scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XURSHIDNING "FARHOD VA SHIRIN" DRAMASIDA AN'ANA VA YANGILANISH

Sherjonova, Gulruxsor

Full text

3 166 4 7.2 XURSHIDNING “FARHOD VA SHIRIN” DRAMASIDA AN’ANA VA YANGILANISH Sherjonova Gulruxsor, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch-doktaranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17918317 Annotatsiya: Mazkur maqolada Xurshid taxallusi bilan ijod qilgan Shamsiddin Sharafutdinovning “Farhod va Shirin” dramasi an’ana va yangilanish nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Asosiy e’tibor dramaturgning Alisher Navoiy dostoniga munosabati, doston g‘oyalarini sahna talqiniga moslashtirish jarayoni hamda qo‘lyozma variantlarda uchraydigan matniy farqlarni ilmiy asosda o‘rganishga qaratilgan. Kalit so‘zlar: Xurshid, Shamsiddin Sharafutdinov, “Farhod va Shirin”, drama, Navoiy an’anasi, yangilanish, qo‘lyozma, arxiv materiallari, dramaturgiya, sahna talqini, matniy farqlar, obraz talqini. Abstract: This article analyzes the drama “Farhod and Shirin” by Shamsiddin Sharafutdinov, known by his pen name Khurshid, from the perspective of tradition and innovation. The study focuses on the playwright’s attitude toward Alisher Navoi’s epic, the process of adapting the epic’s ideas to stage interpretation, and the scholarly examination of textual differences found in various manuscript versions. Keywords: Khurshid, Shamsiddin Sharafutdinov, Farhod and Shirin, drama, Navoi’s tradition, innovation, manuscript, archival materials, dramaturgy, stage interpretation, textual differences, character interpretation. Аннотация: В данной статье анализируется драма «Фарход и Ширин» Шамсиддина Шарафутдинова, известного под псевдонимом Хуршид, с точки зрения традиции и новаторства. Основное внимание уделяется отношению драматурга к поэме Алишера Навои, процессу адаптации идей поэмы к сценической интерпретации, а также научному анализу текстовых расхождений, встречающихся в различных рукописных вариантах. Ключевые слова: Хуршид, Шамсиддин Шарафутдинов, «Фарход и Ширин», драма, традиции Навои, новаторство, рукопись, архивные материалы, драматургия, сценическая интерпретация, текстовые расхождения, интерпретация образов. Kirish. O‘zbek adabiyotida drama janri uzoq yillik tarixga egaligi hech kimga sir emas. Dastlab uning yuzaga kelishida xalq og‘zaki ijodidan o‘rin olgan turli xalq tomoshalari va o‘yinlari asos bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. XX asr boshlarida Turkistonda yuzaga kelgan jadidchilik harakati namoyondalari ma’rifatparvarlik g‘oyalarini aks ettirgan asarlari bilan matbuotda jar soldilar. Ulardagi oddiy xalqni bilimli qilish, ularning ongini uyg‘otish o‘zligini tanitishga bo‘lgan harakatlar ahamiyatga sazovordir. Tabiiyki, bu davrda aholining ko‘p qatlami xat-savodli emasligi jadidchilar tomonidan sahna asarlarining yaratilishi va uni sahnalashtirib xalqqa namoyish qilishga turtki bo‘ldi. O‘sha davrda Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mannon Uyg‘ur, G‘ulom Zafariy, Xurshid kabi ijodkorlar tomonidan bir qator dramatik asarlar maydonga keldi. Yuqorida nomlari qayd qilingan yozuvchilarning dramatik asarlari olimlar va tadqiqotchilar tomonidan atroflicha o‘rganilgan va tadqiqot manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Xurshid taxallusi bilan ijod qilgan Shamsiddin 3 167 4 7.2 Sharafutdinov o‘zbek dramaturgiyasining ilk namoyondalaridan biri hisoblanadi. Uning hayoti va ijodi yuzasidan ikkita tadqiqot yaratilgan bo‘lib, ammo ularda adibning ijodiy laboratoriya masalasi o‘rganilmagan. Shu bois, o‘zbek dramaturgiyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan serqirra ijodkorlardan biri shoir, nosir, dramaturg va tarjimon Shamsiddin Sharafutdinov – Xurshid dramalarining ijodiy biografisini arxiv hujjatlari asosida istiqlol davri adabiyotshunosligi mezonlari aspektida o‘rganish zarurati paydo bo‘ldi. Tadqiqot metodologiyasi: Tadqiqotning metodologik asosini adabiy manbashunoslik, matnshunoslik, qiyosiy tahlil va tarixiy-poetik yondashuvlar tashkil etadi. Xurshidning “Farhod va Shirin” dramasining arxivda saqlanayotgan qo‘lyozma variantlari (turli grafikadagi nusxalar), “Tanlangan asarlar”dagi nashr varianti hamda u asoslangan Alisher Navoiy dostoni qiyosiy solishtirish metodi asosida o‘rganildi. Tahlil va natijalar. Xurshid qalamiga mansub qo‘lyozma va hujjatlar Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida saqlanadi. “Xurshid arxivi katalogi” muzey xodimlari Rahima Sharafutdinova tomonidan tayyorlangan. Rahima Sharafutdinova Xurshidning qizi. Xurshiddan adabiy meros sifatida saqlanayotgan hujjatlar janr nuqtayi nazaridan dramatik asarlar; tarjimalar; g‘azallar; rasmiy hujjatlar va fotosuratlardan iborat. Xurshid arxivi jami 500 ga yaqin bo‘lib, ular saqlanish raqamidagi hujjatlarni o‘z ichiga qamrab oladi [1.340]. Biz tadqiqotimiz doirasida Xurshid qalamiga mansub dramalarning qo‘lyozmalari va shunga doir hujjatlarni o‘rganishda davom etyapmiz. Navoiy asarlarining otashin targ‘ibotchisi[2.232] deya e’tirof qilingan Xurshid Alisher Navoiyni o‘zining ma’naviy ustozi deb bilgan hamda birinchilardan bo‘lib “Xamsa” dostonlarini sahnada namoyish qilishga musharraf bo‘ldi. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlari asosida, dramaning turli xil janrlarida barakali ijod qildi. Jumladan, drama, musiqali drama, opera, libretto ko‘rinishlarini yaratdi. Xurshid 1919-yildan boshlab, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini o‘rganishga kirishgan bo‘lsa, aynan shu davrdan boshlab, sahna Navoiynomasiga asos solgan[3.232]. Dramaturg 54 bob, 5782 baytdan iborat katta dostonning g‘oyasini saqlagan holda 5 parda 7 ko‘rinishli drama qilib yaratganligi uning katta mahorat egasi ekanligining yana bir karra isboti edi. Xurshidning “Farhod va Shirin” dramasidagi voqelik dostonning XVIII bobi, ya’ni Xoqon Farhod sharafiga bazm uyushtirgani va unga toj-u taxtni topshirish niyatini bildirgani bilan boshlanadi. Dramada xoqonning taklifini rad qilgan Farhodga otasi o‘z ishini davom qildirishini ta’kidlar ekan, muallif mana shu o‘rinda Alisher Navoiyning baytini keltirib o‘tadi: Menga shahliqda qullik ham qil endi, Otoliq ham o‘g‘ulliq ham qil endi. “Farhod va Shirin” shavq dostoni, mehnatsevarlik ulug‘langan va kuylangan doston. Xurshid dramaga ham ayni shu ruhni olib kirganligi uning badiiy qimmatini oshirgan 3 168 4 7.2 deyish mumkin. Bosh qahramon Farhod shohlik taxtidan ko‘ra xalq bilan tenglik va hamnafaslikni afzal ko‘radi. Xurshid drama qonuniyatlariga mos ravishda voqelikni ixcham tasvirlashga intilar ekan, Hazrat Navoiyning dostondagi g‘oyasini soddaroq tilda xalqqa yetkazish, dostondagi obrazlarni jonli tarzda drama orqali gavdalantirish, shu bilan birga o‘zidagi Navoiy asarlariga bo‘lgan muhabbat hurmatni namoyon qilishga intilgan. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida Xurshid qalamiga mansub arxiv hujjatlarda, shuningdek, ijodkorning “Tanlangan asar” lari bilan tanishish davomida dramaturgning ijodkorlik mahorati ya’ni asarga davr nuqtayi nazari bilan yondashish va ulug‘ mutafakkir g‘oyasiga ergashish o‘rinlarini ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Navoiyning dostonida Farhod xazinadagi sirli oynani ko‘rib, uning asrorlaridan voqif bo‘lmoqlik uchun otasi va Mulkoro bilan Yunon sari ravona bo‘lgan bo‘lsa, Xurshidning shu nomdagi dramasida Farhod xazina bilan tanishib g‘aroyib sandiqni ko‘rib qolar ekan, albatta bundan hayratlanadi. Ammo Xoqon, Mulkoro va Bahromning buni ochishga qarshiligiga qaramasdan ahdida sobit qolar ekan: Buning uchun erdi Yunonga sayohat, Busiz qanday bo‘lur ko‘ngilga rohat, - deydi. Mazkur o‘rinda kitobxonni mulohaza yuritishga undaydigan vaziyat yuzaga keladi. Xoqon Farhodga xazinani va undagi ajoyibotlarni ko‘rsatar ekan, u sirli sandiqni ko‘rib hayratlangan edi. Lekin uni ochishda esa bu bilan oldindan tanish bo‘lgandek, va ayni shu bois Yunonga safar qilganligini so‘zlaydi. Balki, bu katta doston voqealarini ixcham tarzda, drama holida o‘quvchiga yetkazish uchun yoki uni aynan taajjubga va o‘yga solish uchun qilingan muallifgagina xos bo‘lgan o‘ziga xos yondashuvdir? Shuningdek, dramaturgining adabiyot muzeyida saqlanayotgan arxiv hujjatlardagi “Farhod va Shirin” dramasining qo‘lyozma variantlari va “Tanlangan asar”iga kirgan nashr variantini solishtirib o‘rganish davomida yillar davomida tahrirlanib qayta-qayta sahnalashtirilgan dramaning farqli jihatlarini aniqladik. Quyidagi jadvalda ana shu aniqlagan tavofutlarni ko‘rsatamiz. Arxiv hujjatlaridagi variant №868/10; №868/19 рақамли икки қўлёзма нусха Nashr variant Хуршид. Танланган асарлар. – Тошкент: Фан, 1967. – 330 б. Farhodning onasi obrazi kiritilgan (№868/10 рақамли қўлёзма) Оna obrazi yo‘q Arman malikasining ismi Mahinbonu tarzida berilgan (№868/19 рақамли қўлёзма) Mehinbobu sifatida tasvirlangan Farhod xayoli bilan so‘zlashadi (………..рақамли қўлёзма) Xayol obrazi uchramaydi. Toif shahri yaqinida yuz beradigan daryo tasviri yo‘q (………..рақамли қўлёзма) II parda 1ko‘rinish daryo tasviri bilan boshlanadi Arxiv hujjatlardagi dramaning ba’zi variantlarida Xitoy xoqonining ismi Faq(g‘)fur tarzida berilgan (………..рақамли қўлёзма) Xitoy xoqonining ismi keltirilmagan. 3 169 4 7.2 4 misra she’r keltirilgan Erur qarz keksa xoqonni qilish shod Atani aylaniz qayg‘udan ozod Yetukdir barcha ilm ila hunarda Yo‘q aybi, aql ila idraki taza (………..рақамли қўлёзма) Bu misralar bosma nashrda berilmagan Xoqon salbiy obraz sifatida tasvirlanadi. Shuningdek, Shiringa nisbatan ishboshi “el hokimining noyibasi” degan ta’rifni beradi (………..рақамли қўлёзма) Xoqon ijobiy obraz sifatida gavdalantiraldi. Ishboshining Shiringa nisbatan keltirilgan ta’rifi berilmagan. Ba’zi manbalarda Arman diyoridagi tog‘ Bistlin tarzida berilgan. (………..рақамли қўлёзма) Bistun tarzida ifodalangan Xurshid ijod jarayonida “Farhod va Shirin” dramasi va uning sahnada namoyish qilinib xalq tomonidan iliq kutib olinishi uchun anchayin mehnat qilganligi, dostonni musiqali drama holiga keltirishda esa xalq kuylarini nihoyatda inja nigoh bilan tanlaganligi uning zamondoshlari tomonidan yozilgan ijodkor haqidagi xotiralardan ma’lum. Bu esa “Farhod va Shirin” dostoni asosida yozilgan dramani tahrirlash davomida uning 56 ta variantini yuzaga keltirgan. Bu fikrimizni “Shamsiddin Sahrafutdinov Xurshid arxivi katalogi”da keltirilgan 38 raqamdan boshlanib, 92 raqamgacha bo‘lgan barcha hujjatlar “Farhod va Shirin” dramasiga doir qo‘lyozmalardan iboratligi tasdiqlydi. Arxivda saqlanayotgan mazkur drama qo‘lyozmalari arab grafikasi asosidagi eski o‘zbek yozuvida, XX asr boshidagi lotin grafikasida, rus grafikasidagi ruscha variantda, o‘zbek krill yozuvida yozilgani ma’lum bo‘ldi. Rus tilidagi to‘liq variant 58-raqamda va yana bir nechta saqlanayotgan hujjatlar bo‘lib, bu ruscha tarjima Mamayxonovaning so‘zma-so‘z tarjimasiga asoslangan. Qo‘lyozma mashinkada pechatlangan, jami 48 sahifadan iborat. Bizningcha, mazkur dramaning tezlikda rus tiliga tarjima qilinishi va sahnalashtirilishida sho‘ro davri mafkurasining o‘z ideallarini Farhod obrazida ko‘rgani seziladi. Chunki, Farhod – mehnatkash odam obrazining yangicha talqini edi. Mehnatkash odam obrazi sho‘ro davri mafkurasiga mos bo‘lgani uchun ham davr adabiyoti Xurshidning “Farhod va Shirin” dramasini qo‘llab-quvvatladi. Yozuvchi har safar mazkur dramani qaytadan tahrir qilar ekan, unda bir qancha o‘zgarishlar, tuzatish va tahrirlar, sahna ko‘rinishlari, qahramonlar dialogi va ichki monologlarigacha qayta-qayta ishlangani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, 1940-yillardan oldingi variantlar ko‘zdan kechirilganda dramada Farhodning onasi obrazi va uning faol tarzda tasvirlanganiga guvoh bo‘ldik. Binobarin, Farhodni taxtga chiqarish marosimida, shahzoda otasiga rad javobi berganida va hammalari birgalashib, xoqonlikning xazinasini tomosha qilgan sahnalar bor. Bu sahnalarda Ona obrazi yetakchi o‘ringa chiqqan. Vaholanki, Alisher Navoiyning dostonida ona obraziga alohida urg‘u berilgan emas. Bu esa Xurshidning Navoiy an’analarini davom ettirgani holida, Ona obrazini qayta yaratishda yangilanish 3 170 4 7.2 qilganini ko‘rsatadi. Farhod hiylagar kampirdan Shirin haqidagi yolg‘on xabarni eshitgach boshini toshlarga urarkan, ana shu o‘rinda bodi saboga onasi haqida so‘z aytadi. “Onam bu xabarni eshitib, yuzidagi pardasi uchib ketib, to‘qqiz qavat pardaning ichidan chiqib, sochlarini yulib g‘amda ado bo‘lmasin, sen mening nafasimni tutun qilib, olib borib uni parda qilginda xaloyiqdan onamni yashirgil” – deya xitob qiladi[3]. Bu albatta, Navoiy zamonasining ayollarni sirli xilqat, nazokat va nafosat timsoli deb e’tirof qilganligi bilan bog‘liq bo‘lsa ajab emas. Zero, Alisher Navoiy uni dunyoga keltirgan onasi haqida ham deyarli biron ma’lumot yozib qoldirgan emas. Ammo yozuvchi Xurshid yashagan davr ma’rifatchilik va jadidchilik bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ular o‘z asarlarida ayollar obraziga alohida ahamiyat bergan. Lekin, qandaydir sabablar bilan 1940-yillardan keyingi variantlarda ona obrazi dramadan olib tashlangan. Shuningdek, Farhodning xazinada sirli oyna bilan tanishishi ham variantlar tahririda bir muncha o‘zgarib borganligini ko‘rish mumkin. Oldingi variantlarda shahzodani u yerga Bahrom olib kelgan va bu orqali xazinabon o‘limga hukm qilingan bo‘lsa, keyingi variantlarda xoqonning o‘zi Farhodni xazina bilan tanishtirib hukmdorlik sir-asrorlarini o‘rgatishga harakat qilganligini ko‘rish mumkin. Xurshid haqidagi tadqiqotlar, zamondoshlarining xotiralari, adabiyot muzeyida saqlanayotgan arxiv hujjatlar asoslanib, dramaturg mazkur dramani yaratish uchun faqatgina Alisher Navoiyning shu nomdagi dostoni bilan cheklanib qolgan emas. U bu mavzuda qalam tebratgan o‘zigacha bo‘lgan ijodkorlarning asarlari, xalq ertaklari, afsonalari va rivoyatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmagan va ularni ham sinchiklab o‘rgangan. “1922-yilda Bekobodga qilgan ekskursiyasida o‘sha yerning keksalaridan Dehqonboy ota bilan suhbatlashar ekan, Farhod, Mahinbonu, Shirin haqidagi afsonani eshitib qoladi. Unda Shoh Iskandar ham bor edi. Afsonaga ko‘ra Farhod Xitoylik emas, Xo‘tan shahridan 20 km uzoqlikdagi “Xato” shahridan deyiladi. Bu ekskursiyadan keyin “Farhod va Shirin dostonini qayta mutolaa qilar ekan, ba’zi o‘rinlarda xalq rivoyatlari, afsonalariga, ba’zi o‘rinlarda esa Navoiyga ergashganligini ta’kidlab o‘tgan”[5.128]. Bu fikrlar Xurshidning “Farhod va Shirin” dramasi ustidagi ijodiy tarixini, badiiy asar bio‘grafiyasi masalalarini oydinlashtirishga yordam beradi. Bu esa Xurshidning 20yillar boshidagi “Farhod va Shirin” dramasi mutlaqo insenirovka emasligi, uni mustaqil bir pyesa ekanligini yana bir karra isbotlaydi. U obrazlarning xatti-harakatlariga, dostondagi voqealar tizimiga biroz o‘zgartirish kiritgan ya’ni uni drama holiga keltirish uchun ijodiy yondashgan, lekin Alisher Navoiyning dostondagi g‘oyasini buzib talqin qilgan emas. Xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, Xurshid iste’dodli va serqirra ijodkor. Uning qalamidan yaralgan she’rlar, dramalar, tarjimalar va boshqa asarlar kitobxonlarning keng ommasiga yetib borishi zarur. Xususan, jadid dramaturg Xurshid qalamiga mansub “Farhod va Shirin” dramasida Alisher Navoiy va xalq orasida tarqalgan ikki oshiq haqidagi 3 171 4 7.2 afsona va rivoyatlarning badiiy talqini saqlanib qolingani holida, muallifning obrazlar va syujet talqinidagi yangilanishlarini e’tirof etish joiz hisoblanadi. Ijodkorning boy ijodiy merosi esa qanchadan qancha ilmiy izlanishlarga zamin yaratadigan tadqiqotchilarini kutib turibdi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Шамсиддин Шарафутдинов Хуршид архивининг каталоги. (Нашрга тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи: Р.Шарафутдинова). – Тошкент: Мумтоз сўз, 2014. – 340 б. 2. Насриддинов Б. Хуршид. Монографик очерк. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1975. – 232 б. 3. Xуршид. Танланган асарлар. – Тошкент: Фан, 1967. – 330 б. 4. Aлишер Навоий “Лайли ва Мажнун”(насрий баёни). Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1990 й. –364 б. 5. Kahhorova S.A. Poetic interpretation of nonexitance (FANA) in the epic “Laili and Majnun” of Fuzuli. Sientific reports of Bukhara State University.176-179. 6. Тоиров Н. Хуршиднинг “Лайли ва Мажнун” драмаси ҳақида айрим мулоҳазалар. Мақола. Адабиёт кўзгуси. Илмий тўплам 3. 63 б. 7. Ризаев Ш. Жадид драмаси. Рисола ва матнлар. – Тошкент: “Шарқ” нашриёт-матбаа концернининг бош таҳририяти, 1997. – 320 б.