O'QUV LUG'ATI MAQOLASIDA SO'Z MA'NOLARINI IZOHLASH TAMOYILLARI
Full text
20 O‘QUV LUG‘ATI MAQOLASIDA SO‘Z MA’NOLARINI IZOHLASH TAMOYILLARI Saidova Kamola Halim qizi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932113 Annotatsiya.Maqolada o‘quv lug‘atining lingvodidaktik mohiyati – ya’ni foydalanuvchining tildan foydalanish kompetensiyasini kengaytirish, so‘zning madaniy va uslubiy konnotatsiyasini tushuntirishdagi roli – nazariy va amaliy dalillar bilan yoritilgan. Natijada, o‘quv lug‘atida so‘z ma’nosini izohlashda aniqlik, grammatik moslik, semantik izchillik, ixchamlik hamda lingvokulturologik asoslanganlik tamoyillari ustuvorligi belgilab berilgan. Kalit so‘zlar: o‘quv lug‘ati, izohli lug‘at, semantizatsiya, definitsiya, sema, lingvokulturologik izoh, leksikografik tamoyil. Kirish Izohli lug‘at tildagi so‘zlarning ma’nosini ochish, ularning qo‘llanish doirasini belgilash va lingvistik me’yorni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. So‘z ma’nosini aniqlash va uni ta’riflash jarayoni lug‘atchilik amaliyotida semantizatsiya deb ataladi. Bu jarayon lug‘atning sifatini belgilovchi asosiy bosqich bo‘lib, so‘z ma’nosining aniqligi, kontekstga bog‘liqligi va semantik komponentlar o‘rtasidagi mantiqiy aloqani ta’minlaydi. O‘quv lug‘atining vazifasi – keng auditoriya uchun emas, balki ma’lum bilim bosqichidagi foydalanuvchiga til birligini tushunarli va samarali tarzda o‘rgatish. Shu sababli, o‘quv lug‘atida leksik birlikni izohlash tamoyillari an’anaviy izohli lug‘atnikidan farq qiladi va antroposentrik yondashuvni talab etadi. Semantizatsiya jarayonining nazariy asoslari V.V. Morkovkinning fikricha, semantizatsiya ikki ma’noda qo‘llanadi: jarayon sifatida — so‘zning ma’nosini aniqlash va tushuntirish amaliyoti, natija sifatida esa — lug‘atda berilgan izohning o‘zi. [Морковкин В.В. 1986. 109.] Demak, “semantizatsiya” termini jarayon sifatida – so‘zning ma’nosidagi noaniqlikni bartaraf etish va tushuntirish, natija sifatida – shu jarayon davomida hosil bo‘lgan matn, ya’ni so‘zning izohi yoki ta’rifi ma’nosida qo‘llanadi. Semantizatsiya jarayonini va uning natijasini ifodalovchi terminlar sifatida “izohlash”, “ta’rif” (definitsiya) va “tarjima ekvivalenti” tushunchalari qo‘llaniladi. – izohlash – til birliklarining ma’nosini oddiy dunyoqarash nuqtayi nazaridan ochib berish bo‘lib, filologik lug‘atlar uchun xosdir.
21 – ta’rif (definitsiya) – mantiqiy tushuntirish, ya’ni tushuncha mazmuni va ajralib turuvchi xususiyatlarini belgilash. Odatda, ensiklopedik va terminologik lug‘atlar uchun xos bo‘lib, aniq ilmiy nuqtayi nazarga asoslanadi. – tarjima ekvivalenti – ma’lum bir til birligini boshqa til birliklari orqali izohlash yoki ta’riflash uchun ishlatiladigan til birligi. Bu usul ikki va ko‘p tilli lug‘atlar uchun xos.[ Дубичинский В.В. 2008.59c] Umumiy izohli lug‘atlarda bu yondashuvlar kombinatsiyalashgan holda qo‘llanishi mumkin. Yuqoridagi izohlash usullari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: – so‘zning asosiy semantik mazmunini aniqlash. Bu bosqichda so‘zning denotativ (asosiy) va konnotativ (qo‘shimcha hissiy-ma’noviy) xususiyatlari belgilanadi; – so‘zning semantik tarkibini tahlil qilish. Bu bosqichda leksik birlik component tahlilga tortiladi; – so‘zning semantik maydon tarkibini aniqlash. Bu bosqichda aniqlangan leksik birlik ma’nolari (semalar)ning iyerarxik, sintagmatik, paradigmatic munosabatlari o‘rganiladi. – izohlash turini tanlash. Bu bosqichda aniqlangan natijalarga ko‘ra, lug‘at turiga qarab izoh turi tanlanadi. Masalan, akademik lug‘at uchun ta’rif berish, o‘quv lug‘ati uchun izohlash turidan foydalanish kabi. O‘quv lug‘atida leksik birlikni izohlashning o‘zi xosligi So‘z ma’nolarini izohlash darajasi lug‘atning maqsadi va auditoriyasiga bog‘liq. Akademik izohli lug‘at ilmiy aniqlikni, o‘quv lug‘ati esa didaktik soddalikni ko‘zlaydi. S.V. Lebedeva tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, o‘quv lug‘atlar foydalanuvchi til darajasiga qarab: boshlang‘ich darajadagilar uchun – rasmli va soddalashtirilgan izohlar; o‘rta daraja uchun – sinonimlar va antonimlar asosidagi izohlar; yuqori daraja uchun – mantiqiy va to‘liq gapli definitsiyalarni beradi.[ Лебедева С. В.2005.14-15 c.] Demak, o‘quv lug‘atida leksik birlikni izohlashda antroposentrik yondashuv ustuvor: ma’no foydalanuvchining tajribasi va qabul qilish darajasiga muvofiq ochiladi. O‘quv lug‘atida so‘z ma’nosini izohlash usul va tamoyillari O‘quv lug‘ati — bu til birligini o‘rgatish, o‘zlashtirish va faol nutq jarayonida qo‘llashga yo‘naltirilgan maxsus tipdagi leksikografik manba. Bunday lug‘at umumiy leksikografik manba singari so‘zning shaklini, ma’nosini, grammatik xususiyatini izohlaydi, biroq ularning asosiy maqsadi ta’limiy funksiyani bajarishdan iborat
22 [Морковкин В.В. 1986. 109.] Shuning uchun o‘quv lug‘ati leksikografiya va lingvodidaktika tutashgan nuqtada shakllanadi. Bu lug‘at foydalanuvchiga so‘z ma’nosini tushuntiribgina qolmay, uni kontekstda qo‘llash, madaniy va uslubiy jihatdan anglash imkonini beradi. Bu xususiyat o‘quv lug‘atini nafaqat axborot manbasi, balki lingvodidaktik vosita o‘laroq ahamiyatini ko‘rsatadi. Demak, o‘quv lug‘ati leksikografik janr bo‘lish bilan birga, ta’limiy-metodik tizimning tarkibiy elementi sifatida leksik birlikni izohlash tamoyillari va turlariga asoslanish lozimligi anglashiladi. Quyida o‘quv izohli lug‘ati uchun leksik birlik izohida amal qilinishi lozim tamoyillarni sanaymiz: 1. Aniqlik – izohda noaniq yoki tushunishga muhtoj sinonimlardan qochish. Masalan, anduh – chuqur ruhiy tushkunlik holati, deb berish to‘g‘riroq. 2. Yagona grammatik shakl – so‘z va uning izohi grammatik jihatdan mos bo‘lishi kerak. Gidroliz – murakkab moddalarning suv ta’sirida parchalanishi kabi. 3. Semantik bog‘liqlik – ma’nolar orasidagi mantiqiy izchillikni saqlash. Bet so‘zi: “odam boshining old qismi”, “yuzning ikki tomoni”, “narsaning sirt qismi”. Demak, “bet” so‘zining ma’nolari shunday ketma-ketlikda joylashtirilishi lozim. 4. Ixchamlik – izoh qisqa, ammo mazmunan to‘liq bo‘lishi kerak. Yuqoridagi tamoyillarga amal qilgan holda o‘quv izohli lug‘at uchun leksik birlikni izohlashda quyidagi usullardan foydalanish mumkin: 1. Tahliliy (analitik) ta’rif Bu usul so‘zning semantik komponentlarini sanab o‘tish orqali ma’noni ochadi. Komponent tahlil asosida so‘z tarkibidagi denotativ, konnotativ va assotsiativ semalar ajratiladi. Masalan, bo‘ta so‘zi: – denotativ ma’no: “tuyaning bolasi”; – konnotativ ma’no: “erkalash, yoqimlilik” hissini bildiradi; – assotsiativ ma’no: “bola, yosh hayvon” bilan bog‘lanadi. Tahliliy ta’rif so‘z ma’nolarini tizimlashtirish, ularning o‘zaro farqlarini aniq ko‘rsatish imkonini beradi. 2. Sinonimik ta’rif So‘zning ma’nosi unga yaqin so‘zlar orqali tushuntiriladi. Bu usul ayniqsa o‘quv lug‘atlarida qulay, chunki u o‘quvchining mavjud so‘z boyligiga tayanadi. Masalan: hur – erkin, ozod. 3. Ostensiv (ko‘rgazmali) ta’rif Bu usul rasm, chizma, grafik yoki foto orqali so‘z ma’nosini tasvirlashga asoslanadi. Bu metod boshlang‘ich bosqichdagi foydalanuvchilar uchun samarali
23 bo‘lib, konkret obyektlar, jonivorlar yoki shakllarni izohlashda qo‘llaniladi. Masalan, akveduk – “daryo ustidan o‘tuvchi suv inshooti” tasviri bilan birga beriladi. 4. Tarjima orqali izohlash – murakkab o‘zlashma so‘zlar uchun (granatomyot – granata otadigan qurol). O‘quv lug‘atida so‘z ma’nosini izohlash jarayoni — bu faqat leksikografik faoliyat emas, balki til o‘qitishning metodik elementi. O‘quv lug‘atida semantizatsiya jarayoni foydalanuvchining lingvistik va madaniy kompetensiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kerak. Xulosa Demak, semantizatsiya jarayonining nazariy tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘quv lug‘atida so‘z izohi uch yo‘nalishda ta’minlanishi lozim: 1. leksik-semantik aniqlik – so‘zning denotativ va konnotativ ma’nolarini ajratish, 2. kontekstual moslik – so‘zning nutqdagi funksional rolini ifodalash, 3. didaktik maqsadlilik – foydalanuvchining til o‘zlashtirish jarayonini yengillashtirish. Shunday qilib, so‘z ma’nolarini izohlash tamoyillari aniqlik, grammatik moslik, semantik bog‘liqlik, ixchamlik va madaniy asoslanganlik tamoyillariga tayanishi lozim. Bu esa lug‘atni nafaqat informatsion manba, balki ta’limiy-lingvistik resurs sifatida samarali qo‘llash imkonini beradi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Дубичинский В. В. Лексикография русского языка: учебное пособие. М.: Наука; Флинта, 2008. 432 с 59c. 2. Johnson, Samuel. The Plan of a Dictionary of the English Language. London: Printed for J. and P. Knapton, T. Longman, and T. Shewell, 1747. 3. Лебедева, Светлана Витальевна. Учебные словари различных типов в культурологическом аспекте: На материале британских справочников: Автореферат дис. кандидат филологических наук: 10.02.04 - Германские языки. Иваново. 2005. 24с. – 14-15 c. 4. Морковкин В.В. О базовом лексикографическом знании // Учебники и словари в системе средств обучения русскому языку как иностранному - М., 1986 - С. 109. 5. O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 80000 ga yaqin so‘z va so‘z birikmasi. J.I. A – D/ Mas’ul muharrir A. Madvaliyev. – T:. “O‘zbekiston nashriyoti”, 2020. – 680 b. – 44 B. 6. Qo‘chqortoyev I. So‘z ma’nosi va uning valentligi (O‘zbek tilidagi nutq fe’llari materiali asosida). Toshkent: Fan, 1977. – 168 b. – 29 B.