scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ALISHER NAVOIYNING "TARIXI MULKI-AJAM" ASARIDAGI SHE'RIY PARCHALAR POETIKASI

Axmedova Diyora Shuxrat qizi; Dusanova T.

Full text

714 ALISHER NAVOIYNING “TARIXI MULKI-AJAM” ASARIDAGI SHE’RIY PARCHALAR POETIKASI Axmedova Diyora Shuxrat qizi Renessans ta'lim universiteti talabasi Ilmiy rahbar: Dusanova T. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933467 Annotatsiya. Mazkur maqolada Alisher Navoiyning yirik tarixiy manba bo‘lmish “Tarixi mulki-Ajam” asaridagi she’rlar poetikasi tahlil etiladi. Asarda Navoiy qadimgi fors podshohlari tarixi haqida hikoya qilarkan, shu bilan birga she’riy matnlar orqali o‘zining falsafiy va ma’naviy qarashlarini ham ifodalaydi. She’riy parchalar asarning faqat badiiy bezagi emas, balki muhim g‘oya va axloqiy-estetik mazmun yuklovchi vosita sifatida xizmat qiladi. Kalit so‘zlar:Alisher Navoiy, Tarixi mulki-Ajam, she’r, poetika, badiiy tafakkur, tarixiy asar, adolat, falsafiy mushohada. Аннотация.В данной статье анализируется поэтика стихов в крупном историческом произведении Алишера Навои — «Тарихи мулки Аджам». В этом труде Навои, рассказывая об истории древнеперсидских царей, одновременно через поэтические тексты выражает свои философские и духовно-нравственные взгляды. Поэтические фрагменты служат не только художественным украшением произведения, но и важным средством передачи идейного, морального и эстетического содержания. Ключевые слова:Алишер Навои, Тарихи мулки Аджам, стихотворение, поэтика, художественное мышление, историческое произведение, справедливость, философское размышление. Annotation.This article analyzes the poetics of the poems included in Alisher Navoi’s major historical work “Tarixi mulki-Ajam” (“History of the Land of Ajam”). In this work, while recounting the history of ancient Persian kings, Navoi also expresses his philosophical and spiritual views through poetic texts. The poetic passages serve not only as artistic embellishments of the work but also as important means of conveying its ideological, moral, and aesthetic content. Keywords:Alisher Navoi, Tarixi mulki-Ajam, poetry, poetics, artistic thinking, historical work, justice, philosophical reflection. Kirish Hazrat Alisher Navoiy o‘zbek nasrini tarixiy asarlar bilan boyishiga ham hissa qo‘shdi. Mutafakkirning “Tarixi Mulki Ajam” va “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlari mumtoz adabiyotimizning eng sara asarlaridan hisoblanadi. Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” (“Arab bo‘lmagan shohlar tarixi”) asari o‘z davri nuqtai nazaridan ilmiy dalillarga asoslangan risola hisoblanadi. Asarda Eron va Turon mulkida hukmronlik qilgan to‘rt sulola: peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar tarixi batafsil hikoya qilinadi[Sirojiddinov Sh,…2019, 221] Asosiy qism 715 Adabiyotshunos Iroda Pardayeva “Alisher Navoiyning “Tarixi Muluki Ajam” asarida zolim shohlar tasviri” maqolasida shunday yozadi: “Butun umrini el - yurt farovonligi yo‘lida ezgu ishlarga baxsh etgan, ulug‘ shoir, mutafakkur hamda yirik davlat arbobi Alisher Navoiyning odil hukmronlik to‘g‘risidagi qarashlari hayotiyligi bilan hamon qadrlidir. Navoiy “Hayrat-ul abror” va “Saddi Iskandariy” dostonlarida o‘z orzusidagi odil podshoh timsolini yaratadi va shunday podshohning siyosati tufayli vujudga kelgan kuchli davlatchilik g‘oyalarini tarannum etadi. Shu bilan bir qatorda shoir Qur’on g‘oyalariga asoslangan holda “Podshoh Allohning yordamchisi, Alloh unga bu vazifani to‘g‘rilik, halollik va odillik bilan bajarishni topshirgan” (Alisher Navoiy, 2000: 232), deya ta’kidlaydi.” Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam”da masalaga nuktadon muarrix - tarixchi olim sifatida yondashar ekan, har bir ma’lumotning aniq va asosli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratadi. Alisher Navoiy peshdodiylar sulolasiga mansub 11, kayoniylar sulolasidan 9, ashkoniy sulolasidan 15, sosoniylar sulolasidan 28, jami to‘rt suloladan 63 hukmdorning nomlari, ularning tarjimai holi, hayoti va yuritgan siyosatiga doir ma’lumotlarni taqdim etadi. Deyarli har podshoh qissasidan keyin an’anaga muvofiq “she’r” nomi ostida qissa mazmuniga uyg‘un baytlar ilova qiladi. Bundan tashqari, to‘rt sulola hukmdorlari haqidagi qissalarning so‘ngida ham umumiy yakunlovchi masnaviylar mavjud [Sirojiddinov Sh,…2019, 221-222] “Tarixi muluki Ajam” asari muhim tarixiy manba bo‘lib, qadimgi Ajam davlatlari va ularning hukmdorlari tarixi bilan bog‘liq voqealarni yoritadi. Navoiy ushbu asarida tarixiy manbalarga tayanib, qadimgi podshohlar, ulug‘ siyosiy tahdidlar, davlat boshqaruvi va adolat masalalarini o‘rganishga harakat qiladi. Asarda Ajam davlatining tashkil topishi, shohlar sulolalari, ularning siyosiy faoliyati, ichki va tashqi siyosat, davlat barqarorligi va parchalanishi kabi masalalar bayon etilgan. Navoiy asarda Ajam davlati podshohlari sifatida peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar kabi sulolalarni keltiradi va ularning davlat boshqaruvi, adolat yo‘lida qilgan ishlari hamda xatolari haqida mulohazalar bildiradi. Asarda keltirilgan she’riy parchalar orqali muallif voqealarga falsafiy nazar tashlaydi, o‘quvchini ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalashga intiladi. “Tarixi Mulki Ajam” asarini yoritishda adabiy-estetik va tarixiy aspektlarni uyg‘un tahlil qilish muhim. Navoiy ijodida tarixiy risola janri sifatida muhim o‘rin tutadi va tarixiy bayonotni badiiy-axloqiy shaklda ifodalashga harakat qiladi. Bu asar tarkibida ellikdan ortiq she’riy matnlar mavjud. Jumladan, Iskandar ta’rifidagi sakkiz baytlik masnaviy nasriy matndagi fikrlarga hamohang tarzda bitilgan va mazmunni yanada boyitgan. Masnaviydagi misralar o‘zaro qofiyalangan va talmih san’ati bilan ziynatlangan: 716 Skandarki fath ayladi bahru bar, Kirib taxti farmonig‘a xushku tar. Yetishti Zuhal avjig‘a rif’ati, Chalindi falak toqig‘a navbati. Valoyat bila hikmatu shohlig‘, Nubuvvat ishidan ham ogohlig‘. Gahi Saddi Ya’juj qism aylabon, Gahi yuz ajoyib tilsim aylabon... [Alisher Navoiy, 2011. 619] Asar so‘ngida keltirilgan Husayn Boyqaro madhidagi masnaviy yana ham diqqatga sazovordir. 100 misralik masnaviyning boshlanishi va oxiri quyidagicha: Agar Yazdijird o‘lsun ar Shahriyor, Vagar Bahman o‘lsun, gar Isfandiyor... Qiyomatqacha hashmating mustadom, Saloming qilib shohlar vassalom. [A.N. 9-Jild. 2011:646-649] Masnaviyda Navoiyning Sulton Husayn va uning ajdodlari tarixini bitish niyati borligi o‘z ifodasini topgan [Dusanova T, 2023. 36-37] Asar turkiy adabiyot tarixida tarix va she’riyatni uyg‘unlashtirgan noyob namunadir. Undagi she’riy parchalar orqali muallif zamondagi hukmdorlar, jamiyat, adolat va zamon masalalariga o‘z fikrini poetik shaklda yetkazadi. “Tarixi Mulki Ajam” asarida nechta she’riy parcha (ya’ni ruboiy / to‘rtlik) borligi va she’rlarning umumiy soni haqida manbalarda quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “Tarixi muluki Ajam”da jami 51 ta nazmiy matn keltirilgan. Shulardan 2 tasi masnaviy, 49 tasi she’r deb berilgan. She’rlarning aksariyati 4 misralik, ayrimlari 2 misradan iborat. Navoiyning nasriy asarlaridagi she’riy matnlarning badiiyatini tadqiq qilishda dastavval uning mazmuni va g‘oyasiga e’tibor qaratish lozimdir, negaki ijodkorning qalbidagi og‘riq va tashvishlar, orzu va maqsadlar she’riy matnlarda badiiy shaklda o‘z ifodasini topadi. “Tarixi muluki Ajam” tarkibidagi nazmiy matnlarning eng muhim badiiy qimmati shundaki, Navoiy zamona hukmdori Sulton Husayn Boyqaro, uning farzandlari hamda davlat rahbarlariga pandnasihatlarini she’riy yo‘lda aks ettirgan. Donishmand shoir payg‘ambarlar, shohlar qismati va taqdirini namuna sifatida keltirib, zamondoshlarini ogohlikka chorlaydi[Dusanova T,2023. 37] Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asarida to‘rtta tabaqa vakillari haqida ma’lumot beradi. Shulardan birinchisi peshdodiylar bo‘lib ta’rif shunday boshlanadi: “Ajam tarixida fors salotinini to‘rt tabaqa qilibdurlar. Burung‘i tabaqa peshdodiylardur va alar o‘n bir kishidurlarkim, saltanat qilibdurlar. Tarix ulamosi ittifoqi bila birovkim avval saltanat qildi, Kayumars erdi. Ammo aning nisbati bobida ixtilof ko‘pturkim, 717 mug‘ debdurkim, Odam alayhis-salom uldur va ba’zi Ajamdin debdurlarkim, Odam alay-his-salomning nabirasidurur va ba’zi fursdin ani Nuh alayhis-salomning avlodidin debdurlar [Alisher Navoiy, 2011. 604] Navoiy birinchi taboqatdan Pors taxtida hukmronlik qilgan Zahhok binni Marodisning yovuzligi va zolimligi va uni Faridun jazolagani haqida ma’lumot berib, fikrini quyidagi she’r bilan xulosalaydi: She’r: Falak to erur zulm qilmoqqa xos, Emas zolimu odil andin xalos. Qilib qatl Zahhokni to‘ymadi, Faridunni dag‘i quruq qo‘ymadi. [Alisher Navoiy, 2011. 607 ] Ushbu to‘rtlik masnaviy shaklida qofiyalangan. Navoiy Zahhokning zulmi tufayli jazolanganligini va zamon na zolimni, na odilni ayaydi. Hayotda kim bo‘lishingdan qat’i nazar, har kim taqdir sinoviga duchor bo‘lishini talmeh, tanosib va ishtiqoq san’atlari orqali yorqin aks ettirgan. Shuningdek baytlarda tazod san’atidan ham mohirlik bilan foydalanilgan. Xulosa. Alisher Navoiyning “Tarixi Mulki-Ajam” asaridagi she’rlar uning chuqur falsafiy tafakkuri, milliy ruhiyati va badiiy mahoratini aks ettiradi. Ushbu she’rlar poetikaning nozik uslublari va ramziy ifodalariga boy bo‘lib, hayotning turli jabhalariga oid mazmunlarni qisqa va ta’sirchan shaklda ifoda etadi. Navoiyning tarixiy asarlaridagi she’riy matnlari o‘zbek adabiyotida she’riyatning yuksak namunalari sifatida qadrlanadi va xalqning axloqiy-ruhiy qadriyatlarini, insoniylik g‘oyalarini targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Алишер Навоий. Тўла асарлар тўплами. 10 жилдлик. Ж-8: “Tarixi muluki Ajam”. - Т.: Ғ. Ғулом номидаги НМИУ, 2011. Б. 629. 2. Sirojiddinov Sh, Yusupova D, Davlatov O. Navoiyshunoslik. — Toshkent: Tamaddun, 2019. 3. Dusanova T. Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida nasr va nazm sintezi. Dissertatsiya. Samarqand. 2023. 4. I.Pardayeva . Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” asarida zolim shohlar tasviri .