scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK XALQ AMALIY BEZAK SAN'ATINING RIVOJLANISH ASOSLARI

OCHILOVA, Ma'rufat; AXMEDOV, Muxomad-Umar

Abstract

Ushbu maqolada o‘zbek xalq amaliy bezak san’atining tarixiy shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari kompleks yondashuv asosida tahlil qilinadi. Arxeologik topilmalar, hududiy hunarmandchilik maktablari hamda me’moriy yodgorliklar misolida milliy amaliy san’atning estetik va madaniy ahamiyati yoritiladi. Shuningdek, uning milliy madaniyat tizimidagi o‘rni va badiiy meros sifatidagi qadri ochib beriladi. Tadqiqot natijalari asosida amaliy bezak san’atining yosh avlodda estetik did, badiiy tafakkur, ijodiy yondashuv va milliy identitetni shakllantirishdagi pedagogik ahamiyati asoslanadi hamda uni zamonaviy ta’lim jarayoniga integratsiya qilishning metodik yo‘nalishlari taklif etiladi

Full text

RESEARCH AND DEVELOPMENT TADQIQOT VA TARAQQIYOT ISSN: 3030 – 3281 Volume II, Issue 12 (2025) © 2025, the Author(s). Published by IMFAKTOR. This is an open access article under the CC BY license http://creativecommons.org/licenses/by/4.0/ 46 Bugungi globallashuv sharoitida O‘zbekistonning taraqqiy etgan, intellektual salohiyati yuksak davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi mamlakatning madaniy-ma’rifiy hayoti, san’ati hamda ma’naviy qadriyatlari rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir. Jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida xalqimizning boy ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan madaniy an’analari va yuksak badiiy tafakkuri alohida ahamiyat kasb etadi. O‘ZBEK XALQ AMALIY BEZAK SAN’ATINING RIVOJLANISH ASOSLARI Ma’rufat OCHILOVA¹, Muxomad-Umar AXMEDOV 1. ¹ Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.18028351 ANNOTATSIYA Ushbu maqolada o‘zbek xalq amaliy bezak san’atining tarixiy shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari kompleks yondashuv asosida tahlil qilinadi. Arxeologik topilmalar, hududiy hunarmandchilik maktablari hamda me’moriy yodgorliklar misolida milliy amaliy san’atning estetik va madaniy ahamiyati yoritiladi. Shuningdek, uning milliy madaniyat tizimidagi o‘rni va badiiy meros sifatidagi qadri ochib beriladi. Tadqiqot natijalari asosida amaliy bezak san’atining yosh avlodda estetik did, badiiy tafakkur, ijodiy yondashuv va milliy identitetni shakllantirishdagi pedagogik ahamiyati asoslanadi hamda uni zamonaviy ta’lim jarayoniga integratsiya qilishning metodik yo‘nalishlari taklif etiladi. Kalit so‘zlar: amaliy bezak san’ati, xalq hunarmandchiligi, milliy madaniyat, badiiy meros, hududiy maktablar, naqqoshlik, me’moriy bezak, estetik tarbiya, badiiy tafakkur, ta’lim integratsiyasi. FOUNDATIONS OF THE DEVELOPMENT OF UZBEK FOLK DECORATIVE AND APPLIED ART ANNOTATION This article provides a comprehensive analysis of the historical formation and development of Uzbek folk decorative and applied art. Drawing on archaeological findings, regional craft schools, and architectural monuments, it reveals the aesthetic and cultural significance of applied art as an integral part of national heritage. Based on the research findings, the pedagogical value of decorative and applied art in shaping aesthetic taste, artistic thinking, creative approach, and national identity among young people is substantiated, and methodological directions for its integration into the modern educational process are proposed. Keywords: decorative and applied art, folk craftsmanship, national culture, artistic heritage, regional schools, ornamental art, architectural decoration, aesthetic education, artistic thinking, educational integration. ОСНОВЫ РАЗВИТИЯ УЗБЕКСКОГО НАРОДНОГО ДЕКОРАТИВНО-ПРИКЛАДНОГО ИСКУССТВА АННОТАЦИЯ В статье комплексно анализируются этапы исторического формирования и развития узбекского народного декоративно-прикладного искусства. На основе археологических находок, региональных ремесленных школ и архитектурных памятников раскрывается его эстетическое и культурное значение, а также роль в системе национального художественного наследия. На основе результатов исследования обосновывается педагогическая значимость декоративноприкладного искусства в формировании эстетического вкуса, художественного мышления, творческого подхода и национальной идентичности молодежи, а также предлагаются направления его интеграции в современный образовательный процесс. Ключевые слова: декоративно-прикладное искусство, народное ремесло, национальная культура, художественное наследие, региональные школы, орнаментальное искусство, архитектурный декор, эстетическое воспитание, художественное мышление, интеграция в образование. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 47 Ayniqsa, bu jarayonda tasviriy va amaliy san’at sohasining, xususan, milliy amaliy bezak san’atining o‘rni beqiyosdir. Amaliy bezak san’ati nafaqat estetik qadriyatlarni ifodalaydi, balki xalqning dunyoqarashi, tarixiy xotirasi, urf-odatlari hamda ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarini aks ettiruvchi milliy identitetni shakllantiruvchi muhim madaniy hodisa sifatida namoyon bo‘ladi [1, B.67]. Milliy amaliy bezak san’ati xalqning ko‘p asrlik tajribasi, hayotiy qarashlari va estetik didining mahsuli bo‘lib, u turli tarixiy davrlarda jamiyat ehtiyojlariga mos holda rivojlanib kelgan. Naqqoshlik, kashtachilik, kulolchilik, yog‘och va ganch o‘ymakorligi, zardo‘zlik kabi san’at turlari orqali xalqimizning go‘zallik haqidagi tasavvurlari, ramziy obrazlari va badiiy an’analari avloddan avlodga yetkazilib kelinmoqda. Shu bois, ushbu san’at turlarini ilmiy asosda o‘rganish va ta’lim jarayoniga samarali joriy etish yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yosh avlodning intellektual, ma’naviy va ijodiy salohiyatini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab bermoqda. Ta’lim jarayonida talabalarda mustaqil fikrlash, badiiy tafakkur, ijodkorlik, tashabbuskorlik va izlanuvchanlik kabi sifatlarni shakllantirish bugungi kunning dolzarb talablaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, ta’lim oluvchilarga faqat tayyor bilimlar majmuini berish emas, balki ularni mustaqil ravishda bilim izlashga, tahlil qilishga va mavjud bilimlarni boyitib borishga yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etadi [2, B.34]. Mazkur jarayonda amaliy bezak san’atini o‘qitish talabaning estetik didini shakllantiruvchi, ijodiy mehnatga yo‘naltiruvchi va ma’naviy olamini boyituvchi samarali pedagogik vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Amaliy mashg‘ulotlar orqali talabalar nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ladilar, balki milliy san’at namunalarini bevosita yaratish jarayonida ijodiy tafakkurini rivojlantirib, badiiy tasavvurini kengaytiradilar. Bu esa ularning kasbiy tayyorgarligi bilan bir qatorda shaxs sifatida barkamol bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. Talabalarning kun davomida asosiy vaqtini ta’lim muassasalarida o‘tkazishi ularni o‘rab turgan badiiy-estetik muhit sifatiga alohida talab qo‘yadi. O‘quv binolarining interyeri, tabiat burchaklari, me’moriy elementlar, axborot stendlari, yo‘laklar, hovli va gulzorlarning badiiy bezatilganligi talabaning estetik idroki va didi shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ta’lim muassasasi hududining go‘zal, did bilan jihozlangan bo‘lishi nafaqat o‘quv jarayonining samaradorligini oshiradi, balki talabalarda san’atga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib, go‘zallik qonunlari asosida yashashga intilish tuyg‘usini tarbiyalaydi. Shu bois, badiiy bezash elementlarini ta’lim muhitiga uyg‘unlashtirish amaliy san’atni o‘qitish jarayonining muhim metodik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi [3, B.45]. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan islohotlar, xususan, 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi hamda “Besh muhim tashabbus” doirasida yoshlarning madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan [4, B.107]. Mazkur tashabbuslar amaliy bezak san’ati yo‘nalishida ta’lim-tarbiya ishlarini yanada takomillashtirish, san’atga oid maxsus fanlar mazmunini boyitish, milliy va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda o‘qitish jarayoniga joriy etishni taqozo etadi. Natijada, milliy san’at asosida tarbiyalangan, yuksak estetik did va ijodiy tafakkurga ega, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollangan barkamol avlodni voyaga yetkazish imkoniyati kengayadi. 1 – rasm. O‘zbek xalq amaliy bezak san’atiga oid umumiy kompozitsiya. Darhaqiqat, amaliy bezak san’ati turlari ijodiy mehnat bilan uzviy uyg‘unlashgan bo‘lib, talabalarda badiiy tafakkur, mas’uliyat, estetik idrok hamda ijodiy yondashuvni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Mazkur san’at turlari bugungi jamiyat hayotining turli jabhalarida – me’moriy-obodonchilik ishlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, o‘quv muassasalari interyerini bezash, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish kabi sohalarda keng qo‘llanilmoqda [5, B.89]. Shu bois amaliy bezak san’ati talabalarga voqelikni badiiy idrok etish, milliy an’analarni chuqur anglash va ularni san’at vositasida ifodalash imkonini beruvchi samarali ta’limiy vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jarayon talabalarni nafaqat estetik jihatdan tarbiyalaydi, balki ularning ijtimoiy faolligi, madaniy dunyoqarashi va ijodiy mustaqilligini ham rivojlantiradi. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 48 Metod va metodologiya Amaliy bezak san’ati turlari ijodiy mehnatga tayanib, talabaning estetik dunyoqarashi, ma’naviy ehtiyojlari hamda ichki kreativ salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Fan metodikasi badiiy bezash jarayonini real hayot hodisalarini estetik talqin etish, voqelikni badiiy umumlashtirish va milliy an’analarni anglash imkonini beruvchi pedagogik jarayon sifatida talqin etadi [6, B.224]. Shu sababli talabaning o‘quv muhiti – auditoriyalar, koridorlar, ko‘rgazma maydonlari, maktab yoki institut interyeri – estetik ta’limning bevosita amaliy maydoniga aylanadi. Metodologiyaning muhim jihatlaridan biri talabaning san’at jarayonida shaxsiy va faol ishtirokini ta’minlashdir. Bu jarayon turli bezash ishlari, ko‘rgazmalar tashkil etish, dekorativ-amaliy san’at namunalarini yaratish, devoriy materiallar va badiiy kompozitsiyalar tayyorlash kabi mashg‘ulotlar orqali amalga oshiriladi. Mazkur faoliyat jarayonida talaba mustaqil qaror qabul qilish, badiiy fikrni shakllantirish, ijodiy mas’uliyat, tashabbuskorlik va mehnat madaniyatini egallaydi [7, B.17]. Natijada, u o‘z ijodiy imkoniyatlarini real muhitda namoyon etish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi. Fan metodikasida professor-o‘qituvchining asosiy vazifasi talabaning badiiy izlanishlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, uning ichki qobiliyatini ochib berish hamda har bir ijodiy faoliyatni pedagogik maqsadlar bilan uyg‘unlashtirishdan iboratdir [8, B.12]. Bunday yondashuv nafaqat estetik bilim va ko‘nikmalarni shakllantiradi, balki talabalarda ijtimoiy faollik, ma’naviy ong, madaniy xulq-atvor va jamoada ishlash madaniyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Badiiy makon dizaynida amaliy san’atning metodik asoslari Amaliy bezak san’ati xalq ijodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, insonning san’atga bo‘lgan estetik munosabatini ifodalaydi hamda haykaltaroshlik, rangtasvir, me’morlik va boshqa san’at turlari bilan uzviy aloqada rivojlanadi. Dekorativ-amaliy san’at asarlari mazmuni va shakli orqali insonni qurshab turgan fazoni badiiy jihatdan boyitish, muhitga estetik qiyofa berish vazifasini bajaradi [9, B.943]. Bu jarayonda monumental bezaklar, o‘ymakorlik, milliy kiyimlar, so‘zanalar, interyer detallari va turli bezak buyumlari yagona badiiy tizimning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Dekorativ san’atning o‘ziga xosligi shundaki, u ko‘pincha amaliy vazifani bajaruvchi buyumlar – liboslar, mebellar, o‘yinchoqlar, arxitektura unsurlari va interyer elementlari bilan chambarchas bog‘liq holda yuzaga keladi. Shu bilan birga, zargarlik buyumlari, taqinchoqlar, o‘ymakorlik namunalarining ayrim turlari bevosita funksional vazifani bajarmagan holda ham estetik qadriyat sifatida muhit mazmunini boyitadi [10, B.547]. Muhitning nafosat darajasi bezaklarning ko‘pligi bilan emas, balki ularning mazkur joyning ijtimoiy vazifasi hamda insonlarning ma’naviy va amaliy ehtiyojlariga qanchalik mos kelishi bilan belgilanadi. Ta’lim muassasalari interyerini badiiy bezashda yog‘och va ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik, mozaika, vitraj, chekanka kabi amaliy san’at turlaridan foydalanish o‘quv muhitining tarbiyaviy va estetik salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. Bunda bezak elementlarining auditoriya vazifasi, rang yechimi, jihozlar joylashuvi va yoritilish darajasi bilan uyg‘unligi ta’minlanishi lozim. Ilmiy-metodik nuqtayi nazardan qaralganda, dekorativ-amaliy san’at vositalaridan oqilona foydalanish muhitni estetik jihatdan boyitish bilan birga, talabalarda san’atga qiziqish, estetik did va badiiy tafakkurni rivojlantiruvchi muhim pedagogik omil sifatida xizmat qiladi. O‘zbek milliy san’atida badiiy naqqoshlikning o‘rni O‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniy merosi tarkibida amaliy san’at alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi [11, B.63]. Hunarmandchilik an’analari asrlar davomida shakllanib, o‘zining badiiy ifoda vositalari, texnik usullari va ramziy mazmunlari orqali xalqning moddiy hamda ma’naviy hayotida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. Amaliy san’atning markaziy turlaridan biri bo‘lgan badiiy naqqoshlik me’moriy obidalar, maishiy buyumlar va uyro‘zg‘or anjomlarini bezash jarayonida shakllangan bo‘lib, o‘zbek xalqining estetik didi, tasavvurlari va badiiy qarashlarini mujassam etadi. Naqqoshlik san’ati orqali ranglar uyg‘unligi, geometrik va islimiy naqshlar, ramziy obrazlar vositasida milliy ruh va tarixiy an’analar ifodalanib, bugungi kunda ham zamonaviy dizayn va interyer bezagida o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Arxeologik va tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo hududida amaliy san’atning ilk ko‘rinishlari neolit davridayoq shakllana boshlagan. Xususan, Xorazm, Buxoro va Zarafshon vohasi hududlarida tarqalgan Kaltaminor madaniyatiga oid sopol buyumlardagi chizma va o‘yma naqshlar badiiy tafakkurning dastlabki bosqichlarini ifodalab beradi. Ushbu naqshlarda tabiat unsurlari, geometrik shakllar va ramziy belgilar aks etib, insonning borliqni estetik idrok etishga bo‘lgan dastlabki intilishlarini namoyon etadi. 2-rasm. Neolit davri sopol idishlaridagi naqshlar. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 49 Kulolchilikdagi rang-barang shakllar, toshdan yasalgan mehnat qurollari hamda dastlabki mato to‘qish an’analari naqqoshlik va bezak san’atining keyingi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratgan. Amaliy san’atning tarixiy rivojlanishida me’moriy bezak turlari – ganch o‘ymakorligi, yog‘och o‘ymasi, devoriy naqshlar, mozaika hamda zargarlik san’ati alohida o‘rin tutadi. Ushbu san’at turlari dastlab maishiy ehtiyojlarni qondirish bilan birga, vaqt o‘tishi bilan estetik va ramziy mazmun kasb etib, xalqning dunyoqarashi, urf-odatlari, e’tiqodlari hamda badiiy ideallarini ifodalovchi muhim madaniy hodisaga aylangan. Me’moriy obidalar bezagida qo‘llanilgan naqshlar va ornamentlar orqali jamiyatning ijtimoiy hayoti, diniy qarashlari va estetik didi mujassam bo‘lib, ular milliy san’at taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichiga aylangan. O‘zbekiston hududidagi qadimiy shahar va hunarmandchilik markazlarining – Marg‘ilon, G‘ijduvon, Urgut, Chust, Boysun kabi maskanlarning shakllanishi amaliy san’at va hunarmandchilik maktablarining yuksalishiga kuchli turtki bo‘lgan. Ushbu hududlarda kulolchilik, ipakchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, pichoqchilik, misgarlik kabi kasblar rivojlanib, har bir markaz o‘ziga xos uslub, rang yechimi va bezak an’analari bilan ajralib turgan. Hunarmandlar tomonidan yaratilgan buyumlar nafaqat kundalik ehtiyojlarni qondirgan, balki yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lib, xalqning estetik didini shakllantirish va boyitishda muhim rol o‘ynagan. Alohida ta’kidlash joizki, mazkur hududlarda hunarmandchilik maktablarining shakllanishi ustoz-shogird an’anasiga asoslangan bo‘lib, kasbiy mahorat va badiiy tajriba avloddan avlodga uzviy tarzda o‘tib kelgan. Bu esa amaliy san’at turlarining barqaror rivojlanishini, an’analarning saqlanishi va ayni paytda zamon talablari asosida boyib borishini ta’minlagan. Natijada Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududida shakllangan amaliy san’at maktablari bugungi kunda ham milliy madaniyatning ajralmas qismi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda. O‘rta asrlar va Temuriylar davrida amaliy bezak san’ati taraqqiyoti O‘rta asrlar davrida Markaziy Osiyoda, xususan, bugungi O‘zbekiston hududida amaliy bezak san’ati yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Bu davrda shaharlarning rivojlanishi, savdo-sotiqning kengayishi va madaniy aloqalarning kuchayishi natijasida hunarmandchilik markazlari yanada ravnaq topdi. Buxoro, Samarqand, Termiz, Toshkent, Xiva kabi shaharlarda kulolchilik, to‘qimachilik, zardo‘zlik, misgarlik, yog‘och va ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik kabi san’at turlari alohida maktablar sifatida shakllandi. Amaliy san’at buyumlari kundalik ehtiyojlar bilan bir qatorda saroy va diniy me’morchilikda keng qo‘llanilib, jamiyatning estetik talablariga javob bera boshladi. Islom madaniyatining kirib kelishi va mustahkamlanishi bezak san’atining mazmuni hamda badiiy tiliga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Jonli tasvirlardan ko‘ra geometrik, islimiy va epigrafik naqshlarning ustuvorligi kuchayib, ornamentika yuksak ramziy va falsafiy mazmun kasb etdi. Qur’on oyatlari, hikmatli so‘zlar va muqaddas iboralar me’moriy bezaklarda, sopol buyumlar va zargarlik asarlarida keng qo‘llanila boshladi. Bu esa amaliy bezak san’atini nafaqat estetik, balki ma’naviy-ruhiy tarbiya vositasiga aylantirdi. XIV–XV asrlarda Amir Temur va temuriylar davrida amaliy bezak san’ati o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga erishdi. Bu davrda bunyod etilgan ulkan me’moriy majmualar – Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi, Gur Amir maqbarasi, Shahrisabzdagi Oqsaroy, Hirotdagi inshootlar bezagida ganch o‘ymakorligi, rangtasvir, koshinkorlik, mozaika va naqqoshlik san’atining betakror namunalarini ko‘rish mumkin. Ranglar uyg‘unligi, naqshlarning murakkab kompozitsiyasi va mukammal texnik ijrosi ushbu davr san’atining yuksak badiiy darajasidan dalolat beradi. Temuriylar davrida hunarmandlar faoliyati davlat miqyosida qo‘llab-quvvatlangan, saroy ustaxonalari tashkil etilib, turli hududlardan mohir ustalar jamlangan. Natijada turli maktab va uslublar sintez qilinib, yangi badiiy an’analar yuzaga kelgan. Ayniqsa, naqqoshlikda girih va islimiy naqshlar mukammallashib, rang tanlashda ko‘k, havorang, oq va oltin ranglar ustuvor bo‘lib, ularning ramziy ma’nosi yanada boyitilgan. Shu tariqa, o‘rta asrlar va Temuriylar davrida amaliy bezak san’ati nafaqat hunarmandchilik faoliyati sifatida, balki yuksak darajadagi badiiy tafakkur va estetik qarashlarning ifodasi sifatida shakllandi. Ushbu davrda yaratilgan asarlar bugungi kunda ham milliy san’atimizning bebaho durdonalari sifatida ilmiy o‘rganilib, zamonaviy dizayn va amaliy san’at taraqqiyotiga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijalar O‘zbek xalq amaliy bezak san’atining rivojlanish jarayonini tarixiy manbalar va arxeologik materiallar asosida tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, mazkur san’at turi ibtidoiy davr hunarmandchiligi an’analariga borib taqaladigan qadimiy madaniy qatlamlarga ega. Arxeologik topilmalar – sopol idishlar, chizma va o‘yma naqshlar, toshdan yasalgan mehnat qurollari hamda dastlabki mato namunalarida uchraydigan bezak elementlari amaliy san’atning dastlabki bosqichidayoq estetik mazmun kasb etganini tasdiqlaydi. Xususan, Kaltaminor madaniyati sopollaridagi naqshlar, neolit davriga oid o‘yma va chizma bezaklar milliy amaliy san’atning ilk badiiy tamoyillari sifatida muhim ilmiy ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek amaliy san’ati taraqqiyotida hududiy hunarmandchilik maktablarining shakllanishi muhim bosqich bo‘lgan. Marg‘ilon, G‘ijduvon, Rishton, Urgut, Chust, Shahrisabz va Boysun kabi markazlarda avloddan-avlodga o‘tib kelgan hunarmandchilik an’analari asosida o‘ziga xos uslub, shakl, rang va naqsh tizimlari vujudga kelgan. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 50 Ushbu hududlarda yaratilgan sopol idishlar, yog‘och o‘ymakorligi namunalari, zargarlik buyumlari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa amaliy san’at asarlari murakkab texnikasi hamda yuksak badiiy mukammalligi bilan ajralib turadi. Ustalar ijodida shakllangan maktablar milliy amaliy bezak san’atining boy va xilma-xil bo‘lishida asosiy omil sifatida namoyon bo‘ladi. Amaliy bezak san’ati taraqqiyotining navbatdagi bosqichi me’moriy yodgorliklar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Registon ansambli, Go‘ri Amir maqbarasi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Minorai Kalon, Ko‘kaldosh madrasasi, Xudoyorxon o‘rdasi, Oqsaroy kabi tarixiy obidalardagi ganch o‘ymakorligi, yog‘och naqshlari, mozaika va rangtasvirlar amaliy san’atning yuksak darajada rivojlanganini yaqqol namoyon etadi. Ushbu obidalar milliy naqshlar tizimi, ranglar uyg‘unligi, kompozitsion tuzilish va bezak texnologiyalari jihatidan beqiyos badiiy maktabni tashkil etib, o‘zbek amaliy san’atining klassik namunalarini yaratgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temur davrida amalga oshirilgan siyosiy va madaniy qarorlar amaliy san’at taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Turli mamlakatlardan ustoz hunarmandlarni Samarqandga jamlash orqali amaliy san’at maktablari rivojlangan, yangi texnologiyalar joriy etilgan hamda mahalliy va tashqi uslublarning samarali sintezi yuzaga kelgan [12, B.34]. Bu jarayon amaliy san’atning professional darajada shakllanishini tezlashtirib, uning xalqaro miqyosda tanilishiga xizmat qilgan. Umuman olganda, tadqiqot natijalari o‘zbek amaliy bezak san’ati rivojlanishida quyidagi asosiy xulosalarni shakllantirish imkonini beradi: a) amaliy san’atning ildizlari ibtidoiy davrlarga borib taqaladi va u uzluksiz tarixiy taraqqiyot xususiyatiga ega; b) hududiy hunarmandchilik maktablari milliy uslubiy xilma-xillikni shakllantirib, san’atning boyishiga xizmat qilgan; v) me’moriy obidalar amaliy san’atning yuksak badiiy darajaga ko‘tarilishida muhim ijodiy maydon vazifasini bajargan; g) ustoz-shogird tizimi orqali san’atning texnik va uslubiy an’analari avloddan avlodga uzviy yetkazib kelingan; d) zamonaviy ta’lim va madaniy muhitda amaliy bezak san’ati estetik-tarbiyaviy omil sifatida dolzarbligini saqlab qolmoqda hamda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xulosa O‘zbek xalq amaliy bezak san’ati milliy madaniyatning eng qadimiy va boy qatlamlaridan birini tashkil etib, ibtidoiy jamiyat davridan boshlab shakllangan badiiy tafakkur an’analari zamonaviy san’at taraqqiyotida ham o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, neolit davriga oid sopol buyumlar, chizma va o‘yma naqshlar, kulolchilik, to‘qimachilik hamda toshga ishlov berish an’analari amaliy san’atning ilk bosqichlaridayoq estetik idrokning shakllanib borganini tasdiqlaydi. Keyingi tarixiy bosqichlarda esa Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand va boshqa hududlarda hunarmandchilik maktablarining yuzaga kelishi milliy uslubning boy va rang-barang bo‘lishiga, uning hududiy xususiyatlar asosida takomillashishiga zamin yaratgan. Me’moriy yodgorliklardagi ganch va yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, koshinkorlik, shuningdek, zargarlik buyumlari hamda maishiy ro‘zg‘or anjomlarida mujassam badiiy shakllar amaliy san’atning yuksak texnik va estetik darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ushbu san’at asarlari orqali xalqning tarixiy xotirasi, estetik ideallari va ramziy dunyoqarashi ifodalanib, ularning milliy madaniyatdagi o‘rni mustahkamlanadi. Shu ma’noda, amaliy bezak san’ati nafaqat moddiy madaniyat unsuri, balki jamiyatning ma’naviy hayotini boyituvchi muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Amaliy bezak san’ati yosh avlodni tarbiyalash jarayonida estetik didni shakllantirish, badiiy tafakkurni rivojlantirish, ijodiy yondashuv va milliy identitetni qaror toptirishda samarali tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Uning ta’lim jarayoniga integratsiya qilinishi talabalarda san’atga qiziqishni kuchaytirib, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga imkon yaratadi. Yakuniy xulosa sifatida ta’kidlash mumkinki, o‘zbek amaliy bezak san’ati uzluksiz rivojlanish jarayoniga ega bo‘lib, bugungi kunda ham ta’lim muassasalari interyerini badiiy bezash, madaniy-ma’rifiy muhitni boyitish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish va estetik tarbiyani takomillashtirishda muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, mazkur san’at yo‘nalishini chuqur o‘rganish, uning tarixiy va nazariy asoslarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, zamonaviy sharoitda qo‘llashning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirish hamda ta’lim tizimida keng joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 3-rasm. O‘zbek me’morchilik obidalarida qo‘llanilgan an’anaviy naqqoshlik bezaklari. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 51 Iqtiboslar 1. Abdullaev N. O‘zbek xalq amaliy san’ati tarixi. – Toshkent: Fan, 2010. 2. Boltaev M. Dekorativ-amaliy san’at asoslari. – Toshkent: O‘qituvchi, 2015. 3. Rustamova D. Milliy naqshlar kompozitsiyasi. – Toshkent: Kamalak, 2019. 4. Karimov F. O‘zbek me’moriy obidalarida bezak san’ati. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014. 5. Hasanov Z. O‘zbekiston hududiy hunarmandchilik maktablari tarixi. – Farg‘ona: Farg‘ona nashriyoti, 2016. 6. UNESCO. Traditional Crafts of Central Asia. – Paris: UNESCO Publishing, 2020. 7. Alimova N. O‘zbek milliy naqshlarining badiiy xususiyatlari. – Toshkent: San’at, 2013. 8. Maxkamova S. (2023). Tasviriy san’at asarlarini badiiy tahlil qilishda rassom Kamoliddin Behzod ijodidan foydalanish masalalari. Journal of Culture and Art, 1(8), 107–114. https://imfaktor.com/index.php/jocaa/article/view/767 9. https://imfaktor.com/index.php/jocaa/article/view/990 10. Talipov N. (2024). Amaliy san’at darslarida naqsh kompozitsiyalarini chizish. Journal of Culture and Art, 2(1), 4–12. https://imfaktor.com/index.php/jocaa/article/view/919 11. Maxkamova S. B., Abduraxmonova Z. (2025). Zahiriddin Muhammad Bobur merosining tasviriy san’at asarlariga ta’siri. IQRO jurnali, 14(2), 943–947. https://inlibrary.uz/index.php/iqro/article/view/77048 12. Makhkamova S. (2025). Preparing future teachers for artistic analysis of works of fine art. International Journal of Artificial Intelligence, 1(2), 547–553. https://inlibrary.uz/index.php/ijai/article/view/74167 13. Makhkamova S. B. (2024). The formation of visual arts skills of schoolchildren in performing sketch, composition and creative works. European Journal of Arts, (1), 63–66. https://doi.org/10.29013/EJA-24-1 RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 52 ILMIY TAQRIZ Maqola: “O‘zbek xalq amaliy bezak san’atining rivojlanish asoslari”. Mualliflar: Ma’rufat Ochilova, Muxomad-Umar Axmedov. Taqdim etilgan maqola o‘zbek xalq amaliy bezak san’atining tarixiy shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari hamda zamonaviy ta’lim va madaniy muhitdagi o‘rni va ahamiyatini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, mavzuning dolzarbligi, tanlangan muammo doirasining kengligi va ilmiy yondashuvning izchilligi bilan ajralib turadi. Bugungi globallashuv sharoitida milliy madaniyat va san’atni asrab-avaylash, uning ilmiy asoslarini chuqur o‘rganish masalalari muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, mazkur tadqiqot o‘z vaqtida tanlangan va ilmiy jihatdan asoslangan izlanish sifatida baholanishi mumkin. Muallif amaliy bezak san’atini ibtidoiy davrdan to zamonaviy bosqichgacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot jarayonida izchil tahlil qilib, arxeologik topilmalar, hududiy hunarmandchilik maktablari hamda me’moriy yodgorliklar misolida mavzuni yoritishga muvaffaq bo‘lgan. Xususan, Kaltaminor madaniyati sopollaridagi naqshlar, neolit davriga oid bezak unsurlari, Marg‘ilon, G‘ijduvon, Rishton, Chust, Boysun kabi markazlarda shakllangan hunarmandchilik an’analari orqali milliy amaliy san’atning ildizlari va rivojlanish mantiqi asosli ko‘rsatib berilgan. Bu esa maqolaning tarixiy va madaniy manbalarga tayangan holda yozilganini tasdiqlaydi. Maqolada Temuriylar davrida amaliy bezak san’atining yuksalishi, Samarqandning yirik badiiy markazga aylanishi, ustoz hunarmandlarning markazlashtirilishi natijasida uslubiy sintez yuzaga kelgani ilmiy asosda yoritilgan. Registon ansambli, Go‘ri Amir maqbarasi, Oqsaroy kabi obidalardagi ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik va koshinkorlik namunalarining tahlili muallifning mavzuni chuqur bilishi va materialni tahliliy yondashuv asosida bayon eta olishini ko‘rsatadi. Bu jihat maqolaning ilmiy qiymatini yanada oshiradi. Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri – amaliy bezak san’atining zamonaviy ta’lim muhitidagi estetiktarbiyaviy imkoniyatlarining asoslab berilganidadir. Muallif ushbu san’at turining yosh avlodda estetik did, badiiy tafakkur, ijodiy yondashuv va milliy identitetni shakllantirishdagi rolini pedagogik nuqtayi nazardan yoritib, uni ta’lim jarayoniga integratsiya qilishning metodik yo‘nalishlarini taklif etadi. Bu holat maqolani nafaqat san’atshunoslik, balki pedagogika nuqtayi nazaridan ham dolzarb va amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Maqolaning tuzilishi mantiqan izchil bo‘lib, kirish, asosiy bo‘limlar, natijalar, ilmiy yangilik va xulosa qismlarining o‘zaro uyg‘unligi saqlangan. Bayon tili ilmiy-uslubga mos, terminologiya o‘rinli qo‘llangan, fikrlar aniq va dalillarga tayangan holda ifodalangan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati mavzuni har tomonlama yoritishga xizmat qiluvchi manbalardan iborat bo‘lib, muallifning sohadagi ilmiy ishlardan yetarli darajada xabardor ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, maqolada ayrim bo‘limlarda misollarni yanada ko‘paytirish, ayrim tarixiy davrlar bo‘yicha qiyosiy tahlil elementlarini kengaytirish orqali tadqiqotning tahliliy darajasini yanada oshirish mumkinligi haqida tavsiyalar berish mumkin. Biroq bu holat maqolaning umumiy ilmiy saviyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi, balki kelgusidagi izlanishlar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, taqdim etilgan maqola o‘zbek xalq amaliy bezak san’atining tarixiy, estetik va pedagogik jihatlarini kompleks yoritgan, ilmiy yangilikka ega, nazariy va amaliy ahamiyatga molik tadqiqot hisoblanadi. Mazkur ish mazmunan yetuk, metodologik jihatdan asoslangan va zamonaviy ilmiy talablarga javob beradi. Shu bois, maqola ilmiy jurnalda chop etishga to‘liq tavsiya etiladi. Disclaimer © This scientific review has been prepared by the editorial board of the “RESEARCH & DEVELOPMENT” journal and is intended solely for use within the journal’s internal expert evaluation process and editorial activities. This review is protected by copyright law, and its content may not be distributed, reproduced, or used for commercial purposes without the prior permission of the editorial board. The review has been prepared to assess the scientific quality, content, and methodological aspects of the author’s (authors’) work. It does not represent the personal opinion of the author(s) nor should it be interpreted as the official position of the journal. The editorial board bears no responsibility for the implementation, outcomes, or consequences of the recommendations, conclusions, or comments contained in this review. The review is provided to ensure transparency in the editorial process and to maintain quality control over scientific publications.