MARKAZIY OSIYO ALLOMALARI VA ULARNING ISLOM SIVILIZATSIYASIGA QO'SHGAN HISSASI
Full text
966 MARKAZIY OSIYO ALLOMALARI VA ULARNING ISLOM SIVILIZATSIYASIGA QO‘SHGAN HISSASI Nаzirov Bахtiуor Sаfаrovich. Tаriх fаnlаri bo‘уichа fаlsаfа doktori (РhD), dotsеnt. Dеnov tаdbirkorlik vа реdаgogikа instituti. Dеnov, O‘zbеkiston. b.nаzirov@dtрi.uz Nasullayeva Shahnoza Muxtor qizi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933903 Annotatsiya: Ushbu maqolada Markaziy Osiyo hududidan yetishib chiqqan buyuk allomalar va ularning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi yoritiladi. IX–XII asrlarda yashab ijod qilgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Imom atTermiziy kabi ulug‘ siymolarning ilmiy merosi shuningdek, ular dunyo ilm-faniga olib kirgan yangiliklar tahlil qilinadi. Maqolada ularning matematika, astronomiya, tibbiyot, hadis ilmi, falsafa va mantiq sohalaridagi asarlari Islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasining taraqqiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatgani o‘rganiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo allomalari merosining bugungi kunda ham dolzarbligi va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: Islom sivilizatsiyasi, madaniyat, uyg‘onish, Urganch, Zardushtiylik, Al-Xorazmiy, “Avitsenna”, “Al-jome’ as-sahih”, “Baytul hikma”, “Geodeziya”. Abstract: The article discusses the incomparable contribution of great scholars and scholars from Central Asia to the development of Islamic civilization. The scientific heritage of such great figures as Muhammad al-Khwarizmi, Abu Rayhan al-Biruni, Abu Ali ibn Sina, Imam al-Bukhari, Imam at-Termizi, who lived and worked in the 9th-12th centuries, and the innovations they brought to world science. The article examines how their works in the fields of law, astronomy, mathematics, hadith, philosophy and logic affect the development of Islamic civilization and world civilization. , The article discusses the role of the heritage of the peoples of Central Asia in the education of the younger generation and its significance today. Keywords: Islamic civilization, culture, revival, Urgench, Zoroastrianism, Al-Khwarizmi, “Avicenna”, “Al-Jame’ as-Sahih”, “Baytul-Hikma”, “Geodesy”. Аннотация: В статье рассматривается несравненный вклад великих учёных и учёных Центральной Азии в развитие исламской цивилизации. Рассматривается научное наследие таких выдающихся личностей, как Мухаммад аль-Хорезми, Абу Райхан аль-Бируни, Абу Али ибн Сина, Имам аль-Бухари, Имам ат-Термези, живших и творивших в IX–XII веках, и нововведения, которые они внесли в мировую науку. В статье рассматривается, как их труды в области права, астрономии, математики, хадисоведения, философии и логики повлияли на развитие исламской и мировой цивилизации. В статье рассматривается роль наследия народов Центральной Азии в воспитании подрастающего поколения и его значение в наши дни. Ключевые слова: исламская цивилизация, культура, возрождение, Ургенч, зороастризм, Аль-Хорезми, «Авиценна», «Аль-Джаме ас-Сахих», «Байтуль-хикма», «Геодезия».
967 Kirish: Insoniyat tarixida yirik sivilizatsiyalar ilm-fan va madaniyat rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatgan. Ulardan eng buyuklaridan biri - Islom sivilizatsiyasidir. VII asrdan boshlab shakllangan bu tamaddun qisqa vaqt ichida Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Eron, Markaziy Osiyo va hatto Yevropaning ayrim hududlarigacha yoyildi. Islom dini ilm olishni rag‘batlantirdi, tafakkur va ijodiy faoliyatni yuksak qadrladi. Shu bois musulmon dunyosining ko‘plab mintaqalarida kutubxonalar, madrasalar, ilmiy markazlar tashkil etildi va ular o‘z davri uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi[1]. Markaziy Osiyo qadimdan madaniyatlar chorrahasi hisoblangan. Bu hudud Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lab turganligi sababli, ilmiy-ma’naviy almashinuv jarayonida alohida o‘rin tutgan. Arablar fathidan so‘ng islom dini keng yoyildi va mahalliy xalqlar tomonidan tezda qabul qilindi. Natijada ilm-fan taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarildi. IX–XII asrlarda Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv va Termiz musulmon dunyosining eng yirik ilmiy-ma’rifiy markazlariga aylandi. U nafaqat diniy hayotni, balki siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni ham qamrab oldi. Qur’on va Hadis ilmlarini o‘rganish, tafsir, fiqh va kalom fanlarining shakllanishi musulmon olamida ilmiy fikrning rivojlanishiga keng yo‘l ochdi. Markaziy Osiyo bu jarayonda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki bu yurt qadimiy ilmiy-madaniy an’analarga ega edi. Zardushtiylik davridan boshlab shakllangan falsafiy maktablar yunon va hind ilmlarining ta’siri, shuningdek mahalliy ilmiy muhit yangi davr uchun mustahkam zamin yaratdi[2]. Arab xalifaligi davrida esa Markaziy Osiyo allomalari ilmiy faoliyatda faol qatnashib butun musulmon dunyosiga mashhur bo‘ldilar. IX–XII asrlar Sharq uyg‘onish davri sifatida tarixga kirdi. Bu davrda ilm-fan, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya, mantiq va adabiyot yuksak darajaga ko‘tarildi. Samarqand, Buxoro, Urganch va Marvdagi kutubxonalar minglab qo‘lyozmalarga ega bo‘la boshladi. Aynan shu sharoit buyuk allomalar yetishib chiqishi uchun muhim omil bo‘ldi. Muhokama va natijalar: Sharq uyg‘onish davri G‘arb uyg‘onishidan bir necha asr ilgari yuz berdi. Bu davrda ilm-fan markazlari Bag‘dod, Damashq, Qohira, Samarqand va Buxoroda faoliyat ko‘rsatdi. Ayniqsa, Bag‘doddagi “Baytul hikma” ilmiy akademiyasi musulmon olamida ulkan ahamiyat kasb etdi. Unda Markaziy Osiyolik olimlar ham faoliyat yuritdilar. Markaziy Osiyo allomalari matematika, astronomiya, geografiya, tibbiyot, falsafa, mantiq, hadis va tafsir ilmlarida yirik yutuqlarga erishdilar. Ularning asarlari arab, fors, lotin tillariga tarjima qilinib, butun dunyoga yoyildi. Bu esa keyinchalik Yevropada Uyg‘onish davrining yuzaga kelishida asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. Butun yer yuzida matematika va algoritmlar asoschisi hisoblanmish Muhammad ibn Muso alXorazmiy (780–850) Xorazmda tavallud topgan. U Bag‘doddagi “Baytul hikma”da
968 faoliyat yuritib matematika, astronomiya va geografiya fanlariga ulkan hissa qo‘shgan. Al-Xorazmiy “Al-jabr val-muqobala” asari bilan algebra faniga asos soldi. Bu kitob XII asrdayoq lotin tiliga tarjima qilinib Yevropada o‘rta asrlarda asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. “Algoritm” atamasi ham olim nomidan kelib chiqqan. Shuningdek, u hind raqamlarini hozirgi arab raqamlari sifatida G‘arbga olib kirgan va hisoblash tizimida inqilob yasagan. Al-Xorazmiy astronomiya va geografiya sohasida ham yirik tadqiqotlar olib borgan. Uning astronomiyaga oid “Zij”i Sharq va G‘arb olimlari tomonidan asosiy darslik sifatida qo‘llanilgan. Olimning qoldirgan boy merosi Islom sivilizatsiyasi va jahon ilm-fanida tub burilish yasagan desak mubolag‘a bo‘lmaydi[3]. Markaziy Osiyolik yana bir olimlardan biri Abu Rayhon Beruniy (973–1048) Xorazmda tug‘ilgan ulkan qomusiy olimdir. U tabiiy fanlar, matematika, astronomiya, geodeziya, tarix, tilshunoslik va etnografiya sohalarida benazir meros qoldirgan. Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Geodeziya” kabi asarlari dunyo ilm-fani rivojida muhim rol o‘ynadi. U Yerning aylanishi, uning radiusi va qutblarini hisoblashga uringan gravitatsiya haqida fikrlar bildirgan. Hindiston haqidagi tadqiqotlari esa bugungi kunda ham o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Olimning asarlari o‘z davrida ham keyinchalik ham musulmon olami va Yevropa ilm-fanining rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan[4]. Abu Ali ibn Sino – tibbiyot va falsafaning sultoni. Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan qomusiy olimlardan sanalib Abu Ali ibn Sino (980–1037) Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. U Sharqning eng buyuk tabibi, faylasufi va mutafakkiri sifatida tanilgan. Ibn Sinoning 450 dan ortiq asari bor bo‘lib, shundan 240 tasi bizgacha yetib kelgan. Uning eng mashhur asari “Al-Qonun fit-tibb” (“Tib qonunlari”) bo‘lib, XVII-asrgacha Yevropa universitetlarida asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgan. Unda anatomiya, farmakologiya, gigiyena va kasalliklarni davolash usullari keng yoritilgan. Shuningdek, Ibn Sino falsafa, mantiq, musiqashunoslik va boshqa sohalarda ham muhim tadqiqotlar olib borgan. Ibn Sinoning merosi butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Uni G‘arbda “Avitsenna” nomi bilan tanishadi[5] Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy – hadis ilmining buyuk allomalari hisoblanib, ular Islom sivilizatsiyasining shakllanishida va hadis ilmida muhim o‘rin egallaydi. Bu yo‘nalishda Markaziy Osiyo hududidan yetishib chiqqan ikki buyuk muhaddis — Imom al-Buxoriy (810–870) va Imom at-Termiziy (824–892) butun musulmon dunyosida e’tirof etilgan. Imom al-Buxoriy Buxoroda tug‘ilgan bo‘lib, “Aljome’ as-sahih” nomli hadis to‘plami bilan mashhur hisoblanadi. Bu asar Qur’ondan keyin eng ishonchli manba hisoblanadi. Imom at-Termiziy esa Termiz shahrida tug‘ilgan bo‘lib, “As-sunan” kitobi bilan hadis ilmining rivojiga katta hissa qo‘shgan.
969 U hadislarni nafaqat yig‘gan, balki ularning huquqiy va axloqiy jihatlarini ham tahlil qilgan. Bu ikki buyuk muhaddisning merosi nafaqat Islom sivilizatsiyasida, balki butun dunyo ma’naviy-ma’rifiy hayotida beqiyos ahamiyat kasb etadi [6]. Markaziy Osiyo hududida yuqoridagilardan tashqari ham ko‘plab buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan. Masalan, Abu Nasr Forobiy (870–950) falsafaning ko‘plab yo‘nalishlarini rivojlantirgan, “Sharq Aristoteli” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek (1394–1449) Samarqandda rasadxona qurib, astronomiya faniga ulkan hissa qo‘shgan. Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy kabi allomalar esa tasavvuf ilmida katta iz qoldirishgan. Bu allomalar ham islom sivilizatsiyasini boyitgan ilm-fan va ma’naviyatning yuksalishiga hissa qo‘shgan [7]. Markaziy Osiyo allomalari yaratgan ilmiy meros XII–XIII asrlardan boshlab lotin tiliga tarjima qilindi. Ayniqsa, al-Xorazmiy, Ibn Sino va Beruniy asarlari Yevropaning ilmiy rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ularning matematika, tibbiyot, astronomiya va falsafa sohasidagi ishlari G‘arb universitetlarida asosiy darslik sifatida foydalanildi. Bu jarayon Yevropada Uyg‘onish davrini yuzaga keltirishda asosiy manba bo‘ldi. Bugungi globallashuv davrida Markaziy Osiyo allomalari merosi yanada dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ularning ilmiy qarashlari, insonparvarlik g‘oyalari va ma’rifatparvarlik faoliyati yosh avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston va boshqa musulmon mamlakatlarida allomalarning asarlarini o‘rganish, ularni keng targ‘ib etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro markazi, Termizda Imom Termiziy markazi faoliyat yuritmoqda[8]. Xulosa: Markaziy Osiyo allomalari Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida beqiyos o‘rin tutadi. Ularning ilmiy merosi nafaqat musulmon dunyosi, balki jahon tamaddunining rivojiga ham ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Bugungi kunda ham ularning asarlari yosh avlod tarbiyasida, ilm-fan taraqqiyotida va ma’naviyatni yuksaltirishda bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular yaratgan asarlar nafaqat O‘zbekistonda balki butun dunyo mamlakatlarida ham asosiy qo‘llanma va darslik sifatida qo‘llanilib kelinmoqda. Biz bundan faqat va faqat g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qilmog‘imiz lozim. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Yo‘ldoshev A. Islom sivilizatsiyasi tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2020. 2. Karimov N. Sharq uyg‘onish davri va Markaziy Osiyo allomalari. – Toshkent: Fan, 2018 3. Al-Xorazmiy M. Al-jabr val-muqobala. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya, 1986. 4. Pirmat Shermuhamedov. "Dahoning tugʻilishi yoxud Abu Rayhon Beruniy qismati". Toshkent sh. Ahmed, Akbar S. (1984). 5. Ibn Sino. Al-Qonun fit-tibb (“Tib qonunlari”). – Toshkent: Fan, 1980. 6. Ma'naviyat yulduzlari" (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, T.: 1999. 7. Buyuk siymolar, allomalar. 1-kitob, Toshkent: Meros, 1995. 8. Hayrullaev.M. O'rta Osiyo ilk uyg'onish davri madaniyati. -T.: Fan, 1994