XAYOL JARAYONLARINING PSIXOLOGIK MOHIYATI
Full text
244 XAYOL JARAYONLARINING PSIXOLOGIK MOHIYATI Mamirov Mirjalol Chirchiq davlat pedagogika universiteti xorijiy til va adabiyoti ingliz tili yoʻnalishi talabasi [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17968280 Annotatsiya: ushbu ilmiy tezisda xayol jarayonlarining psixologik mohiyati, uning kognitiv tizimdagi o‘rni va psixik faoliyatning boshqa turlari bilan o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinadi. Xayolning tasavvur, tafakkur va emosional holatlar bilan aloqasi yoritilib, xayolning reproduktiv, produktiv, fantastik, ijodiy va ijtimoiy-tarixiy turlari ilmiy manbalar asosida o‘rganiladi. Tadqiqot jarayonida o‘zbek psixolog olimlarining ishlari (G‘.Davletshin, Z.Nishonov, R.Mavlonov, Sh.Rahmatullayeva va boshqalar) bilan bir qatorda zamonaviy kognitiv psixologiya yondashuvlari ham tahlil qilindi. Maqola xayol jarayonlarining o‘quv jarayonidagi ahamiyati, shaxs rivojlanishiga ta’siri va ijodiy tafakkur shakllanishidagi roli bilan bog‘liq xulosalarni o‘z ichiga oladi. Kalit so‘zlar: xayol, xayol jarayoni, xayol turlari, ijodiy xayol, reproduktiv xayol, fantastik xayol, kognitiv jarayonlar, tafakkur, tasavvur, psixologiya, shaxs rivoji, kognitiv psixologiya. Annotation: research paper explores the psychological nature of imagination processes, their function within the cognitive system, and their interaction with other mental activities. The study examines the relationship between imagination, perception, thinking, and emotional states, as well as different types of imagination, including reproductive, productive, fantastic, creative, and socio-historical forms. Works of Uzbek psychologists (G. Davletshin, Z. Nishonov, R. Mavlonov, and others) were analyzed alongside contemporary cognitive psychology approaches. The article highlights the role of imagination in learning processes, its influence on personality development, and its importance in the formation of creative thinking. Keywords: imagination, imagination process, types of imagination, creative imagination, reproductive imagination, fantastic imagination, cognitive processes, thinking, imagination, psychology, personal development, cognitive psychology. KIRISH. Inson psixikasining murakkab va ko‘p qatlamli tizimida xayol jarayonlari alohida o‘rin egallaydi. Xayol - bu mavjud voqelikning oddiy aks ettirilishi emas, balki ongda yangi obrazlar, modelllar, g‘oyalar va vaziyatlarning qayta yaratilishi, ijodiy tarzda ishlab chiqilishidir. Psixologiya fanida xayol insonning ijodiy salohiyatini belgilaydigan, tafakkur bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan, kutilmagan yechimlar yaratishga yordam beradigan kognitiv jarayon sifatida talqin qilinadi. G‘.Davletshinning ta’kidlashicha, xayol insonga real hayotda uchramaydigan, lekin kelajakda muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan obrazlarni yaratish imkonini beradi va shu jihati bilan tafakkurdan farq qiladi. Shuningdek, u xayolni shaxsning ijodiy faoliyati bilan bog‘laydi, chunki har qanday yangilik, g‘oya yoki ixtiro avval ongda tasavvur shaklida paydo bo‘ladi. Xayol jarayonlari insonning hayot faoliyatida turli darajada namoyon bo‘ladi. Masalan, kundalik hayotda sodir bo‘ladigan oddiy vaziyatlarni idrok qilishda ham xayol obrazlari ishtirok etadi, chunki inson o‘tgan tajribalari asosida yangi vaziyatni "ko‘z oldiga keltiradi" va unga mos harakatni tanlaydi. Biroq, xayolning eng faol ko‘rinishi ijod jarayonlarida namoyon bo‘ladi. R.Mavlonovning fikricha, san’at, adabiyot, fan va texnika sohasidagi barcha katta yangiliklar ijodiy xayol mahsulotidir. Shuning uchun ham xayol insonning intellektual rivojlanishida, ijtimoiy moslashuvida va ta’lim jarayonida alohida ahamiyatga ega. O‘zbek psixologiya maktabi
245 namoyandalari xayol jarayonlarini milliy-madaniy kontekstda ham o‘rganib kelganlar. Z.Nishonov xayolning shakllanishida oilaviy tarbiya, milliy qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodi va madaniy muhitning ahamiyati katta ekanini qayd etadi. Bolaning tasavvur olami ertaklar, qo‘shiqlar, folklor namunalaridan quvvat olib shakllanadi. Bu esa xayolning nafaqat psixik jarayon, balki ma’naviyaxloqiy tarbiyaning muhim omili ekanini ko‘rsatadi. Xayolning genezisi - uning individual rivojlanishidagi bosqichlar ham ilmiy adabiyotlarda keng yoritilgan. L.S.Vigotskiyning fikricha, xayolning o‘sish jarayoni bolaning ijtimoiy muhitda faol ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lib, bola nutq va muloqot vositasida obrazlarni qayta yaratishni o‘rganadi. Shuningdek, Vigotskiy xayolning reproduktiv va produktiv turlarini farqlab, ijodiy xayolning asosiy manbai - bolaning tajribasi ekanini ta’kidlaydi. Piaget esa xayol jarayonlarini bolaning kognitiv rivojlanish bosqichlari bilan bog‘laydi. Zamonaviy kognitiv psixologiyada xayol jarayonlari miyaning neyrofiziologik faoliyati bilan bog‘lanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, xayol jarayonlari frontal bo‘limlar, assotsiativ hududlar va vizual korteks o‘rtasidagi murakkab neyron aloqalar orqali amalga oshadi. Kognitiv fanlarda xayol, xotira va tafakkurning umumiy mexanizmlari aniqlanmoqda. Bu xayolning nafaqat ruhiy jarayon, balki neyrofiziologik jarayon ekanini ko‘rsatadi. Xayolning turlari ham keng ko‘lamda o‘rganilgan. Reproduktiv xayol avval ko‘rilgan obrazni qayta tiklashga, produktiv xayol esa yangi obrazlar yaratishga imkon beradi. Fantastik xayol odatda real hayotda mavjud bo‘lmagan obrazlarni yaratadi. Ijodiy xayol esa insonning fikrlashida yangi g‘oya, kontseptsiya yoki amaliy yechim paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ushbu turlar psixologik faoliyatning turli sohalarida muhim rol o‘ynaydi. Ta'lim jarayonida xayolning ahamiyati alohida e’tiborga loyiq. O‘quvchilar murakkab mavzularni o‘zlashtirishda xayol jarayonlaridan faol foydalanadilar. Matematik masalalarda abstrakt obrazlarning shakllanishi, tarix darslarida voqealarni tasavvur qilish, adabiyotda obrazli fikrlash - bularning barchasi xayolning faol ishtirokida amalga oshadi. O‘zbek olimi Sh.Rahmatullayeva ta’lim jarayonida xayolni rivojlantirish o‘quvchilarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash va muammoli vaziyatlarni hal qilish ko‘nikmalarini yaxshilashini ilgari suradi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, xayol jarayonlarini o‘rganish zamonaviy psixologiyada hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan dolzarb mavzu bo‘lib qolmoqda. Xayol - insonning psixik rivojlanishida, shaxs sifatida shakllanishida, ta’lim va tarbiyada, ijodiy faoliyatda ham muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun xayolning psixologik mohiyatini chuqur tahlil qilish, uning turlarini ilmiy asosda aniqlash va ular o‘rtasidagi farqlarni belgilash mazkur tadqiqotning asosiy vazifalaridan biridir. Ushbu tadqiqot xayol jarayonlarining psixologik mohiyatini, uning turlarini va ularning shaxs rivojlanishidagi o‘rnini chuqur tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, mazkur maqsadga erishish uchun bir nechta ilmiy metodlardan foydalanildi. Tadqiqotning nazariy asosini o‘zbek psixologlarining ishlari (G‘.Davletshin, Z.Nishonov, R.Mavlonov, Sh.Rahmatullayeva), shuningdek, xorijiy psixologlarning ilmiy qarashlari (L.S.Vigotskiy, J.Piajye, S.L.Rubinshteyn, G.Allport) tashkil etdi. Bu metod yordamida xayol jarayonlariga oid ilmiy adabiyotlar, darsliklar, monografiyalar va maqolalar o‘rganildi. Xususan, o‘zbek psixologiya maktabining xayolga doir ilmiy yondashuvlari ham chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, kognitiv psixologiya, neyropsixologiya, pedogogik psixologiya yo‘nalishlaridagi nazariy tadqiqotlar o‘rganilib, xayolning genezisi, mexanizmlari va funksiyalari bo‘yicha ilmiy qarashlar solishtirildi. Ushbu metod asosiy nazariy g‘oyalarni umumlashtirishga imkon berdi.
246 Xayol turlarining tasnifi, ularning psixologik xususiyatlari va rivojlanish omillari turli ilmiy maktablar doirasida solishtirildi. Masalan, Vigotskiyning madaniy-tarixiy yondashuvi, Piajyenig kognitiv bosqichlari, Davletshinning milliy-psixologik yondashuvi va zamonaviy neyrofiziologik tasniflar o‘zaro taqqoslandi. Bu metod xayolning rivojlanishiga oid umumiy qonuniyatlarni aniqlashga yordam berdi. Psixologik matnlarda xayolning ta’riflari, turlari va funksiyalari bo‘yicha asosiy kategoriyalar ajratildi. O‘zbek psixologlarining ilmiy maqolalarida xayolning o‘quv faolligi, shaxs rivojiga ta’siri, ijodkorlik bilan bog‘liqligi haqidagi fikrlar kontent jihatdan tahlil qilindi. Bu metod mazkur mavzu bo‘yicha ilmiy pozitsiyalarni tizimlashtirish imkonini berdi. O‘quvchilar va talabalar bilan olib borilgan pedagogik jarayonlarda xayol jarayonining namoyon bo‘lishi haqida kuzatishlar amalga oshirildi. O‘quv jarayonidagi ijodiy topshiriqlar, tasavvurga oid mashqlar va mustaqil fikrlash jarayonlari psixologik tahlil qilindi. Bu kuzatishlar xayolning ta’lim jarayonidagi real funksiyalarini aniqlashga yordam berdi. O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘quvchilarning ijodiy xayolini rivojlantirish bo‘yicha mavjud tajribalar tahlil qilindi. Shuningdek, xayolning rivojlanishi bilan bog‘liq statistik kuzatuvlar (yosh xususiyatlari, ijodiy topshiriqlar samaradorligi, tasavvur mashqlarining ta’siri) umumlashtirildi. Ushbu empirik ma’lumotlar nazariy qarashlar bilan solishtirilib, umumiy xulosalar chiqarildi. Olingan nazariy va empirik ma’lumotlar psixologik talqin qilinib, xayol jarayonlarining mohiyati, uning turlari va funksiyalarining shaxsning bilish faoliyatidagi ahamiyati izohlandi. Xayolning aqliy rivojlanishdagi roli, ijodkorlik bilan bog‘liqligi, motivatsion va emosional jihatlari psixologik interpretatsiya doirasida chuqur tahlil qilindi. Metodologiya bo‘limida mazkur ilmiy yondashuvlar birlashtirilib, xayol jarayonlari va ularning turlari bo‘yicha kompleks tahlil amalga oshirildi. Ushbu usullar tadqiqotning ishonchliligini ta’minlab, mavzuni har tomonlama yoritishga zamin yaratdi. Tadqiqot davomida xayol jarayonlarining psixologik mohiyati, ularning rivojlanish bosqichlari va turlarining shaxs faoliyatidagi namoyon bo‘lishiga oid bir qator muhim ilmiy natijalar aniqlandi. Ushbu natijalar nazariy tahlillar, o‘zbek psixologlarining ilmiy qarashlari, empirik kuzatuvlar hamda turli yoshdagi o‘quvchilar bilan olib borilgan pedagogik jarayonlarning tahlili asosida shakllandi. Xayolning rivojlanish mexanizmlarini o‘rganishda o‘zbek psixologlarining ilmiy qarashlari - G‘.Davletshin, Z.Nishonov, R.Mavlonov va Sh.Rahmatullayevalar tomonidan ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar tadqiqotning asosiy nazariy tayanchini tashkil etdi. Ularning xayolning konstruktiv tabiati, madaniy kontekst bilan bog‘liqligi, ijodiy fikrlashdagi o‘rni haqidagi ilmiy xulosalari amaliy kuzatuvlar bilan o‘z tasdig‘ini topdi. XULOSA. Tadqiqot davomida aniqlangan muammolar ham diqqatga sazovor: o‘quvchilarda reproduktiv xayolning sust rivojlanganligi, vizual materiallardan yetarlicha foydalanilmasligi, passiv xayolning ortishi va ijodiy faoliyatlarga bo‘lgan vaqtning qismligi xayol rivojlanishini cheklaydi. Bu holat ta’lim jarayonida xayolni rivojlantiruvchi metodlar - ertak terapiyasi, muammoli o‘qitish, loyiha faoliyati, tasviriy modellashtirish, ijodiy topshiriqlar va rolli o‘yinlardan foydalanish zarurligini ko‘rsatadi. Yakuniy xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, xayol insonning har qanday bilish faoliyati, shaxsiy rivojlanishi va kasbiy shakllanishida markaziy rol o‘ynaydi. Xayolning rivoji ijodkorlik, yangilik yarata olish, kelajakni rejalashtirish, muammoni noodatiy yo‘l bilan hal qilish kabi kompetensiyalarni shakllantiradi. Shunday ekan, xayolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish ta’lim va psixologik xizmatlarning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lmog‘i zarur.
247 Adabiyotlar, References, Литературы: 1. Abdullaeva, N. Umumiy psixologiya. – Toshkent: O‘zbekiston Milliy universiteti nashriyoti, 2018. 2. Allport, G. Personality and Social Psychology. – Boston, 1961. 3. Davletshin, G‘.O. Psixologiya. – Toshkent: O‘qituvchi, 1994. 4. Davletshin, G‘.O. O‘zbek xalq ijodiyotining psixologik asoslari. – Toshkent: Fan, 1982. 5. Karimova, V. Amaliy psixologiya asoslari. – Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2010. 6. Mavlonov, R. Psixologiya. – Toshkent: Cho‘lpon, 2005. 7. Nishonov, Z. Bolalar psixologiyasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1993. 8. Piajye, J. Child’s Conception of the World. – London: Routledge, 1951. 9. Rahmatullayeva, Sh. Yosh davrlari psixologiyasi. – Toshkent: TDIU nashriyoti, 2017.