NOTO'LIQ OILALARDA TARBIYALANAYOTGAN FARZANDLARNING IJTIMOIY REABILITATSIYASI
Abstract
Ushbu maqolada noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi masalalari sotsiologik yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda noto‘liq oilaning ijtimoiy-pedagogik xususiyatlari, bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning ijtimoiylashuv jarayonidagi muammolari hamda ularning jamiyatga moslashuviga ta’sir etuvchi omillar yoritilgan. Shuningdek, ijtimoiy institutlar oila, ta’lim muassasalari, mahalla va davlat tashkilotlarining reabilitatsiya jarayonidagi o‘rni ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Maqolada ijtimoiy reabilitatsiya mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va xulosalar keltirilgan.
Full text
Dekabr, 2025-Yil 253 NOTO‘LIQ OILALARDA TARBIYALANAYOTGAN FARZANDLARNING IJTIMOIY REABILITATSIYASI Sharustamova Madina Nig‘matilla qizi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi. e-mail: [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.18021416 Annotatsiya. Ushbu maqolada noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi masalalari sotsiologik yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda noto‘liq oilaning ijtimoiy-pedagogik xususiyatlari, bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning ijtimoiylashuv jarayonidagi muammolari hamda ularning jamiyatga moslashuviga ta’sir etuvchi omillar yoritilgan. Shuningdek, ijtimoiy institutlar oila, ta’lim muassasalari, mahalla va davlat tashkilotlarining reabilitatsiya jarayonidagi o‘rni ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Maqolada ijtimoiy reabilitatsiya mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va xulosalar keltirilgan. Kalit so‘zlar: noto‘liq oila, ijtimoiy reabilitatsiya, ijtimoiylashuv, farzand tarbiyasi, ijtimoiy muhit, sotsial moslashuv, ijtimoiy institutlar Аннотация. В данной статье с социологической точки зрения анализируются проблемы социальной реабилитации детей, воспитывающихся в неполных семьях. Рассматриваются социально-педагогические особенности неполной семьи, основные трудности социализации детей, а также факторы, влияющие на их социальную адаптацию. Особое внимание уделяется роли социальных институтов — семьи, образовательных учреждений, махалли и государственных организаций — в процессе социальной реабилитации. В статье представлены научно обоснованные выводы и предложения по совершенствованию механизмов социальной реабилитации детей из неполных семей. Ключевые слова: неполная семья, социальная реабилитация, социализация, воспитание детей, социальная среда, социальная адаптация, социальные институты Abstract. This article analyzes the issues of social rehabilitation of children raised in single-parent families from a sociological perspective. The study examines the socio-pedagogical characteristics of single-parent families, the main challenges in the socialization process of children, and the factors influencing their social adaptation. Particular attention is paid to the role of social institutions such as family, educational institutions, community organizations, and state bodies in the social rehabilitation process. The article provides scientifically grounded conclusions and recommendations aimed at improving social rehabilitation mechanisms for children from single-parent families. Keywords: single-parent family, social rehabilitation, socialization, child upbringing, social environment, social adaptation, social institutions. Kirish. Ma’lumki, oila jamiyatning eng muhim ijtimoiy institutlaridan biri bo‘lib, shaxsning birlamchi ijtimoiylashuvi aynan oila doirasida amalga oshadi. Mumtoz sotsiolog E. Dyurkgeym oilani jamiyatning barqarorligini ta’minlovchi ijtimoiy mexanizm sifatida talqin qilib, undagi buzilishlar ijtimoiy anomiya holatlarini kuchaytirishini ta’kidlaydi 1 . 1 Dyurkgeym E. Jamiyatda mehnat taqsimoti. — Toshkent: Fan, 2003. — 214–218-b.
Dekabr, 2025-Yil 254 Shu nuqtayi nazardan, noto‘liq oilalarda tarbiya olayotgan farzandlarning ijtimoiylashuvi masalasi sotsiologik jihatdan muhim ilmiy muammo hisoblanadi. An’anaviy jamiyatlarda oila kengaytirilgan shaklda mavjud bo‘lib, tarbiya jarayoni faqat ota-ona zimmasiga yuklanmagan. T. Parsonsning struktur-funksionalizm nazariyasiga ko‘ra, oila jamiyatda ikki asosiy funksiyani bajaradi: bolalarni ijtimoiylashtirish va kattalarning emotsional barqarorligini ta’minlash 2 . Noto‘liq oila sharoitida ushbu funksiyalarning to‘liq bajarilmasligi farzandlarda ijtimoiy moslashuv muammolarini keltirib chiqaradi. Bugungi kunda statistik ma’lumotlar ham ushbu holatning dolzarbligini tasdiqlaydi. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalarning qariyb 20–25 foizi noto‘liq oilalarda tarbiyalanmoqda 3 . Bunday oilalarda voyaga yetayotgan bolalar orasida maktabdagi muvaffaqiyatsizlik holatlari 1,5 barobar yuqori, deviant xulq-atvorga moyillik 30–40 foizga ko‘p, psixologik tushkunlik va ijtimoiy chekinish holatlari keng tarqalgan. Albatta oila katta sotsial institut ekanligini unutmaslik lozim. Har bir oila individning hayotida ijtimoiy me’yorlarni singdirishda tabiiyki juda muhim rol o‘ynaydi. Shaxsning ijtimoiylashuvi hamda jamiyatda qay darjada faol bo‘lishi uni o‘rab turgan sotsial makon va kishilarning xulq atvoriga ham bog‘liq ekanligini inobatga olish zarur. Sotsiologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlar ko‘pincha “rol modeli tanqisligi” muammosiga duch keladi. R. Mertonning ijtimoiy rollar nazariyasiga ko‘ra, shaxs jamiyatda o‘z o‘rnini aniqlashda muhim ijtimoiy rollarga tayanadi 4 . Ota yoki ona rolidan birining yo‘qligi farzandning gender, kasbiy va ijtimoiy identifikatsiyasida nomuvofiqliklarni yuzaga keltiradi. Empirik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarning 60 foizdan ortig‘i o‘zini jamiyatda to‘liq himoyalangan shaxs sifatida his etmasligini bildirgan 5 . Bu holat ularning ijtimoiy faolligiga, kelajak rejalari va hayotiy strategiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shu jihatlar ularni reabilitatsiya qilish zaruratini sotsiologik asosda izohlash imkonini beradi. Sotsiologik nuqtayi nazardan, reabilitatsiya — bu individual muammoni emas, balki ijtimoiy muhitdagi nomutanosiblikni bartaraf etishga qaratilgan tizimli jarayondir. P. Berger va T. Lukmanning ijtimoiy konstruktivizm nazariyasiga ko‘ra, shaxsning ijtimoiy realligi doimiy ravishda muhit orqali shakllanadi 6 . Demak, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarni reabilitatsiya qilishda faqat bolaning o‘zi bilan ishlash yetarli emas, balki uning ijtimoiy muhiti — oila, maktab, mahalla va tengdoshlar guruhi bilan ham kompleks ish olib borish talab etiladi. Kelajak istiqbollari nuqtayi nazaridan, sotsiologik prognozlar noto‘liq oilalar soni qisqa muddatda kamaymasligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli reabilitatsiya tizimi institutsional darajada mustahkamlanishi lozim. 2 Parsons T. The Social System. — New York: Free Press, 1951. — P. 132–140. 3 UNICEF. Children and Single-Parent Families. — New York, 2021. — P. 27–29. 4 Merton R. Social Theory and Social Structure. — New York: Free Press, 1968. — P. 241–245. 5 Coleman J. Foundations of Social Theory. — Harvard University Press, 1990. — P. 301–305. 6 Berger P., Luckmann T. The Social Construction of Reality. — New York: Anchor Books, 1966. — P. 149–156.
Dekabr, 2025-Yil 255 Ijtimoiy siyosat doirasida: — maktablarda ijtimoiy pedagog va psixologlar faoliyatini kuchaytirish — noto‘liq oilalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqish, — statistik monitoring va sotsiologik so‘rovlarni muntazam o‘tkazish zarur hisoblanadi. Ma’lumki, jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida oila ijtimoiy tuzilmaning eng muhim bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘lib kelgan. Oila shaxsning birlamchi ijtimoiylashuvi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, ijtimoiy me’yorlar va xulq-atvor modellari shakllanadigan asosiy muhit hisoblanadi. Shu bois oiladagi har qanday strukturaviy o‘zgarish jamiyatning umumiy ijtimoiy holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ana shunday o‘zgarishlardan biri — noto‘liq oilalarning paydo bo‘lishi va ularning son jihatdan ortib borishidir. Sotsial jihatdan qaralganda, an’anaviy jamiyatlarda oila ko‘p avlodli, mustahkam va barqaror ijtimoiy institut sifatida shakllangan. Bunday oilalarda tarbiya jarayoni faqat ota-ona bilan cheklanmay, qarindosh-urug‘, mahalla va jamoa tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Ota yoki onaning yo‘qligi holatlari mavjud bo‘lgan taqdirda ham, ularning o‘rni keng ijtimoiy muhit tomonidan qisman to‘ldirilgan. Shu sababli tarixan noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlar bugungidek keskin psixologik va ijtimoiy muammolarga duch kelmagan. Sanoatlashuv, urbanizatsiya va modernizatsiya jarayonlari bilan birga oilaning funksional tuzilmasi ham o‘zgara boshladi. Migratsiya, iqtisodiy bosim, nikoh barqarorligining pasayishi, individualizmning kuchayishi natijasida ajralishlar ko‘paydi. Natijada noto‘liq oilalar alohida ijtimoiy hodisa sifatida shakllandi. Aynan shu davrdan boshlab, noto‘liq oilada tarbiyalanayotgan farzandlarning ijtimoiylashuvi masalasi ilmiy muammo sifatida tadqiq etila boshlandi. Bugungi kunda noto‘liq oilalar global miqyosda keng tarqalgan ijtimoiy holatga aylangan. Zamonaviy jamiyatda ajralishlar, mehnat migratsiyasi, ota-onaning uzoq muddatli bandligi yoki vafoti sababli ko‘plab bolalar ota yoki onasiz ulg‘aymoqda. Bunday sharoitda tarbiya jarayoni bir tomonlama xarakter kasb etib, farzandning emotsional va ijtimoiy ehtiyojlari to‘liq qondirilmay qolmoqda. Ayniqsa, ota yoki ona obrazining yetishmasligi bolada psixologik bo‘shliqni vujudga keltirib, uning ichki dunyosida muvozanatsizlikni yuzaga chiqaradi. Hozirgi ijtimoiy amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlar orasida o‘ziga ishonchsizlik, tashvish, ijtimoiy chekinish, ayrim hollarda esa tajovuzkorlik holatlari ko‘proq uchraydi. Ta’lim jarayonida ham bunday bolalar ko‘pincha e’tibor va nazorat yetishmasligi sababli o‘qishga bo‘lgan motivatsiyani yo‘qotadi. Bu esa ularning kelajakdagi kasbiy va ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ana shu sharoitda noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarni reabilitatsiya qilish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Reabilitatsiya bu yerda faqat muammolarni bartaraf etish emas, balki farzandning jamiyatda to‘laqonli shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan psixologik, ijtimoiy va ma’naviy resurslarni tiklash jarayonidir. Zamonaviy yondashuvlarga ko‘ra, reabilitatsiya kompleks xarakterga ega bo‘lib, unda psixologik yordam, ijtimoiy-pedagogik qo‘llab-quvvatlash va oila bilan tizimli ishlash muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda reabilitatsiya jarayonida bolaning individual xususiyatlarini hisobga olish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Psixologik reabilitatsiya orqali farzandning ichki kechinmalari, travmatik tajribalari aniqlanib, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘riladi.
Dekabr, 2025-Yil 256 Ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya esa bolani ijtimoiy faoliyatga jalb qilish, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va ijtimoiy rollarni anglashiga yordam berishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, farzandni tarbiyalayotgan ota yoki ona bilan ishlash ham reabilitatsiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlar bilan ishlash tizimi yanada takomillashishi kutilmoqda. Kelajakda reabilitatsiya jarayonlari faqat muammo yuzaga kelgandan keyin emas, balki profilaktik xarakterga ega bo‘lishi lozim. Ya’ni, noto‘liq oila shakllangan dastlabki bosqichdanoq farzand va ota-onaga psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatilishi zarur. Raqamli texnologiyalar, onlayn maslahatlar va masofaviy psixologik xizmatlar reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada samarali bo‘ladi. Eng muhimi, jamiyatda noto‘liq oilaga nisbatan salbiy stereotiplarni kamaytirish, bunday farzandlarga nisbatan ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyilini qaror toptirish muhim vazifa bo‘lib qoladi. Xulosa qilib aytganda, noto‘liq oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarni reabilitatsiya qilish masalasi tarixiy tajriba, bugungi ijtimoiy holat va kelajak istiqbollari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu jarayonning samaradorligi jamiyatning ijtimoiy mas’uliyati, ilmiy asoslangan yondashuvlar va insonparvarlik tamoyillariga tayanilgan holda amalga oshirilishiga bevosita bog‘liqdir. Agar bu yo‘nalishda tizimli va uzluksiz ish olib borilsa, noto‘liq oilalarda voyaga yetayotgan farzandlar ham jamiyatning faol, yetuk va mas’uliyatli a’zolari sifatida shakllanishi mumkin. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Parsons T. The Social System. — New York: Free Press, 1951. — P. 132–140. 2. Dyurkgeym E. Jamiyatda mehnat taqsimoti. — Toshkent: Fan, 2003. — 214–218-b. 3. Parsons T. The Social System. — New York: Free Press, 1951. — P. 132–140. 4. UNICEF. Children and Single-Parent Families. — New York, 2021. — P. 27–29. 5. Merton R. Social Theory and Social Structure. — New York: Free Press, 1968. — P. 241– 245. 6. Berger P., Luckmann T. The Social Construction of Reality. — New York: Anchor Books, 1966. — P. 149–156.