ONTOLINGVISTIKA VA BOLALAR NUTQINI O'RGANISH
Full text
8 ONTOLINGVISTIKA VA BOLALAR NUTQINI O‘RGANISH Musayeva Nafisa Kudratovna Navoiy davlat universiteti, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932099 Annotatsiya: Ushbu maqolada bolalar nutqning rivojlanishi, ontolingvistika bolaning tilni o‘zlashtirish jarayoni, nutqiy faoliyatini tadqiq etishi bilan boshqa lingvistik yo‘nalishlardan ajralib turishi yuzasidan fikr-mulohaza yuritilgan. Kalit so‘zlar: ontolingvistika, psixolingvistika, nutq, bolalar nutqi, ona tili, tilni o‘zlashtirish. Аннотация: В данной статье рассматривается развитие детской речи, а также то, как онтолингвистика отличается от других лингвистических направлений своим исследованием процесса усвоения языка ребенком и его речевой деятельности. Ключевые слова: онтолингвистика, психолингвистика, речь, детская речь, родной язык, усвоение языка. Abstract: This article discusses how children's speech development, ontolinguistics, and the process of language acquisition differ from other linguistic fields by examining the child's speech activity. Keywords: ontolinguistics, psycholinguistics, speech, children's speech, native language, language acquisition. Bolaning miyasida ongsiz ravishda so‘z shakllari va ma’nolari, grammatik qoidalar umumlashadi va til xotirasida mustahkamlanadi, ya’ni inson miyasida til tizimini yaratish ustida tinimsiz faoliyat kechadi. Natijada tug‘ilganidan ikki yil o‘tgach u til jamiyatining to‘laqonli a’zosiga aylanadi. K.D.Ushinskiy shunday yozadi; “Bola ona tilini o‘rganar ekan, u faqat shartli tovushlarnigina o‘rganmaydi. Balki ona tilining ona ko‘kragidan ma’naviy hayot va kuchni ham emadi. U bolaga tabiatni shunday tushuntiradiki, boshqa hech bir tabiatshunos bunga qodir emas, u atrofdagi odamlar xarakteri, u yashayotgan jamiyat, uning tarixi va intilishlarini shunday tanishtiradiki, boshqa hech qanday tarixchi bunga qodir emas; U bolani xalq udumlari, xalq she’riyatiga shunday olib kiradiki, boshqa hech bir estetik bunga qodir emas, nihoyat u bolaga shunday mantiqiy tushunchalar va falsafiy qarashlarni beradiki, adbatta, boshqa biron-bir faylasuf bunga qodir emas”[7, 148b.]. Mazkur holat hatto olimlar tomonidan ham to‘liq tushunilmagan g‘ayritabiiy jarayondir. Bu haqda Leonard Blumfild shunday deydi: “Muayyan ijtimoiy guruhda tug‘ilgan har bir bola hayotining dastlabki yillarida nutqiy odatlar va nutqqa javob qaytarish qobiliyatini egallaydi. Bu shubhasiz, har birimiz amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan eng katta intellektual jasoratdir” [1, 125b.].
9 Ma’lumki, bolalar til tizimi dastlab kattalar til tizimidan miqdor, sifat jihatdan keskin farqlansa-da, keyinchalik yaqinlashib, unga o‘xshab boradi. Tilning bu murakkab yo‘li tafsilotlarini o‘rganish ontolingvistika deb atalgan fanning vazifasi etib belgilangan. Ontolingvistika bolaning tilni o‘zlashtirish jarayoni, nutqiy faoliyatini tadqiq etishi bilan boshqa lingvistik yo‘nalishlardan ajralib turadi. Garchi isbot talab etilmaydigan haqiqat bo‘lsa-da, bolalar nutqi tilshunosligi yoki ontolingvistika alohida maqomga ega fan sifatida o‘z qimmati va ahamiyatini isbotlash bosqichida turibdi. Zero, inson nutqining rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganish nafaqat ilmiyamaliy, balki milliy ahamiyatga ega muhim dolzarb masala sanaladi. Biroq ontolingvistika bolaning nutqiy qobiliyatini: uning kelib chiqishi, shakllanishi va keyingi rivojlanishi, shu jumladan, yoshga bog‘liq o‘zgarishlarni o‘rganishi bilan kattalar nutqi lingvistikasidan farqlanuvchi o‘ziga xos bir fan yo‘nalishi hamdir. Bu L.S.Vigotskiy, A.R.Luriya, A.N.Gvozdev, Seytlinlarning tadqiqotlarida ham o‘z isbotini topdi [3, 268b.; 4 240b.]. V.B.Kasevich “Har qanday holatda ham til va nutq faoliyatini ontolingvistikasiz to‘liq tavsiflash mumkin emas” ligini ta’kidlaydi [5, 189b.] va o‘zining A.I.Gersen nomidagi RDPUda o‘tkazilgan anjumandagi maqolasini “Ontolingvistika − tilshunoslikning markaziy bo‘limi sifatida” deb nomlaydi. Darhaqiqat, ontolingvistika amaldagi tilning qaytarzda ayni tuzilishga kelganligini tushuntirishda asos vazifasini bajaradi. Psixologiyada ham til rivojlanishining asosi bolaning predmetlar bilan faoliyati orqali tavsiflanadi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, bolada fikr (fikrlash qobiliyati va imkoniyati) – nutq – predmet (predmetlar bilan faoliyat) uchligi ishlaydi. N.Sayidrahimova bola nutq faoliyatining rivojlanish jarayonida so‘z - belgi va predmet o‘rtasida bog‘lanish rivojlanishini ko‘rsatadi [6, 124]. Bolalar nutqiy faoliyati, ularning tilni o‘zlashtirish jarayoni to‘g‘risidagi nazariy qarashlarning xilma-xilligidan ham anglash mumkinki, boshqa yosh fanlar kabi ontolingvistika oldida ham yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Avvalo, ontolingvistika nutqni shakllantirish va rivojlantirish metodlari bilan shug‘ullanuvchi, biroq umumiy o‘rganish obyektiga (bolalar nutqi) ega bo‘lgan pedagogik va metodik fanlar bilan “chegara” ga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ontolingvistika, ulardan farqli o‘laroq, bolalar nutqini aniqlash, tahlil qilish va tashxislash fanidir. U shakllantiruvchi yoki rivojlantiruvchi xususiyatga ega emas. Shuningdek, ontolingvistika va lingvistika ("kattalar tilshunosligi") o‘rtasidagi farqni aniqlash biroz murakkablik uyg‘otadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, an’anaviy yo‘nalishdagi ko‘plab tadqiqotlarda ontolingvistikani kattalar tilshunosligidan
10 ajratishga harakat qilishmagan, aksincha, ularning “qarindoshligi” ni ta’kidlashadi. Biroq bu qay darajada to‘g‘ri? Mazkur savolga javob berishda 2 xil yondashish mumkin: bolalar nutqi tilning o‘ziga xos “oynasi”dir, lekin boshqa tomondan, ontolingvistikaning kattalar tilshunosligidan farqi nafaqat tadqiqot materialining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, ushbu materialga bo‘lgan yondashuvlar, nutq rivojlanishini kognitiv rivojlanishdan, ba’zan esa boshqa muammolardan, masalan, neyrofiziologik tabiatidan ajratish juda qiyin bo‘lgan lisoniy shaxsni shakllantirishga bo‘lgan qiziqishda ko‘rinadi. O‘zlarini ma’lum darajada “katta tilshunoslikning” “ukasi” deb hisoblagan ontolingvistlar ko‘p hollarda o‘z oldiga ontolingvistikaning kattalar tilshunosligiga nima berishi haqidagi masalani qo‘yadilar va uning kattalar tilshunosligi uchun til haqidagi bilimlarning yadroviy ilmiy bazasini taqdim etishini ta’kidlashadi. Shunisi qiziqki, kattalar tilshunosligi ontolingvistikaga nima berishi mumkinligi haqidagi savol deyarli hech qachon ko‘tarilmaydi. Bu esa ontolingvistika va kattalar tilshunosligi o‘rtasidagi aloqadorlikni chuqur o‘rganib chiqish zaruratini keltirib chiqaradi. Amaldagi ontolingvistik tadqiqotlar tahlili asosida aytish mumkinki, u kattalar tilshunosligi bilan emas, balki tilshunoslikning alohida bo‘limlari - psixolingvistika, neyrolingvistika, sotsiolingvistika, pragmalingvistika bilan chegaradosh sifatida o‘rganilgan. Jumladan, ontolingvistika va psixolingvistika o‘zaro kesishish sohasiga ega bo‘lgan fanning turli sohalaridir. Nutq faoliyati inson asab tizimining markaziy funksiyalaridan biri bo‘lib, u psixologlar uchun ham o‘rganish obyektidir. Shu bilan birga, psixologiya ham kattalar tilshunosligidek pedagogika va turli metodologik fanlardan farqli ravishda, shakllantiruvchi emas, aniqlovchi, tashxislovchi fan bo‘lib, qaysidir ma’noda ontolingvistika bilan yaqinligini dalillaydi. Shuning uchun ham ko‘pgina yetakchi ontolingvistlar psixologlar ekanligi bejiz emas. Shunday qilib, ontolingvistika fan sifatida rivojlanishning birinchi bosqichida bo‘lsa-da, uning tashqi chegaralarini aniqlash muhim. Biroq ba’zi o‘rinlardagi mavhumlik fanning yetarli darajada ishlab chiqilmaganligini belgilamaydi. Ontolingvistika tabiatiga ko‘ra so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan va rivojlanayotgan ko‘plab kesishma fanlar kabi turli sohalar tutashgan tilshunoslik chorrahasidagi mustaqil yo‘nalishdir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Блумфильд Л. Язык (глава «Употребление языка») // Звегинцев В.А. История языкознания XIX и XX веков в очерках и извлечениях. Часть II. – М.: Гос. учебно-пед. изд-во Мин. Просвещ. РСФСР, 1960. – 125 с.
11 2. Лурия А.Р., Юдович Ф.Я. Речь и развитие психических процессов ребенка: Экспериментальное исследование. – М., 1956. 3. Гвоздев А.Н. Формирование у ребенка грамматического строя русского языка. Часть первая / Под ред. проф. Абакумова С.И. – Изд-во Академии пед. наук РСФСР. М., 1949. – 268 с. 4. Цейтлин С.Н. Язык и ребенок: Лингвистика детской речи: Учеб. пособ. для студ. вузов. М.: Гуманит. изд. центр «Владос», 2000. – 240 с. 5. Касевич В.Б. Соссюр. Корпус. Щерба. Онтолингвистика. Известия РГПУ им. А. И. Герцена, 2018. № 189. – 8 с. 6. Сайидраҳимова Н. Мактабгача ёшдаги ўзбек болалар нутқининг лингвистик хусусиятлари. Филол.фан.номз. ...дисс. – Фарғона, 2004. – 124 б. 7. Ушинский К.Д. Человек как предмет воспитания. Опыт педагогической антропологии Типография Н.А. Лебедева, 1890-1891. 499 с.