AHMAD A'ZAMNING IRONIYADAN FOYDALANISH MAHORATI
Full text
109 3 5 AHMAD A’ZAMNING IRONIYADAN FOYDALANISH MAHORATI Tursunov Mirzohid Ikromjon o‘g‘li, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti mustaqil tadqiqotchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.18001676 Annotatsiya. Mazkur maqolada Ahmad A’zamning ironiyadan foydalanish mahorati tahlil qilinadi. Muallifning qahramonlar xarakterini ochish, ularning ichki dunyosini aks ettirish va badiiy ifodani boyitishdagi ironiyaviy vositalarining o‘rni va ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, maqolada yozuvchining nutqdagi nozik hazil va kulgili iboralar orqali estetik ta’sir yaratish usullari, ironiyaning turli shakllari va badiiy matnda funksional roli tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: Ahmad A’zam, ironiya, sarkazm, badiiy matn, qahramon xarakteri, stilistika, estetik ta’sir, nutq madaniyati. Аннотация. В данной статье анализируется мастерство Ахмада Азама в использовании иронии. Рассматривается роль и значение иронических средств в раскрытии характера персонажей, отражении их внутреннего мира и обогащении художественной выразительности произведений. Кроме того, в статье исследуются способы создания эстетического воздействия посредством тонкого юмора и комических выражений в речи писателя, а также различные формы иронии и их функциональная роль в художественном тексте. Ключевые слова: Ахмад Азам, ирония, сарказм, художественный текст, характер персонажа, стилистика, эстетическое воздействие, культура речи. Abstract. This article analyzes Ahmad A’zam’s mastery in the use of irony. The study examines the role and significance of ironic devices in revealing characters’ traits, reflecting their inner world, and enriching artistic expression. In addition, the article explores the writer’s techniques for creating aesthetic effect through subtle humor and comic expressions in discourse, as well as various forms of irony and their functional role in literary texts. Keywords: Ahmad A’zam, irony, sarcasm, literary text, character portrayal, stylistics, aesthetic effect, speech culture. Kirish. Ironiya badiiy nutqning muhim ekspressiv-uslubiy vositalaridan biri bo‘lib, u fikrni yashirin, bilvosita va ko‘pincha qarama-qarshi ma’noda ifodalash orqali muallifning baho-munosabatini yuzaga chiqaradi. Ironiya orqali aytilgan fikr tashqi jihatdan ijobiy yoki betaraf ko‘rinsa-da, uning ichki mazmunida tanqid, kinoya yoki istehzo mujassam bo‘ladi. Ushbu hodisa nafaqat estetik ta’sir kuchini oshiradi, balki matnning semantik qatlamlarini chuqurlashtirib, o‘quvchini faol tafakkurga undaydi. Ayniqsa, badiiy asar tilida ironiyaning qo‘llanishi muallif va o‘quvchi o‘rtasida nozik muloqot shaklini yuzaga keltirib, ijtimoiy, ma’naviy va psixologik mazmunlarni obrazli ifodalash imkonini beradi. Shu bois ironiyani lingvopoetik hodisa sifatida o‘rganish zamonaviy tilshunoslik tadqiqotlarida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Metodlar va o‘rganilish darajasi. Ironiyaning tarixiy ildizlariga murojaat qilinar ekan, Aflotun talqinida u oddiy yolg‘on yoki behuda so‘zlash sifatida emas, balki aytilayotgan fikrning mohiyatan ifodalanmagan, ya’ni yashirin ma’nosiga mutlaqo zid mazmunni anglatadigan ifoda birligi sifatida tushunilganini ko‘ramiz. Xuddi shu yo‘sinda Suqrot
110 3 5 asarlarida ham ironiya istehzo shakllaridan biri bo‘lib, u orqali muayyan haqiqatlarni bilvosita ochib berish, bahs jarayonida qarshi tomon fikrini chuqur tahlilga chorlash va yashirin haqiqatlarni yuzaga chiqarishning asosiy vositasi sifatida qo‘llanilgan. Shu jihatdan ironiya Suqrot falsafiy muloqotining muhim metodik quroli hisoblanadi [6, C. 84-104]. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek tilshunosligida A.Abdullayev o‘zining “O‘zbek tilida ekspressivlik ifodalashning sintaktik usuli” nomli monografiyasida ironiya usulini qo‘llash va foydalanishdan asosiy maqsad fikrni o‘ta ta’sirchanlik bilan yetkazishga erishishdir”[1, C. 69], – deydi. S.Karimov tomonidan esa ironiyaga lingvo-estetik kategoriya sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lishi haqidagi g‘oya ilgari surilgan [4 C. 36]. Ammo T.Tohirovning “O‘zbek tilida pragmatik semalarning hosil bo‘lishi va ularda subyektiv munosabatlarning yuzaga chiqishi” nomli tadqiqotida ironiya lingvistik hodisalar qatoriga kiritilmaydi: “U sof nutqiy, uslubiy vositadir. U tushunchani piching-uchuruq vositasida yetkazishga xizmat qiladi”, degan fikrga duch kelamiz. Ironiyaga bag‘ishlangan maxsus tadqiqotlarda mazkur masala yuzasidan bir qancha fikrlar bildirilgan. Jumladan, R.Qo‘ng‘urov: “So‘z va iboralarni kesatiq, piching bilan o‘z ma’nosiga qarama-qarshi ma’noda ishlatilishiga ironiya priyomi deyiladi”[7], – deb yozadi. M.Mirtojiyev esa “kinoya usuli bilan hosil qilingan ma’no faqat okkazional ma’no doirasiga oid”[5, C. 15] ekanligini ta’kidlaydi. E.Ibragimova tomonidan esa o‘zbek tilshunosligida ironik mazmunning lingvostilistik xususiyatlari monografik tarzda tadqiq etilgan va ironik mazmun darajalanishiga ko‘ra: kinoya, piching, qochiriq, kesatiq, uchuruq, sarkazm kabi bir necha usullarga bo‘lib o‘rganilgan.[3, C. 20] M.Yo‘ldoshevning “Badiiy matnning lisoniy tahlili” asarida esa kinoya “til birligining haqiqiy ma’nosiga qarama-qarshi ma’noda, kesatiq, qochirim, piching bilan ishlatishdan iborat ko‘chim” [8] ekanligi yozilgan. Kinoya qadimdan adabiyotimizda ta’sirchan ifodalar yaratishda qo‘llanib kelingani, Yevropa adabiyotshunosligida bu hodisa “ironiya” atamasi ostida umumlashtirilishi qayd etilganini ko‘rishimiz mumkin. Uning antifraza (mazxara, u yoki bu ijobiy xususiyatni kulgi, kalaka yo‘li bilan inkor qilish) hamda sarkazm (zaharxanda ta’na, iztehzoli piching, shama) deb ataluvchi ko‘rinishlari farqlanishi asoslab berilgan. Ko‘plab tilshunos olimlar, jumladan, R. Qo‘ng‘urov, E. Begmatov, A. Hojiyev, E. Ibragimova, M. Yo‘ldoshevlar ironiyaga mazmunan bir-biriga yaqin ta’rif berib, uni so‘z va iboralarning kesatish, masxaraomuz kulgi uyg‘otish maqsadida o‘z asl ma’nosiga zid holda qo‘llanishi sifatida izohlaydilar. Sh. Abdurahmonov esa kinoyani bevosita maqsadga yo‘naltirilgan, tagma’noga asoslangan matnda yuzaga keladigan hodisa sifatida talqin qiladi va uning zamirida tanqidiy kulgi mujassam ekanini ta’kidlaydi. Shuningdek, olimning fikricha, matnda til birliklarining kinoyaviy mohiyatini anglash hamda kulgi effektining yuzaga kelishida presuppozitsiya muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, paronomaziya hodisasining ham maxsus kinoyaviy kulgi yaratishda alohida ahamiyatga ega ekanligi tadqiqotchi tomonidan alohida qayd etiladi [2, C. 20].
111 3 5 Tadqiqot natijalari. Ahmad A’zam asarlarida qahramonlar ruhiyati va xarakteridagi o‘ziga xos jihatlarni ochib berishda ironiya muhim tasviriy-uslubiy vosita sifatida o‘z o‘rnida va samarali qo‘llanadi. Qahramonlar nutqida uchraydigan ironiyaviy birliklar ularning ichki kechinmalari, dunyoqarashi va shaxsiy pozitsiyasini yanada aniqroq ifodalashga xizmat qiladi. Shuningdek, asarda piching, ya’ni sarkazm ham voqea-hodisalar hamda insonlarning salbiy xususiyatlarini fosh etishda muvofiq va ta’sirchan tarzda qo‘llanilgan. Piching, asosan, so‘zlovchining murojaat qilinayotgan shaxsga nisbatan ustunlik va kinoyaviy masofa hissiga tayangan holda yuzaga chiqadi. Masalan: Nima qilyapsiz Davlat akamnikida deydi! Davlatni ja-a o‘ziniki qilib olganmi deyman. Begona yigitnikida konyak ichyapsizmi emish. Voy yuzsiz-ey, boplab qo‘lga tushirdimmi! (O‘zi uylanmagan sovchi, 132) Mazkur parchada ironiya dialogik nutq orqali shakllanib, qahramon ruhiy holati hamda ijtimoiy munosabatlar tizimini ochib beruvchi muhim lingvopoetik vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Avvalo, “Davlat akamnikida” birikmasi tarkibidagi egalik qo‘shimchasi -m denotativ jihatdan real egalikni emas, balki subyektiv da’vo va shaxsiylashtirishni ifodalaydi. Natijada mazkur birlikning lug‘aviy ma’nosi metasemiotik sathda inkor etilib, ironik baholash uchun qulay semantik zamin yaratiladi. “Davlatni ja-a o‘ziniki qilib olganmi” jumlasida unlilarning qavatlanishi hamda gapning so‘roq shaklida tashkil etilishi ironik bahoni kuchaytiruvchi fonetik-pragmatik mexanizm sifatida xizmat qiladi. Fonetik cho‘zilish emotsional-ekspressivlikni oshirib, qahramonning ichki noroziligini ochiq tanbeh emas, balki kulgili kinoya orqali ifodalashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Begona yigitnikida konyak ichyapsizmi emish” jumlasida leksik-semantik qarama-qarshilik asosida axloqiy me’yorlar bilan real vaziyat o‘rtasidagi nomutanosiblik ochiladi. “Begona” komponentining baholovchi semantikasi bilan “konyak ichish” amalining ijtimoiy-konnotativ ma’nosi o‘rtasidagi ziddiyat ijtimoiy baholovchi ironiyani yuzaga keltiradi. Bunda emish yuklamasi suhbatdosh tomonidan bildirilgan fikrga nisbatan masofa va bepisand munosabatni ifodalab, kinoyaviy mazmunni kuchaytiradi hamda qahramon nutqining satirik ohangga yaqinlashuvini ta’minlaydi. – E-e, xudoyim-ey, bu kishimga nima yoqishini ham bilmayman. Har kuni o‘n xil ovqat olib kelaman. Bir xil ovqat jonlariga tegib ketgan emish. Qurtova qilib ber deydilar. Qurtovasi nima – bilmayman. (O‘zi uylanmagan sovchi, 269) Yuqoridagi parcha tarkibida qo‘llangan “bu kishimga” hamda “jonlariga tegib ketgan emish” birikmalari qahramon nutqining baholovchi va kinoyaviy xususiyatini yuzaga chiqaruvchi muhim lingvopoetik vositalar sifatida namoyon bo‘ladi. Jumladan, “bu kishimga” birikmasi tarkibidagi egalik qo‘shimchasi -m denotativ jihatdan real egalikni emas, balki subyektiv yaqinlik munosabatini ifodalaydi, natijada kishi leksemasining neytral semantikasi egalik affiksi orqali emotsional-ekspressiv rang kasb etib, qahramonning
112 3 5 suhbatdoshga bo‘lgan munosabatini bilvosita ochib beradi. Lingvopoetik jihatdan mazkur birlik muloyimlik va itoatkorlik niqobi ostida yashiringan norozilikni ifodalab, kontekstda kinoyaviy bo‘yoq kasb etadi hamda qahramonning ruhiy charchog‘i va ichki ziddiyatini namoyon etadi. Shu bilan birga, “jonlariga tegib ketgan emish” birikmasida frazeologik birlik (joniga tegmoq)ning ko‘plik shaklida qo‘llanishi norozilik holatini umumlashtirilgan va bo‘rttirilgan tarzda ifodalashga xizmat qiladi, emish yuklamasi esa eshitilgan axborotga nisbatan masofa, ishonchsizlik va bepisand munosabatni bildiruvchi pragmatik marker sifatida ironik qayta talqinni yuzaga keltiradi. Natijada kundalik turmushda uchraydigan oddiy e’tiroz kinoyaviy-estetik mazmun bilan boyitilib, qahramon nutqida maishiy konflikt estetik hodisaga aylantiriladi hamda personaj xarakterining nozik psixologik qirralari ochib beriladi. Sherqoʻzining zahrasi uchdi: “e, bu qipqizil tentak ekan-ku!”. Lekin, bari-bir tilining qichigʻini bosolmadi: – Hm… mayli uylantiring. Sizga ham farz – ukangiz. Men oʻlib, netib qolsam, albatta, uning boshini silashingizga toʻgʻri keladi. Lekin hozir qaysi pulchalariga uylantiradilar? Mullajiringni qaydan topadilar, mullajiringni? (Odamning olasi, 10) “– Hm…” undovi nutqning fonetik-pragmatik sathida shakllangan emotsional signal bo‘lib, u qahramonning ichki ikkilanishi, rozi bo‘lishga majburiylik hamda yashirin noroziligini ifodalovchi prosodik vosita sifatida xizmat qiladi. Ushbu birlik semantik jihatdan axborot bermaydi, biroq nutq aktining baholovchi ohangini belgilab, keyingi gaplarning kinoyaviy va tanqidiy mazmuni uchun fon yaratadi. Lingvopoetik nuqtayi nazardan “hm” undovi tashqi murosaga o‘xshash ichki qarshilikni ifodalab, personajning ruhiy holatini ixcham, lekin ta’sirchan shaklda ochib beradi. “Qaysi pulchalariga uylantiradilar” birikmasi tarkibida so‘roq shakli axborot olishga emas, balki baholovchi-ironiyani yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Bu yerda pul leksemasiga qo‘shimcha qilingan kichraytirish – kinoya affiksi (-cha) real miqdorni emas, balki mablag‘ning yetishmasligini masxarali tarzda bo‘rttirib ko‘rsatadi. Natijada iqtisodiy nochorlik holati ochiq tanbeh emas, balki kulgili kinoya orqali ifodalanadi. Lingvopoetik jihatdan mazkur birikma ijtimoiy munosabatlarda moddiy omilning ustuvorligini fosh etib, nikoh masalasining axloqiy emas, iqtisodiy mezonlar bilan baholanayotganini ochib beradi. So‘roq shakli bilan kichraytirish affiksining uyg‘unligi qahramon nutqiga satirik ohang bag‘ishlab, dialogning estetik ta’sirchanligini kuchaytiradi. Quyidagi misolda ham ma’lum bir lug‘aviy ma’no va vazifaga ega bo‘lgan shakl yasovchi qo‘shimchadan kinoyani yuzaga keltirish maqsadida foydalaniladi. Morfologik usul yordamida kichraytirish qo‘shimchasi subyektning ichki maqsadini yuzaga chiqarishda faol vazifa bajargan: – Yopirim-ey, bu kishining otalariga o‘xshab zug‘um qilishlarini. Achchiqchalari burunlarining uchida turadi. Yana yarim yo‘ldan yig‘lab qaytmagin. (Oyning gardishi, 3)
113 3 5 Yuqoridagi matndagi “-cha” qo‘shimchasining birlamchi vazifasi, ya’ni ot so‘z turkumidagi lug‘aviy shakl yasashdan tashqari lingvopoetik mazmun – iztehzoli piching mazmunini yuklash maqsadida qo‘llangan va badiiy matnning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan. “Achchiqchalari” so‘zi fonetik, morfologik va semantik sathlarda qahramonning baholovchi va kinoyaviy munosabatini ochib beradi. Leksik jihatdan achchiq so‘zi jiddiy, og‘ir ta’bir bo‘lsa-da, kichraytirish affiksi -cha qo‘shilishi orqali semantik ohangi yumshatiladi va mazmuni kinoyaviy-estetik rangga ega bo‘ladi. Shu tariqa qahramonning ogohlantirish va masxaraviy ohangdagi nutqi emotsional-ekspressivlik bilan boyitiladi. Mazkur so‘z tarkibidagi ko‘plik affiksi –lar an’anaviy ko‘plik vazifasini bajarmay, aksincha, qahramon nutqida kesatiq va kinoyaviy bahoni yuzaga keltiruvchi lingvopoetik vosita sifatida ishlatilgan. Shu tariqa achchiqchalari so‘zi nafaqat qahramonning xattiharakatlarining doimiyligini, balki ularning estetik jihatdan sezilarli va kulgili kinoya bilan boyitilgan xususiyatini namoyon qiladi. Fonetik va morfologik elementlar uyg‘unligi qahramon nutqining emotsional-ekspressiv ohangini kuchaytirib, oddiy leksik birlikni estetik va kinoyaviy effektga ega lingvopoetik vositaga aylantiradi. Xulosa. Yuqoridagi tahlillardan ayon bo‘ladiki, ironiya tilning badiiy-estetik imkoniyatlarini kuchaytirish maqsadida turli til birliklari orqali badiiy matnda faol ishtirok etadi. Biroq har qanday holatda ham unda ohang yetakchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan shunday vaziyatlarda yozuvchi voqealar rivojida ishtirok etayotgan qahramonning muayyan yashirin, individual jihatlarini ifodalash uchun ironiyadan mohirona foydalanadi. Natijada qahramon nutqi jonli og‘zaki nutqqa yaqinlashadi hamda uning ichki dunyosi va yashirin ijodiy qirralarini ochib berishga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивлик ифодаланишининг синтактик усули. – Тошкент: Фан, 1983. – Б. 69. 2. Абдураҳмонов Ш. Кулги қўзғатувчи лисоний воситалар. НДА. 1998. – Б. 19. 3. Ибрагимова Э. Ўзбек тилида ирония ва ироник мазмун ифoдаланишининг усул ҳамда воситалари: Филол. фан. номз. ... дисс. автореф. – Фарғона, 2001. – Б. 20 4. Каримов С.А. Бадиий услуб ва тилнинг ифода тасвир воситалари. Ўқув қўлланмаси. – Самарқанд: СамДУ нашриёти. 1994. – Б. 36. 5. Миртожиев М. Ўзбек тилида полисемия. – Тошкент: Фан, 1977. – Б. 15. 6. Осиновская И. Илоҳий саргардонлик. Сатира ва худо // Ирония ва Эпос. Мажозий соҳанинг поэтикаси. – М., 2007. – Б. 84 – 104. 7. Қўнғиров Р. Ўзбек тилининг тасвирий воситалари. – Тошкент: Фан, 1977. 8. Йўлдошев М. Ядгаров Қ. Бадиий матннинг лисоний таҳлили. – Тошкент: Фан, 2007. – Б. 63.