Full text
RESEARCH AND DEVELOPMENT TADQIQOT VA TARAQQIYOT ISSN: 3030 – 3281 Volume II, Issue 12 (2025) © 2025, the Author(s). Published by IMFAKTOR. This is an open access article under the CC BY license http://creativecommons.org/licenses/by/4.0/ 3 BOSHLANG‘ICH SINFLARDA SINFDA TASHQARI O‘QISH JARAYONINING NAZARIY-METODIK ASOSLARI Muyassar NAVRUZOVA¹, Zebo AZIZOVA2. ¹ Buxoro davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 2 Buxoro Osiyo xalqaro universiteti magistranti. https://doi.org/10.5281/zenodo.17919058 ANNOTATSIYA Ushbu maqolada boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish jarayonining mazmuni, shakllari va uni samarali tashkil etishning nazariy-metodik asoslari tahlil qilingan. Tadqiqotda o‘quvchilarda mustaqil o‘qish kompetensiyasini shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda o‘qish jarayoniga zamonaviy pedagogik yondashuvlarni integratsiya qilishning samarali yo‘llari ko‘rsatib beriladi. Psixologik-pedagogik nazariyalar, kompetensiyaviy yondashuv, fanlararo integratsiya tamoyillari va innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish metodlari o‘rganilib, sinfdan tashqari o‘qishning o‘quvchilarning intellektual, ma’naviy, ijodiy va kommunikativ rivojlanishiga ta’siri asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ongli o‘qishga, mustaqil fikrlashga hamda ijodiy yondashuvga yo‘naltiruvchi integrativ ta’lim jarayonini shakllantirish imkonini ko‘rsatadi. Kalit so‘zlar: boshlang‘ich ta’lim, sinfdan tashqari o‘qish, mustaqil o‘qish kompetensiyasi, kitobxonlik madaniyati, pedagogik yondashuvlar, innovatsion ta’lim texnologiyalari, fanlararo integratsiya. THEORETICAL AND METHODOLOGICAL FOUNDATIONS OF EXTRACURRICULAR READING IN PRIMARY GRADES ANNOTATION This article analyzes the content and forms of extracurricular reading in primary grades, as well as the theoretical and methodological foundations for its effective organization. The study presents effective approaches to developing students’ independent reading competence, enhancing their reading culture, and integrating modern pedagogical methods into the learning process. Psychological and pedagogical theories, the competency-based approach, principles of interdisciplinary integration, and methods of applying innovative educational technologies are examined. The impact of extracurricular reading on students’ intellectual, spiritual, creative, and communicative development is substantiated. The research findings highlight the potential for establishing an integrative educational process that fosters conscious reading, independent thinking, and creative engagement among primary school students. Keywords: primary education, extracurricular reading, independent reading competency, reading culture, pedagogical approaches, innovative educational technologies, interdisciplinary integration. ТЕОРЕТИКО-МЕТОДИЧЕСКИЕ ОСНОВЫ ВНЕКЛАССНОГО ЧТЕНИЯ В НАЧАЛЬНЫХ КЛАССАХ АННОТАЦИЯ В данной статье проанализированы содержание и формы внеклассного чтения в начальных классах, а также теоретикометодические основы его эффективной организации. В исследовании представлены способы формирования у учащихся компетенции самостоятельного чтения, развития их читательской культуры и интеграции современных педагогических подходов в образовательный процесс. Изучены психологико-педагогические теории, компетентностный подход, принципы межпредметной интеграции и методы применения инновационных образовательных технологий. Обосновано влияние внеклассного чтения на интеллектуальное, духовное, творческое и коммуникативное развитие учащихся. Результаты исследования демонстрируют возможности формирования интегративного образовательного процесса, направленного на осознанное чтение, самостоятельное мышление и творческий подход учащихся начальных классов. Ключевые слова: начальное образование, внеурочное чтение, компетенция самостоятельного чтения, культура чтения, педагогические подходы, инновационные образовательные технологии, междисциплинарная интеграция.
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 4 Boshlang‘ich ta’lim jarayonida o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, nutq madaniyati, badiiy-estetik didi va kitobga bo‘lgan munosabatini shakllantirishda sinfdan tashqari o‘qish alohida ahamiyat kasb etadi. Globallashuv sharoitida axborot hajmining keskin ortishi, raqamli texnologiyalarning hayotimizga chuqur kirib kelishi, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish zarurati o‘quvchilarni kitob o‘qishga jalb etish va ularda mustaqil o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish vazifasini yanada dolzarb qilmoqda. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf davri bolaning tafakkuri jadal shakllanadigan, dunyoqarashi kengayadigan va hayotiy qadriyatlar shakllanadigan eng muhim bosqich bo‘lgani sababli sinfdan tashqari o‘qish jarayonini ilmiy asosda tashkil etish bugungi ta’lim tizimi oldidagi ustuvor vazifalardan biridir. Sinfdan tashqari o‘qish nafaqat o‘quvchining badiiy-estetik idrokini rivojlantiradi, balki uning intellektual salohiyati, emotsional holati, tasavvuri va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”, 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6097-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” hamda boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish ushbu maqola mazmunida o‘z aksini topgan [1]. O‘quvchi adabiy matnlar orqali hayotiy tajribani anglaydi, voqealar mazmunini tahlil qiladi, ijobiy va salbiy obrazlarga munosabat bildiradi, natijada unda ma’naviy-axloqiy sifatlar shakllanadi. Sinfdan tashqari o‘qish jarayonida o‘quvchi faqat matnni o‘qibgina qolmay, balki tinglaydi, tasavvur qiladi, solishtiradi, baholaydi, ijod qiladi va o‘z fikrini mustaqil ifodalaydi. Bularning barchasi ta’lim mazmunini boyitadi hamda dars jarayonida egallangan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlat ta’lim standartlarining yangi avlodida o‘quvchilarning mustaqil o‘qish kompetensiyasini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan bo‘lib, bu sinfdan tashqari o‘qish faoliyatini zamonaviy metodik yondashuvlar asosida tashkil etishni taqozo etadi. PISA, PIRLS kabi xalqaro baholash dasturlari o‘qish savodxonligi va matnni anglash ko‘nikmalarining rivojlanishi ta’lim sifatining muhim ko‘rsatkichlaridan biri ekanini amaliy isbotlab bermoqda. Shu munosabat bilan boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish jarayonini takomillashtirish, uning nazariy-metodik asoslarini ishlab chiqish, samarali shakl va usullarni joriy etish hamda o‘quvchilarni kitobxonlik faoliyatiga keng jalb etish ta’lim sifatini oshirishning muhim omiliga aylanib bormoqda. Mavzuning dolzarbligi ham aynan shunda namoyon bo‘lib, mazkur tadqiqot boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mustaqil o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy echimlarni taqdim etadi. Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish o‘quvchining intellektual va ma’naviy shakllanishida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Ushbu jarayon o‘quvchilarda badiiy matnni idrok etish, his qilish, tahlil qilish, baholash va undagi g‘oyalarni amaliy hayot bilan bog‘lash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Sinfdan tashqari o‘qish tushunchasi o‘quvchilarning darsdan tashqarida adabiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy yoki ma’rifiy matnlar bilan mustaqil tanishuvi, ularni tahlil qilishi va mazmunini anglab yetishini anglatadi. Ushbu faoliyat, avvalo, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi, o‘qish madaniyatini shakllantiradi, fikrlash doirasini kengaytiradi va ularni mustaqil bilim olish jarayoniga jalb etadi. Metodlar bo‘limi Jahon tajribasida sinfdan tashqari o‘qish o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini rivojlantiruvchi, ularni turli janrdagi asarlar bilan tanishtiruvchi, shaxsiy o‘quv ehtiyojlarini shakllantiruvchi murakkab pedagogik jarayon sifatida talqin etiladi. Milliy ta’lim tizimimizda esa sinfdan tashqari o‘qish o‘quvchilarning ma’naviy olamini boyitadigan, ularni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalaydigan, o‘qishga bo‘lgan ijobiy munosabatni shakllantiradigan mustaqil o‘quv faoliyati sifatida baholanadi. Ma’lumki, bolalar adabiyoti so‘z san’ati va tarbiya vositasidir. Kichkintoylar uchun yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlari va saviyasiga mos bo‘lishi, yosh kitobxonlar qalbida o‘y-fikrlar uyg‘otishi, yorqin obrazlarga boy bo‘lishi, yuksak g‘oyalarga, ulkan va porloq ishlarga ilhomlantirishi zarur. Eng muhimi, mavzular tushunarli, sodda va qiziqarli tilda ifodalanishi lozim. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga xalqimizning shonli tarixi, bugungi hayoti haqida yozilgan turli janrdagi asarlarni tavsiya etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. “Shiroq”, “To‘maris” kabi afsonalar bilan bir qatorda Oybek, G‘afur G‘ulom, Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Hakim Nazir, Sh. Sa’dulla, A. Obidjon, T. Adashboyev, Qambar Ota va boshqalarning zamonaviy mavzudagi eng yaxshi asarlari muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Jahon bolalar adabiyotining A. Pushkin, L. Tolstoy, S. Servantes, D. Defo, X. Svift, E. Voynich, K. Chukovskiy, S. Marshak kabi namoyondalari yaratgan asarlar ham bolalar dunyoqarashini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 5 Hozirgi zamon kitobxoni, xususan, kichik maktab yoshidagi bolalar kitob dunyosini hayotdan uzilgan zavqlanish vositasi sifatida emas, balki hayotning ajralmas qismi, undagi voqelikni anglash, hikmatlardan bahramand bo‘lish, ibratga molik xulosalar chiqarish imkonini beradigan ruhiy-ma’naviy boylik manbai sifatida qabul qilishi muhimdir. Kitob o‘qish jarayonida o‘quvchi hayotning ko‘zga tashlanmaydigan yoki oddiy ko‘nikmaga aylangan jihatlarida ham chuqur ma’no, ibratga molik mantiqlar to‘lib-toshganini anglaydi, o‘z botiniy olamini ma’naviy oziqa bilan boyitadi. Shunda u Vatan kelajagini, xalq ertasini ilm-fan taraqqiyoti bilan obod etish mumkinligini tushunadi, “Kitob – bilim manbai” degan hikmatning mazmun-mohiyatini chuqur anglaydi. O‘qish jarayoni bolaga kitob – aql chirog‘i, bebaho boylik ekanligini, uni asrab-avaylash zarurligini anglatadi. Sinfdan tashqari o‘qishning asosiy maqsadi o‘qish malakalarini takomillashtirish, kitob tanlay oladigan, muntazam kitob o‘qiydigan, o‘qilgan asarni tahlil qila va to‘g‘ri baholay oladigan ongli kitobxonni tarbiyalashdan iborat. Maktablarda 1959-yildan boshlab maxsus sinfdan tashqari o‘qish darslari tashkil etilgan. Sinfdan tashqari o‘qish darslari 1–2-sinflarda haftasiga 1 marta, 3-4-sinflarda esa har ikki haftada 1 marta o‘tkaziladi. Savod o‘rgatish jarayonida haftaning oxirgi alifbe darsining 17-20 daqiqasi sinfdan tashqari o‘qishga ajratiladi. Sinfdan tashqari o‘qish o‘quv dasturi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, unda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga yaqindan xizmat qiladi. Buning uchun o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalash, ularni oddiy kitobxondan ijodkor kitobxon darajasiga ko‘tarish talab etiladi. O‘quvchilarda kitobga havas uyg‘otishda har bir bolaga yakka tartibda yondashish, ularning shaxsiy qiziqishlarini inobatga olish zarur. Bolalarda kitob ustida ishlash malakasini shakllantirish kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashning muhim omillaridan biridir. Bunda o‘qish uchun ajratilgan soatlardan samarali foydalanish lozim. Badiiy va ilmiy-ommabop asarlar mustaqil va izchil o‘qib borilgandagina o‘quvchilarning dunyoqarashini shakllantirish va kengaytirishga xizmat qiladi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida o‘quvchilar tanish bo‘lmagan mualliflarning kitoblarini muqovasi, titul varag‘i, kirish so‘zi, mundarijasi va suratlarini tahlil qilish orqali asarning taxminiy mazmunini aniqlashga o‘rgatiladi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarining asosiy vazifasi o‘quvchilarda badiiy kitoblarni o‘qishga havas uyg‘otish, o‘qigan kitoblari yuzasidan kundalik yurita olish ko‘nikmasini shakllantirish, bolalar adabiyotining mashhur adiblari hayoti va ijodi bilan elementar tarzda tanishtirishdan iborat. Natijalar bo‘limi Bolalarda ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat uyg‘otish, ularning bog‘lanishli nutqini o‘stirish, adabiy-estetik tafakkurini yuksaltirish sinfdan tashqari o‘qish darslarining ham tub mohiyatini tashkil etadi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarining muhim vazifalaridan biri mustaqil o‘qish malakalarini tarbiyalash hisoblanadi. Buning uchun mustaqil bajarish uchun topshiriqlar berish, qiziqarli mashq turlaridan foydalanish, eng yaxshi insholarni, taqrizlarni, yozuvchi haqida to‘plangan ma’lumotlarni o‘qitish, “Tez aytish”, “Topishmoqlar topish”, “Ifodali o‘qish”, “Maqollar aytish musobaqasi”, “Ertak to‘qish”, “Bilimdonlar anjumani” kabi ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish, muayyan mavzular bo‘yicha savol-javoblar uyushtirish, o‘yin tarzidagi ish turlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. O‘qilgan asarlar yuzasidan suhbatlar tashkil etish, “Kitob haftaligi”ni o‘tkazish, asarlar asosida kichik insholar yozishni mashq qilish yaxshi samara beradi. Sinfdan tashqari o‘qish sinfda o‘qish bilan uzviy bog‘liq ravishda uyushtiriladi. Sinfda o‘qish sinfdan tashqari o‘qish uchun zarur bo‘lgan o‘qish malakalarini shakllantiradi, o‘quvchilarning o‘qigan asarini tushunishga o‘rgatadi, lug‘atini boyitadi. Sinfdan tashqari o‘qish esa qiziqarli va o‘ziga jalb etadigan faoliyat bo‘lib, bolalarning bilim doirasini boyitadi, taqqoslash uchun material beradi. Sinfda o‘qish – hayotga tayyorlash vositasi bo‘lsa, sinfdan tashqari o‘qish – hayotning o‘zi sifatida namoyon bo‘ladi. Hozirgi vaqtda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun sinfdan tashqari o‘qishga mo‘ljallangan “Kitobim – oftobim” (1-3-sinflar uchun) nomli qo‘llanmalar chop etilgan. Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish kichik yoshdagi o‘quvchilarni ona tilini puxta o‘zlashtirishga tayyorlashning ajralmas qismi, ta’lim jarayonida ularni axloqiy-estetik tarbiyalashning muhim vositasi sifatida qaraladi. Sinfdan tashqari o‘qishning maqsadi kichik yoshdagi o‘quvchilarni bolalar adabiyoti va xalq og‘zaki ijodining xilma-xil namunalari bilan tanishtirish, ularda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishdan iboratdir. Sinfdan tashqari o‘qishga rahbarlikning asosiy shakli maxsus sinfdan tashqari o‘qish darslaridir. Sinfdan tashqari o‘qish darslari erkin dars turi hisoblanadi. Bunday darslarda bolalarning kitobxonlik qiziqishlari, bilim doirasi, estetik taassuroti, badiiy obrazlarni idrok etishi va ijodi rivojlanadi, faol kitobxonlar uchun zarur ko‘nikma va malakalar shakllanadi. Sinfdan tashqari o‘qish darslari o‘quvchilarning faolligini oshirishga qaratiladi, shu bois ularning tuzilishi juda xilma-xildir. Har bir dars o‘qituvchi va o‘quvchi ijodining mahsuli hisoblanadi; darsda qanchalik xilma-xillikka, hayotiylikka erishilsa, o‘qituvchi sinfida shunchalik katta muvaffaqiyatga erishadi.
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 6 Sinfdan tashqari o‘qish darslarida an’anaviy usullar (qayta hikoyalash, lug‘at ishi, suhbat va boshqalar)dan zarur o‘rinlarda foydalanish tavsiya etiladi. Lug‘at ishi bunday darslarda yordamchi rol o‘ynaydi: ayrim qiyin so‘zlar tushuntiriladi, o‘quvchilar diqqatini esda saqlab qolish lozim bo‘lgan aniq va qulay nutq oborotlariga qaratish ko‘zda tutiladi. Barcha qiyin so‘zlarni o‘qituvchi tomonidan izohlash imkoni bo‘lmagani uchun bolalar tegishli betdagi ayrim so‘zlar izohini mustaqil o‘qishga o‘rgatiladi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida suhbat usuli o‘qilgan kitobni muhokama qilishda ham, yangi kitob tavsiya etishda ham qo‘llanadi. Suhbat elementlari o‘qilgan asardan asosiy mazmunni ajratish, voqealar izchilligini, bo‘lib o‘tgan vaqt va makonni, ularning o‘zaro bog‘liqligini aniqlashga yordam beradi. Suhbat uchun savol tuzishda o‘quvchilarning mustaqilligi, ularning hayotdan, o‘qilgan boshqa kitoblardan olib qo‘shimcha javob bera olishi e’tiborga olinadi. Boshqa darslardagi kabi bu darslarda ham kirish, umumlashtiruvchi va yakunlovchi suhbatlar tashkil etiladi. Ko‘plab sinfdan tashqari o‘qish darslari umumlashtiruvchi darslar sifatida quriladi. Masalan, “Vatan haqidagi kitoblar” mavzusidagi sinfdan tashqari o‘qish darsi umumlashtiruvchi dars sifatida uyushtiriladi. Odatda, bunday darslarning tuzilishida umumlashtirish elementlari bo‘ladi. Metodik vositalarni tanlash, dars qurilishi (asosiy mazmunni ajratish, taqqoslash, xulosa chiqarish, qo‘shimcha materialni talab qiladigan savollarni qo‘llash va boshqalar) umumlashtirish vazifalarini belgilaydi. Umumlashtirishga ko‘rgazmali vositalar, albom tuzish, rasmlardan foydalanish hamda boshqa ko‘rgazmali ishlanmalar yordam beradi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida qiziqarli mashqlarga alohida o‘rin beriladi. Bunday darslarda adabiy musobaqalar (bir mavzu asosida savol-javob o‘yini), eng yaxshi insholar va rasmlar tanlovi, topishmoqlar topish, topishmoqlar albomini tuzish, tayyorgarliksiz jamoa yoki yakka tartibda ertak to‘qib aytish, o‘quvchilar hayoti haqida hikoya qilish, yozuvchilarning chuqur ma’noli hikmatli so‘zlari va maqollarni aytish, latifalar keltirish mumkin. Ba’zan o‘qituvchilar bunday darslarda “Hazil daqiqasi”, “5 sekund o‘ylash uchun”, “Topishmoqlarni top”, “Bilimdonlar klubi” kabi qiziqarli mashg‘ulotlarni ham muntazam o‘tkazib boradilar. Sinfdan tashqari o‘qish darslarini o‘tkazish rejasini o‘quv yilining yarmi yoki butun o‘quv yili uchun tuzib, darslar sistemasini oldindan belgilab olish tavsiya etiladi. Bunday rejalashtirish darslarni xilmaxillashtirishga, ularning izchil va o‘zaro bog‘liq bo‘lishiga, shuningdek, darslarda ish turlarini to‘g‘ri taqsimlashga, bolalarga ta’lim-tarbiya berish, bayramlar va ulug‘ sanalarga, fasllarga mos ravishda mavzularni taqsimlashga imkon yaratadi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarining tizimi dasturda belgilangan bilim, ko‘nikma va malakalar bilan o‘quvchilarni qurollantirishga qaratilgan holda aniqlanadi. O‘quvchilarning kitobxonlik madaniyati psixologik-pedagogik asoslar bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf yoshida o‘quvchilarning idrok, xotira, tasavvur va emotsional qabul qilish jarayonlari jadal rivojlanadi. Shu sababli sinfdan tashqari o‘qish jarayonida yoshga mos matnlarni tanlash, o‘quvchini matndagi obrazlarni tasavvur qilishga yo‘naltirish, qahramonlar bilan emotsional aloqani shakllantirish, o‘quvchining individual qiziqishlarini inobatga olish pedagogik jihatdan g‘oyat muhimdir. Psixologik nuqtai nazardan qaralganda, 7-10 yosh oralig‘idagi bolalar matnni yaxlit qabul qilish, voqealar orasidagi sabab-oqibat bog‘liqliklarini anglash, qahramonlar xatti-harakatini baholash, tasviriy ifodalar orqali o‘z tasavvurini shakllantirishga moyil bo‘ladilar. Shuning uchun sinfdan tashqari o‘qish jarayonida o‘qituvchi bolalar ongida ijobiy motivatsiyani shakllantirishi, ularni o‘qilgan matnni hayotiy tajribasi bilan bog‘lashga yo‘naltirishi, matn ustida mustaqil ishlashga rag‘batlantirishi orqali kitobxonlik madaniyatining shakllanishiga xizmat qiladi. Sinfdan tashqari o‘qishning asosiy maqsadi o‘quvchilarni mustaqil o‘qishga o‘rgatish, ularda kitobga muhabbat uyg‘otish, o‘qish madaniyatini shakllantirish, badiiy matnni anglash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat. Mazkur jarayonning vazifalari o‘quvchilarni turli janrdagi badiiy matnlar – ertaklar, hikoyalar, masallar va bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirish, o‘qilgan asar mazmunini qayta hikoya qilish, qahramonlar xatti-harakatlari haqida o‘z fikrini bildirish, o‘qish tezligini oshirish, o‘quvchining mustaqil o‘qish ehtiyojini shakllantirish kabi ko‘nikmalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, sinfdan tashqari o‘qish jarayoni o‘quvchilarga axloqiy, ma’naviy va estetik tarbiya berishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Badiiy asarlar orqali ularda ezgulik, adolat, mehnatsevarlik, halollik kabi fazilatlar mustahkamlanadi. Fanlararo aloqadorlik sinfdan tashqari o‘qish jarayonining samaradorligini oshiradi. Ona tili darslarida o‘tilgan matn tuzilishi, gap va so‘zlarning mazmuniy xususiyatlari, grammatik qoidalar o‘qilgan badiiy matnni tahlil qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Tasviriy san’at fanida asar qahramonlarini tasvirlash, voqea joyini chizish, obrazlarni jonlantirish o‘quvchilarda matn mazmunini chuqurroq his etishga yordam beradi. Musiqa darsida she’riy matnlarning ohangdorligi va kayfiyatini his qilish o‘quvchilarning estetik idrokini rivojlantiradi. Shuningdek, tabiiy fanlar, texnologiya, tarix kabi fanlar bilan bog‘liq mazmuniy aloqalar o‘quvchining umumiy tafakkurini kengaytirib, badiiy matnni hayotiy voqealar bilan bog‘lash ko‘nikmasini mustahkamlaydi. Natijada o‘quvchi matnni chuqur anglay oladigan, o‘qiganini amaliy hayotga tatbiq eta oladigan, mustaqil fikrlovchi faol kitobxon sifatida shakllanadi.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 7 Munozara bo‘limi Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sinfdan tashqari o‘qish jarayonida bir qator muammolarga duch kelishlari mumkin. Ulardan eng muhimlari – o‘qish texnikasining pastligi, matnni tushunishda qiyinchiliklar, o‘qishga bo‘lgan qiziqishning yetishmasligi, oilaviy kitobxonlik muhitining sustligi, tanlangan adabiy materiallarning yoshga mos kelmasligi hamda bolalarning o‘zlashtirish darajasidagi farqlardir. Ayrim o‘quvchilar matnni tovushlab o‘qishda qiynalishsa, boshqalari mazmunni anglashda qiyinchiliklarga duch keladilar. M.H. Otanazarova “Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish darslarida mustaqillik davri bolalar adabiyotidan foydalanishning metodik jihatlari” nomli maqolasida boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish jarayonini samarali tashkil etish o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, psixologik ehtiyojlari, qiziqishlari, bilish faoliyati va individual imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga asoslanishini ta’kidlaydi [2]. Zamonaviy raqamli texnologiyalarning haddan tashqari ko‘payishi bolalarning kitob o‘qishga bo‘lgan e’tiborini pasaytirishi mumkin. Shu sababli o‘qituvchi sinfdan tashqari o‘qish jarayonini o‘quvchilar yoshiga mos, qiziqarli, ta’limiy va tarbiyaviy jihatdan boyitilgan shaklda tashkil etishi zarur. S.G‘. Jumanova “Savod o‘rgatish davrida sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari” nomli ilmiy maqolasida ota-onalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, uy sharoitida o‘qish uchun qulay muhit yaratish, o‘quvchilarga mos adabiyotlar tavsiya etish, ularni muntazam ravishda rag‘batlantirib borish sinfdan tashqari o‘qish jarayonining samaradorligini oshirishini qayd etadi [3]. Mazkur jarayonni to‘g‘ri tashkil etish uchun o‘qituvchi har bir o‘quvchining o‘qish texnikasi, diqqat va xotira darajasi, matnni idrok etish sur’ati, badiiy tasavvuri va fikrlash xususiyatlarini yaxshi bilishi muhimdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari idrok jarayonida obrazli fikrlashga moyil bo‘lib, ular matndagi voqea va qahramonlarni yaqqol tasavvur etgan holda qabul qiladilar. Shu sababli sinfdan tashqari o‘qish jarayonida tanlanadigan matnlar mazmunan sodda, qiziqarli, bolalar psixologiyasiga mos, emotsional jihatdan boy va til jihatidan oson bo‘lishi talab etiladi. O‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda ertaklar, hikoyalar, masallar, kichik hajmdagi badiiy asarlar, obrazli ifodalarga boy matnlar tanlash maqsadga muvofiqdir. Psixologik nuqtai nazardan bolalar matnni, avvalo, his qilish orqali anglaydilar. Shu bois matnni ovoz chiqarib ifodali o‘qish, rollarga bo‘lib o‘qish, dramatizatsiya qilish, qahramonlarni tasvirlash kabi metodlar ularning emotsional idrokini kuchaytiradi. Sinfdan tashqari o‘qish jarayonini tashkil etishda o‘qituvchi yetakchi shaxs hisoblanadi. Uning metodik tayyorgarligi, pedagogik mahorati, badiiy adabiyotga bo‘lgan munosabati, o‘quvchilar bilan ishlash madaniyati jarayonning sifatini belgilovchi asosiy omillardandir. O‘qituvchi o‘quvchilarni kitobga qiziqtiruvchi, ularni rag‘batlantiruvchi, mustaqil o‘qishga undovchi shaxs sifatida namuna bo‘lishi lozim. O‘qituvchining asosiy vazifalari – matn tanlash, o‘quvchilarni matn bilan ishlashga yo‘naltirish, savol-javoblar orqali ularning tafakkurini faollashtirish, o‘qigan asarlarini kundalik hayot bilan bog‘lashga yordam berish, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shuningdek, o‘qituvchi darsdan tashqari o‘qish jarayonini bir maromda emas, balki turli shakl va metodlar bilan boyitib borishi zarur. Sinfdan tashqari o‘qish jarayonida qo‘llaniladigan metod va texnologiyalar uning samaradorligini ta’minlaydi. Zamonaviy ta’lim jarayonida konstruktiv yondashuv, interfaol metodlar, loyihaviy faoliyat, kichik guruhlar bilan ishlash, klaster tuzish, “aqliy hujum”, rolli o‘yinlar, “6x6” texnikasi, “Fishbone”, “Insert”, “SWOT tahlil” kabi metodlar jarayonni jonlantiradi. Bunday mashg‘ulotlarda o‘quvchilar matnni nafaqat o‘qiydilar, balki uni tahlil qiladilar, asosiy fikrni ajratadilar, personajlarga baho beradilar, muammoli vaziyatlarni hal qiladilar, o‘z munosabatlarini bildiradilar. Ayniqsa, ijodiy o‘qish texnologiyalari – dramatizatsiya, ovozli o‘qish, qahramon nomidan hikoya qilish, yakunni o‘zgartirish, voqeani mustaqil davom ettirish kabi usullar bolalarda badiiy tasavvur va ijodiy fikrlashni kuchaytiradi. O‘qituvchining metodik mahorati jarayonni samarali tashkil etishda alohida ahamiyatga ega: u har bir metodning o‘quvchilar yosh tarkibiga mosligini aniqlaydi, har bir mashg‘ulotni aniq rejalashtiradi va o‘quvchilarning faolligi hamda qiziqishini hisobga olgan holda jarayonni boshqaradi. Xulosa Sinfdan tashqari o‘qish jarayonida oila va mahalla institutlarining roli beqiyosdir. Ota-onalar o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan munosabatini shakllantiruvchi birlamchi tarbiyachilar sifatida maydonga chiqadilar. Uy sharoitida kitob o‘qish uchun qulay muhitning mavjudligi, o‘quvchining yoshiga mos adabiyotlarning bo‘lishi, ota-onaning farzandi bilan birga kitob mutolaa qilishi o‘quvchining kitobga bo‘lgan ijobiy munosabatini kuchaytiradi. Mahalliy kutubxonalar, jamoat markazlari, bolalar kutubxonalari sinfdan tashqari o‘qish jarayonining muhim ijtimoiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Kutubxonalarda yosh kitobxonlar uchun alohida bo‘limlar tashkil etilishi, yangi adabiyotlar, audioertaklar, ijodiy uchrashuvlar, yozuvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilishi bolalarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 8 Maktab kutubxonasining fondi boy bo‘lishi, kitoblarning tartibli joylashtirilishi, kutubxonachining bolaga mos kitob tavsiya qila olishi ham jarayon samaradorligini yanada oshiradi. Sinfdan tashqari o‘qishning shakl va usullari ko‘p bo‘lib, ulardan maqsadli va o‘rinli foydalanish jarayon muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Eng keng tarqalgan shakllardan biri – ro‘yxat asosida o‘qish bo‘lib, bunda o‘qituvchi mavsum yoki oylar bo‘yicha o‘quvchiga o‘qib borishi lozim bo‘lgan asarlar ro‘yxatini taqdim etadi. Guruhli o‘qish shakli o‘quvchilarda fikr almashish, baholash, mushohada qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Individual o‘qish shaklida esa o‘qituvchi har bir o‘quvchining shaxsiy qobiliyatidan kelib chiqib matn tanlaydi. Musobaqa shakllari o‘quvchini rag‘batlantiradi, unda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Turli ijodiy topshiriqlar – rasm chizish, qahramonlarga maktub yozish, voqeani davom ettirish, ayrim epizodlarni sahnalashtirish o‘quvchilarning ijodiy o‘qish salohiyatini oshiradi. Zamonaviy texnologiyalar – animatsiyalar, audiokitoblar, multimedia materiallar yordamida o‘qish jarayonini qiziqarli tashkil etish bolalarning motivatsiyasini yanada kuchaytiradi. Sinfdan tashqari o‘qish boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi, tafakkuri, nutqi va badiiy didini rivojlantirishda muhim pedagogik jarayon ekanligi tadqiqot davomida aniqlanadi. Ushbu jarayon o‘quvchilarning matnni chuqur tushunishiga yordam beradi, ularni mustaqil fikrlashga yo‘naltiradi, kitobga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Sinfdan tashqari o‘qishning samarali bo‘lishi uchun o‘qituvchi tomonidan metodik jihatdan to‘g‘ri yo‘naltirish, oila va maktab hamkorligi, yoshga mos badiiy asarlarni tanlash, bolalarda ichki motivatsiyani shakllantirish kabi shartlarning bajarilishi zarur. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sinfdan tashqari o‘qish muntazam yo‘lga qo‘yilganda o‘quvchilarning umumiy savodxonligi, tahlil qilish ko‘nikmalari va lug‘aviy boyligi sezilarli darajada rivojlanadi. O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun ushbu tajribalarni milliy xususiyatlardan kelib chiqib moslashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur ilmiy tahlillar sinfdan tashqari o‘qish boshlang‘ich ta’limning ajralmas bo‘lagi ekanini, uni metodik jihatdan puxta va ilmiy asosda tashkil etish o‘quvchilarning intellektual hamda ma’naviy rivojiga katta hissa qo‘shishini ko‘rsatadi.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 9 Iqtiboslar 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF–5847-son “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF–6097-son “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni. 2. Otanazarova M. H. Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish darslarida mustaqillik davri bolalar adabiyotidan foydalanishning metodik jihatlari // Journal of New Century Innovations. – 2023. – Vol. 43, No. 3. 3. Jumanova S. G‘. Savod o‘rgatish davrida sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari // International Journal of Recently Scientific Researchers’ Theory. – UzResea.
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 10 ILMIY TAQRIZ Maqola: “Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish jarayonining metodik, psixologik va pedagogik asoslari”. Muallif: Muyassar NAVRUZOVA, Zebo AZIZOVA. Taqriz uchun taqdim etilgan ushbu maqola boshlang‘ich ta’lim jarayonida sinfdan tashqari o‘qishning ahamiyati, mazmuni, metodik asoslari va zamonaviy yondashuvlarini chuqur ilmiy tahlil etishga asoslanadi. Muallif mavzuni dolzarb pedagogik muammolar nuqtayi nazaridan keng yoritib, sinfdan tashqari o‘qishning o‘quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirishdagi o‘rni va ta’sirini nazariy hamda amaliy jihatdan asoslab bergan. Ayniqsa, maqolada sinfdan tashqari o‘qish boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining intellektual, ma’naviy, nutqiy va estetik rivojiga ko‘rsatadigan ta’sirning ilmiy asoslangan tahlili e’tiborga sazovordir. Maqolaning muhim ustunliklaridan biri – boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida kitobxonlik madaniyati, mustaqil o‘qish kompetensiyasi, badiiy-estetik tafakkur kabi ko‘nikmalarning shakllanish mexanizmlarini psixologikpedagogik nuqtayi nazardan izchil yoritib berilganidir. Muallif ilgari surgan nazariy mulohazalar zamonaviy pedagogika konsepsiyalari, xalqaro baholash dasturlari (PISA, PIRLS) ko‘rsatkichlari hamda milliy ta’lim strategiyalari talablariga uyg‘un holda asoslangan bo‘lib, bu maqolaning ilmiy darajasini yanada oshiradi. Maqolada sinfdan tashqari o‘qish jarayonining shakl va usullari har tomonlama tahlil qilingan. Xususan, dramatizatsiya, ijodiy o‘qish, rollarga bo‘lib o‘qish, “Fishbone”, “Insert”, “SWOT tahlil” kabi interfaol yondashuvlarning o‘quvchilar motivatsiyasini oshirishdagi samarasi ilmiy dalillar asosida ko‘rsatib berilgan. Bunday metodlar boshlang‘ich ta’limda qo‘llash uchun dolzarb bo‘lib, maqolaning amaliy ahamiyatini sezilarli darajada kuchaytiradi. Muallif taklif qilgan metodik tavsiyalar o‘qituvchilarning kundalik pedagogik faoliyatida qo‘llash uchun yetarlicha asosli va samarali ekani bilan ajralib turadi. Alohida ta’kidlash joizki, muallif sinfdan tashqari o‘qishni oila, maktab va jamiyat o‘rtasidagi uzviy hamkorlikka tayanadigan kompleks pedagogik tizim sifatida baholaydi. Oila tarbiyasi, mahalla instituti, kutubxona faoliyati kabi ijtimoiy omillarning ta’lim jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ekanini ilmiy asoslash maqolaning metodologik qiymatini oshiradi. Bu yondashuv o‘quvchining kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda maktabdan tashqari resurslarning ahamiyatini chuqur ko‘rsatib beradi. Maqolada adabiyotlar bilan ishlash madaniyati, matn tanlashning pedagogik mezonlari, yosh xususiyatlariga mos metodik yondashuvlar tizimli, izchil va ilmiy mantiqqa tayanilgan holda bayon etilgan. Til va uslub ravon, ilmiy me’yorlarga to‘liq mos bo‘lib, maqola nafaqat amaliyotchi pedagoglar, balki ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar uchun ham qimmatli manba bo‘la oladi. Umuman olganda, maqola ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan, metodik jihatdan puxta ishlab chiqilgan, dolzarb pedagogik masalaga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot sifatida e’tiborga loyiqdir. Undagi ilmiy xulosalar amaliy ta’lim jarayonida qo‘llash uchun yetarli darajada asosli, izchil va samarador. Mazmun, tuzilma, ilmiy saviya va uslub jurnalda chop etish mezonlariga to‘liq javob beradi. Taqriz natijalariga ko‘ra, mazkur maqolani ilmiy jurnalning navbatdagi sonida chop etishga tavsiya etaman. Muallifning ushbu izlanishi boshlang‘ich ta’lim amaliyotini takomillashtirishga qo‘shilayotgan muhim ilmiy hissa sifatida baholanadi. Disclaimer © This scientific review has been prepared by the editorial board of the “RESEARCH & DEVELOPMENT” journal and is intended solely for use within the journal’s internal expert evaluation process and editorial activities. This review is protected by copyright law, and its content may not be distributed, reproduced, or used for commercial purposes without the prior permission of the editorial board. The review has been prepared to assess the scientific quality, content, and methodological aspects of the author’s (authors’) work. It does not represent the personal opinion of the author(s) nor should it be interpreted as the official position of the journal. The editorial board bears no responsibility for the implementation, outcomes, or consequences of the recommendations, conclusions, or comments contained in this review. The review is provided to ensure transparency in the editorial process and to maintain quality control over scientific publications.