scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK O'QUV LUG'ATLARI IZOHLARIDA DARAJALANISH TAMOYILINI TAKOMILLASHTIRISH

Q.B.Eshboyev

Full text

67 O‘ZBEK O‘QUV LUG‘ATLARI IZOHLARIDA DARAJALANISH TAMOYILINI TAKOMILLASHTIRISH Q.B.Eshboyev Renessans ta’lim universiteti dotsenti, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932217 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek o‘quv lug‘atlarida so‘z ma’nolarini ifoda etishda darajalanish tamoyilini qo‘llash masalasi ilmiy va amaliy jihatdan tahlil qilingan hamda so‘zlar orasidagi semantik darajaviy munosabatlarni aniqlash va ularni lug‘at izohlarida tizimli tarzda aks ettirish zarurligini asoslab berilgan. Shuningdek, o‘quv lug‘atlarida sinonimik qatlamdagi birliklar o‘rtasidagi graduonimik munosabatlarni belgilash, ma’noning intensivlik darajasini ifoda etish hamda lug‘atlarning ta’limiy funksiyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan. Kalit so‘zlar: o‘quv lug‘ati, darajalanish tamoyili, sinonimiya, graduonimiya, intensivlik, semantik daraja, leksikografiya, izoh. Zamonaviy tilshunoslikda leksikografiya sohasi jadal rivojlanayotgan bo‘lib, o‘quv lug‘atlari tuzish va ularning sifatini oshirish masalalari alohida e’tibor talab etadi. O‘quv lug‘atlarining asosiy vazifasi tilni o‘rganayotgan shaxslarga so‘z boyligini o‘zlashtirish va lug‘aviy birliklardan to‘g‘ri foydalanishga ko‘maklashish hisoblanadi. Ma’lumki, har qanday lug‘atda ham ma’lumot, axborot berish, nimanidir o‘rgatish maqsadi mavjud bo‘ladi. Ammo bevosita ta’lim uchun yo‘naltirilgan lug‘atlar esa o‘quv lug‘ati toifasiga kiritiladi va ular maxsus lingvodidaktik tamoyil, mezonlar asosida tuziladi. Pedagogik tushunchalarning qomusiy lug‘atida o‘quv lug‘ati tushunchasi va o‘quv lug‘atiga xos belgi-xususiyatlar quyidagicha tavsiflanadi: “O‘quv lug‘ati – leksikografiyada lug‘atning mustaqil ko‘rinishi; ta’limiy yo‘nalganligi va o‘quv vositasi hisoblanishi bilan xarakterlanadi. So‘zlikning tuzilishi, so‘z tanlash mezoni, lug‘at materialining joylashtirilishi, lingvistik ma’lumotni taqdim etish va izohlash usuli, materialni taqdim etish tili, hajmi, dizayni va boshqa belgilariga ko‘ra xarakterlanadi” 1 . Soha mutaxassislari o‘quv lug‘atini yaratishda bir-biri bilan uzviy aloqador bo‘lgan ikki asosiy muammoning yechimi, ya’ni: 1) so‘zlikni tanlash, taqdim qilish usuli; 2) ta’limning bosqichi, nutqiy faoliyat vaziyati, nutq uslubi, ta’lim oluvchining ona tili, madaniy, ma’naviy saviyasi va boshqalarning hisobga olinishi lozimligini 1 Педагогический энциклопедический словарь / Редкол.: М.М.Безруких, В.А.Болотов, Л.С.Глебова и др.; Гл. ред. Б.М. Бим-Бад. – М.: Большая Российская энциклопедия, 2002. – 528 с. – С. 262. 68 ta’kidlaydi 2 . Bundan ko‘rinadiki, o‘quv lug‘ati ham lingvistik va didaktik tamoyillarga asoslanishni talab qiladi, bu esa ta’lim oluvchi, lug‘atdan foydalanuvchining shaxsiy kompetensiyasini rivojlantirishni ham nazarda tutadi. “So‘nggi yillarda “o‘quv leksikografiyasi” termini ta’rifiga lug‘atning o‘rganilayotgan tilni o‘qitish metodikasi bilan bog‘lanishiga urg‘u berildi, ya’ni “o‘quv leksikografiyasi – leksikografiyaning lug‘at yoki lug‘at tipidagi boshqa asarlarda til birliklarinining pedagogik maqsadga yo‘naltirilgan tavsifining nazariy va amaliy aspektini qamrab oladigan maxsus soha” 3 ekanligi ham ta’kidlandi. Ma’lumki, lug‘at tuzishning o‘ziga xos mezonlari mavjud, o‘quv leksikografiyasi va uning ob’yekti bo‘lgan o‘quv lug‘atining tavsifiy belgilari, asosan, uch xususiyatni nazarda tutadi: – ta’limiy maqsadga yo‘nalganlik; – hajman chegaralanganlik; – til (ona tili yoki boshqa til) o‘qitish uchun mo‘ljallanganlikka urg‘u beriladi. Bu uch omilning ta’minlanishi orqali o‘quv lug‘ati oldiga qo‘yilgan maqsadga erishish mumkin. Rus leksikografi V.V.Morkovkinning yondashuvida o‘quv lug‘atlarida hajm yetakchi mezon sifatida olinmaydi, balki bu tipdagi lug‘atlarning lingvodidaktik xarakterga ega bo‘lishi, ya’ni ta’limga yo‘nalgan bo‘lishiga asosiy e’tibor qaratiladi. Shuningdek, u o‘quv lug‘atchiligining alohida lingvometodik yo‘nalish, an’anaviy leksikografiya va lingvometodika fanlarining kesishmasida paydo bo‘lgan fan ekanligi ham ta’kidlab o‘tilgan 4 . Shuni alohida ta’kidlash joizki, keyingi yillarda o‘quv lug‘atlar umumiy tuzilishi mualliflarning lug‘at tuzish bo‘yicha tajribasi, lug‘at turi – elektron yoki bosma lug‘at ekani va boshqa omillarga ko‘ra takomillashib borayotgani kuzatilmoqda. Yangi avlod darajalanish o‘quv lug‘atining megaqurilishini shakllantirishda tadqiqotchi G.Mirxanovaning amalga oshirgan ishlariga tayanishimiz mumkin. Tadqiqotchining ishida iboralarning o‘quv lug‘ati megaqurilishi bilan bog‘liq quyidagilar qayd qilinadi: “O‘quv lug‘atining megaqurilishi kirish (1); “Lug‘atdan qanday foydalaniladi?”, “Lug‘atdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma”, “Lug‘at bilan ishlash bo‘yicha yo‘riqnoma” kabi nomlar bilan yuritiladigan o‘quv-metodik ta’minot (2); lug‘atda foydalanilgan shartli qisqartmalar va ularning izohi (3); lug‘at korpusi, ya’ni 2 Денисов П.Н. Учебная лексикография: итоги и перспективы. Проблемы учебной лексикографии. – М.: Изд.-во Моск.ун-та, 1977. – 189 с. – С 4. 3 Морковкин В.В. Основы теории учебной лексикографии: Дисс. ... докт. филол. наук (в форме научного доклада). – М.: Институт русского языка им. А.С. Пушкина, 1990. – С. 8. 4 Морковкин В.В. Учебная лексикография как особая лингвометодическая дисциплина // Актуальные проблемы учебной лексикографии. – М.: Русский язык, 1977. – с. 28-37. – С. 31. 69 so‘zlik (4); ilova (5)lardan tashkil topishi kerakligini aytib o‘tadi. U umumiy strukturasi amaldagi leksikografik an’analarga asoslangan bir necha parametrli qismlar bilan birga leksik birliklarni lug‘atda o‘quv maqsadida taqdim qilishning innovasion metodlariga asoslangan yangi qismlar bilan boyib borishini ham ta’kidlaydi” 5 . Frazeologizmlar bo‘yicha tilshunos M.Umarxodjayev va O.A’zamovlarning “Nemischa-o‘zbekcha zoonim komponentli frazeologizmlar o‘quv lug‘ati” ham shu sohadagi muhim manbalardan biridir. Anglashiladiki, o‘quv lug‘atlari zamonaviy tilshunoslik va pedagogikaning kesishmasida joylashgan muhim didaktik vositalardir. Ularning asosiy vazifasi nafaqat so‘zlarning ma’nosini tushuntirish, balki til o‘rganuvchilarning leksik kompetensiyasini tizimli ravishda rivojlantirish hisoblanadi. Bu faslda o‘quv lug‘atlarida semantik darajalanish tamoyillarini yanada takomillashtirish yo‘llari tahlil qilinadi. Semantik munosabatlarning to‘liq va aniq aks ettirilishi. O‘quv lug‘atlarining samaradorligini oshirish uchun so‘zlar o‘rtasidagi semantik munosabatlarni yanada to‘liq va aniq ko‘rsatish zarur. An’anaviy lug‘atlarda, asosan, izohli ma’nolar berilsa, o‘quv lug‘atlarida paradigmatik va sintagmatik munosabatlarni ham aks ettirish lozim. Masalan, “kitob” so‘zi uchun nafaqat asosiy ma’no (“o‘qish uchun mo‘ljallangan yozma asar”), balki uning giperonim (“adabiyot”), giponim (“roman”, “she’riy to‘plam”) va meronimik munosabatlari (“sahifa”, ‘muqova”) ham ko‘rsatilishi kerak. Semantik munosabatlarni ifodalashda iyerarxik tuzilma prinsipi qo‘llanilishi maqsadga muvofiq. Bunda V.V.Morkovkinning taklif etgan “semantik maydon” nazariyasiga tayanish mumkin 6 . Har bir leksema o‘zining semantik maydoni doirasida ko‘rib chiqiladi va shu maydon ichidagi boshqa birliklar bilan munosabati aniqlanadi. Illyustrativ misollarning kengaytirilishi. Zamonaviy lingvodidaktikada kontekstual o‘rganish tamoyili alohida ahamiyat kasb etadi. O‘quv lug‘atlarida so‘zlarning qo‘llanish kontekstlarini ko‘rsatuvchi misollar soni va sifatini oshirish zarur. Bu borada bir qator mezonlarga rioya qilish tavsiya etiladi. Birinchidan, misollar hayotiy va zamonaviy bo‘lishi lozim. Eski va eskirgan misollar o‘rniga kundalik hayotda qo‘llaniladigan, talabalar uchun tushunarli va yaqin bo‘lgan misollardan foydalanish kerak. 5 Ражабова З.И. Ўзбек ўқув фразеографиясининг лингвистик аспекти: Филол. фан. бўйича фалс. докт. (PhD) ... дисс. – Қарши, 2022. – 145 б. 6 Морковкин В.В. Основы теории учебной лексикографии. – М.: РУДН, 1990. 70 Har bir ma’no uchun kamida 2-3 ta misol keltirilishi, bu misollar turli uslub va janrlarga tegishli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Masalan, “o‘qimoq” fe’li uchun rasmiy (“Sudya qarorni o‘qidi”), norasmiy (“Kitobni dam olish uchun o‘qiyapman”) va badiiy (“Yulduzlar taqdirni o‘qiydi”) uslubdagi misollar berilishi mumkin. Leksik-semantik munosabat turlarining tizimli ko‘rsatilishi. O‘quv lug‘atlarida sinonim, antonim va boshqa leksik-semantik munosabat turlarini muntazam ravishda ko‘rsatish zarurati A.A.Ufimtsevaning leksik-semantik tizim nazariyasiga asoslanadi 7 . Bu yondashuv quyidagi tamoyillarni o‘z ichiga oladi: 1. Har bir leksema uchun sinonimik qator to‘liq ko‘rsatilishi va sinonimlar orasidagi semantik farqlar aniqlanishi. Masalan, “chiroyli” sifati uchun “go‘zal”, “xushro‘y”, “dilkash” sinonimlarining o‘ziga xos ma’nolari ajratilishi kerak. 2. Antonimik juftliklar nafaqat leksik, balki kontekstual darajada ham ko‘rsatilishi lozim. “Baland – past” antonim juftligi turli kontekstlardagi (“baland tog‘” – “past joy”, “baland ovoz” – “past ovoz”) qo‘llanishlariga misollar keltirilishi kerak. Semantik maydonlar bo‘yicha guruhlash. So‘z boyligini mavzular yoki semantik maydonlar bo‘yicha guruhlash J.Trierning “semantik maydon” nazariyasiga asoslanadi 8 . Bu yondashuv bir qator afzallikarga ega. Jumladan, bir mavzuga oid so‘zlarning tizimli o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Masalan, “ta’lim” semantik maydoni doirasida “o‘qituvchi”, “o‘quvchi”, “dars”, “bilim”, “ko‘nikma” va boshqa leksemalar birgalikda o‘rganiladi. So‘zlar orasidagi paradigmatik munosabatlar aniqroq ko‘rinadi va eslab qolish jarayoni osonlashadi. O‘quv lug‘atlarini tuzishda quyidagi lingvodidaktik tamoyillarga amal qilish zarur. Bosqichlilik tamoyili – so‘zlar murakkablik darajasiga qarab tartiblangan bo‘lishi kerak. Oddiy va keng qo‘llaniladigan so‘zlar birinchi navbatda beriladi, keyinchalik ixtisoslashgan terminlar kiritiladi. Funksionallik tamoyili bo‘yicha lug‘atda keltirilgan ma’lumotlar amaliy foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi lozim. O‘quv lug‘atlarida semantik darajalanishni takomillashtirish zamonaviy tilshunoslik va pedagogika yutuqlariga asoslanishi kerak. So‘zlar orasidagi semantik munosabatlarni to‘liq aks ettirish, illyustrativ misollardan keng foydalanish, leksiksemantik munosabatlarni tizimli ko‘rsatish va semantik maydonlar bo‘yicha guruhlash o‘quv lug‘atlarining didaktik samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Bu tamoyillarni amalga oshirish til o‘rganuvchilarning leksik kompetensiyasini tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi. 7 Уфимцева А.А. Лексическое значение: Принцип семиологического описания лексики. М.: Наука, 1986. 8 Trier J. Das sprachliche Feld. Eine Auseinandersetzung. Neue Jahrbücher für Wissenschaft und Jugendbildung, 1934. 71 O‘zbek o‘quv lug‘atchiligida darajalanish tamoyilini takomillashtirish uchun yana bir qator ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq. Jumladan, lug‘atda berilgan leksemaning izohini aniq darajalarga bo‘lish, ya’ni lug‘atda keltirilgan leksemalar izohi foydalanuvchining yosh darajasiga (boshlang‘ich, o‘rta, yuqori) moslab yozilishi kerak va har bir daraja uchun izohlar turlicha bo‘lishi maqsadga muvofiq. Masalan: Boshlang‘ich daraja: oddiy va qisqa izohlar, tushunarli misollar. O‘rta daraja: batafsilroq izohlar, qo‘shimcha ma’lumotlar. Yuqori daraja: ilmiy va murakkab tushunchalar, terminologik izohlar. Lug‘at yaratishda leksemaning izohini foydalanuvchining yosh darajasiga moslab yozish juda samarali metod hisoblanadi. Bu usul orqali har xil yoshdagi o‘quvchi o‘z bilim darajasiga qarab so‘z ma’nosini yaxshi tushunib oladi. Bir xil so‘z uchun turli yosh guruhlariga mos turlicha izohlar yozish. Yosh darajalari: 1. Boshlang‘ich daraja – kichik yoshli bolalar, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun. 2. O‘rta daraja – o‘rta sinf o‘quvchilari yoki biroz kattaroq bolalar uchun. 3. Yuqori daraja – katta yoshdagilar, yuqori sinf o‘quvchilari va kattalar uchun. “Suv” leksemasi uchun izohlar: Boshlang‘ich daraja: Suv – ichish uchun, yuvinish uchun kerak bo‘ladigan, oquvchi shaffof suyuqlik. O‘rta daraja: Suv – hayot uchun zarur bo‘lgan suyuq modda. Odamlar, o‘simliklar va hayvonlar uni ichadilar. Suv dengiz, ko‘l, daryolarda uchraydi. Yuqori daraja: Suv – kimyoviy tarkibi H₂O bo‘lgan suyuq modda. Yer yuzidagi hayot uchun asosiy manba hisoblanadi. Turli agregat holatlarda uchraydi (suyuq, muz, bug‘). Sanoatda, qishloq xo‘jaligida va kundalik turmushda keng qo‘llaniladi. “Qush” leksemasi uchun izohlar: Boshlang‘ich daraja: Qush – uchadigan, qanotli va patli hayvon. O‘rta daraja: Qush – tanasida patlari bo‘lgan, tuxum qo‘yadigan va ko‘pincha uchadigan hayvonlar guruhi. Yuqori daraja: Qush – umurtqali jonzotlar sinfining vakillari bo‘lib, ularning tanasi patlar bilan qoplangan, ular tuxum orqali ko‘payishadi, ko‘pchiligi uchish qobiliyatiga ega. Qushlar ekotizimda muhum rol o‘ynaydi (masalan, urug‘lar tarqatish, hasharotlar sonini tartibga solish). “Oila” leksemasi uchun izohlar: 72 Boshlang‘ich daraja: Oila – dada, ona va farzandlardan iborat guruh. O‘rta daraja: Oila – birga yashaydigan va bir-birini hurmat qiladigan yaqin qarindoshlar guruhi (ota, ona, farzand va boshqalar). Yuqori daraja: Oila – nikoh yoki qarindoshlik munosabatlariga asoslangan ijtimoiy guruh bo‘lib, uning a’zolari o‘zaro mas’uliyat, mehr va yordam asosida yashaydilar. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Turli yoshdagi bolalarga lug‘atdagi so‘zlarning izohini darajalab tushuntirish lug‘at foydalanuvchisi uchun manfaatli bo‘ladi. Chunki har bir yoshdagi foydalanuvchi so‘z ma’nosini o‘z darajasiga mos tushunadi. So‘z haqidagi fahm va bilish darajasi bosqichma-bosqich kengayadi. Qiyin so‘zlarni ham bolalar va kattalar oson anglaydi. “Kitob” leksemasi uchun izohlar Boshlang‘ich daraja: Kitob – qog‘ozlardan tayyorlangan va o‘qish uchun yozilgan narsa. O‘rta daraja: Kitob – odamlar o‘qish uchun yozadigan matnlar yig‘indisi. Kitob orqali bilim va hikoyalarni o‘rganish mumkin. Yuqori daraja: Kitob – ma’lum mavzuda yozilgan, ma’lum shakl va mazmunga ega bo‘lgan matnlar yig‘indisi. Kitob axborot tarqatish, ta’lim berish, ma’naviy boyitish va madaniyatni saqlash vositasi sifatida xizmat qiladi. “Daraxt” leksemasi uchun izohlar Boshlang‘ich daraja: Daraxt – yerda o‘sadigan, kalin tanali va shoxshabbalari bo‘lgan o‘simlik. O‘rta daraja: Daraxt – qalin tanali, shox va barglarga ega ko‘p yillik o‘simlik. Qishda ba’zi daraxtlar bargini to‘kadi. Yuqori daraja: Daraxt – tanasi yog‘ochli bo‘lgan, ko‘p yil davomida o‘sadigan o‘simlik. Ekologik tizimlarda muhim o‘rin tutadi, kislorod ishlab chiqaradi, tuproqni mustahkamlaydi va turli hayvonlar uchun makon vazifasini o‘taydi. “Kompyuter” leksemasi uchun izohlar Boshlang‘ich daraja: Kompyuter – o‘yin o‘ynash, rasm chizish yoki film ko‘rish uchun moslama. O‘rta daraja: Kompyuter – ma’lumotlarni saqlaydigan, qayta ishlaydigan va turli ishlarni bajaradigan elektron uskuna. Unda o‘yin o‘ynash, matn yozish, internetdan foydalanish mumkin. Yuqori daraja: Kompyuter – dasturlar yordamida ma’lumotlarni qayta ishlash, saqlash va uzatish imkonini beradigan ko‘p funksiyali elektron qurilma. U ishlab chiqarish, ta’lim, ilm-fan, tadqiqot va boshqa sohalarda keng qo‘llaniladi. “Vatan” leksemasi uchun izohlar 73 Boshlang‘ich daraja: Vatan – odam tug‘ilib o‘sgan yurt. O‘rta daraja: Vatan – kishi tug‘ilib o‘sgan va uning xalqi yashaydigan mamlakat. Odamlar o‘z vatani uchun faxrlanadilar va uni himoya qiladilar. Yuqori daraja: Vatan – muayyan milliy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga ega, insonning tug‘ilib o‘sgan va uning shaxsiy, ijtimoiy mansublik hissi bilan bog‘liq bo‘lgan yurti. Vatan tushunchasi milliy g‘urur, vatandoshlik va yurtga sadoqat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etadi. Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilgan holda shuni aytishimiz joizki, lug‘atlarda foydalanuvchining bilim darajasini inobatga olish kerak. Chunki oʻquvchilar turli yosh guruhlariga mansub bo‘ladi, shuning uchun lug‘atdagi izohlar oddiy va oson tushuniladigan bo‘lishi kerak. Shuningdek, izohlar aniq va lo‘nda bo‘lishi zarur. Bu so‘zning bir nechta ma’nolari orasida chalkashliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Semantik maydonlarni hisobga olish orqali so‘z ma’nolari ular qo‘llaniladigan matnga qarab farqlanishi mumkin. Shuning uchun izohlarda so‘zning turli semantik maydonlardagi qo‘llanishi ko‘rsatilishi kerak. Masalan, “yulduz” leksemasi astronomiyada va kinoda turlicha talqin qilinadi. Zamonaviy lug‘atlarda so‘zlarning ma’nosini yanada tushunarli va ta’sirli qilish uchun multimedia vositalari keng qo‘llanilmoqda. Rasmlar, audio va video materiallar orqali lug‘at foydalanuvchilarga yanada boy ma’lumot taqdim etadi. Masalan, hayvonlar yoki o‘simliklar nomlari ularning rangli tasvirlari bilan birga keltirilsa, vizual xotira orqali so‘z ma’nosi mustahkam o‘zlashtiriladi. Foydalanuvchi ishtiroki lug‘atning sifatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Elektron lug‘atlarda foydalanuvchilarning izoh va tushunchalar haqida fikr-mulohaza bildirishlari imkoniyati yaratilsa, lug‘at doimiy ravishda takomillashib boradi. Foydalanuvchilar tomonidan keltirilgan o‘rinli takliflar va tanqidiy sharhlar asosida izohlarni yangilash va boyitish mumkin bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar bazalaridan foydalanish lug‘atchilikda inqilobiy o‘zgarishlar yaratmoqda. Avtomatik tizimlar orqali lug‘at izohlarini yangilash va takomillashtirish, so‘zlarning eng ko‘p qo‘llaniladigan ma’nolarini aniqlash hamda ularni muhimlik darajasiga qarab tartibga solish mumkin. Tilshunoslik tadqiqotlarini doimiy kuzatib borish lug‘atning ilmiy asosliligini ta’minlaydi. O‘zbek tilining rivojlanishi, dialektal va stilistik xususiyatlarini hisobga olgan holda izohlarni muntazam yangilab turish zarur. Til – jonli organizm kabi rivojlanib boradi: so‘zlar yangi ma’nolar qo‘shishi, eski ma’nolari yo‘qolishi yoki o‘zgarishi mumkin. Shu sababli lug‘at ham bu jarayonlarga moslashib, doimiy yangilanib turishi lozim. 74 Bu yondashuvlar birgalikda zamonaviy lug‘atni nafaqat ma’lumot manbayi, balki interaktiv ta’lim vositasiga aylantiradi. Bunday lug‘at foydalanuvchi ehtiyojlariga moslashuvchi, doimiy rivojlanuvchi va ilmiy asoslangan lug‘atshunoslik mahsuli bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘rinadiki, o‘zbek tilshunosligida leksikografiya sohasining rivojlanishi bilan birga o‘quv lug‘atlarining sifati va samaradorligini oshirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi vaqtda mavjud o‘quv lug‘atlarida darajalanish tamoyilining qo‘llanilishi bir qator metodologik va amaliy muammolarni ko‘rsatmoqda, bu esa ushbu yo‘nalishni takomillashtirish zaruriyatini tug‘diradi. Darajalanish tamoyilining nazariy-metodologik asoslarini mustahkamlash. O‘quv lug‘atlarida darajalanish tamoyilini takomillashtirish, avvalo, ushbu tamoyilning nazariy-metodologik asoslarini aniqlashtirish va mustahkamlashdan boshlanishi kerak. Hozirgi vaqtda graduonimiya va ma’nodoshlik o‘rtasidagi farqlar yetarlicha aniq belgilanmagan, bu esa amaliy leksikografiyada chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda. Graduonimiyaning asosiy mezonlari sifatida quyidagilarni belgilash zarur: birinchidan, qatordagi barcha leksemalarning umumiy atash semasiga egaligi; ikkinchidan, ma’lum bir belgining miqdoriy yoki sifat jihatidan darajalanib borishi; uchinchidan, qator tarkibidagi leksemalarning semantik dominanta atrofida tartiblanishi. Bu mezonlar asosida o‘quv lug‘atlarida darajalanish qatorlarini tanlash va taqdim etish yo‘llarini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Zamonaviy tilshunoslik paradigmasida graduonimiya nafaqat leksik-semantik munosabat turi sifatida, balki kognitiv-diskursiv hodisa sifatida ham qaraladi. Bu nuqtayi nazardan o‘quv lug‘atlarida darajalanish qatorlarini taqdim etishda tilning pragmatik imkoniyatlarini ham e’tiborga olish zarur. Har bir graduonim ma’lum pragmatik kontekstda o‘ziga xos stilistik va ekspressiv qiymatga ega bo‘ladi, bu esa o‘quvchilarning kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Leksikografik izoh texnologiyasini takomillashtirish. O‘quv lug‘atlarida darajalanish qatorlarini izohlovchi texnologiyani takomillashtirish zamonaviy tilshunoslik yutuqlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak. Har bir graduonim uchun to‘liq leksikografik ta’rif berish bilan birga, uning darajalanish qatoridagi o‘rnini ko‘rsatuvchi maxsus belgilar tizimini ishlab chiqish zarur. Graduonimlarning leksikografik izohida quyidagi komponentlar bo‘lishi maqsadga muvofiq: - asosiy semantik ta’rif; 75 - darajalanish qatoridagi o‘rnini ko‘rsatuvchi raqamli yoki harfli belgi; semantik dominantaga nisbatan farqlovchi xususiyatlar; - stilistik va pragmatik xususiyatlar; - sinonimik va antonimik bog‘lanishlar. Bunday yondashuv o‘quvchilarga so‘zning nafaqat ma’nosini, balki uning tildagi o‘rnini ham to‘liq tushunish imkonini beradi. Illyustrativ materiallarni tanlash va taqdim etishda ham yangi yondashuvlar ishlab chiqish zarur. Graduonimlar uchun illyustrativ misollar tanlanayotganda, ularning darajalanish xususiyatlarini yaqqol ko‘rsatuvchi kontekstlarni tanlash muhimdir. Masalan, “jahl – achchiq – g‘azab – qahr – nafrat” qatoridagi har bir graduonim uchun uning darajasini aniq ko‘rsatuvchi kontekstual misollar keltirilishi kerak. Vizual va multimedia vositalardan foydalanish imkoniyatlari. Zamonaviy ta’lim texnologiyalarining rivojlanishi o‘quv lug‘atlarida vizual va multimedia vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Darajalanish qatorlarini vizual tarzda taqdim etish uchun turli grafik vositalardan foydalanish mumkin: rangli sxemalar (1); miqdoriy ko‘rsatkichli diagrammalar (2); semantik xaritalar (3); interaktiv grafik elementlar (4). Graduonimik qatorlarning vizual taqdimi o‘quvchilarning so‘zlar o‘rtasidagi munosabatlarni tushunishini sezilarli darajada osonlashtiradi. Masalan, “kichkina – kichik – mayda – mittigina” qatorini rangli chiziq yordamida ko‘rsatish mumkin, bu yerda har bir graduonimning o‘lcham jihatidan kamayib borishi vizual tarzda namoyon bo‘ladi. Audio-lingual komponentlarni qo‘shish ham graduonimlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir graduonimning to‘g‘ri talaffuzi bilan birga, uning intonatsion xususiyatlarini ham ko‘rsatish zarur, chunki ko‘pgina graduonimlar ekspressiv intonatsiya orqali o‘zlarining darajalanish xususiyatlarini namoyon qiladi. Kontekstual va diskursiv yondashuvlarni joriy etish. O‘quv lug‘atlarida darajalanish tamoyilini takomillashtirishning muhim yo‘nalishi kontekstual va diskursiv yondashuvlarni joriy etishdir. Graduonimlar nafaqat izolatsiyalashgan holda, balki turli kommunikativ vaziyatlarda qanday ishlatilishini ko‘rsatish zarur. Har bir graduonim uchun tipik qo‘llanish sohalari va registrlarni belgilash muhimdir. Masalan, “baxtli – saodatli – mas’ud – komron” qatoridagi leksemalar turli uslubiy registrlarda har xil chastotada ishlatiladi: “baxtli” kundalik nutqda keng qo‘llanilsa, “komron”, asosan, badiiy va publitsistik matnlarda uchraydi. Diskursiv yondashuv graduonimlarning pragmatik funksiyalarini ochib berishga yordam beradi. Har bir graduonim ma’lum kommunikativ maqsadlarga xizmat qiladi