5-SINF O'QUVCHILARINING PUNKTUATSION SAVODXONLIGINI RIVOJLANTIRISH METODIKASI
Abstract
Mazkur maqolada 5-sinf o’quvchilarining punktuatsion savodxonligini rivojlantirishning samarali pedagogik yondashuvlari va metodik asoslari yoritilgan. Nuqtalash qoidalarini o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarning grammatik bilimlarini mustahkamlash, mantiqiy fikrlash, yozma nutq madaniyatini rivojlantirish hamda dars jarayonida innovatsion metodlarni qo‘llash samaradorligi ilmiy-nazariy jihatdan yondashilgan. Shuningdek, mavzuga oid mashq turlari, interaktiv usullar va baholash mezonlari o‘quvchilar punktuatsion ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim vosita sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Full text
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 778 5-SINF O’QUVCHILARINING PUNKTUATSION SAVODXONLIGINI RIVOJLANTIRISH METODIKASI Tuxtayeva Mehriyo Shavkatovna Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy Pedagogika universitetining o’zbek tili va adabiyot kafedrasi o’qituvchisi. Baratova Jasmina Ural qizi Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy Pedagogika universitetining o’zbek tili va adabiyoti yo’nalishining 403-guruh talabasi. https://doi.org/10.5281/zenodo.17985440 Annotatsiya. Mazkur maqolada 5-sinf o’quvchilarining punktuatsion savodxonligini rivojlantirishning samarali pedagogik yondashuvlari va metodik asoslari yoritilgan. Nuqtalash qoidalarini o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarning grammatik bilimlarini mustahkamlash, mantiqiy fikrlash, yozma nutq madaniyatini rivojlantirish hamda dars jarayonida innovatsion metodlarni qo‘llash samaradorligi ilmiy-nazariy jihatdan yondashilgan. Shuningdek, mavzuga oid mashq turlari, interaktiv usullar va baholash mezonlari o‘quvchilar punktuatsion ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim vosita sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Kalit so‘zlar: punktuatsiya, savodxonlik, interfaol metodlar, yozma nutq, qo‘shma gap, punktuatsion ko‘nikma, 5-sinf, ta’lim texnologiyalari. KIRISH Punktuatsiya o‘zbek tilining yozma nutq madaniyatini belgilovchi asosiy unsurlardan biri bo‘lib, fikrni aniq, lo‘nda va mantiqiy ifodalashda muhim o‘rin tutadi. 5-sinfda punktuatsion savodxonlikni shakllantirish jarayonining dolzarbligi shundaki, bu bosqich o‘quvchilarning grammatik hamda sintaktik bilimlari kengayib, murakkab gaplar, uyushiq bo‘laklar, kirish so‘zlar va undalma kabi tushunchalarni o‘zlashtirish davridir. Shuning uchun punktuatsion qoidalarni o‘rgatish an’anaviy usullar bilan cheklanmasdan, amaliyotga yo‘naltirilgan, interfaol va kompetensiyaga asoslangan ta’lim texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirilishi lozim. Ma’lumki, umumta’lim maktablari uchun belgilangan davlat ta’lim standartlarida yozma savodxonlikni rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri sifatida qayd etiladi. Yozma nutqda savodli bo‘lish o‘quvchining kelgusida qaysi kasbni tanlashidan yoki jamiyatda qanday mavqega ega bo‘lishidan qat’i nazar, hayotiy zarur ko‘nikma hisoblanadi. Chunki yozma savodxonlik kundalik faoliyatda doim qo‘llanadi va undagi kamchiliklar darhol seziladi.[1] MUHOKAMA VA NATIJALAR Tilshunoslik va pedagogika tadqiqotlari o‘quvchilarda punktuatsion ko‘nikmalar grammatik bilimlar, mantiqiy tafakkur, nutq madaniyati va tafakkur tezligining uyg‘unlashuvi orqali shakllanishini ko‘rsatadi. O‘quvchilarning yosh xususiyatlari shuni anglatadiki, ular dars jarayonida qoidalarni yod olishdan ko‘ra, namunaviy matnlarni tahlil qilish, xatoni topish va tuzatish, ijodiy matn tuzish kabi amaliy mashqlarga ko‘proq qiziqadilar. Shuning uchun punktuatsion kompetensiyani rivojlantirishda quyidagilar muhim: ko‘rgazmalilik va misollar orqali o‘rgatish; mavzuni real nutqiy vaziyatlar bilan bog‘lash; xatoni izlash orqali o‘rgatish;
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 779 kooperativ o‘qitish va jamoaviy fikrlash; o‘quvchini faol subyekt sifatida jalb etish. Bu yondashuv o‘quvchida nafaqat qoidani bilish, balki uni mustaqil qo‘llash ko‘nikmasini shakllantiradi. Yozma savodxonlikni bir necha yo‘nalishlarda ko‘rib chiqish mumkin: 1. imlo savodxonligi; 2. tinish belgilari bo‘yicha savodxonlik; 3. mustaqil va ijodiy matn tuza olish ko‘nikmasi; 4. rasmiy hujjatlar bilan ishlash savodxonligi. Shu jihatlardan kelib chiqib, umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan yozma ishlar – diktant, bayon va insho turlarini yuqoridagi savodxonlik yo‘nalishlari asosida tasniflash hamda ularni tekshirish usullarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.[2] Diktant yozish – orfografik va punktuatsion xatolarni aniqlab borishning eng muhim nazorat shaklidir. Diktant matnlarining mazmuni zamonaviy adabiy til me’yorlariga mos bo‘lishi, barcha o‘quvchilar uchun tushunarli bo‘lishi va uzviy bog‘liq matndan iborat bo‘lishi lozim. Diktantning matn hajmi quyidagicha belgilanadi: 5-sinfda 90–100 so‘z, 6-sinfda 100–110 so‘z, 7-sinfda 110–120 so‘z, 8-sinfda 120–150 so‘z, 9-sinfda esa 150–170 so‘z. (So‘zlar sonini hisoblashda asosiy va yordamchi so‘zlarning barchasi inobatga olinadi.) Nazorat lug‘aviy diktant esa tekshirilmaydigan yoki murakkab yoziladigan orfogrammali so‘zlarni o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Bunda so‘zlar miqdori quyidagicha belgilanadi: 5-sinfda 15–20, 6-sinfda 20–25, 7-sinfda 25–30, 8-sinfda 30–35, 9-sinfda 35–40 ta so‘z. Muayyan mavzu bo‘yicha o‘tkaziladigan diktant asosiy orfogramma va punktogrammalarni qamrab olishi hamda avval o‘rganilgan bilimlarning qay darajada mustahkamlangani aniqlanishiga xizmat qilishi kerak. Chorak va o‘quv yili yakunida yoziladigan diktantlar esa barcha mavzular bo‘yicha o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasini umumiy baholaydi. Bunday diktantlar uchun orfogramma va punktogrammalar matnda kamida 2–3 marotaba uchrashi maqsadga muvofiq. Sinflar bo‘yicha tekshiriladigan orfogrammalar va punktogrammalar soni quyidagicha belgilanadi: 5-sinf – 12 xil orfogramma va 2–3 punktogramma, 6-sinf – 16 xil orfogramma va 3–4 punktogramma, 7-sinf – 20 xil orfogramma va 4–5 punktogramma, 8-sinf – 24 xil orfogramma va 10 punktogramma, 9sinf – 24 xil orfogramma va 15 punktogrammadan oshmasligi lozim.[3] Shuningdek, nazorat diktantlari matnida o‘quvchilar tomonidan yetarli darajada o‘zlashtirilgan orfogrammalarni qayta mustahkamlash maqsadida ulardan ham foydalanish mumkin. Ma’lumki, esse erkin fikrlash va mustaqil tafakkur mahsulidir. U ijod jarayoni bilan uzviy bog‘liq. Ona tili va adabiyot darslarida yoziladigan insholar ham aslida ijodiy faoliyat bo‘lib, essega yaqin turadi. Bu ikki janr orasidagi farq katta bo‘lmasa-da, zamonaviy ta’lim oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad — o‘quvchini fikrini og‘zaki hamda yozma shaklda aniq va ravon bayon qila oladigan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil fikrlovchi, ijodkor va nutq-muloqot madaniyatiga ega shaxs sifatida kamol toptirishdir. Bu borada insholarning o‘rni nihoyatda beqiyosdir.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 780 Ammo insho an’anaviy qolipda emas, balki haqiqiy ijod mahsuli sifatida yozilishi zarur. Adabiyot darslarida tanlanadigan mavzu o‘qituvchi uchun eski bo‘lishi mumkin, biroq o‘quvchi uchun u yangi va qiziqarli kechinmalar uyg‘otishini unutmaslik kerak.[4] O‘quvchida ijodga ehtiyoj paydo bo‘lishi uchun unda atrofdagi tabiatni, insonlarni, voqeahodisalarni anglash ko‘nikmasi shakllantirilishi muhim. Chunki aynan adabiyot fanigina o‘quvchini insoniyat olamiga oshno etadi, o‘zligini anglashga yordam beradi. Shu sababdan har bir adabiyot darsidan so‘ng o‘quvchida kitob o‘qish va ijod qilishga ichki ehtiyoj paydo bo‘lishi lozim. O‘quvchilar ko‘proq o‘z hissiyotlari, quvonchi, hayajoni yoki hayotiy izlanishlariga mos mavzularni xush ko‘rishadi. Shuning uchun «Mening sevimli do‘stim», «Do‘stimda yoqtirgan fazilatlarim», «Menga yoqqan qahramon» kabi mavzular ularga yaqin bo‘ladi va shaxsiy fikr mustaqilligini shakllantirishga yordam beradi. Uy ishlari ko‘rinishidagi insholar ham o‘qituvchiga bu borada qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Insholarga quyidagi talablar qo‘yiladi: – mavzudan chetga chiqmagan holda reja asosida fikrni izchil bayon etish; – keltirilgan fikr va xulosalarni dalillar bilan asoslash; – darslik yoki badiiy asar muallifi mulohazalarini takrorlamasdan, o‘z xulosasini chiqarish va badiiy umumlashtirish kiritish; – fikrni aniq, to‘g‘ri va savodli bayon qilish.[5] Insholarni baholashda adolat tamoyili muhim o‘rin tutadi. Baholash jarayonida quyidagi mezonlarga e’tibor qaratiladi: 1. mavzuning ochilishi — mazmun mavzuga mosligi va yoritilish darajasi; 2. reja, kompozitsiya va izchillik — materialning rejaga mosligi, takrorlarning yo‘qligi, asosiy fikrning aniq bayoni va xulosaning mavjudligi; 3. janr va uslub — tasviriylik, muhokama elementlari, mavzu va kayfiyatga mos uslub, badiiylikning bo‘lishi; 4. hajmning me’yorligi — ortiqcha cho‘zish yoki nihoyatda qisqa yozishdan qochish; 5. so‘z boyligidan foydalanish — sinonim, antonim va frazeologizmlardan o‘rinli foydalanish; 6. sintaktik qurilish — gaplar tuzilishi, murakkab sintaktik konstruksiyalarning qo‘llanishi; 7. imlo va punktuatsiya — qo‘pol va mayda xatolar soni; 8. husnixat va tashqi ko‘rinish — sahifa tartibi, sarlavha, hoshiyaga rioya etilishi.[6] O‘quvchilar bilimlarini nazorat qilish ta’lim jarayonining muhim didaktik tarkibiy qismidir. Nazorat o‘qituvchiga qo‘llagan metod va usullarining samaradorligini baholashga, zarur hollarda metodik o‘zgartirishlar kiritishga imkon beradi. O‘quvchi uchun esa nazorat bilimning mustahkamlanishiga, sifatli ishlashga, o‘z-o‘zini baholash va nazorat qilish ko‘nikmalarining shakllanishiga xizmat qiladi. Bilimlarni nazorat qilish jarayoni bolada kuchli tarbiyaviy ta’sir uyg‘otadi: mehnatsevarlik, izchillik va qiyinchilikni yengish qobiliyatini rivojlantiradi. O‘quvchilar bilimini tekshirishda frontal va individual nazorat turlarini uyg‘unlashtirish maqsadga muvofiq. Frontal nazorat — o‘quvchilarni o‘tirgan joyida savol-javob qilish orqali bilim darajasini aniqlash bo‘lib, kam vaqt ichida ko‘pchilik o‘quvchilarning tayyorgarligini baholashga imkon beradi.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 781 Biroq mazkur usul bilimlarning chuqurligini aniq ko‘rsatmaydi. Individual tekshiruv esa o‘quvchining o‘quv materialini qay darajada o‘zlashtirganini, uni asoslay olishini, grammatik hodisalarni tushuntira bilishini aniq ko‘rsatadi. Har bir darsda 2–3 o‘quvchini individual so‘roq qilish samarali hisoblanadi. Nazorat og‘zaki yoki yozma shaklda amalga oshirilishi mumkin. Yozma nazoratning ayrim kamchiliklari ham bor — tekshirish vaqt talab qiladi va natija kechroq aniqlanadi. Shuning uchun perfokarta yordamida nazorat qilish shaklidan ham foydalaniladi. Perfokarta nazorati og‘zaki va yozma tekshiruvning ijobiy tomonlarini o‘zida mujassam etadi.[7] XULOSA 5-sinfda punktuatsion savodxonlikni rivojlantirish o‘quvchilarning yozma nutq madaniyatini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Darslarni tashkil etishda nazariy bilimdan ko‘ra amaliy mashg‘ulotlar, interaktiv metodlar, muammoli vaziyatlar va matn asosidagi topshiriqlarning ustunligi o‘quvchilar mantiqiy tafakkuri va grammatik kompetensiyasining rivojlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, punktuatsion bilimlarni baholashning tizimli va reytingli usuli o‘quvchilar yutuqlarini muntazam monitoring qilish imkonini beradi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda o‘quvchilarda tinish belgilarini qo‘llash malakasini shakllantirish ularning fikrlash va yozma nutq madaniyatini yuksaltiradi. Xulosa qilib aytganda, o‘quvchilarning savodxonligini oshirish, lug‘at boyligini kengaytirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish, atrof-muhitga munosabatini shakllantirish va histuyg‘ularini ifodalashga o‘rgatishda yozma ishlar — ayniqsa diktant, bayon va insholarning o‘rni juda muhimdir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Abdullayev A., “O‘zbek tilining punktuatsiyasi”. – Toshkent, 2019. 2. Hojiev A. “O‘zbek tili nazariy grammatikasi”. – Toshkent, 2016. 3. G‘afforova R. “O‘quvchilarda yozma nutqni rivojlantirish metodikasi”. – 2021. 4. Qodirova M. “Boshlang‘ich sinf ona tili ta’limi metodikasi”. – 2022. 5. Mavlonova X., Tojiboyeva Sh. “Pedagogik texnologiyalar va baholash”. – 2017. 6. Hasanov B. “O‘quvchilar savodxonligini oshirishda kompetensiyaviy yondashuv”. – 2018. 7. Karimova D. “5–7-sinf ona tili darslarida punktuatsiya o‘qitish”. – 2023.