SIROJIDDIN SAYYID SHE'RLARIDA KO'NGIL LEKSEMALI FRAZEMALARNING SEMANTIK TADQIQI
Full text
12 SIROJIDDIN SAYYID SHE’RLARIDA KO‘NGIL LEKSEMALI FRAZEMALARNING SEMANTIK TADQIQI Nurmanova Sarvinoz Furqat qizi TATU O’zbek va rus tillari kafedrasi dotsent v.b [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932103 Annotatsiya.Maqolada Sirojiddin Sayyid she’rlarida ko‘ngil leksemali frazemalar semantik jihatdan tahlil etilgan. Shoir idiostilining o‘ziga xosligini ochib berishda frazemalarning o‘rni va ahamiyatiga e’tibor qaratilgan. Ijodkor she’rlaridan frazema qatnashgan misralardan namunalar keltirilgan. Kalit so‘zlar: Sirojiddin Sayyid, idiostil, frazema, badiiy matn, ko‘ngil. Аннотация. В статье проведён семантический анализ фразеологизмов с лексемой «душа» в стихах Сироджиддина Сайида. Особое внимание уделено роли и значению фразеологизмов в раскрытии индивидуального стиля поэта. Приведены примеры стихотворных строк с участием фразеологизмов из творчества автора. Ключевые слова: Сироджиддин Сайид, идиостиль, фразеологизм, художественный текст, душа. Abstract. The article presents a semantic analysis of phraseological expressions containing the lexeme “heart” in the poems of Sirojiddin Sayyid. Special attention is paid to the role and significance of phraseological units in revealing the poet’s idiolect. Examples of verses featuring phraseological expressions from the author’s work are provided. Keywords: Sirojiddin Sayyid, idiolect, phraseological expression, literary text, heart. Kirish. Mustaqillik yillarida o‘zbek badiiy matnini o‘rganishga oid tadqiqotlarda inson badiiy-estetik olamini zamonaviy tadqiq usullari, xususan, antropotsentrik aspektda tadqiq etishga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi, bu esa, o‘zbek tilining nihoyatda boy imkoniyatlarini yanada yorqinroq anglashimiz va o‘zlashtirishimizga sharoit yaratish bilan bir qatorda, muayyan ijodkorning individual uslubiga oid qirralarini ochib berish zaruratini tug‘diradi. Shu ma’noda, Sirojiddin Sayyid ijodiy namunalari lingvokognitiv, lingvomadaniy nuqtayi nazardan tahlil etilganda, ijodkorning frazemalar tanlashdagi o‘ziga xos yondashuvida ohoriylik ko‘zga tashlanadi. Asosiy qism. Frazeologizm ikki yoqlama lisoniy birlik, shakl va mazmunning dialektik birligidan iborat. Frazeologizmning shakliy tomonini so‘z (leksema emas) tashkil qiladi. Ularning mazmuniy tomoni frazeologik ma’nodir. Frazeologik ma’no o‘ta murakkab tabiatli, leksemada bo‘lgani kabi ayrimi denotativ tabiatli bo‘lsa, boshqalari grammatik ma’noga ega, xolos. Masalan, mustaqil so‘z turkumiga
13 kiruvchi frazeologizm: (burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘ymoq, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoq; ko‘ngli bo‘sh; hash-pash deguncha) denotativ ma’noga ega bo‘lsa, turgan gap, shunga qaramay kabi nomustaqil frazeologizmlar faqat grammatik vazifa bajaradi. [ Sayfullayeva R, Mengliyev B, 153-b ] Antroposentrik tilshunoslikka qadam qo‘yish natijasida so‘nggi yillarda frazemalarni lingvomadaniy birlik sifatida o‘rganishga keng e’tibor qaratildi. O‘zbek tili frazemalarining milliy o‘ziga xosligi bevosita o‘zbek xalqining ruhiy, milliy-madaniy, ijtimoiy-maishiy hayotini ko‘rsatib berishda, o‘zbek xalqiga xos tabiat, xususiyatlarning ifodalanishida, badiiy tilida aks etadi. Frаzеоlоgik birliklаr, ulаrning sеmаntikаsi, lingvоmаdаniy vа kоgnitiv хususiyatlаri, frаzеоlоgik birliklаr bilan soʻzning koʻchmа mаʼnоsi oʻrtаsidаgi munоsаbаtlаr hаmdа idiоmаlаr, sоmаtik frаzеоlоgizmlаr sеmаntikаsining kоgnitiv аspеktlаri, frаzеоlоgizmlаr vа bаrqаrоr birliklаr, frаzеоlоgizmlаrni аssоtsiаtiv, kоgnitiv аspеktdа tаdqiq etish muаmmоlаri, frаzеоlоgizmlаrning shаkl vа mаʼnо munоsаbаtlаri, frаzеоlоgik birliklаrning uslubiy хususiyatlаri, ulаrning shаkllаnishi muаmmоlаri tilshunоslikdа ilmiy аsоsini tоpgаn. Frazemalar struktural, semantik, funksional(uslubiy jihatlardan murakkab hodisa ekanligi barcha tilshunoslar tomonidan e’tirof etilgan. Frazemalarning tarkibiy va ma’noviy shakllanishi leksikaga nisbatan murakkab amalga oshadi. O‘zbek tilshunosligida frazemalar “so‘zga muqobil” nazariya asosida tadqiq va tavsif etildi. Bu nazariyaga ko‘ra, frazemalar ham leksemalar kabi nominativ xususiyatiga ega bo‘lgan til birligidir deb e’tirof etilib, leksemaning alohida shakli sifatida tadqiq etildi va leksikologiya tarkibida o‘rganildi. Darhaqiqat, frazemalarning vazifaviy xususiyatlari leksemalarga monand bo‘lsa-da, frazemalar murakkab til birligi bo‘lganligidan leksemalardek tadqiq va tavsif etish yetarli emas. Frazemalar so‘z va so‘z shakllaridan shaklan tarkib topadi. Leksemalarning genetik asosi frazemalarning yuzaga kelishi uchun asosiy manba hisoblanadi, chunki aynan leksemalar frazemalar uchun asosdir. Tilshunoslikda frazemalar tarkibidagi so‘zlar leksik ma’nosini yo‘qotgan, so‘zdan tashqaridagi til hodisasi sifatida qaralsa, boshqa tilshunoslar komponentlar o‘zlarining leksik xususiyatlarini saqlab qoladi, ammo bu turli frazemalarda turlicha yuz beradi, deb e’tirof etadilar. Aksariyat tilshunoslar leksemalar frazemalar tarkibiga kirgandan keyin ham o‘zlarining leksik ma’nolarini saqlab qolishini e’tirof etadilar. Ammo ayrim frazemalarda leksik ma’no to‘liq saqlanadi, boshqalarida esa leksik ma’no bir qadar kuchsizlanadi. Natijalar va muhokama.
14 Frazema dunyoni milliy bo‘yoqlarda obrazli qabul qilish namunasi sanaladi. Shoir Sirojiddin Sayyid – ko‘ngil shaydosi, shu sabab she’rlarida ko‘ngil komponentli individual frazemalar salmoqli o‘rin egallagan. Masalan, “Ustodi avval” she’rida: Mehrlari ko‘nglimga ko‘zlar bo‘ldilar; “Sog‘inch tahlili” she’rida: Ko‘nglim tugunlarin yecholmayman men; “Yoshlik. Bahor. Muhabbat” she’rida: Bo‘y-u basti gul Vatan, Bosh-oyoq ko‘ngil Vatan; Shudring emas, tun ichra ko‘ngil yig‘lagan; Boshdin oyoq bir yo‘l bo‘ldi umrim, To bu ko‘ngilni yo‘llarga soldim; Xufton, chora topmay xufton ko‘ngilga, Hech kimga bildirmay xonamga kiring; “Noumid odamning daftariga” she’rida: Vayron etsang uni ko‘ngil to‘yidir bu kabi. O‘zbek tilining frazeologik fondida ko‘ngil leksemasi va mazmunan ushbu so‘zga bog‘liq holda shakllangan, variantdoshlik, sinonimik, antonimik, omonimik ko‘rinishlariga ega bo‘lgan frazemalar salmoq jihatdan yuqori ekanligi kuzatiladi. Masalan, ko‘ngli zim-ziyo/ ko‘ngli qorong‘u/ ko‘ngli vayron frazemalari adabiy birlik bo‘lib, “tashvishli, g‘amgin” ma’nolarini anglatadi. Sirojiddin Sayyid “Taklifnoma” she’rida ushbu frazema ma’nosini saqlagan holda strukturaga “ishlov berib”, ko‘ngli zang individual frazemasini yaratgan: Siz kelsangiz ko‘nglimizdan zanglar ketar, yor-yor.[Sirojiddin Sayyid, 65-б ] Shoir ushbu she’rni ukasi Furqatga bag‘ishlagan bo‘lib, bu o‘rinda o‘zbek xalqi uchun birinchi o‘rinda qon-qarindoshlik rishtalari mustahkam bo‘lishi kerakligi birgina ushbu frazema orqali badiiy ta’kidlangan. Sirojiddin Sayyid she’rlarida o‘zbek xalqiga tegishli milliy-madaniy birliklar bo‘rtib turadi, ifodalarda milliy mentalitetni aks ettiruvchi birliklar mazmunning badiiy-estetik qiymatini oshirishga asos bo‘lish bilan bir qatorda, milliy mansublikni ham anglatib turadi. Shoir tanlagan frazemalarda o‘zbek xalqining ma’naviy qiyofasini ko‘rish mumkin, frazemadagi shakl va ma’no uyg‘unligi tahlili uning obyektidir, frazemalar badiiy matn tarkibiga kiritilganda turli struktural yoki semantik o‘zgarishlarga uchraydi, aslida hech bir individual yaratilma butunlay yangitdan yaratilgan emas, adabiy tilda mavjud shakllar asos vazifasini o‘taydi. Ijodkor yaratgan strukturaning imkoniyati shundaki, u individualligi va imkoniyati kengligi bilan qiymatlidir, ya’ni mavjud ma’noni bir necha shakllarda berish va ma’noning turli ottenkalarini hosil qilish mumkin bo‘ladi. Sirojiddin Sayyid “Na kerak?” she’rida Ilg‘agil dunyodan munglug‘ kuyingni, Eng avval supurgil ko‘ngil uyingni misralarini keltirish orqali individual frazemani qo‘llaydi. Ko‘ngil uyini supurmoq frazemasi ko‘ngli toza frazemasining poetik qayta ishlangan varianti bo‘lib, ma’lumki, o‘zbek xalqi xonadonida tozalik, saranjom-sarishtalikka qattiq
15 amal qilinadi, “toza uyda farishta bo‘ladi, toza uyga baraka keladi” deb qaraladi va doimo uylarning ozoda holatda turishiga e’tibor qaratiladi. Bu qarash individual faoliyatda frazema ko‘rinishida qayta ishlanib, inson qalbi uyga qiyoslangan, inson o‘z ko‘ngil uyini doim toza tutishga (supurish) harakat qilmog‘i lozim. Nafaqat xonadon, balki xonadon egalarining – insonlarning ham qalbi toza bo‘lishi insoniylikning eng asosiy xususiyatlaridan ekanligini shoir o‘ziga xos yo‘sinda ifodalagan [Nurmonova S.48-49-b]. Xulosa. Sirojiddin Sayyid she’riyatida lingvomadaniy birliklar – o‘xshatish, metafora va frazemalarning milliy-madaniy konnotatsiyani ifodalashdagi ustuvorligi muallifning til shaxsida milliy-madaniy vakil ekanligi bo‘rtib turishini ko‘rsatadi. Anglanadiki, idiostil ijodkorning o‘ziga xos badiiy tafakkur tarzi, keng mushohadasi, kommunikativ-kognitiv qobiliyatlarini namoyon qila olish mahorati va olamni milliy bo‘yoqlarda anglashga intiladigan ruhiy olamiga bog‘liq holatda shakllanadi. ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Sayfullayeva R, Mengliyev B, Raupova L, Qurboniva M. Hozirgi o’zbek tili. Toshkent – 2020. 153b 2. Сирожиддин Саййид. Aсaрлар.II жилд. Тошкент -2018. 65-б 3. Nurmonova S. “Sirojiddin Sayyid idiostili va poetik nutq konseptosferasi” f.f.f.d.(PhD) diss. T.: 2025.