JADIDCHILIKNING MA'RIFIY-ISLOHOTIY KONSEPSIYASI: MARKAZIY OSIYODA G'OYA, MINTAQAVIY XOSLIK VA DRAMATURGIYA TAJRIBASI
Full text
3 271 4 7.2 JADIDCHILIKNING MA’RIFIY-ISLOHOTIY KONSEPSIYASI: MARKAZIY OSIYODA G‘OYA, MINTAQAVIY XOSLIK VA DRAMATURGIYA TAJRIBASI Rustamov Doniyorbek Avazbekovich, Toshkent amaliy fanlar universiteti Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) E-mail: doniyorbekrusta[email protected] ORCID: 0009-0000-0038-5324 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.18063117 Annotatsiya. Maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshida Markaziy Osiyoda shakllangan jadidchilik harakatining ma’rifiy-islohotiy tabiati tahlil qilinadi. Tadqiqot jadidlarni “revolyutsion to‘ntarish” emas, balki ta’limni modernizatsiya qilish, diniy mutaassiblikning oldini olish va jamiyatni intellektual uyg‘otishga qaratilgan konseptual harakat sifatida talqin etadi. Ismoilbek Gasprinskiy g‘oyalari, “usuli jadid” maktablari, matbuot va dramaturgiya (Behbudiy, Xoji Muin, Fitrat, Avloniy, Hamza va boshqalar)ning ijtimoiy ongni yangilashdagi roli yoritiladi. Mintaqaviy xosliklar – Samarqand, Toshkent, Buxoro yo‘nalishlari – hamda ulamolarning siyosiy-madaniy ta’siri tarixiy manbalar va tadqiqotlar asosida ko‘rsatib beriladi. Jadid matnlarining til-uslubiy qatlamlari, publitsistika va pyesalardagi leksiksemantik resurslar, korpus yondashuvining ahamiyatiga urg‘u beriladi. Kalit so‘zlar: jadidchilik, usuli jadid, o‘zbek dramaturgiyasi, ma’rifiy islohot, mintaqaviy xoslik, publitsistika, korpus lingvistika, semantik teglash, milliy til. Аннотация. В статье анализируется образовательно-реформистская природа джадидского движения, сформировавшегося в Центральной Азии в конце XIX начале XX веков. Исследование интерпретирует джадидов не как “революционный переворот”, а как концептуальное движение, направленное на модернизацию образования, предотвращение религиозного фанатизма и интеллектуальное пробуждение общества. Освещается роль идей Исмаилбека Гаспринского, школ “усули джадид”, печати и драматургии (Бехбуди, Ходжи Муин, Фитрат, Авлони, Хамза и другие) в обновлении общественного сознания. Региональные особенности – Самаркандское, Ташкентское, Бухарское направления, а также политико-культурное влияние улемов показаны на основе исторических источников и исследований. Акцент делается на языковых и стилистических пластах джадидских текстов, лексико-семантических ресурсах в публицистике и пьесах, важности корпусного подхода. Ключевые слова: джадидизм, метод джадид, узбекская драматургия, образовательная реформа, региональная идентичность, публицистика, корпусная лингвистика, семантическая разметка, национальный язык. Abstract. The article analyzes the educational and reformist nature of the Jadid movement that took shape in Central Asia at the end of the 19th - beginning of the 20th centuries. The study interprets the Jadids not as a “revolutionary coup”, but as a conceptual movement aimed at modernizing education, preventing religious fanaticism, and intellectually awakening society. The ideas of Ismailbek Gasprinsky, the "Jadid method" schools, the role of the press and dramaturgy (Behbudi, Haji Muin, Fitrat, Avloni, Hamza, and others) in the renewal of public consciousness are highlighted. Regional characteristics – Samarkand, Tashkent, Bukhara directions - and the political and cultural influence of scholars are shown based on historical sources and research. Emphasis is placed on the linguistic and stylistic layers of Jadid texts, lexical and semantic resources in journalism and plays, and the importance of the corpus approach. Keywords: Jadidism, Jadid method, Uzbek dramaturgy, educational reform, regional specificity, journalism, corpus linguistics, semantic tagging, national language.
3 272 4 7.2 Kirish. Har bir tarixiy bosqichda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida adolatni ulug‘laydigan, haqiqat yo‘lida qat’iy kurashuvchi fidoyi siymolar paydo bo‘ladi. Haq va haqiqatni izlashni, ommaga ma’rifat tarqatishni, xalqni qoloqlik, mutaassiblik va savodsizlik kabi illatlardan xalos etishni o‘z faoliyatining bosh mezoni etib olgan jadid ma’rifatparvarlari aynan shunday davr qahramonlaridir. Ma’lumki, XIX asrda Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotda ancha orqada qolish davrini boshdan kechirdi. Rus istilosigacha bo‘lgan zamonda bu mintaqaning ijtimoiy turmushi hamda ma’naviy dunyoqarashi musulmon olamining boshqa hududlaridan sezilarli darajada farq qilmasdi. Xonliklar boshqaruvi asosan shariat me’yorlariga tayanar, ta’lim-tarbiya tizimi ham bevosita diniy usullarga bog‘liq holda yuritilar edi. Buning oqibatida tashqi dunyodan uzilish kuchaydi, dunyoviy bilimlarni egallash bo‘yicha orqada qolish yuz berdi, diniy mutaassiblik kuchayib, din ko‘pincha moddiy manfaat yo‘lida vositaga aylantirildi. Zohiran xon va amirliklar hukmronligi islomiy qoidalar asosida yuritilgandek ko‘rinsa-da, amalda shar’iy hukmlar ko‘pincha hukmdorlar va amaldorlarning manfaatidan kelib chiqib chiqarilar edi. Adabiyotlar tahlili. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ro‘y bergan o‘zgarishlar, xususan, jadidlar faoliyatiga doir tanqidiy-tahliliy izlanishlar olib borgan tadqiqotchi Karley Deviz (Carley DeWeese) mintaqaning jamiyati va xo‘jaligi tubdan feodal xususiyatga ega bo‘lib, hatto bir necha asr davomida u qiyofasini uncha o‘zgartirmaganini, siyosiy-iqtisodiy tuzum esa “o‘ta konservativ ruhoniylar” tomonidan mustahkamlanganini ta’kidlaydi. Bu dalil an’anaviy islom ulamolari (shariat peshvolari)ning ijtimoiy-madaniy hamda siyosiy sohalarda muhim rol o‘ynaganini, ularning hokimlar hamda oddiy xalq ustidan keng va ta’sirchan hokimiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, xorijlik tadqiqotchilardan A.Xolid ham ulamolar “haqiqiy ilm” tashuvchilari va islom ilmining vorislari sifatida e’tirof etilgani, shu bois hukmdorlar va amirlar ham mamlakatni idora etishda ularning maslahatiga quloq tutganini qayd etadi; u hukmdorlar bilan islom ulamolari o‘rtasidagi aloqalar tizimli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Xolid ulamolarning nufuzini batafsil yoritib, davlat zaiflashgan pallalarda ularning hokimiyat vakolatlarini mustaqil amalga oshira olganini, bu esa boshqaruvning obyektiv va izchil yurishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi [6.353]. Ulamolar XVIII asrning sezilarli qismida Toshkentda mustaqil ravishda hukmronlik qilgan. Boshqa zamonlarda esa hukmdorlar ulamolarni e’zozlab, ularga yuksak mavqeli mansablar bergan, ayrim soliqlardan ozod qilgan. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqot tarixiylik va tizimli yondashuv tamoyillariga asoslanadi. Jadidchilik harakati XIX asr oxiri – XX asr boshidagi Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy jarayonlar kontekstida o‘rganildi. Tadqiqotda
3 273 4 7.2 qiyosiy-tarixiy metod orqali jadidchilikning Samarqand, Toshkent va Buxoro yo‘nalishlari o‘rtasidagi mintaqaviy farqlar tahlil qilindi. Shuningdek, lingvistik tahlilda leksik-semantik kuzatuv, konseptual tahlil va korpus yondashuvi elementlaridan foydalanilib, jadid dramaturgiyasi va publitsistikasining milliy adabiy til taraqqiyotidagi o‘rni baholandi. Tadqiqot natijalari umumlashtirish va ilmiy xulosa chiqarish metodlari asosida tizimlashtirildi. Tahlillar va natijalar. Ta’kidlash joizki, jadidchilik hodisasi faqat Markaziy Osiyo xalqlarigagina xos bo‘lmay, musulmonlar istiqomat qiluvchi boshqa mintaqalarda ham keng yoyildi. Jadidlar o‘zlarini aynan “jadid” deb nomlashmagan bo‘lsalar-da, ularning amaliy faoliyati, bosh g‘oyalardagi uyg‘unlik va yagona maqsad ularni “jadidlar” nomi ostida birlashtirdi. Jadidlar faoliyatining bosh mezoni mavjud ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy hayotni isloh etish, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali metodlar bilan qayta yo‘lga qo‘yish, diniy mutaassiblikning oldini olish va sof islom aqidalarini qayta tiklashdan iborat edi. Shu bois bu harakatni revolyutsion to‘ntarish sifatida emas, balki ma’rifiy-islohotiy yo‘nalish sifatida baholash maqsadga muvofiqdir. Jadidlarning asosiy qadri shundaki, ular ma’naviyma’rifiy hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yangilash uchun bir qator usullarni qo‘lladilar. Bu intilishlar kuch ishlatish yoki to‘ntarishlarga tayanmadi. Jadidlar “dastur”ini quyidagicha jamlash mumkin: – ommaviy nashrlarda xalq turmushini isloh etishga qaratilgan publitsistik maqolalarni e’lon qilish; – joylarda va’z va majlislar shaklida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish; – maxsus jamiyatlar va uyushmalar tuzish; – badiiy nasriy asarlar (hikoya, qissa, roman va boshqalar) yaratish; – dramaturgik asarlar yozish va sahnaga qo‘yish. Mavjud tadqiqotlarda odatda tarixiylik mezonidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo jadidlarining faoliyati xronologik tahlil, amalga oshirilgan ishlar hisobi hamda bosqichmabosqich taraqqiyotiga urg‘u beriladi. Biroq harakatning mintaqaviy o‘ziga xosliklari, yutuq va kamchiliklari ko‘pincha chetda qoladi. Natijada “jadid” tushunchasi atrofida umumiy, ba’zan biryoqlama qarash shakllanadi. Holbuki, jadidlar merosini nafaqat tarixiy, balki falsafiy, siyosiy, lingvistik, pragmatik, diskursiv, kulturologik va kognitiv aspektlarda ham o‘rganish lozim: jadid matnlari amaldagi boshqaruv tizimi, ma’naviy-ma’rifiy muhit va xalq dunyoqarashi haqida ko‘p qirrali ma’lumot beradi. “Jadid” atamasini umumiy faoliyat mezonlari o‘xshashligidan kelib chiqib qo‘llash mumkin, ammo har bir hududda shakllangan jadidchilik yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlari bor. Shu bois hududiy xoslikni e’tiborga olib, mintaqaviy tafovutlarni alohida tahlil etish zarur. Masalan, Markaziy Osiyoda Samarqand, Toshkent va Buxoro jadidchilik yo‘nalishlari orasida sezilarli farqlar mavjud. Shunda terminni mintaqaviy darajada xususiylashtirish ehtiyoji tug‘iladi. Tatar jadidchiligi haqidagi tadqiqotlarida A. Xolid “jadid” va “jadidiy” leksemalarini alohida
3 274 4 7.2 sharhlab, “zamonaviy aloqa vositalari hamda yangi muloqot shakllari orqali musulmon jamiyatini isloh qilish harakatlarida ishtirok etgan shaxslar”ni jadid sifatida tavsiflaydi. Bu mulohaza “jadid/jadidiy” terminlariga dastlabki konseptual ta’rif sifatida qaralishi mumkin. Soddaroq aytganda, bir-biriga qattiq bog‘lanmagan shaxslar guruhini birlashtiruvchi umumiy xususiyat – ularning ma’rifiy va modernizatsiya g‘oyalari klasteriga ijobiy munosabati, degan fikr ilgari suriladi. Ismoil Gasprinskiy joriy etgan yangi maktab usuli dastlab “usuli jadid” deb atalgan. Edvard Lazzerinining ta’kidlashicha, Gasprinskiy islohotga chorlarkan, Usmonli imperiyasidagi yangilanishlarga nisbatan qo‘llanilgan “tanzimat” istilohidan foydalanishni ham ma’qul ko‘rgan. Turkiyada bunday maktablar “muntazam maktablar” deb yuritilgan bo‘lsa, muxoliflar ularni kamsituvchi ohangda “jadid maktablari” deb atashgan. “Tanzim”ning qat’iy etimologiyasi “o‘zgartirish”, “tartibga solish”, “mukammallashtirish” ma’nolarini anglatadi. Demak, Gasprinskiy islohoti musulmon jamiyatini tartibga keltirish, uni zamon talablariga mos ravishda modernizatsiya qilishni ko‘zlagan edi [3.151–166]. Jadidlar faoliyati atrofida ikkita qutb shakllandi: bir guruh olim va tadqiqotchilar ularning sa’y-harakatlarini obyektiv baholab, yangilanish va islohot istagining ifodasi deb ko‘rsalar, ikkinchi guruh ularni “millatchilik” yoki “mutaassiblik”da ayblab, shubha bilan qaraydi. Shu sababli jadidlar merosi va matnlari ko‘p marotaba so‘roq ostiga olingan. Afsuski, bugungi kunda ham jadidlar faoliyati, ularning g‘oyaviy qarashlari hamda matnlarining mazmun-mundarijasi borasida to‘liq, yakdil va mutlaq obyektiv xulosa hali shakllanib bo‘lgan, deb aytish qiyin. Gasprinskiy o‘z faoliyatining mohiyatini izohlab, o‘quv jarayonining boshlang‘ich bo‘g‘ini uchun “yangi usul” (usüli jadīda)ni ishlab chiqdi; u XIX asr Yevropa pedagogik tajribalarini moslashtirishga tayanar edi. Tanqidchilar “yangi usul”ning ayrim asosiy unsurlari ham ilgari klassik islomiy madrasalarda mavjud bo‘lganini eslatadilar. Biroq maktabni jihozlari, o‘quv rejalari, dars berish metodlari va pedagogik maqsadlari bilan yaxlit tizim sifatida tushunsak, Gasprinskiy modeli haqiqatan ham yangi – “jadid” edi. U an’anaviy islom ta’limoti bo‘yicha chuqur mutaxassis bo‘lmasa-da, islomiy ilm-ta’lim tarixan geografiya, matematika, fizika kabi fanlarni ham qamrab olganini yaxshi bilgan va konservativ muxoliflarga bu buyuk ilmiy merosni tez-tez eslatib turgan. Jadidlar g‘oyaviy mazmunini tadqiq etgan chet ellik olim Lazzerni ham Ismoilbek Gasprinskiy va boshqa jadidlar faoliyatini revolyutsion ag‘dar-to‘ntarish sifatida emas, balki dunyoqarashni o‘zgartirish, ta’limdagi kamchiliklarni to‘ldirish va isloh etishga qaratilgan izchil harakat sifatida ko‘radi; ularning asarlari ham aynan shu maqsadga bo‘ysundirilganini ta’kidlaydi. Jadid matnlarini noto‘g‘ri talqin qilish esa ularni millatchilikda ayblashga yo‘l ochdi. Ba’zi mahalliy din peshvolari jadidlar asarlarida “islomni siqib chiqarish” ruhi bor, degan iddaolarni ilgari surishgan. Aslida esa islohot e’tiqodni inkor etmaydi; aksincha, sof diniy aqidalarni qayta tiklashni ko‘zlaydi. Yana bir tadqiqotchi P. Badan “Tajdid (jadid) va uning
3 275 4 7.2 usullari go‘yoki regressiv, ya’ni o‘tmish ustunligini ta’kidlab, uni qayta tiklashga urinadi; biroq Gasprinskiyning qarashi progressiv bo‘lib, u musulmon jamiyatini nafaqat hozirgi ahvoldan, balki istalgan o‘tgan asrdan ham yaxshiroq istiqbolga yetaklashni maqsad qilgan”, deya fikr bildiradi. 1914-yilda Gasprinskiy vafot etgach, o‘rtaosiyolik muxlislardan Roji bag‘ishlagan marsiyada u ayniqsa “tafakkur mujaddidi” sifatida ulug‘langan [1.16]. Bu yerda “mujaddid” (arab. ددجم) – “yangilovchi, tiklovchi” ma’nosidagi sharafli unvon bo‘lib, hadisda har asr boshida musulmon jamoasiga dastlabki islomiy sof holatni tiklashga ko‘maklashadigan shaxs yuborilishi zikr etiladi. Islomiy manbalarda mujaddid payg‘ambar emas, ammo hijriy asr bo‘sag‘asida dinni hayotiy aralashmalardan poklab, asl ta’limotni odamlar ongiga singdiruvchi siymo sifatida talqin qilinadi. Burhan Ahmad Faruqi “The Mujaddid’s Conception of Tawhid” tadqiqotida mujaddid – shaxsan ibratli, islomiy arkonga sadoqatli va ta’limotni keng targ‘ib qiluvchi shaxs deya sharhlanadi [4.7]. XIX asrdan boshlab o‘zbek ijtimoiy hayoti qat’iy o‘zgarishlar davriga kirdi; adabiy jarayon ham bundan mustasno emas. Ismoilbek Gasprinskiyning Buxoro amiri huzuriga tashrifi bilan jadidchilik keng yoyildi. Jadidshunoslikni atroflicha o‘rgangan B. Qosimov O‘zbekistonda bu sohaning shakllanishini 1920-yillarga nisbat beradi va rivojlanishni shartli ravishda olti bosqichga (1900–1925, 1925–1938, 1938–1956, 1956–1985, 1985– 1991) ajratadi. Olim jadidchilikning dastlabki pallasini tushuncha va atama shakllanayotgan davr bilan belgilaydi; bu paytda Fayzulla Xo‘jayev va Sadriddin Ayniyning ijodi hamda faoliyatidan tashqari e’tiborga molik izlanishlar ko‘p emas edi. Gasprinskiy Buxoroda “usul-i jadid” maktabini yo‘lga qo‘ygach, yangilanish butun Turkiston bo‘ylab tez tarqaldi. Natijada turli hududlarda yangi tipdagi maktablar ochildi, matbuot misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlandi; 1900-yillar boshida o‘zbek tilida o‘nlab gazeta-jurnallar nashr etila boshladi, ulardan biri “Taraqqiyot” edi. Bu nashrlarda til va madaniyat asosida birdamlik hamda hamjihatlik targ‘ib qilindi; milliy masalalar, erkinlik g‘oyalari ko‘tarilib, xalqning ma’naviy ruhini yuksaltirishga xizmat qilindi. O‘sha davr adabiyotshunosi va publitsisti Munavvarqori Abdurashidxonov “Xurshid” gazetasini tahrir qilib, islohot ruhidagi mavzularni muntazam bosib chiqardi. Biroq jadid g‘oyalari va “usul-i jadid” maktablari jamiyatning ayrim qatlamlarida salbiy qabul qilindi; an’anaviy maktab mullalari va ba’zi din peshvolari ularni rad etib, shariatga zid deya fatvolar ham chiqardilar. Samarqandlik jadidlardan, dramaturg Xoji Muin “Eski maktab, yangi maktab” pyesasida aynan shu ziddiyatlarni sahnaga olib chiqdi: muallif eski va yangi ta’lim tizimiga xolisona baho berish, tomoshabinni mustaqil xulosaga yetaklashni ko‘zladi. Ba’zi diniy guruhlar gazeta-jurnal faoliyatini ham nomaqbul deb targ‘ib qildilar; matbuot sahifalarida ularga javoban keskin munozaralar yuritildi. Shubhasiz, jadidlar davri o‘zbek tili va adabiyotida alohida bosqichdir: zamonaviy o‘zbek adabiy tilining shakllanishida jadid matnlari muhim ko‘prik vazifasini bajardi. Elbekning ketma-ket til islohoti tashabbuslari, tilni yot unsurlardan asrashga intilishi, Abdurauf Fitratning grammatika va
3 276 4 7.2 lug‘atshunoslikka oid ishlari o‘sha davr o‘zbek tilshunosligining poydevor hodisalaridan bo‘ldi. Shu yillarda roman, hikoya, drama, teatr kabi ko‘plab janrlar shakllandi; xususan, dramaturgiya jadid merosida yirik o‘rin egalladi. Nashriyot ishlarining kengayishi, jurnallarning uzluksiz chiqa borishi ijodkorlarning aqliy-ruhiy quvvatini mustahkamladi. Bu faoliyatlarning barchasi o‘zbek tilida olib borilgani milliy tilning ommaviy muloqot va bayon vositasi sifatida mustahkamlanishiga xizmat qildi; “milliy til – milliy adabiyot” konsepsiyasi aynan shu davrda mazmunan to‘la shakllandi. Abdulla Avloniy guvohlik berishicha, 1900-yillar boshida “Tarjimon” gazetasini o‘qiganlarni mullalar “jadidiylar” deb atashgan; Ismoil Gasprinskiy mazkur gazetani nashr etgan va jadidchilikning peshqadami bo‘lgan. Uning quyidagi da’vati harakatning ma’naviy konsepsiyasini yorqin ifodalaydi: “Birodarlar, xalq ta’limi ishlariga yurak va qalbingizni qoyinglar va ularni amalga oshirishning eng yaxshi usullarini birga muhokama qilaylik. Bilish sharaf, ammo bilganni boshqalarga o‘rgatish – yanada ulug‘ burchdir. O‘rganganlaringizni faqat o‘zingiz uchun saqlamang: do‘stlaringizga o‘rgating, rus tilidan foydali asarlarni turkiyga tarjima qiling, kambag‘al va johil xalqimiz uchun asarlar yozing, yangi maktablar barpo qiling va mavjudlarini isloh qiling, odamlarga har qanday san’atni o‘rgatishga intiling. Ishonamanki, Qrim va Qozon muftiylari bu xayrli va muqaddas ishlarda sizga imkon qadar yordam beradi. Birodarlar, bular eng halol va muqaddas amallardir. Agar bugun qadrlamasalar ham, bir kun kelib ismingiz minnatdorchilik bilan tilga olinadi. Hazrati Alining mashhur so‘zini unutmang: olimning siyohi shahidning qoni kabi muqaddasdir” [7.566]. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Jadidlar faoliyati umumiy ma’noda xalq tafakkurini uyg‘otish, ta’lim-tarbiya, diniy hamda ijtimoiy-siyosiy masalalarni isloh etishga qaratilgan bo‘lsa-da, hududiy jihatdan ayrim farqlar bilan kechdi. Samarqand jadidchilik harakatining peshqadamlaridan bo‘lgan tarjimon, davlat va jamoat arbobi, adib Mahmudxo‘ja Behbudiy ushbu yo‘nalishning rahnamosi sifatida tanildi. Arab va fors tillarini puxta bilgan Behbudiy maktab darsligi maqomida “Tarix-i Islom”, “Kitabet ul-atfol”, “Risolat” singari asarlarni tayyorlagan. U o‘zbek teatr va dramaturgiyasining ilk asoschilaridan sanaladi; “Padarkush” dramasi xalq tomonidan iliq kutib olindi va turli hududlarda ketma-ket sahnalashtirildi. Behbudiyning adabiy faoliyati ham, “Padarkush” haqidagi ilmiy mulohazalar ham tarixchi Edvord Olvort tomonidan shunday izohlanadi: “Zamonaviy drama – ma’rifatparvarlikning yetakchi yo‘nalishi bo‘lgan ‘usuli jadid’ tarafdorlari nazarida yangicha xususiyatlar kasb etishi lozim edi. Ular amalda ‘jadid’ deb atalsalar-da, aslida xalq bilan hamnafas bo‘lishga intildilar. Siyosiy harakatlar natija bermagan pallada Behbudiy jamiyatni madaniyat va san’at orqali uyg‘otish mumkin, deb bildi” [2]. “Padarkush” o‘zbek adabiyotida sifat jihatdan yangi bosqich bo‘ldi: janr talablari nuqtayi nazaridan ayrim mayda kamchiliklar bo‘lsa-da, u o‘sha davr uchun yirik voqelik edi. Sahnaviy namoyishlar ortidan jadid ijodida dramaga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur asar orqali muallif ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanishning saqlanib qolishi, ma’naviy
3 277 4 7.2 qashshoqlik, loqaydlik va tarbiya muammolariga jiddiy e’tibor qaratadi, xalqning o‘sha davrdagi dunyoqarashi va ahvolini yorqin ko‘rsatadi. 1916-yilda Turkistonga safar qilgan sharqshunos A. Samoylovich “Turkistonda yangi adabiyot paydo bo‘ldi. Buni kutgandim… Bu adabiyotning markazi – Samarqand. Behbudiy afandi yosh qalamlarning ilhomchisi” [9.4], deya e’tirof bildiradi. Behbudiyning faoliyat yo‘nalishlarini quyidagicha jamlash mumkin: – amaliy ma’rifiy ishlar (joylarda ma’ruza, ilmga da’vat); – tarjimonlik (ilmiy manbalarni o‘zbekchaga ag‘darish va targ‘ib qilish); – publitsistika (gazeta-jurnallardagi maqolalar); – ta’limiy ishlar (darsliklar yaratish); – badiiy-sahnakorlik (xususan, “Padarkush yohud o‘qimagan bolaning holi”). Behbudiy 1917-yilda Toshkentda o‘tgan Turkiston musulmonlari qurultoyida qatnashib, Turkiston musulmonlari Kengashi raisi etib saylandi; u musulmonlar o‘rtasidagi har qanday ixtilofni qorolovchi nutq so‘zlagan [12.11]. Bu faoliyat jadidchilik g‘oyalarining respublika miqyosida keng yoyilishiga muhim turtki bo‘ldi. “Padarkush” tili va uslubini tahlil qilgan D. Rahmatova adib o‘z g‘oya va fikrlarini asardagi Ziyoli hamda Domulla obrazlari nutqiga joylashtirganini, Ziyoli tilida ruscha va arabcha so‘zlar, forsiy izofalarning sermahsul qo‘llanishi uning ma’rifatli qiyofasini vizual qiladi; Domulla nutqida esa diniyilmiy va rasmiy uslub elementlari, “usuli jadida”, “zaruriyoti diniya”, “amri ma’ruf”, “qurboni jaholat” kabi birikmalar mantiqan tizimli ishlatilganini ko‘rsatadi. Bitta asar Behbudiy fenomenini to‘la ochmasa-da, aynan “Padarkush” muallifning asosiy maqsad va g‘oyalarini mufassal ifodalaydi. Xoji Muin. Milliy uyg‘onish davrining yorqin vakili Xoji Muin adabiyotshunos, dramaturg va publitsist sifatida samarali ijod qildi. U o‘z xonadonida usuli jadid maktabi ochdi, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasini nashr qildi, “Oyna”, “Zarafshon”, “Hurriyat”da faoliyat yuritdi. Hoji Muinning dramalari o‘zbek dramaturgiyasining shakllanishida muhim o‘rin tutadi. U Behbudiy merosini ham sinchkovlik bilan o‘rgangan: “Jug‘rofiya” kitobidagi “Tatbiqoti diniya” faslida “ba’zi eski xurofot va isroiliyat so‘zlari tafsirlarimizga kirib ketgan” mazmunidagi jumlalar unda fikriy inqilob uyg‘otgani, shundan so‘ng eski-yangi matnlarni tanqidiy o‘qiy boshlagani, Behbudiyga chin ixlos bilan muxlis bo‘lib, uni ko‘p joyda himoya etgani haqida yozadi [5.5]. Xoji Muin til masalasini ham keskin qo‘yadi: Turkiston turklari ona tilini (turkiy) hayot va huquq bilan barobar asrash, tilni rasmiy maqomga ko‘tarish, rus tili bilan huquqda baravar qilish zaruratini asoslaydi. B. Qosimov Xoji Muinning jurnalist, shoir, dramaturg va tarjimon sifatida adabiyot va madaniyat tarixida mustahkam o‘rni borligini, uning Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon bilan yaqin aloqalari bunga dalil ekanini ta’kidlaydi. Muin dramaturgiyasi mavzu jihatidan milliy uyg‘onish, jaholatni qorash va ma’rifatni ulug‘lash yo‘nalishlariga
3 278 4 7.2 bo‘linadi; jamiyatdagi illatlar, axloqiy inqiroz, nodonlik oqibatlari satirik-yumoristik ruhta yoritiladi [8]. Abdurauf Fitrat. Buxorolik Abdurauf Fitrat (1886–1938) – shoir, yozuvchi, tarjimon, davlat va siyosat arbobi, o‘zbek adabiyotining asoschilaridan biri. XX asr o‘zbek yozuvchilik va adabiyoti shakllanishida uning roli beqiyosdir; til, adabiyot, san’at va boshqa sohalarga oid yuzlab maqolalar yozgan. Fitrat nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda jadidchilikning peshqadamlaridan edi. 1923–1924 yillarda Moskva va Peterburgda bo‘lib, til darslari bergan; 1924 yilda Sankt-Peterburg (Leningrad) Davlat universiteti professori unvoniga sazovor bo‘lgan. Toshkentda u “Chig‘atoy gurungi” nomli to‘garakni yo‘lga qo‘yishda faol ishtirok etgan; bu tuzilmaning a’zolari orasida Fitrat, Elbek, Cho‘lpon, Batu, Sandjar, Uyg‘un va boshqalar bor edi. Fitratning turkiy adabiyot uchun beqiyos xizmatlaridan biri – “Qutadg‘u bilig”ning Farg‘ona nusxasini Toshkentga olib kelib, bugungacha yetib kelishiga xizmat qilgani. Istanbulda turkistonlik do‘stlari bilan Buxoro Xalq Ma’rifati jamiyatini tuzib, ilk asari “Munozara”ni (fors tilida) yozgan; unda usul-i jadid bilan bir qatorda buxorolik mudarris va yevropalik kishi o‘rtasida ko‘p mavzuli bahslar tasvirlanadi. Fitratning tilshunoslik va adabiyotshunoslikdagi qarashlarini M. Qurbonova batafsil tahlil qilib, adib o‘zbek milliy grammatikasining poydevoriga asos solganini ta’kidlaydi: 1920-yillarda ona tili sifatida usmonli turk tili o‘qitila boshlagan sharoitda Fitrat til tabiatidan kelib chiqib milliy grammatikani yaratdi. 1980-yillardan boshlab fitratshunoslik jadal rivojlandi: Begali Qosimov, Hamidulla Baltaboyev [11.158], I. G‘aniyev va boshqalar Fitrat ijodini chuqur tadqiq qildilar [10.5–6]. Fitrat dramaturgiyasini mavzu jihatidan ikkiga bo‘lish mumkin: tarixiy voqealar asosidagi pyesalar va bevosita ma’rifat hamda ijtimoiy-siyosiy masalalarga bag‘ishlangan sahna asarlari (masalan, “Chin sevish”). Jadid pyesalarida keng fikrli ziyoli obrazi yetakchi ramz bo‘lib, “Chin sevish”dagi Nuriddinxon ishqning ilohiy va insoniy qatlamlarini anglagan, sog‘lom dunyoqarashli qahramon sifatida gavdalanadi: “Ishq dard emas, insonni hayvonlikdan qutqaruvchi davo”, deya uqtiradi. Fitrat adabiy turlarni o‘ziga xos atamalar bilan belgilaydi: “yurakchilik” (lirika), “rivoya” (epos), “tomosha” (drama); dramani voqea ishtirokchilari tilidan ko‘rsatiladigan adabiy tur sifatida sharhlab, sahna muvaffaqiyati uchun “to‘lalik, birlik, to‘g‘rilik” uch shartni belgilaydi. Asar kompozitsiyasini esa “bog‘lanish – borish – bitish” ko‘rinishida izohlaydi [13.78]. Abdulla Avloniy. Jadidchilik harakatining kashshoflaridan Abdulla Avloniy (1878– 1934) “Turon” gazetasining faol qalamkashlaridan biri bo‘lib, Toshkentda tug‘ilgan va pedagogik yo‘nalishi bilan ajralib turadi. Avloniy ta’lim, adabiyot va teatrshunoslikka alohida e’tibor bergan; o‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasining she’riy bo‘limi u bilan boshlanishi bejiz emas. U kelajak avlodning ma’naviy yetuk bo‘lib voyaga yetishini istar, yozgan darsliklari jadid maktablarida keng qo‘llanilar edi. “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1916), “Biz va Siz” (1917) dramalarida ham ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat
3 279 4 7.2 masalalari markaziy o‘rin tutadi. Avloniyning o‘zi “har bir millat moddiy farovonliksiz ma’naviy taraqqiy eta olmasligini”, xalq qashshoqligi sharoitida ma’rifat va fan darslari befoyda bo‘lishi mumkinligini og‘riqli tarzda tasvirlaydi. Mustaqillikdan so‘ng Avloniyni o‘rganish ishlari jadallashdi; asarlari ikki jildda nashr etildi, Begali Qosimov tahriri ostida keng tadqiq qilindi; Rahmatulla Barakaev ham Avloniy ijodini atroflicha yoritdi. Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889–1929) – o‘zbek jadid adabiyotining yirik ma’rifatparvari, dramaturg. Uning ijodi 1920-yillardan buyon keng o‘rganilib keladi: “Paranji sirlari”, “Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi”, “Zaharli hayot yohud ishq qurbonlari”, “Boy ila xizmatchi”, “Tuhmatchilar jazosi” pyesalari o‘zbek dramaturgiyasining g‘oyaviy-badiiy barkamollikka ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Abdulla Badriy – Samarqand jadid maktabining yana bir vakili. Uning “Juvonmarg”, “Ahmoq”, “O‘gay ota”, “Boyvachcha” dramalari mazmun va g‘oya jihatidan jadidchilik bilan hamohang. Biroq asarlarining tili va poetik xususiyatlari hali monografik ko‘lamda to‘liq tadqiq etilmagan. Xulosa. Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo jadidchiligi rivojlanishini shartli ravishda olti bosqichga ajratish mumkin. Bu bosqichlar harakatning boshlanishi va yuksalishi bilan belgilanadi: dastlabki pallada jadid g‘oyasi anglanadi va talqin etiladi; keyinchalik publitsistik hamda dramaturgik asarlar orqali xalq ma’naviyatini uyg‘otish vazifasi oldinga chiqadi. Markaziy Osiyo jadidlari badiiy vositani – eng avvalo sahna san’atini – keng ko‘lamda qo‘llab, g‘oyalarni ommaga yetkazishning samarali yo‘lini tanladilar. Jadid dramalarining mazmun-mohiyati va bosh g‘oyasi jamiyatdagi illatlarni fosh etish, xalq hayoti, maorifi va madaniyatini isloh etishga qat’iy yo‘naltirilgan edi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Badan P. Socio-cultural reform movement in Central Asia // The Journal of Central Asian Studies. – 2016. 2. Edward A.Alworth. Birinchi o‘zbek dramasi //Jahon adabiyoti. -T .; 2009, 9-on. 3. Edward J. Lazzerini: “Beyond Renewal. The Jadid Response to Pressure for Change in the Modern Age”, Muslims in Central Asia. Expressions of Identity and Change, ed. Jo-Ann Gross, Durham/London 1992. 151-166. 4. Faruqi, Burhan Ahmad. The Mujaddid's Conception of Tawhid, 16 August 2010. ISBN 9781446164020 5. Istiqlol qahramonlari “Hoji Muin” . – Toshkent, 2010. 6. Khalid A. The politics of Muslim cultural reform: Jadidism in Central Asia. – Los Angeles; London: Berkeley, 1998. 7. Mehmet Saray, “Rusya’nın Asya’da Yayılması”. İstanbul Üniversitesi, Edebiyat Fakültesi, Tarih Enstitüsü Dergisi 10-11:279-302, İstanbul 1979-1980. 8. Qosimov B.Hoji Muin qismati //o‘zbekiston adabiyoti va san’ati gaetasi. 2002-yil, 31-32 son. 9. А.Самойлович. Драматическая литература сортов. Вестник Имп Об.ва вост,№5, Петроград, 1917. 10. Болтабоев Ҳ. Матншунос олимнинг илк мажмуа-қўлланмаси. – (Фитратнинг “Энг эски турк адабиёти намуналари намуналари” асарининг янги нашрига сўзбоши) –Тошкент: Mumtoz so‘z, 2013 йил.