ISLOMDA TINCHLIK VA BARQARORLIK TAMOYILLARI: MARKAZIY OSIYO OLIMLARI TALQINIDA
Full text
970 ISLOMDA TINCHLIK VA BARQARORLIK TAMOYILLARI: MARKAZIY OSIYO OLIMLARI TALQINIDA Usmonov Nurmuhammad Eshmahmat o‘g‘li Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi [email protected] Mamasaidova Ruxshona Qarshi qizi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933911 Annotatsiya: Ushbu maqolada islom dinining tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Qur’oni karim va hadis manbalarida insonlarni totuvlik, bag‘rikenglik va adolatga da’vat etuvchi g‘oyalarga tayanilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo allomalari merosida tinchlik va barqarorlik masalasi qanday talqin etilgani ham tahlil qilingan. Bugungi globallashuv davrida islomning tinchlik haqidagi ta’limotlarini jamiyat hayotiga tatbiq etishning dolzarbligi alohida ko‘rsatib berilgan. Kalit so‘zlar: Islom, tinchlik, barqarorlik, adolat, bag‘rikenglik, Qur’oni karim, hadis, Al-Jome as-Sahih. Kirish: Insoniyat taraqqiyoti davomida tinchlik va barqarorlik eng asosiy qadriyat bo‘lib kelgan. Jamiyatda osoyishtalik bo‘lmasa, taraqqiyot, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat rivojlanmaydi. Shu bois barcha dinlar, jumladan islom dini ham tinchlikni eng muhim maqsadlardan biri sifatida ilgari suradi. Islomning o‘zi ham tinchlik va omonlik ma’nolarini anglatadi. Qur’oni karimda musulmonlar tinchlik va bag‘rikenglikka chaqirilgan, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislarida esa haqiqiy musulmon qo‘li va tilidan boshqalarga zarar yetkazmagan kishi sifatida ta’riflangan. Hozirgi davrda dunyoda turli diniy niqob ostidagi ekstremistik oqimlarning kuchayishi islom dinini noto‘g‘ri talqin qilish holatlarini yuzaga keltirmoqda. Aslida esa islom dini zo‘ravonlikni qat’iy rad etadi va butun insoniyatni tinchlik, hamjihatlik, adolat va barqarorlikka chorlaydi [1]. Asosiy qism: Qur’on oyatlari islom dinining tinchlik va barqarorlikka asoslangan din ekanini aniq ko‘rsatadi. Masalan, Nahl surasining 90-oyatida: Albatta, Alloh sizlarga adolat, yaxshilik va qarindoshlarga yordam berishni buyuradi. U fahsh, yomon ish va buzg‘unchilikni man etadi, deb ta’kidlanadi. Shuningdek, Qur’on inson hayotini eng muqaddas qadriyat sifatida e’tirof etadi: Kim bir jonni nohaq o‘ldirsa, u butun insoniyatni o‘ldirgandek bo‘ladi. Kim bir jonni saqlab qolsa, u butun insoniyatni saqlab qolgandek bo‘ladi, (Moida surasi, 32-oyat). Bu oyat inson hayoti va tinchligining naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarida ham tinchlik g‘oyasi markaziy o‘rinda turadi. U zot: Musulmon boshqa musulmonlar uning qo‘lidan
971 va tilidan omonda bo‘lgan kishidir (Imom Buxoriy rivoyati), deb ta’kidlaganlar. Yana bir hadisda esa: Insonlarning eng yaxshisi odamlarga foydasi tegadigan kishidir deganlar. Demak, musulmon inson tinchlik va yaxshilik timsoli bo‘lishi lozim[2]. Markaziy Osiyo ilmiy-ma’rifiy maktablari vakillari ham islom ta’limotini tinchlik va barqarorlik asosida talqin qilganlar. Imom Buxoriy (810-870) o‘zining mashhur “AlJome’ as-sahih” asarida musulmonlar o‘rtasida mehr-oqibat, halollik va totuvlikni mustahkamlovchi hadislarni jamlagan. Buxoriy asarlari musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida Muhammad paygʻambar sunnatlari boʻyicha asosiy darslik, qoʻllanma hisoblanadi. Jamoat arboblari, olim-u ulamolar va din peshvolari Buxoriy asarlariga tayanib ish tutadilar. Oʻzbekistonda Imom Buxoriyning xotirasi munosib tarzda abadiylashtirilgan. Alloma abadiy qoʻnim topgan Chelak tumanidagi Hartang qishlogʻida ulkan yodgorlik majmui ochildi. Toshkent islom institutiga Buxoriy nomi berilgan [3]. Yana bir muhaddis Imom Termiziy (824-894) hadislarida insoniylik, axloq va bag‘rikenglik alohida o‘rin tutadi. Termiziyning muhim asarlaridan biri „Ash-Shamoil an-nabaviya“ Muhammad (alayhisallom)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu kitob azaldan islomshunos olimlar tomonidan yuksak darajaga ko‘tarib kelinilgan. Kitobning XVI asrga oid bir qoʻlyozmasi Toshkentda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi [4]. Bugungi globallashuv va geosiyosiy keskinliklar sharoitida islom dinining asl mohiyatini noto‘g‘ri talqin qiluvchi ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurashda Markaziy Osiyo Islom ilmiy maktabining (Hanafiylik va Moturidiylik an’anasining) roli beqiyosdir. Markaziy Osiyolik mashhur fiqhshunos olim Imom Moturidiy (853-944) aqidaviy qarashlarida adolat, ijtimoiy muvozanat va inson erkinligini jamiyat barqarorligining asosiy sharti sifatida talqin etadi. Moturidiyning asosiy asarlari “Kitob at-tavhid” (“Yakkaxudolik haqidagi kitob”), “Taʼvilot ahli as-sunna”dir (“Sunniylik anʼanalari sharhi”). “Kitob at-tavhid” bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi taʼrifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, naql – rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. Moturidiy sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulugʻlaydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini taʼkidlaydi. Kitobda oʻsha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi tahlil etilgan. Moturidiy “Din yoʻlidagi barcha adashuvlarning sababi – riyokor kimsalarga koʻr-koʻrona ergashishdadir” deb taʼkidlagan edi [5].
972 Imom Moturidiy (853–944) asos solgan Moturidiya aqidaviy maktabi islomiy bilimlarni aql va mantiq asosida tahlil qilishni ustuvor vazifa deb biladi. Ushbu maktab adolatni (Allohning adolatini) ta’kidlash va inson erkinligini ulug‘lash orqali mo‘tadil va bag‘rikeng Islom an’anasini rivojlantirdi. Xalqaro islomshunoslik tadqiqotlarida ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lgan ushbu mo‘tadil yo‘nalish radikal salafiylik yoki terrorchilik g‘oyalariga nisbatan immunitet vazifasini o‘taydi. Moturidiylikning adolatli hukmronlikka bo‘lgan da’vati (Moturidiyning adolatni ijtimoiy muvozanat sharti deb bilishi) ekstremistik firqalarning zo‘ravonlikka asoslangan siyosiy chaqiriqlarini nazariy jihatdan bekor qiladi. Bahouddin Naqshband (1318-1389) esa tasavvufiy ta’limotida ruhiy poklanish, jamiyatga xizmat qilish va tinchlikni targ‘ib etadi. Uning mashhur shiori «Dil ba yoru, dast ba kor» («Dil Allohda, qo‘l ishda») ham jamiyatda osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda boʻlgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi moʻtadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha Allohga intilish koʻngil bilan amalga oshishi kerak. Qoʻl esa ish — mehnat bilan band boʻlaversin. Bahouddin Naqshbandning tarki-dunyochilik qilmay demakki bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qoʻl silkimay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi gʻoyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini taʼminladi [6]. Bahouddin Naqshbandning "Dil ba yoru, dast ba kor" tamoyili ham barqarorlikning ijtimoiy-iqtisodiy jihatini ochib beradi. Ruhiy poklanish va halol mehnatni birlashtirish orqali Naqshbandiya tariqati a’zolari jamiyatda ijtimoiy faollikni va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga chaqiradi. Faoliyat bilan band, ruhan poklangan insonlar ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga intiladi, bu esa bevosita jamiyatda osoyishtalik va xotirjamlikni kuchaytiradi. Shu bois, bugungi kunda Islom ma’rifatini yosh avlod ongiga singdirish, ularni Markaziy Osiyo allomalarining tinchlik, adolat va bunyodkorlik g‘oyalari bilan tanishtirish ijtimoiy ekstremizmga qarshi eng samarali choradir va davr talabi hisoblanadi. Islom dini boshqa din vakillari bilan ham tinch-totuv yashashni targ‘ib etadi. Qur’onda: «Din borasida majburlash yo‘q» (Baqara surasi, 256-oyat) deb ta’kidlangan. Shuningdek, Mumtahana surasi 8-oyatida musulmonlarga boshqa din vakillari bilan adolatli va totuv munosabatda bo‘lishga buyurilgan. Bu esa islom dini faqat musulmonlar o‘rtasida emas, balki butun insoniyat uchun tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilganini ko‘rsatadi. Bugungi dunyoda diniy ekstremizm va terrorizm xavfi tinchlikka tahdid solmoqda. Ayrim guruhlar islomni noto‘g‘ri talqin qilib, zo‘ravonlikni din nomidan targ‘ib qilmoqda. Aslida esa islom dini bunday harakatlarni qat’iy qoralaydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadislarida: «Mo‘min kishi odamlarni qo‘rqituvchi emas, balki ularga omonlik keltiruvchi bo‘lishi kerak» deganlar. Shu bois
973 bugungi kunda islomning asl mohiyatini yosh avlodga to‘g‘ri yetkazish, diniy-ma’rifiy targ‘ibot va ta’lim orqali ularni yot g‘oyalardan himoya qilish dolzarb masalaga aylanmoqda. Islom tinchlik va barqarorlikni targ‘ib etish orqali nafaqat musulmon jamiyatlari balki butun insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiladi [7]. Markaziy Osiyo ilmiy maktabi vakillari Islom ta'limotining tinchlik va barqarorlik tamoyillarini nafaqat hadis va fiqh orqali, balki chuqur falsafiy va ijtimoiysiyosiy jihatdan ham asoslab berganlar. Ularning merosi jamiyatda totuvlikni ta'minlashning ilmiy-nazariy poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy (taxminan 873–950) o‘zining "Fozil shahar aholisining fikrlari" ("Al-Madinah al-Fadilah") asarida ideal jamiyat (Fozil shahar) modelini tasvirlar ekan, tinchlik va barqarorlikni ushbu jamiyatning asosiy xususiyatlari sifatida ko‘rsatadi. Forobiyning fikricha, jamiyatning farovonligi va osoyishtaligi faqatgina adolat (al-’adl) va o‘zaro yordam (al-ta’ovun) tamoyillari orqali ta’minlanadi. Fozil shahar rahbari (raisu-l-avval) mukammal axloqiy va aqliy sifatlarga, jumladan, tinchlikni o‘rnatish va saqlash qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Bu nazariya Islomning adolatga chaqirig‘ini ratsional falsafiy usulda tahlil qilib, ijtimoiy barqarorlik uchun huquqiy tartib va ma’rifiy boshqaruv muhimligini ta’kidlaydi. Zotan, tinchlik tartibsizlikning yo‘qligi emas, balki adolatli tartib mavjudligi bilan belgilanadi. Jahon tibbiyoti va falsafasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Ali ibn Sino (9801037) o‘z asarlarida inson hayoti, salomatligi va qadr-qimmatini eng oliy qadriyat darajasiga ko‘taradi. Uning ta’limotining markazida insonning ruhiy va jismoniy farovonligi (sa’odat)ni ta’minlash turadi. Ibn Sino shaxslarning sog‘lom va baxtli bo‘lishi butun jamiyatda hamjihatlik va osoyishtalikni mustahkamlashga bevosita xizmat qilishini ilgari surgan. Bu yondashuv Islomning inson hayotini saqlashga (Moida surasi, 32-oyatga) doir ta’limotini ilmiy-insonparvarlik jihatdan mustahkamlaydi, chunki insonning tinch va salomat yashash huquqini ta’minlash ijtimoiy barqarorlikning asosiy shartidir. Xulosa: Islom dini mohiyat e’tibori bilan tinchlik, barqarorlik va bag‘rikenglik dinidir. Qur’on va hadislar tinch-totuv yashashni buyuradi, adovat va zo‘ravonlikni esa qoralaydi. Markaziy Osiyo allomalari ham tinchlik va barqarorlikni targ‘ib etib, jamiyat taraqqiyoti uchun ilmiy asoslar yaratganlar. Bugungi globallashuv sharoitida islomning tinchlik haqidagi ta’limotlarini to‘g‘ri talqin qilish, uni yosh avlod ongiga singdirish, ekstremistik g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurashish ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning muhim shartidir. Shunday qilib, islom dini nafaqat diniy hayot, balki ijtimoiy, siyosiy va madaniy barqarorlikning ham mustahkam poydevoridir.
974 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qur’oni karim. Toshkent: Hilol-Nashr, 2017. 2. Shodiyev R., Sattorov A. Islomshunoslik. Toshkent: Istiqlol, 2019. 3. Imom al-Buxoriy. Al-Jome as-Sahih. Toshkent: Movarounnahr - 2000. 4. Imom at-Termiziy. Al-Jome as-Sahih. Toshkent: Movarounnahr, 1999. 5. Imom Moturidiy. Kitob at-Tavhid. Qohira: 1970. 6. Bahouddin Naqshband. Tasavvufiy risolalar. Toshkent: Movarounnahr, 2003. 7. Jo‘rayev A. Islom dini va bag‘rikenglik. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015-y