scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

DIALEKTAL FRAZEOLOGIZMLARNING O'ZIGA XOSLIGI VA ULARNING TILSHUNOSLIKDAGI O'RNI

Islomova Shoira Xushbokovna

Full text

46 DIALEKTAL FRAZEOLOGIZMLARNING O‘ZIGA XOSLIGI VA ULARNING TILSHUNOSLIKDAGI O‘RNI Islomova Shoira Xushbokovna Iqtisodiyot va pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, f.f.f.d. [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932173 Annotatsiya. Ushbu maqolada dialektal frazeologizmlarning o‘ziga xosligi va ularning o‘zbek tilshunosligidagi o‘rni, dialektal frazemalarning xalqning turmush tarzi, madaniyati, e’tiqodi va kasb-hunar faoliyati bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Shuningdek, frazemalarning fonetik, leksik va semantik xususiyatlari, ularning adabiy til bilan o‘zaro farqlari hamda o‘xshashliklari yoritilgan. Kalit so‘zlar: dialekt, frazema, madaniyat, adabiy til, semantika, tafakkur. Annotation. This article scientifically substantiates the distinctive features of dialectal phraseologisms and their role in Uzbek linguistics. It explores the close connection between dialectal phraseological units and the people's lifestyle, culture, beliefs, and occupational activities. The phonetic, lexical, and semantic characteristics of these expressions are examined, along with their differences and similarities with those in the literary language. Keywords: dialect, phraseologism, culture, literary language, semantics, worldview. Til faqat aloqa vositasi emas, balki xalq tafakkuri, tarixiy tajribasi, turmush tarzi va madaniyatining ko‘zgusidir. Til tarkibidagi frazeologik birliklar esa ana shu ko‘zguda jamiyat ruhiyatini yanada teranroq aks ettiruvchi vosita sanaladi. Asrlar davomida og‘zaki nutq orqali saqlanib, avloddan-avlodga o‘tib kelgan frazemalar xalqning qadimiy dunyoqarashi va madaniy tajribasini mujassamlashtirgan. Ayniqsa, dialektal frazeologizmlar, xalqning yashash muhiti, mashg‘uloti va e’tiqodi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi bois, ularni o‘rganish o‘zbek tilshunosligining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerak. Frazeologik birliklar xalq tafakkurining donishmand qatlamini tashkil etadi. Ular orqali o‘tmish hayoti, axloqiy mezonlar, qadriyatlar, urf-odatlar, hatto maishiy tafsilotlar ham aks etadi. Garchi frazeologizmlar qadim zamonlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning ilmiy asosda o‘rganilishi XVIII asrdan boshlab shakllana boshlagan. Shu bilan birga, o‘zbek tilida, xususan dialektal frazeologizmlar bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar hali yetarli darajada emas. Shevalarda uchraydigan frazeologik birliklar turlicha: ba’zilarining adabiy til bilan umumiyliklari bo‘lsa, ba’zilarining faqat ma’no jihati farqlanadi, yana ayrimlari esa adabiy tilda umuman uchramaydi. Bu holat, albatta, dialektal frazeologik birliklarni alohida ilmiy izlanish obyekti sifatida o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi. 47 O‘zbek tilshunosligida dialektal frazeologizmlar bo‘yicha turli darajadagi tadqiqotlar amalga oshirilgan. Masalan, X. Doniyorov qipchoq shevalari bo‘yicha olib borgan ilmiy ishlarida frazeologik birliklarning fonetik, grammatik va semantik jihatdan turg‘unligini, ularning qadimiy til unsurlarini saqlab qolishini tilga oladi.[Doniyorov, 1979.152]. Shuningdek, T.Sodiqov, H. Uzoqov, M. Hamidov, Sh. Shomaqsudov, S. Dolimov, K. Bozorboyev kabi olimlar ham shevalardagi barqaror birikmalarning lug‘aviy va madaniy ahamiyati, sinonimlik darajalari va qo‘llanish holatlarini tadqiq etgan. [Sodiqov, 1968. 279]. Frazeologik birliklar shevalarda turli darajada o‘ziga xoslikka ega. Quyidagilar bu jihatdan alohida ajralib turadi: shevada frazemaning leksik tarkibi adabiy til bilan umumiy, ammo ma’nosi boshqacha bo‘ladi: masalan, bavrasa botir bo‘lur — shevada yordamlashmoq, ko‘maklashmoq ma’nosini bildiradi, adabiy tilga xos bo‘lmagan o‘ziga xos frazema sanaladi. frazeologik birlik tarkibidagi so‘zlardan biri adabiy tilda mavjud emas: masalan, kilkilidan urmoq — shamollamoq, betob bo‘lmoq ma’nosida qo‘llaniladi. Kilkil adabiy tilga xos bo‘lmagan, shevaga xos so‘z. Kilkil so‘zining mustaqil ma’nosi hozirgi tilda unutilgan. Kuchli fonetik o‘zgarishga uchragan variantlar: qorong‘uda qarindoshingning dabushi belgili iborasida dabush so‘zi kuchli fonetik o‘zgarishga uchragan. Bu turli xususiyatlar orqali frazeologik birliklarning qaysi hududga, qaysi shevaga xos ekanligini aniqlash mumkin. Biroq fonetik farq har doim ham dialektal xususiyat belgisi bo‘la olmaydi. Masalan, yoqasini ushladi va jogasini ushladi iboralari fonetik farq qilsa-da, bir ma’noni beradi, lekin bu iboraning dialektal deb baholanishi uchun yetarli mezon emas. Frazeologik birliklar va yashash tarzi o‘rtasidagi bog‘liqlik. Dialektal frazeologizmlarning shakllanishida joy aholisi mashg‘ulotining ahamiyati katta. Masalan, Qashqadaryo viloyatining janubiy qismidagi qipchoq shevalarida chorvachilik, to‘quvchilik sohalari bilan bog‘liq iboralar keng qo‘llanadi: Ovzi oqarib qoldi — sut, qatiq mo‘l bo‘lishi; Ovziga tuz solmoq — chorvani so‘yishga mo‘ljallash; Qulovi qochmoq — itoatsizlik, yo‘rig‘iga yurmaslik. Bundan tashqari, xalqning e’tiqodlari, mifologik tasavvurlari ham frazeologik birliklar tarkibiga singgan. Masalan, bo‘ri va it obrazlari orqali xalqning kuch, vafodorlik, xavf, jasorat haqidagi tasavvurlarini ko‘rish mumkin: bo‘ri orqasiga 48 qaramaydi, it yegasini tanimaydi, bo‘rini gapirsang qulog‘i ko‘rinadi kabi iboralar bunga misoldir. Dialektal frazeologik birliklar nafaqat til, balki xalq tafakkuri, yashash tarzi, qadimiy e’tiqodlar va madaniyatning mazmunini ham o‘zida mujassam etadi. Ularni chuqur ilmiy o‘rganish o‘zbek tili frazeologiyasining boyligi va rang-barangligini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda dialektal frazeologizmlarning lug‘atlarini yaratish, ularning adabiy tilga kirish imkoniyatlarini tahlil qilish hamda ularning semantik xususiyatlarini zamonaviy lingvistik metodlar asosida tadqiq etish tilshunosligimizning dolzarb vazifalaridan biridir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Дониёров Х. Қипчоқ диалектларининг лексикаси. – Тошкент: Фан, 1979.− 152 б. 2. Содиқов Т. Тошкент области шевалари лексикаси (номзодлик диссертацияси). – Тошкент, 1968. – 279 б. 3. Узоқов Ҳ. Диалектал фразеологизмлар ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. – 1984. – №1. – Б. 46–50. 4. Hamidov M. Janubiy Surxondaryo shevalarida barqaror birikmalar. – Termiz: Termiz davlat universiteti, 2005. – 136 b. 5. Шомақсудов Ш., Долимов С. Қайроқи сўзлар. – Тошкент: Фан, 1983. – 224 б. 6. Бозорбоев К. Ўзбек тилида сўзлашув нутқи фразеологизмлари: Филол. фан. номз. ... дисс. автореф. – Самарқанд, 2001. – 22 б.