scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SHOMUROD SHOIR IJODIDA AN'ANAVIY OBRAZLAR ( "Biyigul" termasi misolida )

Egamqulov, Kamoliddin Samad oʻgʻli

Full text

3 208 4 7.2 SHOMUROD SHOIR IJODIDA AN’ANAVIY OBRAZLAR ( “Biyigul” termasi misolida ) Egamqulov Kamoliddin Samad oʻgʻli TAFU f.f.f.d. (PhD), katta o‘qituvchisi DOI: https://10.0.20.161/zenodo.17918351 Annotatsiya. Mazkur maqolada Chiroqchi dostonchilik maktabining yetuk vakili Shomurod baxshining hayoti va ijodi, shoirning boshidan kechirgan dolg‘ali hayot yo‘li va Shomurod shoir kuylagan terma va dostonlar haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, baxshi kuylagan “Biyigul” termasi badiyati haqida soʻz boradi. Kalit so‘zlar: an’ana, baxshi, doston, repertuar, badihagoʻylik, nag‘ma, terma. Аннотация. В статье рассказывается о жизни и творчестве Шомурада Бахши, выдающегося представителя школы чиракчинского эпического творчества, о непростом жизненном пути поэта, а также о сказаниях и эпических произведениях, воспеваемых Шомурадом. Также рассматривается искусство исполнения сказаний «Бийигул» бахши. Ключевые слова: традиция, бахши, эпос, репертуар, фольклор, песня, терма. Annotation. This article provides information about the life and work of Shomurad Bakhshi, a prominent representative of the Chiraqchi school of poetry, the poet's turbulent life, and the epics and epics sung by Shomurad. It also discusses the art of the epic “Biyigul” sung by bakhshi. Key words: tradition, bakhshi, epic, repertoire, intrigue, drum tune, terma. Kirish. Chiroqchi dostonchilik maktabining rivoji va yashovchanligida Shomurod shoir Tog‘ayevning o‘rni beqiyos. Kuylagan dostonlari, termalari, ustoz-shogirdlik an’anasini davom ettirishi Chiroqchi dostonchilik maktabining Janubiy O‘zbekiston baxshichiligida o‘z o‘rniga ega ekanligini ko‘rsatadi. Shomurod shoir ota-bobolarining an’analarini davom etib kelgan yetuk baxshidir. U butun xalqni ko‘nglidan chiqqan, xalqni kuldirgan, yeg‘latgan “Xalq baxshisi” Shomurod shoirning hayot va ijod yo‘li, asosan, Tog‘ay shoir bilan bog‘liq. Otaonasining o‘ta ayanchli hayotini, g‘ariblikdagi kechmishini, o‘zga yurtlardagi faqirona kunlarini, tilga olib bo‘lmas uqubatlarini Shomurod shoir alam bilan eslaydi. Sibirga kelgan vaqtida Shomurod shoir yetti oylik chaqaloq bo‘lgan. Otasi Tog‘ay shoir nihoyatda sermashaqqat hayot yo‘lini bosib o‘tgan. 1930yilda Shimoliy Qozog‘istonning Sibir yerlari bilan chegaradosh joylariga, so‘ngra Novosibirski shahriga surgun qilinadi. Tog‘ay shoir 1932-yilda surgundan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Lekin shu yilning o‘zida butun oila a’zolari bilan ommaviy ravishda yana Sibirga surgun qilinadi. Ular Oqmula viloyatining Shortanden tumani 37-sonli qo‘rg‘onchada yashaydilar. Oila a’zolaridan to‘rt nafari sovuq, ochlik, sarson-sargardonliklar, ust-boshsiz, qora kunlar tufayli ikki-uch yil ichida vafot etishadi. Shoirning ko‘rgan-kechirganlari kuylagan terma va dostonlarida, aynan “Biyigul” termasida aks etadi. 3 209 4 7.2 Tadqiqot metodologiyasi. Maqolada Shomurod shoir ijodidagi an’anaviy obrazlar tahlil qilinadi. Tadqiqot tarixiy-etnografik, komparativ va matnshunoslik usullariga asoslangan. “Biyigul” termasi misolida og‘zaki ijodda ramziy obrazlar, xalq an’analari va baxshichilik mahorati o‘rganildi. Maqsad — an’anaviy obrazlarning badiiy ifodasi va mazmun-mohiyatini aniqlash. Tahlil va natijalar. Chiroqchi dostonchilik maktabi baxshilari uchun xos xususiyatlardan biri doston matnlarini sho‘x, quvnoq kuylashdan iboratligidadir[Egamqulov 2023:47]. Bu xususiyat, ayniqsa, Shomurod shoirda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Hay, Guldana Guldana, Kimni-ya qilding devona? Jamolingga jetalmay, Shomurod baxshing avvora... Shomurod shoirning Chiroqchi dostonchilik maktabida faqatgina o‘zininggina emas, butun sulolsining o‘rni bor. Uning yetti avlodi baxshi o‘tgan. Shomurod shoirning eng katta bobosi Qulliboy bobo bo‘lgan. Qulliboy bobodan keyin Qulan, Qulman, Begman, Begmat, Rasul, Mahmon, Mardon va Shomurod shoirning otasi Tog‘ay shoir kabi baxshilar yetishib chiqqan. Bu avlodning barchasi o‘z davrida dumbira chertib, termalar kuylab kelgan mashhur xalq baxshilari bo‘lib, dostonchilikni avloddan-avlodga olib o‘tishda xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Bu sulolaning dostonchilikdagi eng samarali davri Mahmon shoirdan boshlanadi. Mahmon shoir juda serg‘ayrat bo‘lib, u turli to‘y-marosimlarda qishloqmaqishloq kezib, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Yusuf va Ahmad”, “Nurali” kabi dostonlarni kuylab kelgan. 1918-yilda 72 yoshida vafot etadi. Mahmon shoirning ikki o‘g‘li, Mardon hamda Tog‘ay shoirlar ham mashhur baxshi bo‘lib yetishadi. Ayniqsa, Mardon shoir Chiroqchi dostonchiligiga o‘zgacha yo‘sin olib kirgan. Shomurod shoir kuylagan terma va dostonlarda og‘zaki ijodga xos ramziy obrazlarning saqlanganligi an’anaviy ijro usulini, mahoratini asoslaydi. Xalq nasri yoki nazmida ramzlarning alohida belgi-xususiyatlari mavjud. Bularning barcha og‘zaki janrlarda uchrashi, xalqona ifodaning mahsulidir. Masalan, xabarchi qushlar: g‘oz, qaldirg‘och – yaxshi xabar, o‘rdak, zog‘, qarg‘a – yomon xabar ramzi; ranglar: oq – yigit, qizil – qiz, sariq – ayriliq; buyumlar: oyna – ezgu niyat, ro‘mol, ayollar taqinchoqlari – oila ramzi; mevalar: olma – muhabbat, oila, farzand, anor – ayol shaftoli – xiyonat ramzi; joylar: bozor – ishqiy munosabat, daryo – chegara, bog‘, imorat, tom kabilar – oila ramzi bo‘lib keladi [1.192]. Bulardan tashqari, xalq qo‘shiqlarida, dostonlarda, afsona va ertaklarda ko‘plab ramziy obrazlarga duch kelamiz. Biz bu ramzlarni bilmasak xalq og‘zaki ijodiga xos asarlarni mazmun-mohiyatini anglay olmaymiz. Tadqiqotlar ramzlarning asar syujetiga ta’siri, uning muhim qismlaridan biri ekanligini dalillaydi. Qo‘shiqlarda, ertaklarda, dostonlarda xuddi bir tizimda kelganday ko‘rinsa-da, 3 210 4 7.2 ammo ifoda vazifasi turlichadir. Shuning uchun ham, professor Sh.Turdimov ramzlarning badiiy vazifalari haqida gapirganda, ularni vaziyat va o‘zak ramzlarga bo‘ladi. Biz tahlil qilayotgan “Biyigul” termasida asosan o‘zak ramzlarning uchrashi ijro va matndagi an’anaviylik bo‘la oladi. Jigit o‘lgir Mekkam chol, Letibamni sindirding. Otam olib beruvdi. Letibamni sindirding. “Biyigul” termasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, terma turmush o‘rtog‘idan ayrilayotgan, surgundan qaytib kelishiga ko‘zi yetmagan, beva qolishiga ishonib qolgan ayol oh-u zori bilan boshlanadi. Tog‘ay shoirni Mekkamboy birinchi marta surgun qildirganda qochib keladi va ikkinchi marta oilasi bilan surgun qilinadi. Shomurod shoir o‘zi haqida shunday deydi: – Mekkamchol 1931-yil otamni Novasibirskiyga haydagan. Enamni qamchilab, Uvrayim, Rayim, Umbar, Do‘stmurod, Davlat eng kichkinasi men edim. Men shu pilla yetti oylik edim. Enamning qo‘lida Novasibiriskiyga haydaldim. O‘rmon, zebir, lisa, volki, medvedi. Mana shundan to‘qqiz oyligimda enam o‘ldi. Shundan yetim qoldim. Detdomga oborib topshirishdi meni. Bu termani Shomurod shoir onasi va opa-singillari tilidan kuylaydi. Termaning ikkinchi misrasida kelgan letiba (ayollar taqinchog‘i) aynan ramziy obraz bo‘lib kelgan. Letiba – ayollar turmushga chiqqandan keyin burniga taqiladigan halqasimon taqinchoq. Ayollarning turmushga chiqqanlik belgisi hisoblangan. Bu termada letiba aynan oila, turmush ramzi bo‘lib kelgan. G‘ulom Mirzo aytganidek “retiba” (“rutba”, “rotiba”) shaklida kelmaydi va “martaba” ma’nosida qo‘llanilmagan. Aynan “letiba” shaklida yangraydi. Letibamni sindirding – oilamni, ro‘zg‘orimni buzding, bolalarimni yetim qoldirding, tinchligimni yo‘qotding deb “Mekkamchol”dan zorlanadi. “Yigit o‘lgir, uying kuysin, Xudoy urgir, ko‘klamagir”, – deb qarg‘aydi. Biyigulman, Ravzangul – gullarning onasi edi, jannatning guli edi, ammo uning taqdiri gullarning hayotidek bo‘lmadi. Norozilik kayfiyati uning nutqida ramziy ifodalar bilan yanada aniqlashgan. Keyingi bandi otasiz qolgan go‘daklar tilidan yangraydi: Mulla to‘rg‘ay tong sahardan sayraydi. Mulla to‘rg‘ay tong sahardan sayraydi. Enajon, voh ena, ena-hay, Nega mening otajonim kelmaydi? Ena qurg‘ur sochin jayib jilaydi. Jilama, enajon, jilama, Jilag‘aning dushmanlaring bilama? 3 211 4 7.2 Yolg‘on aytmay rostin aytgin enajon, Otajonim Sibirlardan kelama? Xalq og‘zaki ijodida qushlar obrazi xabarchi – yaxshi xabar yoki yomon xabar ramzi bo‘lib kelishini bilamiz. Termadagi mulla to‘rg‘ay obraziga e’tibor qaratamiz. Mulla to‘rg‘ay chumchuqsimonlar oilasiga kiruvchi, dala qush bo‘lib, asosan lalimi(sug‘orilmaydigan yer) dala va cho‘llarda yashaydi, yerda bola ochib ko‘payadi. Mulla to‘rg‘ay, so‘pi to‘rg‘ay, bo‘z to‘rg‘ay, to‘rg‘ay kabi nomlar bilan ataladi. Xalq og‘zida u haqda turli inonchlar va u inonchlardan paydo bo‘lgan qo‘shiqlar ham bor: Mulla to‘rg‘ay bo‘z to‘rg‘ay, Qanotimda xatim bo‘lg‘ay. Kim meni go‘shtim yesa, Yetti pushti yetim bo‘lg‘ay. Xalq tilidagi afsona va rivoyatlarga ko‘ra, kim mulla to‘rg‘ayni o‘ldirsa yoki go‘shtini yesa yetti avlodigacha yetim bo‘larkan. Ko‘rinib turibdiki, Mulla to‘rg‘ay obrazining o‘zida yetimlik belgisi mavjud. To‘rg‘ayning “Bo‘z to‘rg‘ay” deb nomlanishi ham fikrimizni yana bir bor asoslaydi. “Bo‘z” so‘zida yolg‘izlik, salbiylik ma’nosi bor. Inson olamdan o‘tgandan keyin o‘raladigan mato ham “bo‘z” mato deb nomlanadi. Qozoq xalqining motam marosimida aytiladigan “Bo‘zto‘rg‘ay” qo‘shig‘ida ham aynan to‘rg‘ayga murojaat qilinib, ayriliq, dard-alam, musibat izhor etiladi. Бозторғай, бозторғай, Айналайын жыл құсым, Аман-есен жүрмісің. Қүантқалы тұрмысың Қанатыңды кердің бе, Қиярдардын келдің бе? Жетіьекпін мен неге, Анамды сен көрдің бе? Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, to‘rg‘ay qushi folklorda yomon xabar ramzi bo‘lib keladi. “Malika ayyor” dostonida otlarni to‘rg‘ayga aylantirib qo‘yilishida ham o‘ziga xos ramziy ifoda ko‘zga tashlanadi. Folklordagi bunday evrilish keyingi voqealarni darajalash uchun xalqona o‘ziga xoslikdir. Turkiy xalqlar mifologiyasida ot obrazi – yaxshilik, omad keltiruvchi bo‘lsa, to‘rg‘ay qush – ayriliq, qayg‘u-g‘amdan xabar beruvchi ramz sifatida gavdalanar ekan, bu dostondagi “to‘rg‘ay” Torkistondagilar uchun yomon xabar ramzi edi. Mulla to‘rg‘ay tong sahardan sayraydi – bolalikdan erta yetim qolayotganlik belgisi, tong sahardan – hali go‘daklik chog‘idan boshiga yetimlik azobi xabari kelyotganligidan istirob chekadi. Yetimlikdan, otasini sog‘inib onasiga zorlanadi. Keltirilgan misra ramziy mazmun jihatdan keyingi misralarga bog‘lanmasa, uslubiy jihatdan bog‘lanmaydi. Aynan shu jihati ham tahlillarimizni dalillaydi. 3 212 4 7.2 Xulosa. Umuman olganda, “Biyigul” termasida mustamlakachilik davrining og‘ir siyosati, qatag‘on davrining ayanchli azob-uqubatlari haqida so‘z boradi. Go‘dak bolalarning yetim – boquvchisiz qolishi, ayollarning beva – qaravchisiz qolishi, o‘z vatanidan surgin qilingan kishlarning ochlik, sovuq qiyinchilaridan azobli o‘lim topib, o‘zga yurtlarda hatto qabrsiz qolib ketganliklarini, urush hayotini ko‘z oldingizda tasvirlantiradi. O‘tgan ayanchli tarixni eslatadi. Mustaqillikni, tinchlikni qadriga yetishni, shukrona keltirishni qalbga solidi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Турдимов Ш. Ўзбек мифологияси ва фолъклори. – Тошкент: Илм ва фан, 2023. – Б.130. 2. Egamqulov K. “Chiroqchi dostonchilik maktabining Janubiy O‘zbekiston baxshichiligidagi o‘rni va Shomurod baxshi ijodi”. f.f.f.dok. (PhD), 2025. 3. Ergashev A. Qashqadaryo-Surxondaryo dostonchiligi. – T.: “Fan”, 2008. 4. Юлдошев Б. “Қашқадарё бадиияти”. Шарқ. Т. 1998. 5. Кенгбоев Н. “Қашақадарё воҳасининг бахши оқинлари”. Т, 2019. 6. Hakimov O‘. “Soz va suhbat”., “Alpomish media”. 2018.