ABDULLA SHER IJODIDA AN'ANA TURLARI VA O'ZIGA XOSLIK
Full text
644 ABDULLA SHER IJODIDA AN’ANA TURLARI VA O‘ZIGA XOSLIK Sayyora Xaqnazarova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, (PhD) katta o‘qituvchi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933366 Annotatsiya: Mazkur maqolada adib Abdulla Sher ijodida an’ana tushunchasi va uning turlari – g‘oyaviy, tipik va formal an’analar poetik tahlil asosida ko‘rib chiqiladi. Muallif, shoir she’riyatidagi vatanparvarlik, insonparvarlik, muhabbat kabi g‘oyaviy qadriyatlarning ustuvor o‘rin egallaganini ta’kidlab, ayniqsa “Maktub” she’ri misolida g‘oyaviy an’analar ifodasi tahlil etiladi. Shuningdek, shoir lirik obrazlar yaratishda tipik an’analarga, badiiy vosita va poetik ifodalar orqali esa formal an’analarga tayangan holda o‘ziga xos poetik maktab shakllantirgani ko‘rsatiladi. Kalit sozlar: g‘oyaviy an’ana, tipik an’ana, formal an’ana, lirik obraz, vatanparvarlik, xalqparvarlik, sevgi va muhabbat, okkazional so‘z, badiiy vositalar, poetik izlanish, hayot falsafasi, badiiy ifoda, poetik tafakkur Bizga ma’lumki, an’ananing quyidagi ko‘rinishlari mavjud: g‘oyaviy, tipik va formal. G‘oyaviy an’ana turiga shoirning Vatan, insonparvarlik, ajdodlarga hurmat, sevgi muhabbat mavzularini ifoda etgan she’rlari kiradi. Shoir ijodida yaratilgan lirik obrazlar tipik an’anaga, qo‘llanilgan badiiy vositalar esa formal an’analarga misol bo‘la oladi. Shoir o‘z ijodida qaysi an’ana turlariga ko‘proq ahamiyat berganini ko‘rib o‘tamiz. Bizga ma’lumki, g‘oyaviy an’analar har bir shoir ijodida yetakchi an’ana turi hisoblanadi. 1972-yil yozilgan “Maktub” she’rida aynan g‘oyaviy an’analarni davom ettirgan bo‘lib, vatanparvarlik xususiyati bo‘rttib turgan lirik qahramon obrazini shakllantiradi: Ikkimiz ham xalqimizni, Vatanni suyub, Qo‘limizdan neki kelsa, shuni qilamiz. Yuragimiz dardlarini unutib qo‘yib, Yuraklarning dardi bilan yona bilamiz. [Абдулла Шер. 2021.94]. Do‘stiga yozilgan bu maktubida Vatanga bo‘lgan, do‘stlikka bo‘lgan munosabat, ona tuproqqa bo‘lgan mehr yuksak ekanligini ta’sirli tarzda tasvirlaydi. Do‘stga murojaat tariqasida Vatanni sevish va unga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘ularini ifodalaydi. Shoir yuraklarning dardlari bilan yashayotganini ifoda etadi. Faqat o‘z dardi bilan emas, o‘zgalarning dardlari bilan yashashni afzal ko‘radi. Vatanparvarlik, xalqparvarlik g‘oyalari “Maktub” she’rining asosiy mazmun mohiyatini tashkil qiladi. Ushbu she’r haqida adabiyotshunos Ortiqboy Abdullayev shunday fikr bildiradi: “Bu misralarda shoirning yuksak e’tiqodlari, xalqiga muhabbati ravshan aks
645 etgan. Zamonamiz kishilarining ma’naviy dunyosiga xos ichki go‘zallik, poklik shoirona nigoh bilan ilg‘ab olingan”. [Абдулла Шер. 2021.94]. Uning, “Ruboiylar”, “O‘zbekiston”, “Osiyo ovozi”, “Vatan”, “Oila”, “Sevgilim” kabi she’rlarini ham yuqoridagi she’rlar sirasiga kiritishimiz mumkin. She’rlardagi Vatanga muhabbat, ezgulik, odamiylik, sevgiga sadoqat shoir ijodining asosiy badiiy g‘oyasini tashkil qiladi. Ona hamda Vatan mavzusi o‘lmas mavzular hisoblanib, bu mavzular har bir ijodkor qalamiga mansub bo‘lib, har birining ijodida o‘ziga xos talqin etilishi bilan muhim hisoblanadi. An’anani badiiy jihatdan ifoda etish shoirdan katta mahorat talab qiladi. Badiiy an’ana har bir ijodkor faoliyatida uchraydi. Jumladan, Abdulla Sher o‘z lirikasida Umar Xayyom ijodiga mansub g‘oyaviy an’analarga murojaat etgan. Umar Xayyom ijodida inson qalbi, uning ruhiy kechinmalari, orzu-o‘ylari, kayfiyatlari, dunyoni sir-sinoatlariga qiziqish asosiy mazmun qilib olingan. Abdulla Sher ijodida ham Umar Xayyomning falsafiy qarashlaridagi an’anani kuzatimiz. Dunyo jumboqlariga qiziqish, hayot haqiqatlarini izlash singari falsafiylikka yo‘g‘rilgan g‘oyalar shoir ijodida ham kuzatiladi: Xayyomni yod olib, o‘yladim uzoq Va bildim:bu dunyo chiroyli tuzoq, Go‘zallikhayotning moviy ko‘lida Egasin topolmay qalqqan oqizoq.[Абдулла Шер. 2021.105]. Shoirning dunyoqarashi, orzu-intilishlari, g‘oyaviy yo‘nalishi, insoniy fazilatlari lirik obraz yaratish jarayonida o‘z ifodasini topadi. Lirik qahramoni orqali insoniyat turmush tarzini, uning ruhiyatini aks ettiradi. Bu obraz favqulodda ahamiyatga ega bo‘lgan, inson mohiyatining asosiy, muayyan, tarixiy xususiyatlarini umumlashtiriladi. Shoir go‘zallikni hamma ham qadriga yetmasligi, anglamasligi kabi holatlarni eslatar ekan, uni “oqizoq” so‘zi bilan ifodalaydi. Uni hayotning moviy ko‘liga shunchaki oqib tushayotgan oqizoqlarga, ya’ni qadrlanmay, besamar oqib ketayotgan suvga qiyoslaydi. Oqizoq so‘z mazkur satrlarda okkozional so‘z sifatida ishtirok etadi. Mazkur so‘z shoir konseptsiyasini belgilashda muhim sanalib, satrlarga emotsionallik yuklaydi. Poetik izlanish natijasida Abdulla Sher badiiy barkamol, shu bilan birga har bir insonni o‘ylantiradigan, badiiy mushohadalarga boy falsafiy fikrlarni ham ayta oldi. Har qanday ijodkor qaysi zamonda yashashidan qat’iy nazar, o‘sha davr turmush tarzini, xalqining istaklarini, dardlarini ochiqlashga intiladi. Va, bu hislar, tuyg‘ular har bir shoir asarlarining asosiy mazmuniga aylanadi. Abdulla Sher ijodini tahlil qilish jarayonida uning she’rlari g‘oyasini anglab yetamiz, hamda ularda ifoda etilgan badiiy tasvirlardan estetik zavq olamiz.
646 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Абдулла Шер. Танланган асарлар: Шеърлар, достонлар. – Тошкент: Sharq, 2021. – Б.94 2. Абдуллаев О. Янги чашмалар. – Тошкент: Шарқ юлдузи, 1974. – №12. – Б. 227 3. Абдулла Шер. Танланган асарлар: Рубоийлар. Шеърлар, достонлар. – Тошкент: Sharq, 2021. – Б.105