SIYOSIY NUTQLARDA TASHKILIY JANR XUSUSIYATLARI
Full text
149 SIYOSIY NUTQLARDA TASHKILIY JANR XUSUSIYATLARI Ismatova Shaxnoza Axror qizi Qarshi davlat universiteti tayanch doktoranti, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti o‘qituvchisi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932323 Annotatsiya.Ushbu maqolada siyosiy nutqlarning tashkiliy janriga xos lingvistik va pragmatik xususiyatlar tahlil qilingan. Tashkiliy janr davlat boshqaruvi, hukumat yig‘ilishlari, vazirlik hay’at majlislari va parlament sessiyalarida muhim boshqaruv vositasi sifatida namoyon bo‘lishi ko‘rsatilgan. Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqlari misolida rasmiy-uslubiy leksika, modal birliklar, majburiylikni ifodalovchi vositalar, hamda direktiv nutq aktlarining qo‘llanishi o‘rganilgan. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, tashkiliy janr siyosiy diskurs tizimida muvofiqlashtiruvchi, yo‘naltiruvchi va nazorat qiluvchi kommunikativ funksiyani bajaradi. Shuningdek, bu janrda rahbarlik ohangi, tanqidiy va imperativ nutq shakllari ustuvor o‘rin tutadi. Kalit so‘zlar: tashkiliy janr, siyosiy nutq, rasmiy uslub, modal birliklar, direktiv akt, pragmatik funksiya, rahbarlik ohangi, Mirziyoyev nutqlari, siyosiy diskurs Tashkiliy janrdavlat va siyosiy tuzilmalarda muhim boshqaruv vositasi sifatida xizmat qiladi. U asosan hukumat yig‘ilishlari, vazirlik hay’at majlislari, parlament sessiyalari kabi rasmiy muhitda yuzaga keladi. Bunday nutqlar boshqaruv faoliyatini muvofiqlashtirish, vazifalarni belgilash, muhokama qilish va ijrosini tashkil etishga qaratiladi. Auditoriya odatda mansabdor shaxslar, rahbarlar, deputatlar va mutasaddilardan iborat bo‘lib, nutq so‘zlovchi ularga bevosita murojaat qiladi. Tashkiliy nutqlarda rasmiy-uslubiy leksika yetakchi o‘rin egallaydi. Xususan, davlat boshqaruvi va huquqiy-hujjatlarga xos terminologiya, iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga oid iboralar keng qo‘llanadi. Masalan, iqtisodiy rivojlanish sur’atlari, budjet mablag‘lari, qurilish loyihalari yoki ta’lim tizimidagi natijalar raqamlar orqali aniq ko‘rsatiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yilgi hukumat yig‘ilishida aytgan quyidagi fikri bunga yaqqol misoldir: “Biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilmalar uchun bu yil 35 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Kelgusi yil yana 43 trillion so‘m rejalashtirilgan. Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, bu yil mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan ko‘paydi. … Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga va eksportni 30 milliardga yetkazish, 42 milliarddan ziyod investitsiya jalb etish mo‘ljallanmoqda”. Shuningdek, tashkiliy nutqlarda ko‘pincha majburiylikni ifodalovchi modal birliklar qo‘llanadi. Masalan: “ta’minlash zarur”, “joriy etilishi lozim”, “amalga oshirilishi shart”. Ushbu ifodalar davlat rahbari yoki rahbar shaxsning vakolatini
150 kuchliroq namoyon etadi. Mirziyoyevning yuqoridagi yig‘ilishda bildirgan quyidagi topshirig‘i bunga misol bo‘ladi: “Har bir vazirlik va hokimlik kelgusi yil uchun aniq rejalarni ishlab chiqib, choraklar bo‘yicha ijrosini ta’minlashi zarur. Hech bir hudud yoki sohada sustkashlikka yo‘l qo‘yilmaydi”. Nutq leksikasida rahbarlik vakolatini ko‘rsatuvchi fe’llar – “topshirmoq”, “talab qilmoq”, “ta’kidlamoq”, “ko‘rsatma bermoq” kabi birliklar faol qo‘llanadi. Masalan, Prezidentning quyidagi nutqidan parcha: “Men barcha hokimlarga topshiraman: joriy yilda yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga birinchi darajali vazifa sifatida yondashilsin”. Demak, tashkiliy nutqlar o‘zining leksik-semantik xususiyatlari bilan boshqa siyosiy nutq janrlaridan ajralib turadi. Unda aniq fakt va ko‘rsatkichlarga asoslangan rasmiy lug‘at, majburiylikni bildiruvchi modal birliklar, hamda vakolat ifodalovchi fe’llar ustuvorlik qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning hukumat yig‘ilishlaridagi nutqlari ushbu janrning tipik namunasidir. Tashkiliy nutqlarning ohangi odatda jiddiy, amaliy va ko‘p hollarda tanqidiy tusga ega bo‘ladi. Nutq so‘zlovchisi rahbar sifatida auditoriyaga murojaat qiladi, ulardan intizom va mas’uliyat talab etadi, kamchilik va yutuqlarni ochiq tahlil qiladi. Ushbu turdagi nutq uslubida murojaat shakllari — “Hurmatli hokimlar…”, “Aziz hamkasblar…” kabi rasmiy tuyg‘ularga ega bo‘lishi mumkin, biroq ko‘pincha buyruq turidagi, ko‘rsatma beruvchi jumlalar ustunlik qiladi. Bunda ma’ruzachi auditoriyani passiv tinglovchilar emas, balki chora ko‘rishga majbur bo‘lgan fuqaro sifatida ko‘radi. Pragmatik jihatdan qaraganda, tashkiliy nutq – bu direktiv janr bo‘lib, uning asosiy maqsadi tinglovchilarga aniq yo‘nalish berish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, va zarur bo‘lsa tanbeh berishdir. Bu janrda nutq so‘zlovchisi muayyan muammolarni ochib tashlaydi, mas’ullarni javobgarlikka chaqiradi va ustuvor topshiriqlarni belgilaydi. Shu nuqtai nazardan, tashkiliy nutq ko‘pincha “Nima qilish kerak?” savoliga javob bo‘lishi kerak. Bugungi O‘zbekistonda bunday tashkiliy nutqlar prezident nutqlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, 2025-yil 9-sentabrda ta’lim sohasiga bag‘ishlab tashkil etilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev shunday degan: “Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta’lim va muallimga bog‘liq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: ta’lim, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, muallim.” “Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli bo‘lishi kerak! … Sifatli ta’lim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yo‘limiz yo‘q! Shu
151 haqiqatni anglab, har kuni o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida … albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi!” Ushbu misollar nutq uslubida imperativ ohang (“Boshqa yo‘limiz yo‘q!”, “shunday bo‘ladi ”) va qat’iy talab (“ta’lim, ta’lim, ta’lim…”) kabi elementlar kuchli namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Nutqning bu turida rahbar auditoriyani yo‘naltiruvchi va intizom o‘rnatuvchi rolda chiqadi. Shunga ko‘ra, tashkiliy janrning pragmatik maqsadi – tinglovchilarda mas’uliyat hissini uyg‘otish, ularni belgilangan vazifalarga safarbar etish va ularning faoliyatini nazorat qilish hisoblanadi. Odatda, bunday nutqning yakunida aniq xulosalar, topshiriqlar, muddatlar va mas’ullar belgilanadi — tinglovchilar esa ushbu topshiriqlarni qabul qilib, ijroga kirishishga undaladi. Shu tarzda, tashkiliy nutq siyosiy nutqlar tizimida ijro intizomini mustahkamlash va faoliyatni yo‘lga qo‘yish vositasi vazifasini bajaradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev, Sh. (2024, 20-dekabr). Tadbirkorning yutug‘i. Prezident.uz. https://president.uz/oz/lists/view/7778 2. Mirziyoyev, Sh. (2023, 20-yanvar). Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidagi nutq. Prezident.uz. https://president.uz/oz/lists/view/5880 3. Mirziyoyev, Sh. (2025, 9-sentabr). Videoselektor yig‘ilishi nutqi [Nutq]. Prezident.uz. 4. Mirziyoyev, Sh. (2022, 31-avgust). O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. Xabar.uz. https://xabar.uz/uz/jamiyat/shavkat-mirziyoyevning-ozbekiston-mustaqilliginin 5. Чудинов, А. П. (2006). Политическая лингвистика. Москва: Флинта, Наука. 6. Карасик В. И. О типах дискурса .2000// Языковая личность: институциональный и персональный дискурс / под ред. 7. Habermas, J. (1984). The theory of communicative action. Beacon Press. https://www.jstor.org/stable/2709433 8. Lasswell, H. D. (1948). The structure and function of communication in society. The Communication of Ideas, 37–51. https://doi.org/10.1037/h0056235 9. Ismatova Sh.A. “Pragmatic analysis of the speeches of political leaders in international organizations”. “Ijtimoiy bilimlar va texnik muhandislik turk dunyosi” xalqaro simpoziumi materiallari to‘plami Toshkent 5-6 may, 2025 10. Ismatova Sh.A. “Siyosiy kommunikatsiyaning funksional-uslubiy xususiyatlari va muloqot shakllari” TURKIY FILOLOGIYA MASALALARI (xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari) FARG‘ONA – 2025