"SADDI ISKANDARIY" DOSTONI MOHIYATI VA UNI NASHR ETISH QAT'IYATLARI
Abstract
"SADDI ISKANDARIY" DOSTONI MOHIYATI VA UNI NASHR ETISH QAT'IYATLARI
Full text
17 “SADDI ISKANDARIY” DOSTONI MOHIYATI VA UNI NASHR ETISH QAT’IYATLARI THE ESSENCE OF THE EPISTLE "SADDI ISKANDARIY" AND THE DETERMINATIONS OF ITS PUBLISHING СУТЬ ПОСЛАНИЯ «САДДИ ИСКАНДАРИЙ» И ПРИЧИНЫ ЕГО ПУБЛИКАЦИИ Sultonmurod Olim filologiya fanlari doktori, Toshkent amaliy fanlar universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi e-mail: [email protected] Annotatsiya: Ma’ruzada Alisher Navoiy “Xamsa”sining oxirgi dostoni bo‘lmish “Saddi Iskandariy”ning bosh g‘oyasi, nomining asoslanishi, ustuxonbandi (kompozitsiyasi), hajmi, “Xamsa”dagi orni, unda ishq, oshiq va ma’shuq tushunchalari uzviyligi talqini, hikoyatlarning qo‘llanishi, bosh qahramon prototipi kim yoki kimlar ekani, asarning alloma personajlari, uning yangi nashrini amalga oshirishda zarur bo‘lgan qa’iyatlar bayon etiladi, shuningdek, kelajakdagi nashrlar uchun tavsiyalar beriladi. Kalit so‘zlari: Alisher Navoiy, “Xamsa”, “Saddi Iskandariy”, bosh g‘oya, kompozitsiya, hajm, ishq, oshiq, ma’shuq, bosh qahramon, prototip, alloma personajlar, nashr qa’iyatlari. Аннотация: В докладе изложены главная идея, композиция, объем, главный герой, прототип, персонажи-ученые, принципы издания последней поэмы “Пятерицы” (“Хамсы”) Алишера Навои “Стены Искандера”, слияние понятий любовь, любящий, любимая, использование притч в нем, а также даны рекомендации для будущих изданий данного произведения. Ключевые слова: Алишер Навои, “Пятерица” (“Xamsa”), “Стена Искандера” (“Saddi Iskandariy”), главная идея, композиция, объем, любовь, любящий, любимая, главный герой, прототип, персонажи-ученый, принципы издания, рекомендации. Annotation: This report presents the main idea, composition, volume, protagonist, prototype, scholar characters, principles for publishing Alisher Navoi's final poem from the "Quintet" ("Khamsa"), "The Walls of Iskander," the fusion of the concepts of love, lover, and beloved, the use of parables, and also provides recommendations for future editions of this work. Keywords: Alisher Navoi, "The Quintet" ("Khamsa"), "Iskander's Wall" ("Saddi Iskandariy"), main idea, composition, volume, love, lover, beloved, protagonist, prototype, scientist characters, publishing principles, recommendations. Asarning bosh g‘oyasi. Birgina “Saddi Iskandariy” dostonini yozib qoldirganida ham, Alisher Navoiy jahonning eng buyuk shoirlari safidan o‘rin olgan bo‘lar edi. Haq taoloning so‘nggi payg‘ambari – Muhammad (s. a. v.). Unga vahiy orqali yuborilgan islom – bashariyatning eng so‘nggi va mukammal dini.
18 Musulmonchilikning eng yuksak cho‘qqisi – ruhni Allohga yetar darajada yuksaltirishga yo‘naltirilgan tasavvuf ta’limoti. Tasavvufning eng so‘nggi va mukammal tariqati – naqshbandiya. Navoiy esa adabiyotning islom aqidalari va naqshbandiya g‘oyalarini eng kuchli targ‘ib va tashviq etgan buyuk vakili. Shoir “Xamsa”sining oxirgi dostoni bo‘lmish “Saddi Iskandariy”da ham g‘oyaviymafkuraviy jihatdan aynan islom aqidalari va naqshbandiya g‘oyalarining oliy darajadagi targ‘ib va tashviqini ko‘ramiz. Naqshbandiyaning: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”, – degan bosh shiori har qanday kishining so‘fiy bo‘lib yashash imkonini beradi. “Shoh va darvesh” g‘oyasi – aynan buning yorqin dalili. Ya’ni bu: “Har qanday kishi, hatto, shoh ham, boringki, Iskandar kabi jahon hukmdori ham darvesh bo‘lishi – mumkin”, – degan ma’noni anglatadi. Asarda Iskandarning har bir xatti-harakati oqilona, to‘g‘ri va donolarcha amalga oshiriladi. Doston nomining asoslanishi. “Ya’juj” degan maxluqlardan xalqini himoya qilish uchun Iskandar ular yashaydigan joy bilan o‘zining mamlakati o‘rtasida maxsus devor qurdiradi. Dostonning “Saddi Iskandariy”, ya’ni “Iskandariy devor” yoki “Iskandar devori” deb atalishi ham – bevosita shu bilan bog‘liq. Asarda butun bashariyat tamadduni, ya’ni sivilizatsiyasining XV asr oxirlarigacha erishgan barcha yutuqlari izlarini ko‘rish – mumkin. Ana shu devorning qalamga olinishiga amalda yovuz dushmanlardan himoyalanish uchun qurilgan Buyuk Xitoy devorining badiiy adabiyotdagi aksi sifatida qarash – lozim. Ammo dunyoviy tarafdan qaragandagina – shunday. Tasavvufiy jihatdan kelib chiqilsa, shoir “devor” deganda ramzan tasavvufiy ma’no-mazmunni ham ko‘zda tutgan. U ‒ keng ma’noda jon ramzi. Jonni esa nafs boshqaradi. So‘fiy ruhini Allohga yetar darajada yuksaltirishi uchun, avvalo, nafsini yengishi, ya’ni jilovlashi – zarur. Iskandar qurdirgan devor ramzan ruhning nafs lashkariga qarshi qo‘yilgan to‘sig‘ini anglatadi. Buning bir isbotini keltiraylik. “Lison ut-tayr”da Hudhud qushlarga ishqni shunday ta’riflaydiki, oshiq uchun jon ‒ maqsad, ya’ni yorga yetish yo‘lini to‘sadigan eng katta devor. Endi u tanu jonidan ham, aqlu hushidan, hattoki, iymoniyu millatu dinidan ham kechishi, fard, ya’ni yolg‘iz bo‘lishi ‒ shart. Kimki oshiqqa aylansa, uning jondan hech g‘ami ‒ yo‘q. Iymonini berib, o‘rniga kufr olsa ham ‒ unga baribir. Oshiq toki tanu joni, aqlu hushi, dinu iymonidan qutulmas ekan, u chin oshiq hisoblanmaydi: Kimki oshiqdur ‒ anga jondin ne bok, Kufr olib bermak iymondin ne bok? Gar kerak oshiqqa o‘z jononidin, Sahl erur kechmak jahonu jonidin. Jon erur oshiq yo‘lida saddi roh, Uylakim, bo‘lg‘ay birav yo‘linda choh. Fard erur oshiq tanu jondin dog‘i,
19 Aqlu hushu kufru iymondin dog‘i 1 . Asar ustuxonbandi (kompozitsiyasi). Doston 88 bobdan tashkil topgan. Shartli ravishda, boblarni kompozitsion jihatdan 3 qismga bo‘lish – mumkin: 1) kirish (1 – 14-boblar); 2) asosiy qism (15 – 86-boblar); 3) xulosa (87 – 88-boblar). Kirish 2 hamd (tavhid, munojot), 2 na’t (vasf, me’rojnoma), “Xamsa”ni takomilga yetkazish, so‘z ta’rifida, Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy madhi, dostonni yozishda Jomiyning rahnamo bo‘lgani, Sulton Badiuzzamon madhi, qadimiy Ajamning peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar sulolalari tarixini qamrab oladi. Asosiy qismdagi jami 72 bob har biri 4 tadan bobni o‘z ichiga olgan 18 blok, ya’ni boblar bog‘lanmasidan iborat. Bu boblar bog‘lanmasi haqida keyinroq batafsilroq muhokama yuritamiz. Xulosa qismidagi 1 (87-) bob o‘z ukasi Darveshaliga nasihat, yana 1 (88-) bob esa nafaqat shu doston, balki, umuman, “Xamsa”ning yakunlovchi qismi sifatida bitilgan. Asarning hajmi. “Saddi Iskandariy” Navoiyning 6 dostoni orasida eng yirigi hisoblanadi. U – 7 ming 215 baytdan iborat 2 . Dostonning “Xamsa”dagi o‘rni. Baʾzilar Navoiy “Xamsa”sini, Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”siga javob, deb hisoblaydi. Bu – juda umumiy tasavvur mahsulidan boshqa narsa emas. Yuzaki qaraganda – shunday, albatta. Chunki “xamsa”chilikni Nizomiy boshlab bergan. Ya’ni Navoiy ham xuddi Nizomiy “Xamsa”sidagi tartib asosida besh doston bitdi. Bu asarlar tabiati, syujet chizig‘i ham – o‘sha-o‘sha. Biroq, aslida, Navoiy faqat “Hayrat ul-abror”nigina Nizomiy “Maxzan ul-asror”iga javob tarzida yozdi, xolos. “Farhod va Shirin” – Xusrav Dehlaviyning “Shirin va Xusrav”iga, “Layli va Majnun” – Xoju Kirmoniyning “Gavharnoma”siga, “Sab’ayi sayyor” – Ashraf Marag‘oiyning “Haft paykar”iga, “Saddi Iskandariy” – Abdurahmon Jomiyning “Xiradnomayi Iskandariy” dostoniga nazira, javobiya, tatabbu. Buni Navoiyning o‘zi aytgan 3 . “Hayrat ul-abror” ‒ timsoliy qilib aytganda, “Xamsa”ning “Kirish”i. U ‒ dasturiy, ya’ni yo‘llanmaviy xususiyatga ega. Unda “Xamsa”da ko‘tarilishi ko‘zda tutilayotgan masalalarning asosiy-asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun”ni tezis sifatida qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki tasavvufda Allohga ishqning “sahv” 4 , ya’ni hushyorlik yo‘li ham, “sukr”, ya’ni mastlik, sarxushlik yo‘li ham ‒ mavjud. Ularda, tasavvufda sahv yo‘li bilan ham, sukr yo‘li bilan ham asl maqsadga, ya’ni yor vasliga yetish – mumkin, degan g‘oya ilgari surilib, bu hayotiy voqealar tasvirini dalil qilib keltirish orqali isbotlangan. “Sab’ayi sayyor” esa antitezis vazifasini o‘taydi. Ya’ni unda: “Agar sahv yo‘li bilan ham, sukr 1 Алишер Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 12. ‒ Тошкент: Фан, 1996. ‒ Б. 66-67. 2 “Farhod va Shirin” – 5 ming 782, “Sabʾayi sayyor” – 5 ming 8, “Hayrat ul-abror” – 3 ming 988, “Layli va Majnun” – 3 ming 622, “Lison ut-tayr” – 3 ming 598 bayt. 3 Qarang: Алишер Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 16. ‒ Тошкент: Фан, 2000. ‒ Б. 26. 4 Фарҳанги забони тоҷикӣ. Аз асри Х то ибтидои асри ХХ. Иборат аз ду ҷилд. Ҷ. 2. ‒ Москва: Советская энциклопедия, 1969. – С. 225. Bu arabcha soʿz “ وحص ” tarzida yoziladi, u “xato” maʾnosidagi boshida “sin” (“ س ”) va oʿrtada “heyi havvaz” (“ ه ”) harfi ishtirok etadigan “ وهس ” kalimasidan tamoman farq qiladi.
20 yo‘li bilan yurilmasa, nima bo‘ladi?” ‒ degan savol o‘rtaga tashlanib, hayotiy isboti bilan javob beriladiki, bunda asl maqsad amalga oshmaydi. Tabiiyki, “Saddi iskandariy” sintez o‘rnida keladi. Atoqli adabiyotshunos I. Haqqul o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ruboiylar kompozitsiyasida 1va 2-satrlar ‒ tezis, 3-satr ‒ antitezis va 4-satr ‒ sintezdan iborat bo‘lishini yaxshi ko‘rsatgan 5 va biz yuqoridagi xulosani ilgari surishda ana shu tayyor formulirovkaga suyandik. Dostonda ishq, oshiq va ma’shuq tushunchalari uzviyligi talqini. Tasavvufda “ishq”, “oshiq” va “ma’shuq” tushunchalari vobastaligi ‒ bor. Kamina 1992 yili “Lison ut-tayr”ning yangicha tahliliga bag‘ishlab yozilgan risolasini “Ishq, oshiq va ma’shuq” 6 deb nomlagani sho‘ro davrida shakllangan ko‘p navoiyshunoslarning talay e’tirozlariga sabab bo‘lgan ham edi. Holbuki, mana, “Saddi Iskandariy”ning 1-bobi quyidagi baytlar bilan tugaydi: Zihi turfa ma’shuqi oshiqnavoz, – Ki qilmoqqa o‘z husnini jilvasoz. ...Kishi ko‘rmamish hargiz andoq kishi, Ki oshiqqa oshiqlik o‘lg‘ay ishi. Yaqin anglasam, g‘ayr bordur adam, O‘zung oshiqu ishqu ma’shuq ham. Chu ma’shuqu oshiq sen o‘ldung tamom, Sanga ishqu ushshoqdin, vassalom (1-bobdan). Bu misollarda Xudoning o‘zi “ishq”, “oshiq” va “ma’shuq” ekani ayonlashadi. Chunki ishqning manbasi – Alloh taolo. Demak, u – ma’shuq. Oshiq (banda) ma’shuqni sevadi. Uning ishqi komillikka yetsa, ma’shuq ham oshig‘ini sevadi. Sevdimi, endi o‘zi ham oshiqqa aylanadi. Vasl yuz berib, oshiq bilan ma’shuq qovushadi. So‘fiyning ruhi Allohga yetadi. Endi ularni: “Bu oshiq edi, bunisi ma’shuq edi”, – deb ajratishning hech imkoni qolmaydi. Bu baytlarda aynan shu haqda so‘z boryapti. Oradan 33 yil o‘tdi. Bugun navoiyshunoslikda “Ishq, oshiq va ma’shuq” risolasidagi tasavvufiy talqin va tahlillarga hech kim qarshi emas. Demak, bir yangilikning qabul bo‘lishi uchun muayyan davr o‘tishi kerak ekan. “Saddi Iskandariy” ‒ hikoyatli doston. Navoiyning mavjud 6 dostonini quyidagicha tasnif qilish ‒ mumkin: 1) hikoyatlar qo‘llangan dostonlar: “Hayrat ul-abror”, “Sab’ayi sayyor”, “Saddi Iskandariy”, “Lison ut-tayr”; 2) hikoyatlar ishtirok etmagan dostonlar: “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”. 5 Qarang: Х а к к у л о в И. Ч. Рубаи в узбекской классической литературе (Поэтика и история жанра). ‒ Автореф. дисс. ... к. филол. н. ‒Ташкент: Без издательства, 1975. ‒ С. 11. 6 Qarang: О л и м С. Ишқ, ошиқ ва маъшуқ. ‒ Тошкент: Фан, 1992.
21 Hikoyatlar keltirilgan dostonlarda shoir, timsoliy qilib aytganda, tarozining ikki pallasini barobar ushlash yo‘lidan boradi, ya’ni simmetriya qoidasiga qat’iy amal qiladi. Ya’ni bunday dostonlarning har bir bobida hikoyatning o‘rni qat’iy bo‘ladi. “Saddi Isknadariy”da ham shunday yo‘l tutilgan. Bosh qahramon prototipi ‒ kim yoki kimlar? Iskandar timsolining prototipi ‒ Iskandar Maqduniy, ya’ni Aleksandr Makedonskiy, albatta. U ‒ qilich bilan dunyoning qariyb yarmini egallagan buyukdan-buyuk jahongir. Biroq Navoiyning Iskandari ‒ so‘fiy ham. So‘fiyligi ‒ dostonda shunday jahongirning biror kishi qonini to‘kkani aslo ko‘rsatilmaydi. Tabiiyki, Iskandar Navoiy zamonasidan 18 asr ilgari yashab o‘tgan edi. Uning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar ham u qadar aniq-tiniq emas edi. Bo‘lajak shoir esa buyuk Sohibqiron Amir Temur vafotidan bor-yo‘g‘i uch muchal, ya’ni 36 yilgina keyin tug‘ilgan. Dostonni o‘qir ekansiz, Iskandar bilan bog‘liq talqinlar zamirida xuddi Sohibqiron Amir Temur bordek tasavvur paydo boʿlaveradi. U ham, xuddi Iskandar kabi, buyukdan-buyuk jahongir edi. Shuning uchun Amir Temurni doston bosh qahramoni ikkinchi prototipi hisoblashga to‘la asoslarimiz ‒ bor. Bu yerda birgina misol keltiramiz. Asarda Iskandar va Doro lashkarlari urushi xuddi 1402 yilning 20 iyulida Amir Temur va Boyazid Yildirim lashkarlari o‘rtasida kechgan Anqara jangidagi kabi tasvirlanadi. Dostonda Doroni o‘z lashkaridan bo‘lgan ikki muxolifi halok etadi. Tarixning guvoh berishicha, Boyazid Yildirim lashkarining bir qismi ham Amir Temur tomoniga o‘tgan. Dostonda shoir Iskandarni bevosita Sulton Husayn bilan qiyoslashga tushadi. Zamon hukmdorini Iskandardan ham ko‘ra ulug‘roq maqomlarda madh etadi ham: Jahongirlik amrida Mohu sol, Emas erdi shahg‘a majoli visol (55-bobdan). Dostondagi Iskandar haqida aytilgan hamma gaplar, aslida, temuriylarga nasihat tariqasida bitilgan. Bu ochiq anglashilib turadi. Shu asoslarga suyanib, ayta olamizki, Sulton Husayn Iskandar timsolining uchinchi protipi bo‘lib xizmat qilgan ham. Asarning alloma personajlari. Dostonda antik davrning Naqumohis, Arastu, Filotun (Aflotun), Suqrot, Asqalinus, Buqrot, Hurmus, Faysog‘urs kabi allomalari timsollari ishtirok etgan. Ularning ko‘plari juda qadim zamonlardan Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari orasida mashhur bo‘lgan. Shoir ularni go‘yoki antik dunyodan “yulib olib”, o‘z zamoniga olib kirgan. Bundan maqsad esa ayni vosita orqali o‘z davri ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy, g‘oyaviy-falsafiy qarashlarini ilgari surish edi. Shu tariqa olimlarni el-yurt uchun foydali ishlar bilan shug‘ullanishga undagan bo‘ladi. Bundan tashqari, hukmdorlarning ilm-fan ahllariga homiylik qilishga, davlatni donishmandlarning oqilona maslahatlariga quloq tutgan holda idora etishga chorlaydi. Doston va kino. Ustozimiz, oʿzbek tarjimashunosligining otasi, Oʿzbekiston Respublikasi fan arbobi, professor G‘aybulla Salomov Navoiy asarlarini ruschaga tarjimasi yuzasidan amaliy dars o‘tar ekanlar, “Hayrat ul-abror”dagi ifoda va
22 tasvirlardan chunon zavqlanib, bir gal: “Qani bir rassom bo‘lsa-yu, Navoiyning shu tasvirlari manzarasini chizib ko‘rsatsa!” – degan edilar. Kamina “Saddi Iskandariy”dagi tasvirlarni o‘qib: “Qani bir yaxshi rejissyor bo‘lsa-yu, shu tasvirlarni kino qilib ko‘rsatsa!” – degim keladi. Dostonning yangi nashrida amal qilingan qoida va qat’iyatlar. Filologiya fanlari doktori Porso Shamsiyev o‘tgan asr 60-yillarida “Saddi Iskandariy” dostoni ilmiy-tanqidiy matnini tuzgan. Ammo u nashr qilinmagan, qo‘lyozma holida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi arxivida saqlanadi. “Xamsa”ning 1958 7 va 1960 8 yilgi nashrlarini ham shu olim tayyorlagan edi. Keyinchalik manbashunos-adabiyotshunos Mavjuda Hamidova dostonning mukammal ilmiy-tanqidiy matnini tuzib chiqdi 9 . Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”(MAT”)da dostonni Mavjuda Hamidova va filologiya fanlari nomzodi Toshpo‘lat Ahmedovlar birgalikda tayyorlashgan 10 . Undagi sharh va izohlarni T. Ahmedov tuzgan 11 . Dostonning qo‘lingizdagi nusxasi matnini tayyorlashda, asosan, shu nashrga tayandik. Undagi sharh va izohlardan ham imkon darajasida foydalandik. Axir, ular yillar mobaynida meros bo‘lib yig‘ilib kelgan ilm mahsuli hisoblanadi. Nega ulardan foydalanmaslik – kerak? Nima uchun kitobxon bu boy ma’lumotlardan bahra olmasin? Ko‘plab yangi sharh va izohlar havola etildi, albatta. Eskirgan, keraksiz, deb hisoblanganlari olib tashlandi ham. Bu nashrda Navoiy she’riy asarlarini chop etishning tamoman yangi, ko‘p yillik mutolaa natijasida yig‘ilgan tajribalardan kelib chiqib tanlangan yo‘llaridan yurildi. Aniqrog‘i, Navoiy asarlarini zamonaviy yozuvda nashr etishning qariyb bir asrlik tarixi ‒ bor. Shu davrlar mobaynida bu borada juda katta tajriba ham to‘plandi. Xuddi shuningdek, katta-katta va jiddiy xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Binobarin, “Saddi Iskandariy”ning “MAT” tarkibidagi nashrida ko‘p-ko‘p xato, chalkashlik, mexanik anglashilmovchilik va vaznga mos kelmaslik kabi hollar kuzatiladi. Shu tariqa manbashunoslikka amaliy jihatdan juda ko‘p yangi qoidalar kiritildi. Ba’zi mutaxassislar bu yangiliklarni dab-durustdan qabul qilolmasligi, hatto, bahslashishi ham – mumkindir, albatta. Bu – tabiiy. Chunki jamiyatda hech bir yangilik osonlikcha, birdaniga qabul qilinmaydi. Tabiatan odamzod, xato bo‘lsa ham, o‘rganib qolgan narsasini “to‘g‘ri” deb bilaveradi. Lekin hech bir yangilik beasos, shunchaki shaxsiy istak yo iddao orqali amalga oshirilmasligi ‒ lozim. Biz shu qoidaga amal qildik. Ilman shu – eng to‘g‘ri, yaxshi, ma’qul yo‘l, deb hisoblandi. Yillar o‘tib, manbashunosligimiz, albatta, biz tanlagan shu yo‘lga keladi, deb umid ham qilindi. Amalga oshirilgan ana shu yangiliklarning ba’zilariga izoh berib o‘tishga to‘g‘ri keladi. 7 Алишер Н а в о и й. Хамса. – Тошкент: Ўзбекистон Фанлар академияси, 1958. 8 Алишер Н а в о и й. Хамса. – Тошкент: Ўзбекистон Фанлар академияси, 1960. 9 Алишер Н а в о и й. Садди Искандарий. Илмий-танқидий матн. Тузувчи: филология фанлари номзоди Мавжуда Шокир қизи Ҳамидова. ‒ Тошкент: Ўзбекистон Фанлар академияси Ҳамид Сулаймон номидаги Қўлёзмалар институти, 1993 (doston matni arab yozuvi asosidagi eski oʿzbek alifbosida tayyorlangan). 10 Алишер Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 11. – Тошкент: Фан, 1993. 11 Bu haqda qarang: Oʿsha nashr. – B. 585.
23 1. Dostonning oldingi barcha nashrida bir katta e’tiborsizlik yuz bergan. Ya’ni matnlarda tinish belgilarini qo‘llashga yetarli diqqat qilinmagan. Nuqta, ikki nuqta, vergul, chiziqcha, tire, undov va so‘roq belgilariga e’tibor juda sust bo‘lgan. Biz matnda tinish belgilarining hammasini qoida asosida o‘z o‘rnida qo‘lladik. Masalan, ushbu baytdagi kabi: Hamal chun aningdek topib mehribon, “Kerakmas”, – debon Muso yanglig‘ shubon (4-bobdan). 2. Oldingi nashrlarda “ki” so‘zi aksariyat hollarda ko‘chirma gapning ichiga olingan, holbuki, ko‘chirma gap undan keyin kelishi – zarur. Biz mana bu tarzda ayni xatolarni ham tuzatdik: Hamul xayli vahshiy qilib iltimos, Dedilar, ki: “Ey shohi gardunasos!..” (68-bobdan). Yoki: Skandar to‘kub ashku tortib nafir, Dedi k-:“Ey shahanshohi gardunsarir!..” (27-bobdan). O‘zbek tili tabiatiga bir so‘zda ikki unlining yonma-yon kelishi – yot. Ya’ni lisonimizda birorta ham bunday asl turkiy so‘z uchramaydi. So‘zga qo‘shimcha qo‘shayotganda shunday vaziyat yuz bersa, bir undosh qo‘shamiz. Masalan, “ona”ga “-i” egalik qo‘shimchasi qo‘shilsa, “onai” bo‘lmaydi, “onasi” deymiz. Shuning uchun boshqa, asosan, arabiy va forsiy tillardan o‘tgan so‘zlardagi bunday holatlarda ikki unli orasiga bir undosh qo‘shib talaffuz qilinadi. Masalan, “qoil”, “moil” so‘zlari bizga “qoyil”, “moyil” bo‘lib o‘tgan. Hatto, “doim”, “doir” deb yozsak ham, amalda “doyim”, “doyir” deb aytamiz. Shunday o‘rinlarda biz undosh qo‘shib yozishni ma’qul ko‘rdik. Bu vaznga mos tarzda o‘qishni ham osonlashtiradi. Masalan, “g‘unchavu”, “ifshoyi”, “joyiz” kabi. 3. O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari nashri bilan bog‘liq yana bir muammo ‒ bor. Tilimizda arabchadan kirgan “in’om” ma’nosidagi “ato” so‘zi ham ‒ mavjud, o‘zimizning “ota” ma’nosidagi “ato” so‘zimiz ham. Lekin arabchadan kirgan so‘z “ayn” va “to” harflari bilan ( اطع ), o‘zimizning “ato” esa “alif” va “te” harflari bilan ( اتا ) yoziladi uchun arab yozuvi asosidagi matnda o‘quvchi ularning ma’nosini ajratib olishga qiynalmaydi. Arabchadan kirgan “g‘am”, “mashaqqat” ma’nosidagi “ano” ( انع ) va “ona” ma’nosidagi o‘zimizning “ano” ( انا ) ham – xuddi shunday. Kirill yoki lotin yozuvida bular bir xil bo‘lib ketadi. Xo‘sh, qanday qilamiz? “Xamsa”ning 1960 yilgi nashrida bunday so‘zlar qavs ichida arab harflari orqali ifodalangan ham. Bu kabi o‘rinlarda biz ham aynan shu yo‘lni tanladik. 4. Fors-tojik tilidagi “madadgor” so‘zi bizda, negadir, “madadkor” bo‘lib ketgan. Hatto, “Saddi Iskandariy” dostoni nashrlarida ham shu xatoga yo‘l qo‘yilgan. Bunda tilimizda forscha-tojikcha “-kor” qo‘shimchasi bilan so‘zlar yasalishi
24 (“paxtakor”, “sholikor”, “tadbirkor” kabi) chalg‘itgan ko‘rinadi. Holbuki, bu so‘z ham, “talab+gor”, “yod+gor”, “shud+gor” so‘zlaridagi kabi, “-gor” qo‘shimchasi bilan yasaladi. Bu xato ham tuzatildi. 5. Aruz vaznining qat’iy talabi – shuki, har qanday nazmiy asarning barcha satrlari tanlangan bahrga aynan mos kelishi, birorta ham saktalikka yo‘l qo‘yilmasligi – kerak va shart. Shuning uchun mumtoz shoirlarimiz, vazn taqozosiga ko‘ra, ba’zan jo‘nalish kelishigining o‘zbek adabiy tilidagi “-ga” qo‘shimchasi o‘rniga turkiy lisonlarning o‘g‘uz guruhchasidagi “-a”ni ishlatib ketaveradi. Shunda vazn raso bo‘ladi. Bunday hollarda, masalan, so‘zni “jo+ning+ga” deb emas, “jo+ni+nga” deb o‘qishimiz ‒ zarur va zamonaviy alifboda uni shunday yozishga majburmiz. Oldingi nashrlarda bunday o‘rinlarda ham “-ga” yozilib, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilgan. Biz bu xatolarning barini quyida keltirilgan satrlardagi kabi tuzatdik: Qo‘yub jahl, o‘z joninga rahm qil (23-bobdan). Solib sunbuli zulfunga toblar (40-bobdan). Chu berdi iki la’linga no‘shxand (40-bobdan). Zanaxdoninga yetkurub rangu bo‘ (40-bobdan). Gap ‒ shundaki, ajratib ko‘rsatilgan bu so‘zlar, vazn taqozosiga ko‘ra, “jo-ninga”, “zul-fu-nga”, “la’-li-nga”, “za-nax-do-ni-nga” tarzida hijolarga ajratib, o‘qiladi. Agar ularni, oldingi nashrlarda berilganidek, “jo-ning-ga”, “zul-fung-ga”, “la’-ling-ga”, “za-nax-do-ning-ga” shaklida yozsak va o‘qisak, “-ning-”, “-fung”, “- ling-”,“-ning-” bo‘g‘inlari choʿziq hijo bo‘lib qoladi. Holbuki, ular asarda qisqa hijo o‘rnida kelgan. 6. Oldingi nashrlarda ba’zan satr hech vaznga tushmaydi. Shunda mutaxassis arab yozuvi asosida tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matnga murojaat qilishga majbur boʿladi. Masalan: Biravkim, anga nafas qudsiysifot (7-bobdan) , – satrida vazn buzilgan. Ilmiy-tanqidiy matnga qiyosan oʿrgansak, “nafs” 12 (“ سفن ”) soʿzi xato tarzda “nafas” tarzida oʿqilgani maʾlum boʿkdi. Biz bu xatoni tuzatdik: Biravkim, anga nafs qudsiysifot. Shu va boshqa shu kabi holatlardagi xatolarni o‘nglash orqali qo‘lingizdagi nashrda mutaqoribi musammani mahzuf (yoki maqsur) vazniga, ya’ni “fau(v)lun 12 Алишер Н а в о и й. Садди Искандарий. Илмий-танқидий матн. Тузувчи: филология фанлари номзоди Мавжуда Шокир қизи Ҳамидова. ‒ Тошкент: Ўзбекистон Фанлар академияси Ҳамид Сулаймон номидаги Қўлёзмалар институти, 1993 (doston matni arab yozuvi asosidagi eski oʿzbek alifbosida tayyorlangan). ‒ B. 76.
25 fau(v)lun fau(v)lun faul (yoki faol)”ga yoxud “V – – / V – – / V – – / V – (~)” taqte’siga tushmaydigan birorta ham misra qoldirmadik. Holbuki, Navoiy xato qilmagan, faqat uning satrlarini zamonaviy alifbo asosida transkripsiya qilishda adashilgan edi. 7. Navoiy liro-epik asarlarida gap tuzilishi – jiddiy masalalardan. Aksar oldingi nashrlarda bir baytni bir jumla tarzida ko‘rishdek qo‘pol xato – mavjud. Yo‘q, bunda ko‘p adashamiz. Axir, Navoiyning har bayti bir jumla bo‘lavermaydi-ku. Oqibatda o‘quvchi asl mazmunni tushunib olishga qiynalib ketadi. Masalan, mana bu to‘rt bayt amalda bir jumlani tashkil etadi va oxiridagina nuqta qo‘ya olamiz: Chu zebo tilism o‘lg‘ach orosta, Hamul nav’kim, Mohi nokosta, Bo‘lub jam’ ul hikmatoyin guruh, Falakdin fuzun har biriga shukuh, Qo‘yub shohi Dorofar ollig‘a yuz, Ne Dorofar, Iskandar ollig‘a yuz, Tilismi nihonni ayon qildilar, Nihon barcha ramzin bayon qildilar (35-bobdan). 8. Navoiy asarlarida bugungi tilimizda mavjud ko‘p-ko‘p so‘zlar uchrashi – tabiiy. Lekin endi aksar hollarda ularning bugungi imlosi shaklini unutishimiz, soʿzni o‘sha XV asr o‘zbek tiliga moslab yozishimiz – kerak. Masalan, bugun “andisha” deb yozamiz. Lekin u “pesha” so‘ziga qofiya bo‘lib kelgan bo‘lsa-chi? Quyidagi misolda xuddi shu holatni ko‘ramiz va bu so‘zni “andesha” deb yozishga majburmiz: Xusho ulki, juz bazl anga pesha yo‘q, Jahon boru yo‘qidin andesha yo‘q (53-bobdan). So‘zlarda “i” va “e” tovushlari kelgan boshqa ko‘p so‘zlarda ham shunday yo‘l tutdik. Masalan, mana bu baytda ham shu yoʿl qoʿllandi: Jamolingni tovusi zeb ayladi, Karashmangni obidfireb ayladi (40-bobdan). 9. Ko‘p o‘rinlarda so‘roq gap so‘ngida ham nuqta qo‘yib ketilavergan. Biz bu xatolarni ham tuzatdik. Masalan, mana baytlar mazmuni so‘roq gap ekanidan dalolat beradi: Yo‘q ersa yurumak ne imkon yana, Aso shaklidin qo‘lda chavgon yana? ...Birav bo‘lsa bu nav’ ranjozmoy,