fotosuratlar orqali yuzlarni o‘qish” o‘yinini o‘tkazish orqali ham insonlar his-tuyg‘ularini tushunishga o‘rgatish mumkin. Bunda ertak qahramonlarining his-tuyg‘ularini ifodalovchi fotosuratlar yoki suratlardan foydalaniladi. O‘quvchilarga rasmlar orqali savollar beriladi. Masalan, Baxtli shaxzoda haykali baland minorada turganda nimalarni ko‘rib his qilgan deb o‘ylaysiz? Nima uchun? Shaxzoda o‘zini “baxtli” deb atashiga qaramay, nega keyinchalik o‘zini baxtsiz sezadi deb o‘ylaysiz? Agar siz shaxzodaga yordam bera olsangiz, nima qilar edingiz? Qaldirg‘och o‘z vataniga uchib ketmasdan qolib ketdi. Buni qanday baholaysiz? Tikuvchi ayolning holati sizga nimani eslatdi va qanday hisni boshdan o‘tkazdingiz? Ona farzandi tinmay apelsin so‘raganda qanday kechinmalarni boshdan kechirgan? Xulosa. Ertaklar – bolalar ongiga eng tabiiy yo‘l bilan kiruvchi hissiy va axloqiy vositadir. Ular o‘quvchilarda empatiya, hamdardlik, adolat, mehr, kechirim kabi ijtimoiy hissiyotlarni shakllantirishning samarali vositasi hisoblanadi. O‘qituvchi ertakni nafaqat o‘qish, balki uni his qilish, tushunish, baham ko‘rish jarayoniga aylantirsa, o‘quvchi nafaqat adabiyot, balki insoniylikni ham o‘rganadi. Shu bois, ertaklar asosida empatiyani rivojlantirish zamonaviy adabiy ta’limning muhim metodik yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Empatik tafakkur-bolalarni diqqatli, mehribon va sezgir qiladi. Bu ularga mojarolarni yengishga, ularning harakatlari boshqalarga qanday ta’sir qilishini tushunishga va boshqalar 3 15 4 7.2 bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga yordam beradi. Rivojlangan empatiyaga ega bo‘lgan bolalarda do‘stlashish, kamroq bahslashish va hissiy jihatdan barqaror o‘sish osonlashadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Jumaboyev.M. Bolalar adabiyoti va folklor. -T.: 0‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2006.-10b. 2. Mirzayeva M, Jalilov K. Adabiyot. Darslik.6-sinf.-T.: Respublika ta’lim markazi, 2022.-200b. 3. Rogers, C. R. (1957). The necessary and sufficient conditions of therapeutic personality change. Journal of Consulting Psychology, 21(2), 95–103 4. Husanboyeva Q. Adabiyot o‘qitish metodikasi va muammoli ta’lim. O‘quv-metodik qo‘llanma. T.:Innovatsiya-Ziyo, 2022.-41b 5. Шамионов Р.М. Принцип диахронии в исследовании социализации личности//Изв. Сарат. ун-та. Новая сер. Сер. Философия. Психология. Педагогика. 2013. Т. 13, вып. 1. С. 79 -84.