scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ERKIN VOHIDOV LIRIKASIDA USLUBIY IZLANISHLAR

Baltayeva Z.Sh

Full text

617 ERKIN VOHIDOV LIRIKASIDA USLUBIY IZLANISHLAR Baltayeva Z.Sh Qoraqalpoq Davlat universiteti dotsenti, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) E-mail: zamiraxonim76.76gmail.com DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933306 Annotatsiya: Mazkur maqolada E.Vohidov ijodidagi uslubiy izlanishlar va shoirning ijodining negizini asosiy mezon, tasvir va ifoda bir-biriga o‘tib turishi, tahlil va talqin o‘rin almashishi, shakl va mazmun uyg’unlashuvi,tuyg’u malakasi va mushohada yig’iqligi yaxlitlashuvi, hayrat hissi va badiiylik mezoni birikishi, holat manzarasi va kayfiyat jilvasi hayotni poetik jihatdan tadqiq qilishi muhim ahamiyat kasb etishi tashkil etishi haqida atroflicha fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: Lirika, mazmun uyg’unligi, ijod mashaqqati, poetik ifoda, shakl va ma’no, badiiy yaxlitlik, poetik g’oya. Abstract: This article comprehensively discusses the stylistic explorations in E. Vakhidov's work and the foundation of the poet's work: the interplay of the main criteria, imagery, and expression, the interplay of analysis and interpretation, the harmony of form and content, the integration of emotional skills and the conciseness of observation, the combination of the feeling of wonder and the criterion of artistry, and the significance of the poetic exploration of life by the landscape of state and the sparkle of mood. Keywords: Lyricism, harmony of content, labor of creation, poetic expression, form and meaning, artistic integrity, poetic idea. Erkin Vohidov hissiy idrok tadriji, ong va tuyg’u yaxlitlashuvi ifoda tasviriyligidan oziqlanadi. Sezimni falsafiy mushohada yordamida to‘ldirishga moyil shoir uslubiy izlanishlarida ajib bir tarovat bo‘y ko‘rsatadi. Hayratdan ungan go‘zallik, ehtirosdan rang olgan lirik kechinmada ruhiy vazminlik qabarib ko‘rinadi. Muntazam adabiy zavq va poetik kashfiyotni omuxtalashtirishga intiladigan sohir san’at go‘zallik, joziba, tahlil hamda teranlikni uyushtiradi. Har bir lug’aviy birlikka hayrat indiradigan muallif chigal ruhiy holatlardan jozib kayfiyat yaratadi. Haqqoniylik va samimiyat ijodkor fitrati mustahkamligini belgilaydigan asosiy mezon, unda tasvir va ifoda bir-biriga o‘tib turadi, unda tahlil va talqin o‘rin almashadi, unda shakl va mazmun uyg’unlashadi, unda tuyg’u malakasi va mushohada yig’iqligi yaxlitlashadi, unda ijodkor fitrati va ijtimoiy mohiyat omuxtalashadi, unda hayrat hissi va badiiylik mezoni birikadi, unda holat manzarasi va kayfiyat jilvasi hayotni poetik jihatdan tadqiq qilish usuliga aylanadi. Bunga esa quyidagi misralarda guvoh bo‘lishimiz mumkin: Imonimni butun qil, yurtimni nurafshon qil, Pok, halol yo‘llaringga bizni yo‘lla, ilohim. 618 Vatanim kemasini dolg’alardin omon qil, Bu poyonsiz ummonda o‘zing qo‘lla, ilohim [E.Vohidov,2001.126]. "G’oyaviy-poetik talablarni chuqur sezmoq ham balki yarim ijod, balki yarim yutuqdir? Ehtimol, dunyodagi har odam shoirona ko‘ngil egasi bo‘lib chiqar? Lekin shoironalik boshqa, nazmga va shoirlikka xos iqtidor boshqa. Keyingisi – ato etilajak, umriy sinovda javobi ayriqcha bo‘lajak, yuki-majburiyati og’ir noyob hodisa. Shoirlik ardoqqa, parvarishga, ichki odob-intizomga, binobarin, xolis tashqi tahlilga, nazoratga, maqtov-dashnomga ehtiyojmand. Shoirlikning qizg’in maqomini topmoq, zo‘r maqomining maromini umrbod saqlamoq hamisha dushvor" [Shermurodov T.2009.45]. Shoirlik maqomi – noyob iqtidor hosilasi! Ilg’ash va tuyish mushkul jihatlarni kuzatish, qayta ishlash hamda estetik baholash muayyan qobiliyatni taqozolaydi. Har bir so‘z barqaror tasavvur iqlimi, lug’aviy-ma’noviy xususiyatga daxldor ekanini inobatga olsak, ijod mashaqqati yanada oydinlashadi. Poetik ifoda ehtiyoj, manfaat va ishonch hissidan oziqlanadi, unda e’tirof-faraz-tavsif-tahlil-talqintasvir-ifoda-tasavvur aniqligi poetik tanlovda markazlashadi: Mening yurtim bugun endi Jahon birlan tutashgandir, Tutash taqdir, tutash ruhdir, Tutash jondir, tutash qondir. Nedir xat porlaguvchi Poyitaxt darbozasi uzra, Bu yurtga xush kelibsiz, Marhabo, «Welcome to Toshkan»dir [E.Vohidov.2001.142]. So‘zda ifoda va talqin raqobatga kirishadi, poetik g’oya bilan bo‘ylashadigan tushuncha shakl hamda ma’no bog’lamini hosil qiladi. Binobarin, til materialidan ijod falsafasiga o‘tadigan jarayon kalom quvvat-hofizasiga payvandlanadi. Tasvir quyuqligi va tahlil malakasini bir-biriga ulaydigan istiloh aslida "go‘zallik hamda kashfiyot"(A.Rasulov) ittifoqi ta’minotini muddao qilib qo‘yadi. Lirik subekt tomonidan boshqariladigan idrok sezgisida lug’aviy konstruktsiya estetik salmoq kasb etadi. Chunonchi, "poeziya shoir malakasi va tajribasi qarama-qarshiligidan hosil bo‘ladi. Joriy ziddiyat keskinligi real voqelikka nisbatan faol va aniq munosabat yordamida vujudga kelgan xayoliy illyuziya olami tafovuti bilan izohlanadi" [ Kristofer Koduell.1969.211]. Unda so‘z estetik vosita sifatida ham harakat, ham holat, ham manzara omuxtalashuvini belgilaydi. Tushuncha va nutqiy malaka amaliyoti aynan badiiy shartlilikka asoslanadi. Shu ma’noda, ifoda predmeti, birinchidan, ijodkor fitrati konseptual qarashlarini yig’adi, ikkinchidan, inson ruhiyati asnosida muntazam tadqiqotlar o‘tkazadi, uchinchidan, davr adabiy zavqiga qoyim 619 rivoya texnikasini shakllantiradi, to‘rtinchidan, ijtimoiy yo‘sin va shaxs ehtiyojini uyushtiradi, beshinchidan, poetik g’oyani mushohada va mafkuraga yo‘naltiradi: Yurtim, olis yo‘lga chiqqan karvoning bor, Karvoningga posbon uyg’oq sarboning bor, El dardida xalovatsiz o‘g’loning bor, Shu insonga otilgan o‘q menga tegsin [E.Vohidov.2001.144]. Odatda, she’riyatda so‘z tuyg’u va mushohadani bir-biriga mantiqan payvandlaydi. Tabir joiz bo‘lsa, inson joni vujudni quvvatlantiradigan ruhda aks etsa, lirika mohiyati tushuncha hissiy anglamida jilvalanadi. Aslida harakatdagi ruhiyat manzarasi muntazam poetik tagmatnga ishora qiladi. Chinakam ijodiy yo‘riq ma’no idrokda tuslanishidan oziqlanadi. Joriy holatda ichki ohang hamda tabiiy marom tushuncha to‘ldiruvchisi vazifasini o‘taydi. Unda tasvir qabariqligi, rang quyuqligi va holat ziddiyati markazlashadi. Vaholanki, "so‘z universal bilish vositasi bo‘lganidek, universal ifoda vositasi hamdir: har qanday fikriy faoliyat va his-tuyg’u ifodasi so‘z vositasida amalga oshadi, amalga osha oladi. So‘z bilan ish ko‘rgani uchun ham badiiy adabiyot boshqa san’at turlari orasida tasvir va ifoda imkoniyatlarining kengligi bilan alohida o‘rin va mavqe kasb etadi" [ Quronov D.2018.76]. So‘z estetik yuk tashuvchisi sifatida ham ifoda, ham tasvirga mansub vosita hisoblanadi. Yaxlit tasavvurni ma’no siljishiga yo‘naltiradigan tushuncha hissiy jarayonni tavsiflaydi. Har bir ijodkor ruhoniy olami aql va idrok kesimida badiiy yaxlitlik hosil qiladi. Zotan, tuyg’udan hayratga ingan, hayratdan mushohadaga ko‘chgan adabiy talqin ijod falsafasini shakllantiradi. Odatda, shoir she’riy nutqni poetik voqelikka aylantiradi. Adabiy zavq malakasi va estetik ta’sir quvvat-hofizasi aslida ijtimoiy yo‘naltirilganlik darajasiga payvandlanadi. Unda tasvir usuli va tasavvur miqyosi markazlashadi, unda ko‘ngil rozi va holat ifodasi omuxtalashadi, unda tahlil teranligi va taassurot yorqinligi bir-birini to‘ldiradi. Binobarin, "chinakam she’rda mantiqdan ko‘ra tuyg’u ustuvorlik kiladi. Bunday bitikda mantiq izchilligi emas, hissiyot va kayfiyat muntazamligi aks etgan bo‘ladi. Shoir olam hodisalarining barcha odam ilg’ay oladigan real ko‘rinishini emas, balki faqat ularning o‘z ruhiyatida qoldirgan manzarasini chizadi"[Qozoqboy Yo‘ldosh.2019.298]. Aynan estetik idrokda hayot haqiqati muhim emas, balki u qoldirgan poetik asorat asosiy o‘ringa ko‘tariladi. Belgi-so‘z-g’oya-ohang tabiatan keskinlikni mayinlashtirish barobarida ruhiy kechinma yaxlitligini ham ta’minlaydi. Ko‘ngil holati daxlsizligi tasavvurni yorqinlashtiradi: Bu kunlar katta yo‘lda Bir dovon bo‘lsa ajab ermas, Muqarrar ortida yo‘l 620 Keng, ravon bo‘lsa ajab ermas, Vatanga sidqu imon, Imtihon bo‘lsa ajab ermas, Farovon yurtu olam, Tinch jahon bo‘lsa ajab ermas, Biz etgan barcha orzular Ayon bo‘lsa ajab ermas [E.Vohidov.2001.18]. Poetik ongosti qatlamlarini harakatga keltirish so‘z zimmasiga tushadi. Til, bo‘yoq, shakl, ohang va ma’no she’r moddiy asosini belgilaydi. To‘g’rirog’i, maqsadga yo‘naltirilganlik kalom va badiiy nutq nisbatidan oziqlanadi. Unda obektiv voqelik mohiyati tushuncha yordamida subektiv munosabat ifodasiga aylanadi. Tanlov, qiymat va me’yor g’oyani hosil qiladi. Material lug’aviy konstruktsiyada mavhum, ayni adabiy talqinda aniqlikka erishadi. Muayyan tushunchada nominatsiya va pozitsiya bir-birini to‘ldiradi. Mavjud ikki tushunchani mazmun birlashtiradi. Shu ma’noda, so‘z nisbat va idrokni yaxlit hodisaga aylantiradi. Unda konstruktsiya "butun san’at proobraziga o‘zgaradi, uning strukturasi – modeli esa estetik predmet tipini hosil qiladi"[Vinogradov V.V.1980.294]. Rus olimi V.V.Vinogradov ta’biricha, lug’aviy birliklar anglash jarayonida uslubiy tavofut – estetik qiymatni vujudga keltiradi. Mohiyat anglatadigan ifoda ijodkor fitratida xususiylashadi, matn yaxlitligi ustqurmasida esa ichki aloqani mustahkamlaydigan a’zoga aylanadi. Tugal ma’no qayta ishlangan talqini she’riy idrok tabiatini belgilaydi. Joriy holatda so‘z shartli mustaqilligi g’oya hamda matnga tenglashadi, birinchidan, badiiy so‘z shoir adabiy tafakkuri zahirasini shakllantiradi, ikkinchidan, rivoya texnikasi o‘ziga xosligini ta’minlaydi, uchinchidan, estetik tanlov va munosabatli nutq nisbatini belgilaydi, to‘rtinchidan, tushuncha ham ifoda, ham tasvir predmetiga nisbatan ijodiy-ruhiy daxldorlik darajasini kasb etadi. FOYDALANILGANI ADABIYOTLAR: 1. E.Vohidov.Umrim daryosi.-Toshkent: Sharq,2001.- B. 126. 2. Shermurodov T. Jozib izhor izlab. - Toshkent: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi , 2009. – B. 45. 3. E.Vohidov.Umrim daryosi.-Toshkent: Sharq,2001.- B. 142. 4. Kristofer Koduell. Illyuziya i deystvitelnost. – Moskva: Progress, 1969. –S. 211. 5. Quronov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. - Toshkent: Akademnashr, 2018. – B. 76. 6. Qozoqboy Yo‘ldosh. Ochqich so‘z. -Toshkent: Tafakkur, 2019. B. 298. 7. Vinogradov V.V. O yazıke xudojestvennoy prozı. – Moskva: Nauka, 1980. – S. 294.